Alberto Moravia. May yomg‘iri (hikoya)

Shu kunlarda Monte Mariodagi ovchilar yemakxonasiga qaytib boraman, faqat bu safar yolg‘iz emas, do‘stlarim bilan qaytaman, ular odatdagidek yakshanba kuni akkordeon chalishadi, raqsga tushishga qiz topilmasa, bir-birlari bilan ham tushishaveradi. U yoqqa yolg‘iz borishga jur’atim yetmaydi. Ba’zan tunlari tushimga yemakxona, daraxtlar orasidagi stollar ustiga tushayotgan iliq may yomg‘iri, qovog‘i soliq daraxtlar, ularning tepasidagi bulutlar va uzoq-uzoqlardan ko‘rinayotgan Rim manzarasi kirardi. Tushimda yemakxona xo‘jayinining ovozi chalingandek bo‘lar, xuddi o‘sha tongdagidek yerto‘ladan “Dirche! Dirche!” degan jahldor tovush eshitilardi. Dirche menga ishora qiladi-da, pastga, yerto‘laga qarab zinapoyada tapillab tushib ketadi.
Bu yerlarga tasodifan qishloqdan kelib qolgandim; menga yemakxonada ofitsiant bo‘lib ishlashni taklif qilishdi. Yashashim uchun xona ham berishar ekan. Yaxshilab o‘ylab ko‘rdim va ishlashga rozi bo‘ldim. Pul berishmasa ham mayli, ular bilan bir oila bo‘lib yashasam bo‘lgani. Afsuski, bu yerda ahil oilani emas, naq jahannamni uchratdim. Yemakxona xo‘jayini bo‘g‘irsoqdek do‘mboq edi. Oppoq, mayda ajin bosgan yuzi barkashdek, ko‘zlari kichkina, ilonnikiga o‘xshar, egnida har doim yengli ko‘ylak va kamzul, kulrang shapkani ko‘zlarigacha bostirib olgandi. Qizining ismi Dirche, fe’li otasinikidan beshbattar, qaysar, ammo chiroyli edi: jussasi kichkina, lekin chayir, yurganida sonlari silkinib yurardi. Yuzi cho‘zinchoq, ko‘zlari va sochi qora, rangi sovuq, bo‘zdek oq edi. Oilada faqat onasi yaxshi odamga o‘xshardi: yoshi qirqlarga borgan bo‘lsa-da, otmish yoshli kampirdek qari ko‘rinar, ozg‘inligi, qirra burni va siyrak sochlari uni qari ko‘rsatardi; bu ayol g‘alatiroq edi, har holda o‘choq boshida turib, og‘zi qiyshayib, soqovdek jilmayib turishi g‘alati edi; o‘girilganida og‘zidagi ikki yoki uchta tishi ko‘rinardi.
Ayvoni ko‘chaga qaragan yemakxonaning tepasiga sariq rangda “Antonio Tokkining ovchilar yemakxonasi” deb yozilgan. Xiyobon bo‘ylab kelgach, daraxtlar ostidagi stollarda o‘tirib, Rimning ajoyib manzarasini tomosha qilish mumkin. Yemakxona binosi oddiy, devorlari dag‘al, bir-ikkita derazasi bor, tomi cherepitsa bilan qoplangan. Yoz mavsumi mijozlar yig‘iladigan eng yaxshi vaqt; odamlar ertalabdan to yarim tungacha yemakxonadan arimasdi; turli oilalar, sevishganlar, do‘stlar davrasi stolga o‘tirib, Tokkining mazali taomlarini tanovul qilishar, musallasni simirib, manzaradan bahra olishardi. Ish ko‘pligidan nafas rostlashga vaqt yo‘q: biz yelib, mijozlarga xizmat qilamiz, ikki ayol esa tinmay ovqat pishirar va idish-tovoqlarni yuvardi. Kechqurun hammamiz itdek charchardik va to‘g‘ri yotoqxonaga ketardik. Ota va qiz biri-biridan nafratlanishar, nafrat ham mayli-ku, bir-birini o‘ldirib qo‘yishga tayyor edi. Otasi bir gapda turib olar, ziqna va ahmoq edi, payt tug‘ildi deguncha qiziga qo‘l ko‘tarardi; qizi esa toshdek qattiq, pismiq, tili uzun va surbet edi. Balki ular bir-birini qoni bitta bo‘lgani uchun ham yomon ko‘rar? Yo‘q, bu yerda boshqa sabab bor, ya’ni hamma gap bir-biriga zid manfaatlarda. Qizining fikricha, ular Rim manzarasi ko‘rinadigan so‘lim go‘shadan iloji boricha unumli foydalanishlari kerak edi. U otasidan yemakxona uchun raqs sahnasi qurib berishni, orkestr