Hasan Qudratullayev. Boburning razvedka mahorati

Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho adabiy, ilmiy-nazariy asarlari qatori «Boburnoma»ning ham o‘rganilmagan taraflari, qirralari shunchalar ko‘pki, ularni bugungi avlodga yetkazish o‘tmishdagi qadriyatlarimizni tiklash, undan bahramand bo‘lish, yoshlarda yuksak vatanparvarlik ruhiyatini tarbiyalash kabi dolzarb masalalarda alohida o‘rin tutadi.
Boburning muhoraba maydonidagi g‘alabalarini ta’minlagan omillardan biri, balki eng muhimi, uning razvedka xizmatidan foydalanish qobiliyatidir. Ayni shu mahorat minglab lashkarlarni o‘lim balosidan asrashda, urushni o‘z foydasiga hal qilishda, qolaversa, atrofidagi kishilar ruhiyati, shaxsiyatini yanada yaxshiroq anglashida, dushman niyati – sir-asroridan avvalroq voqif bo‘lishda Boburga qo‘l kelgan.
Ta’kidlash joizki, razvedka xizmati tarixi uzoq o‘tmishlarga borib taqaladi. Undan oqilona, taktik jihatdan pishiq foydalangan shaxsgina yuksak natijalarga erishgan.
Shoh va sarkarda Boburning yuksak mantiqiy tahlili, urush sharoitini yaxshi anglashi, yashindek tez xulosaga kelishi, razvedka xizmatiga o‘z fursatida murojaat etishi va qariyb adashmaganligi kishini hayratga soladi. «Boburnoma»dan bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin.
1503-1504 yilgi voqealar. Bobur Movarounnahrdan noumid bo‘lib, Kobulga yuz tutgan, Hisor viloyatining Iloq yaylovlarini kezib, taqdir bundan keyin unga ne kunlarni ravo ko‘rishini o‘y-xayollaridan o‘tkazayotgan murakkab davr, bor-yo‘g‘i «ushbu yurtta yigirma uch yoshning ibtidosida yuzumga ustara qo‘ydum» deb navqiron yigitligiga urg‘u bergan payti. Yosh Bobur bu yurtlarda hukmronlik qilayotgan Hisor begi, keyinroq o‘zining ashaddiy dushmani bo‘lgan Xisravshoh va uning saltanati haqida ma’lumotga ega bo‘lish uchun Mullo Boboyi Pashog‘ariyni «elchilikka» yuboradi. Boburning bundan maqsadi elchi yo‘llashgina emas, zarur ma’lumotga ega bo‘lish edi. Lekin, Boburning ta’kidlashicha, Pashog‘ariy «ko‘ngulga yoqqudek so‘z kelturmadi». Aslida, Pashog‘ariy judayam quruq qaytmagan. U odamlar orasida bo‘lib, ayrim zarur ma’lumotlarni yetkazgan: «vale el va ulusdin so‘zlar kelturdi».
O‘sha vaqtda Bobur o‘z lashkarlarining ko‘p qismidan ayrilgan, 200-300 askar va beklari bilan qolib, himoyaga o‘ta muhtoj edi. Bu paytda temuriy shahzodalar va ularning beklari orasida lashkarlarining bir bek yoki sultondan ikkinchisiga guruh-guruh bo‘lib o‘tishi oddiy hol bo‘lgan. Bunda iqtisodiy, ma’naviy, maishiy jihatlar, albatta, omon qolib lashkar safida bo‘lish masalasi asosiy omillardan bo‘lgan. Shu bois Bobur uchun Xisravshoh lashkarlarining kayfiyatini bilish muhim bo‘lgan va u bu vazifani razvedka xizmatiga yuklagan. Lekin natijadan unchalik ko‘ngli to‘lmagan. Zarur ma’lumotga ega bo‘la olmagan Bobur noiloj Kohmard va Bomiyon tomonga ravona bo‘ladi.
