Bahor hali o‘zining qizg‘in pallasiga to‘liq kirib ulgurmagan chog‘da chang nimaligini bilmas yashil yaproqcha to‘yib-to‘yib nafas olardi. Shamol daraxt shoxlarini u yon-bu yonga tebratgan mahallarda yashil yaproqcha dir-dir titrar edi. Quyoshning jazirama issig‘i giribonidan tutganda yashil yaproqcha oxirigacha chidam bilan kutardi. Hatto shamol ko‘cha tuprog‘ini to‘zg‘itib, uni u yoqdan-bu yoqqa dumalatib o‘ynatganida ham nolimasdi. Zero, u bir ajoyib kun kelib yomg‘ir yog‘ishini, unda maza qilib cho‘milishini bilar edi-da. Shunday bo‘ldi ham: yashil yaproqcha yomg‘irning sirli shitir-shitiriga monand raqsga tushdi, tomchilarning labidan bo‘sa oldi. Keyin esa kuz kelib, yashil yaproqchani uzmoqqa chog‘landi… avvaliga tanasini quritib, keyin uning shirador yashil rangini sariqqa aylantirdi. Endi uning bir vaqtlardagi tarovatli chehrasidan asar ham qolmagan, fayzini yo‘qotgan edi, quyosh nurlarida so‘nggi bor cho‘milayotganini his etib turardi, nihoyat, betakalluflarcha esgan shamoldan sariq yaproqchaning butunlay sharti ketib, parti qoldi, uzoq dirillab turdi-da, oxiri shoxdan chirt etib uzilib tushdi, havoda muallaq uchib yurdi, uchib yurib-yurib yo‘l yoqasiga kelib urildi va shundagina o‘zining balandda bo‘lganini, endi esa pastga tushib qolganini angladi; chumolilar ham, bola-baqralar ham, mashinalaru velosipedlar ham uni bemalol bosib o‘tib ketaverar, odamlardan birontasi ham oyog‘i ostiga qaramas va nima uchundir yaproqchani ko‘rmas, uning yurakni larzaga soluvchi faryodini eshitmas edi… Ertasiga tong bilan qandaydir ayol ko‘chani supurdi, yaproqchani chiqindi-axlatlarga qo‘shib, hammasini bir joyga uydi-da, yoqib yubordi. Yaproqcha olovdan jizg‘anagi chiqib, tutab yona boshladi, tutuni achchiqqina edi…
Ehtimol, shoxdan uzilib tushgandan keyinoq hayoti tamom bo‘lganidan alami kelib yig‘layotgandir…
* * *
U hukmni indamay, tik turgancha va xotirjam eshitdi, yuzida qilcha o‘zgarish sezilmasdi. Kiprik ham qoqmadi. Jabrdiydaning qarindosh-urug‘lari sud hukmidan mamnun bo‘lib chapak chalishdi. Aybdor esa hamon qilt etmasdi, chehrasida hamon o‘sha sovuq ifoda, rangining qoni ham qochgani yo‘q. Oldin tasavvur qilganidek, loaqal tizzalari ham qaltiramadi.
Hakam – baland bo‘yli chiroyli ayol hukmni o‘qib eshittirdi, bir lahza sukut saqladi-da, kelganlarga birrov ko‘z yugurtirib, qo‘shib qo‘ydi:
– Bir hafta davomida raddiya berishingiz mumkin.
Bu ta’kid ham mahkumning yuzida hech qanday o‘zgarish yasolmadi. U hamon sud zalining top-toza qilib artilgan derazalari osha olislardan, baland tog‘lardan nigohini uzmas edi. Ko‘zlari o‘sha yoqda-yu, miyasida ming turli o‘ylar charx urardi: uning haq-huquqini hech kim poymol etolmaydi, o‘zining qirq yillik umri mobaynida biron marta ham uch ming metrli balandlikka ko‘tarila olmagan va shu boisdan u yerdagi havoning naqadar tiniq va toza ekanini tasavvuriga keltira olmasdi. O‘ylarining oxiri ko‘rinmasdi, hatto hukm o‘qib eshittirilgandan keyin ham o‘zining shunga qodirligidan o‘ziga qoyil qoldi – biron marta ham na quyosh chiqishini, na quyosh botishini kuzatibdi, tong ham, shom ham o‘z go‘zalligi bilan bir-biridan qolishmasligini farqlabdi. “Balki shundaydir”, dedi u ichida. Balki imkoniyati bo‘lgan minglab, millionlab odamlar toqqa chiqishni orzu qilmay, tabiatning betakror manzaralari zavqidan o‘zlarini mahrum etmoqdalar. Ammo hozir u o‘zini o‘sha millionlab odamlardan istisno etmoqda. Bo‘lar ish bo‘lib, g‘isht qolipdan ko‘chgandi. Shu bois o‘zining beg‘amligidan pushaymon bo‘ldi…
Derazadan chetlanar ekan, sud zalini tark etayotgan so‘nggi bekorchixo‘ja tomoshabinlarga ko‘zi tushdi. Shundagina u boshini xiyol egdi. So‘ng qayrilib, hakamga yuzlandi. Bu chiroyli ayol joyida o‘tirar va iyagini kaftiga tiragancha unga qarab turardi. Ayolning ko‘zlari ma’nosizday ko‘rinar edi-yu, biroq uning mahkumga achinayotganini payqamaslik mumkin emasdi. Hukm unga emas, boshqa birovga o‘qilgandek, mahkum jilmayib qo‘ydi. Aslida hech kim uning jilmayishiga monelik qilolmasdi. Hozir u o‘zi uchun hayotning g‘alati bir ziddiyati fosh bo‘lganidan yuziga tabassum yugurgandi… “Shubhasiz, men aybdorman va kimningdir marhamatiga zor emasman. Yurakdan eng qattiq jazoga tayyor edim. Ammo shunday go‘zal xilqat meni oliy jazoga hukm qiladi, deb aslo o‘ylamagandim. Tushunaman, tan olaman, bu uning insoniyat oldidagi burchi… Biroq, shu bilan birga, hayratlanmay ilojing ham yo‘q…”
– Mahkum olib chiqilsin! – amr etdi ayol va uning xayol rishtalarini uzib, o‘rnidan turdi.
– Oh, sho‘rim qursin!!! – chinqirib yubordi onasi va yerga yiqildi. – Nahotki, shuning uchun senga oq sut bergan, shu kunlarni ko‘rish uchun beshiging ustida allalar aytgan bo‘lsam… Axir, otang ikkimiz hech kimga yomonlik qilmagan, na kunduzi, na kechasi tinim bilar edik; yer chopardik, paxta titardik, qorinlaring to‘q, egnilaring but bo‘lsin derdik. Qishda sovqotib qolmanglar, deb g‘o‘zapoya yulardik, issiq non yopib berardik, pilla qurti boqardik, turshak sotib tirikchilik qilardik… Nahotki, sen barini esdan chiqargan bo‘lsang? Avvalboshdayoq sening mana shu la’nati biznesingga qarshi edim. Ammo gapimga kirmading, ochko‘zliging boshingga yetdi, bizni sharmisor qilding. Oilangdan ayrilding… E-voy, qaysi yozuqlarim uchun bu ko‘rgiliklar? Bir parcha jishni qotil bo‘lsin deb boqib, odam qilganmidim? Begunoh odamlar boshiga ne musibatlar solmading, xudoga munkir kelding… Bundan ko‘ra meni qaro yer yutsa bo‘lmasmidi?.. Yaxshi noming bulg‘anmasligi uchun bir emas, ming jonimni bermasmidim! Qanday sharmandalik… ayt, Qurbon, ayt, oqpadar, bolalaringning, odamlarning, tanish-bilishlarning, qo‘ni-qo‘shnilarning ko‘ziga qanday qarayman… Oh, bundan ikki ko‘zim oqib tushgani yaxshi edi… Nima qilib qo‘yding?! Odam umri shunchalik beqadr bo‘lib ketganmi?.. O‘sha sho‘rlik ayol bilan bechora erkakning yetimlariga kim ota-onalik qiladi? E-voh, seni tuqqandan ko‘ra o‘lib qo‘ya qolganim yaxshi edi!
* * *
Oshpaz Sayidboy kichik o‘g‘liga sunnat to‘y bermoqda. Yetti yashardan yetmish yashargacha to‘y dasturxoniga to‘plangan. Hamma yeb-ichar, xursandchilik qilardi.
Osmon musaffo va bulutsiz edi. Oyoq ostida uch kun burun yoqqan qalin qor g‘irchillardi. Mashshoqlar sozlarini sozlab bo‘lgandan keyin shaharda masxaraboz deb nom chiqargan Mansur kal o‘z shogirdlari bilan yeru ko‘kni larzaga solib karnay chalardi. O‘sha yillari bunday to‘y-hashamlar qosh qorayishi bilan boshlanar va yarim tungacha davom etardi. Karnay ovozlari to‘y boshlanganidan darak berardi.
Havo sovuq edi va shu bois oshpaz usta Ibrohimjon – o‘rta bo‘yli chaqqon kishi – men va men tengi uch-to‘rt yigitga saroy ortidan quruq o‘tin keltirishimizni aytdi. Avvaliga biz uch quchoqdan g‘o‘zapoya keltirdik va o‘yin maydonchasi o‘rtasida gulxan yoqdik. Usta Ibrohimjon g‘o‘zapoya ostiga bir parcha gazeta tiqdi-da, ustidan kerosin sepib, gugurt chaqib yubordi. Biroz tutun chiqarib turgan o‘tin, sal o‘tgach, gurillab yona ketdi.
– Qani-qani, shovvozlar, – dedi usta. – Keltirgan o‘tinlaringiz tutantiriqqa yaraydi, xolos. Biz esa zo‘r ziyofat qilmoqchimiz, shuning uchun tong otguncha olov lovullab yonib turmasa bo‘lmaydi. Bas, shunday ekan, chopinglar, yo‘g‘onroq shoxlardan ko‘proq keltiringlar, quruq bo‘lsin.
Bu gal biz gulxan oldiga tut shoxlari va ozroq arralangan shaftoli xodalarini keltirib qo‘ydik. Usta bizni konfet, kulcha, uzum bilan siyladi-da:
– Sizlarning ishingiz, yigitlar, gulxanni gurillatib yoqib turish, tamom! Tushundilaringmi? – dedi.
Biz baravariga bosh irg‘adik, chunki og‘zimiz hozirgina olgan ne’matlar bilan to‘la edi. Erkaklar gir aylanib o‘yinga tusha ketishdi, ayrimlari gulxan ustidan sakrab o‘tar edi. Buni ko‘rib, shu qadar zavqlandimki, shartta o‘yinga tushib ketgim keldi, ammo uyaldim. O‘yinga tushgudek bo‘lsam, hamma meni barmog‘i bilan ko‘rsatadigandek va kuladigandek tuyuldi. Shu top ustaning topshirig‘i yodimga tushdi-da, yana o‘tin keltirgani chopdim. Uzun, ingichka xoda va… chang bosib yotgan eski beshikni sug‘urib chiqardim-da, keltirib, gulxanga tashladim. G‘ayrat-shijoatimdan o‘zimni g‘oyat baxtiyor va xursand sezayotgan edim.
Beshikning bosh tomoni yona boshlaganda qulog‘imga ustaning ovozi chalindi:
– Hay attang! Bolaga ish buyur, orqasidan o‘zing yugur. Beshikni kim olib kelgandi?
– Men, – dedim savoli ma’nosini hali anglamay.
– Beshikni qaysi ahmoq yondiradi, a? Bir emas, bir necha oilaning kulini ko‘kka sovurganingni bilasanmi?
Tunda uyga qaytgach, bu voqeani oyimga aytdim.
– Usta to‘g‘ri aytibdi. Beshikni yoqish o‘z boshiga musibat sotib olish degani, bolam… Attang…
* * *
Oyim boshini egib o‘tirardi. Men ko‘zimning qiri bilan unga qarab, birdan rahmim kelib ketdi… Meni muzday sud zalidan olib chiqishdi. Bir necha kishi hali ham hovlida edi, aftidan, sud majlisi ishini muhokama qilishardi. Kimdir nafrat bilan, kimdir qiziqsinib meni kuzatardi. Mening ahvolim, tashqi ko‘rinishim to‘g‘risida nimalar deyishayotganini bilmasdim. Ammo bir narsani komil ishonch bilan ayta olamanki, shomdan o‘tib xuftongacha uydagilarga ko‘rganlari va eshitganlari haqida gapirib berib, so‘ng meni unutib yuboradilar. Bu aniq!
– Eshak go‘shti va qanjiq tishi! – qichqirdi allakim.
Qoqilib ketmaslik uchun goh yerga, goh soqchilarga qarab yurib borardim. To‘da ichida yaqin qarindosh-urug‘lar va tanishlardan hech kim ko‘rinmasdi. Sud haqida hech gap bilmasliklari ham mumkin. Balki mening ishimdan ular or qilayotgandir. Eshikdan meni qamoqxonaga olib ketadigan militsiya mashinasigacha to‘qqiz yarim qadam ekan. Chuqur o‘rindiqqa o‘tirishdan oldin men iltijo bilan katta soqchiga qarab qo‘ydim.
– Nega turib qolding? O‘tir!
– Osmonga birrov qarab olsam maylimi?
– Jinni-pinni bo‘lib qolmaganmisan?
Men boshimni ko‘tardim. Osmon musaffo va ko‘m-ko‘k edi, quyosh esa odamlar va mening ustimga saxiylik bilan nurini to‘kardi. Oh, qaniydi, qanotlarim bo‘lsaydi-yu, uchib ketsaydim… Osmonga ham, quyoshga ham, hech narsaga qarab o‘tirmay uchib ketar edim. Og‘ir g‘am-anduh, qo‘rquv, omad va qiyinchiliklarga, ezgulik va zulmga, insoniylik va razillikka, o‘zimning barcha gunohlarimga qaramay, parvoz qilaverardim… Yo‘q, ayovsiz va haqqoniy hukmdan qochib qutulish uchun emas, balki quyoshning o‘tli nurlari ostida kuyib kulga aylanish uchun uchar edim. Toki mendan na biron nishon, na xokiturob qolsin. Aslida quyoshning oldida men kim yo nima bo‘libman? Ammo shu bilan birgalikda yana boshqa gap ham bor – menday tuban, pastkash va qotil bir odamdan jirkanishi bor gap-ku!
