Mir Muhammad ibn Sayyid Burxonuddin Xovandshoh ibn Kamoluddin Mahmud al-Balxiy — Mirxond o‘rta asr tarix fanining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biridir. Ota-bobolari buxorolik bo‘lib, fiqh ilmida zamonasining yetuk olimlari sifatida mashhur bo‘lgan. Ulardan Mahmud ibn Ahmad al-Mahbubiy (vafoti — tax. 1300) fiqh ilmida peshqadam olim bo‘lganligi uchun “toj ash-shari’a” (shariat toji) nomi bilan nom chiqargan va Sharqning mashhur fiqh olimi Sayyid Burxonuddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asariga “Viqoya ur-rivoyat fi masoil ul-Hidoya” (“Hidoya masalalarini himoya qiluvchi rivoyatlar”) nomli sharh yozgan.
Ubaydulloh ibn Mas’ud al-Mahbubiy (vafoti — 1346) “toj ash-shari’a soniy” (ikkinchi shariat toji) nomi bilan tanilgan va “Sharh ul-viqoya”, “An-nihoya muxtasar ul-viqoya” nomli mashhur kitoblar yozib qoldirgan. Mirxondning otasi Sayyid Burxonuddin Xovandshoh ham o‘z davrining bilimdon kishilaridan bo‘lib, Temuriylar hukmronligi davrida Balxga kelib qolgan va o‘sha yerda vafot etgan.
Mirxond 1433 yili Balhda tug‘ilgan bo‘lsa-da, umrining deyarli ko‘p qismini Hirotda o‘tkazdi. Uning hayoti va ilmiy faoliyatiga oid ma’lumotlar juda kam bo‘lishiga qaramay, nabirasi Xondamir “Xulosat ul-axbor” kitobida bobosi haqida quyidagilarni yozadi: “Padarpanoh janob amir Xovand Muhammad yigitlik chog‘larida turli ilmlarni tahsil etish va nafis fazilatlarni kamoliga yetkazish yo‘lida tirishqoqlik va zo‘r mehnat qildi… Qisqa vaqt ichida bilimdonliqtsa zamon fozillarining peshqadami bo‘lib oldi. U (ko‘proq) tarix ilmini kasb qildi va jahon ahvolini hamda osor-atiqalarini tahqiq qilishga kirishdi. Olijanob xotirani tez fursat ichida bu fanni egallashdan forig‘ qildi, ammo fe’lu atvori maishat ahli bilan qo‘shilishga yo‘l bermadi, zavqu shavqqa berilmadi… Dars berish va amru ma’rifatga ishtiyoq uning ravshan xotirida aslo ko‘rinmadi. Ammo (bu hol)… orzu va omonlikning qiblagohi, ya’ni olijanob Sulton (Husayn) hazratlari yaqin do‘sti (Amir Alisher Navoiy)ning huzurlariga borgunicha va uning har turli navozish, marhamat, iltifot hamda muruvvatlarini topmagunlaricha davom etdi”.
Xondamirning yana bir ma’lumotiga qaraganda, Navoiy Mirxondga o‘zining “Ixlosiya” xonaqosidan bir hujra ajratib bergan va undan bir tarixiy asar yozib berishni iltimos qilgan. Mirxond bu asarni qisqa vaqt ichida yozib tamomlagan, so‘ng umrining oxirida, taxminan bir yil Gozirgohda istiqomat qilgan. 1497 yilning bahorida og‘ir kasallikka chalinib, 1498 yilning 22 iyun kuni olamdan o‘tgan.
Navoiyning ko‘rsatmasi va homiyligi bilan Mirxond yaratgan asarning nomi “Ravzat us-safo fi siyrat ul-anbiyo va-l-muluk va-l-xulafo” (“Payg‘ambarlar, podsholar va xalifalarning tarjimai holi haqida jannat bog‘i”) bo‘lib, unda dunyoning “yaratilishi”dan to 1523 yilga qadar Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan ijtimoiy-siyosiy voqealar keng bayon etilgan. “Ravzat us-safo” muqaddima, xotima va jug‘rofik qo‘shimchadan tashkil topgan. Asar yetti jilddan iborat: 1) Dunyoning “yaratilishi”dan to Sosoniy Yazdigard III (632—651) davrigacha o‘tgan tarixiy voqealar; 2) Muhammad payg‘ambar va birinchi to‘rt xalifa davrida bo‘lib o‘tgan voqealar; 3) O‘n ikki imom tarixi; Umaviya va Abbosiya xalifalari; 4) Abbosiylar bilan zamondosh bo‘lgan sulolalar (asosan Eron, Markaziy Osiyo va Hindistonda); 5) Mo‘g‘ullar, Chingizxon, uning avlodi, Eron va ba’zi qo‘shni mamlakatlarda mo‘g‘ullar hamda ulardan keyin Temur davrigacha mavjud bo‘lgan sulolalar; 6) Amir Temur va uning zamonidan to Sulton Abu Sa’id o‘limigacha (1469) bo‘lib o‘tgan voqealar; 7) Sulton Husayn Boyqaro va uning farzandlarining tarixi (1523 yilgacha).
Xondamirning ta’kidlashicha, ushbu asar bizga ma’lum bo‘lgan holda Mirxond tomonidan tugatilmagan. Uning yettinchi jildining matni, shubhasiz, Xondamirning qalamiga mansub. Bu fikrni tasdiqlaydigan quyidagi ma’lumotlarga e’tibor berish kifoya: Xondamir “Ma’osir ul-muluk” va “Xulosat ul-axbor”ning xotimasida Mirxondga to‘xtalib, Temur tarixiga oid qog‘ozga tushirilgan har xil materiallarga ega bo‘lmaganligi uchun, o‘z asarini tugata olmagan va agar fursat topilsa, (Xondamir) bobosi asarini tugatishga yo‘l topgan; asarda bayon etilgan tarix to 1523 yilgacha yetkazilgan, vaholanki, Mirxond 1498 yili vafot etgan; yettinchi jildning matni Xondamirning “Habib us-siyar”ini III jild 3 qismining ikkinchi yarmi bilan deyarli bir xil.
“Ravzat us-safo”ning “jo‘g‘rofik qo‘shimchasi” esa Mirxond va Xondamir tomonidan amalga oshirilgan. Unda turli “ajoyibotlar”, ba’zi dengizlar, daryolar, muhim shaharlarning qisqacha ta’rifi bayon etilgan. Asar ustida olib borilgan oxirgi tahrir ham Xondamir tomonidan bajarilgan.
Asarning I—VI jildlari bir-biriga bog‘liq bo‘lib, mustaqil ahamiyatga ega emas. Uning so‘gati qismi, xususan VII jildi original bo‘lib, XV asrning ikkinchi yarmi tarixini o‘rganishda katta ahamiyat kasb etadi.
“Ravzat us-safo”ning qo‘lyozma nusxalari ko‘pgina jahon kutubxonalarida saqlangan bo‘lib, asar matni Bombey (1845, 1848, 1864), Tehron (1853—1857, 1954) va Lakxnav (1874, 1883, 1891)da chop qilingan. Asardan ayrim parchalar rus, frantsuz, ingliz hamda nemis tillarida ko‘p bora nashr etilgan. Asarning eski o‘zbek tiliga o‘girilgan nusxalari ham mavjud.
t.f.n. D. Yusupova