Yana bir misol Xisravshohning inisi Boqi Chag‘oniyoniyning Boburga yetkazgan razvedka xabari bilan bog‘liq. Afg‘onistonda o‘z hukmronligi asosini solayotgan Bobur begona yurtdagi shahar, qishloq, o‘rmonzor, ko‘cha va pastko‘cha, daryo va soylar xususiyatini juda sinchkovlik bilan o‘rganadi. Ayniqsa, bu lashkar xavfsizligi, saltanat taqdiri bilan bog‘liq bo‘lsa, Boburning sinchkovlik qobiliyati yanada oshgan, ehtiyot choralarini ko‘rishga kirishgan. Hali Boburning Kobul hokimiyati mustahkam shakllanmagan bir paytda, atrofidagi do‘stlari ham dushman raftorini qilganda ularning har bir harakatini o‘rganish, keyin xulosa chiqarish benihoya muhim edi. Shu davrda Boburga nisbatan yovqarashda bo‘lgan Boqi Chag‘oniyoniy «arzg‘a yetkurdikim, suv kechmay ushbu yerdin (ya’ni Ko‘rakatutdan – qavs ichidagi ba’zi izohlar muallifniki), qo‘nub, Ko‘hat otluq yerga borsa bo‘lur emish…» Biroq Bobur bu xabarga unchalik ishonmadi. Chag‘oniyoniy Boburni ishontirish maqsadida bir necha ayg‘oqchi kobuliylarni olib keladi. Tundan keyin bir qadar ishongan bo‘lsa-da, ushbu ma’lumotga tayanib uyushtirgan hujumdan Boburning ko‘ngli to‘lmaydi: «Boqi Chag‘oniyoniy arzga yetkurgandek NIMA cherik eliga tushmadi. Boqibek bu sa’ydin sharmandaroq bo‘ldi». Bu razvedka ma’lumotlari kundalik harbiy amaliyotlardan biriga xizmat qilgan bo‘lsa-da, Bobur bu masalaga juda jiddiy yondashgan.
1528 yil voqealari. Zahiriddin Bobur Hindistonda Ibrohim Lo‘diyning yuz mingdan ortiq lashkarini yenggan. Bu uzoq o‘lkalarda Amir Temur imperiyasini tiklashdek orzusi amalga oshganligidan shod bo‘lgan davri. Biroq bu paytda uning hukmi Hindistonning barcha o‘lkalariga to‘liq o‘tmas, qarshilik ko‘rsatayotgan hind rojalari, lashkar boshliqlari hali ancha tashvishlar orttirar edi. Bu vaqtda Boburning harbiy mahorati yetilgan, u yurt olish uchun har bir xabar, ma’lumotdan borgan sari unumli foydalanar, hind yerida tezroq mustahkam, har qanday ixtiloflardan xoli davlatni tuzishga oshiqar edi. Ana shunday paytda Bobur sheriklarining oldiga, Ko‘h degan joyga kema bilan yetib keladi. Uning kayfiyati yaxshi, ruhi g‘alabalar nashidasidan ko‘tarinki edi. Urush oralig‘ida, isyonchi hindular, afg‘onlarning to‘satdan qiladigan hujumlari vaziyatida u kurashchilar musobaqasini o‘tkazgan, hatto bu sport tadbiri yanada jonli o‘tishini istab, o‘zi ta’kidlaganidek, «xilofi qoida» «avval zo‘rroqlarni» maydonga chorlagan. Xullas, bu payt Bobur ruhiyatida kam sodir bo‘ladigan xursandlik dami bo‘lgan.
