Marhabo Qo‘chqorova. O‘rta Osiyo xalqlarining Balzagi

“SUDXO‘RNING O‘LIMI” VA “GOBSEK” QISSALARIDA TIPOLOGIK MUShTARAKLIKLAR

Marhabo Qo‘chqorova,

filologiya fanlari nomzodi
O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori
instituti katta ilmiy xodimi

Sadriddin Ayniy XX asr o‘zbek va tojik adabiyoti taraqqiyotida sezilarli iz qoldirgan katta so‘z san’atkorlaridan biri hisoblanadi. Ayniy, adabiyot olamiga dastlab, inqilobiy ruhdagi she’rlari bilan shoir sifatida kirib keldi, so‘ngra nosir, olim, publitsist sifatida faol qalam tebratib, o‘zbek, tojik, rus olimlarining nazariga tushdi. U ba’zi asarlarini o‘zbek tilida, ba’zi asarlarini esa tojik tilida yaratdi. Shuning uchun ham Sadriddin Ayniy “zullisonayn” ijodkor nomini oldi. Muallifning tojik tilida yaratilgan asarlari ham o‘zbek tiliga zudlik bilan tarjima etilib, o‘z vaqtida o‘zbek kitobxonlari auditoriyasiga ham taqdim etib borildi. Ayniyning yirik hamda o‘rta hajmli roman va qissalarida O‘rta Osiyo xalqlarining barcha millat vakillari o‘zbek,  turkman, qozoq, qirg‘iz va tojik uchraydi. Shu bois, haqli ravishda Sadriddin Ayniyni “O‘rta Osiyo xalqlarining Balzagi” deb ta’riflash  o‘rinli. Onore de Balzak butun boshli frantsuz jamiyatining turfa ijtimoy-tarixiy, hayotiy-maishiy, ma’naviy-axloqiy muammolarini 100 asardan iborat “Kishilik komediyasi”da aks ettirmoqni niyat etadi. Sadriddin Ayniy ijodida bunday katta da’vo bo‘lmasa-da, adib O‘rta Osiyo xalqlarining tarixiy-siyosiy, ijtimoiy-maishiy, ma’naviy-axloqiy kabi ko‘pdan ko‘p mavzulari va muammolarini qamrab olgan ajoyib badiiy polotnolar yaratdi.

Ayniyning yirik polotnodagi romanlari “Qullar”, “Doxunda”, o‘rta hajmdagi “Buxoro jallodlari”, “Odina”, “Eski maktab”, “Etim”, “Sudxo‘rning o‘limi”  qissalari, “Esdaliklar” memuar asari va ilmiy tadqiqotlari olimlar tomonidan ko‘p bora tahlilga tortilgan. Xususan, ayniyshunos olimlar sirasida o‘zbek olimlaridan N.Mallayev, N.Rahimov, G‘.Sobirov, M.Hasanov, M.Qo‘shjonov, N.Karimovlarning maqola, monografiya va tadqiqotlarini  sanash mumkin. Shuningdek, Sadriddin Ayniy asarlarini to‘plab, nashr etish ishlarida adibning farzandlari Kamol Ayniy va Xolida Ayniy katta jonbozlik ko‘rsatdi. Bundan tashqari, rus va tojik ayniyshunoslaridan I.Braginskiy, Z.Osmonova, Soyfer va boshqalar ayniyshunoslik sohasida monografiya, risola va maqolalar e’lon etishdi.

Ayniyning har bir romani, qissasi va memuar bitiklari haqida shu bugun ham bemalol jiddiy tadqiqotlar yaratish mumkin. Chunki, Ayniy badiiyati pishiq-puxta, shu bugun adibning badiiy tajribalari, badiiyat sirlarini yanada teranroq va batafsilroq o‘rganish, tadqiq etish zarur, nazarimizda.  Adib qissalari orasida “Sudxo‘rning o‘limi” asari alohida ajralib turadi.  Sababi, Ayniy “Sudxo‘rning o‘limi” qissasida betakror adabiy tip – Qori Ishkamba obrazini mahorat bilan yaratdi. Qori Ishkamba tipidagi mukammal obraz Ayniyning boshqa birorta asarida uchramaydi. Dunyo adabiyotida “Sudxo‘r”, “Ochko‘z”, “Xasis, ziqna”, “Mumsik”, “Molparast, pulparast”, “Ochofat” odamlar obrazi talaygina. Jumladan, Onore de Balzakning “Gobsek” qissasi qahramoni sudxo‘r Gobsek ota, Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romani qahramoni Solih Maxdum  adabiy tiplari bilan Ayniyning sudxo‘r “Qori Ishkamba”si qay bir nuqtalarda kesishadi. Chuqurroq mushohada qilib ko‘rsak, Gobsek ota, Solih Maxdum, Qori Ishkamba obrazlari o‘rtasida nozik badiiy mushtarakliklar kuzatiladi.

