Keyingi vaqtlarda O‘rta Osiyo, hatto dunyo tarixida katta iz qoldirgan sohibqiron Amir Temur haqida ko‘p qissalar, turli maqolalar yozilmoqda, u haqdagi tarixiy manbalarga murojaat qilinmoqda. Eng quvonarlisi shuki, endilikda bu ulug‘ vatandoshimizning juda kechikib bo‘lsa ham buyukligi tan olindi, buyuk ajdodimiz hayoti va faoliyatiga oqil va odil baho berildi. Qolaversa, u haqda badiiy asarlar, jumladan tarixiy roman, hatto kinostsenariylar yozilmoqda. (Ovrupoda, umuman, taraqqiy etgan kapitalistik mamkalatlarda bu ishlar bilan allaqachonlardan beri shug‘ullanilmoqda. Jumladan, «Temurlang» deb atalgan tarixiy pesa London teatrlarida 100 yillar osha qo‘yilib, hamon sahnadan tushmaganini ko‘pchilik biladi). Bu g‘oyatda quvonchli hol, albatta. Shu tufayli men aqlimni taniganimdan beri — o‘z el-yurtimning tarixiga qiziqishim borasida Temur haqida bilgan ma’lumotlarimdan bir necha jiddiy ahamiyatga molik tarixiy dalillarni ko‘rsatib o‘tmoqchiman.
Men Amir Temurning Movarounnahrda mo‘g‘ul hokimiyatiga qarshi kurashini, yagona markazlashgan davlat tuzganini, ko‘p tarixchilar tomonidan e’tirof etiladigan ilm-fan homiylariga bo‘lgan hurmat-ehtiromlari, obodonchilik va me’morchilikka qo‘shgan katta hissasini va, nihoyat, Oltin O‘rda saltanatiga zarba berib, Rossiyani mo‘g‘ullar zulmidan ozod qilganini, mashhur Anqara jangida (1402 y.) Usmonli Turk sultoni Yildirim Boyazidni yengishi natijasida Bolqon mamlakatlari, hatto butun Ovrupo yengil nafas olaboshlagani haqida mavjud ma’lumotlarga to‘xtalmoqchi emasman. Men Amir Temurning Sulton Boyazidni yengib, asir olgach, u bilan bo‘lib o‘tgan suhbati haqida fikr yuritmoqchiman. (Amir Temur bilan Sulton Boyazid uchrashuvi oynoma 4-soni muqovasining 1-sahifasida berilgan.)
Mening qo‘limdagi ba’zi tarixiy manbalar va ozarbayjonlik mashhur dramaturg Husayn Jovidning «Topol Teymur»— («Oqsoq Temur») deb atalgan tarixiy dramasida keltirilgan dialog nihoyatda qiziqarli va haqiqatga yaqindir. Bu dialog orqali har bir kishi o‘sha zamonda yashagan ikki jahongirning insoniy xususiyatlari, ularning xislatlari va kamchiliklari, bir-birlaridan farqlari haqida muayyan darajada tushunchaga ega bo‘lishi mumkin.
Anqara ostonasidagi muhobarada, ma’lumki, Boyazid yengiladi, ba’zi manbalarga ko‘ra, uning lashkarboshilari, hatto Boyazidning o‘g‘li Shayxzoda Sulaymon ham qochishga majbur bo‘ladi. Ammo Boyazid qochishni o‘ziga or bilib, Temurga asir tushadi. Endi Husayn Jovidning «Oqsoq Temur» tarixiy dramasida bayon etilgan ana shu dialogni keltiramiz:
«LAShKARBOShI SABUTOY — (Temur yoniga kelib ta’zim qiladi): Janobi oliylari, Yildirim huzuringizga keldi.
TEMUR — Marhamat kelsin (Yildirim ikki askar ihotasida kirib keladi).
DOVON BEK — Mana usmonlilar sultoni Yildirim Boyazid!
TEMUR — (Tavoze ila kursimi ko‘rsatib): Marhamat qiling, shavkatli sultonim. Ollohning quli Temurdan doimo ikrom va ehtirom ko‘rajaksiz. Charchangansiz, iltimos qilaman, o‘tiring. (Boyazid o‘tirmaydi, Temur yonidan bir qog‘oz chiqarib unga berur). Lutfan bu maktubni o‘qigaymisiz?
