Oqilxon Ibrohimov. Yunus Rajabiy haqida so‘z

Har bir xalq ruhiyatini ifodalovchi milliy kuy-ohanglar – aziz ona tili kabi qadrli va muqaddasdir. Millatning o‘tmishi va buguni, asriy orzu-istaklari va go‘zal tuyg‘ularini mujassam etgan ohanglar ona allalari, umrboqiy qo‘shiqlaru mumtoz kuylarda rang-barang jilolanadiki, ularni tinglagan inson o‘zligini anglaydi, ruhan yuksalganini his qiladi.
O‘zbek xalqining boy musiqiy merosi haqida so‘z ketganda, bu bebaho boylikning bizgacha yetib kelishida jonbozlik ko‘rsatgan ustoz san’atkorlarning ijodiy faoliyatiga to‘xtalmasdan iloj yo‘q. Biz bu o‘rinda xalqimizning ardoqli farzandi, Rajabiylar sulolasining yirik namoyandasi, atoqli bastakor, xonanda va sozanda, O‘zbekiston xalq artis­ti, akademik Yunus Rajabiy (1897–1976) haqida so‘z yuritishga jazm qildik.
Azim Toshkentning Chaqar mahallasi, san’atsevar bog‘bon Rajab ota oilasida aka-uka Rizqi va Yunus Rajabiylar dunyoga keldi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, mohir sozanda Rizqi Rajabiy (1887–1977) tanbur cholg‘usi bo‘yicha shuhrat qozonadi. Bugun Rizqi ota noxuni ostida sadolangan “Miskin”, “Nasrulloyi”, “Munojot”, “Abdurahmonbegi”, “Samoi dugoh”, “Gulyor-Shahnoz”, “Garduni” va “Ufori segoh”, “Tanovor”, “Girya”, “Suvora” kabi magnit tasmalariga muhrlangan ko‘plab maqom va mumtoz kuy yo‘llari milliy musiqa xazinamizdan mustahkam o‘rin olgan. Shuningdek, Rizqi Rajabiy oilasida bo‘lajak maqomshunos olim va sozanda (tanbur va dutor cholg‘ulari ijrochisi), san’atshunoslik fanlari doktori Ishoq Rajabov (1927–1982) voyaga yetdi. Mumtoz maqomlarga doir salmoqli tadqiqotlari bilan “Shashmaqom”ga oid murakkab ilmiy-nazariy, tarixiy va amaliy masalalarni hal etib bergan Ishoq Rajabov Yunus Rajabiyning eng yaqin maslakdoshlaridan biri edi.
1897 yili tavallud topgan Yunus Rajabiyning hayot yo‘li sertashvish va jo‘shqin lavhalarga boy. Tabiatan serzavq, zukko va bilimga chanqoq Yunusning qadam-baqadam yuksalib borishida uning noyob musiqiy iste’dodi – nozik idroki, hayratomuz hofizasi hamda haqiqiy o‘zbekona odobi muhim o‘rin tutgan edi. Yunus Rajabiy bir tinglagan musiqiy asarini hajmi katta yo kichik bo‘lishidan qat’iy nazar, xotirasiga yozib olish va yoddan cholg‘uda yoki ovozida bexato takrorlab berish salohiyatiga ega bo‘lganki, bu hol musiqa tarixida kamdan-kam uchraydi.
Bu o‘rinda ustoz Rajabiy fenomeni butun jahon kompozitorlari orasida favqulodda iste’dodi bilan ajralib turuvchi Volfgang Amadey Motsart dahosi bilangina qiyoslanishi mumkin. Savqitabiiysidagi shunday fazilati bois uning musiqiy faoliyati jadal va samarali kechdi. Yangi avlod maqomchilariga ustozlik qilib yurgan kezlari shogirdlariga qarata aytgan, “Ko‘proq diqqat bilan tingla, shunda kuy dilingga ko‘chadi”, – degan ta’kidi Yunus Rajabiyning o‘ziga xos shioriga aylangan edi. Dastlab dutor chertish mashqini akasi Rizqi Rajabiyga qiziqib boshlagan Yunus tez orada ilk ko‘nikmalarni hosil qiladi. Mashhur naychi-sozanda Abduqodir Ismoilovning betakror nolalaridan ilhomlangach, nay chalishni mustaqil ravishda o‘rganishga kirishadi. Turkiston xalq konservatoriyasida o‘qib yurgan kezlari (1919–1923) bu cholg‘ulardagi ijrochilik malakalarini oshiradi, keyinchalik dutor ijrochiligini Hoji Abdulaziz Rasulov ko‘magida takomiliga yetkazadi.
