Anton Chexov. Maktublar

YoNAYoTGAN ShAMLAR ZIYoSI

Sendan dardli qo‘shiq qolsin dunyoda…

Migel Unamuno

Maktub… Maktublar!..

Ba’zan bir varaq qog‘oz, boringki, o‘n sahifa bo‘lsin, oddiygina maktubning inson hayotida, ma’zur tutasiz, insonning kundalik hayotida aytishga arzigulik o‘rni bormi, deb o‘ylab qolaman. Yemish, kiyim-kechak, o‘zaro munosabatlar, qarindosh-urug‘chilik, urf-odatlarga itoat etmoq, sirlashmoq, va’dalashmoq, ro‘zg‘or qilmoq, tug‘ilgan farzandga chiroyli ism qo‘yish tashvishi, har yili o‘tadigan bayramlarga taraddud, sayohatga chiqmoq, tug‘ilgan kunlarni nishonlash kabi beixtiyor bajo keltiriladigan amallar qatorida tilga olishga, e’tibor qilishga arziydimi, deyman xayolan. So‘ng… yo‘q, yo‘q, deyman, insonning turmushida keraksiz narsaning o‘zi bo‘lmaydi, uning hayoti hamma narsadan tashkil topadi, faqat yovuzlik, zulm, zug‘um, nomardlik, noinsoflik, harom-xarish ishlardan saqlanish kerakligini his qilaman va beixtiyor uzoqdagi do‘stimga maktub yoza boshlayman. Qo‘ng‘iroq qilsam, SMS yuborsam, Telegramm yoki Whats App[1] orqali yoki internetda muloqotga kirsam bo‘ladi, lekin men oppoq qog‘ozda ko‘nglimda uyg‘ongan his-tuyg‘ularni, iltijoyu ginalarni, eng muhimi, iliq, haroratli, beg‘ubor, tantiq xayollarim bilan unga ta’sir qilishni istayman. Slavyan xalqlarida rech – glupa, pismo – razumno, degan barqanot ibora bor, demak, maktub dilga yaqin, dillashish uchun bir navo yanglig‘!

Haqiqatan shundaymi? Unda tarixda bejiz bitilmagan ekan-da nomalar!

Maktublarni davrning suvratlari desa bo‘ladi. Buyuk frantsuz adibi Stendalning “Adabiyot katta yo‘lda sudrab ketilayotgan ulkan ko‘zgudir” degan ta’birini jinday tahrir qilishga botinsak, maktublar katta yo‘lda sudrab ketilayotgan ko‘zgudir, deya o‘zgartirilsa xato bo‘lmas. Har bir maktubda udumlar, odamlarning kundalik turmushi, biron xalqning o‘ziga xosligi aks etmay qolmaydi.

Shu ma’noda XIX asr rus yozuvchilarining maktublari ayniqsa diqqatga sazovordir. Ular nafaqat mutaxassislar, manbashunos va tarixshunoslarni, balki oddiy o‘quvchilarni ham qiziqtiradi. Dostoyevskiy va Tolstoy, Gertsen va Turgenev, Chexov va Gorkiylarning adabiy-badiiy merosi orasida roman va hikoyalari bilan maktublarining ham baravar qiziqib o‘qilishi bejiz emas. Chunki ularda har qanday badiiy asarga xos to‘qima, o‘ylab topilgan syujetlar, badiiy obrazlar emas, chinakam hayot nafasi ufurib turadi, mualliflarning shaxsiy hayotiga aloqador tafsilotlar, ularning oddiy quvonch va tashvishlari, ziddiyatlarga boy hayoti, davr, san’at haqidagi fikr-mulohazalari, sevgi-muhabbatlari, ma’naviy va ijtimoiy qarashlari ta’sirchan va go‘zal tilda ifoda etilgani bilan ham o‘quvchini maftun etadi. Bunday maktublar hikmatlar chashmasi hamda ibrat manbai vazifasini o‘taydi. Ularning ishqiy maktublarini o‘qiganda insoniyat, mohiyatan, ming yillardan buyon deyarli o‘zarmaganligini his qilamiz. Ehtiros, rashk, umid, sadoqat haqidagi tushunchalar asrlar davomida o‘zgarmay, hamon o‘sha-o‘sha, tabarruk va sharafli ekanidan hayratga tushamiz. Bunday maktublarni yozish uchun odamda adabiy iste’dod bo‘lishi shart emas, balki ichki dunyosi boy, samimiy va ko‘ngli toza har qanday inson yoza olishi mumkinligini his qilasiz.