yollashni, bizlarga Venetsiya sharlarini ostirib, uyni restoranga aylantirishni so‘rardi. Ammo ota qizining gapiga kiray demasdi, xasis va yangilanish dushmani edi u; qiziga yengilib, taklifini qabul qilishdan ko‘ra uni bo‘g‘izlab qo‘yishga tayyor edi. Ota va qiz o‘rtasidagi janjallar har doim stol atrofida sodir bo‘lardi: qizi otasini koyib, xafa qilar, hatto shaxsiyatiga tegardi, otasi esa ovqatlanayotib kekirar, so‘ng qizini bo‘ralab so‘kib ketardi; qiz uni tinch qo‘ymasdi; otasi bunga javoban tarsaki tushirardi. Tarsakining achchiq ta’siri Dirchening yuzida darrov bilinar, labini tishlab, ko‘zini qisardi. Ammo bu tarsaki uning uchun xuddi gulga sachragan sovuq suvdek oddiy hol edi: uning g‘azabi yanayam kuchayardi. Shunda otasi uning sochlaridan changallab pastga sudrardi. Tovoqlar, stakanlar chilparchin sinar, onasi esa ularning orasiga tushardi, ammo o‘shanda ham onasining tishsiz og‘zidan o‘sha be’mani jilmayish ketmasdi; bunaqa paytlarda g‘azabdan ichim yonib, tashqariga chiqardim va Kamilluchchaga olib boradigan katta yo‘lda sayr qilardim.
Bu yerdan allaqachon ketvorgan bo‘lardim, ammo kutilmaganda Dircheni sevib qoldim. O‘zimni xuddi qopqonga tushganday his qildim, undan qutulish uchun qancha urinmay, tishlari etimga yanayam qattiqroq botardi. Dirche avval boshdanoq men bilan yaqinlik qilish niyatida bo‘lgan, kelgan kunimdayoq, uxlayotganimda xonamga kirgandi; shundan keyin unga bo‘lgan befarqlik ehtirosga aylandi. Bizda sevishganlardek o‘z muhabbatini izhor qilish uchun qo‘l ushlashlar, mehrli qarashlar, shirin so‘zlar bo‘lmagan; u maqsadiga erishishi uchun har qanday yo‘lga tayyor edi. Yo‘q, uni buzuq qiz demoqchimasman, u jasur, takabbur va bokira edi. Faqat meni deb nomusidan kechdi, shuning uchun ham uning qopqoniga ilindim.
Men tabiatan sabr-toqatli, mulohazali odamman, ammo birmuncha zo‘ravon hamman, agar kimdir jahlimni chiqarsa, birpasda qonim qaynab, qizarib ketaman. Sochim malla, yuzim oq, ammo jahlim chiqsa, qizarib ketadi. Dirche nega hadeb jig‘imga tegayotganini tez orada bilib oldim: meni otasiga gij-gijlayotgan ekan. Uning aytishicha, men qo‘rqoq ekanman, otasi unga tarsaki tushirib, sochlaridan tortganda, hatto bir marta bo‘lganidek, yerga itarib, tepa boshlaganda ham indamay turarkanman. Albatta, uning gaplarida jon bor edi: bir-birimizni sevardik, men uni himoya qilishim kerak edi. Ammo uning asl maqsadi nimada ekanini yaxshi bilardim; jahl ustida “qo‘rqoq” deb haqorat qilib, jahlimni ataylab chiqarishga urinishi, agar jahlim chiqsa unga nima deyishimni kutib turishini sezib turardim, uning bu qilig‘i g‘ashimga tegardi. Bir kun suhbatimiz mavzusini o‘zgartirdim: “Agar turmush qursak, ikkovimiz birga yashaymiz, keyin restoran ochamiz”, dedim. Gaplarimdan xursand bo‘lib, muloyim, yoqimtoy bo‘lib qoldi. Bu onlar muhabbatimizning eng yaxshi damlari edi; ammo ko‘p o‘tmay u o‘zgarib qoldi, uni taniyolmay qoldim, shunda “bu yerda bir gap bor” deb o‘yladim. Bir kun u: “turmush quramizmi-yo‘qmi, bir nimaga umid qilolmaymiz, baribir otam bizni tinch qo‘ymaydi”, dedi; keyin ichida o‘ylaganini aytdi-qo‘ydi: “Biz uni o‘ldirishimiz kerak!”. Uning bu dangal gapi birinchi kelgan kunimda kechasi xonamga taqillatmay, uyalmay kirganidagi onni eslatdi: o‘rtaga shunday taklifni tashladi-yu ketdi, o‘ylab olishim uchun meni yolg‘iz qoldirdi.
