“Tolstoy va ilohiyot”, “Tolstoy va falsafa”, “Tolstoy va siyosat”, “Tolstoy va diplomatiya”. Lev Nikolayevichdek ulkan mutafakkirlarning hayotiyu ijodini qay bir soha bilan bog‘lamang, mustahkam rishtalarga guvoh bo‘lasiz. Tolstoy – buyuk adib, mahobatli cho‘qqi, yirik insonshunos sifatida bashariyatning tafakkur irmoqlarini hamon sug‘orib kelmoqda.
Ustoz Ozod Sharafiddinov adibning “Iqrornoma”siga yozgan so‘ng so‘zida kuyunchaklik bilan shunday mulohaza bildirgan edi: “Tolstoyning ko‘plab falsafiy-axloqiy, ijtimoiy-siyosiy, adabiy-tanqidiy asarlari hali-hanuz o‘zbek kitobxonining nazaridan chetda qolib kelmoqda. Bu bilan biz o‘zimizni hazrat Tolstoy shaxsiyatining yangi qirralari bilan tanishuvdan oladigan juda katta ma’naviy boylikdan mahrum qilib kelmoqdamiz”[1]. Darhaqiqat, shunday. Ushbu tadqiqotimizda Tolstoy fenomenining yana bir qirrasini tadqiq etmoqqa jazm qildik.
Jahon adabiyotidan voqif zakiy kitobxon yaxshi biladi: Lev Tolstoy dramaturgiyada Shekspir bilan bo‘ylasha olmaydi, biz aytmasak ham hukmni allaqachon adibning vatandoshi Belinskiy chiqarib qo‘ygan: “Dramaturgiyada Shekspir nomi yoniga faqat va faqat o‘zining nomini qo‘yish mumkin…”. Tolstoy dramalari mashhurlikda Gogol yoki Chexov komediyalari bilan raqobatlasha olmasligi ham ayni haqiqat. Biroq, shunday bo‘lsa-da, buyuk adib ijodi teatr va dramaturgiya kesimida o‘rganilgan tadqiqotlarni yetarlicha topish mumkin. Masalan, rus teatrshunosi Yelena Polyakova “Lev Tolstoy teatri” nomli salmoqli kitob yozgan[2]. Olima buyuk adibning hayoti va ijodini sahna san’ati bilan shu qadar uzviylikda tahlil qiladiki, Tolstoyni teatr dunyosidan ayro tasavvur qilib bo‘lmasligi o‘z-o‘zidan ayonlashadi.
Bo‘lajak adib bolalik yillaridayoq teatrga oshno tutindi, boshqacha bo‘lishi mumkin emasdi. Axir Motsart va Glyuk operalari tinglanadigan, Shiller fojialari, Moler komediyalari katta hayajon bilan o‘qiladigan oilada buyuk Gegelning mashhur iborasi hukmron edi: “San’atsiz hayot – vahshiylikdir”. Alqissa, yosh Tolstoy sanoi nafisa olamining hayratlari, turfa go‘zalliklarini ko‘rib, tinglab ulg‘aydi. Oradan yillar o‘tib adib dramaturgiya bilan ilk tanishuvini shunday xotirlaydi: “Shillerning barcha dramalari, Gyote va Lessingning ba’zi pesalari, Moler, Bomarshe komediyalari kaminaga behad ta’sir qildi va zavqlantirdi. Zamonaviy rus dramasi, Gogol, ayniqsa, Ostrovskiyning ilk asarlaridan tortib to “Momaqaldiroq”qacha meni hayajonga soldi”[3].
Tolstoy yoshligidan mamlakatning yetakchi teatrlariga tez-tez tashrif buyurar, ko‘rgan spektakllari haqidagi taassurotlari, xotiralari, e’tirofu tanqidlarini kundaligida qayd etib borardi. Xususan, u Moskvadagi mashhur Maliy teatr sahnasida buyuk rus aktyori Shepkin ijrosidagi “Revizor”ni tomosha qilib, qisqagina jumlani qog‘ozga tushiradi: “Shepkin – talabchan aktyor”. Tolstoy ayrim teatr munaqqidlari singari uzundan-uzoq so‘zlar, xushomadu maqtovlar ila aktyorni ko‘klarga ko‘tarmadi, biroq uning shu oddiygina bahosi har qanday e’tirofdan yuksak turardi. Shepkinning teatrdagi faoliyati boshlanganiga ellik yil to‘lishi munosabati bilan butun Moskva bo‘ylab mazkur sana keng nishonlanar, bu vaqtda Tolstoy Peterburgda istiqomat qilardi. Adib ulug‘ aktyorni yubiley bilan qutlab, dil so‘zlari bitilgan noma yo‘llaydi. Unda aktyorlik san’ati naqadar mashaqqatli, murakkab ijod ekani, bu sohaga o‘zini bag‘ishlash insondan katta zahmat va fidoyilik talab qilishi ta’kidlanadi. Mazkur maktubning ahamiyati haqida Yelena Polyakova shunday yozadi: “Shepkinga qarata aytilgan ushbu minnatdorlik so‘zlari orqali Tolstoy teatr – tarbiya va muloqot vositasi ekanini ta’kidlaydi. Opera, balet tomoshalarida xarakter va syujetlar shartli ko‘rsatiladi, dramatik teatr esa hayotiy haqiqatni aks ettirgani bois adibni o‘ziga ko‘proq jalb qilardi, xususan, Shepkin, Sadovskiy, Nikulin-Kositskiy, Sergey Vasilev, Shumskiy singari zabardast aktyorlarning ijrosidan ilhomlanardi”[4].
