Iqbol Qo‘shshayeva. Botindan ko‘chgan bo‘ron

Atoqli ozar kompozitori, xonanda va musiqachi Muslim Muhammad o‘g‘li Magomayev ismi san’at ixlosmandlariga yaxshi tanish. U 1942 yilning 17 avgustida Boku shahrida tug‘ilgan. M.Magomayev erta tanildi, yigirma yoshidayoq opera va estrada qo‘shiqchiligi san’atiga yangi to‘lqin olib kirgan san’atkor sifatida e’tirof etildi. O‘ttiz bir yoshidayoq sobiq Ittifoq xalq artisti unvoniga sazovor bo‘ldi. Xonandaning “Oltin disk”da muhrlangan qo‘shiqlari 1968–1970 yillari Kann xalqaro festivalining haqiqiy tuhfasiga aylandi. U Parijdagi mashhur Olimpiya teatrida ijodiy safarda bo‘ldi. “Olimpiya” sahnasida qo‘shiq aytgan buyuk san’atkorimiz Botir Zokirov o‘z kundaligida o‘sha damlarni shunday qayd etgan: “Bugun Muslim parijliklarni lol qoldirdi. U Figaro ariyasini aytdi. Havasim keldi”.

Muslim Magomayev 2008 yil 25 oktyabrda Moskva shahrida vafot etdi. Barakali ijod qilgan san’atkordan turli janr va yo‘nalishdagi olti yuzdan ziyod musiqiy asar, “Nizomiy”, “Muslim Magomayev kuylaydi”, “Moskva notalarda” filmlari meros qoldi. Quyida jurnalist Iqbol Qo‘shshayevaning mazkur san’atkor haqidagi essesi e’tiboringizga havola etilmoqda.

Tahririyatdan

Aytishlaricha, inson hayotida muhabbat bitta bo‘larmish. Birinchi va ikkinchi degan gaplar behuda, ungacha va undan keyingilari o‘sha yagona tilsimni anglash yo‘lidagi hissiy izlanishlardir. Yana kim bilsin? Ehtimol, bu ham bir yupanch ilinjida aytilgandir?! Muhabbat nima? Bilganim – mubtalolik. O‘zingni yolg‘iz sezsang – sog‘inasan, joning og‘risa, malhamni undan izlaysan, bo‘shliqni tuygan zahoting ma’noga intilasan va hayratingni bo‘lishging keladi. Xullas, muhabbat qo‘shiq bo‘lib titratadi, ohang bo‘lib o‘rtaydi, kuy bo‘lib ovutadi…

* * *

O‘z qo‘shig‘imni topguncha qancha nolalarga qalbimdan joy berdim. O‘ynoqi edi, hazin edi, shikasta edi, izhor edi, sog‘inch edi, mung edi, faryod edi… Har biri aziz men uchun. Bari shovullayotgan dengiz tomon – Muslim Magomayev tug‘yoni sari olib keldi. Kechagi kun hayratini ham kechinaman, unutmaganman… Botir Zokirov – shikastadil shoirim, miskin majnunim. “Maro bibus”, “Sarbon” yo “Ayt, qaydasan, baxt”… Bularda siniq yurak sasini eshitardim. Uzlatnishin kayfiyatimning hamdami edi. Yuksak ezgu hislar bari-bari yerdagi xoru sarson sharpalar xolos, degan faryod edi.

Men tanigan Muslim – men yetib kelgan manzil… Ehtimol, ertam uchun ochilgan eshikdir. Bilaman, sizga erish tuyulyapti. Xuddi oshnang kabi to‘g‘ridan-to‘g‘ri nomini atash… Sharqona odobga to‘g‘ri kelmaydi, deb koyiysiz. Qolaversa, o‘tib ketgan buyuk san’atkor bo‘lsa?! Axir, nima qilay, uni olamga mashhur marhum xonanda emas, dardga darmon do‘st, yuragi urib turgan zamondoshim deb bilsam! Ko‘ngil qurg‘ur rasmiy taomillarni tan olmasa, men ne qilay? San’atkor qay tilda xonish etmasin – inglizmi, ozarmi, rusmi – baribir… Men va mening jondoshlarim anglagan tilda kuyladi. Uning lay-lay[1] aytgan aziz “Ana”si mening alla aytgan ONAM edi. Alla ohangidagi qo‘shiqdan yurak simillar, ruhni bir maromda tebratgancha allalar… Bu qadar ichkinlikning siri nima? Rangi sarg‘ayib borayotgan sog‘inch yuki qayoqdan yopirildi?! Ona bolasiga alla aytgandek sokin tug‘yon, ichkin harorat bilan kuylangani uchun ham yurak ibodatiga aylandimi? Zamondosh hofizim, sen ham qachonlardir qalbingga quyilgan alla kabi Ona haqida o‘z “alla”ngni – dardingni dodsiz aytsang-chi… Ortiq yig‘lamsiramasdan, ko‘z yoshlaringni yurak tubiga to‘k. Tushun, har bir qalbning o‘z yig‘isi, o‘z faryodi bor… Sen mana shu hasrat bilan sirlash, uni yupat… Ozar yigitining qo‘shig‘idagi nola bu dunyoda sening beg‘ubor tabassumingga intiq birdan-bir zot ONA ekanini qayta-qayta shivirlaydi.