Ayni paytda ashulachilik san’atiga ixlosi baland Yunus Rajabiy el ardog‘idagi ustoz hofizlardan saboq oladi, jumladan, andijonlik Mirza Qosim hofizdan Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llarining ayrim qismlarini o‘rganadi. 1910 yillarga kelib, bu maqomlarning barcha ashula yo‘llarini Mulla To‘ychi Toshmuhammedov, Shorahim Shoumarov, Inog‘omjon hofiz va Ilhom hofizlar ustozligida mukammal ijro etishga erishadi.
Shirali ovoz sohibi Yunus Rajabiy tez orada el nazariga tushib, haqli ravishda obro‘-e’tibor qozonadi. Inchunin, huzurli dard va betakror ovoz tarovati bilan yo‘g‘rilgan noyob hofizlik iste’dodi “Ushshoq”, “Ko‘cha bog‘i I-II”, “Girya”, “Gulyor-Shahnoz”, “Bayot I-II”, “Talqini bayot”, “Dugoh-Husayn”, “Chorgoh I”, “Qalandar I”, “Adoiy I-II”, “Koshki” singari mumtoz ashula yo‘llarida yorqin ifodasini topadi.
1923–1927 yillari Samarqandda dastlab Pedagogika bilim yurti o‘qituvchisi, keyin Samarqand teatrining musiqa rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatgan yillari mashhur hofizlardan “Shashmaqom”ni amaliy-nazariy jihatdan o‘zlashtirib boradi. Bu haqda san’atkorning o‘zi “Musiqa merosimizga bir nazar” nomli kitobida shunday yozadi: “Shu yillari men samarqandlik taniqli maqomdon-ustozlar – Hoji Abdulaziz Rasulov, Levi Boboxonov, Mixoel Tolmasov, Gavriel Mullaqandovlar bilan uchrashdim, ulardan maqomlarning samarqandcha yo‘llarini o‘rgandim, kuy va ashulalarga sayqallar berib, qochirimlar kiritib, silliqlashtirdim va yangi kuy qismlari qo‘shib, boyitib bordim” . Ushbu iqtibosdan ma’lum bo‘lishicha, Yunus Rajabiy maqomlarni o‘rganish barobarida bastakorlik bilan ham shug‘ullanadi, bunday ijodiy izlanishlarga musiqiy naziralar ustasi, atoqli san’atkor Hoji Abdulaziz Rasulovning hofiz-bastakorlik va mohir sozandalik mahorati turtki bergan bo‘lsa ajab emas. Darhaqiqat, Yunus Rajabiyning 1930 yillardan boshlangan rasmana bastakorlik faoliyatida ulug‘ ustozlar tajribasiga hamohanglikni kuzatish mumkin. Jumladan, ijodkorning “Fabrika yallasi”, “O‘zbekiston”, “Bizning davron”, “Bahor keldi”, “Chamanzor”, “O‘yin bayoti”, “O‘yin dugohi”, “Paxta”, “Ra’nolanmasun” kabi ko‘plab qo‘shiq, ashula va raqs kuylarida asriy ohang va usullarning xalqchil ko‘rinishlari namoyon bo‘lsa, “Farhod va Shirin”, “Muqanna”, “Navoiy Astrobodda” musiqali dramalari hamda “Zaynab va Omon” operasi singari yirik sahnaviy asarlarida mumtoz musiqiy an’analarning yangi talqinlari ustuvorlik qiladi.
Maqomlarni mukammal o‘rganish yo‘lidagi tinimsiz izlanishlar Yunus Rajabiyni “Shashmaqom” markazi – Buxoroga yetaklaydi. “Men bu yerda Ota Jalol, Ota G‘iyos, Usta Shodi, Qori Kamol, Abdusamad Begijon, Qori Najm, Domla Halim Ibodov kabi o‘zbek va tojik xalqlari orasida dong chiqargan mohir maqom ijrochilari bilan uchrashdim. Ulardan maqomlarning tarixiy masalalari va ijro etish asoslarini o‘rgandim. Oldin bilganlarimni mukammallashtirdim, ular bilan birga maqom yo‘llarining ayrimlarini ijro etdim” , – deb xotirlaydi san’atkor.
Shu asnoda maqom san’atining Toshkent-Farg‘ona va Samarqand-Buxoro mumtoz an’analarini mukammal o‘rgangan qahramonimiz ayni paytda Yevropa musiqiy ta’limidan ham bahramand bo‘lgan edi. Jumladan, 1934 yili Toshkent oliy musiqa maktabining tayyorlov bo‘limida, 1940–1941 yillari esa Moskvada tashkil etilgan kompozitorlar kursida tahsil oladi. Ammo bulardan ham avval muhim ahamiyat kasb etuvchi yana bir maktab haqida alohida to‘xtalish lozim. Bu xususida akademik Vohid Zohidov to‘g‘ri qayd etganidek: “Yunus Rajabiy avvalo va asosan maktab kursisidan emas, hayot dorilfununidan, xalq ijodidan o‘sib ulg‘aygan va beqiyos iste’dodga ega bo‘lgan, hofizasi o‘tkir, yodlash va aytib berish fazilati kuchli san’atkordir”.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Toshkent o‘zining bir qavatli, paxsa devorli uylari, mevali bog‘u gulzorlari, shuningdek, tong saharlab tortilgan to‘y oshlari-yu choyxonalarda chalingan tanbur-dutor chertimlari, hofizlarning rohatbaxsh xonishlari bilan o‘zgacha taassurot uyg‘otgan. Tabiiyki, ona allasidan boshlab turfa xalq kuy-qo‘shiqlarini tinglab ulg‘aygan o‘ta ta’sirchan yosh Yunus Rajabiy uchun bu hayot manzaralari o‘ziga xos ijodiy maktab vazifasini bajargan edi.
