Zikir Muhammadjonov. Uch dovruq

Har bir teatrning dovrug‘i uning repertuaridagi klassik asarlarga bog‘liq. Dramaturgiya ham teatr singari juda qadimiy. Antik teatrlarda shu qadar zo‘r klassik asarlar o‘ynalganki, ularni ijro etish bilan hozirgi zamon teatrlari katta shuhrat topishi muqarrar. To‘g‘ri, bizning asrimizda ham Sofokl[1], Esxil va ayniqsa, Shekspir asarlari ko‘p teatrlarning sahnasidan joy olgan-u, ammo bu spektakllar hamisha mazkur asarlarga munosib obro‘ qozonavermagan. Bunga munosib bo‘lish uchun avvalo buyuk asarlarni sahnalashtirishning uddasidan chiqa oladigan iste’dodli rejissyorlar, talantli aktyorlar bo‘lmog‘i zarur. Ijrochilar va rejissyorlar fikri uyg‘un tushgandagina mumtoz asarlarning munosib talqini yuzaga kelishi mumkin.

Muqaddam Hamza nomidagi O‘zbek Milliy  akademik drama teatrida XX asrning 30-yillaridayoq Shekspirning “Gamlet” asari muvaffaqiyatli sahnalashtirilib, o‘zbek tomoshabinining yuksak olqishiga sazovor bo‘lgan. Bu rejissyor Mannon Uyg‘ur va Gamlet rolining ijrochisi Abror Hidoyatovdek ikki ulkan san’atkorning salohiyati tufayli edi. 40-yilga kelib, Mannon Uyg‘ur rus rejissyori N. V. Ladigin bilan birgalikda Vilyam Shekspirning “Otello” asarini Abror Hidoyatov ijrosida tayyorlab teatr dovrug‘ini yana bir pog‘ona ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi. Muxlislarning “Otello”ga mehri “Gamlet”dan ham yuqori bo‘lgan. Urush yillari shahrimizga tashrif buyurgan ingliz parlamenti a’zolaridan janob Jonsonning teatr kitobiga yozib qoldirgan ushbu so‘zlari ham bunga yorqin dalil bo‘la oladi: “Biz – Shekspir vatanidan kelgan mehmonlar o‘zbek teatri sahnasida “Otello” spektaklini tomosha qilib, hozirgi zamonda o‘zimizning mamlakatda bu qadar yuksak ijroni ko‘rmaganimizdan bularga qoyil qolganimizni mamnuniyat bilan izhor etamiz. Bu ijroni dunyo ko‘rsa bo‘ladi”. Darhaqiqat, Londonda Shekspir asarlari qahramonlari namoyish etilganda Abror Hidoyatov ham ishtirok etgan edi. Chex adibi Yulius Fuchik “Abror Hidoyatovning Gamlet obrazi men ko‘rgan va bilgan artistlardan ko‘proq hayajonga soldi. Unda o‘ziga xos jozibadorlik mavjudki, bunday iste’dod har kimga ham nasib etavermaydi”, deb yorqin munosabat bildirgan.

Farhod GES qurilishida quruvchilarning talabi bilan “Otello” spektakli o‘n ming tomoshabin ishtirokida adir bo‘yida namoyish etilganini ko‘rganman. Vil­yam Shekspirning “Gamlet”, “Otello”, “Yuliy Sezar”, “Qirol Lir” “Koriolan” kabi turli yillarda sahnalashtirilgan mashhur asarlari teatrimizning repertuarida munosib o‘rin egallab kelgan.

Angliya safarida men Shekspir yashab ijod qilgan qishloqda bo‘lganman. O‘sha mashhur “Globus” teatri qayta tiklangan bo‘lsa ham biz borganda ishlamay turgan ekan. Uni ko‘rishni ko‘pdan buyon orzu qilardim. Stratford qishlog‘i Londondan juda olis emas, lekin hozir u shahar bo‘lib ketgan. Bunga Shekspir sabab bo‘lgan, deydilar. U yerda zavod yoki fabrika yo‘q. Ammo butun shahar Shekspir merosi bo‘lganligidan ta’minotga ega ekan.