Keyingi kun unga adashyotganini, uning bu jinoyatiga sherik bo‘lmoqchi emasligimni uqtirdim, u esa menga hoziroq uydan ketishimni va u uchun endi yo‘qligimni aytdi va o‘sha kundan boshlab menga qaramay qo‘ydi. Dirche bilan deyarli gaplashmasdik, ularni chetdan kuzatsam, qizining bundayligiga otasi aybdorligini anglardim. Otasi har kuni ataylab Dirchening jahlini chiqarardi.
May ham kirib keldi, bu pallada odamlar yemakxonada vino ichib, loviyali taom yeyishadi; ammo tinmay yomg‘ir yog‘a boshladi, shunda yemakxonaga hech kim kelmay qo‘ydi, xo‘jayinning kayfiyati buzildi. Bir kuni ertalab, u stol atrofida o‘tirib, tovoqni orqaga surdi-da:
– Bu jirkanch narsani ataylab beryapsanmi?! – dedi.
– Agar istaganimda ovqatingizga zahar solgan bo‘lardim, – javob qaytardi Dirche.
U qiziga bir musht tushirgandi, zarbidan Dirchening sochidagi qisqichi uchib ketdi. Tashqarida yomg‘ir yog‘ayotgani uchun xona biroz qorong‘i edi, Dirchening paxtadek oppoq yuzi qotib qoldi, sochlari yoyilib ketdi. Tokkiga:
– Bas qiling! – dedim.
– Bu sening ishing emas, – dedi u menga biroz ajablanib qarab. Chunki ularning janjaliga ilk bora aralashgandim. O‘shanda dovdirab qoldim, ko‘nglimda: “Ojiz qizni himoya qilishim kerak”, degan fikr uyg‘ondi, ammo ota va qiz o‘rtasiga tushish oson emasdi. “Agar janjalga aralashsam, qizni yana o‘zimniki qilaman, bu mening yolg‘iz imkoniyatim”, deb o‘yladim.
– Uni tinch qo‘y, bildingmi, uni urishingga yo‘l qo‘ymayman, – dedim Tokkiga. Olovdek lovullab, ko‘zlarim qonga to‘ldi… Dirche stol tagida qo‘limdan ushladi, shunda yana uning mehrini qozonganimni tushundim.
Otasi o‘rnidan turib:
– Hali senga ko‘rsatib qo‘yaman, tirrancha! – dedi.
Tokki yuzimga urgandi, stoldagi stakanni olib, ichidagi vinoni aftiga sepib yubordim. Bu ishni anchadan beri qilgim kelib yuruvdi, kirdikorimdan rosa rohatlandim, bir vaqtning o‘zida Tokkidan yanayam kuchliroq nafratlandim. U ho‘l basharasidan vino tomarkan angrayib qoldi, men esa zinadan yuqoriga chiqib ketdim. Ortimdan uning:
– Seni o‘ldiraman, mishiqi gadoy, – deganini eshitdim. Xonani ichkaridan qulfladim-da, deraza yoniga borib yomg‘irni kuzatdim, keyin jahl ustida tortmadan pichoqni oldim-da, deraza tokchasiga sanchdim, zarb bilan urilgan pichoqning tig‘i sinib ketdi.
Shunday qilib, Dirche ikkimiz rejamizni puxta o‘ylab chiqdik, uning otasini qayerda, qachon, qanday yo‘l bilan o‘ldirishni kelishib oldik. Tokki bir kunlik vinoni olish uchun ertalab yerto‘la zinasidan pastga tushadi, Dirche katta shishani ko‘tarib u bilan birga boradi. Vino saqlanadigan joyga devorga mahkamlangan yetti poyali narvondan tushiladi. Tokki yerto‘laga tushgach, egilib shishaga vino quyayotganda, men kosov bilan uning boshiga orqa tomondan uraman. So‘ng narvonni olib tashlaymiz va hammaga Tokki yerto‘laga yiqilib, bo‘ynini sindirib o‘lgan deymiz. Otasidan g‘azablansam-da bu ishga qo‘l urishga yuragim betlamayotgandi. Dirchega:
– Buni faqat sen uchun qilaman va hech narsadan qo‘rqmasligimni isbotlayman, ammo keyin bu yerdan bosh olib ketaman va hech qachon qaytmayman, – dedim.