Adibning “Sudxo‘rning o‘limi” qissasi bilan buyuk frantsuz yozuvchisi Onore de Balzakning “Gobsek” qissalarini qiyosiy-tipologik talqin va tadqiq etish qiziqarli kuzatish va ilmiy xulosalarga asos beradi. Mazkur ikki qissa haqida adabiyotshunos M.Qo‘shjonov “Ayniy badiiyatining evolyutsiyasi” monografiyasida maxsus fasl ajratgan. Bu fasl “Hajviy tafakkur mahsuli” deb nomlanadi[1].  Xususan, M.Qo‘shjonov betakror adabiy tip Qori Ishkamba obrazi haqida shunday yozadi: “Qissa markazida XIX asrning oxirlari va XX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy hayot vujudga keltirgan, butun borliq xususiyatlari bilan masxaraomuzlikning namunasi bo‘la oladigan obraz turadi. Bu Qori Ishkamba obrazidir. Qori Ishkamba xalq orasida pul, mol-dunyo desa o‘zini tomdan tashlashga ham tayyor turadigan, yemasdan, ichmasdan, kiymasdan, faqat pul bandasiga aylangan, butun hayotining ma’nosini chaqama-chaqa yig‘iladigan pulga olib borib bog‘laydigan, faqat o‘ngida emas, balki tushida ham pul ko‘radigan, yaqin-yiroq qarindosh-urug‘lari bilan muomalada ham xayoli chaqa va tanga bilan band bo‘ladigan  yirik sotsial tipdir. Ustiga ustak, Qori Ishkamba tipi faqat o‘zbek, tojik hayoti muhitiga mos va o‘sha sotsial sharoit yaratgan tipdir. Butun mohiyati bilan tip sifatida bu obrazni, hech shubhasiz, N.Gogol, O.Balzak yaratgan adabiy tiplar qatoriga qo‘yish mumkin”[2].  Beixtiyor, Matyoqub Qo‘shjonov, Naim Karimov kabi ulkan olimlar tomonidan o‘rganilgan bu ikki qissa haqida yana nima deyish, yana qanday yangi gap aytish mumkin, degan o‘rinli ishtibohlar paydo bo‘ladi. Katta adabiyotshunoslarimiz yaratgan tadqiqotlar va ikki qissa mutoalasidan so‘ng, “Sadriddin Ayniy va Onore de Balzak”, “Sudxo‘rning o‘limi” va “Gobsek” qissalari o‘rtasidagi nozik tipologik o‘xshashliklar va farqlar yana o‘rganilish mumkin, degan xulosaga keldik. Chunki, har bir tadqiqotchi o‘z zamonasi kayfiyati, talablari, mafkurasi, shaxsiy badiiy didi bilan asarga yangicha nigoh bilan ko‘z tashlar ekan, yana yangi fikrlar, mushohadalar, ilmiy xulosalar paydo bo‘laveradi. Shu ma’noda, ikki qissa o‘rtasidagi qiyosiy-tipologik tahlillarimiz M.Qo‘shjonov, N.Karimov ishlariga kichik ulush bo‘lib qo‘shiladi, degan umiddamiz.

M.Qo‘shjonov domla o‘rganganidek, avvalo har ikki qissa o‘rtasidagi mushtarak tipologik o‘xshashlik qahramonlarning laqablari bilan bog‘liq. “Gobsek” – frantsuzcha “Ochofat” ma’nosini beradi.  Tahlil uchun “Gobsek” qissasining 1981 yilda “G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at” nashriyotida chop etilgan tarjima variantini asos qilib oldik[3]. Mazkur qissani Mirziyod Mirzoidov hamda Mahkam Mahmud o‘zbekchalashtirgan. Matn ostida tarjimonlarning izoh berishicha, “Gobsek” so‘zi yuqorida aytganimizdek, “Ochofat” ma’nosini beradi[4]. Gobsek ham, Qori Ishkamba ham ko‘ringan nimaiki bor, yamlamay yutib yubora oladigan dahshatli nafs ramzidir. Zero, M.Qo‘shjonov har ikki obraz xarakteridagi “ochko‘zlik, to‘ymaslik” kabi salbiy mushtarak badiiy chizgilarini shunday izohlaydi: “Ishkamba” so‘zi, Sadriddin Ayniyning o‘z izohiga qaraganda, “hayvonlarning qorni” ma’nosini bildiradi. Boshqacha aytganda, bu so‘z “yutish, yeyish, ichish, hazm qilish” ma’nolarini anglatadi. “Gobsek” so‘zi esa Balzak izohiga ko‘ra, “jivoglot” ya’ni “tiriklay yutadigan” degan ma’noni bildiradi. Xalq jonli tilida yutishni “yutang‘i”, “yutoqqan” deb ham ishlatishadi”[5].  Demak, kuzatib turganimizdek, ikki Sudxo‘r Qori Ishkamba va Gobsek obrazlariga xos bo‘lgan o‘xshash xususiyat “yutoqqan ochko‘z, to‘ymas” odamlar timsoli ekanida ko‘rinadi. Zero, mohir san’at ustasi Balzak Gobsekning xatti-harakatini  qissaning bir o‘rnida shunday tasvirlaydi: “Gobsek churq etmay lupani oldi va quti ichidagi buyumni ko‘zdan kechira boshladi.  Dunyoda yana yuz yil yashasam ham, bu manzarani zinhor-bazinhor unutmayman. Cholning rangpar yuziga qizillik yugurdi. Ko‘zi g‘ayritabiiy chaqnadi, ularda, go‘yo brilliantlarning jilosi aks etgandek bo‘ldi. U o‘rnidan turib deraza oldiga bordi va asil toshlarga xarislik bilan tikilar ekan, ularni tishsiz og‘ziga, shunday yaqin olib kelardiki, go‘yo ularni yutib yubormoqchidek tuyulardi.  U nimadir deb g‘o‘ldirar, qutichadan goh bilakuzuklar, goh shokilali ziraklar, goh tillaqoshlarni olar, ularning suvi nechog‘lik tozaligini va olmoslarning rangini aniqlash uchun aylantirib ko‘rar, biror qusuri yo‘qmikan,  deb tekshirar edi. U bu zebi-ziynatlarni qutichadan olar, qayta ularni joylar, yana olar, cho‘g‘dek yonsin deb yana aylantirar edi. Shu asnoda u cholga qaraganda ko‘proq  yosh bolaga o‘xshar, to‘g‘rirog‘i, ham bola, ham chol edi”[6].

Gobsek sovuqqon va ayyorona nigoh bilan undan qarz so‘rab kelganlarning qo‘lida nimaiki bo‘lsa, olib yig‘averadi. Xullas, mol-dunyo to‘plash har ikki qahramon Gobsekka ham, Qori Ishkambaga ham xos xususiyat. Har ikkalasi o‘zi ham yemaydi, birovga ham yedirmaydi.  basharasi sovuq haykalga o‘xshaydigan sudxo‘r Gobsek obrazini qissada juda mahorat bilan jonli chizadi. Har ikki qissada bir tomondan Gobsek, Qori Ishkamba obrazlari Balzak va Ayniyning o‘tkir satirik qalami bilan qattiq tanqid ostiga olinsa, ikkinchi tomondan frantsuz kiborlar jamiyati hamda O‘rta Osiyo xalqlarining chirigan feodal jamiyatga xos qallobliklar fosh qilinadi. Frantsuz jamiyatining soxta kiborlari:  xonimchalar, qimorbozlar, janoblar “Gobsek” qissasida shu qadar batafsil, aniq va jonli chiziladiki, bundan hayratlanmay ilojingiz yo‘q. Gobsekning o‘limidan so‘ng, xonalarni birma-bir ochib ko‘rgan hikoyachi qahramon aynib ketgan qiymalar, po‘panak bosib ketgan baliqlar uyumi, xullas, qimmatbaho buyumlar bilan to‘lib-toshgan betartib, turli hidlardan sasib ketgan xonani ko‘rib, hayratdan yoqa ushlaydi. Oltin jinnisiga aylanib qolgan “molparast, ochko‘z, sudxo‘r”  Gobsek umrining so‘nggi nafasida gallyutsinatsiyaga uchrab, “Nazarimda butun xonada oltin dumalab yurgandek bo‘ldi, men ularni tutib olish uchun o‘rnimdan turdim”- deydi.