– Qani, yur! – deya soqchi meni turtdi. Men istamaygina itoat etdim. Mashina ichi qop-qorong‘i edi. Quyoshni yo‘qotganimni his etdim. Endi abadiy yo‘qotdim. Men buni aniq bilardim. Tok urgandek bir silkinib tushdim. Endi mo‘jiza ro‘y bermaydi. Ortimdan zalvorli temir eshik gumburlab yopildi. Menga nima uchun yetti kun, yetti tun yashashga imkon berishganiga haligacha tushunolmayman. Ko‘z ochib-yumguncha o‘tib ketadigan yetti kun va yetti tun.
Hayotimning ikkinchi yarmi hukm e’lon qilinmasidan keyin boshlandi. Endi men ozodman. Kutishlar ortda qoldi. Nihoyat, men so‘nggi nuqtagacha yetib olaman.
* * *
Bolaga dala keng va bepoyonday ko‘rindi. Har bir irmoq, har bir tut va o‘rik daraxti, atrofdagi har bir buta unga haddan tashqari tanish va qadrdon edi. Atrofda undan boshqa hech kim yo‘q. Ammo bola o‘zini tanho his qilmayotgandi. Aksincha, gullarning muattar bo‘yi, tevarak-atrofning mo‘jizakor manzaralaridan u mastu mustag‘riq edi. Qo‘llarini qanotday keng yozgancha u dala bo‘ylab chopib borarkan, shodon qichqirardi.
Ortidan aks sado yangraydi:
– E-he-he-hey-yy!..
Uning ovozi tog‘ etaklariga, baland cho‘qqilar, oppoq bulut qadar taralardi. Ammo u aks sadoni eshitmasdi. Shu pallada uning boshiga patlar to‘kildi. Oppoqqina, momiqqina, yelday patlar, xuddi qor uchqunlari deysiz. Bola ularni tutishga harakat qildi.
Yuragi duk-duk qilardi, bu yerga nima uchun kelganini unutib, she’r o‘qigisi, qo‘shiq aytgisi kelardi. Oyisi esa uni o‘tin tergani yuborgandi…
Kampirsho supada o‘tirgancha quyosh nurlari ostida eski kiyimini ko‘klar edi.
Bola ustidagi changni qoqib-qoqib tashladi-da, yuvindi. Keyin qandaydir qo‘shiqni dimog‘ida xirgoyi qilgancha uyga kirdi-da, bir bo‘lak patir hamda bir kosa muzday suv olib chiqib, buvisining yoniga kelib o‘tirdi. U nonni sovuq suvda ivitgancha:
– Buvijon, “Ming bir kecha”dan bir qiziq rivoyat aytib bering… – deb so‘radi.
– Buvingning ertaklarini boshingga urasanmi? Hammasi quruq cho‘pchak. Ertak bilan qorin to‘ydirib bo‘lmaydi, – dedi oyisi, buvisini og‘iz ochgani ham qo‘ymay. – Undan ko‘ra tezroq noningni yegin-da, o‘tinga chop.
– Hozirgina o‘tin terib keldim-ku.
– Yana terib kel, qolib ketadigan boshqa ishing bormidi? O‘tin qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi.
Kampirsho ko‘zoynagini to‘g‘rilab, ignadan ipni o‘tkazishga urinardi.
– To‘g‘ri, ertakka qorin to‘ymaydi, ichadigan suv ham emas. Ammo esingizda bo‘lsin, ular odam yuragini tarbiyalaydi, nurga to‘ldiradi, orzu qilishga o‘rgatadi. Bunisiga endi yo‘q deb bo‘lmaydi.
Kelin yon berishni istamadi.
– Ertaklaringiz bolamning miyasini achitib, jinni qilib qo‘ydi. Ana, endi u bizni tashlab ketishni orzu qilib yuribdi.
– Ota-bobolarimiz, orzuga ayb yo‘q, deganlar, – bitta gapda turib dedi kampir.
– Sizlarnikiga kelin bo‘lib tushganimga o‘n sakkiz yil bo‘libdi. Shuncha yil ichida biron marta aytganingizni yerda qoldirmadim…
– Gapni aylantiraverma, qizim. Yaxshisi, o‘g‘lingning ertangi kunini o‘ylaylik.
– Buning nimasini o‘ylaysiz?
– Yo‘q, men o‘laqolsam rozi emasman. Agar erim tirik bo‘lganida, hamma ish xamirdan qil sug‘urgandek bitardi…
Bola allaqachon nonni yeb bo‘lib, endi oyisi bilan buvisining suhbatiga quloq solardi. “Ha, oyim to‘g‘ri gapiryapti. Otam agar maktabda yaxshi o‘qisam, men uchun hech narsani ayamasligini aytardi. Oxirgi ko‘ylagini sotib bo‘lsa ham menga yaxshi ta’lim beraman, derdi”.
Kampir bir zum o‘ylanib qoldi.
– Mening erim o‘n to‘rt yoshida yetim qolgandi. U paytlarda zamon og‘ir, ocharchilik edi. Onasi va ukasiga qarash uning zimmasiga tushgan, boshqa iloji ham qolmagandi…
– Endi shunday qismat nevarangizning chekiga tushib turibdi. O‘zingiz o‘ylang, emizikli bola bilan qayerga borardim? Mening qo‘limdan nima ham kelardi?
– Xudoga shukur, kelin, men hali tirikman, to‘rt mucham sog‘…
– Yo‘q dedimmi, yo‘q, gap tamom, vassalom! Hazrat Xizr duch kelib, iltimos qilganida ham rozi bo‘lmasdim…
Kelin g‘azabini bosolmay uyga kirib ketdi. Zum o‘tmay qo‘lida kitob bilan chiqib keldi.
– Shu kitobsiz ham bir kunini ko‘rar, bir burda nonini topib yer… – Shunday deya kelin kitobni shart-shurt yirtishga tushdi… Yirtilgan varaqlar hovli bo‘ylab sochilib ketdi.
Kampir noxos tek qoldi, hayrat to‘la ko‘zlarida g‘amginlik paydo bo‘ldi. So‘ng asta o‘rnidan turdi, supadan tushdi. Engashib, varaqlarni tera boshladi. Ko‘zlari yoshlandi. Churq etib og‘iz ochmagan nevarasi unga yordamlashdi. Ular varaqlarni yig‘ishtirib bo‘ldi. Kampir qaddini rostlagach, nevara kafti bilan buvisining yoshini artdi. Kampir titroq qo‘llari bilan bolani bag‘riga bosdi, og‘ir xo‘rsindi, peshonasidan o‘pib, boshini silay boshladi.
Kelin yerda cho‘nqayib o‘tirganicha, ular tomon ko‘zining qiri bilan qarab turardi.
* * *
Cho‘ldami yoki boshqa biron joydami, izg‘irinli shamol g‘uvillab, sovuq suyak-suyakdan o‘tib turganda hatto tomiga poxol to‘shalgan kapa ham jannatday tuyulib ketadi. Har nima bo‘lganda ham Qurbon shunday o‘ylardi. Ammo qamoqxonada hamma narsa o‘z ma’nosini yo‘qotgandi, faqat u sodir etgan gunohlar va savoblar, og‘zidan chiqqan peshtaham so‘zlar, his etgan sevinch va g‘amlar bundan mustasno. O‘lim to‘shagida yotgan, sanoqli kunlari qolgan bemor uchun dunyoning har qanday boyligi bir chaqaga qimmat bo‘lib qolishini Qurbon anglab yotardi. Endi uning ko‘ziga hech narsa ko‘rinmas, o‘zini ham, o‘zgalarni ham keraksizday his qilardi. Uni yorug‘ olam va odamlar bilan bog‘lab turuvchi ko‘zga ko‘rinmas qirq rishta pirt-pirt uzilib bo‘lgan edi…
Qurbon o‘zini yomon his qila boshladi, kayfiyati yo‘q edi. U na bir joyda o‘tira olardi, na bir burchakdan boshqa burchakka borib kelardi, tunda ham, kunduzi ham mijja qoqmasdi. Oxiri toqati toq bo‘ldi-da, eshikni urib-tepa ketdi. Qorovul eshik ko‘zchasidan qaradi.
– Nima kerak senga? Gaplashish mumkin emasligini bilasan-ku!
– Dunyoda nimalar bo‘layapti?
– Sening dunyong shu yerda – zindonda!
– Noma’qulning beshtasini aytibsan, sen yetmay turuvding, ablah…
– Tupurdim senga.
– Ro‘znomang bormi?
– Ro‘znomani boshingga urasanmi? Oyog‘ingni go‘r tortib turibdi-ku.
– O‘qiyman, tentak!
– Bo‘pti. Qanaqadir kundaligim bor edi. Bo‘ladimi?
– Kimning kundaligi?
– Sendan oldingilarniki. Butun bir roman. Bosilsa, qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadi. Men hozir…
Qorovul qo‘ynidan titilib ketgan eski bir daftarni oldi, kamera eshigiga yaqinlashib dedi:
– Eshik oldidan nari tur. Busiz ham barcha qonunlarni oyoqosti qildim.
Qurbon o‘zini burchakka oldi.
Qorovul eshikni qiya ochdi, kundalikni beton yerga itqitdi:
– Ichida qalam bor. Tilaklaringni yoz. Bitta-yarimta o‘qib qolishi mumkin.
Eshik yopilgach, Qurbon borib, daftarni yerdan oldi. Qorovul eshik ko‘zchasidan qichqirdi:
– Tilaklaringni yoz!
Birdan mahkumning esiga Afandi, Hobil, dor va podshoh haqidagi latifa tushdi. Jilmaymoqchi edi, uddalay olmadi.
– Qanaqa tilaklarni aytayotibsan? Tilaklar allaqachon qirilib bitgan! Eshitdingmi?!
Maktabda bir an’ana bo‘lardi: o‘quvchilar kundalik tutardi, kundaliklarini bir-birlariga berardi, unga rasmlar solar, fotosuvratlar yopishtirar, she’rlar yozardi. Va albatta, tilaklar bo‘lardi. Dastlabki yillarda Qurbon goh-goh kundaligini varaqlab qo‘yardi. Biroq keyinchalik kundalik qayoqqadir yo‘qoldi. Nima bo‘lganda ham ko‘p vaqtdan buyon hech ko‘zga tushmadi.
Endi bo‘lsa notanish bir kimsaning kundaligi qo‘lida turibdi. U kundalikni varaqlay boshladi va undagi xatlar boshqa-boshqa odamniki ekanini ko‘rdi. Oliy jazoga hukm qilingan o‘n-o‘n ikkitasi bunga o‘zining so‘nggi tilaklarini yozib qoldirgandi, kimdir bir, kimdir yarim bet, qaysidir yalqov esa imzo chekib qo‘ya qolibdi.
Qurbonni dahshat qamrab oldi. Lablari pir-pir uchar, qo‘llari dag‘-dag‘ titrardi. U daftarni bir chetga itqitdi-da, dod solib yubordi. Uning qichqirig‘i kamera devorlari, shifti va yeriga urilib, aks sado berdi. Qulog‘i shang‘illadi…
* * *
Uning ko‘zlari allaqachon kameradagi qorong‘ilikka o‘rganib bo‘lgandi. Uyqusizlik qiynardi va u faqat o‘ylar, o‘ylari esa alkash-chalkash edi. Shunday bo‘lsa-da, navbatchi posbonning kalitlari shaqillashiyu qadami tovushlaridan boshqa hech nima uni bezovta qilmasdi. To‘satdan bir juft chaqnoq ko‘z o‘ziga tikilib turganini ko‘rdi. Hayratdan ko‘zlarini qisdi va yana ochdi. Bu chaqnoq ko‘zlar unga bolalikdan tanish…
– Nahotki besh-o‘n so‘m pul topolmaydigan zamonlarga qolgan bo‘lsak? – taajjublanardi ota.
– Bunaqa siqilavermang, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, – tasalli berardi ona. – Ertaga maosh olasiz…
– Lekin menga pul hozir kerak! – derdi ota.
Esida, o‘shanda ona kulib, bunday degandi:
– Bilmadim, men bo‘lmasam, siz, erkaklar, nima qilar edingiz. Bir kun ham yasholmasdingiz, bir kun ham…
Ona qo‘shni xonaga kirdi, oq tugun olib chiqdi, yechib, supaga qo‘ydi. Bu aqchadon edi. Ona ganch mushukni silkita boshladi.
– Mana oling, sindiring uni, – dedi u. – Qora kunga deb tiyinlab yig‘ib yurgandim.
Ota o‘ychan bir holda ensasini qashidi-da, qat’iy ohangda dedi:
– Yo‘q, keragi yo‘q. Biror narsa o‘ylab toparman…
Onaning kichik bir sirini Qurbon ana shu tariqa tasodifan bilib qolgandi. Kunlar o‘taverdi. Yoshi o‘n to‘rtga yetgan bola aqchadon borligini salkam esidan chiqargandi.
To‘g‘ri, goho birdan eslab qolardi uni. Ammo bir kuni yaxshi ko‘rgan qiziga sovg‘a olish uchun pul juda kerak bo‘lib qoldi.
U ota-onasidan pul so‘rayolmasdi, uyalardi.
Shunda birdan aqchadon esiga tushdi. “To‘rt-besh so‘m pul olsam, oyim bilib o‘tiribdimi? Maktabga bergan pulidan asta-sekin joyiga qo‘yib qo‘yaman, six ham kuymaydi, kabob ham…”
U payt poylay boshladi. Uzoq kutishga hojat qolmadi.
– Darslarimni anavi uyda qilaman, hech kim menga halaqit bermaydi, – dedi u, zero, “dars” degan sehrli so‘z o‘zi uchun har qanday eshikni lang ochishini yaxshi bilardi…
Birinchi tunda u taxmondagi ko‘rpa-ko‘rpachalar orasidan sirli aqchadonni oldi. Uning zilday og‘irligidan hayron qoldi. Qalamtarosh uchi bilan astagina tirqishlarini yo‘nib, “mushuk”ni ag‘dargan edi, darhol ikkita tanga tushdi – o‘n besh va yigirma tiyinlik chaqalar bo‘lib, ganch gardi bilan qoplangandi.
