Xiva ro‘yosi (Savdogar Abrosimovning Xivaga qilgan safari to‘g‘risidagi xotiralari)

Men Xivada tijorat bilan shug‘ullanish maqsadida, undan 900 chaqirim uzoqda joylashgan Dolgiy orolidan o‘n beshta tuyaga har xil mollar ortib yo‘lga tushdim. O‘zimga hamroh qilib oroldan birshe urug‘ining oqsoqoli Kalmanbet Shatikayevni yo‘l boshlovchi, yana to‘rt nafar qirg‘izni xizmatkor qilib yolladim. Bu xizmatkorlarning qiladigan ishlari – qo‘noq joylarida tuyalarga dam berish, sug‘orish va yaxshi yaylovlarga qo‘yib o‘tlatishdan iborat edi. Ulardan biri tuyalarni cho‘lda uzoqlarga ketib qolmasliklarini kuzatishi va qirg‘izlarning hujumlaridan ogoh bo‘lib turishi, boshqalari esa yuklarni bir joyga tushirishlari va tun bo‘yi qo‘riqlashlari kerak edi. Ikki kishi o‘tovlarni yuk tushirilgan joy yaqinida tikib, kechki ovqatni tayyorlash bilan band bo‘lardi. Qirg‘izlar bu yumushlarni butun yo‘l davomida bajarib borishardi. Qirg‘izlarning yeydigan taomlari faqat go‘jadan iborat bo‘lib, uning tayyorlanishi juda oson edi: qaynatilgan suvga javdar yormasi solinib aralashtiriladi va mazasi chiqsin deb ozgina dumba yog‘i qo‘shiladi. Oqsoqol ikkalamiz uchun har kuni choy bilan qo‘y go‘shtidan tayyorlangan qovurdoq tayyorlanardi. Bundan tashqari, suvi qochgan bug‘doy noni, sorochin tarig‘i (guruch) va g‘amlab olingan turli xil oziq-ovqatlarimiz bo‘lardi.

Odatda yo‘limda uchragan oqsoqollarni birga ovqatlanishga va choyga taklif etardim, o‘z o‘rnida ularning mehmoni ham bo‘lardim. Ular bilan qilinadigan suhbat mavzulari odatda Xiva, Xiva xoni va tijorat to‘g‘risida bo‘lardi.

Mana, nihoyat, Kaspiy dengizi qirg‘oqlaridan uzoqlashib, menga mutlaqo yot bo‘lmish o‘rdaliklar diyoriga qarab yo‘l oldim. Kechga borib Toshquduq atrofiga joylashgan Aday turkmanlari ovuliga yetib keldik. Bu ovulning bosh oqsoqoli Daspay mard va salobatli kishi edi. U hamyurtlari orasida dovyurakligi bilan dong taratgan, ilgari Kaspiy dengizining mashhur qaroqchisi bo‘lgan ekan. Andrey ismlik bir rus qochoq askari yordamida rus baliqchilarini asir olar ekan. Andrey Chobiq degan oqsoqolning uyida yashab, qaroqchilik qilib, uning haddan tashqari boyib ketishiga sababchi bo‘lgan ekan. U Chobiqnikida 12 yildan ortiq yashab, uning o‘z o‘g‘liday bo‘lib ketgan, ularning tillarida gaplasha olar edi. Chobiq uni o‘zining yaqin qarindoshlaridan biriga uylantirmoqchi bo‘lib qalinini ham to‘lab qo‘ygan edi. Lekin xuddi shu vaqtda xon barcha asirlarni ozod etdi va bundan buyon ruslarni asir olishni ta’qiqlab qo‘ydi. Xon Chobiqdan ham qaroqchi Andreyni Rossiyaga topshirishni talab qildi. Lekin Chobiq xonning buyrug‘ini bajarishdan bo‘yin tovladi va o‘zi yoki bolalari Andreyni tutib berolmasliklari, agar xon istasa, xohlagan odamiga bu ishni topshirib, uni o‘z nomidan rus boshliqlariga topshirishi mumkinligini bildirdi. Bunga sabab, Chobiq Andreyni o‘g‘il qilib, islom diniga o‘tkazgan, uni sunnat qilganlarida nafaqat o‘zi, urug‘-aymoqlari ham Andreyni ruslarga tutib bermaslikka qasamyod qilgan edilar. O‘z o‘rnida Andrey ham Xudoni o‘rtaga qo‘yib, Kaspiy dengizida rus kemalariga hujum qilingan paytlarda Chobiqqa xiyonat qilmaslikka qasam ichgan edi. U o‘rdaliklarni o‘zining sadoqatiga yanada qattiqroq ishontirish maqsadida bir rus asirining boshini kesib, uning qonini ichgan edi. Lekin Chobiq qarindoshlarining tazyiqi tufayli, oxiri Andreyni ruslarga topshirishga majbur bo‘ladi, bu esa Andrey uchun mutlaqo kutilmagan hol edi.

Novo-Aleksandrovsk istehkomining komendanti polkovnik I.N.Lixosherstov starshina Churunboy Kostiboyevni Chobiqning ovuliga bu qaroqchini tezlik bilan topshirish talabi bilan yuboradi. Kezi kelganda aytib o‘tish kerakki, Churunboy o‘ta chaqqon va kelishgan yigit bo‘lib, sof rus tilida gaplashadigan va yaxshigina ma’lumotga ega kishi edi.U Chobiqqa tashrifining sababini tushuntirib, Andreyni topshirishni talab qildi, lekin Chobiq bunga rozi bo‘lmadi. Oxiri o‘zining inisi Do‘schon – izzat-ikromga sazovor bo‘lgan, qaroqchilarni yoqtirmaydigan va bosqinchilik maqsadida qilinadigan hujumlarga qattiq qarshi turgan inson – uni bunga ko‘ndira oldi. Chobiq qadrdon do‘stini himoya qila olmasligiga aqli yetib, Andreyni hibsga olishlariga ruxsat berdi. Andreyning kulbasiga to‘ppa-to‘g‘ri bostirib kirishga hech kim botinolmadi, chunki u tish-tirnog‘igacha qurollangan edi. Uning o‘zi kulbasidan chiqishini kutishdi. Hech narsadan shubhalanmagan Andrey kulbasidan chiqib og‘ilxonaga qarab yurdi. Ajablanarlisi shundaki, hech bo‘lmaganda qilich yoki xanjarsiz bir qadam bosmaydigan odam bu gal bequrol edi. Pistirmada turganlar uning kulbadan uzoqlashishini kutishdi. So‘ngra unda shubha uyg‘otmaslik uchun Churunboy ikkita qirg‘iz bilan uning yoniga bordi. Unga yetib olishgach, gapga solishdi, shu paytda bir qirg‘iz Andreyning orqasidan o‘tib, qo‘lini qayirdi va zudlik bilan orqasiga bog‘lashdi. Andrey qichqirib, Chobiq va uning bolalarini yordamga chaqirdi, lekin u aldangan edi. Churunboy uni ovulga olib kelganida u yanada qattiqroq qichqirib, Chobiqdan himoya qilishni o‘tinib so‘ray boshladi.

Churunboy Andreyni tuyaga mingashtirib bog‘laganiga qadar Chobiq o‘z kulbasida pisib o‘tirdi. Keyin vidolashuv uchun barcha ahli ayol va bola-chaqalari bilan chiqdi. Shunda Andrey ularning tilida tutilib bo‘lsa-da, ta’na va malomat toshlarini ota boshladi. Chobiq o‘zini tuta olmay ho‘ngrab yig‘lab yubordi, xotinlari va bolalari esa shunday o‘kirib yig‘lashardiki, ularning faryodi qo‘shni ovullarga ham eshitildi.

Judolik hammasi uchun juda og‘ir edi. Bu vidolashuv onlarida Andrey Chobiqqa qarata shunday dedi: “Sen kim tufayli mashhur bo‘lding, men tufayli emasmi? Ovuling atrofida o‘tlab yurgan shuncha molni kim tufayli qo‘lga kiritding?” So‘ng u birorta kiyim berishlarini so‘radi. Chobiq darrov ustidagi shoyi choponini yechib uzatarkan: “Mana senga, Andrey, mening choponim, aniqrog‘i otangning choponi, kiyib odosh qil, meni unutma, men seni har doim eslab yuraman”, – dedi. Andrey unga qo‘pol javob qildi: “Sen mening otam emassan, Xudodan qaytgan bandasan. Sen o‘z qasamingga hiyonat qilding, Xudoni ham, Muhammad payg‘ambarni ham aldading”. Shundan so‘ng uni olib ketishdi.

Chobiq hali ham hayot, lekin uning qo‘l-oyog‘i shol bo‘lib qolgan; katta xotini yedirib-ichiradi. Qirg‘izlar rus asirlarini qiynagani uchun Olloh unga ko‘rsatib qo‘ygan, deyisharkan.

Daspay qanday qilib qaroqchilik qilganlari va Kaspiy dengizida ruslarni asir olganlarini hikoya qilib berdi. Uning boshiga quyidagi baxtsizlik tushgan ekan:

“Kuchli po‘rtana turdi. Bor langarlarimiz uzilib, oqim kemamizni Darband tomonga oqizib ketdi. 15 kuncha qayerda suzib yurganimizni ham bilmasdik. Men bilan hammasi bo‘lib 4 nafar rus asiri va 30 nafar qirg‘iz bor edi. Men bu qirg‘izlar bilan kema yukxonasiga tushib o‘tirardim, shu holda Darband atrofiga borib qoldik va bu yerda eronilarning kemalariga duch keldik. Eronilar kemada 4 nafar rusni ko‘rgach, bu kema qirg‘izlarniki deb gumon qilmadilar. Ularning savollariga Darband yoki birorta boshqa shaharga xazina olib ketyapmiz, deb javob berardik. O‘zimiz tomonga qaytishdan umidimni batamom uzgan edim, lekin baxtimizga shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, shimoli-sharq tomonga, Sariqtosh yo‘nalishida suzib ketdik.

Yo‘lda Qulali orolining chap tomonida turgan katta kemaga duch keldik. Uning atrofida uchta qayiq turardi. Unga tunda yaqinlashdik. Aslida kemaga hujum qilish niyatim yo‘q edi, lekin qirg‘izlarim “hujum qilish kerak”, deb turib olishdi, ularning gapi bilan kemaga sezdirmay yaqinlashdik-da, yigirmatamiz hujumga o‘tdik. Qolganlar yonboshda kutib turdi. Biroq rus xalqi tabiatan sezgir bo‘ladi. Ular bizni kechqurunoq sezgan bo‘lishsa kerak. Kemaning gir atrofiga to‘r va qarmoqlar tashlab qo‘yilgan edi. Kemaga tashlanganlarning kimning qo‘li, kimning bo‘yni bu to‘rlarga ilashib qolgan edi. Kemaning tepa qismidagi shovqinni eshitgan ruslar pisib yotgan joylaridan chiqib, biznikilarni ura ketishdi. Ahvolimiz tangligini ko‘rib, yordam berish maqsadida o‘zimni kemaga urdim, lekin oyog‘im pastdagi to‘rga o‘ralib qoldi. Ruslar biznikilardan to‘rt kishini o‘ldirishdi, qolganlar bir amallab qochib qoldik. O‘shanda men qattiq jarohatlandim, hanuz orqa yelkam og‘riydi, boshim ham yorilgan edi (u menga boshini ko‘rsatdi, haqiqatdan, u chala bitgan yaralardan iborat edi). Birovlarning gapiga kirish shunday bo‘ladi, deya davom etdi u, agar o‘z aqlim bilan ish ko‘rganimda hech kimdan ajralmagan bo‘lardim, o‘zim hali salomat yurardim”.

