Xosiyat Bekmirzayeva. Navoiy va Bobur

http://n.ziyouz.com/images/bobur2.jpgNavoiyning ideal hukmdor haqidagi orzulari Bobur faoliyatida muayyan darajada aks etgan. Bobur o‘zi tuzgan “Buyuk imperiya”da islohotlar o‘tkazgan va mafkurasini mustahkamlagan. Buning nazariy asoslarini yaratish maqsadida diniy‑falsafiy asarlar, harb ishiga oid kitoblar yozgan. “Mubayyin” va qator risolalari bunga dalildir.

Alisher Navoiygacha ham o‘zbek yozma adabiy tili muayyan darajada shakl­langan, she’riyatda ham an’analar mavjud edi. Alisher Navoiy o‘zining turli mavzuga bag‘ishlangan she’riy va nasriy asarlari orqali o‘zbek adabiy tilini rivojlantirdi. U buning uchun o‘zbek tili shevalari imkoniyatlaridan foydalandi, mavjud adabiy maktablarning an’analarini o‘zlashtirib va umumlashtirib, yagona o‘zanga soldi. “Navoiyning o‘zbek tilida yozish haqidagi tashviqot va targ‘ibotlari o‘z davrida u kutgan darajada muvaffaqiyat qozonmagan bo‘lsa ham, ammo o‘zbek adabiyotining bundan keyingi taraqqiyotida juda katta ijobiy rol o‘ynadi”[1]. Zahiriddin Muhammad Boburning she’riy va nasriy asarlari shundan dalolat beradi.

Bobur Navoiyning “oliy uslub”iga taqlid qilmagan, u oddiy turkona uslubda asarlar bitgan. Navoiy o‘z asarlarida zamonaning juda muhim ijtimoiy va falsafiy masalalarini ko‘targan. Navoiy va Bobur ijodi bir davrda turli usullar mavjud bo‘lishining yorqin namunasidir. “Boburnoma” juda sodda, ravon til bilan yozilgan. Bu fikrni Bobur she’riyati xususida ham aytish mumkin.

Bobur o‘ziga ustoz deb bilgan Navoiy ijodini chuqur ixlos bilan o‘rgangan, ko‘pgina g‘azallarini yod olgan. “Boburnoma”ning 1499-1500 yillarga bag‘ishlangan bobida ruhiyatida vujudga kelgan bezovtalik haqida bunday yozadi: “Gohi telbalardek yolg‘uz pushta va dashtqa borur edim. Gohi bog‘ot va mahallotni ko‘cha-bako‘cha axtarur edim. Ne yurumoqta ixtiyorim bor edi, ne o‘lturmoqta, ne bormoqta qarorim bor edi, ne turmoqta.

She’r:

Ne borurg‘a quvvatim bor, ne turarg‘a toqatim,
Bizni bu holatqa sen qilding giriftor, ey ko‘ngul”.

Ushbu misralar Navoiyning “Navodir ush-shabob” devonidagi (385-raqamli) g‘azalning uchinchi baytidir. Ruhiyatiga mos kelgan baytini eslagani Bobur bu g‘azalni to‘liq yod olganini bildiradi. Bobur Navoiy ijodini chuqur bilgani uning lirikasida ham aks etgan:

Oshiq o‘lg‘och ko‘rdum ul shamshod qaddin yuz balo,
“Olloh, Olloh, ishq aro mundoq balolar bor emish”.

Bobur g‘azalidagi ikkinchi misra tazmin san’ati asosida Navoiyning quyidagi baytidan olingan:

Oshiq o‘ldim bilmadim yor o‘zgalarga yor emish,
Olloh, Olloh, ishq aro mundoq balolar bor emish.

Ma’lumki, Navoiyning ko‘pgina g‘azallari aniq bir mavzuga bag‘ishlangan va ular kompozitsion jihatdan yaxlit. Shoirning ushbu g‘azali voqeabandlikka qurilgan. Bobur ijodida ham Navoiy she’rlari ta’sirida yozilgan bunday g‘azallar ko‘plab topiladi.

Navoiy g‘azallari mavzu va mazmun e’tibori, voqeabandlik darajasiga ko‘ra har xil. Bobur g‘azallari xususida ham shunday deyish mumkin.

Navoiy nimaga e’tibor qaratmoqchi bo‘lsa, asar davomida o‘quvchi diqqatini bot-bot o‘sha nuqtaga jalb qiladi, ana shu maqsadga yetkazadigan so‘zlardan qayta-qayta foydalanadi. Shunday holat Bobur g‘azallarida ham mavjud. Bunga quyidagi g‘azal misol:

Quyoshim har sorig‘a azm qilsa, zarraye qolmon,
Ne uchunkim, agar ayrilsam ondin, kun ko‘ra olmon.

