Hamidulla Boltaboyev. Javohir shodaga qo‘shilgan gavhar

Milliy adabiyotimiz tarixi nafaqat adabiyotshunoslikka oid risola va tazkiralarda, bayoz va majmualarda, balki tarix kitoblarida ham aks etgan. Buning isboti uchun Rashididdinning “Jome’ ut-tavorix”idan Ogahiyning “Shohidi iqbol” asarigacha yuzlab tarixiy manbalarni ko‘rsatish mumkin.

G‘iyosiddin Humomiddin o‘g‘li Xondamirning “Habib us-siyar fi axbori afrodi bashar” (“Bashar ahli siyratidan xabar beruvchi do‘st”, 1520-24) (T., “O‘zbekiston”, 2013) asari Temuriylar davri voqealari bitilgan eng sara tarixlar qatorida sanaladi. Buning boisi muallif qalamiga mansub tarixlar ishonchli manbalar asosida yozilgani hamda uning o‘zi ishtirok etgan hodisotning tarixini bayon qilinganidadir. Nafaqat tarixshunoslik jihatidan, balki badiiyatga yaqinligi nuqtai nazaridan ham bu asar “Boburnoma” va “Tarixi Rashidiy” singari mo‘tabar manbalar qatorida turadi.

Yaqinda biz iste’dodli mutarjimlar Jalil Hazratqulov va Ismoil Bekjon sa’y-harakati bilan ona tilimizda o‘qishga muyassar bo‘lganimiz “Habib us-siyar”ning hazrati Sohib­qiron tarixi zikrida aytilgan:

Doston aytgim keldi men ham bulhavas,

Zora bulbullarga bo‘lsam hamnafas

baytidan ham tarixchi olimning she’riy zakovati yuksakligini bilish mumkin. Ushbu komil tarixning milliy ma’naviyatimizdagi o‘rniyu tarixshunoslikdagi ahamiyati haqida fikr yuritishni muhtaram tarixchilarga qoldirib, ayni asarda qalamga olingan hazrat Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug‘ shoirlarimiz zikrida aytilgan mulohazalarga e’tibor qaratamiz.

Hazrat Navoiyning tarbiyasi va homiyligida o‘sgan, nasli muarrixlar avlodidan bo‘lgan (Mirxond nabirasi) muallif ulug‘ shoirning eng ishonchli hasbi holini bitgani ma’lum esa-da, ayni asar tarix kitob bo‘lgani uchun ham unga ulug‘ shoir “Sulton Husaynning eng yaqin kishisi” sifatida Amir Nizomiddin Alisher nomi bilan kirgan. 1486 yilda Astrobod o‘lkasiga hokim etib tayinlanishi masalasida mansur xoqon (Sulton Husayn) fikrlashganda hazrat Navoiy “xoqonlik ishlarining kafolatini olishga oydin ko‘nglida mayl yo‘qligi va subhoniy lazzat hosil qilish tariqi maslagiga ishtiyoqi kuchliligi sababli dastlab ul ishni qabul qilishga og‘iz rostlamadi. Ammo o‘tinch va haddan ziyod tilakdan so‘ng rozilik boshini qimirlatib, yo‘nalish yuzini o‘sha tomonga qaratdi“ va o‘zi bilan Bobo Ali va amir Badriddinni Astrobodga olib ketdi. Bu sanada Amir Burhoniddin Atoulloh “Mir amorati” iborasini ta’rix qilib (891/1486) bir qit’a yozdi. Kitobdan ma’lum bo‘lishicha, Sulton Husaynning maqsadi Amir Alisherni Astrobod hokimligidan dorussaltanaga chaqirib, unga ulug‘ amirlik mansabini topshirish edi. “Ammo Amir Alisherning bu ish borasida ruxsat va tavsiyasi bo‘lmagach, devon sohibligi ishlarining ixtiyor jilovi Xoja Nizomulmulk va Xoja Afzal qo‘lida qolaverdi”.