Teatr ijodkorlarining xotirlashicha, Tolstoy yoshlik yillari o‘zi ko‘rgan aktyorlar orasida Martinovni birinchi darajaga qo‘ygan. Adib Qozon shahridagi teatrda Martinov ijrosidagi Xlestakovni tomosha qiladi va uning mahoratiga qoyil qoladi. O‘sha davrning mashhur aktyorlaridan biri Sergey Vasilev yosh Tolstoy bilan uchrashuvi va aktyorlik san’ati haqidagi qizg‘in suhbatini shunday xotirlaydi:
– Alfons Dode[5] haqida qanday fikrdasiz? – deya so‘radim bir kuni.
– Dode? Nima desam ekan… Siz Maliy teatr aktyorlaridan kimlarni taniysiz? – deya savolimga savol tashladi Lev Nikolayevich.
– Hozirgilarning hammasini ham bilmayman.
– Avvalgilardan-chi?
– Oltmishinchi yillarda ijod qilganlarning barchasini besh qo‘ldek bilaman. – Va men shosha-pisha sanay ketdim. – Sadovskiy, Shumskiy, Samarin…
Lev Nikolayevich menga yuzlandi:
– Siz Samarinni bilasizmi? Unda javobim shu: Dode bu – Samarin[6].
Kunlarning birida Tolstoy moskvalik tanishlaridan biri, yosh aktyor Ivan Gorbunovni Maliy teatrga taklif etadi, ikki do‘st spektakldan so‘ng kechki ovqatni birga tanovul qilishadi. So‘ng ular adabiyot, teatr xususida allamahalgacha gurunglashishadi, Tolstoy shu kuni o‘zini yengil va xushchaqchaq his qilgan, Gorbunov bilan yurakdan suhbatlashgan ekan. Shu kecha navqiron adib va aktyor do‘stligiga mustahkam poydevor qo‘yiladi va u uzoq yillar davom etadi.
Teatr san’atiga qiziqish tabiiyki, dramaturgiyani o‘rganishni ham taqozo etadi, zero, bu ikki tushunchani bir-biridan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Lev Tolstoy yoshligidan barcha adabiy janrlar qatori dramaturgiyaning sir-sinoati, tabiatini puxta o‘rgandi, rus va jahon adabiyotida e’tirof qozongan dramalarni qunt bilan mutolaa qildi, shu bilan cheklanmay, har bir asar haqidagi fikr-mulohazalarini kundaligiga yozib bordi. “Men dramani tushunishni boshladim” – deb yozadi adib o‘z qaydlarining birida – “Garchi bu borada ko‘pincha mutlaqo ziddiyatli yo‘ldan yurgan bo‘lsam-da, kamina dramaturgiyani yangicha poetik rohat beruvchi vosita ekanini mamnuniyat ila ta’kidlayman”[7].
Lev Tolstoy dramaturgiyasini tadqiq etgan V.Osnovin yozuvchi “Urush va tinchlik” epopeyasini tamomlagach, dramatik janr bilan jiddiy shug‘ullana boshlaganini qayd etadi[8]. Shunday mahobatli va ulug‘vor romanni zabt etgan adib dramaturgiyani ijodning mashaqqatli turi deb hisoblaydi va u yozuvchidan katta kuch, safarbarlik talab qilishini ta’kidlaydi. Tolstoy nasr va dramani muqoyasa qilar ekan, ijodiy tajribasidan kelib chiqib, shunday fikr bildiradi: “Roman va qissa yozish bu – rasm chizishning o‘zginasi. Bunda fon, soya, hatto ko‘chib yuruvchi ko‘lankalar bor; drama esa haqiqiy haykaltaroshlikka o‘xshaydi. Ish jarayoni tosh yo‘nishni eslatadi – endi qog‘ozga xohlaganingizcha bo‘yoq tortolmaysiz, xuddi me’mordek ko‘rsatilgan relefni o‘yasiz, xolos. Roman va drama o‘rtasidagi tafovutni “Zulmat hokimiyati” nomli pesamni yozish jarayonida anglab yetganman. Asarni yozishga kirishar ekanman, dastlab bu men uchun juda jo‘n vazifa bo‘lib ko‘rindi. Illo, bir sahifa qoralagach ko‘rdimki, bunda qandaydir g‘alatilik, beo‘xshovlik bor. Masalan, bunda qahramonlarning his-kechinmaga boy holatlari, ko‘nglidan nelar o‘tayotganini sahnada ko‘rsatish mumkin emas, ularning xarakterini o‘tmishga qaytish bilan ifodalash, yodga olish mumkin – bularning bari zerikarli, diqqatni oshiradigan, g‘ayritabiiy yumush. Dramada tayyor holatlar kerak”[9].
