Efraim Lessing va “Gamburg dramaturgiyasi”

XVIII asrda nemis teatri erishgan ulkan muvaffaqiyatlar Gotxold Efraim Lessing ijodi bilan bevosita bog‘liq. Uning ijodi ma’rifatparvarlik davrida Germaniya adabiyoti, dramaturgiyasi va teatr san’ati hamda nazariyasining ma’rifatparvarlik realizmi va tanqidiy realizmga o‘tish yo‘llarini belgilab berdi. Lessing ijodida nemis dramaturgiyasi va teatri yanada o‘ziga xoslik kasb etdi.

1729 yili 22 yanvarda Saksoniyadagi Kamentse shahrida ruhoniy oilasida tug‘ilgan Lessing san’at olamiga Gamburgdagi Karolina Neyber teatri orqali kirib keladi. Uning dastlabki klassitsizm ruhida yozilgan yetti  pesasidan uchtasi shu teatr sahnasida qo‘yiladi.

Efraim Lessing ijodining ilk davrida teatrga pesalar yozish  bilan bir qatorda jurnalistlik, tarjimonlik va teatr nazariyasi  bilan ham shug‘ullanadi. Germaniyada klassitsizm oqimi avj olgan, jaholat, aldov, buzg‘unchilik, bilimsizlik jamiyatga keskin ta’sirini ko‘rsatayotgan sharoitda Lessing ma’rifatparvarlik realizmi g‘oyalarini ilgari surgan ijodkorlarning yo‘lboshchilaridan biri sifatida maydonga chiqadi. Ijodkor o‘zaro tenglik, adolat va haqiqat g‘oyalarini qo‘zg‘olonlar orqali emas, balki insonni ma’rifatli qilish, ma’naviy kamolotga yetkazish yo‘li bilan ro‘yobga chiqarish mumkin deb hisoblab, bu g‘oyani zo‘r ehtiros va jasorat bilan olg‘a suradi. Shu bois 1960 yillarga kelib, Lessing nafaqat Berlinda balki butun Germaniyada san’at nazariyotchisi sifatida shuhrat topadi.

XXIII asrning 60–70 yillarida Lessingning dramaturgiya va estetika sohasida olib borgan izlanishlari Germaniyadagina emas, butun Yevropada ilmiy va badiiy kashfiyotga aylanadi. Ayniqsa, uning tasviriy san’at bilan poeziya orasidagi chegara masalasiga bag‘ishlangan “Laokoon”  risolasi katta shuhrat topdi.

Lessingning “Chin san’at insondan boshlanadi, badiiy ijodning bosh vazifasi inson dard-alami, ezgu intilishlarini aks ettirishdan iborat” degan aqidasi yangi avlod ijodkorlari uchun dasturulamalga aylandi. Uning faoliyatida insonni himoya qilish, shaxs erkinligi uchun kurash asosiy o‘rin tutadi.

Efraim Lessing ijodi bilan Germaniyada teatrlar faoliyatiga katta ta’sir ko‘rsata oluvchi professional teatr nazariyasi shakllanadi. U butun faoliyati davomida turli mavzularda pesalar, spektakllarga taqrizlardan tortib, nemis dramaturgiyasi va teatri tarixi, hoziri va kelajagini qamragan, teatr san’atining taraqqiyot yo‘llari tadqiq etilgan nazariy va amaliy umumlashma maqolalar yaratdi.