Endi Qurbon qariyb hamma darsini ichkari uyda “tayyorlar” edi. Keyin esa bu odat tusiga kirdi. Dastlabki kunlari u bitta-yarimtaning kirib qolishi yoki oyisining aqchadon yengil tortib qolganini bilib qolishidan qo‘rqib yurdi. Ammo vaqt o‘tib, hecham hadiksiramaydigan bo‘lib qoldi…
Lekin u bir kuni maktabdan qaytganida…
Oyisi katda o‘tirardi. Yonginasida sindirilgan “mushuk” parchalari sochilib yotardi. Ona ko‘z yoshlarini artdi…
U o‘g‘liga churq etib og‘iz ochmadi. G‘am-qayg‘udan adoyi tamom bo‘lgancha o‘tiraverdi.
Tunda esa tush ko‘rdi: ichkari xonada u portfelni ochmoqchi bo‘lar, ammo ocholmayotgandi. Ajabo! Portfel yopilmagan-u, ammo ochilmasmish. Birdan chiroq o‘chib qoldi. Hammayoqni zulmat chulg‘adi. To‘satdan orqasida mushuk miyovladi. U orqasiga o‘girilib qaragandi, bir juft yoniq ko‘zni ko‘rdi. Keyin mushuk dunyoni boshiga ko‘tarib, “qah-qah” urib kuldi, juda qo‘rqinchli kuldi…
Bu uning bolalikdagi eng dahshatli tushi edi. Ikki yoniq nuqta qorong‘ida goho uni ta’qib qilar, bundan u dahshatga tushardi.
Endi esa ularni kamerada ko‘rib, ko‘ngli xotirjam bo‘lardi. Bu ularning so‘nggi uchrashuvi ekaniga va endi hech narsadan qo‘rqmasa bo‘laverishiga ishonchi komil edi…
Shunday bo‘lsa-da, Qurbon kaftlari bilan yuzini berkitdi va boshini ko‘tardi. Oyisi yog‘och karavotda o‘tirib, unga o‘kinch bilan qarab turgandek ko‘rindi. Ko‘zlarida yosh, nigohida mung… dard… yozg‘iriq…
* * *
Taqdiriga yozilganmi, yo bu do‘stu dushmanning ishimi, nima bo‘lganda ham hammasi o‘sha la’nati tundan boshlandi, o‘shanda bu mening hayotimdagi eng yaxshi, eng omadli tun bo‘lgan edi. Tan olib aytamanki, sinfdoshimdan ajralib ketar ekanman, hayratimning cheki yo‘q edi: qara, qismat hayotimni butunlay o‘zgartirib yubordi! O‘zgartirmay-chi! Ta’tilda poytaxtdan tumanga ketish va bir oyda jaraq-jaraq pul ishlash. Zo‘rmi? Ha, derdim men, mushuk tekinga oftobga chiqmaydi. Bizning zamonda bebiliska pul topib bo‘larkanmi? Uzoq yillar men bilan bir partada o‘tirgan Usmon savdogar do‘stlari davrasiga taklif qildi:
– Davramizga qo‘shil. Sen begona emassan. Boshida o‘zimiz yordam qilamiz.
Shunday qilib, ular bilan birga Saratovga, keyin Volgogradga ketdim. U yerda ko‘rmaganimizni ko‘rdik: birga azob chekdik, och qoldik, har nima bo‘ldik, yashirish nega kerak? Bir to‘g‘ram non topaman deb yot o‘lkalarda sarson bo‘lgan har birimiz bosh-ko‘zimizga qaramay changitib so‘kinardik. Biroq foydani bo‘layotganda hammasi esdan chiqib ketdi. Menga ham ishlaganimga yarashasini berishdi. Bilasizmi, pul olganimdan so‘ng, qora, mudhish kunlar menga bor-yo‘g‘i bema’ni tushday ko‘rinib qoldi. Hatto osmondagi oy ham kulib qarayotganday edi. Pul nimalar qilmaydi deysiz. Men xuddi kayfi taraq odamday mahalla-ko‘yda sandiroqlab yurar, yo‘q, qushday parvoz qilardim. Yarim tun edi. Hatto it ham hurmasdi. Simyog‘och uchidagi fonusda g‘ira-shira ko‘rinib turgan eshigimni zo‘rg‘a topdim. Yonginamda suvi jildirab turgan ariq bor edi. Eshikni taqillatmoqchi bo‘ldim, ammo eshikka qulf solinmaganini ko‘rib, itarib ochdim-da, hovliga qadam qo‘ydim.
– Qurbon, senmisan? – qorong‘ida oyimning ovozi eshitildi. Oyim meni ko‘rib suyunib ketadi deb o‘ylagandim, ammo u churq etib og‘iz ochmadi.
Azonda uyg‘ondim. Oyim allaqachon turib, non yopgan edi, qatiq olib keldi. Xotinim bilan bolalarim uyda ivirsib yurar edi – barchalari shod-xurram.
Keyin ukam keldi. Birga nonushta qildik.
– Uka, bugun yakshanba, yur, bozor qilamiz, – dedim.
O‘sha kuni mening eski “Jiguli”m bir daqiqa ham tinim bilmadi. Men oyimga televizor, muzlatkich, ikki qop oliy nav un, yog‘ olib keldim. Xotinim bilan bolalarimga kiyim-kechak va poyabzal sotib oldim. Mollarga bir tonna kunjara g‘amladik. Akamga yangi kostyum-shim sovg‘a qildim.
Hayot menga beg‘ubor va baxt abadiydek ko‘ringandi. Faqat oyimning gapiga kirmaganim chakki bo‘ldi. U yakkash: “Katta suv ariqni buzadi, katta pul odamni yo‘ldan uradi”, – derdi.
Ikki hafta o‘tgach, Usmon keldi.
– Hozir qo‘lni cho‘ntakka solib yuradigan vaqt emas, – dedi u. – Agar yo‘q demasang, ikkita “KamAZ”ni to‘ldiramiz-da, Rossiyaga urvoramiz.
Men esa nima qilishni bilmasdim:
– Pulning yarmidan ko‘pini sarf qilib bo‘ldim…
Sheriklarim esa menga tasalli berishdi.
– Shu ham gap bo‘ldi-yu, – deyishdi ular. – Sement sotadigan Sharif kal bor-ku, o‘sha senga qarzga pul beradi. Ikki oydan keyin qaytarasan. Foydang esa uch yil yotib yeyishingga yetib ortadi. O‘zing ko‘rding-ku.
Men ularga ishondim. Biz Sharifning oldiga bordik, uni hatto tanimasdim. U menga Dushanbedagi to‘rt xonali uyim bilan “Jiguli” mashinamning hujjatlarini garovga qo‘yish hisobidan besh ming dollar pul berdi. Barcha pulga bargak sotib oldim. Yo‘l xarajatlarini sheriklarim zimmasiga olishdi. Hammasi shu qadar tez sodir bo‘ldiki, nima bo‘lganini ham anglolmay qoldim…
Oyim bilan ukam meni o‘rtaga olib koyiy ketishdi:
– Seni suvga olib borib, sug‘ormay kelishsa-chi, unda nima bo‘ladi? Ko‘zingni och, bola…
Ammo men izimdan qaytmadim – yigit so‘zi bitta bo‘ladi. Xotinim ham rosa dod-voy qildi – bolalarimni o‘ylamasdan uyimizni garovga qo‘yganimiz jon-jonidan o‘tib ketgandi.
Yukni jo‘natgach, bir haftadan keyin biz, Usmon va ikkita sherik, poyezdga o‘tirdik-da, yo‘l bo‘yi ashulani vadavang qo‘ygancha maishat qilib ketdik.
* * *
Tunlari uning uyqusi tinch bo‘lmasdi. Aloq-chaloq tushlar ko‘rardi. Biroq ertalab uyg‘onganda hech narsani eslay olmasdi. Tushida dalani, keng g‘o‘zapoyani ko‘rgisi kelardi, u yerlarda oyoqyalang yugurardi, sigir o‘tlatardi, paxta terardi. O‘rikzorni, tutzorni sog‘inardi, bu daraxtlar ostida soatlab o‘tirardi, kelajak haqida o‘ylardi, yumshoq gilamday maysazorda ag‘anagisi, tubsiz moviy osmonga kiprik qoqmay tikilib yotgisi, suzib ketayotgan yo bir joyda turib qolgan oq bulutlardan tanish qiyofalarni topgisi kelardi… Ha-a… u vaqtlar beg‘ubor, baxtiyor bo‘lardi… Oyoqyalang, beg‘am-beparvo yugurib yurgan vaqtlar…
Pichan o‘rimi vaqtida dalani kulgi, qo‘shiq va turfa ovozlar tutib ketardi. Bolalar o‘z sigirlari va buzoqlarini ang‘izga bog‘lab qo‘yar edilar, davra qurib o‘tirishar va soatlab devlar, alvastilar, jodugarlar haqidagi turli-tuman ertak va cho‘pchaklar aytar edilar. Topishmoq topish o‘ynashardi… Bular bari jonga tekkach, u o‘zini xilvatga urardi. Tanholikka intilish unda o‘sha vaqtda nish urgan bo‘lsa, ehtimol…
Bir kuni tuni bilan u varrak yasab chiqdi. Yozgi ta’til nihoyalanib borardi. Tushlikdan keyin sigirga o‘t, suv berdi, uni o‘rik daraxtiga bog‘lab qo‘ydi. So‘ng uyga chopdi-da, yarimta non, ruchka-daftar, varrak, oq-qora ikkita g‘altakipni olib, dalaga uchdi. Shunday chopdiki, go‘yo u yerda uni sevgilisi kutib turganday…
Sigir xotirjam kavsh qaytarardi. Sarin shabada esardi. U shoshib ipni varrak burchagiga uladi, g‘altakni hovuchida qisdi, uchinchi va to‘rtinchi barmoqlari orasiga ipni joyladi-da, asta-sekin varrakni osmonga qo‘ya boshladi. Qo‘llarini baland ko‘tarib, orqaga chopib ketdi. Varrak shamolda parr-parr qilar, rang-barang dumini u yon-bu yonga chayqatar, o‘zi tobora yuqorilab borardi. Goho u yo chap, yo o‘ng tomonga shiddat bilan yulqinar edi…
Ko‘p o‘tmay varrak qushga o‘xshab qoldi. U suyunar, yayrar edi, chunki varrakni buncha baland va uzoq tutib turish hali hech kimga nasib qilmagandi. Bu aniq. Ammo, afsuski, xuddi jo‘rttaga qilganday hech kim uning bu g‘alabasini ko‘rmadi.
U tiniq osmonga qaradi va unga varrak quyoshni yopib qo‘ygandek tuyulib ketdi. U ipga ikkinchi g‘altakni ham uladi, unga qulog‘ini tutdi va varrakning qanday varr-varr qilishini eshitdi…
Cho‘ntagidan daftar-ruchkasini oldi-da, bir varaq qog‘ozga bor-yo‘g‘i bir nechtagina so‘zni yozdi: “Sevimli va azizam Nisoga”… xatning bir chetini tishlab uzdi, teshikdan g‘altakni o‘tkazdi-da, xatni varrak bilan uchirib yubordi… Nisoga… quyoshga… Yuqorilab borarkan, xat battar pirpirar edi. U esa o‘zi o‘ylab topgan narsasiga o‘zi qoyil qolgancha tek turar edi…
Keyin u ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi… xatni yozdi. Har gal xatiga bir yangi so‘z qo‘shardi…
Quyosh bota boshladi. U varrakdan ham pastroqqa inib ulgurgan edi.
Xatlar Nisoga qanday yetib borishini tasavvur qilib, u bir zum ko‘zlarini yumdi. Varrak hamon pirillab, osmonda to‘lg‘anardi. Va… birdan ip allaqayeridan uzilib ketdi. Varrak bilanglab, aylanib, pastga ravon inib kelardi… u qush patining o‘zginasi edi. Yengil shabada xatlarni butun dala bo‘ylab, bolaligining dalasi bo‘ylab sochib tashlamoqda edi. Ular sevgiga, bolalarcha beg‘ubor muhabbatga to‘liq edi…
U o‘tirdi…
O‘tirdi va qo‘lidagi bo‘sh g‘altakka qaradi…
Qaradi-yu, kaftiga ko‘z yoshlari tomayotganini payqamadi.
Uzoq yoz davomida qattiq sog‘ingan Niso bilan talay vaqt gaplashib o‘tirdi, senga bundan chiroyliroq, bundan mahkamroq varrak yasab beraman deb va’da qildi.
