Madrasalar qadimdan oliy o‘quv yurti maqomida bo‘lgan. Ularning paydo bo‘lishi o‘qitishda yangi usullarning vujudga kelishi bilan uzviy bog‘liqdir. VIII-IX asrlarda talabalar, asosan, masjidlarda o‘qitilar, ularda musulmon dini aqidalari, islomiy ilmlar (naqliy ilmlar) bilan bir qatorda, aniq fanlar (aqliy ilmlar) o‘qitilar edi. Talabalarga o‘qitish jarayonida aytib turilgan, ular yozganlar. Bu «imlo» usuli deb yuritilgan. X asrdan boshlab o‘quv muassasalarida «imlo» usulidan voz kechildi. Shveytsariyalik arabshunos olim Adam Mets bu haqda quyidagilarni yozadi: «O‘qitishda yangi usullarning vujudga kelishi, o‘z navbatida, yangi turdagi o‘quv muassasalarining paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Avval aytib turib yozdirish, ya’ni, «diktovka» («imlo») usuli o‘qitishda eng yuqori daraja hisoblangan bo‘lsa, X asrdan boshlab «tadris» («sharh», «izoh», «munozara») usuli yetakchi mavqeni egalladi. «Tadris» usuli o‘sha davrda qabul qilingan ilmiy munozara bilan uzviy bog‘liq edi, masjidlar esa munozara uchun muvofiq emas edi. Natijada, bu davrga kelib madrasa vujudga keldi». (Adam Mets. Musulmanskiy renessans. Moskva. Izdatelstvo «Nauka». 1978. str.154).
«Usuli tadris» ko‘proq madrasalarda qo‘llangan. Natijada, yangicha o‘qitish usullari: munozara, tafsir, sharh usullari (Evropada germenevtika tahlili – U.D.) talablariga javob beradigan madrasa vujudga keldi va masjiddan ajralib chiqdi, maktablar esa masjidlar tasarrufida qoldi. Endi madrasalar uchun maxsus binolar qurila boshlandi. Musulmon shaharlaridagi eng yirik madrasalar shohlar, xonlar, amirlar, beklar, yirik mulkdorlar, shariat-din peshvolari tomonidan qurdirilgan, sharq me’morchilik san’atining eng go‘zal an’analari madrasalarda o‘z ifodasini topgan. Samarqandagi Ulug‘bek, Sherdor, Tillakori; Buxorodagi Mir Arab, Abdullaxon; Toshkentdagi Ko‘kaldosh; Xivadagi Ollohqulixon, Islomxo‘ja madrasalari va minoralari musulmon sharqi me’morchilik san’atining eng noyob namunalaridir.
Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi Movarounnahr va Xurosonning eng e’tiborli madrasalaridan biri hisoblangan. Ikki qavatli bu madrasaning 55 ta hujrasi bo‘lgan. Har bir hujra 2 talaba uchun mo‘ljallanib, uch xonadan: yotoqxona, darsxona, qaznoq (oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar uchun)dan iborat bo‘lgan. Ulug‘bek madrasasida 100 talaba ta’lim olgan. Talabalarga Samarqandning deyarli hamma ulug‘ olimlari: Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, Shamsiddin Muhammad Havofiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Alovuddin Ali Qushchi aniq fanlar (ilmi aqliya) dan dars berganlar va Ulug‘bek rasadxonasida ham ilmiy-tadqiqot ishlari olib borganlar. Ulug‘bek madrasasi bilan rasadxona faoliyati o‘rtasida yaqin aloqa bo‘lgan. Mantiq, fiqh, adabiyotshunoslik, tilshunoslik, tafsir, hadis ilmlaridan Fazlulloh Abulaysiy Abulqosim Samarqandiy, Abdurahmon Jomiy dars berganlar.