1767–1768 yillarda teatr faoliyati haqidagi nazariy qarashlari aks etgan mashhur “Gamburg dramaturgiyasi” risolasini yaratadi. Ushbu kitobning dastlabki qismida teatr repertuari va aktyorning ijro san’ati haqidagi fikrlari nazariy asoslanadi. U avvalo aktyordan jismonan baquvvat, keng imkoniyatli, ayni chog‘da yuksak bilim sohibi, chuqur fikr yurita oladigan, ma’rifatparvarlik davrining jaholat uchun kurasha oladigan kuchli shaxsi qiyofasini yaratishni talab etadi. Shu bilan birga hissiyot bilan aql-zakovatni uyg‘un holda ko‘rsatishni to‘g‘ri deb biladi. Aqli raso aktyor asarning mazmuni, qahramon vazifasini chuqur anglab, o‘zida kechirgan holda hissiyotga beriladi, deb biladi. U klassitsizmga xos dabdababozlik, sovuqqonlik, izohchilik teatr san’ati uchun butkul zid deya izohlaydi. Ayniqsa, uch birlik qoidasi insonning ichki kechinmalarini, xohish-intilishlari, buyuk maqsadlari, orzu-havasi, sevgi-muhabbatini  boricha ko‘rsatishga to‘sqinlik qiladi, deb biladi. Shuning uchun ham ma’rifatparvarlik davriga xos aql-idrok ustunligi g‘oyalariga xayrixohlik bildiradi. Shu tariqa “hissiyotli” aktyorga ishonchsizlik bilan qaraydi. His-tuyg‘uni zohiran, sirtdan namoyon etuvchi aktyor teatr uchun foydaliroq deb biladi. Bundan tashqari, aktyorlik texnikasining o‘zi ham aktyorda sahna san’ati uchun zarur his-tuyg‘u hosil qilishi mumkin, deb hisoblaydi.

Lessingning nazariy qarashlari ham tadrijiy ravishda o‘zgarib, sayqallashib boradi. Uning adabiy va teatr san’atiga oid qarashlari isyonkorlik ruhi bilan sug‘orilgan ma’rifatparvarlik realizmini himoya qilishdan boshlanib, keyinchalik u tanqidiy realizm darajasiga yetib boradi. Lessing teatrga “faqat ko‘ngilochar, dam olish maskani” degan qarashlarga qarshi keskin kurashib, uning yuksak ijtimoiy funktsiyasini himoya qiladi. U klassitsizmga xos tantanavorlikni rad etib, teatrning demokratlashuvi, sahnada hayot haqiqati tantanasi uchun kurashgan. Repertuar teatrning g‘oyaviy yo‘nalishini, mafkuraviy tabiatini ifoda qiluvchi belgi ekanini ta’kidlagan. U aktyorni mustaqil ijodkor, shoir va dramaturg bilan barobar darajada mas’uliyatga ega san’atkor, deb ta’riflaydi.

“Gamburg dramaturgiyasi” kitobining aksariyat qismini Lessingning dramaturgiya haqidagi fikr-mulohazalari tashkil etadi. U 1759 yili yaqin do‘sti bilan hamkorlikda tashkil etgan “Eng yangi adabiyot haqida yozishmalar” nomli jurnal sahifalarida frantsuz klassitsizmi Germaniya uchun butkul zid va zararli ekanligi xususidagi fikrlarini ochiq-oydin bayon etib boradi. Lessing klassitsizmning hech qanday tur va shaklini  qabul qilmaydi. Aksincha, klassitsizm shunchaki o‘rnini zamonaviyroq san’atga bo‘shatib berishi lozim bo‘lgan, umri tugagan uslubgina emas, balki, umuman, san’at tabiatiga zid deb biladi. Shunga qaramay, Lessing o‘z ijodida dastlab klassitsizm uslubidan butunlay qutula olmaydi. Ammo nemis ma’rifatparvarlik san’atiga klassitsizm o‘z ta’sirini o‘tkazib turgan bir sharoitda zamondoshlari orasida eski san’at aqidalaridan uzoqlashish g‘oyasini singdirishga erishadi.