Lev Tolstoy jahon adabiyotining buyuk namoyandalaridan biri, ulug‘ dramaturg Vilyam Shekspir ijodi bilan tanishar ekan, negadir butun bashariyat ehtirom ko‘rsatgan daho san’atkor bilan murosa qilolmaydi. 1856 yili adib kundaligiga quyidagilarni yozadi: “Lir”ni o‘qidim, ta’siri kam bo‘ldi”. Tolstoyda Shekspir fenomeniga nisbatan negativ kayfiyat evolyutsion tarzda rivojlanib boradi, pirovardida, adib keksalik yillari hali-hamon bahsu munozaralarga sabab bo‘layotgan “Shekspir va drama to‘g‘risida” nomli tanqidiy ocherkini yozishga qaror qiladi. Ocherk 1904 yilda yoziladi, bu vaqtda alloma Tolstoy yetmish olti yoshni qarshilagan edi. Ma’lum bo‘lmoqdaki, adib ocherkni Shekspir haqidagi dastlabki qaydlaridan so‘ng qariyb yarim asr o‘tgach qog‘ozga tushirgan. Demak, mazkur maqolani yozish uchun yillar davomida tadorik ko‘rgan, Shekspir ijodini chuqur o‘rgangan va ana shu o‘rganishlar asnosida tug‘ilgan mulohazalarini o‘quvchilarga taqdim etgan. Ocherk avvalida Tolstoy ushbu tanqidiy fikrlarga uzil-kesil kelmaganini, ancha vaqt shubha-gumonlar qurshovida yashaganini, biroq baribir Shekspir haqidagi an’anaviy qarashlarga qo‘shila olmaganini ta’kidlaydi. “Esimda, Shekspirni birinchi marta o‘qib chiqqanimda juda qattiq taajjubda qolgan edim” – deb yozadi adib – “Men uni o‘qib juda katta estetik zavq olaman, deb o‘ylagandim. Ammo uning eng yaxshi deb hisoblanadigan asarlarini – “Qirol Lir”, “Romeo va Juletta”, “Hamlet”, “Makbet”larni birin-ketin o‘qib chiqib, zavq olish bir yoqda tursin, qutulib bo‘lmaydigan bir ijirg‘anish his qildim; o‘qib chiqquncha siqilib ketdim va hang-mang bo‘lib qoldim: butun ma’rifatli dunyo benuqson, mukammal deb hisoblasa-yu, men bu asarlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bemaza va arzimas deb o‘tirsam? Nima balo, men aqldan ozgan emasmikanman?”[10]. Tolstoy Shekspirning mashhur fojialarini tahlil qilarkan, ular haqida o‘zidan oldin bildirilgan fikrlarni ham eslab o‘tadi, adibning diqqat markazida asosan Shekspir qahramonlarining xarakteri turadi. Butun ocherk davomida qizil ip bo‘lib o‘tuvchi, tanqidning asosiy manbai va ob’ekti ham aynan xarakter masalasidir. Tolstoy dunyo adabiyotida xarakter yaratishning mohir ustasi sifatida tan olingan Shekspirni aynan shu san’at, ya’ni o‘z qahramonlariga tabiiy va jonli, betakror xarakter topishda muammolarga duch kelishini qayd etadi. “Shekspir o‘z shaxslariga betakror xarakter ato qilishni bilmaydi deb aytolmayman, lekin u bu ishga butkul loqayd qaraydi”[11] – deb yozadi adib. Uning fikricha, Shekspir genial tragediyalariga mavzu qilib olgan, asosida italyan novellalari yotuvchi durdona asarlar har qancha hayratga molik bo‘lmasin, u hikoya shaklida ta’sirchanroq va jozibaliroq edi. Aftidan, Tolstoy ko‘hna italyan novellalarini sinchiklab o‘rgangan va Shekspir talqinida dramaga aylanish jarayonini tahlil qilib, xolis adabiy tanqidchi sifatida hukm chiqarishga intilgan. Demak, dramaturgiyada olamshumul kashfiyotlar qilib, durdona asarlar yaratgan Shekspirdek alloma ham Tolstoy nazdida badiiy asarning asl jozibasi, qahramonlarning tabiiy xarakterini tavsiflay olmagan. Albatta, Tolstoyning Shekspir haqidagi qarashlari, mulohazalari anchagina bahsli, keskin va murosasiz bo‘lsa-da, ko‘plab munaqqidlar uchun mahorat maktabiga aylanishi, ilmiy-nazariy fikrlarga minbar bo‘lishi bilan qimmatlidir.
Lev Tolstoyning rus dramaturgiyasiga doir kuzatuvlari ham e’tiborga molik. U rus adabiyotida ayni janrning o‘rnini yuqori baholagan va yozilayotgan dramatik asarlarni muntazam ravishda o‘qib borgan. Adib 1850–1860 yillarda Ostrovskiy dramaturgiyasining chinakam muxlisiga aylanadi. Uning komediyalaridagi o‘tkir hajv, piching, dramalaridagi keskin ziddiyatlar, jonli va kurashuvchan qahramonlar e’tiborini tortadi. “Ostrovskiy ijodi menga yoqadi” – deydi Lev Nikolayevich – u o‘zining oddiyligi, rus hayotini chuqur bilishi, vazmin tabiati va yuksak iqtidori bilan ajralib turadi. U o‘ziga xos, original inson, hatto dunyo adabiyotida ham biror ijodkorga xushomad qilganini bilmayman”[12].