Madrasalarda qoidaga muvofiq haftaning to‘rt kuni: shanba, yakshanba, dushanba, seshanba o‘qish kunlari; ikki kun: chorshanba, payshanba mustaqil mutolaa kunlari; juma dam olish kuni hisoblangan. Madrasalarda o‘qish bir yilda olti oy davom etgan, umumiy qoidaga muvofiq o‘quv yili mezon oyining birinchi kuni (22 sentyabr) boshlanib, hamal oyining birinchi kuni (22 mart) tugagan; hamal, savr, javzo saraton, asad, sunbula oylari talabalar tirikchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lganlar. O‘qitiladigan ilmlar tasnifi, o‘qitish saviyasi, mudarrislar mavqeiga ko‘ra madrasalar ikki bosqichga bo‘lingan: birinchisi umumiy ta’lim beruvchi o‘quv maskani – u madrasa deb yuritilgan. Ushbu guruh madrasalarda ilmi naqliya – diniy ilmlar ancha chuqur o‘rgatilgan, shu bilan birga, ilmi aqliya – tabiiy fanlardan umumiy ma’lumot berilgan. Bunday madrasalar kichikroq shaharlarda, tumanlarda, ba’zan katta mahallalarda ham bo‘lgan.
Ikkinchisi madrasayi oliya deb yuritilgan va ta’lim-tarbiyaning eng oliy bosqichi hisoblangan. Unda yuksak ilmiy martabaga erishgan allomalar faoliyat ko‘rsatgan, bunday madrasalar, asosan, poytaxtlarda, ilm-fan, madaniyat rivojlangan shaharlarda bo‘lgan.
Madrasalarning har ikki guruhida arab tilining sarfi (morfologiyasi), nahvi (sintaksisi) ancha chuqur va uzoq vaqt o‘qitilgan. Chunki madrasalarda boshqa fanlar bo‘yicha o‘qitiladigan asarlar va ularning sharhlari deyarli hammasi arab tilida bitilgan va arab tilini mukammal bilish talab etilgan. Madrasalarning ko‘proq qanday fanlarga mo‘ljallanganligidan qat’iy nazar, ulumi naqliya va u bilan bog‘liq bo‘lgan ilmlar ta’lim dasturining asosini tashkil etgan. Ba’zi madrasalarda, ularning ixtisosiga ko‘ra, ulumi aqliya, ulumi ma’muriya, ulumi harbiya ilmlari o‘qitilgan. Chunki ularda, asosan, davlat ma’muriyatida xizmat qiluvchi, elchilik ishlari bilan shug‘ullanuvchi davlat arboblari yoki lashkarboshilar tayyorlangan. Shunga ko‘ra bunday madrasalarda Kaykovusning «Qobusnoma», Nizomulmulkning «Siyar ul-muluk» («Siyosatnoma»), Shayx Muslihiddin Sa’diyning «Guliston» va «Bo‘ston» asarlari ancha chuqur o‘rgatilgan.
Madrasalarning ham iqtisodiy, ham ma’naviy maqomini belgilovchi asosiy hujjati uning vaqfnomasi hisoblangan.