Biroq bu kayfiyatni Sulton Muhammad baxshi keltirgan razvedka ma’lumoti o‘zgartiradi. Hayot nashidasidan sarmast Bobur o‘sha zahotiyoq shoh Boburga aylanadi. Shu jarayonda «Sulton Iskandarning o‘g‘li Mahmudxonningkim, Sulton Mahmud derlar edi, BUZULG‘ONINING xabarini kelturur». Demak, Boburning razvedkasi oldin uning tomoniga o‘tgan Sulton Mahmudxonning «buzulg‘onini» yetkazgan, ya’ni u o‘z va’dasidan qaytib, Boburga nisbatan dushmanlik kayfiyatini ixtiyor etgan. Bu xabar «namozi digar»da — kun qorayguncha yetib kelgan. Kelasi kuni «namozi peshin» (kunning yarmi)da Bobur bu ma’lumotga ishonqiramay razvedkaga boshqa kishini yuboradi va u ham ayni xabarni keltiradi. Bobur yozadi: «Ikki namoz orasida Tojixon Sarangxoniyning arzadoshti ham josus xabarig‘a muvofiq kelur. Bu kayfiyatlarni Sulton Muhammad kelib arzg‘a yetkurdi». Ushbu ma’lumotnomalardan so‘ng «Boburnoma»da bu yerdagi muhorabaning ayrim detallari bayon qilinadi, Banorasga o‘tgan afg‘onlarning shikast topganligi haqida so‘z boradi. Aslida, bu hol kurashlarning bir kunlik lahzasi, xolos. Ammo, shunga qaramay, Bobur o‘z xabarchilari — razvedkachilar keltirgan ma’lumotlarga katta e’tibor bilan qaragan.
1507-1508 yillarni Bobur siyosiy qarashlarining eng mas’uliyatli davri, desak bo‘ladi. Kobulda o‘z siyosiy hukmronligini mustahkamlagan Bobur Hindistonga yuzlanadi. O‘zining aytishicha, «Jumoidulavval oyi Kobuldin Hinduston azimati bila ko‘childi». Ana shu bir jumla doirasida Boburning yangi sargardonlik taqdiri, o‘zining iqroricha «ne bormoqqa yeri muqarrar, ne turmoqqa yurte muayyan, yuqori-quyi yana bir XABAR OLG‘UNChA yurt toza qilib ko‘chilur edi». Bunda Bobur aniq qilib razvedka xizmati, uning ishonchli xabarini olmaguncha boshqa yerlarni o‘z tasarrufiga kiritishga shoshilmaganligini aytmoqda. Uning bu taktikasi, harbiy iste’dodi keyinroq Hindiston muhorabalarida juda qo‘l kelgan.
1507-1509 yil voqealari. Bobur Kobuldan hozirgi Jalolobod viloyati — Ningnahordan Hindiston tomon borar ekan, juda ko‘p afg‘on to‘dalariga duch keladi, ular bilan muhorabalar olib boradi. Bu jarayonda ham Bobur razvedka xizmatiga murojaat etadi. «Boburnoma»dan ma’lumki, Bobur uchun eng muhimi, lashkarni emin tutish bilan birga uni oziq-ovqat, turar joy, chorva, otlarni yemish bilan ta’minlash bo‘lgan. Armiyaning, saltanatining oziq-ovqati masalasi hamisha birinchi galdagi vazifalaridan sanalgan. Bobur Ningnahor tumanidagi Odinapur qo‘rg‘oniga yaqinlashganida aynan yegulik mahsulot, ayniqsa, sholi tanqisligiga duch keladi. Kech kuz paytida esa sholi dehqonlar tomonidan yig‘ishtirib olingan, dalalarda aytarlik hosil qolmagan. Bobur yozadi: «Kech kuz edi. Sholini tuzlarda aksar ko‘tarib edilar. Yer bilur kishilar arzga yetkurdilarkim, Alishang tumanining rudi yuqori mil kanori sholini qalin ekarlar. Cherikka qishliq oshliq ehtimoli borkim, andin hosil bo‘lg‘ay.» (Haqiqatda, Alishang tog‘likda joylashgan bo‘lib, uning teparoq qismida sholi ekini kech pishadi. Ushbu satrlar muallifi Afg‘oniston Jalolobodining bu mavzeida bo‘lib, u yerda juda yuqori navli sholilar yetishtirilishiga guvoh bo‘lgan). Bu holatda razvedka xizmati ko‘zlangan natijani bergan: «Ningnahor jilg‘asidan otlanib, ildam kelib, Soygildin o‘tib, Puroyin darasig‘acha borildi, qalin sholi cherik eli oldilar.»
