Yoqubjon Xo‘jamberdiyev. Sodiq do‘st yodi

Mirpo‘lat Mirzo she’riyati, publitsistikasi, va tarjimalari haqida adabiyotshunos olimlarimiz, uning muxlislari tomonidan ko‘pgina maqolalar bitilgan. Uning hayot, muhabbat, dunyo sir-sinoatlari qarshisidagi chuqur o‘ylarga to‘la  dilxush ohanglar taratuvchi she’rlari, o‘qigan kishi xayollarini alg‘ov-dalg‘ov qiluvchi turli mavzulardagi ocherklari, Muxtor Avezov, Ahmad Zaki Validiy, Halima Nosirova, Abdulla Oripov,  Sunnatilla Anorboyev kabi yorqin siymolar  haqidagi maqola va suhbatlari bu zotlarning eng e’tiborli jihatlarini qalamga olgani bilan ajralib turadi.

Shular haqida o‘ylab o‘tirib, benazir olimimiz Naim Karimovning Mirpo‘lat ijodi haqida yozgan maqolasi yodimga tushdi. Olim inson umrini uch fasl: bahor, yoz, kuzga qiyoslaydi. Inson umrining bahori bepoyon ummondek sokin va sekin oqishini ta’kidlaydi. Bu fasl insonning o‘qish-o‘rganish fasli ekanini, bog‘ini turli mevali daraxtlar bilan bilan bezash payti ekanini, umr yozini ana shu  bog‘ingizga kuzak shamollari oralab qolganida sezib qolishingizni juda chiroyli tashbehlar bilan ifoda etarkan yozadi: “Kamina umrning so‘nggi faslini yashayotgan kishilardan biri sifatida shunday mushohadalarga berilar ekanman, tevarak-atrofimdagi o‘z bahori va yozining har daqiqasini zoye ketkazmay, bir qarich bo‘sh yeri ham qolmagan bog‘iga yangi-yangi nihollar ekib, mevaga kirganlaridan esa savat-savat hosil olayotgan kishilarga havas bilan qarayman. Menda shunday havas tuyg‘ularini uyg‘otayotgan yosh do‘stlarimdan biri shoir, dramaturg, publitsist, tarjimon va noshir Mirpo‘lat Mirzodir.”

Mazkur ta’rif rostdan ham Mirpo‘lat Mirzoning  adabiyotimiz xazinasini turfa rangdagi, turfa ifor taratuvchi, o‘ziga xos ohang va mazmunga ega asarlar bilan boyitganidan dalolatdir.

Men Mirpo‘latning she’rlari, publitsistik maqolalari, umuman, uning barcha asarlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan bir do‘stiman. Uning ijtimoiy mavzuga yo‘g‘rilgan, odamni o‘yga toldiradigan, sevgi-muhabbatni  kuylovchi dilgir she’rlari, faylasufona xulosalarga boy publitsistikasi xususida ko‘p gapirishim mumkin. Aytaylik, Mirpo‘lat Mirzo sho‘ro davrining so‘nggi yillarida xalqimiz “O‘zbeklar ishi” deb nom olgan bo‘hton bilan ayblanib turgan bir paytda ularga qarshi dadil chiqishlar qildi. Jumladan, matbuotda uning “O‘zbeklar ishi” nomli she’ri chop etildi. Mazkur she’rida shoir bir to‘da mo‘ltonining kasriga butun bir xalqni badnom etish fojiasini ochib beradi:              

Magar qabih ishi bo‘lmishdir oshkor,
Bir to‘da mo‘ltoni amaldor, bekning,
Nahot bag‘ri xun xalq bunda gunohkor,
Nahot ishidir bu xoksor o‘zbekning?!

Axir, qirg‘in yillar ne-ne  och-yupun,
Bag‘rida yetimlar saqlasayu jon –
O‘zbek o‘z farzandin to‘ydirmoq uchun
Nahotki, mehnatsiz topgan  burda non?!

Lekin siz o‘zbekning ishi neligin
Bilmoq istasangiz chinakam,
Qadim dalalarga marhamat, keling,
Unda asl xalqni ko‘rasiz har dam.

Unda bosh ko‘tarmay zahmat chekar el,
Mehnat bong uradi unda yozu qish;
Unga nigoh tashlab lazzat topmas dil,
Unda hukmrondir  har qachon tashvish.