XV asrgacha faoliyat ko‘rsatgan madrasalar vaqfnomalarining bizgacha yetib kelmaganligi yoki topilmaganligi tufayli ularda o‘qitilgan fanlar, o‘quv jarayoni, dasturi, kitoblar, o‘qitish usullari to‘laroq ma’lumot berish imkoniyatiga ega emasmiz. Ammo Alisher Navoiy «Vaqfiya» asarida o‘zi qurdirgan «Ixlosiya», «Shifoiya», «Xisraviya» madrasalariga ajratilgan vaqfi haqida, ularda faoliyat ko‘rsatgan mudarrislarga, tolibi ilmlarga yillik, oylik maoshi, hatto bo‘g‘doy va arpa hisobida oshlik (oziq-ovqat) belgilanganligi haqida keng ma’lumot beradi: «Arbobi vazoif – ikki olimi muttaqi mudarris bo‘lg‘ay: har birining yillik vazifasi ming ikki yuz oltun naqda, yigirma to‘rt yuk[1] oshlig‘kim, sulsi[2] arpa, sulsoni[3] bug‘doy bo‘lg‘ay. Har hilqai darsda[4] o‘n bir tolibi ilmkim, borisi yigirma ikki bo‘lg‘ay, a’lo – har biriga oyliq naqd yigirma to‘rt oltun, yilda bug‘doy besh yuk; vasat – sekiz: oyliq har biriga naqda o‘n olti oltun bug‘doy yilliq to‘rt yuk; adno – sekiz: oyliq har biriga naqda o‘n ikki oltun, oshliq yilliq uchun yuk. Olti xushxon hofizdan musaddirg‘a[5] yilliq naqdi besh yuz oltun munosafa[6] oshliq o‘n besh yuk; soyirdan har biriga yilliq naqda yuz sakson oltun, bug‘doy to‘rt yuk. Shayxqa yilliq naqda ming oltun, munosafa oshlig‘ o‘n yuk. Voizg‘a yilliq naqda besh yuz oltun, bug‘doy o‘n yuk. Ilmog‘i masjidi jomi’da xatib bo‘lub, maktab dag‘i tutg‘ay, yilliq naqda ikki yuz oltun, bug‘doy o‘n yuk. Muqrig‘a[7] yilliq naqda yuz oltun, bug‘doy besh yuk. Xonaqoh tabboxning[8] yillig‘i naqda ikki yuz sakson oltun, bug‘doy besh yuk. Tabaqchig‘a[9] yilliq naqda yuz oltun, bug‘doy besh yuk. Bir farrosh va ikki xodimdan har birig‘a ikki yuz oltundan olti yuz oltun, bug‘doy besh yukdan o‘n besh yuk».
Madrasalar vaqfnomalarida faqat iqtisodiy jihatlargina emas, balki madrasalardagi tartib-intizom, o‘qitiladigan ilmlar haqida, talabalarning uch – adno, avsat, a’lo guruhlariga bo‘lib o‘qitilishi, demak, ularning o‘ziga xos o‘quv dasturlari bo‘lganligi haqida ma’lumot beradi. XV asr Samarqand va Hirot madrasalarida o‘qish muddati sakkiz yil bo‘lgan. Agar talaba shu muddat ichida dastur talablarini bajara olmasa, belgilangan vazifa to‘xtatilgan va talabalar ko‘rsatilgan imtiyozlardan mahrum etilgan. Alisher Navoiyning «Vaqfiya» asaridan yana shu narsa ma’lum bo‘ladiki, madrasadagi tartib-intizom, talabalarning darsga qatnashishi qattiq nazorat qilingan, dars qoldirganlarga vazifa berish to‘xtatilgan va hatto uch qatla sababsiz dars qoldirsa, madrasadan chiqarilgan, uning o‘rniga munosib talaba qabul qilingan.
Davlat miqyosidagi madrasayi oliyalar vaqf mulkidan tashqari davlat xazinasidan ham ta’minlanar edi.
Umuman, madrasalar a’lam, qozikalonning umumiy rahbarligida faoliyat ko‘rsatgan ammo madrasayi oliya – davlat miqyosidagi madrasalarga mudarris tayinlash, ularning bilim saviyasini tekshirish, talabalarni vaqti-vaqti bilan imtihon qilishda podshohlar, xonu amirlar bevosita boshchilik qilganlar. Alisher Navoiyning kichik zamondoshi, tarixchi olim, shoir Zayniddin Vosifiy o‘zining «Badoye’ ul-vaqoye’» asarida Ulug‘bekning Samarqandda bino qilgan madrasayi oliyaga mudarris tayinlashi bilan bog‘liq bir voqeani shunday tasvirlaydi: «823-yil (1420 yil milodiy) kuz faslining farahbaxsh kuni, madrasa qurilishi itmomig‘a yetgan, hammayoq saranjom-sarishta, olimlar, tolibi ilmlar, qoziyul-quzzot, saroy ahli yangi madrasa hovlisiga jam bo‘lgan. Hammani bu firdavsmonand madrasaning birinchi mudarrisi (hozirgi atamada rektor – U.D) kim bo‘lishi qiziqtirar edi. Mirzo Ulug‘bek to‘planganlarga murojaat qilib: «Hamma ilmlarda yetuklikka erishgan kishi ushbu madrasaning birinchi mudarrisi bo‘lsin», deydi. Shu payt, odamlar e’tiboridan tashqarida, g‘isht qoldiqlari uyumi ustida o‘tirgan, bir holatda kiyingan odam o‘rnidan turib: «Bu martabaga men loyiqdurman», deydi. Mirzo Ulug‘bek uni bir oz sinab ko‘rdi va ilmiy yetukligiga ishonch hosil qilgach, imtihon darsi o‘tishni buyurdi.