Mana qarang, Napoleon Bonapart – harbiy odam, umri jangu jadallarda o‘tgan, Motsart – bastakor, Salvador Dali – rassom, Kaxovskiy, Trubetskoy, Volkonskiylar turli soha egalari – adabiyotchi, shoir yoki ijodkor emas, aslo – lekin ularning maktublarini o‘qigan odam ruhan huzur qiladi, to‘lqinlanadi, beixtiyor o‘yga toladi.

Ko‘pchiligimiz sevib tomosha qiladigan “Dushanbagacha omon bo‘lsak” degan filmda tarix darsida biz uchun (albatta men uchun ham) anchayin noma’lum shaxs – leytenant Shmidt haqida gap ketadi. O‘ziga bino qo‘ygan bir o‘quvchi o‘sha tarixiy shaxs haqida juda kam ma’lumot bilishini xaspo‘shlash uchun “darslikda atigi o‘n besh satr yozilgan” deb aybni boshqalarga ag‘darmoqchi bo‘ladi. Zukko va tabiatan o‘ta ma’rifatli muallim o‘sha leytenant Shmidtga ta’rif beradi va “xatlari e’lon qilingan, o‘qing”, deydi. Yanglishmasam, men o‘shanda institutni tugatish arafasida edim, kutubxonaga borib o‘sha leytenant haqida ma’lumotlar topib, so‘ng xatlarini o‘qib chiqqandim. Film qahramoni aytgan gaplarga yuz foiz qo‘shilgandim o‘shanda. Mulohazalarim yuzakiroq bo‘lsa ham yana fikrimni davom ettirib aytsam, “O‘tgan kunlar” filmida (romanda ham) maktublar juda katta vazifani bajaradi. Otabek bilan Kumush yozishmalarini qo‘ya turaylik, Yusufbek hojining nomasi o‘g‘lini muqarrar o‘limdan asrab qolmaydimi? Men xatlarning inson hayotiga ta’siri to‘g‘risida aytyapman.

Abdulla Qahhorning xatlari-chi? O‘tkir Hoshimov bilan Shukur Xolmirzayevlarga yozgan! Butun adabiyot ahli biladi yosh, endigina tetapoya bo‘layotgan ijodkorlarga bu xatlarning qanaqa ta’sir ko‘rsatganini…

Demak, inson hayotida, qolaversa, badiiy asarlar qahramonlarining hayotida ham maktubning roli men o‘ylagandan ko‘ra salmoqliroq va bisyor ekan.

Shuning uchun, keling, ilgari yashab o‘tgan adiblar, lashkarboshi-yu davlat arboblari, muallimlar, shaxmatchilarning o‘z yaqinlari, ota-onalari, sevikli yorlari, imperatorlarga yo‘llagan maktublarini o‘qiylik. Zero, aynan bugungi kunda bunday nomalar hayotda ko‘pni ko‘rgan, zukko kitobxonga, shak-shubhasiz, olam-jahon zavq bag‘ishlaydi.

Qadrli o‘quvchi!

Jurnalimizda yangi – “Maktublar” ruknini tashkil etishni rejalashtirdik. Dastlab ulug‘larning maktublaridan bir jufti e’tiboringizga havola etilmoqda. Bittasi XIX asrda yashab ijod qilgan rus adibi Dmitriy Grigorovichning 65 yoshida zamondoshi, shu kunlarda 155 yillik tavallud sanasi nishonlanayotgan Anton Chexovga yozgan maktubi, ikinchisi esa Chexovning javobi. Shoyad rus adabiyotining faxr­laridan sanalmish bu adiblarning samimiy, bir-birlarining ijodi haqidagi beg‘araz, ta’malardan yiroq fikr-mulohazalari, bir-biriga bo‘lgan ehtirom tuyg‘ulari, naqadar ibratomuz o‘gitlaru jo‘shqin minnatdorchiliklarini o‘qib ta’sirlansangiz, ko‘nglingiz quvnasa.

Tarjimondan

 

D.V.GRIGOROVICh – ChEXOVGA

1886 yil 25 mart, Peterburg

Anton Pavlovich janob oliylari!

