Ahmad Donish (1827-1897)

Ahmad Donish yoki Ahmad Kalla deb nom qozongan Ahmad ibn Mir Nosir ibn Yusuf al-Xanafi as-Siddiqiy al-Buxoriy Buxoro amirligida XIX asrning o‘rtalarida yashab ijod etgan, ilg‘or fikrlari bilan nom qozongan shoir, mutafakkir, ma’rifatparvardir. U 1827 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. Shu yerdagi maktab va madrasalarda bilim olib, o‘z davrining ilg‘or olimi va mutafakkiri darajasiga ko‘tarildi.

Ahmad Donish madrasada olgan bilimlar bilan kifoyalanmay, riyoziyot, falakiyot, adabiyot, musiqa, me’morchilik, tarix va falsafa bilan shug‘ullandi, ayniqsa, sharq shoirlari va mutafakkirlarining asarlarini ko‘p o‘qidi va o‘rgandi. Ibn Sino, Umar Hayyom, Navoiy, Fuzuliy, Bedil asarlari bilan yaqindan tanishib, ularning fikrlaridan o‘z risolalarida keng foydalanishga intildi. Falsafiy, ijtimoiy-siyosiy, badiiy masalalar bilan birga tabiiy fanlarni, ayniqsa, astronomiya ilmini o‘rganishga katta e’tibor berdi. O‘zining ta’kidlashicha, astronomiya ilmini Mirzo Abdulfattohxon munajjimdan o‘rganadi. Donish yuqori malakali xattot, me’mor ham edi. Shuning uchun XIX asrning 50-yillarida Buxoro amiri Amir Nasrulloh (1827—1860) saroyida xizmat qildi. 1870 yili saroy xizmatidan ketdi.

Ahmad Donish 1857, 1869 va 1874 yillarda uch marta Buxoro elchilari tarkibida Peterburgda bo‘lib, Ovro‘po madaniyati, ilm-fan sohasidagi yutuqlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishi, mutafakkir dunyoqarashida katta burilish yasadi va o‘z taassurotlari ta’sirida Buxoroda mavjud tartiblarni isloh qilish loyihasini olg‘a surdi. Bu esa Amir Muzaffariddin (1860—1885) noroziligiga sababchi bo‘ladi va amir Ahmad Donishni Huzarga qozi etib jo‘natadi. Donish amir o‘limidan so‘ng Buxoroga qaytadi va 1897 yili vafot etadi.

Ahmad Donish falsafa, tarix, falakiyot, riyoziyot, adabiyot, xattotlik masalalariga bag‘ishlangan asarlar yozgan. O‘zbekiston Resiublikasi FA Beruniy nomli Sharqshunoslik institutining qo‘lyozma fondida Ahmad Donishning 16 ta risolasi va yana bir qancha she’rlari kiritilgan tazkiralar, G‘azzoliy, Jomiy asarlaridan ko‘chirgan qo‘lyozma nusxalari saqlanadi, ularning ko‘pchiligi asl nusxa bo‘lib, muallifning o‘zi tomonidan bitilgandir. Masalan: 1877 yilda yozilgan “Majmuai hikoyati Ahmadi Kalla” deb nomlanuvchi qo‘lyozmada muallif turli tarixiy, adabiy, falsafiy masalalar haqida fikr yuritadi. U Ulug‘bek davri, Abdurahmon Jomiy ta’limoti, shialar va sunnalarni murosaga kelishtirish masalalariga bag‘ishlangan risola ham yozgan. Risolada islom tarixi, undagi turli yo‘nalishlarning kelib chiqish sabablari, Rumiy, G‘azzoliy, Jomiy, Bedil kabi donishmandlarning bu masalalarga munosabatlari xususida bahs yuritilgan. Ahmad Donish ijtimoiy ilmlar sohasida Markaziy Osiyoning o‘tmish tarixi, fani, adabiyoti, davlatchiligi, dini kabi masalalariga oid hamda o‘ziga xos mazmunga ega bo‘lgan she’riy asarlar yaratish bilan birga tabiiy ilmlar, xususan astronomiya, kosmologiya muammolari ustida ham muttasil tadqiqotlar olib borgan va bu sohada qator asarlar yozib qoldirgan. Ahmad Donish o‘zining “Munozir al-Kavokib” (“Yulduzlarni kuzatish”) degan asarida falakiyot ilmiga oid muhim masalani hal qilgan.

Donish “Risolat dar ilmi kurra” (“Globus haqida risola”) ham yozgan bo‘lib, unda globusning vazifasi va uning ilm uchun ahamiyati, undan amaliy foydalanish haqida gap boradi. 12 bobdan iborat bo‘lgan “Iztig‘roji bul va arzi balat” (“Joylarning uzunligi va enini o‘lchash”) asarida Ahmad Donish joylarning o‘rnini o‘lchab chiqarish osmon meridianini soatlarda belgilash masalalari haqida mulohaza yuritadi.

