Onadan tug‘ilgandagi ismi Xurram bo‘lgan boburiy shahzoda nafaqat Hindiston, balki butun dunyo tarixida chuqur iz qoldirgan hukmronlardan biri sanaladi. U boburiylar sulolasidagi o‘n uchinchi podshoh bo‘lib, o‘z faoliyati davomida Hindistonning davlat sifatida mustahkam qaror topishida beqiyos xizmat qilgan. Ayni uning sultonlik davrida butun hind sarzamini bo‘ylab turli madaniy va tarixiy inshootlar barpo etildi, xususan, muhtasham qasru qal’alar, ko‘shku saroylar, bog‘-rog‘laru istehkomlar to bugungi kungacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmay kelyapti. Dunyoning yetti mo‘jizasidan biri sifatida tan olingan Toj Mahal qasri endilikda hind xalqining milliy g‘ururiga aylangan.
Xurram (Shoh Jahon) 1592 yil 5 yanvarda hozirgi Pokistonning Lohur shahrida dunyoga keldi. U 1612 yilda boburiylar avlodining yorqin vakilasi Nurjahonning jiyani Arjumand Bonuga uylandi. Nurjahon yaxshigina shoira bo‘lib, saroyda o‘z nufuzi va obro‘siga ega edi. Yaqin qarindoshiga kuyov bo‘lish Xurram uchun bu saltanat ufqida quyoshdek porlab chiqishiga katta imkon tug‘dirgan edi. Albatta, nisbatan tinch zamonda, mamlakat o‘zining taraqqiyot cho‘qqisiga chiqib, shoh va fuqaro o‘rtasida barqaror hamjihatlik qaror topgan bir paytda Xurram uchun ana shunday omad kulib turgandi. Sulola vakillari o‘zaro hech qanday nizo-adovatga bormay, yosh shahzoda 1628 yilning sentyabrida bobomeros taxtga o‘tirib, sohibqiron Amir Temur vasiyat qilgan adolat ila davlatni idora qila boshladi. Odatda yosh shahzoda taxtga o‘tirganda unga yangi nom, kunya berish ko‘pgina Sharq mamlakatlarida urf bo‘lgan. Bu gal ham shunday bo‘ldi – Xurram Shoh Jahon degan dilbar ism bilan atala boshladi. O‘z navbatida uning suyukli rafiqasi Arjumand Bonu yangicha – Mumtoz Mahal ismiga sazovor bo‘ldi. Malikaning bunday nom bilan alqanishiga yana bir sabab uning husnu jamolda tengsizligi edi. Xullas, ham husn tavajjuhda, ham aqlu farosatda benazir Arjumand Bonuni Xurram chin dildan sevadi. O‘rtada o‘n to‘rt farzand dunyoga keladi. Oxirgi farzand tug‘ilishi xosiyatli kelmaydi, to‘lg‘oq azobi og‘ir kelib, sohibjamol malikaning dunyodan bevaqt ko‘z yumishiga sabab bo‘ladi. Arjumand Bonu bu paytda ayni ochilib-kulgan, har jihatdan yetilgan juvon edi – u endigina o‘ttiz uch bahorni qarshilab turgandi. Keyinchalik o‘n to‘rt farzanddan yarmi – to‘rt o‘g‘il va uch qiz voyaga yetib, yorug‘ dunyo va toj-taxt lazzatlaridan bahramand bo‘ldilar. Shoh Jahon malikai oliya Arjumand Bonuga bo‘lgan samimiy muhabbati hurmati, u jon berayotganda, nima tilaging bor, deb so‘raydi. Malikai oliya ikki tilakni aytadi, biri undan keyin boshqaga uylanmaslik, ikkinchisi malika xotirasi uchun dunyoda tengi yo‘q qasr barpo etish. Shoh Jahon har ikki vasiyatni mardonalarcha ado etadi – boshqa uylanmaydi va Toj Mahal qasrini tiklaydi. Shu o‘rinda bir savol tug‘ilishi mumkin. Nima uchun qasr aynan “Toj Mahal” deb atalgan? Javob shuki, bu yerda “toj” so‘zining sulolaga tegishli toj-taxtga hech qanday aloqasi yo‘q. Yuqorida Arjumand Bonuni saroyda “Mumtoz Mahal” deyishlarini aytib o‘tgandik. Lug‘aviy ma’noda bu “saroyning mumtoz vakili”ni anglatadi. Garchi toj-taxt boburiylar tasarrufida bo‘lsa ham, mamlakatning to‘qson to‘qqiz foizini mahalliy hind eli tashkil etardi. Hindiy tilida f, x, z, q va g‘ tovushlari yo‘q. Binobarin, “mumtoz” so‘zini ular “mumtaj” deb talaffuz qiladilar. Qabrda yotgan malika Mumtoz Mahalni ham hindlar “mumtaj mahal” deyishgan. Keyinroq aytishga oson bo‘lsin deb va go‘zal malikani yanada ardoqlab “taj mahal” deb qisqartirganlar. Shu tariqa Arjumand Bonuning kunyasi endi unga atab qurilgan muhtasham qasrning ham nomiga aylanib qolgan. Toj Mahal deganda avvalo yodgorlik ko‘z oldimizga kelsa, ketidan beixtiyor u yerda mangu uyquda yotgan 33 yasharlik yosh malika siymosi gavdalanadi.