U hammomda poklanib, toza kiyimlar kiyib, belgilangan kuni xuddi shu Ulug‘bek madrasasida to‘qson olim va talaba huzurida imtihon darsini o‘tdi. Batlimus (Klavdiy Ptolemey)ning «Al-Majastiy» («Almagest» 1-2 asrlargacha bo‘lgan astronomiya fani yutuqlarining geotsentrik tizimdagi bayoniga bag‘ishlangan) asari bo‘yicha nihoyatda yuksak ilmiy saviyada o‘qilgan bu imtihon darsini faqat Qozizoda Rumiy va Mirzo Ulug‘bek tushundi, xolos. Bu o‘z davrining yetuk olimi va mudarrisi Shamsiddin Muhammad Havofiy edi».
Bu an’ana XX asr boshlarigacha davom etdi. Xorazmning ulug‘ ma’rifatparvar xoni Muhammad Rahimxon – Feruz vaqti-vaqti bilan madrasa talabalarni imtihon qilar, mudarrislarning bilimini tekshirib turar ekan. Davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan madrasalar mudarrislarini o‘zi tayinlagan, darslarni qanday saviyada o‘tishlarini aniqlash maqsadida, hozirgi atama bilan aytgnda, mudarrislarni «ochiq darslar» o‘tkazishga da’vat etgan. Bu haqda xonning zamondoshi, tarixchi olim, hattot Xodim qo‘yidagilarni bayon qiladi: «Arabxon madrasasining oxuni (mudarrisi – U.D) Yusuf Hoji Doiy adabiyot ilmi bo‘yicha Sa’diyning «Guliston» va «Bo‘ston» asarlari, Firdavsiyning «Shohnoma» asari bo‘yicha saboq berganida, Feruz mazkur asarlar yuzasidan savollar berib, bizni imtihon qildilar. Ana shunday paytlarda birortamiz g‘azal o‘qishda xatolikka yo‘l qo‘ysak yoki birorta so‘zni noto‘g‘ri talaffuz etsak, Feruz bizni to‘xtatib, xatolarimizni to‘g‘rilar, u yoki bu so‘zning ma’nosini aytib berar, hech xafa qilmasdan kamchiligimizni yo‘qotishga yordam berardi… Xon hazratlarining mudarrislar darslarini tez-tez kuzatib turish odati bor edi». (Muhammad Yusuf Bayoniy. Shajarai Xorazmshohiy Toshkent. Kamalak nashiryoti. 1991 yil. 254-bet).
Demak, madrasalar faoliyati hammavaqt davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan va podshohlar, amirlar, xonlar e’tiborida turgan.
Madrasayi oliyada dars berish, o‘qitish usullari alohida e’tiborga loyiqdir. Ulug‘bek dars berish jarayonida, ayniqsa, munozara-bahs usuliga tez-tez murojaat qilgan. Darhaqiqat, munozara usuli, birinchidan, talaba nutqini o‘stirsa, ikkinchichdan, masala mohiyatini chuqur idrok qilishga olib keladi. Ulug‘bek faqat talabalarga dars berish bilan cheklanmay, madrasa mudarrislariga, rasadxonada ishlovchi olimlarga ham dars o‘qir, munozaralar o‘tkazar, shu bilan ularning malakasini oshirar edi. O‘ziga xos akademiya vazifasini o‘tagan Ulug‘bek rasadxonasi mudarrislar malakasini oshiradigan ilm maskani ham sanalgan. Madrasayi oliyaning deyarli hamma mudarrislari rasadxonada ilmiy izlanishlar, asarlar yaratish Bilan mashg‘ul bo‘lganlar. «Samarqand akademiyasi» haqida bundan 250 yil muqaddam mashhur frantsuz yozuvchisi, faylasufi Fransua Volter ancha e’tiborga loyiq fifkrlar bayon qilgan.