Unda ter to‘kadi go‘daklar hatto,
Unda rizqin terar kampirlar, chollar.
Uqubatlar zada qilganda goho
O‘ziga o‘t qo‘yar unda ayollar…

Ana shunday. Mirpo‘lat Mirzo xalqning boshiga tuhmatlar, yolg‘onlar yog‘ilib turgan bir paytda uning dilini izhor etdi. Uning yuragidagi qatim-qatim dardlarni yoniq satrlari bilan ko‘tarib chiqdi. Mirpo‘lat ijodida yuqoridagi kabi ohidan tutun o‘rlagan she’rlar ko‘plab mavjud. Yuqorida aytganimday, kamina ushbu muxtasar maqolada Mirpo‘lat  Mirzoning ijodidan ko‘ra, uning insoniy fazilatlari haqida, nafaqat hayotda yuz berayotgan voqea-hodisalarga nisbatan, ayni paytda shaxsiy turmushda, yor-birodarlar davrasida ham hozirjavob, tanti, mehribon, odamning qadriga yetadigan bir shoir, bir dardkash ekanini ta’kidlamoqchi  edim. Biz Mirpo‘lat bilan bir necha o‘n yillar davomida bir davrada bo‘ldik. Uning diltortar suhbatlarini, hozirjavoblik bilan aytgan so‘zlarini bugun ham eslaymiz, to‘plangan paytlarimizda, go‘yo u hozir eshikdan kirib kelayotgandek tuyulaveradi.

Mirpo‘lat Mirzo bilan qachon va qay tartibda tanishganim yodimda yo‘q. Uning she’rlarini matbuotda o‘qib yurgan bo‘lsam-da, ammo o‘zi bilan shaxsan tanish emasdim. Ustoz Abdulla Oripovning: “Mirpo‘lat Mirzayev degan shogirdim bor, bir payti kelsa tanishtirib  qo‘yaman”, degan gaplarini hali-hali eslab yuraman. Keyinchalik, Abdulla aka bizni tanishtirib ulgurmay o‘zimiz tanishib oldik chog‘i. Bitta mavzeda –  Qorasuv dahasida yashay boshlaganimizdan so‘ng esa bir-birimiz bilan juda qadrdon bo‘lib ketdik.

Mirpo‘lat sodiq do‘st edi. Shunday bo‘ldiki, mening rafiqam qattiq kasal bo‘lib yotib qoldi. Kasalxonadan chiqqandan so‘ng ham muolajaga qatnashga to‘g‘ri keldi. Men uchun tashvishli ana shunday kunlarda u bizdan doim xabar olib turdi. Kasal odamni avtobusma-avtobus yetaklab yurish qiyinligini sezgan Mirpo‘latning  mashinasida ayolimni bir necha hafta davomida muolajaga olib borib turdik. Bu yumushlarni biron marta bo‘lsin  og‘ir olmadi. Aksincha, shirin gap-so‘zlar bilan dalda berib, er-xotinning ko‘nglimizni ko‘tarardi. Keyin bilsam, Mirpo‘lat Mirzo nafaqat bizga, umuman, har qanday odamga ham oqibatli, mehribon inson ekan. Men u tug‘ilib o‘sgan Sayram qishlog‘ida bo‘larkanman, uning mushtipar onasi, serg‘ayrat, dilkash va Mirpo‘latning o‘zi kabi hozirjavob aka-ukalari bilan tanishganimdan so‘ng do‘stimni yanada teranroq tushuna boshladim. Undagi odamlarga bo‘lgan samimiy muhabbat ana shu qadimiy madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan Sayram shahrining madaniyatli oilasida shakllangan ekan. Ushbu shaharda  mavlono Saryomiy kabi Sharqning tilga tushgan allomalari yashab, ijod qilgan. Bu qutlug‘ maskanga Ahmad Yassaviydek buyuklarning nazari tushgan. Uning padari buzrukvori Ibrohim otaning so‘nggi qarorgohi ham ana shu shahri muborakdadur. Va yana bu joy ko‘plab ulug‘lar qatorida yigirmanchi asrning Imom Buxoriysi deb nom olgan alloma, o‘zbekdan chiqqan birinchi marshal Alixonto‘ra Sog‘uniyning ham qadamjolari bo‘lib, bu yerdagi Ibrohim ota qabristonida uning ota­lari Shokirxonto‘ra mangu qo‘nim topganlar.

Mirpo‘lat Mirzo ana shunday ko‘pni ko‘rgan shaharda va mehnatkash oilada  1949 yil, 20 avgustda dunyoga keldi. Undagi insonga, el-yurtga bo‘lgan mehr-muhabbat o‘sha shaharning urf-odatlari, an’analari asosida tarbiyalandi. Yuqorida domlamiz Naim Karimov aytganlaridek, u o‘zining kelajakda  mo‘l hosil berajak bog‘larini o‘sha madaniyatli odamlar orasida barpo etdi. Shu joyda yana domlaning so‘zlari yodga tushadi. U o‘zining Mirpo‘lat Mirzo ijodiga bag‘ishlangan maqolasida  shunday yozadi: “Umrning shu so‘nggi faslini (kuz faslini – Yo.X.) boshidan kechirayotgan barcha kishilarda, menimcha, faqat bitta armon bo‘ladi. Bu, bahor chog‘ida yoshlikning nash’ayu na’molariga berilib oz o‘qigani, oz bilim olgani, oz nihollar ekkani yoki umuman ekmagani. Bu armon oddiy armonlardan emas, balki kuzning qolgan kunlarini kemiruvchi, insonni so‘nggi bekatga qoqsuyak qilib yetkazuvchi qonxo‘r armondir.”

