Narzulla Yo‘ldoshev, Yo‘ldosh Haydarov. Amir Olimxon xazinasi qayerda? (1991)

Qadimda Buxoro amirligida zarb etilgan oltin tangalar va turli buyumlar Italiya, Vengriya va Turkiya bozorlarida almashinuv qimmatini o‘tab kelgan. Buxoro amirlari oltin konlarida qazish ishlarini olib borish uchun asosan chet ellardan — Eron, Turkiya va Afg‘oniston bozorlaridan qullar sotib olib keltirgan. Negaki, oltin bor joylar siri o‘ta maxfiy saqlangan va oltin konlarida barcha ishlar tugagach, bu yerda ishlagan qullar o‘ldirilgan.

Umuman olganda, Buxoro amirlari sulolasiga qarashli oltin xazinasi anchagina bo‘lib, asrimiz boshlarida uning katta qismi amir Sayyid Olimxonga qarashli g‘aznada to‘plangan edi.

«Oyna» jurnalining 1914 yil 12 aprelida (25-soni) berilgan «Buxoro amirining xazinalari» sarlavhali maqolada quyidagicha yoziladi: «…Hozir Buxoro amirining tasarrufi ostida bo‘lgan xazinaning aqchasi (oltin va kumush) shu darajada mo‘lki, hech bir davlat xazinasida bul darajada ehtiyot saqlangan oltin va kumush pul va yombilar bo‘lmasa kerak. Buxoro amirining sanochlarida (charmdan tikilgan, maxsus xaltalar) saqlanayotgan oltin va kumush pullar bo‘yi 50 olchin (1 olchin taxminan 70 sm ga teng) eni 20 olchin va balandligi 8 olchin bo‘lgan bir tog‘dan iboratdir. Bu xazinadan tashqari, uch olchin kattalikda yana bir yerto‘la xazinasi bo‘lib, u xazina rus, Buxoro va boshqa bir qancha davlatlarning oltin pullari bilan to‘ladir».

Mazkur maqolada yana quyidagi faktlar ham qayd qilinganki, ular ham amir xazinasining nihoyatda boy bo‘lganini tasdiqlaydi. Amir xonadoniga tegishli xazina haqida guvohlik beruvchi bir yarim olchin (1 metr) qalinlikdagi daftar bo‘lib, bu daftarda amirning bobosidan buyon xazinaga to‘plangan oltin va kumush pullari haqida ma’lumotlar to‘plangan edi. 1914 yilga qadar mazkur daftardagi xazina ro‘yxati to‘la taftish qilinmagan. Bu xazinadan na millat taraqqiyoti, na madaniy ehtiyojlar, na mamlakat obodonchiligi va saodati yo‘lida biron hissa sarf qilinmagan. Ular to‘plangan, yig‘ilgan Buxoro xazinasi edi. Ular miqdori aniq ko‘rsatilgan emas.

Buxoro amirlari o‘z xazinalarini yildan yilga boyitib borishga katta e’tibor berishgan. Bu maqsadda ko‘plab soliqlar va yig‘imlar to‘plangan. Soliqlar va yig‘imlarning ozgina qismidangina ayrim xarajatlar amalga oshirilgan. Masalan, Eski Buxorodagi rus-tuzem kasalxonasi uchun har yili 30 ming so‘m (qog‘oz aqcha hisobida), rus politsiyasi va Buxoro askarlarini saqlash uchun yiliga 1 million so‘m mablag‘ xarj qilingan. Shuningdek, Buxoro amiri o‘zi va saroy a’yonlarining dam olishi, maishati uchun yiliga 15 million so‘m mablag‘ sarflangan. Bu va boshqa sarf-xarajatlar asosan xalqdan yig‘ib olingan yig‘imlar hisobidan qoplangan.