Uning samimiy va’dasini eshitgan Niso jilmayib qo‘ydi…
* * *
U allaqachon bo‘ydoq yashashga o‘rganib qolgandek edi. Rossiya bo‘ylab uch oy sarson-sargardon yurish, qiyinchiliklar va mana, bir yarim yilki, Dushanbedagi yolg‘izlik… Dastlabki vaqtlarda u do‘stlari va tanishlarini hovlisiga zo‘rlab chaqirar, ziyofat uyushtirardi. Ular yo‘q deyisholmasdi, albatta. Kimdir istamaygina, kimdir rahmi kelganidan. Ular bilan yuz gramdan otib, vaqtni o‘tkazardi. Ammo bular bari omonat, sershitob ekan… O‘zining sovuq, befayz ijaraxonasiga kelar, ishtahasi bo‘lmasdi, shunchaki ochlikni bosish uchun ba’zida o‘ziga tuxum qaynatar, suvi qochgan nonni choy bilan tamaddi qilardi. Uyiga hech kimni taklif qilmasdi, o‘zi ham mehmonga bormasdi, to‘g‘rirog‘i, hech kim uni mehmonga chaqirmasdi… u na sho‘rva, na osh pishirar edi. Kechqurunlarini tanho o‘tkazardi. Kallayi sahardan tanholik joniga tegib, ko‘chaga qochib chiqardi…
Ammo bu tanholikni kameradagi yolg‘izlik bilan tenglashtirib bo‘lmasdi. Zero, uning hozirgi tanholigi to‘rt emas, olti tomondan: o‘ng, chap, old, ort, tepa va pastning qattiq tazyiqi ostida kechayotgandi. Ba’zi pallalarda u o‘y surib ketar, qayerda ekanini ham unutib o‘zi bilan o‘zi gaplashar, keng yog‘och karavotni ko‘rib tursa-da, o‘tirish uchun o‘ziga joy topolmasdi…
“Hoy, temir eshik! Men senga aytayapman. Senlar, ey, sovuq tosh devorlar, gapimga quloq bering!” – derdi u sassiz, bamisoli so‘zlar bo‘g‘zida tiqilib qolgandek. Darvoqe, na eshik, na devorlar uning gapini eshitar, ular bamisoli kar va soqov edi. U ularni mushtumi bilan do‘pposlar, oyog‘i bilan tepkilardi. Javobdan esa nom-nishon yo‘q…
Ba’zan tushiga uzun, oq chilvir kirardi. Chilvirni zanglagan zanjir o‘rniga bog‘lardi, ikkinchi uchini chuqur tubiga tashlardi va qo‘rquvdan muz qotgancha unga osilib quduq tubiga tushardi. Tushib ketaverar, ketaverar edi-yu, ammo suvdan darak bo‘lmasdi. Pastda yurakni larzaga soluvchi zulmat hukmron. Tepadan osmonning ko‘m-ko‘k parchasi ko‘rinadi, xolos. U quduqning sirpanchiq ho‘l devorlarini paypaslab nimalarnidir qidirardi. Eshikni qidirayotganini keyin anglaydi. Biroq g‘ovak devorlar qimir etmaydi. Ularda hech qanaqa tirqish yo‘q. Uning zalvoridan taranglashgan chilvir titraydi. Qo‘llari, yelkalari, tirsaklari zaiflashadi. Shu asnoda yer ostidanmi, yo balanddanmi – kimningdir masxarali kulgisi yangraydi. Endi chilvirda osilib turishga uning majoli yetmaydi. U bo‘g‘iladi…
Har gal mana shu joyda u qattiq qichqirib uyg‘onib ketadi. Toshoyna bo‘lganida qo‘rquvdan burishib ketgan basharasini ko‘rib, dahshatga tushmog‘i muqarrar edi…
* * *
Engil shabada ochiq derazani g‘ichirlatdi. Kutilmagan manzara va qo‘rquvdan u bir joyda tosh qotib qoldi, tizzalaridan mador qochdi, a’zoyi badani titrab ketdi. Bir daqiqadan keyin u tinchlandi, bir maromda nafas ola boshladi. Biroq shu top tashqarida mashinaning qattiq tormoz bergani eshitildi. Undan hech kim tushmadi, aks holda ochilgan eshik tovushi kelgan bo‘lardi.
Ayol jasadi hamon stulda yotardi. O‘ziga kelgach, Qurbon tomir urishini tekshirishga qodir bo‘ldi.
– Jin ursin! – dedi xirillab, tishlarini qisgancha qulog‘ini jasad ko‘kragiga qo‘ydi: yurak urmayotgandi. Ammo jasad hali issiq edi. Ayolning bo‘ynidan qarmoqni avaylab chiqarib oldi-da, o‘lik tanani eski gilamga yotqizdi. Cho‘nqayib o‘tirdi-da, horg‘in oppoq chehra va tim qora sochlarga qaradi. Bir lahza unga rahmi kelib ketdi: kim bu ayol, qayerlik, uyida kimlari kutayapti… Ammo shu zahoti bu tuyg‘uni o‘zidan aritdi. Cho‘ntaklarni kovlashtira ketdi – qo‘liga dasta-dasta pul ilashdi.
“Har kuni shaharda o‘nlab odamlar bedarak yo‘qoladi. Birda sal ko‘proq, birda sal kamroq. Hech qanaqa farqi yo‘q. Axir, men uni chaqirganim yo‘q edi-ku. O‘zi keldi… O‘zi aybdor, demak…”
U xonasidagi chiroqni o‘chirdi-da, pastga tushdi. Tashqari eshigini ochdi. Shamol to‘kilgan barglarni ariqqa supurar edi. O‘lik barglar. Osmon bulutli edi. Yomg‘ir isi bor. Borliq zulmat ichida.
Ikki soatcha vaqt o‘tdi hamki, qorovuldan dom-darak yo‘q. U qancha kech kelsa, shuncha yaxshi. U bilan tong otguncha qolish imkoni bo‘ladi. Jasadni qayerga qo‘yishni, undan qanday qutulishni u hali bilmasdi. Keyin esa… axir, uni bu yerdan gumdon qilish, bironta ochiq mozorga tiqish kerak-ku. “Mayli, biron nima o‘ylab toparman”, o‘ziga tasalli berdi u…
Tashqaridan qaraganda u xotirjam edi. Ammo miyasi qattiq ishlar, chora qidirardi. Shunda miyasiga ajoyib bir fikr kelib qoldi-ku… “Qanaqasiga? Qurbonimni bo‘g‘ayotganimda nima uchun o‘zimni tiymadim, hatto kiprik ham qoqmadim. Ayolning bo‘yniga sim o‘rayotganimda nega qo‘llarim titramadi? Meni nima ushlab turibdi? Menda g‘aroyib o‘zgarishlar ro‘y bergandi – irodamni buka olishmadi, miyam va yuragimga shayton kirib olishiga yo‘l qo‘ydim, u meni o‘zining shaytoniy fe’l-atvoriga shunchalik avrab olib kirgandiki, men odam o‘ldirdim! Endi shayton yayrayapti, o‘ynayapti, ustimdan kulayapti, o‘zining g‘alabasidan mamnun bo‘layapti… Nega? Nima uchun?”
– Qotil!..
– Qotil!..
– Qotil!..
Har tomondan aks sado qaytarib, ayol ovozi uni malomat qilar, ustidan kulardi. Bu beshafqat kulgidan quloqlari cho‘g‘day qizidi. U qo‘llari bilan quloqlarini mahkam qisib oldi.
Shu vaqtda qorovul kelib qoldi.
Qotillikdan keyin bir soat o‘tgach, u o‘zini girdobga tushib qolganday his etmoqda edi. Oyog‘i kuygan tovuqday tipirchilab qoldi, boshi berk ko‘chadan chiqib ketish yo‘lini qidirardi. Bir qarashda uning omadi chopganday edi. Qorovul ataylab kechikkandi va u uni kutishga majbur edi. U bir kechaga qolishi kerak va shart edi. Hammasi tabiiydek ko‘rinishi, hech kim hech kimdan gumon qilmasligi uchun bahona o‘ylab topish zarur edi.
Qorovul dasturxon soldi.
– Kel, birga ovqatlanamiz, – dedi u dasturxonga non va sholg‘om qo‘yib.
– Rostini aytsam, yo‘q demasdim… Keyin uyga qanday yetib boraman? – so‘radi Qurbon. – Uyda hech kim bo‘lmasa, axir, bir o‘zim turaman-ku.
– Menikida yotib qolasan, – dedi qorovul.
– Bo‘pti, siz aytganday bo‘laqolsin, – “taslim” bo‘ldi Qurbon. – Xonadagi eski divanchada yotib uxlarman.
– Bir kecha ming kecha bo‘lmas, – Qurbonni quvvatladi qorovul.
Qurbon uchun bu tun hal qiluvchisi edi. Aynan shu tunda u chora topishi kerak, yo‘qsa, tamom bo‘ladi. Oldinda shanba va yakshanba. Dam olish kunlari bu yerga kelishi xatarli…
U biroz tinchlandi.
– Men hozir, bir soniya, – dedi u va ikkinchi qavatga yugurib chiqib ketdi.
Ayolning murdasi u qoldirgan joyda yotardi. U charm kurtkasini kiydi, seyfdan bir dasta pul oldi, cho‘ntagiga suqdi va murda yuragiga vahima solishini his etib, pastga tushdi. Asta-sekin o‘ziga kelib, Qurbon nima qilib qo‘yganini anglay boshladi…
* * *
– Men hozir kelaman, – dedi u va spirtli ichimlik qidirib ko‘chaga chiqib ketdi. Siyrak chiroqlar daraxtlarni, uylarni elas-elas yoritardi. Qorong‘ida uning vahimasi badtar xurujga oldi. Birdan xotini birinchi farzandini tuqqani esiga tushdi. Tongga yaqin soat to‘rtlarda hamshira qiz unga qizli bo‘lganini aytib, suyunchini oldi va o‘z ishlariga qarab ketarkan, unga bunday dedi:
– Ertalab onasiga tovuq sho‘rva olib keling.
O‘sha tunda ham u bir o‘zi sevinchi ichiga sig‘may, oyoq ostidagi falokatdan bexabar ketib borardi. Ammo o‘shanda osmon musaffo, yulduzlar jimir-jimir qilar, jilmayib, uni tabriklar edi…
Endi o‘sha osmon qop-qora, og‘ir bulutlar qoplagandi. O‘chakishganday, bironta ham derazadan yorug‘ tushmayotgandi. Har zamon-har zamonda bitta-yarimta mashina yonidan o‘tib qolardi. Tun sirli, yurakni siquvchi edi va u hech kim, biron-bir tirik jon uning jinoyatidan xabar topolmasligi bilan o‘ziga taskin berardi. Ammo dunyoda odamlar ko‘zidan yashirish mumkin bo‘lgan yana bir sir bo‘lmasa kerak. U buni bilar va tushunar edi. Nima bo‘lsa, bo‘lar!..
Qizi tug‘ilgan o‘sha tunda bor pulini doya qizga bergan va yelkasidan tog‘ ag‘darilganday bo‘lgan edi. Endi-chi? Bu tubsiz chohdan, bu qorong‘i boshi berk ko‘chadan qanday qilib qutulib chiqa olsin? Umuman, buning iloji bormikan? Qochib ketsinmi? Kimning oldiga? U bitta ham savolga javob topa olmas edi…
U bo‘m-bo‘sh qahvaxonaga kirdi. Ofitsiant qiz bir kishilik qovurilgan jo‘ja, ikki yuz ellik gramm araq, gazak va non olib keldi. Tovuq go‘shtidan bir tishlam uzib oldi-da, qadahni bir ko‘tarishda sipqordi, keyin yana… yana… Ammo na go‘shtning, na araqning ta’mini tuyar edi. Ko‘z o‘ngida ayolning chehrasi turardi. Ana, u stol orqasida pul sanayapti. Endi u bo‘yniga tortilgan simdan bo‘g‘ilmoqda… U o‘zini ham ko‘rdi: tik turgancha bemalol ayolning bo‘yniga sim tortayapti. Endi sho‘rlik ayol unga chuqur xandaqning tubidan qarab turibdi. Kiprik qoqmay qarab turibdi. Aynan mana shu nigoh uni dahshatga soldi. Tomog‘iga bir narsa kelib tiqildi. U qadahdagi araqni oxirigacha sipqordi, uning achchig‘ini ham bilmadi, suvday ketdi. Har bir luqma, har bir yutum araq tomog‘ida tiqilar, uni bo‘g‘ardi.
U yana bir shisha araq oldi-da, hisob-kitob qilib, tashqariga chiqdi. Qorovul va ayol jasadi unga muntazir edi…
Qorovul ikkalasi shishani bo‘shatdi. Qorovul o‘zi haqida gapirib berdi, Qurbon – o‘zining Rossiyada ko‘rgan qiyinchiliklari, kredit qarz qistovlari, uyini sotgani, xotini bolalarini olib onasinikiga ketib qolgani haqida hikoya qilib berdi…
Tungi soat o‘n birda qorovul uxlab qoldi. U Qurbondan shamol sindirib yubormasligi uchun eshik-derazalarni yopib qo‘yishini so‘radi…
– Xotiringiz jam bo‘lsin, o‘zim hammasini qarab chiqaman.
Darhaqiqat, ikkita derazani ochiq qoldirishgandi. U derazalarni yopib qo‘ydi. Xodimlar hovliga chiqadigan orqa tomondagi eshikka yaqin borgan edi, qarasa, eshik ochiq ekan. “Aftidan, ishchilar yopishni esdan chiqargan, qorovul ham yo yopishga ulgurmagan, yo esidan chiqargan”, ko‘nglidan o‘tkazdi Qurbon.
Voqealarning bunday tus olishini, omad o‘ziga kulib boqishini tasavvuriga ham keltirmagandi va biroz tinchlandi. Sigareta tutatib, bundan keyin nima qilishi kerakligi ustida o‘y surib ketdi. Qorovulning qoshiga bordi. U tosh qotib uxlab yotardi. Uning yelkasidan turtib, har ehtimolga qarshi so‘rab qo‘ydi:
– Kalitlar qani? Anavi yerda eshik ochiq qolibdi, qulf osig‘lig‘-u, kalitlar esa yo‘q…
U qorovulning eski kamzuli cho‘ntagidan kalitlar shodasini oldi. Yana bitta sigareta tutatdi. Bu jasadning oldiga chiqish uchun eng qulay fursat edi. Biroq hayajonning zo‘ridan oyoqlari og‘irlashib, unga bo‘ysunmayotgandi. Qurbon iroda kuchini bir joyga to‘plashda ustasi farang edi, bunga u bolalik davridan o‘rgangan edi. O‘rnidan turib, bildirmaygina bino ichiga qadam qo‘ydi. Ikkinchi qavat yo‘lagida chiroq yonib turardi. U xonasi eshigini ochdi va yo‘lak chirog‘ini o‘chirdi. Har xil o‘y-fikrlaru qo‘rquvni bir chetga yig‘ishtirdi-da, jasadni quchoqlab yelkasiga ortmoqladi. Sho‘rlik ayolning tanasi og‘ir va muzday edi.
Atrofga ko‘z yugurtirib, qorong‘ida ovozsiz odimlay boshladi va o‘ngga burildi. U o‘z nafasini aniq eshitib turardi. Shu tariqa, u paypaslanib birinchi qavatga tushdi. Vestibyul eshiklari ochiq edi. Kuchli shamol uni ag‘darib yuborayozdi. Ammo unday bo‘lmadi, u xiyol chayqalib ketdi, xolos. Endi xandaqqa borishi kerakligini Qurbon bilar edi. Ayolning o‘zi restoranda shunga shama qilgan edi.