Domlaning yuqoridagi kalimalarini o‘qir ekanman, Mirpo‘latning yurak xastaligiga uchrab, olis Hindistonga borib,  shifo topgan  paytlarini eslayman. Balki bu xastalik Naim Karimov aytgan armonlarning oqibati emasmikan?! Bu xastalik yangi tashkil etilgan “Jahon adabiyoti” jurnalining tashvishlaridan bino bo‘lmaganmikan?! Bu beoromlik jo‘jabirday oilaning kamxarjligidan yuzaga chiqqan bo‘lsa ne tong?!

Mirpo‘lat Mirzo serfarzand edi. Shu bois ko‘p ishladi, tinimsiz mehnat qildi. Ayniqsa, qardosh xalqlar  va rus adabiyoti vakillarining asarlari tarjimalari ustida ko‘p o‘tirdi. “Jahon adabiyoti” jurnalining u bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan yillardagi sonlarini varaqlasangiz, bunga guvoh bo‘lasiz. Mazkur jurnalda uning “Qalbimdasan, Vatan”, “Vatan qadri” (2007y. № 9-son, 2008 y. № 9-son) kabi turkum she’rlari qatorida, Rasul Hamzatov, Oyar Vatsiyetis, B.Axmadulina, A.Axmatova, Konstantin Balmont, Abay, O‘ljas Sulaymonov, N.O‘razalin kabi o‘nlab shoirlardan qilgan tarjimalari chop etildi. Ayni shu yillarda uning publitsistik mahorati  ham  yuz ko‘rsatdi. Shoirning “Mehrga muhtoj hilqat”, “Muhtasham ko‘priklar diyori”, “Rayhon isi” kabi manzumalari dunyoga keldi. Bularning barchasi mashaqqatli mehnat, uyqusiz tunlarning hosilasi… Kasallik ham!  Qadimgilar “mehnat bilan dard chekti”  deb bekorga aytishmas  ekan.

Mirpo‘lat Mirzoning 80-yillarda yozgan  “Hijronda” degan bir she’ri bor:

Men safarga jo‘nab ketganda,
                     Bilaman,
uy qolar huvillab.
                    Shahar uzra shom qo‘nib, seni
dilgir go‘sha qarshi olaru
yuragingni chirmar bir g‘ussa.
                    Ostonadan hatlab parishon,
yoqqaningda dahliz chirog‘in,
xonalarni tintib-axtarib,
jajji qizim tinmay bidirlar,
so‘rab mening nechun yo‘qligim.
                   Yupatasan erkalab uni,
qo‘g‘irchoqlar qilasan va’da,
so‘ng o‘zing ham yupanmoq bo‘lib,
nimagadir unnay boshlaysan,
lekin  unmas yumushing sira.
                   Men safarga jo‘nab ketganda,
oramizga tushganda hijron,
shundoq kechar sening har shoming –
ruhingni tark etar farog‘at
va sezmaysan
uy burchidagi
ko‘zgu yuzin bosar chang-g‘ubor… 

Mazkur she’rni shoir, garchi bu haqda ta’kidlamasa ham, sezib turibsiz, suyukli rafiqasi, farzandlarining onasi, mehribon ayol Sayohatxonga bag‘ishlagan. Mirpo‘lat oilaparvar, vafodor er edi. Davralarda nima gap­lar, qanday mavzular gapirilmaydi, deysiz. U bilan shuncha do‘st bo‘lib, biron marta bo‘lsin og‘zidan ayollar haqida nojo‘ya so‘z eshitmaganman. Hozir yodimda yo‘q, muhabbat haqida bir she’ri bo‘lardi. Davralarda o‘sha she’rini o‘qisa, she’r so‘nggida ”Men sizni shunday sevamanki, prosto ne vozmojno” deb tugatardi. Ha, shunday, Mirpo‘lat ishtirok etgan davra hazil-mutoyibadan xoli bo‘lmasdi.  Uni eslab yozyapmanu, hozir ko‘chadan kirib kelayotganday, darvozaga qarayman…Ha, shunday, yaxshi inson yodi  o‘chmasdir!

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 9-son