Qosimjon Sodiqov. Turfon obidalari

2012 yilning ko‘klamida xizmat safari bilan Urumchida bo‘ldim. O‘shanda menga o‘tmish tsivilizatsiyasining o‘choqlaridan bo‘lmish Turfonga safar qilib, uning eski xarobalarini ko‘rish nasib etdi.
Turfon Urumchidan 182 kilometr uzoqliqda joylashgan. Ikkisini bog‘lab turuvchi yangi qorayo‘l (avtomobil yo‘li) qurilgan: Ulovda Urumchidan chiqib keng va tekis yo‘ldan kunchiqarga yuriladi. Shahar tevaragidagi ekinliklar tugab yozi-yobonga chiqasiz. Yo‘lning ikki yog‘i tap-taqir. Tuprog‘ining beti qoramtir. Katta yo‘l ochiq yerga tushganidanmi, Turfonga yetguncha yo‘l yoqasida biror qishloq yo qo‘rg‘on uchramaydi. Ancha yurgach, son-sanoqsiz shamol elektr pirpiraklari tiklangan yerga yetasiz. Bu joyni Dabanchin deyiladi. Bu yerning yeli kuchli, kishini uchirib yuborguday, izg‘irin. Elektr pirpiraklarining ana shu tuzlikka tiklangani bejiz emas. Turfonga dovur shunday pirpiraklar o‘rnatilgan joydan yana birovi bor. Yarim yo‘ldan o‘tgach, yo‘l Tangritog‘ (Tyanshan) tizmalari etagidan o‘tadi. Tog‘ning etagida katta ko‘l ham bor. Aytishlaricha, undan tuz olinadi, suvi sho‘r. Umuman, bu yerlar sho‘rtuproq. Betini sho‘r qoplagan dalalarga ham tez-tez ko‘zingiz tushadi.
Ancha yurgach, qorayo‘l ilon izi bo‘lib oqqan soy yoqalab tog‘lar orasini kesib o‘tadi. Ikki yondagi toshqoyalar o‘ta salobatli. Bir vohadan boshqasiga o‘tiladigan yo‘l ham shuning o‘zi. O‘tmishda arqish (karvon) yo‘llari ham ana shu yerdan o‘tgan. Tog‘lar tugab, kenglikka chiqasiz.
Turfonga yaqinlashgan sayin dasht-tuzlik tugab, paxta dalalari, ekinliklar boshlanadi. Tuprog‘i unumli bo‘lgani uchunmi, Turfon vohasida paxta, don-dun burundan ekib kelingan (Tarixini aniq aytish qiyin, ziroatchilikning bu xili qadimgi bitiklarda ham tilga olingan). Shaharga yetmay, o‘ngga burilib, eski xarobalar tomon kirib boriladi. Yo‘li tor, ikki yonda uyg‘ur qishloqlari. Bu va umuman Turfondagi qishloqlar kishi e’tiborini o‘ziga tortadi: oddiy uylar, tevaragi uzumzor. Farg‘onaning chekka hududlari, Samarqand, Shahrisabz tevaragidagi qishloqlarni eslatadi kishiga. Burilishdan boshlab, qishloqlar oralab keta-ketguncha uzumzor. Bu yerlarda uzumchilikka katta e’tibor beriladi. Yerli kishilarning so‘ziga qaraganda, Turfon uzumining dovrug‘i dunyoga ketgan: donasi yirik-yirik va shirin, ikki-uch boshi savatni to‘ldiradi. Xalqi mehnatkash, tirikchiligi uzumdan. Tokning parvarishi ham bizdagidan farqli: qishda tok yerga ko‘miladi, ko‘klam kelishi bilan ildiziga taqab ochiladi. Ishkomlar tartibli, toklar nihoyatda tekis taralgan, navdasi ham baquvvat. Yana bir jihati, har qaysi eshikda uzum saqlash va mayiz quritish uchun maxsus boloxonalar qurilgan; ular pishiq yoki xom g‘ishtdan panjarasimon ishlangan bo‘lib, orasidan shamol o‘tib turadi. Tomlar loysuvoq. Uzum quritiladigan ushbu boloxonalar xalq tilida chunja deyiladi. Bunday qurilmalar bizning mayizchilik bilan shug‘ullanuvchi vohalarimizda ham bor. Chunonchi, Kitob tumanidagi Qaynar qishlog‘ida shu usulda mayiz qilinadi.