Uning ijtimoiy-siyosiy qarashlari “Navodir ul-vaqoye”, “Risolai muxtasare az tarixi saltanati xonadoni mang‘itiya” kabi asarlarida o‘z aksini topgandir. So‘nggi asar qisqacha “Risola” nomi bilan ham yuritilib, Buxoro xonligidagi Mang‘it sulolalarining hokimiyati tarixiga bag‘ishlangan va Amir Doniyol (1758—1785) hokimligidan Amir Abdulloh (1885—1910) hokimligi davrigacha bo‘lgan tarixni o‘z ichiga oladi. (“Istoriya mangitskoy dinastii” I. A. Najifovaning kirish so‘zi, izohi va tarjimasi. Dushanbe, 1967 yil). Ahmad Donishning eng muhim asari “Navodir ul-vaqoye”dir. Bu asar juda ko‘p ijtimoiy-axloqiy masalalar xususida fikr yuritilgan.

“Navodir ul-vaqoye” kitobi Ahmad Donishning asosiy asari hisoblanib, unda olim o‘zining turli masalalarga munosabatini ifodalagandir. Yuqorida ko‘rsatilgan har ikki asarda Ahmad Donish ijtimoiy taraqqiyotga g‘ov bo‘lib qolgan feodal ijtimoiy-siyosiy tuzum, tartib va munosabatlarni tanqid ostiga oladi. O‘rta asr falsafasida keng tarqalgan tavakkul nazariyasini tanqid etib bunday deb yozadi: “Agar kishi tavakkulga ishonib harakat qilmasa, mehnat qilmasa va qiyinchiliqda, kambag‘allik bilan hayot kechirish yoki mo‘l-ko‘llikda yashash qismatda bor ekan, deb aytsa, unday kishi xato qiladi. Demak, u aqlli emas”[1]. Buxoro xonligini Ovro‘po mamlakatlari, xususan Rusiya bilan takqoslab, Donish o‘z vatanini iqtisodiy va madaniy jihatdan orqada qolganligini ko‘rsatib beradi va bu qoloqlikdan chiqish uchun ijtimoiy-siyosiy tuzumda islohotlar qilish zarurligini uqtiradi.

Donishning fikriga ko‘ra “davlat bir guruh kishilar ehtiyojlarini qondirish uchun emas, xalq manfaatlari uchun, mamlakatni obod qilish uchun xizmat qilmog‘i zarur. Biz dunyoni gullab-yashnatish uchun, dengizlar kezib o‘rganish uchun, yer osti boyliklarini topish uchun, uning hamma qit’alari va aholisini bilish uchun tug‘ilganmiz” — deb yozgan edi Donish. Buning uchun hukmdor bilimdon, ma’rifatli, odil va o‘z fuqarolari manfaatlari uchun xizmat qilmog‘i shart. U qanday masalani hal qilmasin, eng avval o‘zini fuqaro o‘rnida, ularni esa o‘z o‘rnida tasavvur qilmog‘i lozim. Bu adolatni ta’minlashga imkon yaratadi. “Mamlakatni idora qilishda, — deydi Donish, — hukmdor muhim davlat muammolarini o‘z atrofidagi maslahatchilar bilan birgaliqtsa hal qilishi kerak. Maslahatchilar ham donishmand va adolatli kishilar bo‘lishi kerak va ularning fikri bilan hisoblashishi shart, chunki ko‘pchilikning aqli, bir kishining aqlidan ortiqroqdir”.

Ahmad Donish o‘z vatanini qoloqliqdan chiqarish yo‘llarini tinmay izladi. “Kishi o‘z vatanini himoya qilsagina, o‘z xalqi bilan birga bo‘lsagina, — deydi Donish, — u har doim barhayotdir”. U Sharq mutafakkirlari ta’limotini o‘rganish bilan bir qatorda G‘arbda tarqalgan ijtimoiy-siyosiy ta’limotlar bilan ham qiziqadi. Garchi bu ta’limotlarni Donish qabul qilmagan bo‘lsa-da, uning bularga nisbatan bo‘lgan munosabati mutafakkirni keng ko‘lamdagi tadqiqotchi va ijtimoiy-siyosiy orzulari kengroq ekanligini ko‘rish imkonini beradi.

Ahmad Donishning ijtimoiy g‘oyalari o‘z davri uchun muhim ahamiyatga ega edi. Donish mavjud iqtisodiy-siyosiy tuzumning taraqqiyotiga g‘ov bo‘lib qolganligini ko‘rsatadi va bu g‘oyani olib tashlash yo‘llarini qidiradi.

Ahmad Donish merosining bir qismigina o‘rganilgan bo‘lib, bu sohada rus olimlari va O‘zbekiston, Tojikistonda olib borilgan tadqiqotlarni qayd etib o‘tish lozim. Donish asarlarining asl nusxasi — tojik tilida, rus va o‘zbek tillarida nashr etilgan. Bu qomusiy bilim egasining boy ijodiy merosini, tabiiy-ilmiy qarashlarini har tomonlama o‘rganish o‘z tadqiqotchilarini kutmoqda.

fals. f.d. X. Vohidov, M. Xayrullayev

_________________

[1] Ahmad Donish asaridan keltirilgan barcha parchalar I. M. Mo‘minovning “O‘zbekistonda XIX asr oxirida XX asr boshlarida ijtimoiy-falsafiy tafakkurning rivojlanish tarixidan” kitobidan olindi. I. M. Mo‘minov. Tanlangan asarlar. birinchi tom. Toshkent, 1969.