Shaharga deyarli har kuni necha yuz minglab sayyohlar kelib ketar ekan. Hamma magazinlar Shekspirga taalluqli narsalar bilan to‘la, savdosi ham shundan. Sheks­pir asarlari qahramonlarining byustlari, kiyimlari, rekvizitlari, turli taqinchoqlar, suvenirlar, fotoalbomlar, maketlar, naqshinkor buyumlar, hamma ­vitrinalar faqat ulug‘ dramaturg asarlari personajlari tasviri bilan bezatilgan.

Odamning tabiati qiziq, balki bu vatanparvarlikdandir. Shunday mo‘jiza­larni ko‘rganingda o‘z yurtingni darhol ko‘z oldingga keltirasan kishi. O‘shanda ko‘z o‘ngimga Shohimardon keldi. Nega o‘sha yerni shunday qilish mumkin emas. Axir, Muqimiy, Zavqiy, Furqat, Hamza asarlaridagi mavzularga oid ajoyib suvenirlar yasash mumkin-ku.

Shekspir qishlog‘ida dramaturgning ikki uyi (biri – bola-chaqasi bilan birga yashagani, ikkinchisi – xotinidan ajralib, alohida yashagan uyi) hanuz saqlanmoqda.

Shekspir hashamatli uyda emas, usti qamish bilan yopilgan oddiy uyda yashagan, keyin yo‘q bo‘lib ketmasligi uchun ustiga boshqa imorat qurganlar. Uning 500 yilga yaqin saqlanishi ham shundan. Buyuk dramaturg qabrini ko‘rdik. U o‘sha qishloq cherkovida, oddiygina ishlangan, asli saqlansin deb o‘zgarish qilinmagan. Qabr tagidagi yozuvni o‘qib berishni so‘radik. Unda: “Kimda-kim suyaklarimga tegsa, oyoq-qo‘li shol bo‘ladi!” deyilgan ekan. Ekskursovoddan izoh berishni so‘ragan edik, u: “Shekspir tirikligida o‘zining buyukligini sezgan va qabrini Londonga olib ketishlari mumkinligini bilgan. Ziyoratchilar qishlog‘imga kelsin, deb, shu so‘zlarni yozishni vasiyat qilgan”, deya javob berdi. Uning gapida mantiq bor edi. Shekspirning bashorati to‘g‘ri chiqqan. Uni ziyorat qilish niyatida qishlog‘iga dunyoning hamma burchagidan sayyohlar keladilar.

Bu asarlar milliy teatrlarimizga shuhrat keltirishida tarjimonlarning hissasi ham ulkandir. Qolaversa, “Gamlet”ni Cho‘lpon, “Otello”ni G‘afur G‘ulom o‘zbek tiliga o‘girgan, Sofoklning “Shoh Edip”i tarjimasi esa Asqad Muxtor qalamiga mansub. Asar tarjimasida originalga teng matn yaratish oson ish emas. Ayniqsa, klassik asarlar tarjimasiga o‘z xalqi ruhini nazarga olgan holda yondashish badiiy ifodani ravonlashtiradi, spektaklni tomoshabinga yaqinlashtiradi. Cho‘lponning “Gamlet” ustida uzoq yillar ishlashi, uning ham shekspirona, ham xalqona vazifasini bera olganligi shundan.

Ma’lumki, yurtimizdagi ushbu ulug‘ teatrning asoschilari 20-yillarda Vaxtangov teatri qoshidagi o‘zbek dramstudiyasida ta’lim olishgan. Shu xalq ichidan chiqqan iste’dodlar  Mannon Uyg‘ur va Cho‘lponday o‘sha zamonning yetuk kishilari rahbarligida mahorat sirlarini o‘rganishgan. Cho‘lpon studiyada adabiy emakdosh bo‘lib ishlagan. Rus tilida olib boriladigan darslarni o‘zbek tilida talabalarga yetkazish, ayniqsa, o‘sha studiyada tayyorlangan asarlarni tarjima qilish ham uning zimmasida edi. Eng muhimi, talabalar o‘qish davrida teatrlardagi spektakllarni uzluksiz tomosha qilib borishgan.