Shu o‘rinda yana bir muhim masalaga oydinlik kiritish maqsadga muvofiqdir. O‘tmishda madrasalar bilan yonma-yon masjid va xonaqohlar qurilgan. Sho‘rolar mafkurasiga ko‘ra ko‘pincha ilmiy asarlarda xonaqohlarfaqat darvesh va qalandarlar, shayx va zohidlar zikr tushadigan maskan sifatida baholab kelingan. Aslida, xonaqohlar ham madrasalar vazifasini bajaradigan bo‘lib, talabar uchun bir necha hujralari, darsxonalari, kutbxona, ilmiy munozara o‘tkazish uchun maxsus katta xona, mudarris va voiz uchun marmar yoki yog‘ochdan ishlangan minbari bo‘lgan, talabalarga muntazam dars berilgan. Tarixchi olim G‘iyosiddin Xondamir o‘zining «Xulosat ul-axbor» asarida Alisher Navoiy bino qilgan «Ixlosiya» madrasasida hamda «Xalosiya» xonaqohida dars bergan davrning 20 dan ortiq atoqli mudarrislarini sanab o‘tadi. Uning mudarrislar Mavlono Burhoniddin Atoulloh hamda Amir Ibrohim Mashhadiy haqidagi so‘zlarga e’tibor bering: «Xulqining yaxshiligi, faxmu farosatining tezligi bilan zamondoshlaridan mumtozdir. Bir muncha vaqt hoqoni Said hazratlari Shohruhning madrasasida hamda sulton hazratlarining yaqin do‘st (Alisher Navoiy)ning «Xalosiyat» xonaqohida dars berish bilan mashg‘ul bo‘ldi… Amir Ibrohim Mashhadiy «Sultoniya» madrasasida hamda fazilatli «Xalosiya» xonaqohida dars berish bilan mashg‘ul, talabalarning ko‘plari ul janobga mulozim bo‘lib, ko‘p bahra olmoqdalar».
Xuddi hozirgi yetakchi universitetlarda bo‘lgani kabi, Ulug‘bek madrasayi oliyasida ham iqtidorli, qobiliyatli yoshlar madrasa xatimdan keyin mudarris sifatida olib qolingan. Mana shunday yoshlardan Alouddin Ali Qushchi, Abdurahmon Jomiy, Mansur al Koshiy va boshqalar ulug‘ allomai zamon Qozizoda Rumiy hamda Ulug‘beklar e’tiboriga tushgan va shu madrasada dars bergan edilar. Abdurahmon Jomiy 1452 yilga qadar Ulug‘bek madrasasida sarf va nahfdan dars bergan edilar. U keyinchalik mudarrislik tajribalarini umumlashtirib, «Sharhi mullo» asarini yaratdi, bu asar «Al-qofiya» asariga sharh bo‘lib, XX asr boshlarida ham mudrasalarda asosiy darsliklardan biri sifatida qo‘llanib kelgan. Madrasayi oliyani muvaffaqqiyatli xatm qilganlarga turli madrasalarda mudarrislik qilish mumkinligi haqida ijozatnoma (ba’zi manbalarda sanad) – diplom berilgan.