Lessing o‘zining nazariy qarashlari kabi dramaturgiyasida ham inson erkinligi va barkamol shaxsning hayotda tutgan o‘rnini mustahkamlashga e’tibor qaratadi. Asarlari orqali jamiyatdagi jirkanch illatlar – nohaqlik, xudbinlik, jaholat, buzg‘unchilik, manmanlik, nobakorlikni fosh qilishga intiladi. Shu bois uning asarlarida ko‘p janrlilik kuzatiladi. U deyarli barcha janrlarda samarali ijod qiladi. Uning har bir asari o‘z davrida va bugungi kunda ham o‘z qadr-qiymati va mavqeini yo‘qotmay kelayotir. Har bir asari tomoshabinni fikrlashga, xulosa chiqarishga, dunyoga teran nigoh bilan boqishga undaydi. “Oyimqiz Sara Sampson” asari tomoshabinlarda mahzunlik, ko‘zyosh paydo qilsa, “Minna fon Barnixelm” asari kuldiradi, ruhiy orom baxsh etadi. “Emiliya Galotti” tragediyasi ko‘ngilni musibat ohangiga band qilsa, “Donishmand Natan” asari kishini chuqur o‘yga toldiradi. Bu esa uning insonlar dardu-hasratlarining tub ildizlarini tushunib yetganligidan, neki sodir bo‘lmasin, insonlarni yorug‘ kunlar sari chorlaganligidan dalolat beradi.

Lessing boshqa aqidalar yaratish maqsadida klassitsizm aqidalariga qarshi kurashmaydi. Aksincha, dramaturg sifatida o‘z didi va badiiy imkoniyatlarining naqadar kengligini namoyish etadi. Dramaturgning “Oyimqiz Sara Sampson” asarida ham insonning erkin ehtiroslari birinchi o‘ringa olib chiqiladi. Asarda ikki ma’shuqa orasida gangib qolgan aslzoda Melefontning ayanchli taqdiri haqida hikoya qilinadi. Uning birinchi ma’shuqasi endigina uning tuzog‘iga ilingan jabrdiyda qiz Sara Sampsonni zaharlab o‘ldiradi. Melefont esa qizning jasadi tepasida o‘zini-o‘zi nobud qiladi.

Lessing qahramonlari shu qadar jo‘shqin va ehtirosliki, bu tomoshabin qalbini larzaga soladi. Uning asarlarida xatti-harakat ancha shiddatli va ko‘lamliligi bilan ajralib turadi. U ushbu asarida his-tuyg‘u mavjini ko‘rsatibgina qolmay, insonlarning ayanchli taqdiri orqali jamiyatda avj olayotgan xudbinlikning asl sabablarini fosh etishga intiladi. Lessingning haqiqiy qahramoni Sara Sampsondir. U xudbinlikdan xoli, haqiqiy sevgi sohibasi, ko‘ngli pok, insoniy tuyg‘ular egasi sifatida  gavdalanadi. Dramaturg xudbin, beburd kimsaga ko‘ngil qo‘ygan xoksor, yuksak axloqli bu qizning fojeali taqdiri misolida eski aqidalarni ma’rifatparvarlik mafkurasi orqali siqib chiqarish kerakligini badiiy ifodalab beradi.

Lessing 1760–1765 yillari Bereslavl shahrida do‘sti general Tauentsin qo‘lida gubernya kotibi bo‘lib ishlaydi. Bu yerda o‘tkazgan umumevropa urushidan keyingi yetti yillik umri davomida ko‘rgan kechirganlarini 1763 yili “Minna fon Barnxelm yoki Sarbozning baxti” nomli komediyasida aks ettirishga kirishadi. Asar qahramonlarini ham Germaniyadagi harbiy muhitdan izlab topadi. Nemis xalqining milliy birligi, yaxlitligi g‘oyasi bilan sug‘orilgan mazkur asar birinchi nemis komediyasi sifatida e’tirof etiladi. Unda saksoniyalik Minna xonim bilan prus zobiti mayor Telgeyem o‘rtasidagi samimiy muhabbat tasviri orqali nemis knyazliklari orasidagi o‘zaro adovat, qirg‘inbarot urushlar el-yurtga faqat vayronalik keltiruvchi noinsoniy harakatlar ekani fosh etiladi. Prus mayori Telgeym  taslim bo‘lgan Sileziya  shahriga Prussiya tomonidan solingan urush tovonini o‘z puli hisobidan to‘laydi. Uning raqib tomonga bunday xayr-ehson ko‘rsatishidan  shubhaga tushgan prus boshliqlari Telgeym ustidan jinoiy ish qo‘zg‘aydilar. Aybsiz aybdor mayor og‘ir ahvolga tushib qolgan bir paytda sevgilisi Minna kelib, uni tergovdan qutqarib qoladi. Pesa sevishganlarning baxtli uchrashuvi bilan yakun topadi.