Agar hajm jihatidan ikki qissani solishtiradigan bo‘lsak, Balzakning “Gobseg”i bor-yo‘g‘i 58 sahifani tashkil etadi. Ayniyning “Sudxo‘rning o‘limi” qissasi esa “Gobsek”ka ikki baravar keladi, ya’ni  123 sahifadan iborat.  Qissada “Ishkamba” so‘zi shunday izohlanadi:

“Qori Ishkamba?!

Haqiqatan, qiziq bir nom, hayvonlarning oshqozonini “ishkamba” deydilar. Qanday munosabat bilan odamga “Ishkamba” nomi berganlar?

Bu taajjubimni u do‘stimga aytib, undan izoh so‘radim. Do‘stim tushuntirib berdi:

U odamning nomi Qora Ismat. Ammo ba’zilar “Qori Ismati Ishkam”, ba’zilar “Qori Ismati Ishkamba” va ba’zilar qisqartirib “Qori Ishkamba” deydilar. Buning sababini bilmayman. Lekin ajab emaski, u odamning qorni juda katta bo‘lganligidan shu laqabni uning nomiga qo‘shgan bo‘lsalaru bora-bora, laqab nom o‘rniga o‘tib qolgan bo‘lsa”[7]. Onore de Balzak ham, Sadriddin Ayniy ham qissada sudxo‘rlarning, ya’ni Gobsek va Qori Ishkambaning bolalik yillarini qissa matniga qisqa illyustratsiya qiladi. Balzakda bu nihoyatda ixcham berilgan.  Qissada hikoyachi-qahramon tilidan Gobsekning o‘tmishi, kelib chiqish shajarasi shunday izohlanadi: “U 1740 yilda Antervenpenda tug‘ilgan ekan: onasi – yahudiy, otasi – golland, to‘la ismu sharifi Jan Ester-Gobsek ekan. Albatta, siz butun Parijda duv-duv gap bo‘lgan “Go‘zal Gollandka” deb atalgan ayolning halokati to‘g‘risida eshitgansiz. Kunlardan bir kuni sobiq qo‘shnim bilan suhbatlashib o‘tirganimizda nogohan bu hodisani esga oldim. Shunda u pinagini buzmay:

Ha, u nabira jiyanim, – dedi.

Yagona merosxo‘ri, singlisining nabirasi o‘limi uni og‘iz ochishga majbur qildi. Sudda ish ko‘rilayotganda men Go‘zal Gollandkani  Sarra de Gobsek deb atashganini bildim. Gobsekdan bu g‘alati voqeani, ya’ni singlisining nabirasi uning familiyasida yurgani sababini tushuntirib berishini so‘raganimda  u iljayib:

Bizning avlodda hech bir ayol erga tegmaydi, – deb javob bergan edi. Bu g‘aroyib odam butun urug‘-aymog‘ini tashkil etuvchi  to‘rt avlod xotin-qizlaridan birontasini ham ko‘rishni istamadi. Merosxo‘rlarni ko‘rishga ko‘zi yo‘q edi uning, mol-dunyosiga ular hatto o‘lganidan keyin ham ega chiqishini xayoliga keltirmasdi”[8].  Hikoyachi qahramon tomonidan Gobsekning onasi uni bolaligidanoq pul topish uchun majburlagani, muhtojlik, ochlik, sargardonlik yillarining qahramon hayoti va ruhiyatida qoldirgan chuqur izlari qisqa bayon etiladi. E’tibor bersak, Gobsekning millati frantsuz emas, u ikki millat, yahudiy va gollanddan tug‘ilgan farzand. Ayniy qalami ostidan chiqqan sudxo‘r Qori Ishkambaning ham bolaligi Gobsekniki  singari oson kechmagan. U ham yetimlik, sarson-sargardonlik, ko‘chabezori bolalar ichida ulg‘ayadi. Bolaligidan boshlab, do‘stlarining haqqiga xiyonat qiladi. Umuman olganda, Ayniyda Balzak qisqa tasvirlarda bergan ba’zi hayotiy, maishiy lavhalar “Sudxo‘rninig o‘limi”da kengroq planda tasvirlangan, adib voqealar va vaziyatlar, qahramon xarakteriga yanada kuchli tragik pafos yuklaydi. Natijada, Balzakning Gobsegidan ham ko‘ra hajviyroq, tragikroq, kulgiroq Qori Ishkamba adabiy tipi yaratiladi. Kuzatishimizcha, sudxo‘r Gobsek xarakterida sovuqqonlik, ayyorlik, nazokat bo‘rtib ko‘rinadi, uning tabiatida frantsuz burjua jamiyatiga xos quvlik, nayrangbozlik bor. Ayniyning sudxo‘r Qori Ishkambasida esa ayyorlik, ochko‘zlik sifatlari yonida “mumsiklik va isqirtlik” nihoyatda bo‘rtib ko‘rinadi. Yevropa sudxo‘ri bilan O‘rta Osiyo sudxo‘ri xarakteri, ularning o‘zlarini tutishlarida talay farq va o‘xshashliklar kuzatiladi. Gobsek doimo eski, uniqqan shlyapasini kiyib yuradi. Uning hayoti qat’iy rejim asosida kechadi. Qori Ishkamba yag‘iri chiqib ketgan katta sallasi bilan Gobsekdan ham ko‘ra xarakterli tip darajasiga chiqadi. Chunki, Qori Ishkamba sallasini marhumlarning yirtishlaridan yulib olib, sallasini kattalashtiradi. Bu salla shu qadar kattaki, ustiga-ustak kir-chir. Umuman olganda, Qori Ishkamba portretida Ayniyning hajviy-satirik xarakter yaratish tajribasi bo‘y ko‘rsatgan. M.Qo‘shjonov ta’kidlab ko‘rsatganidek, Ayniy hajviy-satirik obraz va satirik asar yaratish tajribalarini Abdulla Qodiriy, Hamza, Abdulla Qahhorlardan o‘rganib, “Sudxo‘rning o‘limi”da originallikka erishadi.