Tolstoy romanlarining rus va jahon teatrlaridagi sahnaviy talqinlari alohida tadqiqotlarga mavzu bo‘ladi. Salkam bir yarim asrdan buyon adibning mashhur asarlari jahon sahnalarida qayta-qayta o‘ynalib, ko‘plab rejissyorlik va aktyorlik tajribalarining rivojlanishiga, teatrning badiiy va estetik imkoniyatlarini boyitishga xizmat qilmoqda. Xususan, XIX asrning 80-yillaridan boshlab “Urush va tinchlik”, “Anna Karenina” romanlarini sahnalashtirish bo‘yicha izlanishlar boshlab yuboriladi. 1885 yil “Suflyor” gazetasi “Urush va tinchlik” romani muallifning roziligi bilan instsenirovka qilinishi haqidagi xabarni e’lon qiladi. 1895 yil “Skomorox” teatrida “Xo‘jayin va xizmatkor” hikoyasi instsenirovka qilinadi. Tolstoy tavalludining 80 yilligi nishonlanayotgan kunlarda “Teatr va san’at” jurnali (1908 yil 34-soni) da ajoyib hajviy surat bosiladi: uch nafar shaxs uzun pichoqlar bilan buyuk adibni nishonga olgan, bu uning asarlariga teatr ijodkorlari tomonidan hujum boshlanayotganiga ishora qilardi. Ayniqsa, “Anna Karenina” romaniga qiziqish juda kuchli edi. Xususan, 1907 yil frantsuz dramaturgi Edmon Giro tomonidan instsenirovka qilingan va mashhur Andre Antuan teatrida sahnalashtirilgan spektakl alohida voqea bo‘ladi. Ushbu instsenirovka keyinchalik dunyoning ko‘plab mamlakatlari teatrlari, jumladan, rus sahnalariga ham ko‘chgan va madaniy jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, Anri Bataylem tomonidan “Odeon” teatri uchun tayyorlangan “Tirilish” romani instsenirovkasi ham jahonning turli teatrlarida sahnalashtiriladi.
Tolstoy asarlari nafaqat G‘arb, balki Sharq mamlakatlari teatrlarida ham katta muvaffaqiyat qozongan. Tadqiqotchi Aleksandr Shifman “Lev Tolstoy va Sharq” nomli fundamental tadqiqotida ulug‘ adib ijodining Mashriqdagi sahnaviy talqinlari xususida qimmatli ma’lumotlar beradi[13]. Sharq teatri o‘zining tabiati, ifoda shakli, ijro xususiyatlari bilan G‘arb tomoshalaridan tamomila farqlanadi. Biroq Lev Tolstoy singari millat va sarhad bilmaydigan, umumbashariy qadriyatlarni tarannum etgan ijodkorlar bunday mezonlardan yuksak turadi.
1936 yil Xitoyning Nankin shahridagi dramatik teatrda “Tirilish” romani sahnalashtiriladi. Instsenirovka muallifi, dramaturg Tyan Xan spektakl haqida shunday degan edi: “Bu spektaklni yaratishdan maqsad Tolstoy vafotining yigirma besh yilligini eslatish emas, balki uning qahramonlari jamiyat hayoti, xalq taqdirida nechog‘lik muhim o‘rin tutishini ko‘rsatishdir. Bosqinchilar yurtimizga tahdid solgan og‘ir yillarda ilg‘or xorij yozuvchilarining asarlarini sahnalashtirish bizga inqilobiy tarixiy dramalarni qanday yozish kerakligini o‘rgatadi. “Tirilish”ning birinchi sahnasidagi zindon epizodi hamon xotiramda yashab, yuragimga azob berayotgan gomindanchi[14]larning qorong‘i turmasidagi dahshatli kunlarni yodga solardi[15]. Bundan ko‘rinadiki, Lev Tolstoy ijodi mamlakatning ijtimoiy-siyosiy tuzumi, mafkuraviy turmush manzaralari bilan bevosita aloqador bo‘lib, umuminsoniy mohiyati bilan birga davr ehtiyojlariga ham to‘la javob berardi.
Tolstoy fenomeni rus va jahon rejissurasining yirik namoyandalari uchun doimo izlanish va mahorat maktabi bo‘lib xizmat qilgan. Masalan, buyuk teatr islohotchisi K.S.Stanislavskiy “Urush va tinchlik” romanini sahnalashtirish orzusi bilan yashagan, hatto asar instsenirovkasini ham tayyorlab qo‘ygan, biroq muayyan sabablarga ko‘ra ushbu ijodiy reja amalga oshmagan edi. Hozirda “Urush va tinchlik”ning Stanislavskiy talqinidagi instsenirovkasi Moskva Badiiy akademik teatri muzeyida saqlanmoqda.
K.S.Stanislavskiyning hamfikri va maslakdoshi, rus rejissurasining darg‘alaridan biri Vladimir Nemirovich-Danchenko Tolstoy asarlariga bir necha bor murojaat qilgan. Xususan, “Tirilish” va “Anna Karenina” romanlarini aynan Danchenko birinchi marta rus sahnasiga olib chiqqan edi. Rejissyor asarlarning badiiyati, ijtimoiy ruhi, qahramonlar xarakterini saqlagan holda o‘z talqinlarini taklif etadi. “Tolstoy badiiy dunyoqarashining qatlamlari aktyorlar jamoasini tarbiyalashda nodir boylik hisoblanadi” – deb yozadi rejissyor o‘z kundaliklarida[16].
Nemirovich-Danchenko 1937 yil Moskva Badiiy akademik drama teatri sahnasiga “Anna Karenina” romanini olib chiqadi. Romanda tasvirlangan muhit, davr va qahramonlar taqdirining kengligi va murakkabligini inobatga olib, rejissyor asarning dramatizmga boy, keskin va ziddiyatli sahnalarini saralab oladi. “Rejissyor g‘oyasi Anna Kareninaning atrofini qurshab turgan muhit, “ehtiroslar alangasi” va “shafqatsiz, tuban, hukmdor tabaqaning uning axloqiy hayoti, u yashayotgan davr ustidan hukmronligi” o‘rtasidagi fojiaviy konfliktni ko‘rsatishdan iborat edi”[17] – deb yozadi professor Konstantin Rudnitskiy.
Rejissyor ilk sahnadanoq tomoshabinni davr muhitiga olib kiradi, romanning barcha qahramonlari o‘z zamonasi bilan chambarchas bog‘liqligi ko‘rsatiladi, Annaning taqdiri, fojiasi ham shu kontekstda talqin qilinadi.