Orada ikkinchi bor amirlik mansabiga erishgan Muhammad Majididdin ular ustidan fitna uyushtirib, devon ishlarini ham qo‘lga oldi. Majididdin amirligidan norozi, uning “juda jahldor va qo‘pol so‘zligi” tufayli boshqa amaldorlar “adovat kamarini bog‘ladilar”. So‘ngra “ul janob uch yil to‘la ixtiyor va e’tibor hamda emin-erkinlik bilan umr o‘tkazgach, davlat tomonidan jazo va mustadoraga yo‘liqib, Xurosondan juftakni rosladi va muborak Makka yo‘lida kasallanib, oxirat olamiga jo‘nadi”.

Bu hodisa Alisher Navoiy haqidagi ayrim asarlarda Husayn Boyqaro xiyonatkor Majididdinni “o‘ldirtirgani” voqeasiga ham aniqlik kiritadi.

Xondamir tarixida hazrat Navoiyga murojaat etilgan boshqa bir voqea shahzoda Mo‘min Mirzoning o‘limidir: “Amir Alisher bu ulkan musibat ro‘y berganidan uch kun o‘tgandan so‘ng ­Mashhad shahridan Hirotga qaytib keldi va ayanchli xabarni eshitib, iztirob dengiziga cho‘kkanicha ko‘z arig‘idan qon selini oqizdi…”.

Xondamir tarixining iztirobli sahifalari “Amir Nizomiddin Alisherning o‘tkinchi uydan mangulik saroyiga ko‘chib o‘tgani” haqidadir. Ayni voqealarning shohidi bo‘lgan tarixchi o‘z ko‘rganlarini yozadi. Muzaffar Sulton Husaynni qarshilamoq uchun yo‘lga chiqqan Hazratning sog‘ligi yomonlashadi: “Oliy maqomli amirning avzoyi o‘zgardi va qattiq og‘riq iskanjasida “Xoja Abdulloh, mendan xabardor bo‘lib turing, dedi”. Hazratning bu xavotiri bejiz emas ediki, ko‘p hodisotni oldindan bashorat qiluvchi qalbi bo‘lg‘usi judolikni payqagan edi: “Shu so‘zlar aytilib turgan paytda hazrat xoqonning mahofasi yaqinlashib, sultonning yaqin kishisi (ya’ni Navoiy) oldinroq yurib, olampanoh podshoh bilan ko‘rishish maqsadida otdan tushdi… oyoqlarida mador qolmagani uchun bir qo‘lini Xoja Abdullohning yelkasiga, yana bir qo‘lini mavlono Jaloliddin Qosim Xondamirning kiftiga tashlab, ne ilojda mahofaga yaqinlashdi va qo‘l o‘pishga chog‘landi. Biroq zaiflik kuchaygani sababli o‘sha yerga o‘tirib oldi. Saodatmand xoqon qanchalik lutf va ko‘ngil so‘rashlik tili bilan ul sof qalbli amirga so‘z qotib, hol-ahvol so‘ramasin sira ham javob bera olmadi. Bu ish xoqon ko‘ngliga tashvish solib, ul janobni bezatilgan otga o‘rnatilgan xos mahofaga yotqizishlarini buyurdi”. Bu so‘zlardan hazrat Navoiy holini va Sulton Husayn iltifotini aniq sezmaslik mumkin emas. Shunda tabobat ilmidan xabardor kishilar sakta (yurak xuruji) alomatlarini ilg‘ab, shu yerdayoq bemordan qon olish lozim, degan xulosaga keldilar. Shunda Abdulhay Tuniy ism­li tabib muolajani Hirotga borgandan keyin boshlash kerak, deb turib oldi va Hirotga yo‘naltirdi. “Yo‘l sari yuzlanayotgan paytda… banda tashvishga tushib, Xoja Abdulloh arziga “kasallik zo‘rligi shu darajadaki, agar qon olish ishida kechikish yuz bersa, so‘ng (bu xatoni) tuzatib bo‘lmaydi”, dedim”. Xoja Abdulloh ikkilanib, masalaning yechimiga erishish uchun Sulton Husayndan ruxsat olishga chopar yubordi, ammo chopar 3 farsax masofani bosib, borib-kelguncha bemorning holati yanada yomonlashadi. Nihoyat, qon olish juda cheklangan miqdorda va kech bo‘lgani uchun hazratni yarim tunda uyiga eltdilar. Ertasiga barcha tabiblar yig‘ilib, yana qon olmoqchi bo‘lganida Amir ­Nizomiddin Alisher behush yotardi. Shu lahzadayoq Sulton Husayn uning oldiga borib, “dilni o‘nglanmas voqeaga chog‘laganicha ko‘z favvorasidan yosh tomchilarini oqizdi. Shanba kuni kasallik kuchayishi oldingidan ko‘proq bo‘lib, yakshanba tongi(1501 yil 3 yanvar)da pok ruhining qushi badan qafasini sindirdi va jismoniy tan torligidan mangulik bog‘ining ko‘rkam kengliklari sari parvoz etdi”.