Qop-qora osmonda yomg‘irli bulutlar junbishga kelardi. Ammo Qurbon buni ko‘rmadi. Sariq yaproqlarini to‘kib, daraxt shoxlari silkinardi. Yo‘lni u kunduzi ko‘z tagiga olib qo‘ygandi va shu bois dadil yurib borardi. Nafasini rostlab, u cho‘nqayib o‘tirdi va ayol jasadini yerga qo‘ydi. Uvushib qolgan yelkasini uqaladi, oldinga egildi va xandaq qopqog‘ini bazo‘r ochdi, jasadni qopqoq oldiga sudrab keldi. Marhumaning oyoqlari xandaq ustida osilib turardi. Qurbon o‘rnidan turdi, jasadni ko‘tardi va… atrofga ko‘z yugurtirdi. Shamol kuch bilan uvillardi. Qurbon ko‘zlarini qisdi va jasadni bor kuchi bilan pastga itarib yubordi. Unga tushib ketayotgan jasad ovozi atrofda quloqni teshgudek aks sado berayotganga o‘xshadi. U titrab ketdi, g‘ujanak bo‘lib oldi. Ammo atrofda pashsha uchsa bilinadigan sukunat hukm surardi. U qopqoqni gursillatib yopdi…
Borib, eshikni qulflab qo‘ydi. Kalitlar shodasini beg‘am-beparvo uyquni urayotgan qorovulning cho‘ntagiga qayta joyladi…
* * *
Ko‘chada ham, Qurbonning yuragida ham qish ayozi junbishga kelgan. Tez-tez bo‘ralab qor yog‘ar, goho ikki-uch kungacha uzluksiz tashlardi, ammo havoning yumshoqligi qorlarning uzoq qolib ketishiga yo‘l qo‘ymasdi. Qor erib ketardi. Kunlar bir tutam, bir-biriga o‘xshash, zerikarli. Qurbon qishning rosa cho‘zilib ketishini, bahor kech kelishini xudodan yolborib so‘rardi… Agar bunga qurbi yetganida edi, borliq olamni, ayniqsa, hovli va xandaqni abadiy muzlatib tashlagan bo‘lardi…
Qorong‘i tushmasdan u xonasidan chiqdi. Uni arqonga solib uyiga bazo‘r olib ketishayotgandek edi. Ammo kunduzi ham zig‘ircha halovati yo‘q. Har gal xandaq yonidan o‘tayotganida eti jimirlab ketar, yuragi duk-duk urar, o‘zini qo‘ygani joy topolmay qolar, asabiylashar, yelkasi uchib-uchib tushardi.
– Rais, non bering, – bu so‘zlar uni xayol osmonidan yerga olib tushdi.
– Nima?
– Qornim och.
– Raisni ham topibsan! Tilanchilik qilayapsanmi?
– Yo‘q, faqat bugun…
Notanish kishi ko‘rinishdan Qurbonga tengqur edi. Ozg‘in, bug‘doyrang, ko‘zlari mungli, qarashlari – iltijoli. Rangi unniqqan kostyumda. Oyog‘ida yirtiq tufli.
– Nega tilanchilik qilayapsan? Ko‘rinishing soz – tog‘ni ursang, talqon qiladigansan.
– Qora ish bilan shug‘ullanaman. Uch kundan beri ish yo‘q. Kecha tushda ikkita somsa yedim. Bugun bir to‘g‘ram nonga ham zor yuribman. Itday ochman…
– Ha, aravani quruq obqochaver…
– O‘lay agar, rostini aytayapman.
Qurbon cho‘ntagiga qo‘l suqdi. Notanish kishining ko‘zlarida umid uchqunlandi. Ammo Qurbon sigareta olib, tutatdi. Kishi g‘ujanak bo‘lib, boshini egdi. Qurbon og‘zidan pag‘a-pag‘a tutun chiqarib, og‘ir xo‘rsindi.
– Araq ichasanmi? – so‘radi u.
– Ustimdan kulmang, rais, bu yaxshimas.
– Jiddiy so‘rayapman.
– Ishoning-ishonmang, hatto ta’mini esdan chiqarganman.
– Yur men bilan.
– Qayoqqa?
– Qo‘rqma? Ovqat yeging bormi? Yur, ortimdan qolma…
Hayronlikdan og‘zini ochgancha notanish odam u bilan yonma-yon yo‘lga tushdi.
– Men shu atrofda turaman. Besh daqiqalik yo‘l. Sen qayerda turasan?
– Men tumandanman.
– Har kuni shaharga kelasanmi?
– Yo‘-o‘g‘-ey. Bozor mehmonxonasida yashayman…
– Harqalay, ko‘chada qolib ketmabsan-ku.
– Nachora. Qarzga turaman. Ish topsam, turganim uchun haqini to‘layman-da, oilamga qaytaman. Jonga tegib ketdi bunaqa it yotish, mirza turishlar…
– O‘kinma, bu kunlar ham o‘tib ketar, – dedi Qurbon. – Bilsang, qiyinchilik va muammolarsiz hayotning qizig‘i qolmasdi.
Tezda qorong‘i tushdi. Oyoq ostida sap-sariq qovjiroq barglar shitirlar edi.
– Odamzodning ham mana shu yaproqlarga o‘xshab qadri qolmadi, – xo‘rsindi notanish kimsa.
– Ja gapirasan-da! Aytmoqchi, oting nimaydi, vahimachi? – so‘radi Qurbon.
– Ismat…
Qurbon birdan qurigan quduq haqida o‘yladi-da, jim qoldi. Haligi ayol uni umrining oxirigacha ta’qib qilajagini ehtimol birinchi marta aniq his etdi.
– Iting qopmaydimi? – to‘satdan so‘radi Ismat.
– Nima? Ha… Yo‘q, bu it hurishga ham erinadi.
Qurbon it tomonga yo‘l oldi va darchani chertdi. Darcha ochiq, ularning dimog‘iga xamir hidi kelib urildi.
– Non bormi? – so‘radi u boshini tashqariga suqib qaragan boladan.
U burilib sherigiga qaradi-da, dedi:
– Yo‘q. Bugun biz to‘yga buyurtma olganmiz.
– Menga atigi to‘rtta non kerak. Men sizlarning doimiy mijozingizman-ku, axir.
Ular nonni olib, narigi tomonga o‘tdi va ko‘hna to‘rt qavatli uy oldiga bordi. Qurbonning uzoq bir qarindoshidan deyarli suvtekinga olgan bir xonali uyi birinchi qavatda joylashgan edi.
Qurbon chiroqni yoqqach, Ismat hadiksirabgina u bilan izma-iz ichkari kirdi. Uyning havosidan nafas olish og‘ir edi. Qurbon bunga ko‘nikib ketgandi, Ismat esa e’tibor bergani yo‘q, u tezroq biron nima yeb olsa bo‘ldi edi. Ammo ichkaridagi tartibsizlikni ko‘rib, g‘alati bo‘lib ketdi. Garchi o‘zi qishloqlik bo‘lsa-da, tozalik va tartibni yaxshi ko‘rardi, sirtdan sir boy bermaslikka harakat qilardi.
– To‘g‘ri aytadilar, to‘zigan uyga mehmon keladi deb, – tartibsizliklar uchun kechirim so‘ragandek dedi Qurbon. – To‘g‘risi, xonaga qaramay qo‘yganimga ham ancha bo‘ldi.
– Qo‘yavering, o‘zim supurib-sidirib qo‘yaman… faqat… – dedi Ismat va tutilib qoldi.
U ochligini yana eslatgisi kelmadi.
Qurbon choy qo‘ydi.
– Qon bosiming balandmi, pastmi? – so‘radi u.
– Nimaydi?
– Qora choy ichasanmi, ko‘k choymi?
– E-ha, qorasi durust…
Qurbon ixchamgina eski muzlatkichdan to‘rtta tuxum olib, qaynatgani olovga qo‘ydi.
– Hozir kartoshka ham qovuramiz, – sigareta tutatib, dedi Qurbon. – Bizda tuzlama bodring, qurut bor, biroz qattig‘-u, ammo bo‘laveradi. Piyoz ham bor. Bilasanmi, yaqinda ishda biz yigitlar bilan bitta yopgan nonu bitta piyoz bilan uch shisha araqni paqqos urdik. Boshqa gazak bo‘lmagandan keyin hamma narsa ketaverarkan.
Mehnatsevar Ismat uy egasiga, iflos, suvoqlari shishgan, is bosgan devorlarga qarab hayron qolmoqda edi. Shahar markazida bunaqasini ko‘raman deb sira o‘ylamagandi…
– Bir o‘zim turaman. Supurib-sidirishga ham, ta’mir qilishga ham qo‘lim bormaydi. Zamon shunaqa. Hamma bir burda non topish g‘amida, – o‘zini oqlay boshladi Qurbon.
– Xotin, bola-chaqalaringiz qayerda? – so‘radi Ismat.
– Tumanda… Ko‘p bo‘ldi bunga. Ko‘proq ishlab topsam, olib kelaman ularni.
– Ha, urush hammani to‘zitib yubordi. Men qishloqda o‘qituvchi edim. Ammo to‘rt yildan buyon maktab ostonasini hatlab o‘tganim yo‘q. To‘rtala bolam doim och yuradi, kiyimlari bir ahvol. Ilgari yer ijaraga oldim, ikkita qo‘chqorni sotib, don oldim. Yaxshi hosil olaman deb o‘ylagandim-da… O‘xshamadi… Endi mardikorlik qilayapman. Muhtojlik odamni har ko‘yga solarkan, – alam va anduh bilan dedi Ismat.
– Hayot kun bilan tunga o‘xshaydi, bir qarasang yorug‘, bir qarasang qorong‘i, bir achchiq, bir chuchuk. Ammo bandasi hammasiga chidarkan, – tasalli berdi unga Qurbon. Keyin ular ovqatlangani o‘tirdi. Ichishdi, yeyishdi. Ismat xonani supurib-sidirishga shaylana ketdi.
– Manavi ko‘rpa bilan ko‘rpachalar. To‘shagin-da, yotib uxla. Supur-sidirni ertaga qilasan, – qat’iy ohangda dedi Qurbon, divanga cho‘zilarkan.
Qurbon tushda qaytib keldi, uyiga kirdi-yu, kulbasini taniyolmadi. Hammayoq saranjom-sarishta, pol yog‘ tushsa yalagudek, oynalar charaqlab turibdi, havosidan nafas olib to‘ymaysan.
– Mana bu senga qo‘shaloq maosh, – dedi ich-ichidan quvongan Qurbon va Ismatga pul uzatdi. So‘ng o‘ylanib turib so‘radi: – Hech savdo qilganmisan?
– Yo‘-o‘q…
– Hmm… Mato o‘lchashni bilasanmi?
– …
Qurbon shkafdan ichiga bir toy mato solingan oq qopni oldi.
– Buni ol. Kreditga. Bozorda bir metri o‘n ikki-o‘n to‘rt ming turadi. Men senga olti mingdan beraman. Xohla shu yerda – bozorda sot, xohla qishlog‘ingga olib bor. Tushundingmi?
– Ha. Ammo…
– Qo‘rqma, o‘g‘irlik emas. Ilgari firmaga kreditorlar olib kelgandi… pul o‘rniga. Shef arzon-garov sotib yuborishga ham rozi. Foydasi senga bo‘la qolsin.
Boshiga go‘yo humo qushi qo‘ngan Ismat qaqqayib turib qoldi.
* * *
Bir necha kun ichida Ismat molni bitta qo‘ymay sotib bo‘ldi, o‘zining chamasiga ko‘ra mo‘may daromad ko‘rdi. Endi boshini baland ko‘tarib yuradigan bo‘ldi. Hatto tomir urishi ham o‘zgargandek tuyuldi unga. U ancha xotirjam, dadil ko‘rinar edi. Yana bir necha marta Qurbondan mol oldi. So‘nggi bor kelganida Qurbon unga molni ulgurji berish uchun puldor mijoz topishni tayinladi. Shunda u yoqdan-bu yoqqa borib kelishga hojat qolmas, pullar yo‘lga sarf bo‘lmas edi. Bir necha kun Ismat hammasini bir boshdan hisob-kitob qilib, har tomonlama o‘ylab ko‘rdi. Yakshanba kuni xotinining “qo‘ying-qo‘ying”iga ham qaramay bolalarini boqib, ro‘zg‘orga yarab turgan ikkala sigirni sotib yubordi. Deyarli barcha pulni qo‘yniga tiqdi-da, shaharga yo‘l oldi. Ikkita tanish mardikor uchrab qolgan edi, o‘zining biznesi haqida churq etmadi. Ko‘z tegishidan qo‘rqdi…
Ichiga nonlar, holva va bir shisha araq solingan yelim xaltachani tutgancha Ismat Qurbonning eshigini taqillatdi. Uy egasi unga muntazir edi…
* * *
Ishdan bo‘sh vaqtlarida Qurbon doim ushbu tubsiz chohdan chiqib olish yo‘lini qidirardi. Ammo qidirishlari behuda ketardi…
“Ariza yozib ishdan ketishmi? Sababini so‘rasalar-chi? Aytaman, tumanga ketmasam bo‘lmaydi, bolalarimni sog‘indim, xotinim bilan yarashmoqchiman, deyman… Yo‘q, bu jiddiy sabab emas. Buning uchun ta’til kifoya. Keyin, g‘alatiroq ham, qish hali tugamagan, men esa ta’tilga chiqmoqchi bo‘lsam. Yo‘q, sabr qilish kerak. Bordi-yu, jasadni topib olishsa-chi, hammani bir boshdan so‘roq qilishadi. Qurbonning ta’tilga chiqqanini bilishsa bormi, darhol undan shubhalanishadi. Yaxshisi, sabr qilish… Xandaqni tuproq bilan to‘ldirib bo‘lmasligi chakki bo‘ldi-da. Yuzlab odam bedarak ketgan. Yer tagida bitta ayolning jasadi yotgan bo‘lsa, dunyo teskari aylanib qolmas. To‘xta, Qurbon, to‘xta! Sen hammasini shunaqangi ostin-ustun qilib tashladingki, bir qadam yurolmaydigan bo‘lib qolding. Yaxshisi, xandaqqa yaqin yo‘lama. Bu juda muhim. Ittifoqo bitta-yarimtaning ko‘zi tushib qoladi-da, o‘sha yerda aylanib yurganini ko‘ruvdim, deydi. Xandaqni xayolingga keltirma, o‘ylama ham. Bildingmi? Hech qanaqa xandaq-pandaqni bilmayman, tamom… Qor va yomg‘irlar izingni allaqachon yuvib yuborgan…”
O‘zini o‘zi aldab tasalli topdi, Qurbon hali esini yegan odam emas. U o‘sha xandaqni hech qachon unutmaydi, unuta olmaydi, o‘la-o‘lguncha xotirasidan bir qadam nari ketmaydi. Bunisiga u to‘la kafil…
* * *
U tippa-tik turardi, ammo unga tanasida jon yo‘qday tuyulardi. U latta-puttalardlan yasalgan “qo‘riqchi”ga o‘xshardi. “Qo‘riqchi”ning qo‘lidan faqat qushlarni qo‘rqitib qochirish kelardi, xolos… O‘zini tanimay qo‘yganiga ancha bo‘ldi, bamisoli o‘zi o‘ziga begonaday. Butun umri mayda bo‘laklarga bo‘linib ketgandi, endi ularni hech bir mo‘jiza bilan ham bir-biriga yelimlab ulab bo‘lmaydi. U o‘zini abadulabadga yo‘qotgandi…
Havodan bahor hidi anqirdi. Qurbon bahor kelishidan ajaldan qo‘rqqanday qo‘rqardi.