Tug‘yon… Tug‘yon… Lekin halokatli to‘fon emas. Bo‘ron… Bo‘ron… Yurakdan o‘zga joyni maskan tutmas… Oqcharloqlarning chug‘ur-chug‘uri ostida, ohang bag‘rida sohil tomon shoshayotgan to‘lqinlar… Bebosh tuyg‘ularmi ular? Yo sargashta orzular? O‘zingni Koinot mahsuli ekaningni, Yeru osmon bilan bir tanu bir jon ekaningni idrok etasan. Sen ham moviy mangulikning bir mavji, tabiatning bir jilvasi sifatida bir chiqib, bir sho‘ng‘i-i-ib oqyapsan… Qayerga? Qay tomon? Goh shoshasan, goh imillaysan. Manziling bormi, o‘zi? Qayda sening dengizing?

Muslimning birinchi muxlisi dengiz edi. Ilk bor uni dengiz tinglagan. O‘smir yoshida qalbidan toshib chiqayotgan nolani dengiz to‘lqinlariga ishondi. Yuragini to‘lqinlarning kaftiga topshirdi. O‘zgarayotgan ovozidagi saktaliklarni faqat dengizga oshkor etdi. Shu sabab ham u dengiz oldida, uning kengligi oldida o‘zini qarzdor his etdi. Va yillar o‘tib ehtiromini kuyga soldi…

O, more… more…

Dengizning telbavor to‘lqiniga dosh berguvchi qoyalar…. Odam, Sening bardoshingni qay bir qoyaga mengzay?! Yeru osmon bag‘irlab uchib boryapman… U shunday toshqinki, sen va senga daxldor insonlar hayotini ham o‘z domiga tortib ketyapti… Tug‘yon, po‘rtana, harorat, yurakda bo‘ronni ushlab turish san’ati, to‘lqinlar har qancha g‘alayon etmasin, sochilib ketmaslik saboti… Bari Unda mujassam. Tuyg‘ularni toptatmasdan ham, toshdan-da qattiq mana shu kulrang tuproqda yashash mumkinligiga, qalbdagi qudrat hayot haqiqatidan g‘olib kelishiga umid uyg‘otadi.

…Moviy cheksizlik uning ohangida manguga o‘z tajassumini topdi. San’atkorning muhabbat haqidagi qo‘shiqlarida sevganing ikki oyoq, ikki qo‘lli cheklangan bir mavjudot emas, borliqning bir parchasi, faqat moviy cheksizlikka daxldor hur ShAXS, tabiatning ozod farzandi bo‘lib gavdalanadi. U go‘yo siz bilan mening hissiyotlarim changalidagi inson emas. Muslim Magomayev kuylayotgan sevgi moviy kenglik ichidan sizib chiqmaydi, aksincha, cheksizlik uning ishqi ichida aylanadi. Bu ishq taqdirni boricha qabul qilishga va unga mahkum INSONga ta’zim etishga o‘rgatadi.