Turfon uyg‘urlarining shevasi, urf-odati, tashqi ko‘rinishi ham o‘ziga xos.
Qorayo‘ldan ichkariga ikki-uch chaqirim yurilgach, eski xarobalarga yetasiz. Xalq bu yerni Bezaklik ming uylar deydi. Buddaviylik davridan qolgan ushbu obida ikki soy o‘rtasidagi tepalikda, nihoyatda katta majmua. Soy hozir ham oqib turibdi, lekin suvi sayoz. Bu joylarning tarixi ikki ming yilga boradi. Umrimda bunday haybatli obidani ko‘rmaganman. Bizdagi Afrosiyob yoki Panjikent xarobalariga o‘xshab ketadi, lekin ancha katta. Tepaliklarni o‘yib qurilgan eski ibodatxonayu uylarning son-sanog‘i yo‘q; orada loy g‘ishtdan ishlanganlari ham bor; uylarni tutashtiruvchi tor yo‘laklar; devorlarda tokchalarning o‘rni. Shuncha zamonlar o‘tib ham to‘kilib tushmagani aqlga sig‘maydi.
Bezaklik ming uylar xarobasi hozir ochiq muzeyga aylantirilgan. Oraga ziyoratchilarning yurishi uchun pishiq g‘isht terib yo‘l solingan, ayrim joylarga taxta to‘shab qo‘yilibdi. Kelib-ketuvchilarning keti uzilmaydi.
Biror tepalikka chiqib tevarakka boqqan kishi ajoyib manzarani ko‘radi: oldinda haybatli qo‘rg‘on xarobalari; soyning narigi tomonida yam-yashil ekinzorlar, uyg‘ur qishloqlari, uzoq-uzoqlarda qurama tog‘lar.
Izga qaytishda Turfon shahriga yetmay turib, Koriz muzeyi degan joyga kelasiz. Hovlisi keta-ketguncha ishkom. O‘tmish dehqonchiligining yorqin izlari ana shu yerda yaqqol ko‘rinadi. Qadimda bu yerlarda korizlar (suv quvurlari, yer osti hovuzlari) ko‘p bo‘lgan. Buning sababi, tog‘ bilan bu yerning o‘rtasi cho‘l bo‘lib, tepadan suv keltirish uchun yer osti korizlari qazilgan. Quvurlar shu yergacha tortib kelingan, so‘ng ustidan quduqlar qazilib, suv yerning yuziga chiqarilgan. Muzeyning yangi qurilgan binosi ostida ana shunday qadimiy korizlardan biri bor: yaxshi saqlangan, quvuri sopoldan, suvi hozir ham sharqirab oqib turibdi; nihoyatda tiniq va muzday, bir qultum ichsangiz, tanangiz yayraydi, onadan qayta tug‘ilganday bo‘lasiz (Koriz suvini ichib yurgan odam umr bo‘yi dardga chalinmasa kerak, nazarimda). Bu inshootning qurilishi o‘z zamonida qanday katta kuch talab qilganini tasavvur qilish qiyin emas. Bu korizning tarixi ham ming yildan nariga boradi. Hozir Turfonda eski korizlardan anchasi saqlangan, ba’zilari qurigan. Dehqonchilik va bog‘dorchilikda, xalqni ichimlik suvi bilan ta’minlashda ota-bobolarning ana shu kashfiyoti hanuz qo‘l kelyapti.
Turfon (uyg‘urlar Turpan deb talaffuz qiladi; xitoychada Gao‘chan) – tog‘ etaklarida joylashgan voha. Uning geografik sharoiti, iqlimi, Buyuk ipak yo‘lida joylashganligi o‘lkaning doimiy gullab-yashnashiga imkon bergan. Iqlimi tufayli bu tuproqda yaratilgan osori atiqalar, yozma yodgorliklar bizning kunimizgacha yaxshi saqlangan.
Madaniyat sohasida ham bu ko‘hna o‘lkaning imkoniyatlari cheksiz edi. O‘tmishda qadimgi turkiy, sug‘d, tohar, budda, moniy madaniyatlari shu tuproqda tutashgan. Ayniqsa, buddaviylik davrida Turfon kishilik tsivilizatsiyasi yuqori bo‘lgan yirik madaniyat o‘choqlaridan bo‘lib, ulug‘ yuksalishlar ana shu zamonda yuz berdi. Ko‘hna Turfon bir qancha yuksalish va madaniyatlarning tutash nuqtasi bo‘lgan.