“Gamlet” bizning o‘zbek tomoshabinlariga yaqinligi va qachondir uni o‘zbek sahnasida ko‘rish istagi ularda o‘sha vaqtlardayoq tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq artis­ti Lutfulla Narzullayev “Biz o‘sha studiyadagi o‘qish davrimizdayoq “Gamlet”dan kichik bir parcha tayyorlagan edik va Poloniy rolini men ijro etgan edim”, degan edi. Demak, Cho‘lpon o‘sha vaqtlardayoq “Gamlet” tragediyasi tarjimasiga kirishgan bo‘lsa ajab emas. Adabiyotshunos Naim Karimovning aytishiga qaraganda, Abdulhamid Cho‘lpon 30-yillarda Moskvaga borganida ingliz tilini yaxshi biladigan bir rus oshnosi bilan “Gamlet” pesasini ingliz tilida o‘qib chiqishgan ekan. Shundan ko‘rinadiki, Cho‘lpon bu asarni tarjima qilguncha juda puxta tayyorgarlik ko‘rgan va bu asarni oq she’r tarzida emas, proza shak­lida o‘zbek tiliga o‘girgan. Spektakl bizning teatrimizda 1933–1934 yillarda tayyorlanib, 1935 yilda tomoshabinlarga ko‘rsatiladi. Uni sahnalashtirish jarayonida teatr jamoasi Cho‘lpon bilan hamkorlikda ko‘p ish olib borgan. Ushbu spektakl yarim asrdan ortiq vaqt mobaynida sahna gultoji bo‘lib turdi. Qayta-qayta sahnalashtirilganda turli o‘zgarishlar ham bo‘lgan, albatta. Lekin Cho‘lpon tarjimasi shu qadar ravon ediki, uni o‘zgartirishga ko‘p harakat qilinsa ham oqibatsiz qolavergan. Cho‘lpon qamalgandan so‘ng spektakl namo­yishi taqiqlanadi, ammo teatr jamoasi tomoshabinlarning talabiga binoan uni qayta tiklashga kirishadi. O‘sha vaqtdagi rahbarlarning taklifi bilan Mirzakalon Ismoiliy asar tarjimasini o‘z qo‘liga oladi-yu, biroq Cho‘lpon tarjimasidan o‘tkazib bo‘lmasligini aytib, juda ham zarur bo‘lsa, nomini afishada yozishga rozilik beradi. Shunday qilib, asar Mirzakalon Ismoiliy tarjimasi deb, yana ko‘p yillar xalqqa namoyish qilinaveradi. Ammo Mirzakalon Ismoiliy ham qatag‘on qilinishi oqibatida yana spektakl to‘xtab qoladi. Endi akademik Vohid Zohidovdan asarni qayta tarjima qilib berishni so‘raydilar. U ham xuddi Mirzakalon Ismoiliy so‘zini takrorlab, “Men Cho‘lpon tarjimasiga qalam tekkiza olmayman”, deydi. Shundan so‘ng afishalarda Vohid Zohidov tarjimasi deb ko‘rsatiladi-yu, o‘zi Cho‘lpon tarjimasida sahnada davom etaveradi. Albatta, u zamonlarda afishadagi nom o‘zgarishi bilan tsenzura tinchib qolmasdi, shuning uchun ma’lum o‘zgartirishlar kiritilgan. Ammo bu Cho‘lpon darajasida bo‘lmagan, albatta. Deylik, Cho‘lpon tarjimasida shunday satrlar bor:  

Bir zamonlar yosh edim,
Sevgiga yo‘ldosh edim.
Shularni o‘ylab edim,
Bundan yaxshi nima bor?

Ne qayg‘u bor, na hasrat,
Faqat huzur-halovat.
Erta rohat, kech rohat,
Har kuni ko‘klam-bahor.

Boshqa tarjimalarda esa bu mana bunday tarzda o‘girilgan:

Bir vaqtlar bor edi,
Sevgi menga yor edi.
Eng yaxshisi shu dedim,
Qolgani bekor erdi.

Lekin yetib kelib qarilik,
Olib ketdi meni u yoqqa.
O‘g‘ri kabi shildi meni u,
Yo‘q kuchim o‘zni tanimoqqa.

 Buni ashula shaklida O‘zbekiston xalq artisti Mirshohid Miroqilov o‘sha Cho‘lpon tarjimasida o‘la-o‘lguncha ijro etgan edi, desam bo‘ladi.

O‘tdi endi o‘sha kunlar, ketdi bedarak,
Mana endi yerni kovlab terganim suyak.