Can’atkor bir intervyusida “Muhabbat haqidagi qo‘shiqlarim aniq bir ayolga qaratilmagan. Kuylayotganimda xayolimda o‘zim yaratgan ideal ayolni ko‘z oldimga keltiraman”, deb aytgandi. Ehtimol, lirik qahramonning shaxsi aniq bo‘lmagani bois, uni tinglagan har bir ayol “Men haqimda ekan”, deb, bir erkakning o‘ziga ehtiromi sifatida qabul qilar, hayajonlanar, erkalanar. Tabiiyki, o‘sha onda tinglovchining hayratga tashna qalbi o‘z-o‘zidan san’atkorning “Ideal AYoL”iga oshno bo‘ladi, yuksak tuyg‘ular bilan bo‘ylashadi, ideallar bilan yuzlashadi, go‘zal hislar siyratiga qanday oqib kirayotganini, boshqatdan Ayol bo‘lib yaralayotganini sezmay ham qoladi…

O, mayli, o‘ylanma, qayg‘urma zinhor,
Baxt-iqbol yor bo‘lsin ko‘rkam munosib…
Biroq sen oh cheksang agarda bir bor,
Men yana kelurman qalbimni bosib…

Har gal “Noktyurn”ni tinglaganimda Rauf Parfi she’rining musiqiy talqini, deb ko‘nglim sharhlaydi. O‘sha iztirob, o‘sha nola, o‘sha mardonavorlik… Qismat ko‘ziga alamsiz tik boqish. Faqat o‘zga til. “Ya k tebe pridu na pomoщ tolko pozovi. Prosto pozovi, tixo pozovi” … Ne bo‘lgan taqdirdayam. O‘tinaman, sen baxtli bo‘l… Ehtimol, Rauf Parfi badiiyati oldida rus tilidagi ifoda sodda tuyular, lekin siz Arno Babajanyan musiqasi va Magomayev ijrosida tinglab ko‘ring! Agar kimda dard bo‘lmasa, xoh tanbur ushlasin, xoh nay, baribir, u tayoqdan o‘zga narsa emas. Lekin oshiqning qo‘lida har qanday yog‘ochga ham jon kiradi.

Bo‘ronni o‘z botiniga bekitgan mahzun “Elegiya”… Taqdirga bo‘ysunmoqchi bo‘lgan-u, lekin buni eplolmayotgan qalb dramasi. Yeru ko‘k qarshisida yuzma-yuz qolgan, o‘ziga g‘arq tanho odam nidosi. “Muhabbat nima?” degan sarkash savolga “Elegiya”dan mutaassir ko‘ngil “qalbning inqilobi, yurakning o‘z-o‘ziga ochgan isyoni”, deb javob beradi.

…Sen – mening kuyimsan… Ular 1972 yilning kuzida Bokuda uchrashishdi. Bu kungacha ham ikki-uch bor Moskvada bir-biriga duch kelgandi-yu, lekin nigoh to‘qnashmagan. Tamara Sinyavskaya – Katta teatrning yetakchi aktrisasi. O‘z yo‘nalishida e’tirof etilgan san’atkor. O‘ttiz yoshli Muslim Ittifoq miqyosida mashhur, xalq artisti. Xullas, bu uchrashuv ikki ijodkorning ham hayotini o‘zanidan chiqarib yubordi. O‘sha ko‘hna dard – muhabbat uchburchagi. Tamara – oilali ayol. Muslim esa bir necha yil oldin ajrashgan, Marina ismli qizalog‘i bor. G‘addor taqdirning o‘yiniga chap berish uchun vaj ham chiqib qoladi: Tamarada Milandagi La-Skala teatrida tahsil olish imkoni tug‘iladi. Murosa neligini bilmaydigan muhabbatning ko‘ziga xas tashlash uchun yo‘l… Mashoyixlar topib aytgan-da: o‘zingdan qochib qayerga ham borarding?! Bu dardisar tuyg‘ularni sinovdan o‘tkazish uchun hijrondan-da adolatliroq imtihon bormi?! Tamara saboqlar tugar-tugamas, xonasiga oshiqar, intiq dil Moskvadan mujda kutardi. Chunki oshiq birinchi kuniyoq daraklab, boyoqish ayolni o‘rgatib qo‘ygan. Bu safar hozirgina yangi qo‘shiq yozishganini, Tamara ham telefon orqali tinglab ko‘rishi mumkinligini aytadi…