Turfon xalqi asrlar osha turli madaniyatlar, diniy-falsafiy qarashlar ta’sirida bo‘lib kelgan: boshda tangrikanlik, so‘ng buddaviylik, moniylik, nasroniylik qarashlari amal qilgan. Keyinchalik esa ularning o‘rnini islom egalladi. Bu o‘lkada o‘tmishda, turkiy qavmlar bilan bir qatorda, sug‘d, tohar jamoalari ham yashagan. Bu tuproqlardan qadimgi turkiy asarlar bilan bir qatorda sug‘dcha, toharcha asarlar topilganligining boisi ham shunda. Sug‘dlar bu o‘lkaga tijorat ishlari, diniy-missionerlik harakatlari tufayli kelib, o‘rnashib qolgan edi. Turkiy xalqlar orasida buddaviylik, moniylik, nasroniylik qarashlarining yoyiluvida ham sug‘dlarning xizmati katta bo‘lgan. Buning singari bog‘lanishlar izini ota-bobolarimizning yozuv madaniyatida ham kuzatamiz.
Qadimgi budda va moniy madaniyatlarining klassik davri ham Turfonda kechdi. Hatto buddaviylik Xitoy va Mo‘g‘ulistonga ana shu yo‘l orqali kirib borgan. Xitoy rohiblari muqaddas safarga ana shu yo‘ldan o‘tganlar. Xullas, Turfon qadimdan Markaziy Osiyoning yirik madaniy, ijtimoiy-siyosiy, savdo markazlaridan biri bo‘lib keldi. Bu o‘lkada ulug‘ va o‘lmas obidalar yaratilganining sababi ham ana shunda.
Turfon IX–XIII asrlarda, to‘rt yuz yil davomida hukm surgan Qo‘chu davlatining markazi bo‘lgan. Bu davrlarda ana shu tuproqlarda yozuv madaniyati gullab-yashnadi; budda, moniy, nasroniy mazmundagi asarlar yaratildi; yozma adabiyot, ayniqsa, tarjima adabiyot rivojlandi. Bu davlatning rasmiy dini buddaviylik edi, shunga qaramay, boshqa diniy jamoalarga-da yo‘l berilgandi. Budda, moniy jamoalaridan yetishib chiqqan o‘qimishli kishilar dinning falsafiy-ta’limiy, axloqiy g‘oyalarini keng ommalashtirish maqsadida o‘z asarlarini xalqqa tushunarli tilda, badiiy asar darajasida bitishga uringanlar. Shuning uchun ham ushbu asarlar qadimgi turkiy, sug‘d, tohar adabiyotlarining klassik namunalariga aylangan.
Ko‘hna Turfon, uning tarixi sharqshunoslikning, xususan, g‘arb sharqshunoslarining doimiy diqqat markazida turadi. Olimlar bu tuproqlarda juda katta tadqiqot ishlari olib borgan, arxeografik ekspeditsiyalar uyushtirganlar. O‘tgan asrning boshlarida Turfon xarobalaridan son-sanoqsiz arxeologik obidalar, yozma yodgorliklar topildi. Ushbu topilmalar miloddan avvalgi davrlardan boshlab o‘rta asrlargacha bo‘lgan davrlarga tegishlidir. Devoriy rasmlar, ibodatxona va saroylardan chiqqan haykalchalar, qimmatli buyumlar, nodir qo‘lyozmalarning bari tashib ketildi. Hatto eski mozorlardan chiqqan mumiyolangan jasadlar, taxta tobutlari bilan qo‘shib olib ketilgan. Hozir ular yirik muzeylar va qo‘lyozma fondlarida saqlanmoqda. Bezaklik ming uylarning bebaho obidalari Turfon va Urumchidagi tarix muzeylari, Berlin, London, Sankt-Peterburgdagi muzeylar va qo‘lyozma xazinalarini boyitib turibdi (Urumchidagi Shinjon tarix muzeyida mumiyolangan jasadlardan tortib, haykalchalar, sopol buyumlar, asl qo‘lyozmalar deysizmi, hamma-hammasidan bor, ko‘rib hayratga tushadi kishi).