YILDIRIM — (maktubni olib, ko‘zlariga yaqin olib keladi va uni Temurga qaytaradi)… yozilgan vaqtida albatta o‘qilgan.
TEMUR — Men bu maktubdagi yozgan so‘zlaringizni allaqachon unutganman va afu etganman. Endilikda esa Sizning muhabbatingizni qozonishni istardim. (Ma’noli va mag‘rur qarash bilan, Temur shoir Kirmoniyga boqadi). Qiziq, bunga shoirimiz nima derkin!
ShOIR — (samimiy va jo‘shqin ohangda): Muhabbat! Muhabbat!.. Bu bashariyatni qutqaruvchi — xalos etuvchi yolg‘iz muhabbatdir. Muhabbatli cho‘pon qalbi, gina va adovat haqida xayol qiluvchi sulton boshidai sharaflidir. Agar dunyoning shonli muhorabalari, qonli janglarining natijalari insonlar qalbida muhabbat yarata olmasa, unda butun hayot va koinotga nafratlar bo‘lsin.
TEMUR — Ajabo! Mag‘rur Yildirim buni qanday tushunadilar?
YILDIRIM — Tushunadigan hech narsa yo‘q. Haqiqatan esa sen g‘olibsan! Ammo bu g‘alaba turk millatini emas, balki shu kunlarni kutgan dushmanlarni mamnun etdi. (Og‘ir bir xafachilik, biroq shiddat ila) Oh, to‘g‘risini aytganda, bu g‘alaba islom olamini boshdan mahrum qildi!
TEMUR — (ikki-uch qadam oqsoqlanib borib, Yildirim yonida mag‘rur va baland oaoz bilan) — Hech maroqlanma, hoqonim. Axir sen bir ko‘r-daydi, men esa bir cho‘loq-devona. Agar dunyoda afzallik e’tiborga olinsa, undagi son-sanoqsiz insonlarga, poyoni yo‘q mamlakatlarga sendek bir ko‘r, mendek bir cho‘loq hoqonlik qilmagan bo‘lardi».
Yuqorida Yildirim va Temur suhbatlaridagi ajratilgan dalillar hakiqatga yaqinligi haqida fikr yuritib ko‘raylik.
Yildirimning javobida haqiqatan katta ma’no yotibdi. U biz yuqorida ko‘rsatib o‘tganimiz «Boyazid Yildirimning Temur tomonidan yengilishi natijasida Bolqon mamlakatlari, hatto butun G‘arbiy Ovrupo yengil nafas ola boshladi», degan fikrni tushuntirib beradi. Ammo bunga salbiy baho bergan Boyazidning o‘ziga g‘oyatda zeb berganligini, Islom olamining boshi ekanligini ta’kidlab, agar Temur g‘olib bo‘lmaganda butun Ovruponi, barcha «kofirlar» yurtini zabt etishi mumkinligiga, bunga Temur halaqit berganligiga shama qiladi.
Temurning javobiga kelsak, bu chuqur falsafiy ma’noda aytilgan so‘zlar bo‘lib, uning ob’ektiv haqiqatga yaqinligi hamda manbai qayerdan olingan bo‘lishi mumkinligi xususida bir necha og‘iz so‘z aytishga jazm qila olaman. Zero frantsuz faylasufi va sayyohi Fransua Bern’e (1625—1688) Temur avlodlaridan boburiy Avrangzeb saroyida to‘qqiz yil mobaynida tabiblik qilgan, so‘ngra 12 yil ichida, to Hindiston inglizlar qo‘liga o‘tgan vaqtgacha Hindiston tarixini yozgan («Buyuk Mo‘g‘ul davlatida oxirgi keskin siyosiy o‘zgarishlar tarixi»). Fransua bo‘lgan munosabatlarni g‘oyatda maroqli hikoya qiladi. Jumladan, Avrangzeb o‘z otasidan hokimiyatni olib, uni tutqinlikda ushlasa ham, u bilan shirin va ba’zan keskin muloqotda bo‘lgani, hatto unga nasihatomuz xatlar yuborganini yozadi.