Sen – mening kuyimsan,
Men esa senga sodiq Orfey…

“Sen – mening kuyimsan…” achchiq ayriliqqa qo‘yilgan yodgorlik bo‘lib qoldi. Hajrning bu nolasi har bir xasta dilda o‘z haykalini tikladi. Orfey o‘zining yakkaxon kontserti uchun muzaning musiqa maskanidan qaytishini kutdi. Asosan, sevgi haqidagi qo‘shiqlardan iborat kontsert dasturi “Sen – mening kuyimsan…” deb nomlanardi. Lekin U kontsertga kelmaydi… Tizginsiz tuyg‘ular qarshisidagi qo‘rquv ayolning oyoq-qo‘lidan tutadi. Chunki ostona hatlab chiqish – hal etuvchi qadam degani. Yoningdagi odamning ko‘ksini payhon etish degani. Ayol ayolligini sindirib, burchning amriga bo‘ysundi. Dunyosi kulga aylangan Muslim o‘ziga qayta-qayta aytadi: “Endi sening hayotingda Tamara ismli ayol yo‘q. U bilan bog‘liq neki bo‘lsa, barini hayotingdan o‘chirib tashla”. Lekin rangsiz kunlarning birida Tamaraning o‘zi uning xonasiga kirib keladi…

Yoshlikdagi muhabbati, kursdoshi, farzandining onasi Ofeliya bilan ajrashgach, oilaviy hayotdan bezib qolgan yigit “Endi hech qachon ZAGS ostonasini hatlamayman”, deb o‘ziga so‘z bergandi. Lekin endi ikkisi ham o‘tmish alamlarini unutishi, hayotni oppoq sahifadan boshlashi zarur… Chin erkak sifatida Tamaraning jur’atiga munosib javob qaytarishi shart. Darvoqe, uni rejissyor Aleksandr Zarxi “Anna Karenina” filmiga Vronskiy roliga taklif etgan. Sinovsiz. Keyinchalik Vronskiy rolini o‘ynagan aktyor Vasiliy Lanovoy ajablangancha, nega rad etganini so‘raganida, xonanda miyig‘ida kulib: “Qo‘ysang-chi, har kim o‘z ishini qilsin, men aktyor emasman. Meni ko‘rarga ko‘zi yo‘q erlar sonini yana ko‘paytirib nima qilaman”, deydi.

Ular bosib o‘tgan yo‘lda hayotning hamma rangi mujassam. Hamnafaslikda o‘ttiz to‘rt yil – havas qilarli umr kechirishdi. Erining betobligi bois Tamara ijodining ayni kamolot pallasida sahnani tark etdi. Teatr unga muhtojligini aytishganida, ayol: “Hozir sahnadan ham ko‘ra, Muslimga ko‘proq kerakman”, deydi.

Minnatdorman sendan, Sening mehring
muzlab yotgan dunyomni eritdi.
Sen ochgan tilsim uchun, uyg‘otgan faryoding uchun, bergan azoblaringu kulgularing uchun…
hamma-hammasi uchun tashakkur…

Muslim Magomayevdek ta’bi nozik, jo‘shqin fe’lli, kayfiyat odami bilan yashash faqat sabr emas, san’at. Hamisha ayollar e’tiboridagi ko‘rkam va mashhur shaxs, bu jiddiy xavf. Rafiqasidan “Uzoq yillik oilaviy hayotning siri nima?” deb ko‘p so‘rashgan. Va unga Muslim ijodida o‘z izini qoldirgan ayol sifatida ham qarashadi. Sinyavskayaning o‘zini tutishidagi tabiiylikni, erining xotirasi uchun qilayotgan ezgu ishlarini kuzata turib, intervyularini tinglaganimda bir haqiqatni ilg‘agandek bo‘laman: biz bilgan mashhur marhumlarning xotinlaridan farqli o‘laroq, erning shuhratiga sheriklik ta’masidan, “buyuk beva” degan ilinjdan xalos – ozod ayol. Uning Muslim Magomayev obro‘siga muhtoj emasligi ko‘rinib turadi. Aksincha, Ayol tabiatidagi nekbinlik Magomayev hodisasini yanada yorqinroq ko‘rsatadi. Balki Muslimsiz ham alohida shaxs – Tamara Sinyavskaya bo‘lgani uchundir. Avvaldanoq kim bilan hayot qurayotganini anglagan, o‘ziga yarasha mas’uliyatni bo‘yniga olgan, eri hayotligidayoq afsonaga ko‘chgan ayol. Ozarbayjon hukumatidan tortib to xalqigacha bu ayol bilan “bizning gelin” deb faxrlanishi bejiz emas. Xo‘p, Tamara Sinyavskayaning o‘zi uzoq yillik rishtani qanday izohlaydi: “Sahnadagidek oilada ham ohang hal etuvchi ahamiyatga ega. Muhimi, u samimiy chiqsin. Va bizni qiziqishlarimiz o‘rtasidagi mushtaraklik bog‘lab turardi. Muslim ijodidagi mening o‘rnim? Qiziq? Axir, Muslimni uchratgunimga qadar, u mashhur Magomayev edi! Demak, maslahatlarimga hech muhtojligi yo‘q. Faqat mening yumushim, uning erkiga soya solmaslik, xalal bermaslik edi, xolos. Va uning oldida oddiy ayol edim. Xalq artisti Tamara Sinyavskaya eshik ortida qolardi”.