Gobsek bilan Qori Ishkambaning kundalik ovqatlanishida ham o‘xshashliklar va farqlar kuzatiladi. Jumladan, Gobsekning xizmatkori bor. Uning hayoti intizomli kechadi. Gobsekning kundalik hayotida Qori Ishkamba kabi  qarzdorlari va o‘zi kabi frantsiyaning eng katta sudxo‘rlari bilan uchrashib bir dasturxonda o‘tirishida ham qator o‘xshashliklar kuzatiladi. Qori Ishkamba Gobsekdan farqli ravishda holukaning itidek kuni bo‘yi ko‘chalarda tentiraydi. Qori Ishkamba xarakterida haddan ziyod mumsiklik, isqirtlik, pastkashlik mubolag‘ador, satirik tasvir bo‘rtib ko‘rinadi. Jumladan,  o‘zining mabalag‘ini qo‘ygan bankka borib, qandni to‘latib, choy ichadi, hujrada yashovchi talabalarning oshiga sherik bo‘ladi, tovoqdoshi oshdan bir chuqum olsa, u panshaxadek qo‘li bilan to‘rt marta osham oladi, kambag‘al qandfurushning qandini surbetlarcha yeydi, sartaroshning oldiga kirib, boshimning o‘rtasida sochim yo‘q, kalman, deb, kam haq beradi, xotinlarining (uning ikki xotini ham qarz hisobiga undirilgan boylarning qizi, ikkalasi ham tekinga kelgan) chirog‘idan olovni tutashtirib oladi. Qori Ishkambaning ikki xotini otalari ruhini shod etib, Qur’on o‘qitmoqchi bo‘lsa, ularning bu marosimidan ham foyda olishga urinadi, foydani oladi ham. Bunday hayotiy lavhalar kitobxonni kuldiradi. Qori Ishkambaga nisbatan istehzo, kinoyaviy tanqidiy munosabat kuchayadi. Kitobxon uning xurmacha qiliqlaridan jirkanadi va qattiq nafratlanadi.

Har ikki qissaning badiiy kompozitsiyasida qator mushtarakliklar ko‘zga tashlanadi. Har ikki asarda voqealar hikoyachi-qahramon tilidan bayon etiladi; Gobsek va Qori Ishkambaning kasbi bir – sudxo‘rligida mushtarakliklar kuzatiladi. Har ikkisi ochko‘z, har ikkisi baxtsiz va muhtojlarni ajdarho kabi yutib yuborishga tayyor. Gobsek ham, Qori Ishkamba ham to‘plagan mol-dunyosini hech kimga ishonmaydi. Har ikkovi tinmay veksellar sotib oladi. Qissalarda sudxo‘r bilan muhtojlar, foizga qarz oluvchilar o‘rtasida turfa intrigali voqealar keskin dramatizm bilan hikoya etiladi. Har ikki qissada Sudxo‘r va qarzdor munosabatida mavjud tarixiy-ijtimoiy davr va milliy kolorit yorqin ifodalanganini sezish mumkin. Jumladan, Balzakni o‘qiganingizda frantsuz jamiyati, Ayniyni o‘qiganingizda O‘rta Osiyo muhiti, uning milliy aurasi va koloriti (frantsuzcha, O‘rta Osiyocha) chuqur his etiladi.  Bu ikki qissa o‘rtasidagi qator o‘xshashliklar kishini hayratlantiradi. Demak, tahlillarimiz buyuk, iste’dodli ijodkorlarning dunyoni va voqelikni badiiy taftish etishdagi mushtarak didlari, ijodiy fantaziyasi, badiiy tafakkur darajasi bir xilda harakatga kelgan degan xulosaga olib keladi.

Shu bilan birga, qissa qahramonlarining fojeaviy o‘limi ham o‘xshash, ham farqlidir. Gobsek sovuq kaminga tikilganicha vafot etadi: “U to‘shagida sal qo‘zg‘oldi: uning yuzi oq yostiqda bronza rangida ko‘zga tashlanadi. U chillakdek qo‘llarini cho‘zib, qoqsuyak barmoqlari bilan adyalni changalladi. O‘zicha uni ushlab jon saqlab qolmoqchi bo‘ldi. Keyin hissiz nigohi singari sovuq kaminga qaradi-yu, es-hushidan ayrilmay jon berdi”[9]. Sovuq kamin va sovuq nigoh, sovuqqon xarakter, nazarimizda, badiiy mantiqiy izchillikda davom etib, assotsiativ obrazlilikni hosil qiladi. Inson ruhiyatidagi sovuq nigoh va sovuqqonlik sovuq kaminga moslab ramziylashtiriladi.

Nazarimizda, Qori Ishkambaning o‘limi Gobsek o‘limidan ham fojeviyroqdek ko‘rinadi. Jumladan, “- Oh!.. Bolshevik!.. – deb bir yoni bilan o‘sha gapiruvchiga quloq solib turgan vaziyatda yerga yiqildi.

Bu xabarni Qori-Ishkambaga yetkazgan kishi bir qadam orqaga bosib, namoz o‘qishga kirishdi, boshqa odamlar bu hodisaga e’tibor bermadilar va namozlarini buzmadilar.

Ammo namoz o‘qilib bo‘lgandan keyin, Qori-Ishkamba tevaragida to‘plangan odamlar ko‘rdilarki, sahnga uning og‘zidan qon va yiring oqib, yuzi va chakkasining toshga urilgan joyi bir oz ko‘kargan, bosh barmog‘ining uchi qulog‘ining yumshoq yeriga yopishgancha qo‘li qotib qolgan.