Talaba domlaning darsi bilan (eng yuqori ilmiy saviyada o‘tsa ham) cheklanishi mumkin emas. U kitob ustida mustaqil ishlash malakasiga ega bo‘lishi kerak. Talaba ilmdagi bir muammo yuzasidan olimlarning turlicha qarashlarini bilishi va ularga o‘zining shaxsiy munosabatini anglata olishi kerak. Shu maqsadda madrasayi oliyalar qoshida boy kutubxonalar, ularda noyob kitoblar bo‘lgan, davrning ko‘zga ko‘ringan dabirlari, sahhoflari, hattotlari faoliyat ko‘rsatganlar, ular yangi-yangi kitoblarni ko‘chirganlar, kutubxonani kerakli asarlar bilan boyitganlar. Bulardan tashqari, podshohlar, ulug‘ mutafakkirlarning shaxsiy kutubxonalari bo‘lgan, ulardan iqtidorli talabalar foydalanganlar.
Sharq mamlakatlari, ayni zamonda, Markaziy Osiyo madrasalarida asosiy o‘qitish usullaridan biri – sharhlab o‘qish usuli edi. Ma’lumki, madrasalarda aniq fanlardan: riyoziyot, falakiyot, handasa, jo‘g‘rofiya, tib ilmlari; ijtimoiy fanlardan: mantiq, fiqh, ilmi qofiya, ilmi bade’, ilmi maoniy kabilar o‘qitilgan. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, bu fanlar yo‘nalishida ulug‘ olimlar tomonidan yaratilgan ilmiy asarlar talabalar bilim saviyasidan ancha yuqori edi. Olimlar ko‘p hollarda ushbu asarlarini yozayotgan vaqtda madrasa talabalarining bilim saviyasini, yoshlik xususiyatlarini hisobga olmagan holda o‘zlarining bilimlarini asarga kiritganlar. Chunki bu asarlar darslik emas-da. Shuning uchun talabalar o‘qiyotgan asar materiallarini puxta o‘zlashtira olmaganlar, qiynalganlar. Buni yaxshi tushungan keng ma’lumotli mudarrislar – olimlar bunday asarlarni talabalarbop qilib qayta ishlab chiqqanlar – madrasada o‘qitiladigan har bir asar uchun sharh yozganlar. Mazkur sharhlovchi olimlar asarning boshidan oxirigacha sharh berishga, asar muallifining fikrlarini keng miqyosda ochishga harakat qilganlar. Bunday sharhlar madrasa talabalarining asarni tushunishlari uchun katta yordam bergan. Demak, talaba ilmiy asarni ham, unga yozilgan sharhni ham o‘qishga majbur bo‘lgan. Sharh asardagi har bir muammoni ochishga xizmat qilgan. Ayniqsa, mantiq ilmini, ilmi aruz, ilmi maoniy, ilmi bade’ kabi adabiyotga oid ilmlarning mohiyatini ochishda sharhlab o‘qitish usuli katta yordam bergan. Keyinchalik sharh faqat madrasalarda o‘qitiladigan asarlar uchun emas, balki barcha ilmiy asarlarga keng izoh berish, muallifning fikrlarini kengaytirish, soddalashtirish uchun xizmat qilgan.
Ma’lumki, Shayx Muslihiddin Sa’diyning «Guliston» asari necha-necha asarlar davomida madrasalarda o‘qitilgan. 1909 yilda Murodxo‘ja doma Solihxo‘ja o‘g‘li uni o‘zbek tiliga tarjima qilgan; shu bilan birga, talabalarga va mudarrislarga qulay bo‘lsin uchun ko‘pgina so‘fiyona fikrlarga, jo‘g‘rofiy nomlarga, tarixiy ismlarga keng sharh bergan. Shunday sharhlar talabalar uchun asar mazmuni, badiiyatini, ijodkorning falsafiy qarashlarini chuqur idrok qilish imkonini bergan. Shunin uchun ham kitobga sharh beruvchi mudarris turli manbalarni ko‘zdan kechiradi va sharh uchun materiallar to‘playdi.