Magomayev o‘z kitobida “Tamara bilan o‘tgan hayotimni ozod qushning parvoziga o‘xshataman”, deb yozadi. Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. Bu kabi xos insonlar munosabatida erk va hayot bir-biri bilan ziddiyatga kirishgan ondayoq har qanday muqaddas tushuncha o‘z jozibasini yo‘qota boshlaydi. Ko‘ngli bilan idrok etadigan odam uchun jozibadan mahrum hayot tanazzuldan o‘zga narsa emas.

Muslim Magomayev haqidagi kitoblarni o‘qib, san’atkorning hayotga munosabatini tahlil etsangiz, o‘zi kuylagan qo‘shiqlarga mos mahobatni tuyasiz. O‘ylagan o‘ylari butun viqori bilan san’atiga ko‘chgan… Tuyg‘ularga g‘arq, o‘ychan yuz. Dam mahzun, dam o‘ktam qiyofasining o‘zi alohida qo‘shiq. Mungga cho‘mgan san’atkor siymosida “Yo‘q, yig‘lamayman, yig‘lamayman”, deb to‘lib turgan jo‘mard inson bor, yig‘loqi erkak emas. O‘zidagi ulug‘vorlikni sizga ham yuqtiradi. O‘sha onda o‘zi qadar balandlikka olib chiqa oladi. “Elegiya”, “Minnatdorman sendan…”, “Sen – mening kuyimsan”, “Ayt, sening ko‘zlaring…”, “Agar dunyoda muhabbat bo‘lsa…”, “Ona”, “Yillar o‘tar…” yoki dengizga bag‘ishlangan qo‘shiqdagi tug‘yonli tuyg‘ular yurakka tomishi uchun izn berib ko‘ring… Mo‘jiza tashqarida emas, IChda ro‘y beradi! Tug‘yonli ichkin qo‘shiqlar. Makkor yorni eslatuvchi qo‘shiqlar. Ming bir tavoze bilan ichingga kirib oladi-da, keyin dunyongni ostin-ustun qilib tashlaydi. Sen o‘z nolangni, hech kimga aytolmagan, o‘zing-da cho‘chiydigan iztirobing suvratini ko‘rasan. Muhabbating o‘z mahshari bilan yuzma-yuz qoladi.

Agar ko‘zingiz gul-gul yonib xonish etayotgan sip-silliq allakimga tushib qolsa, u “Ey, yor meni kuydirding, rasvoyi jahon etding” degan hasratmi, yoki “O‘rtar”ni labining qirg‘og‘idan toshayotgan sevinchini eplolmay, ship-shiringina jilmaygan ko‘yi aytsa, “yulduz”ning ajabtovur avzoyiga hech ajablanmang. Sho‘rlik o‘ttizni, boringki, qirqni urib qo‘ysa ham, loaqal bir bor kuyib ko‘rmasa, kuydirgijon ko‘yidan gangimasa, qismat tig‘i ko‘ksini tilmagan bo‘lsa, yana qay alpozda aytsin?! Mening san’atkorim o‘lmas durdona “Sen – mening kuyimsan”ni o‘ttizda emas, oltmish yoshida aytganida ham yana boshqatdan kechinib, dardchil tuyg‘ularning jamiki tovlanishini o‘zidan o‘tkazardi, yashardi.

U otasini ko‘rmadi. Urushda halok bo‘lgan. Onasi Ayshet xonimning noyob ovozi bor edi. Xudo bu ayolga iste’dodga yarasha antiqa fe’l-atvor ato etgandi. Umri yo‘llarda o‘tdi. Bir teatr yoqmadimi, qo‘l silkirdi-da, boshqa bir viloyat teatriga o‘tib ketaverardi. Albatta, bunday hayotda bola sarson bo‘lishi tayin. Buvisi va amakisining ardog‘ida ulg‘aygan san’atkor “Mendagi ovoz va erksevarlik onamdan, lekin musiqiy qobiliyat bilan oriyat tuyg‘usi Magomayevlardan meros”, deb yozadi.