Shu orada kechki ovqat tayyor bo‘ldi. Biz uchun qo‘y go‘shtidan tayyorlangan osiyoliklar taomi – palov pishirilgan edi. Rus kvasi va pivo o‘rniga ayron tortildi. Ovqatdan so‘ng men bilan Kalmanbet uning kulbasida tunashga qoldik. Tagimizga namat, uning ustidan gilam to‘shalgan edi. Tunni shu alpozda o‘tkazib, tongda yana yo‘lga tushdik.

Ikki kundan so‘ng, karvonimiz bilan tobish urug‘iga tegishli ovulga kirib keldik. Bu ovul Qiyot tog‘ining yonbag‘ridagi Tuya suvi deb ataluvchi quduq yaqinida edi. Ovul katta emas, bor-yo‘g‘i uchta kulbadan iborat edi. Shu yerda tunadik, lekin esda qoladigan birorta narsa ko‘rmadim. Joylashishi pasttekislik, chorva uchun yem-xashak mo‘l edi. Ovulning egasi qariya bo‘lib, meni mehribonlik bilan kutib oldi, poyimga qo‘y so‘ydirib, undan turli taomlar tayyorlatib barchamizni mehmon qildi. Qilayotgan safarim sababini so‘rab, Xivaga ketayotganligimni bilgach, oq yo‘l tilab qoldi.

Bu qariyaning 12 yashar o‘g‘li bo‘lib, bolakay kasalmand edi. Otasi mendan bu darddan forig‘ bo‘lish yo‘llarini bilish-bilmasligimni so‘radi, men hech narsa bilmasligimni aytdim. Biroq yo‘lboshlovchimiz tabobatdan xabardor bo‘lib, bu borada ancha mashhur ham edi. Bolaning deyarlik butun badanini yara-chaqa bosgandi.

Yo‘lboshlovchi ikki xil muolajani tavsiya etdi: birinchisi – yarani o‘t bilan kuydirish. Ikkinchisi esa, atrofdagi inlarda uchraydigan oqquyruq quyonni tutib, uning yog‘ini eritib, yaraga har kuni bir mahal surish edi.

Uchinchi tunni Tatar qudug‘i deb nomlanuvchi joyda o‘tkazdik. Uncha katta bo‘lmagan ovulga kirib kelganimizda, uning aholisi o‘tovlarini boshqa joyga ko‘chirish bilan band edi. Namatlarni silkitib qoqishar, xivich bilan urib changini chiqazishardi. Bu yerda uchta ayol va bo‘yi yetgan qiz bor edi: qiz boshiga o‘ralgan qirmizi shol ro‘moli bilan ajralib turardi, ayollar esa boshlarini oq shoyi ro‘mol va 6 arshin keladigan qalin surp bilan o‘rab olishgandi.

Tuyalarimiz ulardan taxminan yuz qadamcha keladigan masofada to‘xtadi. Men bu qanday ovul ekanligini bilmoqchi bo‘lib ayollar oldiga bordim-da, o‘tovlari yangi joyda mustahkam bo‘lishlarini, o‘zlariga esa baxt tiladim, ular esa menga ezgu tilaklarim uchun minnatdorchilik bildirishdi.Erkaklari qayerdaligini so‘ragan edim, qabristonga yodgorlik o‘rnatish uchun ketishganini aytishdi. Bu yodgorliklar toshlardan uzun va tik qilib o‘rnatiladi, har qanday kishi uni o‘rnatib keta olmaydi. Yodgorliklar turli bo‘yoqlar bilan bo‘yalib, gohida oralariga oynak ham o‘rnatiladi. Oynakli yodgorliklar odatda qizlar qabrlari ustiga o‘rnatiladi. Yigitlarnikiga esa marhumning dovyurakligi va mag‘rurligi ramzi sifatida qurollar – miltiq, qilich, xanjar tasviri tushiriladi. Yodgorliklar yasalish san’ati va toshning sifatiga qarab o‘n so‘mdan ellik so‘mgacha narxda sotiladi. Ayollarning suhbatini oldim: ular quvnoq va sergap edi, ismimni so‘rab, kimligimni bilishgach, erlaridan men haqimda eshitganliklarini, erlari mendan ular uchun ro‘mol sotib olganliklarini aytib, ro‘mollarini ko‘rsatishdi. Keyin chanqoq bosdi biror narsa so‘raganimda, bir qiz darrov katta idishda sut uzatdi. Idishning og‘irligidan bir amallab ikki qo‘llab ushlab turdim. Idish toza emas, javdaridan qilingan xamir qoldiqlari va namat qillari yopishganligidan ko‘nglim bo‘lmay, ko‘p icholmasdan, idishni egasiga qaytarib berdim. Uning o‘zi ham yoqimsizgina edi.

Men xushta’m ichimlik uchun minnatdorchilik bildirdim, ammo idish qo‘limni bir oz iflos qilganini aytdim. Qiz xoxolab kulib yubordi, lekin onasi idishni artib bermagani uchun qiziga yaxshigina tanbeh berdi. Ko‘p vaqt o‘tmay erkaklar: Berdiniyoz ismlik qariya ikki o‘g‘li bilan keldi. Men ular bilan avvaldan tanish edim. Ko‘rishib bo‘lgach, qariya mendan qayerga ketayotganimni so‘radi. Men baxtimni sinash, shuningdek, xon va u yerlik odamlarni ko‘rish maqsadida Xivaga yo‘l olganimni aytdim. Chol menga oq yo‘l tilab, yodorlik toshlarini qanday qilib o‘rnatganlarini hikoya qilib berdi. U bilan hayrlashgandan so‘ng yo‘lga tushdik.

Bir necha kun yurib Qoratovga yetib keldik. Gir atrofini ko‘plab tuya, ot, qoramol va qo‘ylar o‘rab olgan ovulga kirib kelganimizda kun allamahal bo‘lib qolgan edi. Chorvasini qo‘riqlab yurgan cho‘ponlar kimligimizni surishtirishdi. Ularga o‘tkinchi savdogar ekanligimizni aytdik. Biz haqimizda ovulga xabar yetkazganlarida, u yerdan ipak matodan chopon kiygan basavlat uchta qirg‘iz keldi. Sharqona odat bo‘yicha mehmonlarga gilam poyondoz to‘shashlarini buyurdim, ular chordona qurib o‘tirishdi. Oqsoqol kimligimiz va qayerga ketayotganligimizni so‘radi. Men rusman, Xivaga savdo qilgani ketayapman, deb javob berdim.

Shunda ulardan biri menga orqaga qaytib ketishimni maslahat berdi, chunki xon ko‘pdan beri o‘ziga rus tilmoch izlayotganini hamma bilishini, shu sababdan ham u meni qo‘yib yubormasligini aytdi. Qolgan ikkitasi esa uning gumoni noo‘rinligini ta’kidlashib, xon meni aziz mehmon sifatida qabul qilishini aytishdi. Bu mavzu ularning oralarida bahs tug‘ilishiga sabab bo‘ldi. Men orada samovar qo‘yishlarini buyurdim. Oy nuri yog‘dusida sof havodan bahramand bo‘lib, gilamda chordona qurgancha ancha gurunglashdik, mehmonlarim to‘xtovsiz tamaki hidlab kumush tamakidonni bir-biriga uzatishardi. Nega chorvani ovulga buncha yaqin olib keldinglar, degan savolimga, bu atrofda qashqir ko‘p bo‘lib, tez-tez podalarga hujum qilib turishini aytishdi.Choydan so‘ng ular biz bilan hayrlashib ketishdi. Ertalabdan safarimizni davom etdirdik. Savdo yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi sabab, butun yo‘l davomida bir necha xivaliklar karvonini uchratdik.

Tumantov etaklariga yetib kelganimizda O‘ljaboy ismlik bir eski tanishimnikida tunadim. U ilgari Novo-Aleksandrovskiy istehkomiga borgan edi. Meni uning o‘zi va ahli ayollari mehribonlik bilan kutib olishdi. U meni go‘dakligimdan bilar, lekin ko‘rishmaganimizga ancha bo‘lgan edi. O‘ljaboyning ovulida bir kecha-kunduz qolib ketdim, uning yordamida shu yerlik qirg‘izlardan qarzlarimni undirib oldim. Suyunchisiga unga chakmonlik movut, ayollariga esa o‘n to‘rt arshindan ko‘ylaklik chit hadya qildim.O‘ljaboy menga Xiva xoni bilan uchrashganimda o‘zimni qanday tutishim kerakligi va u yerda qanday muomala qilishimni ipidan ignasigacha o‘rgatdi. U menga iloji boricha odobli, ehtiromli va halol bo‘lishimni, shuningdek, berilgan savollarga qisqa javob berishimni maslahat berdi. Xivaga kelgan kunimdanoq, uning o‘gitlariga to‘laligicha rioya qildim, shu tufayli xon bilan olib borgan barcha ishlarim muvaffaqiyatli bo‘ldi. Saroy amaldorlari, beklar va oqsoqollar esa meni juda yaxshi ko‘rib qolishdi.

Amudaryoga yaqinlashib qolganimizda, undan uncha uzoq bo‘lmagan turkman ovulida tunashga to‘g‘ri keldi. Uning pastrog‘ida qumloq yerda xivaliklar ovuli ham bor edi. Bu yerdan ularning katta yo‘li o‘tgan, karvonlar va Xivaga chorva haydab ketayotganlar to‘xtovsiz o‘tib turardi. Bu yerlarda tez-tez o‘g‘irliklar sodir etiladi, qoramol va tuyalarni olib qochishadi. Har tugul biz tinch, eson-omon o‘tib oldik, faqat otimning juda sillasi quridi. Ko‘pincha uni yetaklab yurishimga to‘g‘ri keldi, chunki oyoq osti yurib bo‘lmaydigan darajada qalin qumlik edi. Ayniqsa tuyalar ko‘p qiynaldi. Bu yerda Xivadan qirg‘izlar bilan savdo qilish uchun ketayotgan, yoshi qaytib qolgan bir xivalikni uchratdim. Undan Xiva va xon to‘g‘risida ko‘p narsa eshitdim. Bu ma’lumotlar men uchun o‘ta zarur edi.