U o‘lgan edi!”[10].

Namoz vaqtida ibodat qiluvchi mo‘minning fikri-yodi faqat Olloh yodi bilan bo‘lishi kerak. Qori-Ishkamba namoz vaqtida ham o‘zining bevafo boyliklarini, to‘plagan mol-dunyosining kelajagidan qayg‘urib, yuragi yorilib o‘ladi. Zero, har ikki qahramon Gobsek ham, Qori Ishkamba ham boyligini hech kimga ishonmaydi. Qori Ishkamba juda xunuk o‘lim topadi. Og‘zidan qon va yiring oqib, toshga yonboshi bilan yiqilib, o‘lim topadi. Bu beixtiyor qarg‘ish tekkan mol-dunyoning alamli qasosi ramziga aylanadi. Umuman olganda, har ikki muallif Onore de Balzak va Sadriddin Ayniy sudxo‘rlikning barcha diniy kitoblarda aytilganidek, eng katta gunoh ish ekanligini ta’kidlab, o‘z zamondoshlariga, qolaversa, kelgusi avlodga ham ibrat bo‘luvchi satirik betakror adabiy tiplarni (Gobsek va Qori-Ishkamba) yaratdi.

Sadriddin Ayniyning islomiy e’tiqodi umrining oxirigacha nihoyatda kuchli va o‘zgarmas bo‘lib qoldi. Ehtimolki, islomiy e’tiqodi butun bo‘lgan Ayniydek adabiy shaxsiyat din ahkomlarini, sudxo‘rlikning juda katta gunoh va illat ekanini chuqur anglagani uchun ham “Sudxo‘rning o‘limi”dek mumtoz qissa yarata oldi. Shuning uchun ham buyuk frantsuz adabiyotining yirik vakili Onore de Balzak bilan tenglasha oldi. Sadriddin Ayniy asarlarini kuzatadigan bo‘lsak, adib asarlarida muhtojlik, qashshoqlik vajidan qul, yetim, sargardon, bevatan o‘lim topgan obrazlar va voqealar tadriji har ikki “Qullar”, “Doxunda” romanlari, “Etim”, “Odina”, “Sudxo‘rning o‘limi” kabi qissalarida badiiy tadrij etganini anglaymiz. Demak, Ayniy “sudxo‘rlar” mavzusini o‘zgadan qarz olmagan. Ayniyning shaxsan o‘zi yashab, ko‘rib, bosib o‘tgan hayot yo‘li mana shunday muammoli va mavzuli asarlar yaratilishiga tagzamin bo‘ldi.

Binobarin, Ayniyning memuar asari “Esdaliklar”da (birinchi va ikkinchi bo‘limida) “Sudxo‘rning o‘limi” qissasiga asos bo‘lgan voqealarning Buxoro madrasalari va uning nimqorong‘i, sovuq, zax hujralari va talabalari hayotidan olib yozilganiga izoh berilgan. Masalan, Ayniy kitobning “Buxoro shahri va madrasa haqida birinchi esdaliklarim” faslida shunday yozadi: “Hujra egasi ham qishning eng shiddatli sovuq kunlarida izg‘irin shamollar esib, ustma-ust qor yog‘ayotgan choqlarda hujrani bo‘shatib berishni talab qildi. (Buxoro madrasalari hujralarini egallab olganlarning turish joysiz qashshoq talabalariga qanday muomala qilganlarini men qisman “Sudxo‘rning o‘limi” nomli asarimda tasvirlaganman)”[11]. Yoki “Buxoro madrasalarida talabalarning joylanishi va mudarrislar bilan munosabatlari” faslida esa “Sudxo‘rning o‘limi” qissasining real zamini haqida muallif izohi bor: “Hujra sotib olishga yoki “istiqomat garov” qilib olishga kuchi yetmagan talaba, hujra egasini muayyan vaqtlarda ziyofat qilish sharti bilan, biror hujraga joylashardi (yozuvchining “Sudxo‘rning o‘limi” nomli asariga murojaat qilinsin)”[12].

Kuzatib turganimizdek, Sadriddin Ayniyning “Sudxo‘rning o‘limi” qissasi avvalo, O‘rta Osiyo xalqlarining jonli hayotidan, Buxoro tarixidan (XIX asr oxiri va XX asr boshlari) olingan. Unda tasvirlangan voqealar va obrazlarning aniq hayotiy asoslari bor.

“Esdaliklar” tilga olingan ikki kishining fojiaviy qismati va xarakteridagi ziqnalik, mol-dunyoga o‘chlik “Qora Ishkamba” obrazi uchun hayotiy asos bo‘ladi. Jumladan, Ayniy “Esdaliklar”da shunday bir hayotiy faktni keltiradi: “Madrasada turadigan katta yoshdagilar oilasiz bo‘lib, ular o‘z hujralarida turardilar, ularning maishatlari hujra vaqti bilan, agar mansabdor bo‘lsalar mansablarining daromadi bilan ta’minlanardi. Ammo ularning ba’zilari o‘z daromadlarini butun xarajat qilmasdan va ziqnalik bilan tiriklik qilib, pul to‘plardilar. Men birinchi yil o‘sha madrasada turganimda mullalardan biri o‘ldi. Uning hujrasidan o‘nming tanga (1500 so‘m) naqd pul ko‘pgina qimmatbaho buyumlar chiqdi. Holbuki uni tirikchilikda qorni to‘yib ovqat yemagan deyardilar”[13].

Ayniy Buxoroda akasi yashagan paytlarida ziqna, so‘qqabosh, axloqsiz mullalarini ko‘radi. Yuqorida ana shunday mullardan birining fojiaviy qismati haqida yozadi. Nazarimizda, bu ko‘rilgan-kuzatilgan xarakterlar, hayotiy voqealar Ayniyning “Qori Ishkamba”dek tipik obraz yaratish uchun hayotiy zamin, prototip bo‘ldi. “Esdaliklar”ning “Mulla Bozor va Mulla Turobning o‘ldirilish sabablari” faslida zikr etilgan Qori Zohid ham Qori Ishkamba obrazi uchun hayotiy prototip bo‘lgan degan xulosaga keldik. Zero, ushbu faslda Qori Zohidning fojiaviy qismati va axloqsiz qiliqlari va hujrajallobligi, ziqnaligi haqida “Esdaliklar”da shunday yozilgan: “1891 yilning boshlarida Ko‘kaltosh madrasasida qori Zohid degan kishi noma’lum kishilar tomonidan o‘ldirilgan edi.