Turfon xarobalaridan chiqqan obidalar ichida yozma yodgorliklar alohida o‘rin tutadi. Ular qadimgi turkiy, sug‘d tillarida bo‘lib, budda, moniy jamoalari tomonidan bitilgan. Yozuv ashyosi – teri, qog‘oz, yog‘och, sopol idish va metall. Orada devoriy rasmlarga yozilgan bitiklar ham bor.
Yozma yodgorliklarning muayyan bo‘lagi o‘sha davrlarga tegishli rasmiy hujjatlardir. Muhim qirrasi, Turfondan topilgan rasmiy bitiklar xonlarning yorliqlari yoki yurt egalarining o‘zaro yozishmalari, diplomatik hujjatlar emas. Ular yirik yer egalari, boylar, dehqonlar, oddiy kishilarning oldi-berdisi, xo‘jalikning kirim-chiqimi, kimgadir sotilgan yer hujjati, ijaraga olingan yer uchun yozilgan tilxatlar, qarzga olingan don-dunni, matoni evazi bilan qaytarish to‘g‘risidagi vasiqalar, qullarning o‘z beklari ustidan yozgan shikoyatlari yoki yirik boylarning o‘z quliga bergan erk hujjatlaridir. Qadimgi turk ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotini butunicha qamrab olgan ushbu hujjatlar jamiyat hayoti, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy munosabatlar tarixini o‘zida yaqqol aks ettirgan.
Eski, sarg‘ayib ketgan qog‘ozlardagi bitiklarning hammasi ham yaxshi saqlangan emas; ko‘pi chirib, matn bo‘laklari to‘kilib tushgan; ayrimlardan kichik parchalar qolgan. Ularning ichida matni uzuq-yuluq saqlanganlari ham ancha, orada ayrim joylarini o‘qib ma’no chiqarish qiyin. Shunday esa-da, siyohi hanuz tiniq.
Hujjatlar turkiy tilda bo‘lib, davlat ishlarida uning mavqei yuqori ekanini bildiradi. Ular eski uyg‘ur xatida bitilgan. Ba’zi hujjatlar tartibli, chiroyli xatda, ayrimining esa shoshib yozilgani bilinib turadi. Ora-orada idoralarning muhr-tamg‘alari urilgan, hujjatlarning oxiriga esa qarz oluvchi va guvohlarning belgi-nishonlari qo‘yilgan.
Hujjatlar matnida ularni bituvchi kishilarning ismlari ham saqlanib qolgan. Bu yumush bilan, odatda, yurt boshliqlari, davlat idorasining xizmatchisi (bek, tudun yoki notarius), qarz beruvchining o‘zi yoki uning ishonchli kishisi shug‘ullangan. Matnning savodli, yuksak darajada yozilganiga qaraganda, ular qonunlarni, to‘ru-tuzuklarni yaxshi bilgan, bilimli kishilar o‘tgan.
Ta’kidlamoq o‘rinliki, ushbu bitiklar turkiy hujjatchilikning ilk namunalari emas. Ular, Qo‘chu davlati zamonidan qolgan (ayrim hujjatlarda Qo‘chu nomining berilganligi ham shuni ko‘rsatadi). Vaholanki, turkiy hujjatchilik bundan-da eski zamonlarga borib taqaladi. Shunday esa-da, ular hujjatchilikning nodir namunalari bo‘lib, turkiy rasmiy uslubning yuzaga kelishi va tarixiy taraqqiyotini o‘rganishda katta ahamiyatga ega.
Bitiklar hujjatchilikning barcha talablariga javob beradi: tuzilishi puxta; matn komponentlari o‘zaro uyg‘un; matn uslubi, atamalar tizimi yuksak bosqichda. Qadimgi turkiy hujjatchilik uzoq uslubiy taraqqiyot bosqichini bosib o‘tganidan dalolat beradi. Hujjatlarda buning singari kishini hayratga soluvchi o‘rinlar talay.
Ma’lumki, o‘rta asr jamiyatida, davlat siyosatida kishilar o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy munosabatlarning huquqiy asoslari chuqur ishlab chiqilgan edi. Qanday bo‘lishidan qat’i nazar, kishining haq-huquqini belgilovchi ishlar, oldi-berdi, davlat idoralari va xo‘jalikdagi kirim-chiqimlar rasmiylashtirilgan, ular hujjatlarda qayd etib qo‘yilgan.