Fransua Berne Shohjahonning xudbinligi va takabburligini qoralaydi, lekin Avrangzebning otasiga yozgan xatlaridan juda qiziqarli ma’lumotlarni keltiradi: «… Men bobomiz — Mirtemurning ajoyib xislatlarini hech qachon esdan chiqarmayman, u haqda bizning buyuk avlodimiz Akbarning aytib ketgan gaplarini e’tiborga olmasdan bo‘ladimi? Axir, buyuk Akbar o‘z yozuvlarida Temur nasihatlariga katta e’tibor berishimizni so‘ramaganmidi? Buni hisobga olganda, bizning o‘ta mag‘rurlanishimizga haqqimiz bormikan? Siz axir bilasizku, buyuk Akbarning hikoyasiga qaraganda, bobomiz Temur Boyazidni asir olganida o‘sha kuniyoq huzuriga chorlaydi-da, unga e’tibor va istehzo bilan qaraydi. Bu holatdan Boyazid g‘azablanadi va shunday deydi: «Mening baxtsizligimdan kulma, Temur, bilginki, podshohlik va hokimiyat Olloh taolo tomonidan beriladi. Shunday bo‘lishi mumkinki, bugun mening boshimga tushgan qismat ertaga sening boshingga tushishi mumkin. Temur ham chuqur ma’noda va odob ila javob beradi: «Buni men ham tushunaman, Olloh taologina podshohlik va mamlakatni iltifot etishga qodir. Men sening baxtsiz qismatingdan kulayotganim yo‘q. Xudo saqlasin. Ammo men sening betingga karaganimda, shunday fikr keldiki, podshoh va hokimiyat xudoning oldida juda kichik, ahamiyatsiz bir narsa bo‘lsa kerakki, uni bizlardek nogiron kishilarga — sendek baxtsiz bir ko‘zi ko‘rga va mendek achinarli cho‘loqqa nasib etibdi» (Fransua Berne, «Istoriya poslednix politicheskix perevorotov v gospodstve Velikogo Mogola». M., 1936, 350-bet.). Shunday qilib, Husayn Jovid dramatik asaridan keltirganimiz Temurning Boyazidga aytgan so‘zining negizida, buyuk Amir Temurning falsafiy mulohazasi yotadi, desak haqiqatga yaqin fikrni aytgan bo‘lamiz. Ya’ni Husayn Jovid pesasida keltirilgan ushbu dialoglar tarxiy hujjat asosida berilgani, shubhasiz. Bu ma’lumotlarga tayanib Temurning irodasi kuchli, shuning bilan birga, shavkatli shaxs ekanligining yana bir bor guvohi bo‘lamiz.
Husayn Jovid kitobining oxirida keltirilgan izohlarda shunday deyilgan: «Temur haqiqatan Yildirimdan irodasi kuchli va fe’l-atvori mahkam shaxsdir». Bunday fikrlarni bir qancha Ovrupo tarixchilarining kitobida ham o‘qiymiz. Masalan, mashhur nemis tarixchisi F. Shleserning bir asaridagi tarixchi olim G. Veberdan keltirilgan lavhalar qiziqarlidir: «… Temur qahr-g‘azabi bilan dahshatli edi, shunday bo‘lsa ham odam sifatida ham, hokim sifatida ham Boyaziddan ustun turardi…»
Temur albatta juda murakkab shaxs edi. Shuning uchun u haqda bir-biriga zid baholar va ma’lumotlar bor. Ular Temur yashagan zamondagi tarixchilardan Sharafuddin Ali Yazdiy, Kirmoniy va XVIII—XX asr Ovrupo tarixchilari Eduard Gibbon, T. Granovskiy, G. Vamberi, N. Ostroumov, K. Marks, V. N. Bartold, A. Yu. Yakubovskiy va boshqalarning kitoblarida uchraydi. Masalan, ba’zi muaaliflar «Temur Boyazidni qafasga solib olib yurganligi» xususidagi rivoyatni keltiradilar. Yuqoridagi suhbatimizdan so‘ng esa bu faqat bir rivoyat ekanligiga ishonch hosil qilishga haqlidirmiz.
Obid Akromxo‘jayev, UO‘zSSJ FA haqiqiy a’zosi.
“Fan va turmush” jurnali, 1991 yil, 4-son