Odamlarning aytishiga ko‘ra qori Zohid Ko‘kaltosh madrasasida ko‘p hujraning egasi bo‘lib, uning ustiga sudxo‘rlik qilar ekan. U Buxoro shahrida uylik-joylik bo‘lsa ham, uylanmagan va madrasada bo‘ydoq umr o‘tkazishni behroq bilar ekan.

Shuningdek, odamlar uni sudxo‘rlikda va hujrajalloblikda juda rahmsiz deb bilardilar. Aytishlariga ko‘ra u ko‘pgina o‘ziga tinch hujralik talabalarni frib, nayrang bilan qarzdor qilib, oxirda hujlarini qo‘llaridan olib, o‘zlarini darbadar qilib qo‘ygan ekan.

Odamlar qori Zohidning shaxsiy turmushi va xulq-atvori to‘g‘risida ham jirkanch voqialar naql qilardilar va “uning hujrasida axloqsizlik hodisalari yuz bermaydigan biron kecha yo‘q” der edilar.

…Qori Zohid o‘ldirilgandan keyin, vorisi bo‘lmaganidan, uzoqroq qarindoshlari bo‘lsa ham vorisligini qozikalon oldida “isbot qila olmaganidan” uning molu mulki podsholik bo‘lib, qozikalon tomonidan zabt qilinib olindi.

Uning o‘ligini ko‘mish uchun qozikalon faqat 20 tanga (uch so‘m) berdi va qolgan xarajatini madrasa aholisi o‘zaro pul to‘plab ko‘mdi”[14].

Demak, “Esdaliklar”dan olingan ikki parchadan ma’lum bo‘lmoqdaki, Ayniy Qori Ishkambadek original obrazni yaratishda Buxoroda ko‘rgan mullalar, sudxo‘rlar, hujrajalloblarning fojiaviy qismati va xarakteriga asoslanadi. Demak, Qori Ishkamba obrazi uchun qori Zohid, so‘qqabosh bir mulla, shuningdek, ziqna tog‘asi Qurbonniyozning ham xarakteridagi ba’zi chiziqlar yoki fojiaviy qismatlari hayotiy undirgi bo‘ldi. Abdulla Qahhor “Sinchalak” qissasi qahramoni rais Qalandarov obrazini yaratish uchun uch kolxoz raisini hayotiy prototip sifatida o‘rganib, bir adabiy tipga jamlaydi. Xuddi shuningdek, Sadriddin Ayniy ham Qori Ishkamba obrazi uchun bir nechta mullalar, sudxo‘rlar, hujrajalloblarni o‘rganib, ularning xarakterli xususiyatlarini jamlab, bir adabiy tip yaratadi.

“Sudxo‘rning o‘limi” qissasidagi juda ko‘p sahnalarda kambag‘allarning boylar, sudxo‘rlar, noiblar tomonidan aldanishi, kalavaning uchi ko‘rinmaydigan boshi berk ko‘chalarga kirib qolgani juda mahorat bilan yoritiladi. M.Qo‘shjonov domlaning nazaridan chetda qolgan bir ajoyib sahna bor. Bu Qori-Ishkambaning Noibning uyiga kelishi, ikki pakana, qorni katta, yebto‘ymaslarning  qarzdor kambag‘allarni chuv tushirishida ko‘rinadi.

Har ikki qissada qarzdorlar Gobsek va Qori Ishkambani eng so‘nggi najot yo‘li deb bilishadi. Aslida esa yanada chuqurroq, yanada dahshatliroq, yanada og‘irroq vaziyatga tushib qolishayotganini sezishmaydi. Gobsek odamlar tomonidan “juhud, qaroqchi, so‘dxo‘r, vahshiy” deb la’natlanadi. Xuddi shuningdek, “Qora Ishkamba ham”  xuddi shunday la’natlarga uchraydi. Balzakning hikoyachi qahramoni ham Gobsekdan qarz ko‘tarib,  ishxonasini saqlab qoladi. Sevgilisi Fanni bilan baxtli hayot kechiradi. Baxtli tasodif va halol mehnat ularni Gobsekdek ajdarho og‘zidan tiriklayin yorug‘ hayotga olib chiqadi. Nazarimizda, qissalar yechimidagi nekbin kayfiyat ham o‘quvchiga ko‘tarinki ruh bag‘ishlaydi. Jumladan, Balzakda hikoyachi qahramon bilan Fannining baxtli hayot kechirishi va juda katta boylik egasiga aylangan Gobsekning jiyani haqidagi badiiy yechim kitobxonga qandaydir nekbinlik ulashadi. Ayniyda esa bevafo boylik vajidan yuragi yorilib o‘lgan qahramonning fojiaviy o‘limi yangi davr, yangi tuzum epkini kelayotganidan nishona berish bilan, eskilik chirib, yangilik kirib kelayotganiga badiiy ramziy ishora beradi. Albatta, Bolshevizm mafkurasi O‘rta Osiyo xalqlari hayoti va qismatiga yangilik, isloh olib kelishi kabi yechim bugungi kitobxon ongida ziddiyat paydo qilishi mumkin. Lekin, u qanday mafkura bo‘lishidan qat’iy nazar xalq hayotiga yangilik, o‘zgarish olib kelishi kabi ko‘tarinki kayfiyat bilan qissaning yakunlanishida chuqur ma’no ko‘ramiz.