Lessing 1772 yili o‘n besh yil avval rejalashtirgan “Emiliya Gallotti” fojiasini yozib tugatadi. Ushbu asar ma’rifatparvarlik davrida Germaniyada jabr-zulmga qarshi qaratilgan birinchi drama sifatida e’tirof etiladi. Lessing pesaga yorqinroq siyosiy tus berib, jamiyat boshqaruv tizimining insoniylikka xilof asosga qurilganligini ko‘rsatib beradi. Asar qahramoni shahzoda Xettori Gonzaganing niyati qanchalik beg‘araz bo‘lmasin, uni hokimiyat yo‘ldan ozdirib, o‘zgalarning qo‘li bilan yovuzlikka qo‘l uradi. U Apianini o‘ldirib, Emiliyanining o‘zini o‘zi nobud qilishiga sababchi bo‘ladi. Emiliya yovuzlikka qarshi noroziligi va insoniylik sha’nini o‘lim bilan tasdiq etadi. Pesa yozuvchining o‘zi kutgan muvaffaqiyatni keltirmaydi. Shundan so‘ng Lessing asar yozmaslikka ahd qiladi. Lekin bir necha yildan so‘ng sharoit uni bu ahdidan voz kechishga undaydi. Getse ismli ruhoniy bilan ilohiyot xususida jiddiy munozaraga borgan Lessing yana o‘zining sinashta minbari-teatriga qaytib “Donishmand Natan” nomli so‘ngi pesasini 1779 yili yozib tugatadi. Ushbu asar 1801 yili Veymar teatrida qo‘yilganida, Gyote spektaklga munosabat bildirib “aks etgan sabr-toqat, afsus va nadomat tuyg‘ulari xalqlar qalbida muqaddas tuyg‘ular bo‘lib qolgusidir”, degan fikrlarni aytadi. Haqiqatdan ham bu pesa dramaturgning asarlari orasida juda ta’sirchan bo‘lishi bilan birga, muallifning ma’rifiy-falsafiy dramaga qaytganligini ko‘rsatadi. Pesa teran insoniy g‘oyalarga, obrazlarga boyligi bilan sahnadan mustahkam o‘rin egallaydi.

Lessing pesada diniy tortishuvlarga urg‘u bermaydi, balki adovatchi ruhoniy Getsega ajib bir olam ma’naviyatini qarshi qo‘yadi. Dramatik doston shaklida yozilgan ushbu asarda nasroniylardan jabr ko‘rsa-da, nas­roniy qizni katta qilgan yahudiy Natanning cherkov peshvosi tazyiqiga uchrashi, qizning alanga ichida rohib tomonidan qutqarib olinishi, oxiri qiz va rohibning sulton Salohiddinning yoshligida yo‘qolgan akasining farzandlari bo‘lib chiqishi ayon etiladi. Bir qarashda oddiygina bo‘lib ko‘rinuvchi voqea ostida ro‘y bergan qonli diniy to‘qnashuvlarning asorati bo‘rtib turadi. Bu yerda cherkov Peshvosi (patriarx) Olloh nomidan  so‘zlab, o‘zini nasroniylikning tayanchi, fatvochisi tarzida ko‘rsatadi. Rohib unga “Natan murg‘ak bechora bolani ota bo‘lib balog‘atga yetkazgani uchun jazoga mahkummi?”, deya savol berarkan, Peshvo “Farqi yo‘q, bolani yo‘qchilik azobidan Ollohning o‘zi qutqaradi, Natan nasroniy qizni o‘z bilganicha katta qilgani uchun o‘tda yondirilishi kerak”, deya insoniylikni oyog‘osti qiladi, kishilarni yangi qonli to‘qnashuvlarga da’vat etadi. Sulton Salohiddinning “Olloh muruvvati inson orqali ijobat topgusi”, degan so‘zlari Peshvo uchun quruq safsata bo‘lib qolaveradi.