Xondamir ayni voqealar ishtirokchisigina emas, balki Hazratning hayotini saqlab qolishga astoydil harakat qilgan kishilarning biri sifatida ko‘rinadi. Biroq taqdir hukmiga qarshi borib bo‘lmadi. Shunda tarix muallifi bir necha sahifa iztirobli yozuvlar bitish barobarida nazmda:

Nega falak ko‘zdan to‘kmadi qon yosh?

Nega ravshan porlar oy bilan quyosh?

Kunlarning tizimi uzilmas nega,

Jahonning oy, kuni kamaymas nega —

deya zorlandi. Hazrat Navoiyni xayr ul-bashar(s.a.v.)ning sunnati talabiga binoan dafn qilganlaridan zakiy muarrixning hofizasiga birgina misra keldi:

Bag‘ringdagi durni bilmaysan, tuproq?!

O‘sha ma’sum onlarni qalamga olgan Amir Sadriddin Aminiy qit’asini keltirib, so‘ng “ushbu so‘zlar yozg‘uvchisi ko‘ngliga ham ul musibat sanasi sifatida ushbu qit’a keldi” deydi. “Ushbu qit’a”ning so‘nggi baytida:

…Tushmish yuzlariga rahmat nurlari,

Vafoti tarixi “Anvor rahmatdir” —

deya abjad hisobiga ko‘ra 906 (1501) sanasidan xabar beruvchi baytni bitadi.

Bu tarixiy voqealarning ma’lum qismi bizga o‘tmish allomalari va zamon olimlari asarlari orqali ma’lum bo‘lsa-da, Hirot tarixining ochiq gavdalanishi barobarida tarix muallifining adabiy zakosi va she’riy iste’dodi yuksakligidan xabar topamiz.

Xondamir asarida Zahiriddin ­Muhammad Boburshoh “Zahiru-s-saltana va-d-din” (saltanat va dinni namo­yish etuvchi), “g‘oziy kelbatli”, “islompanoh”, “mamlakat oluvchilik osmoni Dorosi”, “mustaqil hukmli podshoh” kabi so‘zlar bilan nisbatlanadiki, bu buyuk muarrixning tarix voqealari oldidagi xolisligi va kelajakni bashorat qila olish zakosidan ham darak beradi. “Hibib us-siyar” asarining salmoqli qismi Bobur podshoh voqealariga bag‘ishlangan. ­Temuriylar tarixi batafsil bayoni davomida Umarshayx Mirzo xususida to‘xtalarkan, Xondamir uning farzandlari sanog‘ini beradi: “Ul hazratdan uch nafar oliy zotli o‘g‘il va besh nafar yaxshi yulduzli qiz yodgor qoldi. Eng katta o‘g‘il Zahiriddin Muhammad Bobur G‘oziy, …ikkinchisi Muiziddin Jahongir Mirzo, uchinchi o‘g‘il Sulton Nosir Mirzo… edi”. So‘ngra qizlari Xonzoda begim, Mehrbonu, Shahrbonu, Yodgor Sulton begim va Ruqiya Sulton begim ismlari keladi.

Tarixda “saodatli Zahiriddin Muhammad Bobur hayotida alarning tug‘ilish vaqtidan to Samarqand tomon yurish qilishi zamonigacha sodir bo‘lgan voqealar bayoni” qisqa satrlarda anglatilib, uning tavalludini muallif shunday nazmiy jumlalarda keltiradi: “Javohir shodaga qo‘shildi gavhar. Ushaldi ajoyib umidbaxsh orzu… Umid ko‘zlariga nurbaxsh vujudi Mangu iqbolg‘a yor uning mavludi”.