Bundan bir yil muqaddam, “Peterburg gazetasi”da tasodifan Sizning hikoyangizni o‘qib qolgandim, sarlavhasini hozir eslolmayman, faqat menga qattiq ta’sir qilgan alohida, o‘ziga xos jihatlari va asosiysi – qatnashuvchi qahramonlar bilan tabiat tasviridagi havas qilgulik haqqoniyati, hayotiyligi hamon yodimda. O‘shandan buyon garchi hali-hanuz o‘z qadrini bilmay taxallus ostida ijod qilayotgan insondan ich-ichimda o‘pkalayotgan bo‘lsam-da, Chexonte nomi bilan e’lon qilingan nimaiki bo‘lsa, barini o‘qib kelayapman.

Siz yozgan narsalarni o‘qir ekanman, muttasil ravishda Suvorin bilan Bureninga mendan o‘rnak olib Sizlar ham o‘qinglar, deb maslahat berishni kanda qilmayman. Ular gapimga kirib o‘qiydigan bo‘lishdi va mana hozir menga o‘xshab Sizning chin ma’noda iste’dodli ekaningizga, shuningdek, aynan shu iste’dodingiz tufayli Siz ijodkorlarning yangi avlodi ichida yo‘lchi yulduz singari porlab turganingizga zarracha shubha qilishmaydi. Men jurnalist ham, noshir ham emasman; binobarin, Sizdan yolg‘iz hikoyalaringizni o‘qish orqali foydalanishim mumkin xolos, modomiki iste’dodingiz haqida gapirar ekanman, bunga qat’iy va astoydil ishonch hosil qilganim uchungina bemalol fikr yurityapman. Men oltmish beshga chiqdim, lekin adabiyotga ixlosim, balki muhabbatim ilgari qanday bo‘lsa, undan-da kuchaygandir hamda yozuvchi va shoirlarning muvaffaqiyatlarini ko‘rsam, ayniqsa, biron-bir jonli, iqtidorli asar e’lon qilinib qolsa, shunchalik ehtiros va qiziqish bilan o‘qib chiqaman va shunchalik quvonamanki, asti qo‘yaverasiz, mana hozir ham shunday kayfiyat ta’siridamanki, sabrim chidamay Sizga qoyil qolganimni aytishga oshiqmoqdaman. Ammo bu hali hammasi emas; men qo‘shimcha qilib mana bunday deyishni istardim: Sizning ruhiy kechinmalarni haqqoniy tahlil qila bilish, tasvirlash bo‘yicha (“Agafya”dagi qor bo‘roni, tun manzarasi hamda tabiat tasviri va hokazo, va hokazolar) yuksak mahoratga erishganingiz, me’yor tuyg‘usi, ayniqsa, bir-ikkita jumla orqali yaxlit manzara chizib bera olishdek iqtidoringiz: ufqqa singib borayotgan bulutlarni – “o‘chay deb qolgan ko‘mir cho‘g‘larini qoplagan kul yanglig‘” deya kitobxonning ko‘z oldida gavdalantira oluvchi istiora qo‘llaganingiz – bag‘oyat ta’sirchan va go‘zaldir. Ishonchim komilki, Siz, chin ma’nodagi manzur bo‘larlik, badiiy yuksak asarlar yaratishga qobil va qodirsiz – Sizga tabiat shu narsani ato etgan. Basharti shu ishonchni oqlolmasangiz, ma’nan gunohi kabira qilgan bo‘lasiz. Buning uchun nima kerakligini bilsangiz kerak: Xudo bergan iste’dodni qadrlash lozim, bu noyob boylikdir. Shoshilmang, tez yozib tashlashdek odatdan saqlaning. Men moddiy-iqtisodiy ahvolingizdan bexabarman; mabodo, qo‘lingiz qisqa bo‘lsa, yaxshisi, bir zamonlar bizga o‘xshab och-nahor yuring, sabr qiling, kuch-quvvatingiz va taassurotlaringizni, ruhiy kamolot talab-ehtiyojlarini isrof qilmay, fikrni pishitib, puxta o‘ylab, dilingizda ilhom qaynab-toshgan lahzalarda ijod qiling, bitta o‘tirishda yozib tashlash iddaosining shirin vasvasalariga uchmang. Ana shundagina chekkan zahmatlaringiz evaziga bitta yozgan hikoyangiz, turli paytlar gazetalarda paydar-pay bosilib chiqqan yuzta durustgina hikoyalaringizdan yuz karra yuqoriroq qadr topadi; Siz zukko o‘quvchilar hamda barcha kitobxonlar e’tiborini bir zumda qozonasiz va kitobxon hurmat-e’tiboridek ulug‘ mukofot sohibiga aylanasiz. Ajabo, hikoyalaringizga aksar hollarda birmuncha beparda, rang beruvchi ohanglar, voqealarni olib kirasizki, hayron bo‘laman, nima keragi bor buning? Haqqoniylik, realizm tufayli badiiy asarning nafisligiga putur yetmaydi, mutlaqo, balki aksincha, yanayam barkamollik kasb etadi. Siz – uslubi o‘ziga xos adib, me’yor va uyg‘unlikni shunchalar his qilishga qobilsizki, ko‘nglingizga og‘ir olmangu, ruhoniyning tirnoqlari qiyshayib ketgan kir oyoqlari bilan kindigini tasvirlab berishingizning zarracha hojati yo‘q; bunday detallar tasvirning badiiy qiymatini aslo kuchaytirmasligi u yoqda tursin, balki ta’sirchan kitobxon ta’bini tirriq qiladi. Bu taxlit tanqidiy mulohazalarim uchun ma’zur tutarsiz degan umiddaman, zero, Sizning iste’dodingiz darajasini bilganim, bunga zarracha shak-shubham yo‘qligi va o‘z iqtidoringizni to‘la-to‘kis namoyish qilishingizni chin dildan istaganim uchungina ko‘nglimda og‘ir tosh bo‘lib yotgan mulohazalarimni izhor etmoqqa jur’at qildim. Eshitishimcha, yaqin kunlarda Sizning hikoyalardan iborat kitobingiz chiqar emish; bordiyu kitob Chexonte taxallusi bilan chiqayotgan bo‘lsa, Sizdan o‘tinib so‘rayman, noshirga qo‘ng‘iroq qiling, toki Sizning haqiqiy ismi-sharifingizni qo‘ysin. “Yangi davr”[2]dagi hikoyalaringiz hamda “Ovchi” degan asaringizdan so‘ng umid qilaman va ich-ichimdan ishonamanki, yangi to‘plamingiz muvaffaqiyat qozonadi.