Lessing asarlarida ilgari surilgan insoniylik, ma’rifatparvarlik g‘oyalari o‘zbek teatri nazaridan ham chetda qolmadi.  2003 yili “Donishmand Natan” pesasi shoir va tarjimon Mirpo‘lat Mirzo tarjimasida O‘zbek Milliy akademik drama teatrida rejissyor Avliyoquli Xo‘jaquliyev tomonidan sahnalashtirildi. Teatrshunos S.Tursunboyev o‘zining “Lessing bilan ilk uchrashuv” maqolasida rejissyor spektaklda obrazli sahnaviy yechim topganligini va bu yechim spektaklning yaxlitligini, sun’iy, zo‘rakilikdan xoliligini ta’minlaganligini e’tirof etadi. Asar qahramonlaridan biri Rexa obrazini O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova bolalarcha erkalanib so‘zlovchi, hayotga entikib, zavq-shavq bilan qarovchi beg‘ubor qiz tarzida namoyon etadi. O‘zbekiston xizmat ko‘rsatgan artist Jamshid Zokirov bosh qahramon Natan obrazini talqin etgan. U Natanning donishmandligini ko‘z-ko‘z qilish yo‘lidan bormaydi, aksincha, uni bosiq, qalban notinch, xokisor inson sifatida talqin etadi. Aktyor Shuhrat Nuraliyev Rohibning shogirdi sifatida o‘zini-o‘zi anglash tarzini, ya’ni, bir tomondan Peshvo ra’yiga bo‘yin egish va ikkinchi tomondan o‘zini shaxs sifatida barbod qilmaslik jihatlarini ochishga harakat qiladi. Sahnada har bir qadamini salmoqlab tashlashi, amrona so‘zlashida Quddus cherkovi Peshvosining qotib qolgan mutaassib shaxs timsoli T.Mo‘minov siymosida namoyon bo‘ladi.

Asosiysi, spektaklda G‘arbu Sharqda ro‘y berayotgan qonli mojarolar, Olloh nomidan so‘z ochib, dinning asl insonparvarlik mohiyatiga butkul zid fanatizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi kabi dahshatlarni keltirib chiqaruvchi safsataboz kimsalarning qabihona harakatlari namoyon bo‘ladi. Inson umidsiz yashay olmaydi. Asar ham mojarolar barham topib, umidbaxsh lahzalar bilan yakunlanadi. Lessingning nazariy qarashlari va dramaturgiyasida olg‘a surilgan maqsadning yuksakligi ham, uning ijodkor sifatidagi buyukligi ham shunda.

Lessingga ushbu pesaning 1779 yili nashr etilgan nusxasini ko‘rish nasib etdi, xolos. U 1781 yili vafot etadi. Asar muallif vafotidan uch yil o‘tgandan keyin sahnalashtiriladi. Geyne aytganidek, “Lessing butun Germaniyaning g‘ururi, baxti, mehr-oqibatining ramzi” sifatida tarixga muhrlanib qoldi. Uning ijodi nemis ma’rifatparvarlik teatri va dramaturgiyasining keyingi davri uchun dasturulamal bo‘lib xizmat qildi.

Faxriddin Abduvohidov,

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat  instituti katta o‘qituvchisi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 1-son