Yunus Rajabiy asrlar davomida jamlangan va har biri milliy qadriyatlar bilan yo‘g‘rilgan bebaho musiqiy merosimizni nota yozuvlariga ko‘chirib, kelgusi avlodlarga benuqson yetkazishdek mas’uliyatli vazifani sharaf bilan uddaladi. Bunga ustoz-san’atkor tomonidan to‘planib, 1955–1958 yillari nashr etilgan “O‘zbek xalq musiqasi” notalar turkumining I–IV jildlari yaqqol dalildir. Ushbu to‘plamlardan qo‘shiq, lapar, yalla, ashula kabi xalq musiqiy ijodining qariyb barcha janrlari, shuningdek, katta ashula, suvora, maqom cholg‘u va ashula yo‘llari hamda zamondosh bastakorlar qalamiga mansub ayrim ijod namunalari munosib o‘rin oldi. Ustoz san’atkorning tahsinga sazovor mehnati tufayli asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan, biroq muayyan siyosiy-mafkuraviy sabablarga ko‘ra yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan musiqiy merosimiz saqlab qolindi. Ammo oldinda yana bir jiddiy va mashaqqatli vazifa turardi.
Gap shundaki, Buxoro amirligi tugatilgach, saroy mumtoz musiqasi – “Shashmaqom”ning taqdiri, istiqboli mavhum edi. Boz ustiga bu noyob meros “madaniyat peshvolari” tomonidan “feodal tuzumdan qolgan zerikarli san’at” deya baholanib, rasmiy-norasmiy davralarda kamsitilish hollari ham tez-tez uchrab turardi. Binobarin, mumtoz maqomlarni har qanday asossiz xurujlardan himoya qilib, yangi avlodlarga bekamu ko‘st yetkazish – o‘sha davr ziyolilarining qayg‘usiga aylanadi va bu borada 1920 yillari e’tiborli ishlar amalga oshiriladi. Jumladan, ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz, olim va dramaturg Abdurauf Fitrat “Shashmaqom” mumtoz musiqiy san’at ekanini isbotlash maqsadida 1927 yil “O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi” nomli risolasini nashrdan chiqaradi. Bundan avvalroq (1924 yili) esa aynan uning tashabbusi bilan kompozitor va musiqa etnografi Viktor Uspenskiy Buxoroda hofiz Ota Jalol Nosir va tanburchi Ota G‘iyos Abdug‘ani ijrosida nota yozuvlariga olgan “Shashmaqom” turkumi “Shest muzыkalnыx poem (maqom)” nomi bilan chop etilgandi. Tabiiyki, “ustoz-shogird” an’anasida yashab kelayotgan maqomlarni notalar vositasida ifodalashdek murakkab jarayonning ilk ko‘rinishi bo‘lgan bu yozuvlar ba’zi kamchiliklardan (masalan, maqom ashula yo‘llari she’r matnlarisiz tanbur ijrosida yozib olingan, ayrim doira usullari nobop vazn-o‘lchovlarida aks etgan va b.) xoli emasdi. Ammo bu kabi nuqsonlar bajarilgan ish salmog‘ini aslo susaytirmaydi.