Bundan tashqari, Buxoro amirining o‘z bekliklarida ham maxsus xazinalari bo‘lgan. Masalan, Chorjo‘y bekligida amirning shaxsiy xazinasi bo‘lgan. Unda 10 pud oltin (160 kg) va ming puddan ortiqroq kumush tangalar saqlangan. Shu beklikda saqlanayotgan amir xazinasidagi boshqa qimmatbaho mollar ham 1 milliard so‘mlikdan ko‘proq bo‘lgan («Ishtirokiyun» ro‘znomasi, 193-son, 1920 y., 19. IX.). Inqilobning dastlabki kunlaridan boshlab Chorjo‘y bekligidagi amir xazinasi «Buxoro jumhuriyati boyligini muhofaza qilish komissiyasi» ixtiyoriga o‘tkazilgan. Ammo bu komissiya qo‘lida to‘plangan oltin, kumush, boshqa qimmatbaho metall va toshlar bir necha vagonda Rossiyaga jo‘natilgan.

Qal’a ichidagi machitlardan biri va unga tutash o‘rdaning vayron etilishi manzaralari Buxoro davlatiga qarshi uyushtirilgan bosqinchilikning qay darajada ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Buxoro amiri chet davlatlar bilan olib boriladigan savdo-sotiqdan keladigan daromadlarning katta qismini ham oltin va kumush tangalarga aylantirib, o‘z xazinasiga to‘plagan. Masalan, amirlikda har yili o‘rtacha 1800 ming — 2 million dona qorako‘l teri chet ellarga sotilgan. Amir xazinasiga qorako‘l teri sotishdan keladigan daromadning ham 50—60 foizini oltin va kumush tangalar tashkil etgan. («Buxoroyi sharif» ro‘znomasi, 32 va 33-son, 1912 yil.).

Bundan tashqari, asrimiz boshida ham Buxoro amirligi hududida oliy sifatli oltin qazib olinadigan maxsus konlar ham bo‘lib, ular o‘ta maxfiy saqlangan. Bu konlardan oliy sifatli oltin yombilar qazib olingan va xazinadagi maxsus sanochlarda saqlangan.

Xo‘sh, bu xazinalarning taqdiri nima bo‘ldi? Ular qayda qoldi?

Ularning kichik bir qismi Buxoro amiri Sayyid Olimxon tomonidan chet ellarga yuborib turildi. «Qutulish» ro‘znomasining 1920 yil 2 iyul sonida «Fuqaroning molini qochurmanglar» sarlavhasi ostida berilgan maqolada shunday deyiladi: «Savr oyinda Buxorodan janobi oliy (amir) Hindiston orqali Londonga 200 tuya qorako‘l terisi yuborgan. Ushbu terilar bilan ma’lum miqdorda oltinlar, qimmatbaho narsalar yuboradi. Bu qimmatbaho mollar va oltinlarni To‘raqul dallol, Qori Mizrob Miroxo‘r, Qori Muhiddin Qorovulbegilar Londonga olib ketadilar. Fuqaro moliga bo‘lgan bu narsalarni amir yurtdan qochirmoqda». Buxoro amiri o‘z xazinasidagi qimmatbaho narsalardan Mashhadga ham yuborib turgan. 1920 yil iyul oyi boshlarida Sayyid Olimxon 3 tuya oltin, 16 tuya kumush, 25 tuya qimmatbaho narsalarni Mashhadga yuboradi.

Inqilob arafasida ilg‘or mahalliy ziyolilar Buxoro xazinasining chet elga yuborilishiga qarshi chiqqan edilar. Shunday kishilardan biri Abdulvohid Munzim «Qutulish» ro‘znomasida (1920 yil 18 iyun soni) bosilgan maqolasida quyidagilarni aytadi: «Buxoroning oltin, ko‘mush, brilliantlari, qorako‘l terisi va shunga o‘xshash qimmatbaho narsalarini ko‘p miqdorda… Angliyaga, ingliz banklariga yubormoqdalar. Buxoroning boyligi, faqiru fuqaroning haqi bo‘lgan xazina aqchalari qo‘llaringizdan chiqib ketishiga yo‘l bermangiz».

Xo‘sh, bu boyliklar-ku Buxoroning faqiru fuqarosiniki ekan, Buxoro amiri Sayyid Olimxon Sho‘ro hukumati tomonidan bo‘layotgan xavf-xatar ostida xazinaning atigi bir qisminigina o‘z homiylariga yuborib, insofsizlik qilgan bo‘lsa, inqilobdan so‘ng amir omborlarida saqlanayotgan oltin, kumush, brilliant va boshqa qimmatbaho metallar,  qimmatbaho mollar — Buxoro xazinasi qayerda qoldi?