Shu tariqa Amudaryo sohiliga yetib keldik. U kengliklarga yoyilib tez oqar, lekin uncha chuqur emas, suvi xushta’m edi. Daryo sohilida uncha katta bo‘lmagan ikita kulba, ularning yaqinida esa yo‘lovchilarni daryodan o‘tkazib qo‘yuvchi ikkita sol va bir necha qayiq bor edi. Oldin o‘zimizni, keyin tuyalarni o‘tkazib qo‘yishdi. Daryoning u sohilida bir necha yerto‘la bo‘lib, ularda qayiqchilar va kira haqi undiruvchi mulozimlar yashashardi. O‘tkazib qo‘yilgan har bir ot yoki tuya uchun 50 tiyindan, kishi boshiga esa 5 tiyin miqdorida kira haqi to‘lanardi. Shunday qilib men o‘zim va karvonimga kira haqi to‘lash uchun boshlig‘iga uchrashishim kerak edi. Tuyalarimni olib o‘tgunlaricha boshliq bilan sohil bo‘ylab sayr qildik va ko‘p narsalar to‘g‘risida gaplashib olishga ulgurdik. U menga Rossiya to‘g‘risida savollar berardi, men esa Xiva to‘g‘risida so‘rardim. U to‘xtovsiz chilim chekar va menga ham manzirat qilar edi. Sohil bo‘yida ayron va qimiz sotadigan do‘konchalar bor ekan. Biz ayron ichmoqchi bo‘ldik. Uning yarim litri besh tiyin ekan. Ayron solingan idish sopoldan bo‘lib, eng yuqori malakali xitoy ustalarining ishi edi. Bunday idishlarning donasi bizning Rossiyada bir so‘mdan kamiga sotilmaydi. Shu paytda do‘konchaga notanish, ko‘rinishidan basavlat va serg‘ayrat, katta qora soqolli, xivaliklarning qimmatbaho libosini kiyib olgan suvoriy kirib keldi. U otdan tushib, uni do‘koncha eshigiga bog‘ladi. Ichkariga kirarkan, rus tilida: “Ey, Xudoyim-e, bu yerlarga ham rus savdogarlari keladigan bo‘libdi-ya!”, dedi. Men unga hayrat va qo‘rquv aralash qaradim. U rus tilida gapirmay qo‘ydi, xivaliklar tilida gaplashdik. U mendan kimligim va qanday qilib bunday o‘ta mashaqqatli safarga chiqishga qaror qilganimni so‘radi. Keyin do‘konchadan chiqib ancha vaqt Amudaryo sohili bo‘ylab sayr qildik. Undan kimligi va qayerdanligini so‘raganimda, samimiyat bilan o‘zi to‘g‘risida gapirib berdi. U asli Penza guberniyasidan bo‘lib, Chembarskiy uyezdidagi katta bir yer egasining hovlisida xizmatkor ekan. Xo‘jayini uni qandaydir gunohi uchun askarlikka berib va u Astraxandagi dengiz qo‘shinlarining qirq beshinchi kemasida botsman bo‘lib xizmat qilgan ekan. Dengizda safardaligi paytida qaroqchilarga duch kelishibdi. Barcha kema a’zolari, shu jumladan, kema sardori ham asirga olinibdi. U bu yerlarga shu tariqa kelib qolgan ekan. Bafurja gaplashishga vaqt yetishmas edi, lekin men undan ko‘proq Xiva to‘g‘risida bilib olishga harakat qildim. U menga xon huzuridagi Karle ismli amaldorni topishimni tavsiya qildi. Botsmanning ismi-familiyasi Sergey Ivanov bo‘lib, Xiva shahrida yashar ekan. Rastalarga joylashib olganimizdan so‘ng bizni o‘zi topishga va’da berdi.Sergey Ivanov bilan hayrlashib, yuklarimizni karvonga ortib, mulozim boshchiligida yo‘lga tushdik. Mulozim bizga xonlikka boj to‘lashda biron-bir molimizni berkitib qo‘ymasligimizni nazorat qilib turish uchun biriktirilgan edi.

Bu yerlarda menga hamma narsa g‘aroyib va vahimali tuyulib, ko‘ngilsiz taassurot qoldirdi. Xivaga yaqinlashganimiz sari meni yuk bosaverdi.

3 oktyabrning erta tongida uzoqdan Xiva ko‘rindi. Shahriston sathi pastlikda bunyod etilgani uchun ham Xivaning tashqi ko‘rinishi ko‘zga unchalik chiroyli bo‘lib ko‘rinmasdi. Baland masjidlar va katta imoratlar kam edi. Buning ustiga, har bir uy atrofidagi bog‘lar shahar ko‘rkini to‘sib turardi. Shahar ichida ulkan bog‘ bo‘lib, u yerda turli anvoyi mevalar, jumladan nashvati, nok, olxo‘ri, uzum, olibuxoro, jiyda va hokazolar bitardi. Shaharga kirishdan oldin keng ko‘chadan yurdik, so‘ngra esa ikkita tuya yonma-yon tursa arang sig‘adigan tor ko‘chadan bir amallab o‘tib, bozor oldidan chiqdik. Ro‘parada toshdan o‘ta chiroyli qilib bunyod etilgan savdo rastasi joylashgan edi. Biz to‘g‘rimizda xonga xabar berishdi. Bu orada xivaliklar karvonimni o‘rab olishdi. Ular rus savdogarlarini ko‘rish ishtiyoqida edilar. Ko‘plari mendan har xil narsalar to‘g‘risida so‘rashdi. Sal vaqt o‘tmay meni saroyga olib ketish uchun xonning mulozimi yetib keldi va men rus milliy liboslarimni kiyib olishimni buyurdi. Uning amrini bajo etib, saroyga qarab yo‘l oldik.

Saroy bozorning shundoqqina yonida bo‘lib, u toshdan ikki qavat qilib qurilgan ekan. Uning old qismi, jimjimador pillapoyasi va fil suyagidan qoplangan eshigi o‘ta nafis naqshlar bilan bezatilgan edi. Pillapoyadan tepaga chiqib, u yerda bir oz kutib turdik. Xon buxoroliklarni qabul qilayotgan ekan. Ular chiqib ketganlaridan so‘ng men bilan bir armaniga xon qabulxonasiga kirishga ruxsat berishdi. Rus urf-odatiga rioya qilgan holda salomlashishimni buyurishdi. Xon huzuriga kirganda egilib ta’zim qila boshladik. Xon tilmochdan bu nimani anglatadi, deb so‘radi. Tilmoch rus odatiga ko‘ra ehtirom ko‘rsatayotganimni aytdi. Xon javobni eshitib kulib qo‘ydi va qaysi yo‘l bilan kelganimizni so‘radi. Yana u fuqarolari tomonidan bizga hech qanday ziyon-zahmat yetkazilmaganligi bilan qiziqdi. Men unga yo‘q, deb javob berdim. Butun suhbatimiz tilmoch orqali bo‘ldi. U o‘z fikrini rus tilida yaxshi ifoda eta olardi, lekin xivaliklar tilida g‘alati va tushunarsiz gapirardi. Shuning uchun ham xon ba’zi jumlalarni ikki, hatto uch martalab qaytarib so‘rashga majbur bo‘lardi. O‘rnimdan turib, xondan menga Xivada savdo qilishimga ruxsat berishini so‘radim. U ochiq chehra bilan roziligini bildirdi, meni birinchi qatordagi do‘konlardan biriga olib borishlarini buyurdi va har bir so‘mlik sotadigan molim uchun 10 tiyin miqdorida soliq to‘lashim, shuningdek, yonimdagi bor rus pulini xivaliklar puliga almashtirib olishim shartligini tushuntirdi. Har qanday siquv va zulmlardan himoya qilishini iltimos qilganimda, u kulib, xavotirim o‘rinsizligini aytdi. Bu yerda hech kim meni xafa qilmasligini, aksincha, uning fuqarolari meni hurmat qilishini uqtirdi.

Shundan so‘ng, menga do‘kon ajratib berish va yonimdagi rus pullarini qabul qilib olish uchun maxsus mulozim tayinlandi. Bu ishlar tezda bitdi. Mulozim mendan pulni qabul qilib olgani to‘g‘risida tilxat yozib berdi. Mashvaratning oxirigacha xon qalin gilam ustida chordona qurib o‘tirar, ro‘parasida chilim turar, atrofida uchta mulozim bor edi. Qabulxonada gilamdan boshqa hech qanday jihoz yo‘q, faqat shiftga naqsh berilgan edi. Sergey Ivanov tavsiya etgan amaldorni qidirib topdim. U bilan tezda til topishdik.

Do‘konga ega bo‘lgach, mollarimni saralab, peshtaxta tokchalariga tartib bilan tera boshladim. U yerliklar mening timsolimda go‘yo bir noyob narsani ko‘rganday bo‘lishardi, yonimga kelishib, meni gapga solishardi, Chamamda, juda qisqa vaqt ichida butun Xiva musofir rus savdogari to‘g‘risida xabar topdi. Ko‘plari mol xarid qilish uchun emas, balki faqat meni ko‘rish uchungina kelishardi. Men hammalariga birdek ehtirom ko‘rsatishga harakat qilardim, shu yo‘l bilan tanishlarim sonini ko‘paytirardim. Ularning barchasi meni yaxshi ko‘rib qoldi. Lekin, gapning ochig‘i, bora-bora xivaliklar meni bezor qilib yuborishdi: ko‘pincha bozorda yuradigan bo‘lsam, ular; ana, rus savdogari kelyapti, deb bir-biriga meni barmog‘i bilan ko‘rsatishardi. Shu sababli boshqalardan yaqqol ajralib turmaslik uchun, xivaliklar kiyimini kiyib oldim.

Xiva bozorlarida hamma narsa bizning Rusiyaga nisbatan ancha arzon edi. Bir qadoq qo‘y go‘shti 5 tiyin, beluga balig‘i 2-3 tiyin, cho‘rak (tovada pishirilgan katta obi non) 5 tiyin. Buning ustiga, non shunday kattaki, bir donasi odamni kun bo‘yi to‘q tutadi. Baliq urug‘i ularda deyarli iste’mol qilinmaydi, chunki uni bizday totli qilib tayyorlashni bilishmaydi. Yegan taqdirda ham baliqqa qo‘shib pishirishadi. Qizil baliq yelka go‘shti va yelimini kulchanon yoki o‘rama shaklida tayyorlab ipga o‘tkazishadi. Bir qadoq yelim bahosi katta qo‘y narxida, ya’ni 5 yoki 6 so‘m turadi, bir botmon bug‘doy, ya’ni bizningcha 1 pudu 10 qadoq – 80 tiyin turadi. Sorochinskiy tarig‘i (guruch)ning narxi ham uncha qimmat emas – 1 botmoni 1 so‘m yoki 1 so‘m 20 tiyin. Qovun, tarvuz va turli ho‘l mevalar bu yerlarda ko‘plab yetishtiriladi va juda arzon sotiladi. Turar joylarga kelsak, havas qiladigan darajada emas: binolar yomon qurilgan, ko‘chalar tor va iflos, har joy-har joyda axlat va go‘ng uyub tashlangan.