Bu satrlar kimning tarjimasi ekan, aniqlay olmadim. Lekin Mirshohid Miroqilov ushbu satrlarni shu qadar jozibador aytar ediki, tomoshabinlar yig‘lab-kulib olqishlar edi. Men ham Goratsioni ijro etganimda, Cho‘lpon tarjimasidagi so‘zlarni aytishni nihoyatda yoqtirar edim. Ozrik haqida uning: “U o‘z tuxumining po‘chog‘ini boshiga ilashtirib uyasidan uchib chiqqan qizilishtonning xuddi o‘zginasi…” degan so‘zlarini juda huzurlanib talaffuz qilardim. Pesada Ozrik, Rozenkrans, Galdershteynlar haqida  Cho‘lpon tarjimasida shunday xarakterli so‘zlar bor: “Ular hali ona qornida yotgan, demak, ona sutidan bahramand bo‘lmagan vaqtdayoq ona emchaklariga xushomadgo‘ylik qilgan bo‘lsalar kerak. Bularni bir o‘xshatib puflansa, sovun pufagiday hech narsa bo‘lmay qolishadi”. Sheks­pirning hamma asarlarida umuminsoniy g‘oyalar, hayot muammolari shunday singdiriladiki, ular hech qachon o‘z zamonaviyligini yo‘qotmaydi. Ayniqsa, Gamlet fojiasida har bir holatga singdirilgan falsafiy fikrlarning har biri kishini hayajonlantirmay qo‘ymaydi. Cho‘lpon esa o‘z tarjimasida ana shunday fikrlarning xalqimizga yaqin tarzdagi badiiy ifodasini topgan edi.

Bir kuni “Gamlet” pesasining keyingi qo‘yilishida Olim Xo‘jayev Gamlet rolini tayyorlab turgan edi. Shunda Abror Hidoyatov u keyingi tarjimada “o‘laymi, qolaymi” deb berilgan monologni Cho‘lpon talqinida, ya’ni: “yo o‘lish, yo qolish” deb aytishni taklif etdi. Men bir necha tarjimalarni ko‘rib chiqdim. Birida shu monolog “o‘lishmi, qolishmi”, yana birida esa “o‘laymi, qolaymi” deyiladi. Cho‘lponning tarjima talqini bular orasida eng kuchli jaranglardi.

Albatta, Shekspirning hamma asarlari ham asrlar davomida ko‘p ijrolarni ko‘rgan. Birgina Gamlet obrazini dunyodagi eng mashhur aktyorlar ijro etgan, talqinlari ham turlicha bo‘lgan. Masalan, Mixail Chexovning[2] ijrosida Gamlet roli biroz ruhiy tushkunlikda ifoda qilinganligini ta’riflashadi. Mashhur rus aktyori V. I. Kachalov[3] Gamlet timsolida kurashchi obrazini yaratgan edi. Teatr san’ati tarixidan ma’lumki, bu obrazni ba’zi ijrochilar taxt uchun kurashuvchi, yana ba’zi ijrochilar esa ruhiy tushkunlikka tushgan shahzoda qiyofasida talqin qilganlar. Mannon Uyg‘ur Abror Hidoyatov bilan pesa ustida ishlashganda uni kurashchan tarzda gavdalantirishni taklif qilgan va shuni amalga oshira olgan. U bitta gapni doim takrorlar edi. Gamletning o‘z fikricha: “Davr izdan chiqdi, uni qaytadan izga solish mening hissamga tushdi”. Pesani tayyorlashda aynan shu gap asosida Gamlet obrazi talqin qilingan. Bu pesada obrazlar talqini Mannon Uyg‘urning yo‘nalishi bo‘yicha barcha ijrochilarda uzoq yillar shu tarzda davom etgan edi. Olim Xo‘jayev, Shukur Burhonovlar ham Gamlet rolini Abror Hidoyatovdan keyin ijro qilishgan. Ular ham Abror Hidoyatov yaratgan Gamlet kabi butun pesa davomida jangchi qiyofasini yaratgan edilar.

Sora Eshonto‘rayeva Ofeliya rolini Mannon Uyg‘ur talqini bo‘yicha juda yuksak ijro etardi. Bir kuni Namanganda gastrolda yurganimizda bu yerning mashhur bog‘iga kirdik. Bog‘ning bir ko‘li bor edi. Soraxonimning ko‘zi shu ko‘l o‘rtasidagi oppoq gulga tushdi. Bu chamamda nilufar edi. Soraxonim: “Mana, u kishining Ofeliyaga o‘xshatgan gullari” dedi. Shundan so‘ng:

– Mana, qaranglar, – deb Sora opa qo‘llarini gulga cho‘zgan edilar, gul darhol yopildi. Va yana qo‘llarini tortgan edilar, gul yana ochildi. – Mannon Uyg‘ur Ofeliya obrazini mana shu gulga o‘xshatib, menga uni noziktabiatli qiz, deb tushuntirgan edilar.