Oningdek bo‘lmisham hayron quyosh yanglig‘ yuzungakim,
Quyoshdek nayzalar tegsa ko‘zumga ko‘z ola olmon.

Agarchi yor ishqi notavon ko‘nglumg‘a o‘t soldi,
Vale, men notavon ul yor ishqida ko‘ngul solmon.

Ibodat vaqti bo‘lsa, har necha mehrob o‘trumda,
Qoshin naqshin tasavvur qilmag‘uncha, yerga bosh cholmon.

Iroqu Forsa gar yetsa sening bu she’ring, ey Bobur,
Ani hifz etgusi Hofiz, musallam tutqusi Salmon.

G‘azalda shoir quyosh, yor ishqi kabi so‘zlarni qayta‑qayta ishlatadi. G‘azaldan quyidagicha ma’no anglashiladi:

Quyoshim (ya’ni yorim) qay tomon yurar bo‘lsa, men undan zarra ham ortda qolmayman, nega desangiz, agar undan ayrilar bo‘lsam, kun ko‘rolmayman.

Quyosh yuzingga shunchalar hayron bo‘lganmanki, quyosh nurlari go‘yo nayza bo‘lib ko‘zimga sanchilsa ham undan ko‘z uzolmayman.

Yor ishqi notavon ko‘nglimga garchi o‘t soldi, ammo men notavon yor ishqida ko‘nglimni xotirjam qila olmayman.

Ibodat vaqti bo‘lsa-yu, mehrob qarshisida tursam yor qoshining naqshini tasavvur qilmaguncha, sajda uchun bosh qo‘ya olmayman.

Ey Bobur, agar bu she’ring Iroq va Eronga yetib borsa, Hofiz uni yod olib, Salmon e’zozlaydi.

G‘azal misralari mazmunan bir-biri bilan mustahkam bog‘lanib, oldingisi nav­batdagisiga yo‘l ochgan. Shoirning boshqa g‘azalida ham shunday manzara mavjud:

Bu kecha kulbamg‘a keldi ul quyoshim yoshurun,
Qarnlarda kelmadi hargiz muningdek kechqurun.

Og‘zidek tor fursat vasli, vale, hajri tuni,
Ul muanbar sochi yanglig‘ ham qorong‘u, ham uzun.

To xayoli orazing tushti ko‘ngulga, ey quyosh,
Bo‘ldi ko‘nglum bir yonar o‘tu so‘ngaklarim – o‘tun.

Bo‘ldi ko‘nglumda girihi hasrat aning tor og‘zidin,
Bor magar jismim mening toru ko‘ngul anda tugun.

Olg‘ali jonimni hijrong‘a havola qildi yor,
Qo‘yma hijrong‘a, ajal, jonimni ol, tengri uchun!

Sarvdek qaddi firoqida fig‘onimdur baland,
Gul kibi ruxsori hajrida yoshimdur lolagun.

Ishq ila devonalig‘da bo‘lmisham sohib kamol,
Ishq ahli, emdi Boburni degaysiz zufunun.

Bu kecha quyoshim (ya’ni yorim) kulbamga yashirin keldi, shuncha zamonlar hech bunday kechqurun kelmas edi.

Vasl fursati og‘zidek tor, hajr tuni esa anbar bo‘yli sochi kabi ham qorong‘i, ham uzun.

Ey quyosh, orazing (yuzing) xayoli ko‘ngilga tushgach, ko‘nglim yonar o‘tu suyaklarim o‘tin bo‘ldi.

Tor og‘zidin hasrat tuguni ko‘nglimda bo‘ldi, jismim toru ko‘ngil undagi tugun.

Yor jonimni olgani hijronga topshirdi, ajal, hijronga qo‘yguncha, tang­ri yo‘lida jonimni ol.

Sarvdek qaddi firoqida ohu faryodim yuksakka o‘rlaydi, gul kabi ruxsori hajrida ko‘zyoshim lolarang.

Ishq devonaligida sohib kamol bo‘ldim, ishq ahli, endi Boburni zufunun deysizlar.

Boburning boshqa she’rlaridagi kabi ushbu g‘azalida ham arabcha-forscha so‘z va iboralar nisbatan kam.

G‘azaldagi qofiyadosh so‘zlar: yoshurun – kechqurun – uzun – o‘tun – tugun – uchun – lolagun – zufunun o‘sha davr she’riyati uchun ohorli qofiya sanaladi.

Boburning “Koshki” radifli g‘azali bor. Lutfiy ham, Navoiy ham xuddi shunday radifli g‘azal yozgan.