Anna Karenina obrazini rus teatrining mashhur aktrisalaridan biri Alla Tarasova ijro etadi. Aktrisa qahramonining ruhiyati, ayollik nazokati, qalb go‘zalligini ochib beradi, shuningdek, davr ziddiyatlari, ijtimoiy konfliktlar, muhabbat va ehtiros kurashi ijroda asosiy o‘ringa chiqadi. Tarasova Annaning kiborlarga xos qiyofasiga ham urg‘u beradi, lekin aktrisa uchun eng muhimi qahramonining ayol sifatidagi kechinmalari, tuyg‘ularini ifodalash edi va u bunga muvaffaq bo‘ladi.
Aleksey Karenin obrazini atoqli aktyor Nikolay Xmelev ijro etadi. Aktyor obrazning insoniy fazilatlarini tasvirlaydi, uning ijrosida Alyosha sofdil, kamtarin, vazmin, oqko‘ngil inson sifatida namoyon bo‘ladi. “N.P.Xmelev Karenin rolini shunday boshlaydiki, hatto u odam emas, barcha go‘zal fazilatlar bilan ziynatlangan mexanizmga o‘xshaydi”[18]. Hatto Annaning xiyonatidan keyin ham Karenin – N.Xmelev tabiatida isyon uyg‘onmaydi, aktyor o‘z ijrosi orqali aynan romandagi qahramonni chizadi.
Spektaklning final sahnasi xuddi romandagi singari fojiaviy tus oladi, o‘z botini va beshafqat tuzum bilan murosa qilolmagan Annaning o‘zini poezd ostiga tashlab halok bo‘lishi g‘oyat dramatik tarzda ko‘rsatiladi, ushbu voqeaning teatr atmosferasi va tomoshabin ko‘z o‘ngida yuz berishi fojianing ta’sir quvvatini yanada oshiradi.
Lev Tolstoyning falsafiy idroki singdirilgan, jahon adabiyoti xazinasidan o‘rin olgan asarlardan biri – “Xolstomer” qissasi hisoblanadi. Asarda otlar timsoli orqali shafqatsiz va qattol tuzumning ayanchli manzarasi fosh etiladi, butun bashariyatga xos azaliy savollarga javob izlanadi. Qissa motivlari asosida 1975 yil mashhur rejissyor Georgiy Tovstonogov M.Gorkiy nomidagi Moskva katta dramatik teatrida “Ot haqida qissa” (instsenirovka muallifi Mark Razovskiy) nomli spektakl sahnalashtiradi. Rejissyor shunday falsafiy asarni teatrning shartli tabiatiga moslashtira oldi, turli ramzlar, rang-barang sahnaviy vositalar orqali qissaning poetik dunyosi, badiiy-estetik jozibasini yuzaga chiqardi. Bosh qahramon – Xolstomer obrazini yaratgan afsonaviy aktyor Yevgeniy Lebedev chuqur dramatizm va pafos, yuqori harorat va hissiyot, nozik kechinma va tana harakatlari bilan qahramonining murakkab taqdirini ochib beradi. Lebedev sahnada bamisoli otga aylanadi, ot bo‘lib pishqiradi, oyoqlari bilan yer tepkilaydi, bo‘yni va tanasi bo‘ylab bog‘langan istibdod arqonlarini uzishga, ruhan parvozga shaylanadi. Aktyor sahnada juda yengil harakatlanadi, uning plastik mahorati, ijro dinamikasi, obraz hayotini yurakdan kechirishi, ruhiy va jismoniy muvozanatni bir maromda saqlashi, muhimi, butun quvvati, energiyasini spektakl g‘oyasiga safarbar etishi tomoshaning bosh muvaffaqiyatini ta’minlagan. Yevgeniy Lebedev o‘z ijrosi va spektakl xususida to‘xtalib, shunday intervyu bergan edi: “Stanislavskiy aktyorlarga bolalarni o‘rganish, ularning qanday o‘ynayotganini diqqat bilan kuzatish lozimligini bejiz ta’kidlamagan. Chunki bolalar doimo tasavvurdagi predmetlar bilan yashaydi: ularning qo‘lidagi tayoq – ot, stul – kema, qo‘g‘irchoq esa jonli insonga aylanadi. Lekin biz kattalar tasavvur qilish bo‘yicha bolalar oldida ancha no‘noqmiz. Nazarimda, Xolstomerning o‘limiga ishonish uchun tomoshabin qahramonimning bo‘ynidan oqayotgan, qonga o‘xshash qizil bo‘yoqni ko‘rishi shart emas. Ingichka qizil tasmalarga ishora qilish zakiy tomoshabin uchun yetarlidir, shunda u fantaziyasini ishga soladi va otning o‘limiga ishonadi. Har qanday san’at asarida qanchalik naturalizmdan yiroqlashsak, shunchalik tabiiylikka erishamiz”[19].
Darhaqiqat, rejissyor spektaklda ko‘plab ramziy topilmalardan foydalanadi, shu bois ko‘rsatilayotgan voqelikni ongli ravishda emas, xayol chig‘irig‘idan o‘tkazib, falsafiy tarzda anglash va qabul qilish talab etilardi.
Spektaklda bir aktyor ham inson, ham otni ijro etadi. Bu topilma odam va jonzot qavmining yakdilligi, ruhan mushtarakligi, azaldan bir-biri uchun yaratilganiga ishora qiladi. Aktyorlar ot suratidan odam qiyofasiga kirishda niqoblardan foydalanadi, biroq bu niqoblar shunchaki obraz tashuvchi vosita emas, balki qahramonlarning ruhiy iztiroblari, kechinmalarini ifodalovchi topilma bo‘lib xizmat qiladi.