Millat qayg‘usi bilan yongan Yunus Rajabiy mumtoz “Shashmaqom”ni saqlab qolish va undan kelgusi avlodni bahramand etish yo‘lida yana bir bor jasorat namunasini ko‘rsatdi, B.Zikriyev, M.Tolmasov, D.Ibodov, M.Toshpo‘latov, Yo.Dovidov, M.Mullaqandov kabi ustozlar ijrosiga tayanib, oqilona yo‘l tutdi. Bu jarayonda uning ilmiy-ijodiy salohiyati ham yorqin namoyon bo‘ldi. Jumladan, maqom turkumlarida yetishmayotgan cholg‘u va aytimlar o‘rnini shu uslub doirasida yaratgan ijod namunalari bilan to‘ldirdi, forsiy g‘azallar bilan “o‘qilgan” aytim yo‘llariga turkiyda bitilgan mumtoz she’riyat namunalarini ham mazmun, ham aruz bahrlariga ko‘ra to‘g‘ri tanlab bog‘ladi hamda nozik did bilan zargarona ishlovlar berdi. Bu salmoqli ishning yakuni sifatida “Shashmaqom” majmuasi 1959 yili “O‘zbek xalq musiqasi” nota yozuvlari turkumining beshinchi jildida “Buxoro maqomlari” nomi bilan nashr yuzini ko‘rdi. Bu madaniy hodisa katta yutuq bo‘lishiga qaramay, og‘zaki an’anadagi kasbiy musiqa mahsuli – “Shashmaqom”ning asl qiymati jonli ijro amaliyotidagina butkul ifodalanishi – Yunus Rajabiyga ayon haqiqat edi. Shu bois izlanishlarini davom ettirgan san’atkor 1959 yili O‘zbekiston teleradiosi huzurida “Maqomchilar ansambli”ni tuzib, salobatli “Shashmaqom” turkumi va “Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llari” ijrochilik an’analarini zamon ruhiga moslashtirdi, bu yo‘lda qator loyihalarni amalga oshirdi. Kasbiy faoliyati davomida boy tajribasi va yuksak malakasini iste’dodli shogirdlaridan darig‘ tutmadi, murakkab shart-sharoitga qaramay, “ustoz-shogird” an’analarini jonlantirishga beqiyos hissa qo‘shdi, ustoz san’atkor o‘gitlarini olib ulg‘aygan D.Zokirov, D.Soatqulov, F.Sodiqov, N.Hasanov, K.Jabborov, S.Kalonov, K.Mo‘minov, O.Imomxo‘jayev, B.Dovidova, K.Ismoilova, O.Alimahsumov va T.Alimatovlar keyinchalik elimizning ardoqli san’atkorlari bo‘lib yetishdi.
1960 yillarga kelib yangi dovonlar zabt etildi, xususan, 1966–1975 yillari nota yozuvlaridagi “Shashmaqom” majmuasi olti jild shaklida qayta chop etildi va ushbu nashrga “Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llari” ilova tarzida kiritildi.
Ustoz Yunus Rajabiyning millatni ruhan birlashtiruvchi musiqiy qadriyatlarni e’zozlab, yangi avlod qalbiga singdirishdek ezgu maqsadi tez orada o‘z samarasini berdi. Alalxusus, rasmiy davralarda maqomlarga bo‘lgan munosabat ijobiy tomonga o‘zgardi, musiqashunoslik, kompozitorlik, ta’lim va amaliy ijrochilik jabhalarida bu mumtoz san’atga e’tibor kuchaydi. Jumladan, 1963 yili Ishoq Rajabovning “Maqomlar masalasiga doir” salmoqli monografik tadqiqoti e’lon qilindi va shu asosda keyinchalik maqomshunoslik fan tarmog‘i shakllandi, 1970 yillarga kelib o‘zbek san’atkorlari – Mirsodiq Tojiyev va Mirxalil Mahmudovlarning kompozitorlik ijodiyotida maqom qonuniyatlari bilan uyg‘unlashgan simfoniyalar yuzaga keldi va dovrug‘i jahonga yoyildi, 1972 yili Toshkent davlat konservatoriyasida “Sharq musiqasi” kafedrasi ochilib, unda maqomlarni amaliy va nazariy o‘rganish ishlari yo‘lga qo‘yildi, 1983 yildan esa har to‘rt yilda bir marotaba Yosh maqom ijrochilarining Respublika (hozirda Yunus Rajabiy nomidagi) tanlovi o‘tkazila boshlandi. San’atkorning nainki musiqa, balki milliy madaniyatimizni rivojlantirishga qo‘shgan beqiyos hissasi munosib bahosini topgan edi. Jumladan, u 1953 yil “O‘zbekiston xalq artisti” unvoniga sazovor bo‘ladi, 1966 yilda esa O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi etib saylanadi.
Istiqlol yillari ustoz san’atkor Yunus Rajabiy ijodi alohida e’tirof etildi. Xususan, 1997 yili Yunus Rajabiy uy-muzeyi ochildi, 2000 yili esa O‘zbekiston Prezidenti farmoniga asosan atoqli san’atkor “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Bu yil ustazoda san’atkor Yunus Rajabiy tavalludiga 120 yil to‘ldi. Ta’kidlash o‘rinliki, u yaratgan va meros qoldirgan nota to‘plamlari o‘zbek musiqasini amaliy o‘zlashtirish va nazariy o‘rganishda benihoya qimmatli manba sifatida xizmat qilmoqda. Ishonchimiz komilki, san’atkor ijodi doimo ma’naviyatimizni yuksaltirib, san’atga oshno qalblarni ezgulik va go‘zallikka chorlab turadi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 1-son