Xondamir voqealar bayonida “Boburnoma”ga tayangani uchunmi Boburning bolaligi tafsilotlarini bermaydi, chunki bu asar saltanat tarixidan iborat ediki, voqea Umarshayx mirzo o‘rniga taxtga chiqqan Bobur mirzoning saltanat ishlariga kirishishi bilan davom ettiriladi: “…va Andijon qo‘rg‘oni ul oliy sha’nli podshohning qadami sharofatidan jannat bog‘larining rashk etadigan joyiga aylanib, amirlar va a’yonlar qal’a burju borasini tuzatish va qal’a ustidagi yo‘lak hamda darvozalarni mustahkamlashga kirishdilar”. Boburning poytaxt Samarqand sari azimati, ikkinchi bor Samarqandga yurishi va “ul shaharning Sulaymon makonli Hazrat podshoh (Bobur) qo‘liga kirgani bayoni”ni batafsil yozadi. Muarrix Samarqand fathi voqeasi tarixini “903 yil rabiulavval oxiri” (milodiy 1497 yil noyabr-dekabr oylari) deb belgilaydiki, bu payt Bobur mirzo endi 14 yoshga qadam qo‘ygan edi. “Shu zayl qudrat bayrog‘i urush maydoni uzra omonlik bilan ko‘tarilgan ko‘yi yuz kun davomida Samarqand shahri saodatmand podshohning adolatu ehsoni nuridan jannatsimon bo‘ldi”.

Xondamir tarixchi sifatida Boburshohning Samarqanddan qaytishi sabablarini, 200 kishilik askari bilan O‘ratepa atroflaridagi holati tafsilotini berarkan, butun ahvolotni murakkabligacha aks ettirgan ushbu misraga joylaydi:

Na safar qilmoq iloji va na turishga toqat.

…Boburshohning Samarqandga qayta erishishi uning tushida Xoja Ubaydulloh Ahror vositasida ishora qilinadi. Xondamir Samarqand fathini Amir Temurning Qarshiga yurishi bilan qiyoslaydi. Biroq Bobur podshohga Samarqandni uzoq idora qilish nasib etmadi, uning Kobul, Qandahor sari yuzlangani voqealari bilan Xondamir tarixining o‘zbekcha tarjima qismi yakunlanadi. Tarixchi ­Boburshohning afg‘on zaminida kechgan hayoti, amalga oshirgan obodonchilik ishlari, mamlakat boshqaruvida barcha elatlar va qavmlarni teng ko‘rishi kabilarni ko‘rsatadiki, bu ulug‘ shoh va shoir tarjimai holini to‘ldirishda alohida ilmiy ahamiyatga ega.

Mazkur tarix kitobi yordamida ­Bobur va Xondamir munosabatlarida ayrim tarix kitoblarida aytilgan “Xondamirning Bobur podshoh tomonidan shoh Ismoil oldiga elchi qilib yuborilgani”, “Xondamirning Ko‘li Malik jangi(1512)da Bobur mirzo yonida bo‘lgani” kabi noto‘g‘ri ma’lumotlarga oydinlik kiritiladi.

Qolaversa, o‘zbek hukmdorining afg‘on zaminidagi mamlakatning adolatli boshqaruvi boshqa fotihlarga o‘ziga xos namuna bo‘lishi kerakki, ayni hodisa o‘zbek elining azaldan yaqin qo‘shni afg‘on mamlakatiga nisbatan o‘ta ma’rifatli va adolatli munosabatini anglatadi. Bu an’ana bugungi kunda ham davom etayotgani tarixiy xotiraning kelajak uchun asqotayotganiga yorqin dalildir.

Muhtaram Prezidentimizning deyarli barcha nufuzli xalqaro anjumanlarda afg‘on eliga tinchlik tilayotgani bejiz emaski, bu ko‘hna zaminda Beruniy, Lutfiy, Navoiy, Husayniy, Bobur, Mashrab kabi ulug‘ alloma va adiblarimizning muqaddas xoklari yotibdi.

Hamidulla Boltaboyev, O‘zMU professori

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 7-son