Arxiv hujjatlarining dalolat berishicha, Sayyid Olimxon qochar ekan, o‘zi bilan birga 100 aravada oltin va boshqa qimmatbaho narsalar olib, o‘z qo‘shinidagi afg‘on brigadasining komandiri Abdullo Shukurxon va Toshkentdagi sobiq afg‘on vakili Muhammad Arslon Mirishkorlar hamda 1000 dan ortiq askar kuzatuvi ostida yo‘lga tushadi. G‘ijduvon tumanidagi Eshon ko‘prik yonida E. F. Kujelo otryadi bilan to‘qnashadi, jang boshlanib ketadi. Kuchlar teng bo‘lingan jangda amirning 1000 kishilik sarbozlari Kujelo otryadining zarbalariga dosh berolmay, Zarafshon tomonga chekinadi. 3 sentyabrda amir 25 kishilik guruhi bilan Kujelo otryadlari zarbasidan qutulib qochadi. Ammo bu jangda Sayyid Olimxon tomonidan olib ketilayotgan 100 aravadagi oltin va boshqa qimmatbaho buyumlardan 25 aravasi E. F. Kujelo otryadi qo‘liga o‘tadi. Bu ulkan xazinaning taqdiri nima bo‘lganligi hozirgacha ma’lum emas. Qolaversa, Qizil Armiya «yurishi» davrida Nurota, Xatirchi bekliklariga bir ming puddan ortiq oltin va kumush tangalar, gavhar va yoqut kabi qimmatbaho toshlar, Qarmana bekligidan 12 pud qimmatbaho metallar va boshqa bekliklardan ham ko‘plab miqdorda oltin, kumush va boshqa qimmatbaho metallar musodara qilingan. Mana shularning aksariyat qismi markazga yuborilgan va bir qismi esa temir yo‘l bekatlarida talon-toroj qilingan. Tashib ketilgan mana shu boyliklarimiz taqdiri haqida ham hech narsa bilmaymiz.

11 joyidan shikastlangan Minorai Kalon; «g‘oliblar» amir fili ustida.

Buxoro amiri qochib ketgandan so‘ng Buxoro arki yerto‘lalaridan birida faqat 20000 pud oltin va kumush tangalar sanochlarda qolib ketgan edi. («Nabat revolyutsii», № 147, 18, IX. 1920 yil.) Bulardan tashqari, boshqa yerto‘lalarda ham ko‘p miqdorda oltin yombilar va qimmatbaho toshlar saqlangan edi. Buxoro bosib olingan kunning erta tongida 13 ta yuk vagonli sostav Kogon temir yo‘li bekatidan Peterburgga qarab yo‘l oldi. Bu vagonlarda Buxoro arkidagi amir xazinasidan o‘g‘irlab olingan oltin va oltin buyumlar, tarixiy va badiiy ahamiyatga ega bo‘lgan qimmatbaho ashyolar olib ketiladi. (Dushan Fayziyev, «Bormisan, erkinlik?!» Guliston, 1991, 4-son.).

Ma’lumotlarning guvohlik berishicha, inqilobdan so‘ng faqat M. V. Frunze tashabbusi bilan Buxorodan Moskvaga amir xazinasi va boshqa shaxslarga tegishli bo‘lgan oltin, kumush, qimmatbaho metallar hamda buyumlardan bir necha esheloni yuborilgan.

Markazga yuborilgan ana shunday katta miqdordagi Buxoro xazinasidan tashqari, bir qism boyliklar Qizil Armiyaning 2526 va 43-aviaotryadlari tayyoralari tomonidan qilingan ayovsiz bombardimonlar ostida qolib ketdi. 21 avgustdan 1 sentyabrgacha shaharga tayyoralardan 200 ga yaqin bomba tashlanishi va to‘plardan otilgan snaryadlar ta’sirida tarixiy-me’morchilik yodgorliklariga zarar yetishi bilan birga ko‘plab qimmatbaho buyumlar yonib ketdi va tuproq uyumlari ostida qoldi. Bular milliard so‘mlikdan ortiq qimmatga ega edi. Ular-ku beayov bombardimon qilish va yong‘in natijasida nobud bo‘lgan xazinalardir, yana shunday xazinalar bor ediki, mazkur xazinalar ongli ravishda Buxorodan tashib ketildi.