Sadriddin Ayniyning bu qadar betakror adabiy tip Qori Ishkamba obrazini yaratishdagi yana bir katta omil, uning bolaligidagi birinchi ustozi To‘taposhshaning ta’siridir. Yozuvchi “Esdaliklar”da yozishicha, To‘taposhsha Soktare qishlog‘ida qarovsiz qolgan, sakson yashar, bukri, ammo so‘zga, ertak-matalga chechan kampir bo‘lgan. Bu kampir haqida “Esdaliklar”ning “Soktare qishlog‘idagi hovlimiz” faslida batafsil ma’lumotlar uchraydi. Unda ertakchi, maqol-matalchi To‘taposhsha kampir shunday tasvirlanadi: “Bu kampirning yoshi saksondan oshgan bo‘lib, uni butun qishloq xalqi “To‘taposhsha” deb atardi. Uni ko‘rmagan odam taqilgan bu unvonni eshitganda “ustma-ust shoyi, atlas ko‘ylaklar kiyib, birnecha qavat yumshoq ko‘rpachalar ustida chordana qurib o‘tirib, birnecha oqsoch (xizmatchi xotin)ga ish buyuradigan bo‘lsa kerak” deb tasavvur qilish mumkin edi.

Lekin haqiqatda u kampirning egnida mingbir yamoq bir ko‘ylak, lozimi bo‘lib, ro‘zg‘or buyumi bir juni to‘kilgan eski po‘stakcha, bir kuya yeb teshilib titilayozgan kiygiz, bir yirtilgan ko‘rpa, ko‘rpacha va bir necha paxtasi chiqib osilib turgan yostiqlardan iborat edi.

Bu o‘rtabo‘yli kampir shu daraja bukilgan ediki agar o‘tirmoqchi bo‘lsa, ko‘kragi borib tizzasiga yopishayozardi. Shuning uchun u ko‘p vaqtda yuzini osmonga qaratib yotardi va yotgan vaqtida boshi ostiga birnecha qavat-yostiq qo‘ygani kabi sonlari ostiga ham o‘sha balandlikka mos yostiq qo‘yardi va shunday qilib u bukilgan bo‘yining muvozanatini saqlab, beli zo‘riqmaydigan tarzda yotardi”[15].

Shu kambag‘al, ko‘rimsiz, savodsiz, bukri kampir Soktare qishlog‘idagi bolalarga ko‘pdan-ko‘p ertaklar, afsonalar, maqol-matallar aytib berardi. Shu qishloq bolalari ichida Ayniy ham bor edi. Ayniy o‘sha juldur kiyimli To‘taposhshani “Mening birinchi ustozim” deb atagan. Masalan, adib “Esdaliklar”da “Dono malay va firibgar boy” ertagini hikoya qilib, tugatib shunday yozadi: “To‘taposhsha bu hikoyani g‘oyat ravshan obrazlar bilan sodda xalq tilida mohirona tasvirlagan edi. Men va boshqa eshituvchilar kichik yoshda bo‘lsak ham, buni eshitib hayajonlagan edik. Essizki, men u kampirning ta’bir va tavsiflarini esimdan chiqarganman. Bu hikoyani eshitganimdan oltmish yildan ortiq vaqt o‘tganda uni o‘z tilim bilan yozishga majbur bo‘ldim, lekin imkon boricha sodda yozishga harakat qildim. Men hikoyachilikda o‘sha savodsiz 80 yashar kampirni o‘zimning birinchi ustozim deb bilaman va uni har vaqt hurmat bilan eslayman.

To‘taposhsha ertak va afsonalarni naql qilishda juda hunarmand edi va biror munosabat bilan ertak, afsona, yo xalq maqolini aytib berar edi”[16].

Demak, bolaligida To‘taposhsha aytib bergan afsona va ertaklar yozuvchining xotirasida badiiy-mifik arxitip sifatida yillar davomida yashadi. Kun kelib, Ayniy yozuvchi bo‘lib shakllanganida, uning xotirasiga chuqur o‘rnashib qolgan badiiy-mifik arxitiplar ishga tushdi. Badiiy ijod jarayonida yozuvchi xotirasiga o‘yma naqsh kabi o‘yilib chizilgan mifik arxitiplar amaliy faoliyatga kirishdi. Shuning natijasi sifatida, adibning ikki roman, beshga yaqin qissalari dunyoga keldi.

Yanada masalaga chuqurroq qaraydigan bo‘lsak, “Esdaliklar”ga kiritilgan muallifning To‘taposhsha og‘zidan eshitgan “Dono malay va firibgar boy” ertagi syujeti Ayniy prozasining real zamini bo‘lganini sezish mumkin. Shu ertak arxitekturasi, Sadriddin Ayniyning deyarli barcha asarlariga sinch bo‘lgan, ustun bo‘lgan.

“Dono malay va firibgar boy” ertaginiing syujetiga nihoyatda qisqa ekskurs sifatida nazar tashlaymiz. Firibgar boy qishloqdagi juda ko‘p kambag‘al bechoralarni tekinga ishlatib, mehnat haqini bermaydi. Xizmatkor boydan haqqini talab qilsa, turli xil firiblar bilan xizmatkorning o‘zini “qarzdor”ga chiqaradi. Natijada, hech kim unga xizmatkorlikka yollanmaydi. Oxiri chorasiz qolgan boy yetim bir bolani topib, unga ham Imom oldida qizimni senga beraman, agar va’damning ustidan chiqmasam “xotintaloq” bo‘lay deb ont ichadi. Malay yigit firibgar boyning butun umr xizmatini qiladi. Yillar o‘tib, Boyning firibini anglab yetgan malay uni ham chuv tushirib, xizmat haqqiga qo‘shib, (yarim qop bug‘doy) qizini o‘g‘irlab ketadi. Biz maqolada “Dono malay va firibgar boy” ertagining qisqa syujetini bayon etdik. Zero, bizga shunisi yetarli.  Mazkur ertakning asosiy mag‘zi Ayniy asarlariga tom ma’noda ko‘chdi. Demak, kuzatib turganimizdek, Ayniy asarlarida asosiy syujet sifatida shakllangan “Boy va Yetim bola” motivi (“Qullar”, “Doxunda”,  “Odina”, “Etim” asarlarida) bejizga adib asarlarining asosiy, markaziy leytmotiviga aylanmagan. Vaholanki, Ayniyning o‘zi ham yetimlikda katta bo‘lgan. “Esdaliklar”da yozilishicha, Ayniy o‘n ikki yasharligida ham otasidan, ham onasidan yetim qoladi. Butun oilaning tashvishi, tirikchilik, ro‘zg‘or ishlari, ukalariga otalik va onalik qilish mas’uliyati Ayniyning yelkasiga tushadi. Uning ota-onasi vabo kasalidan vafot etadi. Ayniy nasrida yetakchi motivga aylangan mavzularni quyidagicha tasniflab ko‘rsatish mumkin.