Shu o‘rinda bir masalaga e’tibor bersak. Qonunga ko‘ra, har qanday oldi-berdining kafolatlanuvi, olingan narsa oluvchining o‘zi yoki uning yaqinlari tomonidan albatta qaytarilmog‘i kerak. Biror narsani qarzga beruv hujjatlarida berginčä yoq bar bolsar-men degan jumlaga ko‘zimiz tushadi. Bu jumla “qarzni berguncha bormanmi-yo‘qman, berolmasam (qarzni uzolmasam)” degan ma’noni bildiradi. Masalan, Berlin fondida saqlanayotgan T.M.222 ko‘rsatkichli Bulmish ismli kishining soliq to‘lash maqsadida Qara O‘g‘uldan qarzga olgan kumush tanga uchun bergan tilxatida bu holat shunday kafolatlangan: Asïğï bilä köni berür-men. Berginčä yoq (ba)r bolsar-men kišim Tüzüg köni (b)ersün. Ma’nosi: “(Kumushni) foydasi bilan to‘liq qaytaraman. Berguncha yo‘q-bor bo‘lsam (borman-yo‘qman), xotinim Tuzug to‘liq bersin”. Bu o‘rinda berimchi berimni kishisi (xotini) Tuzugni o‘rtaga qo‘yib kafolatlamoqda.
Shu o‘rinda o‘rta asr hujjatlari uslubining muhim qirrasi to‘g‘risida ikki og‘iz so‘z. Odatda, rasmiy uslub o‘zining aniq va ravshanligi, ko‘chma ma’noli so‘zlar, frazeologik birikmalar, tasviriy ifodalar, ko‘tarinki jumlalar, turli badiiy vositalarning uchramasligi bilan ajralib turadi. Lekin bu o‘lchovni, cheklovni hech bir o‘zgarishsiz qadimgi turkiy tildagi rasmiy bitiklarga, qolaversa, o‘rta asr hujjatchiligiga nisbatan qo‘llash o‘zini oqlamaydi, nazarimizda. Sababi, o‘sha davr hujjatlarida, yuqorida rasmiy uslubga tegishli deb qaralayotgan belgilardan tashqari, og‘zaki uslubga, badiiy matnlarga xos vositalar ham uchrab turadi. Bituvchi-kotiblar fikrni teran anglatish, uning ta’sirini kuchaytirish, vasiqani mazmunli va shirali bayon qilish, matn uslubining silliq va ohangdor chiqishi uchun, o‘rni bilan, badiiy vositalardan ham foydalangan. Bir so‘z bilan aytganda, hujjatlar uslubiga og‘zaki, so‘zlashuv uslubi bilan bir qatorda, badiiy tafakkurning, badiiy uslubning, qadimgi turkiy adabiyotning ta’siri bo‘lgan. Shunday qilib, vasiqalarda og‘zaki va badiiy uslubga xos bo‘lgan stereotip jumlalar tizimi amal qiladi. Ular rasmiy matnlarga badiiy bo‘yoq berishi bilan bir qatorda, yuridik kimsalar nutqining ta’sirli va mazmunli chiqishi, haqqoniyligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu narsani qadimgi turkiy yozma adabiy tilidagi uslublar sinkretizmi sifatida baholash mumkin. Masalan, Ko‘ni Quz ismli xo‘jayinning Burxan Quli ismli quliga bergan erk hujjatida shunday jumlani o‘qiymiz: Bu kntd mpnča Burxan Qulïnïŋ ya örü tağqa, qudï quumqa barsar, öz köŋülinčä buyan berip yorpsun. Mazmuni: “Bugundan boshlab Burxan Qulining (erki o‘zida), yuqori toqqa (boradimi), quyi qumga boradimi, o‘z ko‘nglicha yo‘l tutsin, savob uchun yuraversin”. Ushbu misolimizdagi örü tağqa, qudï quumqa barsar birikmasidagi örü tağ – “yuqori tog‘” hamda qudp quum – “quyi qum”, ularni o‘zaro qarshilantirish yo‘li bilan badiiy san’at hosil qilinmoqda; “yuqori toqqa (boradimi), quyi qumga boradimi” degani “istagan yerida; hamma yerda” anglamida kelgan. Fikrni bu tarzda ifodalash rasmiy bitiklar uslubi uchun g‘ayriodatiy, lekin matnning ta’sirini oshirish, ifoda badiiyligini ta’minlash, “erkinlik” tushunchasini teran anglatish maqsadida ana shu ibora qo‘llangan.