Mana bu misol ham Boburning harbiy-strategik rejalari bilan bog‘liq. Voqea Afg‘oniston yerlarida, fevral oyining o‘rtalarida sodir bo‘lgan. 1509-1510 yilning bu qishi ancha kech kelib, Boburga cherikning oziq-ovqati tashvishi orom bermayotgan payt. U yozadi: «Seshanba kuni oyning yettisida beklarni va dilazak afg‘onlari ulug‘larini tilab, kengashib, so‘zni munga qo‘yuldikim, yil oxir bo‘lubtur, hutg‘a bir-ikki kun qolibtur, tuzdagi oshliqni tamom ko‘taribturlar. Bu fursatta Savodqa borsak, cherik eli oshliq topmay tanqisliq bo‘lg‘usidur». Bobur o‘zining lashkarlari bilan juda mashaqqatli dovon, adirlarni kezib oxiri Pankyaliy degan joyga tushadilar. Mahalliy sharoitni bilish, keyingina bir qarorga kelish uchun Bobur «O‘g‘onberdini bir necha kishi bila til olg‘ali ilgarrak» yuboradi. Biroq, O‘g‘onberdi ham bu gal «ko‘ngul tilagudek tahqiq xabar kelturmadi». Albatta, bu hol Boburni qanoatlantirmagan. U yana razvedka xizmatiga murojaat etadi: «Oftob bir nayza bo‘yi chiqqanda Rustam turkmannikim, qaravulliqqa yiborilib edi, xabar kelturdikim, afg‘onlar xabardor bo‘lib, qo‘zg‘olishibturlar». Boburning bu galgi xabarchilari aniq ma’lumot olib kelmaganlaridan so‘ng, u tavakkal qilib hujumga o‘tadi, g‘animlarining «bir pora asir va o‘y va galalarini» qo‘lga kiritadi. Boburning shu joydagi boshqa razvedka ma’lumotini olishi u bilan kurash olib borayotgan afg‘on sarkardalarining umumiy holati haqida bo‘lib, uning endi, qaysi yo‘lni tanlashi uchun muhim edi. Aslini olganda, xuddi shu fursatlarda, afg‘on yerlarini uncha yaxshi tasavvur etmagan Bobur uchun bunday xabarlar zarur va razvedka xizmatining asosiy vazifalaridan bo‘lgan. Bu ma’lumotlar yuzaki qaraganda jo‘nroq ko‘rinsa-da, aslida Bobur va uning lashkarlarini o‘limdan saqlagan, oziq-ovqatli mavzelarga yetaklagan, kimga qarshi kurashishni oldindan belgilab bergan. Bobur o‘zi uchun umr mazmunining asosi bo‘lgan qaror — Hindiston yurishiga: ayni shu ma’lumotlarga ega bo‘lganidan keyingina azm qilgan: «Bajavrdinkim, yonildi, Bhira xayoli bila yonilib edi, to Kobulg‘a kelib eduk, hamisha Hinduston yurishi xayolida eduk».
Mana bu misol esa Boburga bevosita urush maydonida, uning hal etuvchi pallasida razvedka nechog‘li qo‘l kelganini ko‘rsatadi. Bemalol aytish mumkinki, Hindistonni egallashdagi bu yakuniy urush muvaffaqiyati, imkon qadar Bobur lashkarlari uchun kam talafot bilan yakunlanganligi ana shu razvedka ma’lumotlarining natijasi bilan ham bog‘liq. Chunki biz «Boburnoma»ning biron sahifasida Boburning bunchalik ko‘p, ustma-ust xabarchilarini ma’lumot yig‘ish uchun yuborganini, razvedka ma’lumoti muhoraba yutug‘ining bosh omili ekanligiga bu qadar aniq baho berilganini ko‘rmadik.
Bobur yozadi: «Shanba kuni jumodiul avval oyining o‘n to‘rtida Agra navohisidin ko‘chub, chohlar qozilg‘on yurtqa kelib tushuldi… Darvesh Muhammad sorbon bila Qismtoykim, Bayanag‘a borib kelib, yer-suvni bilib edi, ilgari Sekriy ko‘lining yoqasida yurt ko‘ra yiborildi. Kelib, yurtta tushub, Mahdiy Xojag‘a, Bayanadag‘ilarg‘a kishi choptiruldikim, betavaqquf kelib, qo‘shulg‘aylar».