Mening mulohazalarim yoki ehtimol nasihatim Sizga malol kelmay, aksincha, fikrlarimni to‘g‘ri ko‘ngil bilan qabul qilajagingizni tasdiqlasangiz, ko‘nglim ancha ko‘tarilgan bo‘lardi; zero, men Sizga qat’iy ohangda emas, balki hayrixoh bo‘lganim uchun chin dildan yozayapman, umidim bulki, Siz ham shu taxlit qabul qilgaysiz.

Qo‘lingizni do‘stona siqib va eng yaxshi tilaklarimni bildirib qolaman.

Hurmat bilan

D.Grigorovich

 

ChEXOV – D.V.GRIGOROVIChGA

1886 yil 28 mart, Moskva

Oliyhimmat, ko‘ngli pok rahnamoim, Sizning maktubingizni o‘qib shunchalar ta’sirlandimki, azbaroyi Xudo, yig‘lab yuborishimga sal qoldi, minnatdorlik va bu qadar sahovatdan lol qolganimni ta’riflab berishga ojizman va holatimni, maktubingizdagi ilhombaxsh, ko‘nglimni ko‘targan izhori dil so‘zlarini bir umr unutolmasam kerak. Mening yoshligimni qanchalar e’zozlab, izzat qilgan bo‘lsangiz, Xudoyim Sizning keksaligingizni shunchalar halovatli qilsin, Sizga minnatdorchiligimni qay taxlit izhor etishni ham bilolmay lolu hayronman. O‘zingizga ayon, Sizdek mumtoz namoyandalarning har bitta so‘zi jamoatchilik e’tiboridan chetda qolmaydi; ana endi, yo‘llagan nomangiz izzat-nafsimga olam-jahon orom bag‘ishlagani, menga purg‘am va saodatli daqiqalarni in’om etganining ko‘lamini tushunib olavering. U oliy darajadagi har qanday yorliqdan ustundir, yosh qalamkash uchun esa u bamisli bugungi va kelajakdagi faoliyati uchun oldindan berilgan mukofotdur. Men baayni mastman-sarxushman. Bunday yuksak e’tirofga munosibmanmi asli yoki yo‘qmi – hukm chiqarishga holim yo‘q… Faqat takror aytamanki, maktubni o‘qib lol qoldim, hayratga tushdim…