Lev Tolstoy asarlari mamlakatimiz teatrlarida ham sahnalashtirilgan bo‘lib, turli talqin va yondashuvlar, rejissyor tajribalari va aktyorlik ijrolari bilan yodda qolgan. Xususan, atoqli rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev tomonidan Hamza (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri) teatrida sahnaga qo‘yilgan “Tirik murda” spektakli milliy teatrimizda uslub va shakl o‘zgarishlari, yangi badiiy jarayonlar kechayotgan bir pallada muhim voqea bo‘ldi.
“Tirik murda” – Tolstoy dahosi bilan yaratilgan sanoqli dramalardan biri. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu pesani na Shekspir, na Ibsen va na Chexov dramaturgiyasiga qiyoslab bo‘ladi. Unda inson ruhiyatining g‘oyat ohorli manzarasi tolstoycha vazminlik va teranlik bilan chiziladi, shaxs va jamiyat o‘rtasidagi murakkab ziddiyat, eski tuzum va yangi tafakkur kurashi ichki dramatizm va fojiaviy ruh bilan tasvirlanadi. Bosh qahramon – Fedor Protasov timsolida halokat sari ketayotgan, shafqatsiz tuzum qurboniga aylanayotgan, shunday bo‘lsa-da, o‘z haqiqati, e’tiqodiga sodiq qolgan kuchli psixologik obraz yaratiladi. Tolstoy Protasov xarakterini ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy, axloqiy konteksda ochib beradi, uning har bir harakati, dunyoqarashi, turmush tarzi, atrofdagilar bilan munosabati rus millatining chinakam vakilini ko‘z o‘ngimizda jonlantiradi. O‘zbek teatri ijodkorlari mazkur asarga murojaat qilarkan, avvalo uning badiiy-g‘oyaviy yo‘nalishi, umuminsoniy mohiyatidan kelib chiqib, insoniy iztiroblarni kuylovchi, psixologik ta’sirga ega go‘zal spektakl yaratishadi.
Rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev rassom Georgiy Brim bilan hamkorlikda spektakl uchun noodatiy, o‘zgacha uslubdagi sahnaviy dekoratsiyalar o‘ylab topadi. Parda ortida XIX asr burjua vakillarining turli holatdagi suratlari aks ettirilgan. Ular haykaldek qotib qolgan, bamisoli bu omma Fedor Protasovning qismatiga tomoshabin bo‘lib turgandek taassurot uyg‘onadi.
Protasov obrazini ijro etgan mahoratli aktyor Turg‘un Azizov ruhan va jisman jamiyatdan ajralib qolayotgan qahramonining his-tuyg‘ulari, kechinmalari, murakkab dunyosini ochib beradi. Aktyor ortiqcha pafosga berilmaydi, hissiyotlarini jilovlab, mavjud maqsad sari yo‘naltiradi. Protasov – T.Azizov vazminligi, donishmandligi, oqko‘ngilligi, hayot sinovlarida toblangani va boshqa fazilatlari bilan ajralib turadi. Biroq taqdirning shafqatsizligi sabab hayoti izdan chiqadi, Protasov ichkilikka ruju qo‘yadi. Oqibatda eri bilan suyib turmush qurgani Lizani onasi Anna Pavlovna uning nikohini buzmoqchi bo‘ladi. Shu taxlit voqealardagi dramatizm kuchayadi, Liza ikki o‘t orasida qoladi: bir tomondan Fyodorga bo‘lgan muhabbatidan yuz o‘girolmasa, ikkinchi tomondan onasining tinimsiz qutqusi, bosimi sabab og‘ir vaziyatda qoladi. Liza obrazini gavdalantirgan aktrisa Gavhar Zokirova qahramonining ana shu ziddiyatli taqdirini nafis bo‘yoqlar bilan chizadi.
Fedya (Protasov)ning nima uchun jamiyatdan norozi ekani, atrofidagi insonlardan yiroqlashib, begonalashib borayotganining sababi dramaning bir necha o‘rinlarida, turli shakllarda izohlanadi. Jumladan, Protasov Liza va Viktorga yozgan maktubida shunday achchiq mulohazalar bildiradi: “Yolg‘on gapirish, mahkamadorlarga pora berish, nayrangbozlik bilan shug‘ullanish qo‘limdan kelmasa nima qilay? Men ham xom sut emgan banda ekanimni tan olaman, biroq nafsi hakalak otgan manfaatparastlar singari tubanliklar qilishni hatto xayolimga ham keltirolmayman”. Protasovning shu fikrlaridan ham anglash mumkinki, u zohiran yo‘ldan adashgandek ko‘rinsa-da, asli vijdoni, e’tiqodi, insoniy qiyofasini saqlab qolgan, yovuz illatlardan butunlay nafratlanadigan, ruhan pok va sofdil inson. Biroq boshqalar singari kimgadir yaltoqlanish, ko‘zbo‘yamachilikni yoqtirmaydi, tabiatan qanday bo‘lsa shundayligicha ko‘rinadi va shu bois atrofidagilar uni tark etadi. Protasov obrazining ikkinchi ijrochisi, taniqli aktyor Hojiakbar Nurmatov talqini tamomila o‘zgacha. Uning Fedyasi o‘z-o‘zi bilan murosa qilolmagan, ruhan kurashuvchan, birmuncha isyonkor shaxs sifatida namoyon bo‘ladi. Aktyorning ijro manerasiga xos dramatik pafos, kuchli ehtiros Protasovning xarakterini ham jonlantiradi, to‘g‘ri H.Nurmatovning qahramoni Tolstoy chizgan qiyofadan tamomila chetlashmaydi, biroq ijroda obraz mohiyatini yangicha anglash, boshqacha ko‘rimlarda idrok etishga intilish seziladi.