Demak, Bobur bu muhorabaga kirgunga qadar uch marta razvedka xizmatiga murojaat etgan. Uning xabarchilari bu yerning relefi, suv zahirasi, holatini «ko‘rub-bilib» kelishlari zarur edi. Bunda ma’lumot to‘laqonliligini ta’minlash, shubhaga o‘rin qoldirmaslik topshirilgan. Binobarin, xatolikka yo‘l qo‘yish urushda yengilish bilan barobar bo‘lgan. Bobur ma’lumotni olib, qanoat hosil qilgandan so‘ng tez xulosaga keladi: « …betavaqquf kelib qo‘shilg‘aylar». Ya’ni zahiradagi qo‘shinlar unga kelib qo‘shilishini amr qilgan. Shundan keyin ham ko‘ngli to‘lmagan Bobur yana razvedkadan foydalanadi va ana shu xabardin keyin va bu yerda jang olib borishga oid tayyorgarlik ishlarini yakuniga yetkazadi. Chunki xabarchilarning ma’lumotiga binoan zahira kuchlari unga yetib keladi, dushmanning qayerga, qaysi masofada kelib tushganligidan ogoh bo‘ladi va shunga qarab kerakli joylarda qorovullarni tayinlaydi: «Humoyunning navkari Bek Mirak mo‘g‘ulni bir necha yigit bila kofirdin xabar olg‘ali yiborildi. Kechasiga borib, xabar olib, tonglasi xabar kelturdilarkim, g‘anim kishisi Busovardin bir kuruh ilgarrak kelib tushgan emish. Ham ushbu kun Mahdiy Xoja va Muhammad Sulton mirzo va Bayanadag‘i ilg‘or kelib qo‘shuldilar. Beklar navbat bila qaravulliqqa ta’yin bo‘ldilar».
Zahiriddin Bobur muhorabada har qanday xatolik yomon oqibatlarga olib kelishini alohida ta’kidlagan. Yuqoridagi matndan ko‘rinadiki, Bobur razvedka ma’lumotlari asosida har bir bekni o‘z lashkari bilan ma’lum vaqt va manzilda qorovullikka tayin etgan. Ammo, bu ma’lumotlarga e’tibor bermagan Abdulaziz bek juda katta xatolikka yo‘l qo‘yadi, o‘zini va lashkarini xavf ostida qoldirib, ularning ayrimlaridan ayriladi, safdoshlarini ham chalg‘itib, ularning boshiga turli kulfatlar yog‘ilishiga sabab bo‘ladi. Ana shu misolning o‘zi ham Boburning razvedka ma’lumotlariga naqadar e’tibor bergani, unga o‘zi amal qilgani, qalamravida bu tartibni buzganlarga murosasiz bo‘lgani dalilidir. Zero, Abdulazizning shu xatosi juda katta muhorabaga hozirlik ko‘rayotgan Boburning rejalarini buzadi, Muhammad Ali jang-jang kabi lashkarboshisini bu jangga kiritishga majbur bo‘ladi.
Mana bu misol Boburning Ibrohim Lo‘diy bilan olib borgan kurashining dastlabki paytiga taalluqli. U Ibrohim Lo‘diy askarlari holati, unga kim do‘st, kim g‘anim ekanligini bilish, «tahqiq qilib» kelishni razvedka xizmatiga buyuradi va ma’lumot ishonarli bo‘lishi zarurligini alohida ta’kidlaydi: «Siyalkottin Shohim Nurbekni ham Lahur beklariga choptiruldikim, yog‘iy ne yerda ekanin tahqiq qilib, qayda qotilurlarini sohibvuquf kishidin bilib, aytib yiborsunlar».
Bobur o‘z yurti va boshqa yerli savdogarlar orqali ham razvedka ma’lumotlari olishga intilgan. Albatta, bu usul yangilik emas. Savdogarlar hukmdorlar uchun hamisha zarur ma’lumotlar yetkazib turishgan. Biroq Boburning bu galgi maqsadi aniq nishonga tekkan. U Ibrohim Lo‘diy haqida juda muhim ma’lumotga ega bo‘ladi. Olamxonning Ibrohimga qarshi turishi, Xurosonda esa ko‘chmanchi o‘zbaklar Balxni muhosara qilganliklari haqida ma’lumot oladi va zudlik bilan qat’iy qarorga keladi: «Olamxong‘a Hinduston sari ruxsat berib, o‘zumuz Balx ustiga otlanduk».