“Hali bodom gullagani yo‘q”, o‘ziga tasalli berardi u…
Ammo taqdirini Niso bilan bog‘lagan o‘sha olis kunda bodom oppoq bo‘lib gullagandi. Ularning ko‘zlari baxtdan yonardi. Keyin ular “Dilpisand” restoraniga borishdi. Hamma yeb-ichib, o‘yin-kulgi qildi. Niso bemisl darajada go‘zal edi. Parining o‘zginasi. To‘y boshlanishigacha hali vaqt juda ko‘p edi. Qurbon hammani dalaga borishga taklif qildi. Ochiq havoda xushchaqchaqlik qilishga nima yetsin! Buni Qurbon to‘ydan ancha oldin o‘ylab qo‘ygandi. Albatta, sir tutib, birovga aytsang, so‘zsiz kuladi. U qo‘ni-qo‘shnilardan birontasining kelinchagini dalaga aylangani olib chiqqanini ko‘rgan ham, eshitgan ham emasdi. Ammo bahorgi keng va ko‘m-ko‘k dala Qurbonga juda yoqar edi. O‘z qaylig‘i, jonu dili Nisoni bu yerga olib kelaman deb o‘shanda ont ichib qo‘ygandi… Uning orzusi ushaldi ham. Mashinalar turnaqator bo‘lib bog‘ oldiga kelib to‘xtadi. Karnay va surnay sadolari uzoq-uzoqlarga taralardi. Dunyodagi bor narsani unutib, hamma o‘yin-kulgi qilardi.
– Ketdik! – shivirladi Qurbon kelinga.
– Qayoqqa? – so‘radi Niso.
– Boqqa! – dedi u va qaylig‘ini belidan tutgancha daraxtlar orasiga boshlab ketdi. – Biz hozir kelamiz! – qichqirdi u orqasiga burilib qarab.
Ular butali devordan o‘tishdi, taajjubdan Niso nima qilishini bilmasdi, tili kalimaga kelmayotgandi. Keyin esa, keyin hayajon va sevinchdan chapak chala ketdi, qo‘llarini oldinga cho‘zib, chir aylandi. Oppoq bo‘lib qiyg‘os gullagan bodom daraxtlarini ko‘rib, to‘lqinlanib ketdi.
Ular ham xuddi kelin bilan kuyovni qarshi olayotgandek saf tortib turar edi. Keyin qo‘llarini qo‘llariga berib, ikkovlon daraxtlar oralab yugurib ketdi. To‘satdan Qurbon kelinning qo‘lidan tutdi. Ular bir-birining nafasini aniq eshitib turar, nigohlari bir-biriga zor-intizor boqar edi. Ular birinchi bo‘salardan mastu mustag‘riq bo‘ldi.
Kimdir salom berib, Qurbonni xayol osmonidan haqiqiy yerga tushirdi, ular ko‘chada turishardi, bu yerda… mana, bir haftadirki, Qurbon u yoqqa borishdan qo‘rqadi, jur’ati yetmayotgandi. Oxir-oqibatda bolalarga mehri va Nisoni ko‘rish istagi g‘olib keldi. Ammo u xotini va bolalariga nima deyishni, ularning ma’sum ko‘zlariga qanday qarashni bilmasdi.
Payshanba kuni edi. Ammo Niso uchun buning hech qanday ma’nosi yo‘q edi. U allaqachon haftalar hisobini esidan chiqarib yuborgandi, zero, uning uchun hayotning hech qanday ma’nosi qolmagandi. Hozir Niso ivitilgan somon bilan qirindini tog‘orada aralashtirib, tert qorayapti. Qo‘ylar bir-birini shoxlab, turta-turta tert yeyapti. Ko‘zining qiri bilan onasiga qaraydi. Ayvonda danak chaqib o‘tirgan kampirning serajin yuzi rosa ozib ketgandi. Qizining taqdiriga kuyadi, kamdan-kam gapiradi, ko‘proq nimalarnidir o‘ylaydi. Niso uni tushunadi. Onaning iztirob chekkanini ko‘rib, buning uchun o‘zini aybdor deb biladi.
– Danakka qarayman-da, hayron qolaman, – deydi ona, – uning taqdiri judayam qiziq-da. Inson mag‘iz va danakni yeydi-da, po‘chog‘ini olovga tashlab yoqib yuboradi.
– Chunki yaxshi yonadi-da, – dedi Niso, o‘ylari bilan bo‘lib.
– Ering ko‘rinib qolganmish, eshitdingmi?
Niso hech nima deb javob bermaydi.
– Bolalarini sog‘ingan bo‘lsa kerak… yuragi toshdan emas-ku, axir, ko‘rgani kelgandir, – dedi kampir va labini tishladi, aftidan, aytgan gapidan pushaymon edi.
– Bilmadim, – dedi Niso asta va tog‘orani ko‘tarib, qo‘ylar tomon ketdi.
Uzoq tunlarda bolalarini uxlagani yotqizib, u o‘zining muzdek to‘shagiga suquladi, tun qorong‘iligida tonggacha o‘yga botadi.
Taqdir ularning boshiga nimalar solmadi. Boyib ketish havasi, baloyi nafs ularni uydan mahrum qildi, yuzlarini yerga qaratdi va oxiri oila boshiga yetdi. Qurbon asli ehtiyotkor, uzoqni ko‘zlaydigan odam edi. Mana bu la’nati pullar uni yo‘ldan ozdirdi. O‘ziga kelganda esa kech bo‘lgandi; qulog‘igacha qarzga botdi, unga har kuni do‘q qilar, haqoratlar edi. U bu botqoqdan qutulib chiqish uchun o‘zini har yoqqa urar edi…
Sharmandalikdan qutulib qolish uchun ular oxiri ota uyini sotishdi, akasi bir xo‘jalik yerini berdi, opa-singillari qimmatbaho dur-gavharlarini garovga qo‘ydi va pul olib kelishdi. Ammo qarzni uza olmadilar. Oyisini akasining uyiga o‘tkazishgan o‘sha kunda to‘rt nafar kreditor keldi. O‘n kun muddat berishdi.
– Aks holda, – deyishdi ular Qurbonga, – xotiningni olib ketamiz-da, u bilan “hashar-hashar” o‘ynaymiz.
Qurbon yer yorilmadi, yerga kirib ketmadi. Ammo o‘zining gunohini bilgani uchun og‘ziga talqon solib olgandi. O‘sha kuni tunda ular mijja qoqmadi. Ertalab Qurbon allaqayoqqa ketdi. Besh kundan keyin u notarius tasdig‘idan o‘tgan uch xonalik uyning hujjatini olib keldi va qarzlarini uzdi.
Dushanbedagi uylaridan mahrum bo‘lishganini Niso kech, yozning oxirida eshitdi. Bu uning so‘nggi umidi edi. Niso ham bolalari bilan oyisinikiga ketishga majbur bo‘ldi. Boshqa boradigan joyi ham yo‘q edi-da. Xudoga shukurki, ukasining xotini yaxshi ayol edi, buning ustiga sinfdoshi edi… Shu tariqa uch oy yoz ichida ularning hayoti chappasiga aylanib ketdi.
Tabiatan qanoatli va bardoshli ayol bo‘lgan Niso aksar o‘z hayotini boshqalarniki bilan solishtirardi. Boshqalarning qanday yashayotganini ko‘rib, o‘ziga tasalli berardi. Bahorning boshida unikiga sinfdoshi, qo‘yday yuvosh Gulnora kelganini hech esidan chiqarmaydi. U Samara bozorlarida uch yil savdo-sotiq qilganini va bir dunyo pul to‘plaganini maqtanib qoldi… Yuzlab ayollar va qizlar uylaridan olisda bir burda non topish uchun azob chekib yurganini Niso shunda bildi.
– Ering qalay? – so‘radi u dugonasidan.
– Rossiyaga ketuvdi, ammo qaytib keldi. U yerda politsiyachilar erkaklarni talar ekan. Poyezdlarda ham kun berishmas ekan. Bo‘lmasa-ku…
– Uch yil dedingmi? Oilang-chi? – yana so‘radi Niso.
– Ja gapirasan-da! Sen hali nonni “nanna” deb yuribsan. Xumori yomon bo‘ladi, oyoq olishi bejo bo‘lib qoladi… kechirasan-u… o‘zi shunaqa bo‘ladi-da. Erkin, beg‘am bo‘lganingdan keyin ko‘zingga na oila, na bola-chaqa, na er ko‘rinadi. Uch-to‘rt ko‘chani aylanib ko‘r, o‘nlab ro‘zg‘orlar o‘z-o‘zidan buzilib ketayotganini ko‘zing bilan ko‘rasan… muhtojlik va ochlik – tuqqan onang emaski, boshingdan silasa.
– Juda olov bo‘lib ketibsan-ku, – dedi Niso.
– Dilorom qiltiriqni bilarmiding? Bizdan ikki sinf keyin o‘qirdi-ku. Uylari anhor bo‘yida, ko‘prik yonida edi. Qisqasi, uning erini xudo urdi. Yashirib, xotinining tilla taqinchoqlarini, ro‘zg‘or buyumlarini bitta-bitta olib chiqib arzon-garovga sotardi, puliga ichardi. To‘shakda xotinini eslamasdi ham. Yer yutmaydimi bunaqa erni.
– Bu ham holva-ku, – jilmaydi Niso.
– Kimga qanaqa-da, – dedi Gulnora va sayrab ketdi. – Qisqasi, Diloromxonimiz chinakam erkakcha erkalashlarni ko‘ngillari tusab qoldi. Bunaqa yaramaslarga darrov topila qoladiyam. Erining gohida ularnikiga kelib turadigan bir do‘sti bu “muammo”ni yechishda yordam berib yubordi. Erni bo‘ktirib ichirib qo‘yishadi-da, u yoqda ishrat qilishadi… Natijada oila barbod bo‘ladi. Mana shu “yordamchi” Diloromni Samaraga olib ketadi. U yerda esa u ortiqcha nonxo‘rga aylanadi. Qarz ko‘tarib, sho‘rlik Dilorom biznes bilan shug‘ullanadi. Shunday toifa odamlar borki, bir o‘zi qolgach, betizgin hayvonga aylanadi. Men o‘zim ham farishta emasman. Ammo Dilorom o‘zini qo‘yvordi, fohisha bo‘lib qoldi.
– Sizlar maza qilib tomosha qilib o‘tiravergansizlar, – dedi lol qolgan Niso.
– Bizning zamonda birov birovga aql o‘rgatmaydi. Endi nima bilan tugaganini eshit. Bor-yo‘g‘idan mahrum bo‘lgan, tahqirlangan, sharmandai sharmisor bo‘lgan Dilorom ichishga berildi. Birdan uning qartavozlarga ilakishib qolganini bilib qoldik. Qaroqchi va qotillar uni tuman markaziga olib kelishadi. Rostmi, yolg‘onmi, Dilorom o‘n ikki yashar qizini o‘zi bilan Samaraga olib ketadi. Ota qarg‘ishini olgan Dilorom o‘g‘rilarga o‘z qizini sotishi qaysi aqlga sig‘adi? To‘g‘rirog‘i, qizini qartada yutqazib qo‘ygan bo‘ladi.
– Voy tavba! O‘z qizini…
– Eng yomoni, hech kimning hech kim bilan ishi yo‘q… Kimga zaril kepti…
Niso uyiga kelib qarasa, qo‘ylar tertni allaqachon yeb bo‘libdi, u bo‘lsa, bo‘m-bo‘sh tog‘orani qo‘lida ushlab tik turibdi.
Ona hamon danak chaqardi. U bolalarining yoniga kelib o‘tirdi, ularning boshlaridan siladi, kichkina Dilafro‘zning manglayidan o‘pib, uni mehr bilan bag‘riga bosdi.
– Erim kelib qolarmikan… – dedi Niso hovuchidagi danaklarni qismlab.
– Keladi, kelmay qayoqqa borardi, – javoban dedi ona. – Nima bo‘lganda ham qonuniy ering.
– Xamir qorib, qatlama non pishiray, – irg‘ib turib, maslahat solgannamo dedi Niso.
– Juda soz, qizim, – suyunib iljaydi ona. – Issiq non – odamning yuzi. Qara, qancha danak po‘stlog‘ini yig‘ib qo‘yibman. Tandir birpasda qizaradi.
“Bir yarim yildan buyon boshqa-boshqa yashaymiz. Shuncha vaqt mashaqqat tortishning o‘zi bo‘larkanmi, xudo bilsin, qayerlardaykin”, o‘yladi Niso.
Qurbon o‘ylaganining aksi bo‘lib chiqdi. Qaynotasining uyida uni juda iliq qarshi olishdi. Bolalari uchunmi yoki rostdanam uni sog‘inib qolishdimi? Nima bo‘lganda ham u cholning, hatto Nisoning ko‘zida ham araz yo g‘azabdan asar ko‘rmadi.
Niso uy chirog‘ini yoqdi.