Men bu yerda ko‘plab tanish-bilish orttirdim, talay boobro‘ amaldorlarnikida mehmon bo‘ldim. Ularning hammasi meni samimiyat bilan kutib olishdi. Asosan mol go‘shti kabobi, juvoz moyida tayyorlangan mayizlik qo‘y go‘shtidan palov va turli ho‘l mevalar bilan ziyofat qilishardi. Har doim chilim bo‘ladi. Ayollari erkak mehmonlarga ko‘rinmaydi.

Shunday qilib, asta-sekin Xiva hayotiga ham ko‘nika boshladim. Lekin savdo ishlarim oldiniga unchalik yurishmadi. Buning ustiga, ularning molini sotib olish uchun mablag‘im ham yo‘q edi. Xon tomonidan almashtirish maqsadida olib qo‘yilgan pulim evaziga hali o‘zlarining pulini berishmagan edi. To‘rt kundan so‘ng o‘zim xonning oldiga borishga ahd qildim, saroyga yaqinlashganimda mulozimlardan biri nima yumush bilan kelganligimni so‘radi. Men xonga iltimosim bor, dedim, lekin qanday iltimos ekanini aytmadim.

Xonaga kirganimda xon yolg‘iz chilim chekib o‘tirardi. Hozir boshqa libosda, ya’ni xivaliklar kiyimida bo‘lsam-da, xon meni ko‘riboq tanidi va ochiq chehra bilan, “Ha, o‘rus savdogari”, deb kutib oldi. Men unga xivaliklar odaticha ta’zim qildim, unga yoqish uchun o‘zimni iloji boricha xokisor tutishga harakat qildim. Xon mahalliy tilda gaplashishni qayerda o‘rganganligimni so‘radi. O‘n besh yildan beri qirg‘iz va xivaliklar orasida yashashimni aytdim. Yoshimni so‘ragan edi, yigirma yoshdaman, deb javob berdim. Besh yoshimdan oilamiz bilan Orenburgga kelib qolganimiz, o‘sha paytdan beri doimo qirg‘iz va xivaliklar orasida ekanimni qo‘shib qo‘ydim. Xon tilni yaxshi o‘zlashtirganim uchun maqtab qo‘ydi, lekin yozuvni o‘rganishga harakat qilmaganimni ma’qullamadi. Keyin nima yumush bilan kelganimni so‘radi. Men pul uchun kelganimni ochiq aytolmadim. Bir qirg‘iz mendan o‘ttiz oltita qo‘y qarz bo‘lib, pulini bermayotganini aytdim, xolos. Xon bunga javoban, “agar qarzdoring inkor etsa, uning rostdan ham qarzdor ekanini qanday qilib isbot qila olasan?” – dedi. Men unga javoban , hamma xizmatkorlarim uning mendan mol olganini ko‘rganini, yo‘lboshlovchimiz bo‘lgan oqsoqol ham guvoh bo‘la olishini aytdim.

Xon mulozimini oqsoqolga yuborib, undan rostdan ham qirg‘iz mendan qarz olgan-olmaganligini aniqlatdi. Oqsoqol gapimning to‘g‘riligini tasdiqlab, qirg‘iz qaysi paytda qarz olganini ham aniq qilib aytib berdi.

Xon qarzdorga odam yuborishni buyurdi. U mulozim bilan kirib kelganida men tanimay qoldim: xonning o‘qrayib qarashidan qattiq qo‘rqib, rangi butkul oqarib ketgan edi. U xonning “Bundan qarzdormisan?” – degan savoliga, qarzi borligini tan olib javob berdi. U inkor etishi ham mumkin edi, lekin bu yerda hozir bo‘lgan mullaga ko‘zi tushgach, qasam ichirishlari mumkinligiga aqli yetdi shekilli, bunday qilmadi. Xon nima uchun qarzingni uzmayapsan, deb so‘raganida, hozircha imkoniyati yo‘qligini bildirdi. Shunda xon bir mulozimga uning qarindoshlarinikiga borishni va ular buning qarzini to‘lashi shartligini buyurdi.

Mulozim ketdi. Qo‘ylarni qabul qilib olish uchun oqsoqolimizni unga qo‘shib yubordim, o‘zim esa xondan topshirgan pulimni qaytib berishini so‘rash maqsadida qoldim. Lekin xon menga har xil savollar berar ediki, ish yuzasidan gap ochishga botinolmasdim. U bizning podshohlarimiz, ularning to‘ylari hamda ular nega chet ellardan uylanishlari, qizlarini ham chetga uzatishlari to‘g‘risida so‘radi. Men bu to‘g‘rida bilganimcha aytib berdim. Keyin u din to‘g‘risida gapira boshladi. Ruslar ro‘zasining mohiyati nimada ekanini va qaysi vaqtlarda ibodat qilishimizni so‘radi. Men bizda ertalab tonggi ibodat, peshinda tushki ibodat, keyin esa kechki ibodat qilinadi, deb javob berdim. Xonning “Rusiyada ayollarning ochiq yuz bilan yurishi, erkaklar bilan bemalol muloqotda bo‘lishi va ular bilan cherkovlarda birga ibodat qilishlari adolatdanmi?” – degan savollariga javob berganimda, oldiniga ajablanib hayron bo‘ldi, keyin esa bunday odatlarimizdan kuldi. Rusiyani o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, u yerdagi aholi turmush tarzini o‘rganish istagi borligini aytdi. Lekin Rusiyaga qay tarzda borishi mumkinligini bilmasligini qo‘shib qo‘ydi. Agar xon sifatida borsa, rus podshohi uni olib qolishi mumkin, chunki hali o‘zaro aloqalar o‘rnatilmagan. Unga ma’lum bo‘lishicha, rus asirlarini ozod qilib yuborgani uchun podshoh unga emas, nimagadir Angliyaga minnatdorlik bildiribdi. Savdogar maqomida borsa, bu o‘z fuqarolari oldida sharmandalik hisoblanadi. Buning ustiga, rus hukumati bilib qolsa, xon savdo bilan ham shug‘ullanarkan, degan gap tarqalishi mumkin.

Xiva xoni bilan Rossiya va ruslarning urf-odatlari to‘g‘risida suhbatlashib o‘tirganimizda, mulozim kirib, tushlik tayyor ekanini aytdi. Men o‘rnimdan turib ketishga hozirlandim, lekin xon meni to‘xtatib, uylangan-uylanmaganim bilan qiziqdi, jiyanlaridan yoki xivalik qizlardan biriga uylanishni taklif etdi, shu yo‘l bilan Xivada turg‘un bo‘lib qolishga fikrim qanday ekanini so‘radi. Uning menga bo‘lgan e’tibori uchun minnatdorlik bildirdim… Imkoniyatdan foydalanib, mablag‘dan qiynalib qolganligimni bildirdim va pulimni qaytarib berishlarini so‘radim…

Men xon bilan xayrlashib do‘konimga ketdim. Bu yerda meni xivaliklar o‘rab olishdi. Ular xonning huzurida uzoq qolib ketishim sababini so‘rashdi, Ularga qisqa qilib har xil narsalar to‘g‘risida suhbat qurganimizni aytdim. Bir muncha muddatdan so‘ng xon yuborgan mulozim bilan oqsoqolimiz qaytib kelishdi. Ular do‘konimga qirg‘izning qarindoshlaridan undirilgan qo‘ylarni haydab kelishgan edi. Mulozim menga qo‘ylarni sanab topshirganidan so‘ng, ularga belgi tamg‘asini bosib cho‘ponimga jo‘natmoqchi bo‘ldim. Lekin qarzdor kishining qarindoshlari bunga e’tiroz bildirib, ular qarindoshlari uchun qarzni uzishga majbur emasliklari hamda kimga qarz bergan bo‘lsam, o‘shaning o‘zidan undirib olishim kerakligini aytishdi.

Qirg‘izlar qo‘ylarini qaytarib olishga xonni ko‘ndirishga umid qilishib, uning huzuriga borishni taklif etishdi. Men rozilik bildirdim va mulozim boshchiligida yo‘lga tushdik. Bu paytda xon tuyalarini cho‘ktirib yuborgani uchun buxoroliklardan haq undirib olayotgan edi. Ular bilan orani ochiq qilib bo‘lganidan so‘ng biz ham kirdik. Qirg‘izlarning taklifini tinglab xonning jahli chiqib ketdi, gapni qisqa qilib, qo‘ylarni qaytarib berishga ruxsat bermadi va hammani quvib soldi.

Oradan ancha vaqt o‘tgach, mulozim do‘konimga pulimni olib keldi va mendan qancha mol olib kelganimni so‘radi. Hammasi bo‘lib besh ming so‘mlik, deb javob berdim. U xon tomonidan har bir so‘mlik mol uchun o‘n tiyin miqdorida boj to‘lanishi belgilanganini aytib, besh yuz so‘mni sanab oldi va shu ondayoq pullarni saroyga olib ketdi.

Oradan ko‘p o‘tmay do‘konimga botsman Sergey Ivanov kelib, meni o‘z uyiga taklif qildi. Men bu taklifni bajonu dil qabul qildim. Sergey Xivaning bozoridan uzoq bo‘lmagan joyda, Buxoroga chiqish yo‘lida yashar ekan. Uning uyida ko‘plab sanam (ikona) va diniy kitoblarni ko‘rib, nihoyatda ajablandim, Men undan, xon bu yerda xristianlarga o‘z diniga e’tiqod qilishiga ruxsat beradimi, deb so‘radim. Sergey menga, ilgari bu yerlarda rus asirlari ko‘p bo‘lib, shaxsan xonning ruxsati bilan ular shu xonadonda yig‘ilishib, ibodat qilishganini , shuning uchun ham bu kitob va tasvirlarni Orenburgdan yozdirib oldirganini aytdi.

Mehmondorchilik ancha vaqtgacha cho‘zilib ketdi. Shunda uning nima bilan shug‘ullanishini so‘radim. U xonning topshirig‘iga binoan to‘pchilarga qo‘mondonlik qilishi, askarlarga ta’lim berishi, eroni asirlarga harbiycha yurish va qurol bilan muomala qilishni o‘rgatishini aytdi. Ziyofat uchun minatdorchilik bildirib, uyimga qaytdim.