Quyidagi misollar yuqoridagidek katta siyosiy ahamiyatga molik bo‘lmasa-da, muhoraba taqdirini belgilashda muhim o‘rin egallagan. 1525 yilgi muhorabalar Boburni anchagina charchatgan bo‘lsa ham, yonida to‘ng‘ich o‘g‘li Humoyun mardonavor kurashib, ko‘pgina asirlarni, qo‘lga kiritilgan fillarni olib kelib mulozamat qilganligi uning ruhiyatini ko‘targan edi. Lekin Bobur raqibi Ibrohim Lo‘diyning sir-asroridan, harbiy imkoniyatidan kengroq xabardor bo‘lishni maqsad qilar ekan, qanday bo‘lmasin, dushman orasidan «til» olib kelishni buyuradi: «Ul yurttan ko‘chub, Shohobod kelduk. Til tutar uchun Sulton Ibrohimning o‘rdusig‘a kishi yiborib, necha kun bu yurtta tavaqquf bo‘ldi». Demak, Bobur hatto razvedka xabarini kutib, bu joyda bir necha kun qolib ketgan. Uning bu sabri o‘z natijasini bergan. U lashkarlari va safdoshlari bilan xavfsiz yo‘lni tanlab harakat qilgan. Lekin bu joyga yetib kelgan zahoti yana bir kishisini razvedkaga, yana «til» tutib kelishga jo‘natgan: «Ibrohimning o‘rdusidin ham mutavotir xabarlar kela boshladikim, bir kuruh-ikki kuruh ko‘chub har yurtta ikki-uch kun maqom qila-qila keladur. Biz ham mutavajjih bo‘lub, Shohoboddin ora ikki qo‘nub, Juun daryosining yoqosig‘a Sarsava to‘g‘risi kelib tushtuk. Xoja Kalonning navkari Haydarqulini til tuta yiborildi».
Boburning bu galgi tirishqoqligi, maqsad sari intilishi, yuksak razvedka qobiliyati zarur natijani bergan. Haydarquli keltirgan xabar Ibrohim Lo‘diy bilan bo‘lgan jang muvaffaqiyatini ta’minlagan. Bu xabarda dushmanning harbiy imkoniyati, armiya saflarining joylanishi va soni, lashkarlar orasidagi o‘zaro munosabat, hatto ularning qaysi holatda o‘tirib-turishlarigacha tafsiloti bilan yetkazilgan edi. Bobur ushbu ma’lumotni olar ekan, hujumga o‘tib, o‘zining eng ko‘zga ko‘ringan sarlashkarlari Chin Temur Sulton, Muhammad Sulton, Sultonim Junayd, Mir Husayn va boshqalarni bu muhorabaga safarbar etadi. Natija uning ko‘nglidagidan ham yaxshi bo‘ladi. Bobur muhorabalarda juda katta yutuqqa erishadi, o‘zi tashabbus ko‘rsatib Usta Aliquli to‘pchi bilan yaratgan to‘plarini ishga solib, Ibrohim Lo‘diy ustidan mutlaq g‘alaba qozonadi. Bu natijalarni qo‘lga kiritishda, albatta, bevosita uning razvedkaga oid qobiliyatining ham muhim hissasi bo‘lgan.
Ajdodlarimizning harbiy salohiyati tarixini o‘rganish yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat tuyg‘usini uyg‘otishda alohida ahmiyatga ega. Binobarin, millatimizning harbiy tarixi deyarli o‘rganilgan emas. Birgina Bobur harbiy mahorati ko‘plab tadqiqotlarga yetarli material bera oladi. Bu masalalarni Boburning mohir adib, shoir, olim, entsiklopedik bilim sohibi sifatlari bilan hamohang o‘rganish, ayniqsa, yanada katta samara beradi.

Hasan Qudratullayev,
filologiya fanlari doktori
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 44-sonidan olindi.