Buxoro inqilobiy hukumati amir qo‘shinini tor-mor qilishda bergan yordami uchun 1920 yil 5 sentyabrda M. V. Frunzeni amir Sayyid Olimxonning oltin qilichi va xanjari bilan mukofotladi. Oltin qilich M. V. Frunze tomonidan Ivanovo to‘qimachilariga sovg‘a qilinganligi ma’lum.

Buxoro xazinasiga ana shunday nopisandlik bilan qarash ma’muriy-buyruqbozlikdan iborat yaroqsiz boshqaruv usuli hukm surgan 20-yillarning oxiri va 30-yillarda ham davom etdi. 1930-yillarning boshlarida Buxoro va uning tumanlaridagi qishloq va shaharlarda boshlangan «tilla olish» («tilla girin») kampaniyasi davrida GPU (Bosh siyosiy boshqarma) xodimlari minglab kishilarning oltinlari, hatto ayollarning uzuk, zirak, bilakuzuklar, tillaqosh va boshqa taqinchoqlarini majburiy tarzda tortib oldi. O‘zlaridagi bor oltinlarini topshirganlaridan so‘ng ham ular ko‘plab kishilarga yana topib berasan, deb do‘q-po‘pisa qilishgan, qiynoq azoblariga solganlar. Masalan, Buxoro shahrining Kosagaron guzarida yashagan Bobo Qori degan 72 yoshdagi qariyaning xonadoniga qarashli barcha oltin, oltin buyumlarini tortib olishlari yetmaganidek, yana qolganlarini ham topib berasan, deb og‘ziga miltiq tirab azoblaganlar. So‘ngra ular miltiqning zatvorini olib qo‘yib, miltiqning mili orqali bir chelak suvni Bobo Qorining ichiga yuborganlar. Qiynalib ketgan chol bunday azoblar jabridan qamoqxonada halok bo‘ladi. Yana o‘sha guzarda yashagan 61 yoshli Ahmadjon jomafurushni ham GPU xodimlari 1930 yilning boshlarida shu maqsadda qiynab o‘ldirishgan.

Bular-ku, 20-30-yillarda markaziy hukumat tomonidan milliy jumhuriyat tasarrufidagi boyliklarga nisbatan munosabatda yo‘l qo‘yilgan «xato» desak, bunday munosabat hozir ham davom etmayaptimi?! Dushan Fayziyev yozganidek, «Bu qanaqa «xaloskorlik»? Oktyabr inqilobining ozodlik nurlari deganimiz shumidi?!.. Mana 70 yil bo‘libdiki, o‘sha parovoz va o‘sha vagonlar (mubolag‘a dersiz!) hamon Buxoro oltini va oltinga teng bo‘lgan boyliklarni shimolga tashimoqda. Oltin deysizmi, qorako‘l terisi yoki ipak deysizmi, paxta yoki uran deysizmi, gaz yoki ma’dan, o‘g‘it deysizmi… Balki, o‘sha parovoz oldiga «qizil chiroq» yoqish, to‘siq qo‘yish payti kelgandir!» (Dushan Fayziyev. «Bormisan, erkinlik?!» «Guliston» oynomasi, 1991, 4-son.) Haqiqatda ham, o‘zimiz ishlab chiqarayotgan ko‘pgina narsalarga o‘zimiz, ya’ni O‘zbekistonda yashayotgan xalqlar egalik qilolmayaptilar. Ko‘pchiligi hozirgacha markaziy hukumat qo‘lida.

Hozirgi oshkoralik zamonida, xalqlar o‘zligini anglab yetayotgan vaqtda har bir jumhuriyat tasarrufidagi boyliklardan oqilona foydalanish, asrab-avaylash, jumhuriyat xalqlarining farovonligi yo‘lida sarf etish vaqti yetmadimikin?!

Narzulla Yo‘ldoshev, tarix fanlari nomzodi, dotsent;

Yo‘ldosh Haydarov, Buxoro davlat dorilmuallimining o‘qituvchisi.

“Fan va turmush” jurnali, 1991 yil, 10-son