Darhaqiqat, Ofeliya saroydagi turli fitnalar girdobida juda erta xazon bo‘ladi. “Otello” spektaklidagi Dezdemona esa (bu rolni Sora Eshonto‘rayeva ijro etgan) Ofeliyaga nisbatan kurashchan, otasi oldida ham tap tortmay ko‘nglidagi gap­larni ayta olardi.

* * *

“Otello” fojiasini tayyorlash ustida teatr jamoasi 1939–1940 yillarda ish olib borgan. Hozirgi paytda menga teatrlarda Mannon Uyg‘ur, Yetim Bobojonovlar boshlab bergan so‘z ustida ishlash an’analari yo‘qolib borayotgandek tuyuladi. Ammo so‘z ustida, talaffuz ustida ishlash ilgarigiga nisbatan kama­yib ketdi. “Otello” spektaklini tayyorlashda Mannon Uyg‘urga yordamchi rejissyor edim. Dumaloq stol atrofida aktyorlar, rejissyor, tarjimon birga o‘tirishar edi. G‘afur G‘ulom pesani allaqachon tarjima qilib bo‘lganiga qaramay, deyarli har kuni shu davrada, Mannon Uyg‘ur yonida bo‘lardi. Davrada har bir so‘z talaffuziga, jarangdorligiga alohida ahamiyat beriladi. G‘afur G‘ulom tarjimasi juda yuqori badiiy darajada edi. Shunga qaramay, ijrodagi so‘zlarning ohangdorligiga qarab, hech erinmay so‘zlarni yana qayta-qayta tuzatishga ham rozi bo‘lardi. Birgina “men qoramanmi” monologi necha marta qayta-qayta yozib, o‘qilganini eslayman. Mannon Uyg‘urning taklifi bilan Rodrigo obrazi uchun qiziq-qiziq kulgili so‘zlar kiritildi, chunki Mannon Uyg‘urning fikricha, Shekspir asarlarida, ayniqsa, fojialarida jiddiy masalalar ko‘tarilganda, zalda o‘tirgan tomoshabinlar nihoyatda hayajonlanganlari tufayli, ularning asablarini biroz bo‘lsa ham yumshatish uchun kulgili sahnalarni ko‘paytirish maqsadga muvofiq, deb topilgan edi. Gamlet singari Otello ham turli sahnalarda turlicha talqin etilganligi tabiiy. Ammo Abror Hidoyatov ijrosidagi Otello ba’zi ijrolarga o‘xshab rashkchi emas, ishonuvchan kishi. Hatto uning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solgan va o‘zi sevgan Dezdemonani o‘ldirishga olib borgan Yagoga ham chin qalbdan ishonadi. Va soddadil Otello sevgilisi Dezdemonani o‘z qo‘li bilan bo‘g‘ib o‘ldiradi. Otello Yagoni eng sodiq do‘st deb biladi. Yago “Rashk balosidan saqlaning” deganida ham Otello “Yo‘q, Yago, istaysanki, umr bo‘lsin rashkdan iborat, har chorak oy yangi-yangi shubha tug‘sinmi? Yo‘q, Yago, tozalik bor joyda hamma narsa toza” deb xitob qiladi. Tarjimon G‘afur G‘ulom ushbu so‘zlari bilan Otello haqidagi ta’rifni Shekspirdan ham kuchaytirib yuborgan deb bilaman: “Mana, bu mavr senatimiz hamisha uni ta’riflardi kamolotning o‘zginasi deb. Hech qanday hirs yuragini bukolmas odam, uning yaxshi xislatlarini havodis o‘qi va taqdirning nayzasi ham tesholmas kishi”. Mashhur shekspirshunos M. M. Morozovning[4] fikriga qaraganda, Abror Hidoyatov ijrosidagi Otello roli nihoyatda to‘g‘ri talqin qilingan. Shekspir asarlari mutaxassisi M. M. Morozov shu spektaklni ko‘rgani Moskvadan besh marta kelib ketganini aytib bergan edi. Uning aytishicha, dunyodagi Otello rolini ijro etganlarni ko‘rgan va ular haqida o‘z fikrlarini to‘plashga odatlangan odam ekan. Shu spektakl haqidagi bir yig‘ilishda u Tomazo Salvini, A. A. Ostujev, V. K. Papazyan[5] kabi aktyorlar ijrosidagi Otelloni ko‘rganligini aytib, quyidagicha fikr bildiradi: “Ba’zilar Otelloni rashk qurboni qilib aks ettirishgan, ba’zilar esa ishonch qurboni sifatida talqin qilganlar. Shekspir Otelloning ishonchini inson uchun yuksak fazilat deb ta’riflamoqchi bo‘lgan va Abror Hidoyatov ijrosidagi Otello roli muallif orzu qilgan talqinga mos keladi”.

