Cho‘qon Valixonov (1835-1865)

Cho‘qon Chingiz o‘g‘li Valixonovning asl ismi — Muhammad Hanaviya bo‘lib, qozoq xalqining buyuk olimi, demokrat-ma’rifatparvari, tarixchisi, etnografi, folklorshunos, sayyoh va jug‘rofidir.

Cho‘qon Valixonov 1835 yilda Qozog‘istonning hozirgi Kustonoy viloyatida Ko‘chmurin degan joyda tug‘ilgan. U Abiloyxonning evarasi. Cho‘qon ilk bor Ko‘chmurindagi qozoq maktabida o‘qib, arabcha xat tanigandan so‘ng, “xon bolasi yettita til bilishi kerak” degan gap bilan Sharq tillarini, shu jumladan, arab, chig‘otoy, shuningdek, Markaziy Osiyo xalqlari tillarini ham mukammal o‘rgandi.

1847 yili 12 yashar Cho‘qonni otasi Omskidagi kadet korpusiga o‘qishga beradi. Unda a’lo baholar bilan o‘qigan Cho‘qon o‘z do‘stlari orasida obro‘-e’tiborga loyiq bo‘lib voyaga yeta boshlaydi. Kadet korpusida G.N. Potanin bilan birga o‘qiydi, ular samimiy do‘st bo‘ladilar. Cho‘qon o‘qib yurgan vaqtida To‘qtamishning “Xon yorlig‘ini” chuqur o‘rgandi. Bu Cho‘qon Valixonovning ilmiy izlanishidagi ilk qadami edi. Shunday qilib, 14—15 yoshli Cho‘qonga kadet korpus o‘qituvchilari mehr bilan yondoshib, unga kelajakdagi buyuk olim deb qaray boshlaydilar. Shu paytlarda u tarix, jug‘rofiya fanlariga alohida e’tibor berib, qunt bilan o‘qib-o‘rganadi.

Cho‘qon 1853 yili 18 yoshida Omskdagi kadet korpusini, ya’ni harbiy o‘quv yurtini tamomlagach, Sibir kazak-rus 6-chi otliq askar polkining zobiti bo‘lib ishga o‘tadi. 1861—1862 yillari Sankt-Pererburg universitetining tarix-filologiya fakultetida ma’ruzalar tinglab, ilmiy saviyasini oshirib boradi.

G‘arbiy Sibir general-gubernatorligida xizmat qilgan Cho‘qon Valixonov, Xitoy va Markaziy Osiyoga uyushtirilgan ilmiy-tekshirish ekspeditsiyalarida ishtirok etadi. 1858—1859 yillarda Koshg‘arga sayohat qiladi, 1855 yili Omskdan Semipalatinskka, shuningdek, Ayako‘z, Qopal orqali qirg‘iz Olatog‘larigacha bo‘lgan yerlar bilan tanishadi. Qaytishida, Jong‘or orqali Olako‘l, Tarbog‘atoyga sayohat qiladi. So‘ng Markaziy Qozog‘iston — Qorg‘orali, Boyanovul, Ko‘kchatov orqali yurib, kuzda Omskga qaytadi. Mana shu safarlarida u qozoq, qirg‘iz og‘zaki ijod durdonalarini yozib olib, tarixiy va etnografik materiallar to‘play boshlaydi va ilmiy izlanishlar olib borishga kirishadi.

Cho‘qon Valixonov 1860—1861 yillari Sankt-Peterburgda yashagan paytlarida rus demokratlari, olimlari bilan yakindan aloqa bog‘lab, Fanlar akademiyasi va Rus jug‘rofiya jamiyati ishlarida faol qatnashadi. Osiyo xaritasini tuzishda yaqindan yordam beradi. U tarix, jug‘rofiya, siyosiy iqtisod, etnografiya, arxeologiya, folklorshunoslik sohalarida ilmiy asarlar yaratadi. Bu o‘rinda uning “Jung‘ariya tarixi”, “Qo‘lja safari kundaligi”, “Koshg‘ar safari kundaligidan”, “Qirg‘izlar”, “Xon Abiloy”, “Xitoy imperiyasining g‘arbiy o‘lkasi va G‘ulja shahri”, “Ko‘kitoy xonning oshi”, “Dala musulmonligi”, “Qozoqlar haqida yozmalar”, “Sud reformasi haqida”, “Qozoq shajarasi” kabi asarlari Markaziy Osiyo, Sharqiy Turkiston, G‘arbiy Xitoy, qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur kabi xalqlarning etnografiyasi, turmushi, madaniyatini o‘rganishda muhim ahamiyatga egadir.