Xivada Sergey bilan tez-tez ko‘rishib turardik. Bir kuni u bilan yashash tarzi biznikiga o‘xshab ketadigan bir amaldornikida mehmon bo‘ldik. U xotinlarini bizdan yashirmadi. Men ular bilan ancha suhbatlashdim. Ular mendan rus ayollarining hayoti va yurish-turishlari to‘g‘risida qiziqib surishtirishdi. Men ularga ayollarimiz qanday qilib ko‘cha-ko‘ylarda erkin yurishi, mehmondorchiliklarga borishi hamda kunning xohlagan paytida yuzlarini yashirmagan holda, erkaklar bilan uchrashishlari va suhbatlashishlari mumkinligini hikoya qilib berdim. Ularni to‘y marosimlarimiz ham nihoyatda qiziqtirdi. Hamma tafsilotlari bilan gapirib berdim va bizlarda bitta xotindan boshqaga uylanish mumkin emasligini ham aytib o‘tdim. Bu odatimizni ular juda maqtashdi. Bu ayollar shoyi ko‘ylak kiyib olgan, ko‘kraklarini dur va qimmatbaho toshlardan yasalgan taqinchoqlar bezab turar edi. Boshlarida ichiga paxta qavilgan ipakdan qalpoqcha bo‘lib, u ham dur va qimmatbaho toshlar bilan qoplangan edi. Katta xotinining o‘n ikki yashar qizi bo‘lib, u beshikdagi ukasini tebratib, o‘zi to‘qigan allani aytib o‘tirardi. Allani uzoq tingladim, qo‘shiq tugagandan so‘ng qizchani erkalatib, maqtab qo‘ydim. U qizaloqlarga xos uyatchanlik bilan qizarib ketdi. Allaning so‘zlari taxminan shunday edi:

Yig‘lamagin, yig‘lama, allayo alla,
 Yig‘lab bag‘rim tig‘lama, allayo alla.
 Otam kelib so‘yar qo‘y, allayo alla,
 Boshlanadi katta to‘y, allayo alla.
 Otam senga toy berar, allayo alla,
 Momam kelib moy berar, allayo alla.
 Ovunarsan shunda sen, allayo alla…

Mezbon va yosh uy bekalariga mehmondorchilik uchun rahmat aytib, uyga qaytdim.

Xivada yashayotganimga qirq kun bo‘lib qolgan edi. Bu vaqt ichida xon xotinlaridan birining tug‘ilgan kunini nishonlaydigan bo‘ldi. Bu tantanaga meni ham taklif etishdi.

Bog‘da kigizdan ulkan chodir tikilgan bo‘lib, uning o‘rtasida sahnaga o‘xshash narsa o‘rnatilgan edi. Men u yerga orenburglik savdogar Z. hamkorligida bordim. Uning tijorat ishlari yurishmay, bozori kasodga uchrab qolgan edi.

Chodirga kirgan paytimizda xon to‘rda o‘tirardi. Uning yonida – a’yonlar. Bizni xonning qarshi tomoniga o‘tirishga taklif etishdi. Bu yerda mashshoqlar va yetmishtacha mehmon bor edi. Tomoshalar boshlandi: sahnada birinchi bo‘lib raqqosa qo‘g‘irchoq paydo bo‘ldi. Undan so‘ng ikki xivalik milliy raqs ijro etib, bor mahoratlarini namoyish etgach, bir bola baland qilib tortilgan dorda o‘yin ko‘rsatdi. Bu tomoshalar tugagach xivalik hofiz soz chalib, bosqinchi eronilarni mag‘lub etgan qahramon vatandoshlari to‘g‘risida doston kuylab berdi. Xonning buyrug‘iga binoan, har xil hayvonlar keltirildi va sahnada yovvoyi otlar, arxarlar, tulkilar, yovvoyi mushuklar, qo‘ng‘ir ayiq va hokazolar namoyish etildi. Xonning o‘zi ularning har biri to‘g‘risida gapirib berdi. So‘ng kechki ovqatga turli xil taomlar tortildi. Eng so‘ngida chilim keltirildi. Ziyofatdan so‘ng xonga minnatdorlik bildirib, do‘konlarimizga qaytdik.

Oradan bir necha kun o‘tgach, oxirgi mollarimni xivaliklarning shoyi va oddiy matodan tikilgan choponlariga ayirbosh qilib, ularni yo‘l bo‘yi qirg‘iz cho‘llarida sotib ketishni chamalab, Xivadan qaytishga taraddud ko‘ra boshladim.

Qaytish niyatim borligini bildirish uchun xonning dargohiga borib, uni topa olmadim. U qaysidir bir amaldorning ovuliga ketgan bo‘lib, aytishlaricha, bir haftasiz qaytmas ekan. Xonni kutmasdan ketmoqchi ham bo‘ldim, lekin a’yonlar bunday qilishimga izn bermadilar. Shunda hukmdorning menga nisbatan hech qanday yomon niyati yo‘qmikin, deb xavotirga tushib qoldim.

Xon kelishi bilanoq uning huzuriga bordim. U qaytishimga ruxsat berdi. Rossiyaga borganimdan so‘ng undan xafa bo‘lmasligimni so‘radi va “menimcha, Sizga men yoki fuqarolarim tomonidan hech qanday ozor yetkazilmadi shekilli, biz tomonlarga yaxshi niyatlar bilan kelishni istagan barcha savdo ahliga yetkazingki, mendan ular yomonlik ko‘rmaydilar”, – deb qo‘shib qo‘ydi. Meni shunda turg‘un bo‘lib qolishga undab qilgan taklifiga, ota-onam hayot va ularning yolg‘izi ekanimni aytdim. Xon ularni moddiy tomondan qo‘llab turishi mumkinligini bildirdi. U o‘zida xizmat qiladigan rus asirlarining har biriga yiliga o‘ttiz, qirq va ellik tillo maosh to‘lardi. Xon bilan hayrlashib, Sergeynikiga bordim. U “yo‘lga”, deb, yo‘q deyishimga qaramay, ko‘p miqdorda ho‘l meva va cho‘raklar berdi va bizni Xivadan chiqishda tanish bo‘lib qolgan amaldorlar bilan kuzatib qo‘ydi. Xayrlashayotgan onlarimizda Sergey quyilib kelayotgan ko‘z yoshlarini tiyolmadi, O‘zim ham Xiva, u yerdagi qadrdonlar bilan shu alfozda ezilib hayrlashdim.

Xivadalik davrimda menga u yerdagi arg‘umoqlar juda yoqib qolgan edi. Ularning asosiy yemishi jo‘xori bo‘lib, otlarga nisbatan kamtomoq va to‘rt kunlik yo‘lni oziqlanmasdan bosishi mumkin. Ular faqat minishga moslashgan bo‘lib, bo‘yi basti katta otday, ingichka, tik qomatli, iyakdor, yengil. Jo‘xoridan tashqari maysa va suli bilan ham boqishadi, lekin suli tarkibida odatda ko‘p chiqindi bo‘lgani uchun juda to‘yimli hisoblanmaydi. Bir pud jo‘xori armug‘oqning o‘n kunlik yemishi bo‘lib, uning bahosi yetmish tiyin. Arg‘umoqlarni Xivaga turkmanlar yetkazib turishadi va ularni faqat turkman yasagan egarlar bilan minadilar, qirg‘iz yoki bizning kazak egarlari to‘g‘ri kelmaydi. Arg‘umoq tez yugurganda xuddi quyonga o‘xshab bor gavdasi bilan cho‘ziladi va bizning eng chopag‘on rus otlaridan-da ancha tez yuguradi. Ular yuvosh va aqlli bo‘lib, daryolardan dadil suzib o‘tadi. Vafodor hamda uyurlarda qo‘lga tez o‘rganadi. Bu yerlarda arg‘umoq uchun yuz so‘m va undan ham ortiq haq to‘lanadi.

* * *

Xivadan qaytishimda yana Amudaryodan kechib o‘tdim. Bu yerdagi oqsoqol mendan Xiva menga yoqqan-yoqmaganini va xon men bilan qanday munosabatda bo‘lganini so‘radi. Unga xonning ko‘rsatgan iltifotlari uchun g‘oyatda minnatdor ekanimni aytdim va umuman hammalari shunday qabul qildilarki, bundan ortig‘i bo‘lmaydi, deb javob berdim.

Shu paytda bir qirg‘izning g‘ayrioddiy ishtahasini ko‘rishga muyassar bo‘ldim. Bir xivalik sotish uchun bir chelak qimiz olib kelib, ellik tiyin narx qo‘ydi. Qirg‘iz kishi unga yaqinlashib kelib, kel, bahslashamiz, agar chelagingni bir ko‘tarishda icholsam, senga haq to‘lamayman, icholmasam, aytganingni ikki baravar qilib beraman, dedi. Buncha qimizni bir ko‘tarishda ichib bo‘lmasligiga aqli yetgan xivalik, shartga rozi bo‘lib, chelakni qirg‘izga tutkazdi. U esa chelakning ikki qulog‘idan ko‘tarib icha boshladi va to‘xtamasdan ichib bo‘sh chelakni egasiga qaytarib berdi. Bu qaltis hazildan jahli chiqib ketgan xivalik qirg‘izni, nega sening mesh qorning yorilib ketmaydi, deb haqoratlab ketdi. Tan olamanki, bu voqea meni hayratga soldi: axir shuncha miqdordagi suyuqlikni ichish uchun qanday qorin bo‘lishi kerak?!

Amudaryodan ham kechib o‘tdik. Xuddi Xivaga ketayotganimizdagi kabi bora-borguncha ovullarda to‘xtab o‘tdik.

Bir ovulda tunaganimizda, mezbonning o‘n yashar o‘g‘li bemor bo‘lib yotardi. Bolaning otasi kasalning sababini hikoya qilib berdi. “Bundan besh kun ilgari, tunda hammamiz yotganimizda, kulbamizga bo‘ri kirib qolibdi. U uxlab yotgan o‘g‘limga yaqinlashib uni iskay boshlagan; o‘g‘lim uyg‘onib ketib, xonada kimdir yurganini aytib meni chaqira boshladi. Oldiniga, bu nima bo‘lishi mumkin deb, anglolmay, o‘zim ham qo‘rqib ketdim. Keyin ko‘zining yonishidan bo‘ri ekanini bildim. Qo‘limga qilich olib unga serpadim. Baxtimga qarshi, nishonga tekkizolmay, o‘g‘limning boshiga tushirib oldim. Zarbam uning boshini jarohatladi. Alamiga bo‘riga yetib olib, uni qiymalab tashladim. Endi o‘g‘limga qanday shifo qilishni bilmay boshim qotgan. Garchi oqsoqol qandaydir dorilarni tavsiya etgan bo‘lsa-da, uning tuzalib ketishiga ishonmayman”.

Bir katta va badavlat ovulda noqulay ob-havo sababli ikki kun qolib ketishimizga to‘g‘ri keldi. Dahshatli momaqaldiroq va chaqmoq chaqib, qattiq sel yog‘ishi natijasida tevarak atrofda chuqur ko‘lmaklar paydo bo‘ldi. Pastliklardagi ko‘plab qirg‘iz o‘tovlarini suv oqizib ketdi. Toshqin natijasida talay qoramol nobud bo‘ldi. Cho‘ponlar vodiydan qo‘ylarni olib o‘tayotganda, shitob bilan oqib kelgan suv ularni chuqur jarlik domiga tortib ketdi. Buni ko‘rgan xo‘jayin va uning bo‘yi yetgan qizi ularni qutqarish uchun yordamga tashlanishadi, lekin harakatlari zoye ketib, qo‘ylariga qo‘shilib o‘zlari ham suv o‘ramasida halok bo‘ladilar. Bu sel ko‘p baxtsizliklar keltirdi. Biz ovulning tepalik qismida to‘xtaganimiz uchun beziyon bo‘ldik.