Bordiyu, hurmat qilish va asrashga arzigulik salohiyatim bo‘lsa ham, halolligingiz, sofdilligingiz oldida afsuslar chekib iqror bo‘lamanki, shu choqqacha o‘zimga berilgan bunday in’omni ehtiyot qilish u yoqda tursin, bu haqda o‘ylab ham ko‘rmagandim. Shu narsaning mavjudligiga shubha qilmasdimu biroq haminqadar deb hisoblar edim. O‘zingga-o‘zing noto‘g‘ri baho berishing, badgumonlik va ishonchsizlik bilan qarashing uchun oddiygina hayotiy sabablar kifoya qiladi. Endi-endi eslasam, bunaqa sabablar mening hayotimda yetarli darajada bisyor ekan. Yaqin kishilarimning hammasi, mening qalam tebratib yurishimni doimo mensishmagan va haqiqiy faoliyat qolib qog‘oz qoralashdek arzimagan, havoyi ish bilan band ekanimdan norozi bo‘lib nasihat qilishdan nariga o‘tishmagan. Moskvada yuzlab qadrdonlarim bor, ularning orasida yigirmaga yaqini ijodkor, ming afsus, hazor afsus, shulardan loaqal bittasi yozganlarimni o‘qigan yoki menga ijodkor sifatida qaragan bo‘lsa! Moskvada, nomi ulug‘, suprasi quruq “Adabiyot to‘garagi” degan uyushma bor: iste’dodi va mavqei turlicha bo‘lgan, katta-kichik adiblar haftada bir marta restoranda yig‘ilishadi va tillariga erk berib rosa so‘zamollik qilishadi. Mabodo, o‘sha yerga borib, Siz yo‘llagan maktubdan parcha o‘qib bersam bormi, yuzingda ko‘zing bormi demay, ustimdan kulishadi. Besh yil mobaynida redaktsiyadan redaktsiyaga bo‘zchining mokisidek qatnab, o‘zimni adabiy shumg‘iya sifatida yoki ma’zur tutasiz, mayda-chuyda hoyu havasimga munosabatlarini ko‘raverib o‘zim ham shunga, ya’ni o‘rtamiyona ekanimga ko‘nikib qolib, qani, yozib qol, keyin pushaymon bo‘lasan, dedim o‘zimga. Bu birinchi sababi. Ikkinchi sababi, men shifokorman va qulog‘imga qadar o‘zimning soham – tibbiyot dunyosiga botib ketdim, o‘zingizdan qolar gap yo‘q, ikkita quyonni quvgan ovchining holi nima bo‘lishini yaxshi bilasiz.

Nega bularni yozayapman, degan savol tug‘ilishi tabiiy, og‘ir gunohlarim uchun afsus chekayotganimni sizga bildirib qo‘ygim kelganidan. Shu choqqacha adabiy faoliyatimga o‘ta yengil, e’tiborsizlik bilan qaragan ekanman, bunday qilmasligim kerak edi, vodarig‘! Biron-bir hikoyamni eslolmamki, bir kundan ortiq ishlagan bo‘lsam, Sizga manzur bo‘lgan “Ovchi”ni esa, cho‘milish kiyimida yozib tashlaganman! Muxbirlar yong‘in haqida qanday yozishsa, men ham hikoyalarimni shunday bexosdan, tushunib-tushunmay, na kitobxon, na o‘zim haqimda zarracha qayg‘urmay yozib tashlardim. Yozayotganimda iloji boricha o‘zim yaxshi ko‘rgan, qadrlaydigan obrazlar bilan tasvirni hikoyamga tiqishtirmaslik payidan bo‘lardim, nima uchun asrab qo‘yardim, yolg‘iz Xudoga ayon.

Fahmi ojizimcha, Suvorinning samimiy ruhda yozilgan, nazokatli xatidan keyin ilk bor o‘z ijodimga tanqidiy ko‘z bilan qarashga odatlana boshladim, shekilli, men arzirli va jiddiy asar yozishga chog‘landim, biroq bunday adabiy faoliyatga noqobilman deb o‘ylaganim uchun intilishimga hojat ham qolmadi.