Spektaklda teatrning yetakchi aktyorlari ajoyib obrazlar yaratgan edi. Xususan, Yoqub Ahmedov ijrosidagi Viktor Karenin Lizaga ko‘ngil qo‘ygan va bir umr muhabbatiga sodiq qolgan, bag‘rikeng, fidoyi, oliyjanob inson qiyofasida ko‘rinish beradi. U Liza Fedyani sevishini yaxshi biladi, biroq Protasovning xatolari sabab qizning ko‘nglini qozonishga, uni baxtli qilishga intiladi. Tolib Karimov ijrosidagi Knyaz Abrezkov ham ochiqko‘ngil, samimiy, mulohazali inson. Spektakl davomida Viktor Karenin va Knyaz Abrezkov Fedyaning nega jamiyatdan uzilib qolayotgani, ruhiy ojizligini muhokama qilishadi va uning bunday ayanchli ahvoliga achinishadi. Shuningdek, spektakldagi Anna Pavlovna (Erkli Malikboyeva), Anna Dmitriyevna (Yayra Abdullayeva), Masha (Oydin Norboyeva), Sasha (Sayyora Yunusova) singari personajlarni gavdalantirgan aktyorlar ham qahramonlarining ichki kechinmalari, xarakterini ishonarli talqin qiladi.
Spektaklning so‘nggi sahnasi fojiaviy ruhga yo‘g‘rilgan bo‘lib, davr muhiti va qiyofasini bor manzarasi bilan ko‘rsatishga xizmat qiladi. Sahna to‘r parda bilan yarim to‘silgan, uning poyonsiz bo‘shlig‘ini eslatadi, shu zulmat qo‘ynida Protasovni mahv etgan tuban jamiyat vakillarining ramziy qo‘g‘irchoq nusxalari namoyon bo‘ladi. Fyodor Protasov to‘pponchadan o‘q uzib, joniga qasd qilarkan, atrofidagilarning hech biri pinagini buzmaydi va shunchaki bu fojianing tomoshabiniga aylanadi. Rejissyor bu orqali manfur tuzumning naqadar yovuz va shafqatsizligi, unda inson o‘limi oddiy hol ekani va boshqa alamli haqiqatlarni fosh etadi, tomoshabinni mushohadaga, inson mohiyatini anglashga chorlaydi.
Lev Tolstoy dahosini o‘zbek teatrida kashf etgan yana bir asar – “Xolstomer” qissasi bo‘ldi. Yuqorida mazkur asar buyuk rejissyor Georgiy Tovstonogov tomonidan katta muvaffaqiyat bilan sahnalashtirilganini ta’kidlagan edik. 1998 yil O‘zbekiston Yoshlari teatrida taniqli rejissyor Nabi Abdurahmonov qissaga qayta murojaat qildi. Mashhur asarning o‘zbek sahnasida namoyish etilishi alohida voqea bo‘lib, madaniy jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Rejissyor N.Abdurahmonov Tovstonogov spektaklini tomosha qilgan, ko‘plab sahna ijodkorlari qatori hayratga tushgan va yakunda shu asarni o‘z talqinida sahnalashtirishga qaror qilgan edi. Tabiiyki, rejissyor zimmasidagi asosiy vazifa – rus teatrining spektaklini takrorlamaslik, asarga yangicha yondashish, obrazlarning yangi qirralari, xarakter xususiyatlarini kashf etishdan iborat edi.
Spektakl asosan harakatga qurilgan, aktyorlarning plastik imkoniyatlari, musiqa, rang-barang liboslar, maxsus effektlar va boshqa sahnaviy ifoda vositalari rejissyor g‘oyasini ochishga xizmat qilgan.
Bosh qahramon Xolstomerni teatrning taniqli va tajribali aktyorlaridan biri Anvar Kartayev ijro etadi. Aktyorning ijrodagi yuqori tempo-ritmi, raqs va plastikaga moslashuvchanligi, musiqani yaxshi his qilishi, obraz xarakterini to‘laqonli ifodalash, qahramon ruhiyati, dardu kechinmalarini chuqurroq ko‘rsatish imkoniyatini yaratgan. Xolstomer – A.Kartayev sahna bo‘ylab erkin harakatlanadi, goho otning shodon kunlari, goho iztirobli damlarini kechinma va ehtiros bilan ijro etadi, jonivorning qismati misolida insonga daxldor tuyg‘ular, holatu hodisalarni tasvirlab, hayotiy prototip yaratadi.
Nabi Abdurahmonov uslub va talqin jihatidan Tovstonogovga taqlid qilmasa-da, uning spektaklidagi ayrim topilma va eksperimentlardan foydalanadi.