Biz “Mualla” urug‘ining ovuliga yetib keldik. Unda oltmishtacha qirg‘iz kulbasi bor edi. Bu ovul aholisi qattiq qurollangan edi. Qurollanganlarning soni yuztacha bo‘lib, ularning yo‘lboshchisi Rahimberdi oqsoqol ekan. Ularning birinchi savoli: “Qayerdan kelayapsan?” bo‘ldi. Ularga Xivada bo‘lganimni batafsil hikoya qilib berdim va o‘z navbatida, bunchalik qurollanganliklarining sababini so‘radim. Uning aytishicha, bundan bir yilcha muqaddam Aday qirg‘izlari bu urug‘ning bir kishisini o‘ldirib qo‘ygani sababli, ikki o‘rtasida adovat tug‘ilgan. Mualla urug‘ining oqsoqollari o‘ldirilgan birodarlari xuniga Aday qirg‘izlaridan mingta qo‘y talab qilganlar, lekin ular bunga rozi bo‘lmagan. Shundan so‘ng ikki yuzga yaqin mualla yig‘ilib, oqsoqol boshchiligida Aday qirg‘izlarining ikki yuztacha qo‘yini, yana tuya va otlarini haydab kelishgan. Aday qirg‘izlari o‘z o‘rnida bularga hujum qilib, undan ham ko‘p qoramolni olib ketish taradudida ekan. Shuning uchun mullalar Rahimberdi oqsoqol boshchiligida qurollanib, sergak bo‘lib turgan ekan. Chunki adaylar qadimdan tevarak atrofdagi cho‘llarda eng dovyurak qaroqchi sifatida tanilgan bo‘lib, bir paytlar Kaspiy dengizida ruslarni ham asir olish bilan shug‘ullangan ekan!

Keyingi tunda Do‘schon oqsoqolning ovulida to‘xtadik. Uning inisi Zobik bilan biroz tanishligimiz bor edi. Zobikning o‘toviga kelganimda, u meni tug‘ishgan ukasiday kutib oldi va men uchun turli tansiq taomlar tayyorlashni buyurdi. Xizmatkorlarimga samovarni olib kelishni buyurdim va birgalikda choy ichib, ovqatlandik. Suhbat chog‘ida u qiziqib Xiva, xon va mening u yerda qanday yashaganim, tijoratim to‘g‘risida so‘radi. Suhbatimiz so‘ngida u menga qirq so‘m kumush pul berib, keyingi gal kelishimda Astraxandan marvarid olib kelishimni iltimos qildi, so‘ng dam olish uchun uyiga kirib ketdi. Biz esa o‘z chodirimizga qaytdik.

Shundan bir necha kun o‘tgandan so‘ng cho‘lda o‘tlab yurgan suruv-suruv qo‘ylarga duch keldik. Mening, “bu qo‘ylar kimniki?” degan savolimga cho‘ponlar, Qorasoch Sultonposhshaniki (begoyimniki), deb javob berdilar. Ulardan ovulning qayerdaligini bilib olib, yo‘limizni u tomonga burdik, chunki Sultonposhshani anchadan beri tanirdim.

Sultonposhshaning yoshi ancha joyga borib qolgan bo‘lib, meni har doim o‘zimning o‘g‘lim, derdi. Buning boisi, uning Ilyos ismli o‘g‘li menga juda o‘xshar edi. Begoyim bizni xursandchilik bilan kutib olarkan, u men bilan diydor ko‘rishishdan umidini uzganligini aytdi, chunki barcha Xiva safaridan qaytayotganlar xon meni u yerdan qo‘yib yubormasligini va o‘zining saroyida yashashga majbur qilishi mumkinligini aytgan ekan-da. U qizini Chimal urug‘ining baobro‘ oqsoqollaridan birining o‘g‘liga uzatayotgan ekan. Qayliq uchun alohida tikilgan o‘tovda uning ko‘plab dugonalari yig‘ilishgan edi. Kelin bilan ilgaridan tanish bo‘lganim uchun uning yoniga kirdim. Salomlashib bo‘lgach, sidqidildan barcha orzulari bekamu ko‘st ro‘yobga chiqishini tiladim. U menga minnatdorchilik izhor qildi. Qiz beqiyos go‘zal edi. U bilan oltita qiz o‘tirardi. Barchasining egnida qimmatbaho shoyi matodan ko‘ylak bo‘lib, boshlariga qirmizi shol ro‘mol tashlab olishgan edi. Ularni suhbatga tortish maqsadida rus to‘ylari haqida hikoya qilib berdim hamda qizlardan har xil narsalar to‘g‘risida so‘radim. Oldiniga ular mendan uyalishdi, lekin biroz o‘tgandan keyin dadilroq bo‘lishib, hatto sevgi haqidagi har xil qo‘shiqlardan kuylab berishdi. Odatga ko‘ra, qo‘shiq aytib berganlari uchun qizlarga hadya ulashib chiqishim kerak edi, shuning uchun ham ro‘mol berib, ularni xursand qildim. Ovulning urf-odati bo‘yicha, kuyov qaylig‘ini olib ketgani kelganda, uning bor qarindosh-urug‘larini quyuq mehmon qilishi va o‘zining holiga qarab hadyalar ulashib chiqishi kerak ekan. Agar hadya ko‘ngildagidek bo‘lmasa, kelinni bermasliklari ham mumkin ekan. Nikohni mulla o‘qiydi. Kuyov kelin bilan birga uning bir qancha qarindoshini olib o‘z ovuliga yo‘l oladi va o‘zining urug‘larini ham taklif etib, katta ziyofat beradi. Mehmonlar kelinga hadyalar berishadi: kim ot, sigir qo‘y, gilam, qisqasi, kim nimani xohlasa, shuni sovg‘a qilishi mumkin. Bu bazm oqshomida kelinning yuzi yopiq bo‘ladi. Yerliklarning udumlariga binoan, kelin tushadigan uyga xalat yoki ko‘ylak ustiga pishirilgan dumba yog‘ tashlab bir itni kirgizib yuborishadi. Agar it mehmonlar ko‘z oldida yog‘ni yeb tugatsa, ikki yoshning baxtli hayot kechirishi belgisi bo‘ladi, agar yemasa, bu – yaxshilik alomati emas.

So‘ngra kelinning qarindoshlari uning sepini olib kelishadi. Boyvachchalarning sepi bir o‘tov, bir yoki ikki tuya, bir necha qo‘y, qozon, tog‘ora, ko‘rpa va, shuningdek, xo‘jalik uchun kerakli jamiki mayda-chuydalardan iborat bo‘ladi. Kuyov kelin uchun qalin to‘laydi.

Bir kuni olti o‘tovdan iborat ovulga yetib kelganimizda, shu yerda tunashga to‘g‘ri keldi. Uning egasi kulchar, ya’ni g‘allakor ekan. U yozda bug‘doy, jo‘xori, tariq, qovun va tarvuz yetishtirarkan. Men unikida o‘tirganimda, bir kelishgan yigit kirib keldi. Egnida yashil movut bilan qoplangan qizil tulki terisidan tikilgan po‘stin, boshida qizil duxoba qoplangan va gir atrofiga zar uqa tikilgan tulki terisidan quloqchin, po‘stinining ostidan shoyi choponi ko‘rinib turibdi. U mezbonning qaynisi bo‘lib, qaylig‘inikiga ketayotgan ekan. Biz bilan salomlashib olgach, o‘tirib Astrobod atroflarida qanday qilib turkmanlar bilan birgalikda Eron ovullarini talaganliklari va odamlarni asir olganliklarini hikoya qilib berdi. Eroni erkaklarni Xiva xoniga jo‘natishar, xon ulardan navkar tayyorlar ekan, eroni qizlarga esa turkman yigitlari va, shuningdek, qirg‘izlar uylanisharkan. Bu ovuldan ketishimda kulchar menga qo‘y hadya qildi. Yo‘l bo‘yi qirg‘izlarga chopon sotib ketdim. Choponlarni hamma joyda talashib-tortishib olishdi.

Yo‘lda qandaydir tog‘lik va tepaliklardan o‘tishga to‘g‘ri kelib qoldi. Men karvondan qolib ketdim va atrofida bir necha qo‘y o‘tlab yurgan quduqqa ko‘zim tushdi. Quduqqa yaqinlasharkanman, qulog‘imga ruscha qo‘shiq chalinib, meni nihoyatda hayratlantirdi. Atrofda hech kimsa ko‘rinmasdi. Qo‘shiq aytgan odamni ko‘p qidirdim, lekin faqat bir qirg‘iz ayolni uchratdim. U mening, kim bu yerda ruscha qo‘shiq aytdi, degan savolimga, bilmayman, deb javob berdi, ammo mening rus ekanligimni bilgach qo‘shiqni o‘zi kuylaganini aytdi va o‘zi ham rus ekani, o‘n besh yildan beri qirg‘izlar orasida yashayotganini gapirib berdi. Uning hikoyasidan Orenburg guberniyasi, Krasnoxolmsk stanitsalik kazak qizi ekanini bilib oldim. Olti yoshlik paytida akalari bilan o‘t o‘rishda bo‘lganida qirg‘izlar hujum qilib, ko‘pchilik qatori asir olishgan ekan. Yoshi o‘n beshga to‘lganida, bir qirg‘izga erga berishgan ekan. Turmush qurganiga o‘n yil to‘libdi. Farzandlari bor ekan. Yur, Vataningga olib ketaman, deb qilgan da’vatimga, bolalarini ko‘zi qiymay, rad javobini berdi, hamda ona tilini unutib yuborgani, lekin eri ta’qib etsa-da, xristian diniga e’tiqod qilib, imkoniyat darajasida ibodat qilishini qo‘shimcha qildi. U bilan xayrlashganimda tuyalarim ancha ilgarilab ketgan edi, men ular tomon shoshib yo‘l oldim.