Ana shu paytda kutilmaganda Sizning maktubingiz qo‘limga kelib tushdi. Topgan qiyosim uchun uzr so‘raymanu, ammo-lekin to‘g‘risi, maktub menga baayni shahar hokimining “24 soat ichida shahardan chiqib ketsin!” degan buyrug‘idek ta’sir etdi, ya’nikim, men birdan botib qolgan botqoqdan tez chiqib ketish ehtiyojini tuydim.

Men barcha fikrlaringizga qo‘shilaman. Siz menga ko‘rsatayotgan behayo, bachkanalikni “Yalmog‘iz” degan hikoyam bosilib chiqqanda o‘zim ham his qilgandim. Shu hikoyani bir sutkada qoyillatib tashlamasdan, uch-to‘rt kun ichida yozganimda edi, shu nuqsonlarga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardim…

Shoshma-shosharlikdek illatga barham beraman, lekin bunga tez kunlar ichida erisholmasam kerak… Men kirib qolgan yo‘ldan qutulib chiqish oson emas.

Och qolishga qolaveraman, boshimdan o‘tgan bu, lekin menga bog‘liq emas. Xat yozishga bo‘sh qolganimda o‘tiraman, bir sutkada kunduzi 2-3 soat, kechasi yana ozgina o‘tiraman xolos, mayda-chuyda ishlarga asqotishi mumkin bo‘lgan vaqtdan foydalanaman o‘zimcha. Yozda vaqtim ko‘p va tirikchilik osonroq kechadigan kezlar jiddiy narsalarga unnayman.

Kitobga mening haqiqiy ismimni qo‘yishning iloji yo‘q, chunki endi kech: kitob bosmadan chiqish arafasida. Peterburglik do‘stlarim Sizdan oldin ham taxallus bilan kitobni rasvo qilmagin, deb maslahat berishgandi, biroq men quloq solmagandim, nafsoniyatimga tekkandir balki. Nashr etilayotgan kitobimdan esa ko‘nglim to‘lmayapti.

To‘plam havaskor talabalargina yozishi mumkin turli hikoyalardan iborat bo‘lib, ustiga-ustak tsenzura bilan hajviy nashrlarning muharrirlari patini yulib tashlab bir ahvolga solganki, bir nima deyishga hali hayronman. Ko‘zim yetib turibdi, o‘qigan kitobxonlarning hafsalasi pir bo‘ladi, ixlosi qaytadi. Agarda men yozgan hikoyalarning ixlosmandlari borligi hamda ularni Sizdek ijodkor kuzatib kelayotganligini bilganimda edi, ushbu to‘plamni zinhor nashr ettirmasdim.

Butun umidim kelgusida yozadigan asarlarimdan. Men 26 yoshga kirdim. Hali yoshman, ehtimol e’tirof etishga arzigulik bir nimalarni endi yozarman.

Bunaqa uzundan-uzoq xat yozib miyangizni achitgan bo‘lsam uzr, umrimda birinchi marta Sizdek ulug‘ insonga maktub yo‘llashga yurak yutib erkalik qilganimni aybga buyurmaysiz.

Mumkin bo‘lsa, menga fotosuvratingizni yuborsangiz[3].  Men maktubingizdan shunchalar ham to‘lqinlanib ketdimki, azbaroyi Xudo, bir-ikki varaq nima, yuz varaqli maktub yozib yubormoqqa ham rozi edim. Xudo sizni saodatli qilsin, sog‘-salomat bo‘ling, Sizni chin ko‘nglimdan hurmat qilishimga va Sizdan behad minnatdor ekanimga ishonishingizni istab:

A.Chexov

 

Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi

Jahon adabiyoti, 2015 yil, 2-son

[1] Telegramm, WhatsApp – zamonaviy ijtimoiy tarmoq turlari.

[2] XIX asrning 80-yillari Rossiyada nashr etilgan gazeta.

[3] Suvratni (suvrat Chexov uy-muzeyi arxivida saqlanmoqda) Grigorovich 2 aprelda, keyingi maktubidayoq “Keksa adibdan yosh iste’dod sohibiga esdalik” dastxati bilan yuborgan.