Bu asarlar faqat dalil-ashyolari bilan emas, chuqur umumlashtirilgan ilmiy xulosalari bilan ham alohida e’tiborga sazovordir. Ularda mazkur o‘lkalarning jug‘rofiy, tabiiy, ijtimoiy-ma’naviy o‘tmishi bo‘yicha nihoyatda qimmatli materiallar bor.

Cho‘qon Valixonov o‘sha sayohat jarayonida xalq og‘zaki durdonalarini, shu jumladan, ertak va afsonalarni, dostonlarni, xalq qo‘shiqlarini yozib olgan edi. Keyinchalik “Ko‘zi Ko‘rpesh-Bayan suluv” dostonini rus tiliga tarjima qilib, I.N. Berezin tarafidan yaratilgan Xrestomatiyaga kiritgan.

Cho‘qon xalq og‘zaki ijodini chuqur ilmiy o‘rganib, “Qozoqning xalq dostonlarining turlari haqida”, “O‘rta yuz qozoqlarining afsona-ertaklari to‘g‘risida”, “XVIII asr botirlari haqida tarixiy afsonalar” kabi ilmiy tadqiqotlarini yaratdi. U qozoq xalqining botirlari haqidagi epik asarlarning hindu-herman eposlariga o‘xshashligini birinchi bo‘lib aytgan olimdir. “Er ko‘kcha” dostoni XIV—XVI asrda yaratilgan bo‘lib, Yer Ko‘kcha pahlavon tarixiy shaxs ekanligini isbotlab berdi.

Qirg‘iz xalq dostoni “Manas”ning ko‘p qismini yozib olgan, rus tiliga o‘girgan va chuqur o‘rgangan edi. Bu asarni “Iliada”, “Odisseya” asarlari bilan bir qatorga qo‘yib, yuksak baho bergan ham Cho‘qon Valixonov edi.

U O‘g‘izxon zamonlaridan buyon rivojlanib kelayotgan qozoq folklorini atroflicha tadkiq etib, O‘rinboy, Cho‘ja, Aristonboy, Kampirboy, Jonoq kabi oqinlarning ijodini yuqori baholadi.

U qozoq adabiyoti tarixida birinchi bo‘lib, qozoq she’r qurilishini ilmiy o‘rgandi, qozoq she’riyatining o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berdi. Cho‘qon Valixonov o‘zining “Qozoq xalq poeziyasining turlari haqida” degan ilmiy-nazariy maqolasida qozoq she’riyatini “Jыr”, “O‘lan”, “Qora o‘lan”, “Qayim o‘lan”, “Yo‘lov o‘lan” turlarga bo‘lib ilmiy talqin etdi.

Cho‘qon Valixonovning musavvirlik faoliyati ham qozoq tasviriy san’at tarixida alohida o‘rin egallaydi. Undan bizgacha 150 ga yaqin rang-barang tasviriy san’at asarlari yetib kelgan. U yaratgan rasmlar XIX asrning 60-yillarining boshlaridayoq “Vsemirnaya illyustratsiya”, “Iskra”, “Russkiy xudojestvennыy list” kabi jurnallar hamda Rus jug‘rofiya jamiyatining “Xabarnomasida” e’lon etilgan.

Cho‘qon Valixonov podshoh Rossiyasi tuzumini, mustamlakachilik zulmini keskin tanqid qildi, rus madaniyatini targ‘ib qildi, qozoq xalqini ko‘chmanchilikdan o‘troq holatga o‘tishga da’vat etdi, ma’rifatli bo‘lishga chaqirdi. D.I. Mendeleev, P.P. Semenov-Tyanshanskiy, G.N. Potanin kabi rus olimlari bilan ijodiy muloqotda bo‘ldi. V.G. Belinskiy, N.G. Chernishevskiy ijodlari tasiri ostida qozoq ijtimoiy-falsafiy fikrida birinchi bo‘lib realistik an’analarni ilgari surdi. 1860 yili Rus jug‘rofiya jamiyatiga a’zo bo‘lgan Cho‘qon Valixonov rus mustamlakachiligi tufayli bo‘layotgan adolatsizliklarni ham sekin-asta tushuna boshladi.

Cho‘qon Valixonov faqat qozoq xalqi tarixidagina emas, Markaziy Osiyo xalqlari madaniy hayotida ijtimoiy tafakkur taraqqiyoti tarixida alohida o‘rin tutgan ulkan olimdir. Uning boy va rang-barang ilmiy tadqiqotlari Turkiston xalqlarining mushtarak madaniy-ma’naviy mulkidir.

f.f.n. Q. Seydanov