– Sog‘lig‘ing qanday? – so‘radi Qurbon xotiniga qarab.
– Rahmat, yomon emas, o‘zimizning maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlayapman, – javob berdi Niso cho‘chigannamo, dasturxon solarkan. – O‘zingiz qalaysiz? Qanday shamol uchirdi?
– Dushanbedan kelganimga uch kun bo‘ldi. Oyimni ko‘rgani borib turarkansan, rahmat buning uchun. Kampirsho sendan juda minnatdor. Seni duo qiladi.
Niso osh qildi, qorong‘i tushguncha Qurbon bolalar bilan o‘ynadi, ular nima haqdadir suhbatlashdi. Qurbon sevinchining cheki yo‘q edi. Bolalar esa uning atrofida charx urar, oldingiday unga yetishib olar va sira undan ajragilari kelmasdi. Keyin ular keksalar bilan birga palovxo‘rlik qilishdi. Qaynota unga araq taklif qildi, ammo Qurbon keyingi safar albatta ichaman deb ko‘nmadi. Nisoning otasi qistalang qilib o‘tirmadi. Choy ichishdi-da, qariyalar o‘zlarining xonasiga ketishdi. Bolalarni ham o‘zlari bilan olib ketishdi.
– Men… xullas… biroz… – u cho‘ntagidan tuguncha oldi-da, stol ustiga qo‘ydi. – Ol, bu bolalarga.
Qurbonning “pul” deyishga tili bormadi. Aynan pul ularning boshiga musibat solgan, duppa-durust oilalarini yo‘qqa chiqargan edi.
Niso bir og‘iz bir narsa demadi. U tugunni yechdi-da, pullarni hidladi.
– Bu qanaqa hazil bo‘ldi tag‘in? – hayron bo‘ldi er.
– Katta pullarning hidi boshqacha bo‘ladi deb eshitgandim.
Niso: “Bu pullarni qayerdan oldingiz, qarz-parzga emasmi?” – deb so‘ramoqchi bo‘ldi-yu, ammo ko‘ngliga olmasin degan ishtibohdan indamay qo‘ya qoldi.
– Endi… – Qurbon o‘rnidan turdi.
– Nima “endi”? – Niso ham o‘rnidan turdi, uning ovozi ishonchli va dadil chiqardi.
– Endi boray demoqchiman…
– Darrov olisni sog‘inib qoldingizmi? Yoki…
Qurbon o‘tirib, boshini quyi soldi. U Niso oldida o‘zini gunohkor hisoblardi. Ikkalasining o‘rtasida qandaydir g‘ov bor edi. Biroq Niso shartta erining oldiga bordi-da, uni quchoqlab oldi, boshidan siladi, o‘pdi va yig‘lab yubordi. Unsiz, achchiq-achchiq yig‘ladi. Keyin sal o‘zini bosib olgach, dedi:
– Hech qayoqqa bormaysiz. Hech qayoqqa. Kutaverib, ko‘zlarim teshildi, charchadim…
O‘sha kuni tunda Niso Qurbonga o‘zining bor mehri, sevgisi va ayollik lutfini hadya etib, dunyodagi hamma narsani unutdi. Qattiq uyquda ichiga kirib yotgan bunday og‘ushlarni Qurbon umrida ko‘rmagan edi. Niso esa yana anchagacha erini suyib-erkalab, sochlarini silab yotdi…
Qurbon jasadini xandaqqa tashlagan ayol uning tushiga kirdi. Ayol uni shahar ko‘chalarida quvlab yurganmish. Shahar zulmat og‘ushida emish. Biroq o‘lik ayol sira uni ko‘zdan qochirmayotganmish. Tez chopganidan, qo‘rquv va dahshatdan Qurbon bo‘g‘ilarmish. Tinkasi qurigan va o‘lay-o‘lay deb qolgan Qurbon o‘zining iflos bir xonali xonadoni eshigigacha arang yetib oladi. Kalitlarni olmoqchi bo‘lgan edi, biroq cho‘ntagi ochilmaydigan qilib tikib tashlanganmish. Orqadan o‘sha xotinning ko‘lkasi paydo bo‘ladi. Shunda yerto‘laning temir eshigi qattiq g‘ichirlab ovoz beradi. U pastga tushadi. Turtinib ketib, harqalay, yerga yiqiladi. Biroq o‘zini qonga bo‘yalgan Ismat quchog‘ida ko‘radi. Qo‘rquv va dahshatdan qichqirib yuboradi. Ammo ovozi bo‘g‘zida tiqilib qoladi…
– Tuni bilan uyqungizda bosinqirab chiqdingiz, – dedi erkalab Niso. Ammo sababini so‘ramadi.
Qurbon sir boy bermadi. Nonushtadan keyin bugun ketishini aytdi. Ba’zi ishlarni bitirib bo‘lgach, dastlabki imkoniyatdayoq uyini sotishini va Nisoning oldiga qaytishini aytib, va’da berdi.
– Bir burda non har joyda topiladi, – dedi u.
Boshqa hech kim bilan xayrlashmay to‘g‘ri vokzalga yo‘l oldi. Nisoni oxirgi marta ko‘rganini va bolalarini oxirgi marta bag‘riga olganini u bilmas edi.
* * *
Turib-turib o‘zimga hayron qolaman: bu poyezd meni qayoqqa olib ketayotganini bilaman-u, ammo qayergacha olib borishini ayta olmayman. Taqdiriga nima yozilganini bilmaydigan odamga o‘xshayman. Agar inson ertaga nima bo‘lishini, miyasiga qanday o‘ylar kelishini, kimlar bilan uchrashib qolishini bilganida bormi, dunyo boshqacha bo‘lardi, hayot tarzi, fikrlari, fe’l-atvor, a’mollar mutlaqo boshqacha bo‘lardi. Agar xudodan, qonundan, intiqomdan qo‘rqmasa, yuz odamdan to‘qsontasi aldash, o‘g‘irlash, talash, nomusga tegish, o‘ldirish singari qattiq gunohlar sodir etishdan hayiqmasligi isbotlangan. Shuning uchun ham men odamlarning yuziga uzoq-uzoq tikilib qarayman-da, hech narsaga aqlim yetmay lol qolaman.
Hammasi bo‘lib atigi ikki soat o‘tdi, bor-yo‘g‘i besh bekatni ortda qoldirdik, erkagu ayol, yoshu qari tilanchilardan yetti nafari vagonimizga kirib ulgurdi. Bari Qur’ondan uch-to‘rt oyatni qiroat qildi, boshqasi yaxshi duolar qildi, yana biri oq yo‘l tiladi. Ko‘r qariya esa uzun bir qasidani o‘qib berdi. Hammasi pul uchun…
Tilanchilar bilan aralash-quralash bo‘lib, bir gala ayollar qurut, yopgan non, somsa, bargak, pista, sigareta, kolbasa, qatiq, tuxum va araq sotib yurar edi. Vagon bo‘ylab hech kimni nazar-pisand qilmay u yoqdan-bu yoqqa izg‘iydilar, qichqiradilar, shovqin soladilar, mollarini maqtaydilar… Menga shunday tuyuladiki, hech kim tekinga duo qilmaydi, och bolaga bir to‘g‘ram non, bitta qand bermaydi. Olloh! Bular ham yetmaganday xuddi yer tagidan chiqqanday to‘rt nafar lo‘li paydo bo‘ladi. Egnilarida yillar sovun ko‘rmagan rangdor, qopsimon olachalpoq gulli ko‘ylaklar, sochlari iflos, paxmoq, ko‘zlari horg‘in. Ammo tillari naq olti qarich deysiz! Xuddi o‘zlarining to‘dasida bo‘lganidek, chegara-chegara qilib taqsimlab olishadi-da, undan keyin ishga kirishishadi. Lo‘li xotinlarga ham pul kerak… Vagonning oynalari singan, go‘yo bu yo‘lovchilar emas, mahbuslar poyezdi kabi panjarali derazadan befarq qarayman. Ana, bir kishi o‘g‘li bilan yer chopayapti. Yana ikki nafari g‘isht quyyapti. Anovi qizaloq esa sigir boqib yuribdi va qo‘shiq xirgoyi qilayapti, sal narida traktor keng yerni haydayapti.
Baxtga qarshi bahor keldi. Baribir keldi.
– Ako, keling, fol ochib qo‘yaman. Taqdiringizda borini aytib beraman.
Ovoz egasiga ko‘zimni ko‘tarib qaradim-u, qo‘rqib ketdim. Bu yosh lo‘li qiz men jasadini xandaqqa tashlagan ayolga juda o‘xshab ketardi.
– Vaqtim yo‘q. Bor, yo‘lingdan qolma.
Lo‘li qiz qo‘limdan tutdi-da, tirnoqlarimga nazar solib chiqdi.
– Yaxshi odam, bolalaringni qurboni bo‘lay, bundoq dema. Yo‘ling uzoq, sen soppa-sog‘san, kasallik senga daxl qilmaydi…
Men jilmayaman, chunki jigarim kasalligini, goho menga azob berishini bilar edim.
– Bekor aytibsan.
– Mana buni ko‘ropsanmi?
Lo‘li ikkiqat edi.
– Sening qorningdagining menga nima daxli bor?
– Senga emas, mening erimga daxli bor. Men ikkiqatman, men aldashim mumkin emas. Ikkita nonga pulingni qizg‘anma. Tepamizda osmon, oyog‘imiz tagida yer, men to‘g‘risini aytaman, xotining seni sevadi, qo‘lingdagi chiziqlar uncha aniq emas. Ammo qayg‘uli. Sen mendan xafa bo‘lma, begona xotin seni rosa qiynayapti, ta’qib qilayapti… Sen undan qutula olmayotibsan…
– Ma, pulni ol-da, meni o‘z holimga qo‘y! – shunday deya kaftimni uning g‘adir-budir qattiq qo‘llaridan bo‘shatib oldim.
“Nodon lo‘li, ahmoq! Qarshingda qotil turganini qayoqdan bilarding”, ko‘nglimdan o‘tkazdim men.
Ikkiqat lo‘li pulni oldi-da, qarshimdan daf bo‘ldi. Ammo yuragimda qora dog‘ ancha vaqtgacha saqlanib qoldi.
Kupedoshlar tanovul qilishga kirishib ketishgandi. Men manti va non oldim. Lo‘li to‘g‘ri aytgan edi: yo‘l uzoq…
* * *
Bir tunning o‘zida poytaxt ob-havosi buzildi, qor uchqunlari yerga qo‘nishga ulgurmay, o‘sha zahoti erib ketardi. Poyezd ikki soat kechikib keldi. Qurbon perronga chiqdi, shaharda osmon bulutli edi. U sovqotganini his qildi. Ammo baribir piyoda o‘tishni ma’qul ko‘rdi. Ehson ismli yosh, ochiqko‘ngil bir yigit shular bilan bir kupeda ketayotgan edi, u yo‘l bo‘yi hammani ovqatlantirib, hazillashib, latifalar aytib keldi. Endi ular bilan xayrlashdi-da, eski bir “Moskvich”ga o‘tirib, jo‘nab ketdi.
“Juda g‘alati odam ekan, – o‘ylardi Qurbon, uyga yo‘l olar ekan. – Nimanidir o‘smoqchilaydi, hamma narsani bilgisi keladi”.
O‘ylari bilan bo‘lib u uyga qanday yetganini bilmay qoldi. Liq to‘la yelim xaltani devorga tirab, qo‘shni xotinga qo‘ng‘iroq qildi.
– Kim? – tanish ovoz Qurbonning qulog‘iga chalindi.
– Zina xola, bu men, – dedi u.
Bir o‘zi yashaydigan Zina xola zanjirni chiqarmay eshikni qiya ochdi.
– E-ha-a, salom! Xush kelibsiz!
– Rahmat! Kalitlarni bering.
Aftidan, kalitlar eshik ortida osig‘liq edi, chunki kampir o‘sha zahoti ularni uzatdi.
– Uzr, uxlayotuvdim… kiyimlarim… – uzrini aytdi Zina xola.
– Tushunarli. Sizga qurut bilan o‘rik turshagi olib keldim. Keyin olib kiraman.
– A-ha… mayli…
“Kiyimsiz emish. Qari kampir kimga kerak?” o‘yladi u va har ehtimolga qarshi so‘radi:
– Meni hech kim so‘ramadimi?
– Yo‘q, yo‘q! Hech kim kelmadi, – shoshib javob berdi kampir, eshikni yopdi-da, telefonga yugurdi.
Ayol rostini aytmayotgandi.
Ammo qorong‘ida qo‘shnisining yuzini ko‘rmayotgani uchun uning aldayotganini Qurbon sezmadi.
O‘zining iflos, fayzsiz xonadoniga kirar ekan, Qurbon soatiga qaradi. Millar kunduzgi ikkini ko‘rsatib turardi. U deraza oldiga bordi-da, kir pardani surdi.
“Oltigacha mizg‘ib olaman. Uxlamasam bo‘lmaydi. So‘nggi qor. Bugun tunda ish ko‘p bo‘ladi… ish ko‘p bo‘ladi”…
Kurtkasini ilib, kiyim-piyimi bilan karavotga tappa tashladi va o‘sha zahoti uxlab qoldi. Asablari joyida edi, uning hisob-kitoblari pand bermasligi kerak. U rosa to‘rt soatdan keyin uyg‘onadi.
Qorovul uni kutib turardi. Baribir Qurbon eshikni taqillatganda biroz hayajonlandi, taraddudlandi, go‘yo oldida eski hamkasbi emas, yettiyot begona odam turganday.
Navbatchining savol-javoblaridan keyin Qurbon dedi:
– Yolg‘iz odamga qiyin. Bugun keldimu shu yoqqa, ishga yuborishdi.
– Zo‘r. O‘tiramiz-da ikkalamiz. U yoq-bu yoqdan gap sotamiz.
– Sog‘ bo‘ling! Suhbat yopishishi uchun men bir narsa olib keldim, – deya Qurbon xaltachadan ikki shisha araq, gazak olib qo‘ydi.
– Bunisi endi ortiqcha, – dedi qorovul choynakni chaygani chiqar ekan. – Rostdanam ortiqcha.
– Men bir haftadan beri yo‘q edim. Biron yangilik-pangilik bormi? – so‘radi Qurbon, qorovul qaytib kelgach.