Navoiy g‘azalida:

Ochmayg‘ay erdi jamoling olam aro koshki,
Solmag‘ay erdi bari olamg‘a g‘avg‘o koshki,

deyilgan bo‘lsa, Bobur g‘azalida yangi fikr-mulohaza, o‘zgacha hissiyot – armon-pushaymonlik hissi ifodalanadi:

Ko‘rmagay erdim jamoli olam oro koshki,
Bo‘lmag‘ay erdim bari olamg‘a rasvo koshki.

Ixtiyor et o‘zga ish, Boburki, hosil bo‘lmag‘ay
Ishqu vaslu aysh ila ishratdin illo, koshki.

Navoiyda ham, Boburda ham yor yog‘lig‘i (ro‘moli) haqida g‘azal bor. Muallif aytilmasa-da, ular ketma-ket o‘qilsa, she’rshunos bo‘lmagan kishi ham g‘azallarning qaysi biri Navoiyga, qaysi biri Boburga tegishli ekanini aniq ajrata oladi. Bunga, avvalo, so‘z va iboralarning tanishligi; fikrning aniq va lo‘nda ifodalanishi; qo‘llangan badiiy-tasviriy vositalari imkon beradi. Albatta, bu ijodkorning mahoratidan dalolat beradi. Boburning yog‘liq haqidagi g‘azalida yorning ro‘moli oshiqqa “jon rishtasi”dan to‘qilganga o‘xshab ko‘rinishi ta’kidlanadi. Lirik qahramon ma’shuqaga “ro‘moling jonlarning rishtalaridan to‘qilgan”, deydi. Shoir: “Xasta jonlar rishtasidindur magar har tor anga?” deb savol berar ekan ro‘molga nisbatan havaslanib:

Evrulur boshingg‘ayu gohi yuzunga yuz qo‘yar,
Bu jihatdin ot emish “gulpechu” gah “gulzor” anga,
deydi.

Bu baytdan shoir yashagan zamonda ro‘molning “gulpech”, “gulzor” degan turlari bo‘lgani anglashiladi. Bizningcha, “gulpech” – durra, “gulzor” esa ro‘mol ma’nosida kelmoqda.

G‘azaldagi so‘nggi ikki bayt ko‘ngilga xitoban aytilgan. Ularning birida:

Ey ko‘ngul, yuz pora qilsa yor tig‘i, g‘am yema,
Lutf etib gar bog‘lar o‘lsa yog‘lig‘ini yor anga, –
deb ko‘ngilga tasalli beradi.

Maqta’da bu fikr yana ham kuchaytiriladi:

Ko‘nglum istar yog‘lig‘ingni, balki andin bir nasim
Etsa Boburg‘a erur jon birla minnatdor anga!

Bobur g‘azalda yog‘liqni baytma‑bayt tadqiq qiladi va uning to‘laqonli obrazini gavdalantiradi.

Bobur g‘azallari xususidagi fikrlarni uning ruboiylariga nisbatan ham aytish mumkin. Chunki Bobur ham o‘z ruboiylarida Navoiyning odob-axloq va insoniy komillik mavzularini davom ettirgan. Masalan, Boburning ijtimoiy-siyosiy ahvoli bilan bog‘liq, “Yod etmas emish kishini g‘urbatda kishi” deb boshlanadigan ruboiysi Navoiyning “G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish” misrasi bilan boshlanuvchi ruboiysiga ma’no va mazmunan ohangdosh. Yoki Bobur: “Raftoriyu qaddig‘a ravonim sadqa, Bir boqishig‘a ikki jahonim sadqa”, – deganda, Navoiyning shu monand misralari esga tushadi. “Ko‘zum ichra yor tutub, ko‘nglumda manzil qilg‘udek” misrasi esa “Qaro ko‘zum…”ning o‘zgacha talqinidir. Bulardan kelib chiqib Bobur ijodi Alisher Navoiy ijodiga o‘xshaydi, deb ayta olmaymiz. Lekin adabiy ta’sir masalalari doirasida Navoiy va Bobur ijodi o‘rganilsa adabiyotshunoslikda yangilik bo‘ladigan bir qator to‘xtamlarga kelish mumkin.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 2-son

__________________
Xosiyat Bekmirzayeva 1974 yilda tug‘ilgan. O‘sh davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. “Bobur she’riyatida poetik obraz”, “Ekologik tarbiya vositalari” nomli kitoblari nashrdan chiqqan.

[1] Hayitmetov A. Navoiyning adabiy tanqidiy qarashlari. – Toshkent, 1959. – B. 95.