Toj Mahalni 22 ming usta 20 yil davomida bunyod etgani tarixiy hujjatlardan ma’lum. Shoh Jahonning obro‘yi shu qadar baland bo‘lganki, olis-olis mamlakatlarning shohlari ham bu inshoot qurilishiga o‘z hissalarini qo‘shish istagini bildirganlar. Aytishlaricha, Toj Mahal qasri uchun Hindistonning o‘zidan juda kam narsa ishlatilgan ekan. Xo‘sh, bu inshootning bosh me’mori kim bo‘lgan? Bu borada tarixchi olimlar hamon bir to‘xtamga kelganlari yo‘q. Bir ma’lumotda aytilishicha, asli Samarqandda dunyoga kelgan, keyinchalik Turkiyaga borib qolgan usta me’mor Ibrohim Ishoq ushbu qasr muallifi deyiladi. Inshootning Samarqanddagi madrasayu maqbaralarga o‘xshatib barpo etilishi sababi ham shunda bo‘lsa, ne ajab! Axir shahanshoh Bobur Mirzo o‘z bobosi taxtini qayta tiklash uchun jonini fido qildi-ku. Bobosi qaror toptirib ketgan adolat hukmini Bobur Mirzo ham o‘zidan keyingi avlodlariga vasiyat qilib qoldirgan edi-ku.
Shoh Jahon o‘z hukmronligi davomida Hindistonning yaxlitligini mustahkamlash uchun ko‘p harakatlar qildi, janubiy muzofotlarni o‘z saltanatiga qo‘shib, mamlakatning siyosiy va ijtimoiy qudratini oshirdi. 1648 yilda poytaxtni Agradan Dehliga ko‘chirib, Shohjahonobod degan yangi shahar barpo etdi.
Shoh Jahon 1666 yil 22 sentyabrda Agra shahrida vafot etadi. Uning o‘limi sirli bo‘lmasa-da, bu borada ozmuncha mish-mishlar tarqalmagan. Emishki, shahanshohning hukmronlik davri haddan tashqari cho‘zilib ketib, valiahdlarning taxtga o‘chlik hissini jo‘shtirib yuborgan. Ayniqsa, davlat boshqaruvi siyosatida “suyagi yo‘q” Avrangzeb sabri chidamay, otasini taxtdan ag‘dargan va Qizil Qal’aga qamab qo‘ygan emish. Shoh Jahonning Qizil Qal’ada sevikli yori hajrida kuya-kuya olamdan o‘tgani rost, ammo Avrangzeb otasidan taxtni qizg‘angani uchun emas, balki ichki va tashqi dushmanlarning nogahoniy qasd olishlaridan saqlab qolish uchun shu yo‘lni tutgani haqiqatga yaqinroqdir.
Shoh Jahon haqida tarixda ikki muallif yozib qoldirgan yodgorlik eng ishonarli ma’lumotlar taqdim etishi mumkin. Biri Inoyatullo Kanbuning “Tarixi dilkusho” asari bo‘lsa, ikkinchisi Shoh Jahonning Frantsiyadan tak-lif etilgan shaxsiy tabibi Fransua Bernening “Boburiylarning so‘nggi avlodlari tarixi” esdalik kitobidir. Frantsuz muallifining mazkur asari aynan jurnalimizning o‘tgan yillar sonida kamina tarjimasida e’lon qilingan.
Buyuk Rabindranat Tagor har yili ma’lum bir vaqtda Agraga kelar ekan-da, tun bo‘yi Katta darvozada o‘tirib, Toj Mahalni tomosha qilar ekan. Chunki o‘sha tunda qasr sirtiga qoplangan barcha oq marmar taxtalariga kelib tushgan oy nuri Katta darvozada bir nuqtaga jamlanib, qasr osmonda suzib ketayotgan to‘lin oydek namoyon bo‘lar ekan. Bu atigi bir-bir yarim soatgina davom etib, so‘ng yana o‘z holiga qaytar ekan. Ikki qalbning muhabbatiga atab Tagor kattagina doston ham bitgan deyiladi. Toj Mahal haqida esa u: “Muhabbat ko‘zlaridan tomgan bir qatra yosh bo‘lib, tushgan yerida qotib qolgan”, – deya baho beradi. Dohiyona koshonaga dohiyona ta’rif!
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 1-son