– Qaydam, hammasi o‘sha-o‘sha. Aytishlaricha, dushanbada taftish boshlanarkan.
– Unda ayni paytida kelgan ekanman-da, – dedi u va sigareta tutatdi.
Qorovul soatiga qaradi.
– Endi kech. Hoynahoy boshqa tuproq olib kelishmasa kerak. Siz choy damlab turing, men borib darvozani qulflay. Ko‘chada qor yog‘ayapti, shef esa bir necha mashina tuproq keltirishni buyurgan.
– Keling, yaxshisi, men boray, – Qurbon javobni ham kutmasdan qorovuldan kalitni oldi va dedi: – Toshlar o‘rniga gullar ochilib tursa yomonmi?
Uy eshigi ochiq edi. U hovliga chiqdi. Bir qadam tashlab u xandaq qopqog‘iga qaradi. Yonginasida ikki uyum tuproq to‘kilgan. Hovlini toshdan tozalab qo‘yishgandi. Hammayoqni chang qoplagan. Qurbon darvoza tomon beparvo yurib ketdi. Qulfni ildi-da, chuqur xo‘rsindi.
“So‘nggi qor… qanday qilib bo‘lmasin xandaqni tuproqqa to‘ldirish kerak… keyin kech bo‘ladi…” O‘chib qolgan sigaretini itqitib, uy eshigini yopdi va ko‘zi temir misrang, bir nechta belkurak va chelaklarga tushdi… “Xuddi maxsus men uchun tayyorlab qo‘yilganday…”
Chor atrof tun zulmati qo‘ynida. Qor maydalab urardi, osmonni oq parda qoplagan. Qurbon qorovulning oldiga qaytdi. Yarim tungacha ikkalasi xumordan chiqquncha ichib, gap sotishdi. Oxiri qorovul qattiq mast bo‘lib qoldim dedi-da, karavotga borib yotdi, ko‘p o‘tmay u xurrak ota boshladi.
Ammo Qurbon mast bo‘lmagandi. Miyasida og‘ir o‘y aylangani-aylangan edi – tezroq xandaqni to‘ldirish va ayol jasadini ko‘mish. U qalin yung adyolni oldi-da, sovuqdan nogoh uyg‘onib qolmasligi uchun qorovulni adyol bilan o‘rab qo‘ydi.
Keyin xotirjam, kerishgancha sigareta chekdi, chiroqni o‘chirdi va hovliga chiqdi. U avvaliga osmonga, xandaqqa va uning yonidagi tuproq uyumiga bir-bir qarab chiqdi. Keyin binoga qaytdi, ikkinchi qavatga ko‘tarildi, rezina etikni kiydi. Sovuqqon bir holatda ishga kirishdi.
Avvaliga qiyinchilik bilan misrang yordamida xandaq qopqog‘ini surdi. Dimog‘iga qandaydir achimsiq hid urildi. Bu iriyotgan jasad hidi ekanini bilmasdi. Jur’at bilan xandaq tubiga ko‘z soldi, ammo qorong‘ida hech narsani ko‘rmadi.
Shahar uyquda. Ahyon-ahyonda o‘tib ketayotgan mashinalar ovozi quloqqa chalinardi. Bir yarim-ikki soat ichida Qurbon xandaqqa tuproq to‘ldirdi. Badbo‘y hid allaqayoqqa yo‘qolgandi. Ko‘ngil to‘q bo‘lishi uchun u yana yigirma chelak tuproq tashib chiqdi. Keyin hech kim bilmasligi uchun tuproq uyumini tekisladi-da, ovoz chiqarmay qopqoqni joyiga surib qo‘ydi va shundan keyingina yengil nafas oldi. Qor tinimsiz yoqqani-yoqqan, yerga qor parchalari ohista qo‘nardi. Qurbon etigini tozaladi va binoga kirdi. Qorovul hamon uyquni urar edi. Gugurt olib borib, xandaqni qayerigacha to‘ldirganini ko‘rmaganidan afsuslandi. U yo‘talib qo‘ydi. Shu asnoda chiroq yondi. Qurbon kutilmagan holdan titrab ketdi va bir joyda qotib qoldi. Ro‘parasida Ehson turardi – bu o‘sha poyezddagi qiziqchi bola edi.
– Nima gap? – g‘udrandi Qurbon o‘ziga kelib.
– Poyezdda suhbatimiz chala qoluvdi, suhbatingizni olgani keluvdim.
– Nima to‘g‘risida? Tushunmadim… – dedi Qurbon beparvolarcha sigareta tutatib. – Tasodifan men sizga kerak emasmanmi?
– Siz bir narsani tushuntirib bering, nima uchun yarim tunda xandaqqa tuproq tashidingiz?
Lol qolgan Qurbon atrofga alangladi. Orqada ikki nafar norg‘ul yigit turardi.
– Men…
– Bekorga ovora bo‘libsiz-da. Bo‘sh xandaqni to‘ldirishdan ne ma’no bor edi? Kimga kerak edi? Jinoyatchiga, albatta. Qotilni topishimiz uchun bizga rad etib bo‘lmaydigan dalil-isbotlar kerak edi. Taxminlarimiz to‘g‘ri chiqdi, shubhalar barham topdi.
Qurbonni olib ketishganida qor to‘xtagan edi. So‘nggi qor…
* * *
Katta tergovchi Ehson Qodirov tajribali izquvar edi, uning chekida ozmuncha qo‘lga tushirgan qotillar so‘roqlari yotibdimi. Ammo nima uchun Qurbon bunday qotillikka qo‘l urganini hali-hanuzgacha tushunolmayotgandi. Agar boshqa jinoyatlar bilan qiyoslansa, u bo‘g‘ib o‘ldirilgan qurbonlar vahshiylikda buning oldidan o‘taversin. Har gal u yoki bu jinoiy ishni yopar ekan, u o‘ziga gapirinib qo‘yadi: odamshunoslik deganlari buncha og‘ir ilm bo‘lmasa.
Qorovulning fikricha, idoradagi barcha xodimlar biznesda kasodga uchragan Qurbonni “bechora”, “qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan” deb atarkan. U bo‘lsa… Hatto tajribali Ehson ham boshida Qurbonga ishonay degandi. Televideniyening jinoyat bo‘yicha yilnomasida Qurbonning fotosuvratini ko‘rsatdilar, ertasiga militsiyaga ikki nafar mardikor keldi va kechagi qotilni taniymiz dedi. Ular qotil bilan birga do‘stlari Ismatni ham ko‘rganlarini aytishdi. Shundan keyin Ismat g‘oyib bo‘lgan. Yana shu narsa ma’lum bo‘ldiki, mardikorlarning oldiga Ismatning xotini kelgan va ularga Ismatning fotosuvratini ko‘rsatgan. So‘nggi vaqtlarda Ehson Qodirov aynan Ismatning g‘oyib bo‘lish sirini o‘rganish bilan shug‘ullangan. Uning tilagi bilan Qurbonni so‘roqqa olib kelishdi. Ular ikkalasi yuzma-yuz qoldi. Ehson indamay sigareta tortar, goh-goh Qurbonga qarab qo‘yardi.
Ehson jilddan fotosuvratni oldi-da, qo‘lida uzoq ushlab turdi. Qurbon churq etmayotgandi.
– Sen, – xotirjam, ammo chertib-chertib dedi, – chindan ham iflos ekansan!
– Tag‘in nima deysan? Men hammasiga iqror bo‘lganman.
– Hammasiga deysanmi? Mana bu nima bo‘lmasa? – dedi Ehson Qodirov va fotosuvratni Qurbonning oldiga qo‘ydi.
Qurbon boshga neki tushsa hammasini ko‘rishga tayyor edi, aftidan. Ammo mana bunisiga emas: fotosuvratdan uning to‘rtala farzandi qarab turardi, ularning nigohiga bardosh berolmay, u suvratni ag‘darib qo‘ydi.
– Meni xo‘rlashning keragi yo‘q. Bu mening bolalarim. Ularning hech qanaqa gunohi yo‘q.
– Unda, balki, mana bular gunohkordir? – Ehson uning oldiga boshqa suvratni tashladi.
Bu gal unga besh nafar notanish, juldur kiyingan bolalar qarab turardi. Ularning ko‘zlarida mung va bechorahollik aks etib turardi. Qurbon fotosuvratga qarab turar ekan, bu bolalarning uning bolalariga nima daxli borligini tushunolmayotgandi.
– Sen bu baxti qoralarni hech qachon ko‘rmagansan. Qani, uni bir chetga qo‘y-da, mana bunga qara…
Ehson boshqa suvratni chiqardi. Qurbon undagi g‘am adoyi tamom qilgan ayolni tanimadi.
– Ovora bo‘lma. Yoki ularning kimligini bilasanmi?
– Yo‘q, endi ko‘rib turibman, – hayratdan yelka qisdi Qurbon.
– Bular Ismatning xotini va bolalari. Ha, ha, so‘nggi marta faqat sen uni tirik ko‘rgan Ismatning bolalari! Endi tushungandirsan?
Stolda Ismatning fotosuvrati paydo bo‘ldi. Qurbon qo‘llari bilan yuzini yopdi.
– Men istamagandim. Men, rosti, istamagandim…
– Qaysi xandaqda yotibdi u? – so‘radi Ehson.
– Xandaqda emas. Uni o‘zimning tagxonamga ko‘mganman.
– Bo‘g‘ib o‘ldirdingmi?
– Yo‘q, bolta bilan chopdim…
– Mana senga qog‘oz va ruchka. Hammasini batafsil yoz.
Qurbonning qo‘li titrardi.
* * *
Kamera eshigi yopildi va Qurbon advokat bilan yolg‘iz qoldi. Himoyachi oltmish yoshlardagi miqti gavdali, yuzlari qip-qizil, ko‘zlari qora, deyarli oppoq sochli kishi edi. U indamay devorlarni, panjarani birma-bir ko‘zdan kechirib chiqdi, u bu yerda ko‘p marta bo‘lganidan kameradagi holat unga yaxshi tanish edi. Ammo har gal yangi mahkum kelganida bu yerda yangi muhit yuzaga kelganday, o‘zgarganday tuyuladi.
Bu gal ham u gapni nimadan boshlashni bilmay qoldi. Oxiri Qurbonga yuzlanib dedi:
– Assalomu alaykum. Ishlar qalay?
– Ishlarim qanaqa bo‘lishi kerak sizningcha? Qamashdi – o‘tiribman kutib.
– Nimani kutib?
– Olib ketishlarini-da. Tezroq olib ketishsaydi, vassalom.
– Qayoqqa shoshayapsan?
Jimlik. Advokat ham jim qoldi. Kimdir yo‘lakdan o‘tib ketdi.
– Hayot shoshma-shosharlikni yoqtirmaydi.
– Sizga gapirish oson. Kelasiz-u ketasiz. Men esa bo‘larimcha bo‘lganman. Bilasizmi, mana bu toshdevorlar bo‘g‘ayapti meni… nafas ololmayapman, yuragim tars yorilay deyapti.
– Osmon yiroq, yer qattiq, – oyog‘ining ostiga qarab dedi advokat… – Panjara ortidan loaqal bir parcha osmonni ko‘rasan… Har nima bo‘lganda ham qaror…
– Qanaqa qaror?! Qanaqa qaror? – himoyachining gapini bo‘ldi Qurbon. – Menga taskin bermang. Hammasi yolg‘on buning! Puch gaplar! Tush! Kuyib kul bo‘lgan bari. Men hatto o‘zimni bilmayapman, – devorga suyanib dedi Qurbon.
– Men bugun sudda bo‘ldim. Afv qilish so‘ralgan iltimosnomaga hozircha javob kelmagan. Kutish kerak. O‘lim haqidagi hukmni umrbod qamoq jazosiga o‘zgartirish – sud amaliyotida yangilik.
– Men afv etilishimga umid bog‘layotganim yo‘q. Ularning qotil haqida o‘ylashdan boshqa ishlari yo‘q-da, – Qurbon mushti bilan devorga urdi.
– Bilmadim, senga aytsammikan yo aytmasammikan?
– Nimani?
– Oldingga oying kelgan edi. Keyin u bir narsani so‘radi… – Advokat birdan gapidan to‘xtab qoldi.
Kampir undan: “Inkor etgan taqdirda o‘g‘limning murdasini ololamanmi?” deb so‘ragan edi. Shuncha tajribaga ega bo‘laturib, ko‘pni ko‘rgan advokat nima deyishni bilmay qoldi. Qurbon himoyachining nima demoqchiligini uqib olganday, dedi:
– Jin ursin, odamday yashay olmaganim yetmay, itday o‘lib ketaman. Jasadimni shunchaki ko‘mib tashlashadimi? Bu qanaqa jirkanch taqdir bo‘ldi?
Advokat Qurbonga hayron qarab turardi.
– Taqdir, albatta, o‘z yo‘liga. Ammo oqibatni o‘ylash hech qachon ortiqchalik qilmaydi. – Biroz tinch turib, qo‘shib qo‘ydi: – Bo‘pti, men ketdim. Biron yangilik bo‘lsa, o‘zim xabar qilaman.
Qurbon ko‘zlarini yumib, haykalday qotib o‘tirardi. Bir og‘iz so‘z aytishga majoli yetmay, bosh irg‘ab qo‘ya qoldi.
U uyqusizlikdan qiynalar, aftidan, nimanidir kutayotgandi. Ehtimol, mahkumlar ichida qadam tovushlari va katta eshikning g‘iytillashini eshitgan yagona odam u bo‘lsa kerak. Ana, ikkinchi eshikdan ham o‘tishdi. Unga go‘yo o‘zining oldiga kelishayotgandek tuyuldi. Qadam tovushlari tobora yaqinlashib kelardi.
U turmoqchi bo‘ldi, ammo turolmadi, xuddi tosh yerga mahkam yopishib qolganday edi.
U loyga belangan odamsimon maxluqlarni esladi. Ular qah-qah urib kulardi. Bor ovozlari bilan, to‘xtovsiz kulardi. Og‘riqdan ko‘zlarini yumdi. Boshi yelkasiga “shilq” etib tushdi. U endi qadam tovushlarini eshitmayotgandi. Eshita olmasdi ham…
Rus tilidan Amir Fayzulla tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 9-son