Vasiqalarda, o‘rni bilan, ko‘chma ma’noli, ekspressiv bo‘yoqli so‘zlar ham uchrab turadi. Shuningdek, hujjatlarda sintaktik paralellizmlar, alliteratsiya singari badiiy vositalarga ham murojaat etiladi. Ayrim jumlalar sajda yozilgan.
Vasiqalarda so‘zlovchi nutqining berilishi ham o‘ziga xos. Matn bituvchi, odatda, yerni ijaraga yoki narsani qarzga berayotgan kimsa, shuningdek, davlat idorasining xodimi, biror o‘qimishli kishi bo‘ladi. Matn, asosan, qarz oluvchi tilidan o‘quvchiga qarata so‘zlanadi. Turgan gap, hujjat bitishning javobgarligi bor. Bu narsa uning xotimasida albatta qayd etiladi: agar yerni ijaraga yoki biron narsani qarzga berayotgan kimsa vasiqani bitgan bo‘lsa, oxirida “men bitdim” yoki “mening o‘zim bitdim” (men özüm bitidim; meniŋ özüm bitidim) deb yozib qo‘yadi. Mabodo, hujjat idora xodimi yoki boshqa kimsa tarafidan bitilgan bo‘lsa, unda Men, Mpspr, ayptpp bitidim; Men, Torčp, ağa-inildrkd ayptpp bitidim cingari jumlalar bilan yakunlanadi. Bu jumla “Men, Misir, (qarz oluvchining) aytib turgan so‘zlari bo‘yicha yozdim”; “Men, To‘rchi, og‘a-inilarning (ya’ni qarz olayotganlarning) aytgan so‘zlari bo‘yicha yozdim” degan mazmunni anglatadi.
Qizig‘i shundaki, biz so‘z yuritayotgan hujjatlarda matn qarz beruvchi kimsa tilidan bitilayotganiga qaramay, asosiy qismda, qarz beruvchining qarz bilan aloqador muhim so‘zlari, ta’kidlari uning o‘z tilidan beriladi. Hujjatlarda yuridik shaxslar nutqining bu shaklda berilishi bejiz emas: ular o‘zaro uyg‘unlashib, matn ta’sirini oshiradi, hujjatlarda so‘z borayotgan yuridik shaxslar nutqining legitimligi, ishonchliligi, hujjatning rasmiyligini ta’minlaydi.
Eski hujjatlarda rasmiy va badiiy uslublarning qorishiq holda uchrashi yoki yuridik kimsalar nutqining bu ko‘rinishda uyg‘unlashuvi turkiy rasmiy uslubning to‘la shakllanib ulgurmaganidan emas, aksincha, uning o‘ta taraqqiy etgani, fikrni ifodalash, hujjatning rasmiyligini ta’minlash imkoniyatlari kengligidan dalolat beradi.
Turfon hujjatlarining muayyan qismi nemis, rus, uyg‘ur olimlari tomonidan chop ettirilgan. Berlin Akademiyasining qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan Turfondan topib keltirilgan hujjatlarning ko‘pi hozirgi kezda internet saytlariga ham kiritilgan. Biroq ularning o‘qilishi, matn talqini masalasida hali tortishuvli o‘rinlar bor. Shuningdek, matn uslubi, ularning turkiy hujjatchilik tarixida tutgan o‘rni, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jihatlari va shuning singari muhim masalalar ochiq qolmoqda. Yana ularning barini yig‘ib, hozirgi turkshunoslik talablariga mos bo‘lgan ilmiy nashrini yaratishning vaqti keldi. Shularni ko‘zda tutgan holda, o‘zbek sharqshunosligida tarixiy sfragistika, hujjatshunoslik sohasini rivojlantirish, bu sohaga yosh, bilimli yigit-qizlarni jalb etish, oliy o‘quv yurtlarida ayni sohalar bo‘yicha fanlar kiritilmog‘i kerak.
Qosimjon Sodiqov,
filologiya fanlari doktori, professor.
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 7-son