  1. Boy va Yetim bola (“Qullar”, “Doxunda”, “Odina”, “Etim” asarlarida);
  2. Xo‘jayin va xizmatkor ( “xizmatkor” – “qul”, “qarol”, “malay” deb ham atalishi mumkin) (“Qullar”, “Doxunda”, “Odina”, “Etim”, “Sudxo‘rning o‘limi”;
  3. Sudxo‘r va kambag‘al (“Qullar”, “Doxunda”, “Sudxo‘rning o‘limi”).

Kuzatib turganimizdek, Sadriddin Ayniy asarlarida ezuvchi va eziluvchi sinf vakillari obrazi bir-biriga qarama-qarshi qo‘yiladi. Fikri ojizimizcha, Ayniy badiiy tafakkurida qoim motiv sifatida shakllangan bu syujet xalq ijodidan (To‘taposhsha ertaklari va afsonalari), yozuvchining shaxsiy tarjimai holidan, ham tarixiy-ijtimoiy davr va muhitdan (Buxoro tarixi va buxoroliklar hayotidan) olib yoziladi. Muallif o‘zi bilibmi yoki bilmaymi, shu bir syujet atrofida qayta-qayta aylanadi. Ayniy ijodida “Boy va Yetim bola”,  “Xo‘jayin va xizmatkor”,  “Sudxo‘r va kambag‘al” mavzulari yozuvchining badiiy ongida qotib qolgan mifik arxitip bilan tutashadi. Demak, Ayniyning mazkur mavzuga qayta-qayta murojaat etishining asosiy omillari sifatidagi faktorlar sifatida xalq ijodi, shaxsiy hayot, O‘rta Osiyo xalqlarining ijtimoiy tarixiy hayoti, zamonaviy adabiy tajribalar (o‘zbek, sharq adabiyoti va rus adabiyotining ta’siri nazarda tutilmoqda – Izoh bizniki. – M.Q.)*, muallifning individual ijodiy tafakkurini alohida ajratib ko‘rsatish mumkin.

Xulosa shuki, Sadriddin Ayniy va Onore de Balzakning betakror iste’dodi bilan yaratilgan “Sudxo‘rning o‘limi” va “Gobsek” qissalari mudom insoniyatni sudxo‘rlik balosidan qochishga, halol hayot kechirishga undab turadi. Yaxshilab o‘ylab qarasak, shu kecha-kunduzda ham jamiyatimizda, dunyoda hamon Qori Ishkambalar, Gobseklar yashab yurishibdi. Ulardan ajdarhodan qo‘rqqandek qo‘rqish kerak. Yaxshisi, odamzod ko‘rpasiga qarab oyoq uzatib yashasa, shunisi tinchroq, xotirjamroq. Qori Ishkambalar va Gobseklar har qancha mol-dunyo to‘plamasin, ularning hayoti yorug‘likda kechmaydi. Bunday sudxo‘rlarning u dunyosi ham, bu dunyosi ham kuyib bo‘lgan manfur kimsalardir. Har ikki qissaning zamon bilan hamnafasligi ham aynan shunda ko‘rinsa kerak.

___________________

[1] Qo‘shjonov M. Ayniy badiiyatining evolyutsiyasi. – Toshkent: Fan, 1988. – B. 77-95.

[2] Qo‘shjonov M. Ayniy badiiyatining evolyutsiyasi. – Toshkent: Fan, 1988. – B.78-79.

[3] Izoh: M.Qo‘shjonov domla “Gobsek” asarining ruscha variantini asos qilib olgan. (Izoh bizniki. – M.Q.)

[4] Onore de Balzak. Gobsek. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at, 1981. – B. 10.

[5] Qo‘shjonov M. Ayniy badiiyatining evolyutsiyasi. – Toshkent: Fan, 1988. – B. 83.

[6] Onore de Balzak. Gobsek. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at, 1981. – B. 34.

[7] Sadriddin Ayniy. Sudxo‘rning o‘limi. Asarlar. Sakkiz tomlik. To‘rtinchi tom. Qissalar. – Toshkent: “Toshkent” badiiy adabiyot, 1965. – B. 177.

[8] Onore de Balzak. Gobsek. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at, 1981. – B. 10-11.

[9] Onore de Balzak. Gobsek. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at, 1981. – B. 56.

[10] Sadriddin Ayniy. Sudxo‘rning o‘limi. Asarlar. Sakkiz tomlik. To‘rtinchi tom. Qissalar. – Toshkent: “Toshkent” badiiy adabiyot, 1965. – B.300.

[11] Ayniy S. Esdaliklar. – Toshkent: O‘zSSR Davlat nashriyoti, 1953. – B. 119.

[12] Ayniy S. Esdaliklar. – Toshkent: O‘zSSR Davlat nashriyoti, 1953. – B. 162.

[13] Ayniy S. Esdaliklar. – Toshkent: O‘zSSR Davlat nashriyoti, 1953. – B. 183.

[14] Ayniy S. Esdaliklar. – Toshkent: O‘zSSR Davlat nashriyoti, 1953. – B. 262-263.

[15] Ayniy S. Esdaliklar. – Toshkent: O‘zSSR Davlat nashriyoti, 1953. – B. 31-32.

[16] Ayniy S. Esdaliklar. – Toshkent: O‘zSSR Davlat nashriyoti, 1953. – B. 41.

* Izoh bizniki –  M.Q: Ayniy rus tilini bilmagan. Shunga qaramasdan, adabiyotshunoslar sho‘ro davrida Sadriddin Ayniyni  Maksim Gorkiyning shogirdi sifatida baholashgan. Ayniy ijodida Gorkiyga bag‘ishlangan maqola bor. Ayniy Maksim Gorkiyni “ustozim” deb atagan bo‘lsada, adib bu muallif asarlarini rus tilida o‘qib o‘rganmagan. Gorkiy asarlari bilan tarjimalar orqali masalan, tojikcha, o‘zbekcha tarjimalar orqali tanishgan.