Spektaklning so‘nggi sahnalari stsenografiya yordamida shartli yechim topgan. Keksa ot ustiga egar-jabduqlarning qayta ortilishi va yog‘och panjaralar yordamida hibs qilinishi Xolstomer uchun baxtli damlar yakun topganini, bundan keyingi lahzalik hayoti dahshatli intiho topishini anglatadi. U dunyo razilliklaridan faqat o‘lim orqaligina xalos bo‘ladi. Shu sabab qassob bo‘g‘ziga pichoq tortayotgan pallada ruhi go‘yo orom oladi. Xolstomerning o‘limi qissada shunday tasvirlanadi: “U bo‘g‘zida nimadir bo‘layotganini sezardi. Bu og‘riqqa aylandi, u seskandi, oyoqlarini ko‘tardi, biroq hech narsa qilolmadi va keyin nima bo‘lishini kuta boshladi. So‘ng bo‘yni va ko‘kragidan qandaydir suyuqlik tizillab oqa boshladi. Va u o‘zini ancha yengil his qilardi. Hayotidagi barcha qiyinchiliklar barham topgandi. U ko‘zini yumdi va boshini egdi – hech kim uni tutib qolmadi”[20]. Spektaklda esa qatl sahnasidan oldin Xolstomer – Anvar Kartayevning avansahnaga chiqib, “Men yuqoriga va oldinga intilardim” – degan so‘zlari rejissyor yechimini belgilab beradi. Uchar arava yordamida osmonu falakka parvoz qilayotgan Xolstomer bamisoli bu dunyoning barcha qabihliklaridan qutulib, abadiy saodatga erishadi.
Tolstoy ijodi o‘zbek teatri, jumladan, rejissura san’ati rivojiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Adib asarlaridagi umuminsoniy g‘oya va qadriyatlar milliy rejissuramizda yangi uslub va shakllarning rivojlanishi, teatr repertuarlarining shakllanishiga xizmat qildi. To‘g‘ri, mamlakatimiz teatrlari Tolstoy asarlariga u qadar ko‘p murojaat qilmagan. Lekin shu kam sonli tajribalar ham o‘zbek sahna san’ati kamolotida muhim o‘rin tutdi. Shuningdek, o‘zbek aktyorlik maktabida psixologik ijro uslubi, kechinma san’atining ommalashishida ham Tolstoy teatrining ahamiyati katta bo‘lganini ta’kidlash lozim.
Tolstoy dramalarida antik va Uyg‘onish davriga xos mahobatli syujetlar, turli afsonalar, keskin va ochiq konfliktlar uchramaydi, zero, adib yashagan zamon buni taqozo qilmasdi. Fikrimizcha, Tolstoy teatri bu – o‘z mohiyati va ifodasiga ko‘ra psixologik teatr. Unda inson ruhiyatining nozik qirralari, botiniy kechinmalar, ichki ziddiyatlar birlamchi sanaladi, tabiiyki, bunday shakldagi teatr keng auditoriyani jalb qilolmasligi mumkin. Boshqacha aytganda, Tolstoy teatri xos tomoshabinni tarbiyalaydi, uni ruhoniy jihatdan boyitadi. Bundan xulosa qilsa bo‘ladiki, teatrlarda Tolstoy asarlariga ehtiyoj hech qachon yo‘qolmaydi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 8-son
______________________
[1] Lev Tolstoy. Iqrornoma. Ikkinchi nashri. // Sharafiddinov O. Buyuk adibning iqrornomasi. – Toshkent: Ma’naviyat, 2016 – B.125.
[2] Polyakova Ye. Teatr Lva Tolstogo. – Moskva: Iskusstvo, 1978. – 344 s.
[3] Tolstoy L.N. Polnoye sobraniye sochineniy v 90 tomax, tom 35. – M.: Xudojestvennaya literatura. – S.558.
[4] Polyakova Ye. Teatr Lva Tolstogo – M.: Iskusstvo, 1978. – S.15.
[5] 1840-1897 yillarda yashab, ijod qilgan atoqli frantsuz yozuvchisi.
[6] Rusanov G.A. Vospominaniya. // L.N.Tolstoy v vospominaniyax sovremennikov, tom 1. – M.: Goslitizdat, 1955.– S. 251-252.
[7] Tolstoy L.N. Polnoye sobraniye sochineniy v 90 tomax, tom 47. – M.: Xudojestvennaya literatura. – S. 13.
[8] Osnovin V.V. Dramaturgiya L.N.Tolstogo. – M.: Vыsshaya shkola, 1982.– S.14.
[9] Rudnitskiy K. Proza i stsena. – M.: Znaniye, 1981.– S.4-5.
[10] Lev Tolstoy. Shekspir va drama to‘g‘risida (tanqidiy ocherk). // Jahon adiblari adabiyot haqida (Ozod Sharafiddinov tarjimalari). – Toshkent: Ma’naviyat. – B.137.
[11] Shu manba, B.168.
[12] Gusev N.N. Dva goda s L.N.Tolstыm. – M.: Goslitizdat, 1928. – S.183.
[13] Shifman A. Lev Tolstoy i Vostok. – M.: Nauka, 1971. – S. 90-92.
[14] 1919 yil Xitoyda vujudga kelgan va hokimiyat uchun kurashgan konservativ ruhdagi siyosiy partiya. 1949 yilgi fuqarolar urushidan so‘ng mamlakat butunlay kommunistlar qo‘liga o‘tgach, gomindanchilar Tayvanga qochib ketishga majbur bo‘ladi.
[15] O‘sha manba, B. 90-91.
[16] Nemirovich-Danchenko Vl. Stati. Rechi.Besedы. Pisma. – M.: Iskusstvo, 1952. – S.125.
[17] Rudnitskiy K. Proza i stsena, 1981. – M.: Znaniye. – S.38.
[18] O‘sha manba, B. 40.
[19] Lordkipanidze N. Otdavaya – poluchayesh. Beseda s Ye.Lebedevыm. – “Nedelya”, 1976. №11.
[20] Tolstoy L.N. Xolstomer. Sobraniye sochineniy v dvenadtsati tomax. Tom 11. – M.: Pravda. – S.39-40.