U esa:
– Bu ish qo‘l qovushtirib o‘tirgandan ming marta yaxshi, agar ketib qolsang… unday qilma, seni juda sevaman, seni yo‘qotishni aslo istamayman, – dedi. U ehtiroslarimni qanday alanga oldirishni, va menga ta’sir etish yo‘llarini yaxshi bilardi.
– Otangni o‘ldirsak, birga yashaymiz va restoran ochamiz, – dedim.
Nihoyat, o‘sha kun yetib keldi. Odatdagidek Tokki Dirchega vino uchun katta shishani olishni buyurdi-da, yemakxona ichkarisidagi yerto‘la eshigi tomon ketdi. Dirche idishni olib, otasiga ergashdi; tushishdan oldin, men tomon burildi va bosh silkitdi. O‘choq oldida o‘tirgan onasi bizni ko‘rib hayratdan anqayib qoldi. Stoldan turdim, onasi o‘tirgan o‘choq tomon borib, yerda yotgan kosovni oldim. U menga g‘alati qaradi va bir nimani sezganday bo‘ldi, ammo churq etmadi. Yerto‘ladan Tokki: “Dirche! Dirche!” deb qichqirdi. Dirche otasiga: “Ketyapman!” dedi. Dircheni oxirgi marta kuzatish menga rohat bag‘ishlaganini eslayman: zinadan odatdagidek shaxt bilan qadam tashlab tushishi, to‘sin tagidan ko‘ringan oppoq bo‘yni…
Shu payt, yemakxonaning bog‘ga qaragan eshigi ochildi va ichkariga yelkasiga qop ortgan egni shalabbo bir kimsa kirdi. U izvoshchi ekan. Menga:
– Bolakay, qarashib yubor! – dedi. Qo‘limdagi kosov bilan unga ergashdim. Yemakxonaga yaqin yerda, bir molxona qurilayotgan ekan, tosh ortilgan arava darvoza yonida loyga botib qolibdi, ot esa joyidan jilolmay turibdi. Bundan izvoshchining g‘azabi qaynardi, qo‘limdagi kosovni yo‘lka chetidagi ustunga qo‘ydim, ikkita toshni g‘ildirak tagiga tiqdim-da, aravani itara boshladim; izvoshchi otning yuganidan ushlab, oldinga itardi. Ustimizga jala quyyapti, yashil va qalin marjon butasi, akatsiya gullarining hidlari dimoqqa urilardi; arava joyidan sira jilmas, izvoshchi esa bo‘ralab so‘kardi. Shunda u kaltakni olib, otni savaladi, so‘ng battar jini qo‘zib, yo‘lka ustunidagi kosovni oldi. Ot uning ko‘ziga balo bo‘lib ko‘rindi. “Hozir uni o‘ldiradi” deb o‘yladim va “Hoy, kosovni joyiga qo‘ying”, deb baqirdim. Agar otni o‘ldirib qo‘ysa, menda ayb yo‘q. Tanamni egallab olgan va meni vosvos qilib qo‘ygan o‘sha g‘azab birdaniga izvoshchiga o‘tib qolgandi; u o‘zini arava shotisiga urdi va uni yana itardi, qimirlatolmagach, kosov bilan otning boshiga bir urdi. Bunga chidolmay, ko‘zimni yumib oldim, u urishda davom etdi, men esa o‘zimni yengil his qildim, hatto hushimni yo‘qotganday bo‘ldim, keyin ko‘zimni ochdim, ot holsizlikdan yerga tiz cho‘kdi, izvoshchi uni savalashda davom etardi, otni turg‘azish niyati yo‘q, uni o‘ldirmoqchi edi. Birdan ot yon tomonga yiqildi, oyoqlari tepaga ko‘tarilib, jonsiz boshi loyga tushdi. Izvoshchi hansirardi, yuzida g‘azab o‘ti so‘nmagan, temirni yerga tashlab, otni qattiq siltadi. Yo‘q, achinayotganidan siltamadi: u otni o‘ldirib qo‘yganini yaxshi bilardi. Izvoshchining yonidan o‘tdim va unga tegib o‘tirmay, katta yo‘lga chiqib ketvordim. Rimga boradigan tramvayni ko‘rdim-da, ortidan yugurib chiqib oldim, shunda oxirgi bor daraxtlar orasidagi, may yomg‘iri yuvgan “Ovchilar yemakxonasi, xo‘jayini Antonio Tokki” degan lavhaga ko‘zim tushdi.

Italyan tilidan Abror Umarov tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 8-son