Keyin qariya Esondavlat oqsoqol bo‘lgan juda katta ovulga yetib keldik. Oqsoqol mendan ko‘proq Astraxan va Orenburg to‘g‘risida surishtirdi, gap orasida rus shaharlariga sayohat qilish istagi borligini qistirib o‘tdi. Orenburg shahrida bo‘lganida, u yerga valiahd shahzoda, hozirda esa muvaffaqiyat bilan Imperatorlik qilayotgan podshohimiz Aleksandr Nikolayevich tashrif buyurganini va uning ziyofatida qatnashganligini maqtanib gapirdi. Oqsoqolning to‘ng‘ich o‘g‘li mendan doim ko‘tarib yuradigan yomg‘irpo‘shimni hadya qilishimni so‘radi. Men churq etmay, unga so‘ragan narsasini berdim. U menga sidqidildan minnatdorlik izhor qildi. Lekin otasi shu arzimagan ikki so‘mlik narsa deb, beadabgarchilik qilgani uchun o‘g‘lini koyib berdi va menga o‘zi yetishtirgan zotdor toychoqlaridan birini tortiq qildi. Bu qariya yoshlik davrlarida ko‘p bora bosqinchilik yurishlariga borgan edi, bu ishlar uning uchun ko‘ngulxushi bo‘lib, ko‘plab qirg‘iz va turkmanlarni yengganini bilib oldim. U, shuningdek, Kaspiy dengizidagi sarguzashtlarini ham hikoya qilib berdi. U ko‘plab ruslarni asir olib, har xil bahoda sotgan ekan.

Cho‘llarda yo‘limizni davom ettirar ekanmiz, uncha katta bo‘lmagan ovulga duch keldik. Biz bilan hamroh bo‘lib ketayotgan oqsoqol ayron ichishga taklif etdi, men taklifni qabul qildim. Ovulga yaqinlashganimizda itlar hujumiga duch keldik. Men ataylab, o‘zimning kimligimni yashirish maqsadida boshdan-oyoq qirg‘iz qizlari kiyadigan qirmizi xalatga burkanib olgan edim. Ovulga kirib kelganimizda yo‘limizga bir qirg‘iz peshvoz chiqdi. Biz otdan tushmadik, u kulbamga kiringlar, deb zo‘rladi. Oqsoqolimiz, go‘yo men uning qizi va qayergadir mehmonga ketayotganimizni aytdi. Ayollar kiyimida ekanim va yuzim yopiq bo‘lgani tufayli yolg‘on gapirishga to‘g‘ri keldi, Oqsoqol ichishga biron narsa berishni so‘radi. Bir qizcha ikkita idishda ayron olib kelib, birini menga, ikkinchisini oqsoqolga uzatganida, boshimdagi yopinchiqni oldim, Qizaloq mening erkak ekanimni ko‘rib, onasi tomon qichqirgancha yugurib ketdi. Hamma xaxolab kulib yubordi.

Keyin turkman elchisi Otanazar tashrif buyurgan bir kattagina ovulda bo‘ldik. Elchi ko‘rimsiz, ammo epchil odam edi. U xondan qilich va oltin uzuk hadya olgan, aholi o‘rtasida o‘zining aqlliligi bilan mashhur bo‘lgan edi. U o‘zaro kelishmovchilikda bo‘lgan qirg‘izlar bilan tinchlik o‘rnatish maqsadida turkmanlardan vakil bo‘lib kelgan edi. Bunga ishontirish uchun bir-birlaridan tortib olingan asir va mollarni ayirbosh qildi. Elchi bilan eronilar o‘rtasidagi janglar to‘g‘risida ko‘p suhbatlashdim. U menga bajonu dil hikoya qilib berdi.

Cho‘llardan o‘tayotib, ko‘plab yovvoyi hayvonlarni ko‘rishga muyassar bo‘ldim. Yovvoyi otlar, tog‘ echkilari (arxarlar), sayg‘oqlar, bo‘rilar, tulkilar, bo‘rsiqlarni qirg‘izlar miltiq yoki qopqon bilan ovlar ekanlar.

Ulkan jiyda daraxti o‘sgan ovulga yetib keldik. Bu daraxtni muqaddas bilib, unga sajda qilishar ekan. Yerliklarning e’tiqodlari bo‘yicha, nogironlar bundan shifo topar emish. Uni avliyo daraxt deb bilishar, u masjid o‘rnini ham bosar ekan. Ko‘z oldimda barcha qirg‘izlar, hatto, bizning oqsoqol ham shu daraxtga borib ibodat qilishdi. Ularning urf-odatlarini ko‘rish maqsadida bir gal men ham bordim. Ibodat davomida o‘tganlar ruhini yo‘qlab tilovat ham qilinar ekan.

Shundan so‘ng kumush ustasi bo‘lgan bir qirg‘iz zargarning ovulida tunashga to‘g‘ri keldi. U kumushdan har xil narsalar yasar ekan. Men bu yerda bir yosh mulla bilan uchrashdim. U menga taqvo, Muhammad, Odam Ato va Momo Havo, Yusuf payg‘ambar, uning akalari tomonidan sotib yuborilishi to‘g‘risida hikoya qilib berdi. Bu mullaning shogirdlari ko‘p bo‘lib, o‘zi o‘ta o‘qimishli odam edi. Yana bir ovulga yetib kelganimizda, u yerda faqat ayollar qolgan bo‘lib, yuz yoshlik bir choldan boshqa barcha erkak o‘ch olish uchun boshqa ovulga ketgan ekan. Qariya qo‘yning kuragida yaxshigina fol ochar ekan, menga ham ba’zi narsalarni bashorat qilib berdi.

Shunday qilib, Xivadan qaytishimda qirg‘iz cho‘llarida sayohat qilib yurdim va ularning ovullarida savdo qildim.

Bir ovulda chodirimizga oqsoqolning qizi onasi bilan kirib keldi. Qiz juda go‘zal bo‘lib, orasta kiyingan, ko‘rinishidan dovyurak va muomalada dadil edi. U mendan yaxshi shol ro‘mol so‘radi. Men har xil ro‘mollarni ko‘rsatdim, lekin unga hech qaysisi yoqmadi – birontasiniyam tanlamadi. Shundan so‘ng u ustimdan kulib, ro‘mollarimni yerga urib qo‘shiq kuyladi. Qo‘shig‘ining ma’nosi taxminan shunday edi: “Ey, sen, rus odami, eng bo‘lmag‘ur savdogarsan, bizning yerlarda yurib yomon mol sotasan, xalqni aldab o‘z yurtingga ketib qolasan”.

Uning bunday noma’qul muomalasini bejavob qoldirgim kelmay, men ham qo‘shiq bilan javob berdim: “To‘g‘ri aytasan, sen aytgandek yomon savdogarman, yaxshi ro‘mollarim qolmadi, sababi, ularni Xivada chiroylik qizlarga sotdim, sen o‘zingga yaxshi shol ro‘mol so‘rading, menimcha, u senga yarashmaydi, chunki bo‘yning qozonning qurumidek qora”.

Bu yerda hozir bo‘lgan qirg‘izlar xa-xolab kulib yuborishdi. Uning o‘zi ham kulib, “Eh, yomon o‘rus”, – dedi.

Qirg‘izlarning orasida ko‘rganlarimdan eng esda qoladigani, ularning sentyabr oyida nishonlagan Qurbon hayiti edi. Bu bayramda boyu kambag‘al qo‘y so‘yib, undan taom tayyorlaydi, bir-birinikiga mehmonga boradi, o‘tovdan-o‘tovga o‘tib, hamma yerda bir-birini qo‘y go‘shti bilan siylaydi, cho‘llarda sayillar o‘tkazib, turli xil milliy o‘yinlar o‘ynaydilar.

Qirg‘izlar juda ahil yashaydi va bir-birini tomirim, deb ataydi. Ularning do‘stligi shu qadar kuchliki, do‘st uchun hatto o‘limga ham borishga tayyor.

Ularning tirikchiligi asosan chorvachilik bilan bog‘liq, lekin g‘alla ham yetishtirishadi. Yana qayiqlari bo‘lib, dengiz va oqar suvlarga borib, baliq ovi bilan ham shug‘ullanishadi. Baliqni tepadan turib sanchqi bilan urib olishadi. Har bir qayiqqa besh yoki olti kishidan o‘tirishib, ovga chiqishadi. Baliqni yeb, undan olinadigan yelimni bizga yoki Xivaga olib borib sotishadi. Bundan tashqari dengizda har xil qushlarni ovlashadi. Ularning semirgan paytini-da yaxshi bilishadi. Ovlanadigan qushlar: qizil oqqush, qizil g‘oz, yovvoyi o‘rdaklar, qashqaldoqlar.

Ilgarigi davrlarda baliqchilarimiz qirg‘izlardan tez-tez talafot ko‘rib turishardi. Ular nafaqat talanardi, balki asirga ham olinardi. Endi esa, bu onda-sondagina sodir bo‘lib turadi. Bu ish ularning nonini yoki ortiqcha kiyimini tortib olish maqsadida qilinadi. Yuqorida nomlari keltirilgan Aday qirg‘izlari qadimdan qaroqchilikda mashhur bo‘lishgan.

Rus tilidan Omonulloh Mutal tarjimasi

 

TARJIMONDAN

1995 yil avgustining boshlarida Xiva shahrida xizmat safarida edim. Bomdod namozini mashhur Olloqulixon qurdirgan karvonsaroy qarshisidagi masjidda jamoaga qo‘shilib o‘qidim. Duoi fotihadan so‘ng o‘tirgan joyimda masjidning ichini bir chekkadan ko‘zdan kechira boshladim. Ko‘hna binoning qurilish uslubi negadir ko‘proq ovropacha imoratlarni eslatardi: devorlari o‘ta qalin bo‘lib, xonaqo ichiga bir necha yuz kishi sig‘sa-da, birorta ustun o‘rnatilmagan va ulkan qadimiy qandil ilib qo‘yilgan edi. Namozxonlar tarqalgandan so‘ng tashqariga chiqib, masjidning tashqi qismiga razm soldim. Binoning oldida baland ayvon, to‘rtta qaramon daraxtidan qilingan jimjimador o‘ymakor naqshlar bilan bezatilgan ustun o‘rnatilgan. Masjidning biqinida shaharning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib serviqor minora bo‘y cho‘zib turibdi. Masjid peshtoqidagi yozuvni o‘qiyman: “Said Niyoz sholikor” jome masjidi, 1835 yili qurilgan…” Mening har bir narsani diqqat bilan kuzatayotganimni sezgan masjid imom-xatibi Rahmatulla ma’noli boqib, biror savolingiz bormi, degandek bo‘ldi.

– “Said Niyoz sholikor” masjidi deb atalishining boisi nimada?

– Said Niyoz degan bir ulug‘ zotning, Olloh u kishini o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin, mablag‘iga qurilgan ekan.

– Ismidagi sholikor qo‘shimchasi-chi?

– Naql qilishlaricha, u kishi dehqonlardan sholi olib, guruch qilib sotarkan. Savdogarchilik qilarkan. Taxminan 1830 yillarda bo‘lsa kerak, Orenburgdan boshqa mollar bilan birga qora saqich ham olib kelgan. O‘shanda Xivadan Orenburgga tuya karvonlari qirq ikki kun deganda yetib borarkan. Saqich yaxlit qopda bo‘lib, maydalab sotilarkan. Bir qopdagi saqichning ichidan oltin chiqibdi. Darrov oltinlarni berkitib, Orenburgga noma yo‘llabdi: “Ey, birodari aziz, menga saqich, deb berganingiz oltin ekan, buni qaytarib olishingizni iltimos qilaman”. U yerdan esa: “Men Siz muhtaramga, Ollohning shohidligi va hamrohlaringiz guvohligida saqich sotganman, hech qanaqa oltindan xabarim yo‘q, shuning uchun meni ma’zur tutasiz…”, degan javob kelibdi. Shundan so‘ng Said Niyoz Olloqulixonga(1825-1842 yillar xon bo‘lgan) uchrabdi.