Haqiqatan ham, o‘z davrida erk va orning timsoli bo‘lgan. Shu fe’li tufayli mashhur Katta teatrga taklif etishganida ko‘nmaydi. Chegaralangan repertuarga tobe bo‘lib, kimningdir kayfiyatiga bog‘lanib qolishni sabriga sig‘dirolmasdi, o‘zini bandi burgutdek sezardi. Qolaversa, an’anaviy sovet operasini ham qabul qilolmasdi.

Mavlono Rumiyning “Sen oltin bahosidasan, o‘zingni mis chaqaga sotma” hikmatini San’atkor hayotining har bir sahifasidan o‘qish mumkin. Muslim Magomayev hech qachon partiyaga a’zo bo‘lmaganini kimki eshitsa, hayron qoladi. Chunki hukumat rahbarlari e’tiboridagi erka san’atkor. Biror-bir tantanali marosim uning ishtirokisiz o‘tmasa, axir, qanaqasiga? Sir emas, sho‘ro davrida partiya – ulug‘ bir maqom edi, odamlar uchun. Bu borada Muslim Magomayev hurmat bilan Haydar Aliyevni eslaydi. Bir kuni kulib, arbobdan “Nega menga “Partiyaga o‘tasan!” deb hech zug‘um qilmaysiz?” deb so‘raganida, u: “Partiya – tartib-intizom. Sening fe’ling hech bir cheklovga to‘g‘ri kelmaydi. Qolaversa, partiya odamlarning “o‘sish”i uchun kerak, bunaqa “o‘sish”ga sen muhtoj emassan”, deb javob qaytaradi. Va Aliyev ko‘p emas, bir-ikki bor “Bilasan, seni Leonid Ilich yaxshi ko‘radi, unvon berdi, Lenin haqidami, yo o‘ziga bag‘ishlab, hech qursa, partiya haqida qo‘shiq aytsang, xursand bo‘lardi”, deb xonandaning yuragiga qo‘l solib ko‘radi. Lekin san’atkor bu taklifni hech hazm qilolmaydi. Ko‘ngilga sajda etgan, tabiatga topingan, urushning fojiasi, insoniyat taqdiri haqida yonib kuylayotgan ehtiros odami uchun har qanday dohiylarning shon-shavkatiyu shiorbop qiyqiriqlar yopishmagan gajak, xolos. Mayli, qofiyaboz shoir-ku qog‘ozni bejab bir amallar. Axir, tarki odat amrimahol! Lekin qanday qilib ma’lumdan ma’lum tussiz so‘zlarni samoviy tuhfa – kuyga yo ohangga ko‘chirish mumkin? Dengizning isyonkor to‘lqinlari bilan birodar yurakni bo‘ysundirib bo‘ladimi?! Ayting?!

“Men nihoyatda chiroyli hayot kechirdim, u uzoq davom etishi sira mumkin emas…” Bu bemor san’atkorning do‘stiga aytgan gapi edi. U kasalxonaga borishni hech xohlamas, afsuski, jismu joniga arzon nigoh bilan qarardi. Chindan ham, chiroyli va mazmunli umr kechirdi. Uning taqdirida buyuk shaxslar hayotiga xos cho‘ng iztirobli qismat bitilmagandi. Darvoqe, “Tirik afsona” hujjatli filmida Muslim Magomayev nomli hodisaga shunday baho berishadi: “Baxt – erka, tantiq nozikoyim. U kimni tanlaydi, hayronsan. Lekin bu galgi tanlovida hech adashmagandi.”

* * *

Dengizning betinim hayqirig‘i ichga ko‘chdi. Beomon to‘lqinlarning billur hovuchida jonim oqyapti. Ko‘ngilda yot-begona ohangga joy qolmadi. O‘z-o‘zi bilan andarmon ruh qalbni shu qadar band etganki, ruhning parvoziga tanu jon shu qadar qaramki… o‘zga havo, o‘gay nafas kirib kelishi uchun ignaning ko‘zidek ham tirqish yo‘q…
Minnatdorman Sendan, meni xalos etganing uchun,
Yuho hayot yutib yubormasidanoq qutqarib qolganing uchun, Tashakkur!
Sen tufayli yana yurakka qayta boshladim…

“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 5-son

_________________

[1] Lay-lay – ozarcha alla qo‘shig‘i.