Umuman, klassik asarlardagi obrazlar talqinida aktyor o‘z obrazi haqida o‘ylashi uchun har taraflama – fikriy, badiiy, falsafiy, imkoniyatlar muhayyo bo‘ladi. Ayniqsa, “Otello”, “Gamlet” va “Shoh Edip” asarlarida aktyorlar nihoyatda fikr bilan ishlashni, xarakterlarning ko‘p qirralarini ochishning uddasidan chiqa olganlar.

Bunday shoh asarlarning uchinchisi Sofokl qalamiga mansub, Asqad Muxtor tarjimasidagi “Shoh Edip” tragediyasidir. Bu tarjima nihoyatda ravonligi bilan aktyorlarga ma’qul tushgan edi.

Men Asqad Muxtor bilan Irkutsk tomonlarda bo‘lgan madaniyat kunlarida qatnashgan, u bilan ko‘p yaqin edim. Bir kuni kechasi teatr haqida suhbatlashib tong ottirganmiz. Har ikkimiz ham ulug‘ artist Shukur Burhon – bizning baxtimiz, degan xulosaga keldik. “Uning diapozoniga loyiq asar yozolmayapman”, dedi Asqad Muxtor. U Dushanbedagi Lohutiy teatrida “Shoh Edip” spektaklini Hoshim Gadoyev ijrosida ko‘rgan ekan. O‘shani aytib berdi. Hoshim Gadoyev “Shoh Edip”ni o‘zi sahnalashtirgan. Shunday aktyor ham Shukur Burhonga katta ixlos qo‘yganidan u kishidan oldin bu asarni ijro etishni o‘ziga ep ko‘rmagan ekan. O‘sha suhbatda Asqad Muxtor ana shu buyuk asarni qanday tarjima qilganini gapirib berdi. “Teatrdagi ish jarayonida Shukur Burhonovning Edip haqidagi mulohazalarini ting­larkanman, Shukur aka, nazarimda, haddan tashqari injiqlik qilayotganday edi. Men qanchadan-qancha asar yozganman. Lekin so‘zga bunchalar talabchanlikni endi ko‘rishim edi. Ammo keyin bilsam, artistning bu injiqligi obrazning mukammal chiqishi va tomoshabinlarga manzur bo‘lishini ta’minlar ekan. Men bunga o‘shanda amin bo‘ldim”.

Buni taniqli adib tarjimaga yozgan so‘zboshisida ham ta’kidlaydi: “Tomoshabinni hislar tug‘yonida toblab, fikr va tuyg‘ularni poklaydi, hayot haqida o‘ylashga majbur etadi. Shuning uchun Sofokl tragediyalaridagi voqealar naqadar dahshatli bo‘lmasin (buni Hamza nomidagi teatrimizda “Shoh Edip” spektaklini ko‘rgan tomashabinlar tasdiqlasa kerak) hammavaqt oqibatda kuchli, tetik, yorqin taassurot qoldiradi”, deydi. Spektaklni ko‘rgan tomoshabinlar Shukur Burhonov ijrosidagi Shoh Edipni hamon tilga olishlari ham shundan. Aktyor spektakl davomida jindak yengillikka ham yo‘l ko‘ymaydi, bir daqiqa o‘zini hayajonsiz qoldirmaydi. Edip sahnada paydo bo‘lishi bilan dahshatli voqealar sodir bo‘laveradi. Va ular cho‘qqiga ko‘tarilaveradi. Shunisi ham borki, Shukur Burhon bu rolni ijro etganda yoshi 60 larga borgan edi. So‘nggi ijrolarda parda tushgach, holdan toygan paytlarini ham ko‘rganman. Shunisi qiziqki, u sahnaga chiqishi bilan yana o‘sha o‘ta hayajonli holat davom etaverardi. Aktyor obrazda yashar ekan, o‘zini hech qachon ayab o‘tirmasdi. Shu spektaklni bezagan rassom G. Brimning gapiga qaraganda, u aktyorning sog‘ligini o‘ylab, baland-pastlikdan iborat bo‘lgan dekoratsiya o‘rniga sahna oldida ijro etishni taklif etganda Shukur Burhonov jahl bilan uni rad etgan ekan. Asqad Muxtorning aytishiga qaraganda, ushbu misralarni necha xil so‘zlar bilan aytib ko‘rgan:

Tamom, bari ayon. O, yorug‘ jahon,
So‘nggi bor ko‘rmoqda ko‘zlarim seni.
Hayot harom, nafas harom, nikoh ham harom,
Qonga bulg‘anganman, jirkanchman, jirkanch!

Ma’lumki, shoh Edip cho‘pondan haqiqatni bilgach, o‘z gunohlari uchun Xudodan javob kutib o‘tirishni istamaydi, balki o‘zini-o‘zi jazolaydi:

Nima qilay bu ko‘zlarni,
Endi bu olamda hech narsa, hech narsa
Mening ko‘zlarimni quvontirmasa.
Ammo bilamanki, meni ajal olmas,
Meni dard o‘ldirmas – shunisi yomon.

deya ko‘zlarini o‘yadi.

U dunyoda ota-onam  yuziga
Qanday boqdim, ko‘zlarimni o‘ymasam?!
Badbaxt onam mendan tuqqan bolaga
Qanday boqdim ko‘zlarimni o‘ymasam?!

Qizlarining sharpasini sezar ekan:

Qaydasiz, qizlarim, yaqinroq  keling,
Ilk bor aka bo‘lib qo‘l cho‘zay sizga.
Kecha chaqnab turgan porloq ko‘zlarimni
Bugun bu ahvolga solgan men o‘zim,
Yoningizda turgan shu badbaxt ota
Ko‘rmasdan, bilmasdan sizni olamga
Keltirib qo‘ydi-ku… o‘z onasidan.

Bu dunyo fojialari shunday ijro etilganki, odamzot nimalarni uddasidan chiqmaydi deb qolasan… Ularni o‘qiganda yoki ko‘rganda o‘zligingni unutasan. Chindan teatr – hayot oynasi. Ba’zan buni tomosha deyishadi, ba’zilar teatrni ibratxona ham deyishar ekan. Yo‘q, teatr teatrligicha qoladi. Vilyam Shekspir aytganidek, “Dunyo o‘zi teatr, odamlar esa hammasi aktyor” ekan. Quvonchu fojialar ichida hayot kechiruvchi aktyor insonlarga o‘lmas taassurot beruvchi zot. Ehtimol, shu bois ham hayot bor ekan, hamma san’atlar ichida eng qadimiysi, uzoq umr ko‘radigani teatr bo‘lib qolaveradi.

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 6-son

__________________

[1]1 Sofokl (taxminan eramizdan oldin 496–406) – yunon shoiri, dramaturgi. Uning ijodida Esxil va Yevripid singari antik fojia asarlari ta’siri alohida o‘rin tutgan.

[2]2 Chexov M. A. (1891–1955) – rus aktyori va rejissyori, pedagogi.

[3]3 Kachalov V. I. (1875–1948) – rus aktyori. 1896 yildan Moskva badiiy teatrida ishlagan.

[4] Morozov M. M. (1897–1952)adabiyotshunos, teatrshunos, tarjimon. Shekspirshunoslikka asos solgan olimlardan biri. Moskva davlat universiteti  va GITISning professori.

[5] Salvini Tomazo (1829–1915) – italyan aktyori. Uning ijodi XIX asr sahna san’atining yuksak namunasi hisoblanadi. Ostujev A. A. (1874–1953) – rus aktyori. Sahnada 1895 yildan, 1898 yildan Milliy teatrda ishlagan. Papazyan V. K. (1888–1968) – arman aktyori. Sahnada 1907 yildan, 1957 yildan esa Sundukyan nomidagi Armaniston teatrida faoliyat yurgizgan. Ularning ijrosidagi Otello roli o‘z davrida katta dovruq qozongan.