– Oxiratim kuyib ketmasa, deb qo‘rqaman. Menga saqich deb sotganlari oltin bo‘lib chiqdi, shuni xonlik xazinasiga qabul qilishga ijozat berib, meni nihoyatda og‘ir tashvishdan xalos etsangiz, – deb arz aytibdi.

Xon shu yerda hozir bo‘lgan Muhammad Yusuf mehtarga (1803-1839 yillar mehtar, ya’ni bosh vazir bo‘lib, Avazbiy, Eltuzar, Muhammad Rahim I va Olloqulixonlar davrida xonlikning iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy va madaniy hayotida katta mavqega ega bo‘lgan) savol nazari bilan qarabdi. Mehtar, xazinachiga javob ber, deganday bo‘libdi. Xazinachi, bir qopdagi oltinga, bir Said Niyozga qarab olib:

– Meni kechirasiz-ku, xon oliy janoblari, bu oltin qanday yo‘l bilan topilgani bizga qorong‘u bo‘lsa, keling, bir xalta oltin deb xonlik xazinasini bulg‘amaylik, – deb javob beribdi.

Shundan so‘ng Said Niyoz ko‘zda yoshi bilan qopni ko‘tarib chiqib ketibdi. Uch kundan so‘ng xon uni chaqirtirib: “Mening uyqumda shu narsa ayon bo‘ldiki, bu oltinlar sen uchun halol ekan, agar xohlasang masjid qurishing mumkin, yana o‘zing bilasan”, – debdi, Shunday qilib ana shu masjid bitib qolgan ekan.

– Sadag‘ang ketay, inbu mechit qurilishinda dim ko‘p odam qatnashg‘an, – deb ulab ketdi mutavalli Sovur ota.

Xonning maxsus farmoni chiqqan. Qurilish bo‘ladigan maydonda olti xonadon yashayotgan ekan. Said Niyoz joy egalari bilan uchrashib, ularni rozi qilib, joyini sotib olmoqchi bo‘lgan. Ulardan biri yolg‘iz turadigan Bekajon momo ekan.

– Ona, uyingizni narxini aytsangiz, men sizni rozi qilsam, – degan Said Niyoz.

– Bolajonim, dunyo turguncha turgaysan, zavol ko‘rmagaysan, baxting yotmagay. Menga bir chaqang kerakmidi, faqat bandalikni bajo keltirgach, meni shu yerga dafn etsang bas, – deb javob bergan kampir (Said Niyoz va Bekajon momo masjid ichiga dafn etilgan). Uy egalaridan biri mashhur Yalmanboy ekan, u Said Niyozning: ”Joyingizni narxini ayting”, – degan savoliga: – Yoshulli, o‘zingni mendan ham boy deb sanaysanmi? Ertaga kelsang joyni bo‘shatib qo‘ygan bo‘laman, oltiningni masjidga ishlat, degan ekan.

Qurilish boshlanishida tumonat odam yig‘ilibdi. Shunda oqsoqollardan biri xaloyiqqa murojaat qilibdi:

– Kim o‘n ikki yoshdan namozga o‘tgan bo‘lib, farz amallarini biror marta ham qazo qilmagan bo‘lsa, birinchi g‘ishtni qo‘yib bersin.

Buni qarangki, Said Niyozdan boshqa hech kimsa o‘tolmagan ekan.

Mezbonlar hikoyasi menga shu qadar ta’sir qildiki, hanuzgacha unutolmayman. Nosoz tuzum davrida bizga g‘arazli maqsadda o‘tmishdagi xonlar va boylar oltin-javohir deb bir-birlarining ko‘zlarini o‘yishgan, o‘ldirishgan, ularda hech qanday muqaddas narsaning o‘zi yo‘q edi, deb bizni ishontirmoqchi bo‘lib kelishganidan o‘kindim. Balki bu rivoyat odamlar tomonidan to‘qilgan afsonadir, lekin aytuvchilar uni shunday ishonch bilan hikoya qilib berardilarki, u hech yolg‘onga o‘xshamasdi.

Shu voqeani eshitgandan so‘ng mening tinchim yo‘qoldi. Toshkentga qaytib kelganimdan boshlab, bir necha kun Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaga qatnab, Xiva tarixi, ayniqsa, Olloqulixon davriga tegishli adabiyotlar bilan tanishdim. Ularning aksariyati XIX asrda, rus tilida yozilgan bo‘lib, ularda o‘sha davrdagi mustamlakachilik, shovinistik ruh yaqqol sezilib turardi.

Adabiyotlar ham har xil saviya va maqsadda yozilgan bo‘lib, ularda ichki madaniyati o‘zlaridan ancha boy, qadim-qadimdan umum-bashariyatning madaniy hayotining har tomonlama rivojiga o‘ta salmoqli hissa qo‘sha olgan ota-bobolarimizni uyalmay-netmay “yarim yovvoyi” deb yozishadi. Lekin o‘qiganlarimdan o‘zim uchun jumboq bo‘lib kelgan ko‘p savollarga javob topganday bo‘ldim. O‘tmishdoshlarimizning davlat tuzilishi (1825 yildayoq Xivada Oliy Kengash tuzilgan bo‘lib, barcha masalalar ahamiyati va salmog‘iga qarab aholining turli tabaqa vakillari ishtirokida ko‘rilarkan), xalq xo‘jaligining yuritilishi, dehqonchilik va sun’iy sug‘orish inshootlarining barpo etilishi, go‘zallikda tengi yo‘q shaharlarning qurilishi, adabiyot va san’atda betakror ijod qilinganligi ko‘ksimni tog‘ qildi. Qizig‘i shundaki, bularning hammasini o‘sha bizni bosib olgan xalqning vakillari yozib qoldirgan adabiyotlardan bilib oldim.

Xiva tarixi bilan qiziqib yurganligimni kutubxonaning deyarli barcha xodimlari tez kunda bilib olishdi va qo‘llaridan kelganicha meni qiziqtirgan mavzuga tegishli kitob, jurnal yoki gazeta topib berishdi.”Savdogar Abrosimovning Xivaga qilgan safari to‘g‘risida hikoyasi ” ning topilishi ham shunday bo‘ldi. Bu – safar xotiralari bo‘lib, 1873 yilda Rossiya Akademiyasining Sankt-Peterburgda nashr etilgan “Ejegodnik”(Yilnoma) da chop etilgan ekan.

Yanglishmasam, shanba kuni edi. Ertalab kutubxonaga kirib kelganimda, kutubxonachi qizlardan biri:

– Mana buni bir ko‘rmaysizmi? – deb qo‘limga tutqazdi.

Turgan joyimda ikki-uch varag‘ini o‘qib qo‘ydim. Yo‘l taassurotlari XIX asrning o‘rtalarida chop etilgan bo‘lsa-da, tili o‘ta ravon va tushunarli edi.

Ma’lum bo‘lishicha, muallif yigirma yoshlarda bo‘lib, o‘zbek va qirg‘iz (o‘sha paytlarda Rossiyada qozoqlarni qirg‘iz deb atashgan) tillarini yaxshi bilgan.

Muallif o‘zining yoshi va Rossiyaning Orengburg guberniyasidan ekanligini yozsa-da, o‘zining ismi, qaysi yili safar qilgani va Xivaning qaysi xoni bilan muloqotda bo‘lganligini yozmaydi. Hikoya 1873 yilda chop etilgan bo‘lsa-da, unda bayon etilgan ba’zi voqealarga qarab, dastlab bu tojirning safari 1840-1842 yillarga to‘g‘ri kelsa kerak, degan xulosaga keldim. Bunga dalil sifatida Abrosimov xon bilan qilgan suhbatlaridan birida, u: “Eshitishimcha, rus asirlarini ozod qilib yuborganim uchun podshoh (Nikolay I demoqchi) menga emas, nimagadir Angliyaga minnatdorchilik bildiribdi”, – deydi.

S.V Jukovskiy 1915 yilda chop etilgan kitobida “1840 yilning yozida Xiva elchisi Otaniyoz Xo‘ja 418 asir bilan, ularning ichida zobit Aitov ham bor edi, Orenburgga yetib keldi, ularning ketlaridan vatanlariga qaytishni ixtiyor etgan 5 rus fuqarosi va 2 qalmoq yangi elchi boshchiligida tuzilgan maxsus karvon bilan jo‘natildi”, deb yozsa, atoqli olim B.Mannonov (Tarix soxtakorlari, Toshkent, “Fan”, 1983 yil): “Angliyalik kapitan Richmond Shekspirning Xivaga kelgan vaqti ana shu asirlarining o‘z yurtiga jo‘natiladigan paytiga to‘g‘ri keladi. U bu yerda o‘z zimmasiga topshirilgan ma’lum vazifalarni bajargach, Rossiya orqali qaytish niyatini bildiradi. Xon unga ozod qilingan asirlar karvoniga qo‘shilib, Xiva vakillari qatorida Orenburgga yetib olishga ruxsat beradi. Bu tasodifdan hovliqib qolgan Shekspir o‘zini Xivadagi rus asirlarini ozod qilgan yakkayu yagona qahramon sifatida reklama qilishga tushib ketadi”, – deb yozadi.

Bundan tashqari, Abrasimov o‘z hikoyasida rossiyalik savdogar Z. to‘g‘risida yozadi. M.Ivaninning yozishicha (“Opisaniya zimnego poxoda v Xivu v 1839-1840”,SPB, 1874), Olloqulixon davrida savdogar Zaychikov 60 ming so‘mlik mol yuborgan.

Abrosimov yosh bo‘lishiga qaramay, safar chog‘idagi har bir narsa va voqeani o‘ta sinchkovlik bilan o‘rganib, o‘quvchi uchun qiziqarli va tushunarli sodda xalq tilida hikoya qiladi. Bu hikoyada o‘sha davrdagi ijtimoiy va siyosiy hayot, turk qavmiga mansub o‘zbek, qozoq va turkmanlarning urf-odatlari, yashash tarzlari, hayvonot dunyosi va boshqa narsalar to‘g‘risida qiziqarli ma’lumotlar berilgan.

Abrosimov xotiralari yana shunisi bilan qimmatliki, u ko‘rgan narsalarini boricha qalamga oladi. U yo‘lma-yo‘l va Xivada uchratgan, u bilan muloqotda bo‘lgan odamlar haqida, ularning millati va e’tiqodidan qat’iy nazar, katta mehr bilan yozadi.

Omonulloh Mutal, tarjimon

Jahon adabiyoti, 2013 yil, 8-son