Madrasalarda sharhlab o‘qitish tarixiy an’anaga ega. Bu an’ana, ayniqsa, madrasalarda keng qo‘llangan. Sharq mamlakatlarida, shu jumladan, Markaziy Osiyoda sharhlab o‘qitish X asrdan e’tiboran madrasalarga hamda qisman maktablarga tatbiq etila boshlandi. Sharqning eng ilg‘or Ulug‘bek madrasasida Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Ulug‘bek , Ali Qushchi matematika va astronomiya ilmi fanidan, Hoji Burhoniddin tibbiyot ilmidan, Fazlulloh Abulaysiy fiqh, ilmi bade’dan, Abulqosim Samarqandiy tilshunoslik, adabiyotshunoslik ilmlaridan, Abdurahmon Jomiy sarf va nahvdan dars berganlar. Mudarrislar talabalar ta’lim-tarbiyasiga nihoyatda katta mas’uliyat bilan qaraganlar. O‘z davrining olimlari tomonidan yaratilgan va darslik sifatida foydalaniladigan asarlar talabalar ruhiyatini, bilim saviyasini yaxshi bilgan mudarris – pedagoglar, bunday asarlarga sharh yaratganlar. Sharhlovchi mudarris darslik-asarning boshidan-oxirigacha tushuntirish matnini yozgan, asar muallifining ilmiy fikrlarini keng tahlil etgan, kerakli o‘rinlarda shu mavzudagi boshqa ilmiy asarlar bilan muqoyasa qilgan. Shunday sharh beruvchilarni shorih, – deb ataganlar. Shorihlar mudarris-pedagog bo‘lish bilan birga, o‘z davrining bilim doirasi ancha keng olimlari ham bo‘lganlar. Ko‘p hollarda shorihlar sharhlarni kitobning har beti hoshiyasiga yozganlar. Bunday sharhni sharhi muhashsho yoki hoshiyayi sharh deb ataganlar. XV asrda Alisher Navoiy rahnamoligida Hirot shahrida o‘nlab shorihlar yetishib chiqdilar. Hiyosiddin Xondamir o‘zining «Makorim ul-axloq» va «Xulosat ul-axbor» asarlarida Sayfiddin Ahmad Taftazoniy, Husayn Vioz Koshifiy, Fasihiddin Muhammad Nizomiy, Imomiddin Abdulaziz Abxariy, Hoja Abulqosim Abulaysiy (Fazlulloh Abulaysiyning o‘g‘li – U. D.) kabi mudarris-shorihlar va ularning sharhiy asarlari haqida keng ma’lumot beradi: «Oxund Fasihiddin Muhammd Nizomiyning hikmat, riyoziyot, ma’nilar bayoni, sarf hamda nahv ilmlari bo‘yicha yozgan asarlari ko‘p va ularning aksariyati talabalar orasida mashhurdir. Ul janob fiqh va hadis ilmlari bo‘yicha ham benihoyat mohir bo‘lgani uchun shu kunlarda «Viqoya»ga sharh yozish Bilan banddir, inshoolloh, tamomlash ziynatiga muyassar bo‘lg‘ay».
Buyuk mutafakkirlar asarlariga yozilgan sharhlar talabalar uchun nihoyatda katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Bu haqda qomusiy olim Ibn Sino o‘zi bilan kechgan qiziq bir voqeani hikoya qiladi. Ibn Sino odati bo‘yicha kitob do‘konlarini aylanib yurganida, – sahhof unga bir kitobni tavsiya qiladi va pulga nihoyatda muhtojligini ham aytadi. Ibn Sino bu kitobni do‘kondor aytgan narxga oladi va uyidagi kitob javoniga tashlab qo‘yadi. Kunlardan bir kun olim shu kitobni varaqlay boshlaydi. Tasodifni qarangki, u darajada xushiga yoqmay olgan ushbu kitob Arastuning «Metifizika» asariga Abu Nasr Farobiy tomonidan yozilgan «Mo ba’da at-tabia» («Tabiatdan tashqari narsalar») sharhi edi. Arastuning «Tabiatdan tashqari narsalar» kitobi maqsadlarini tushunmay, diqqat bo‘lib yurardim. Bir kun Abu Narsning bu borada sharhini topib oldim, bunday kitob topganimdan xursand bo‘lib, xudoga shukur qildim va ataylab ro‘za tutdim, faqirlarga xayr-sadqa ulashdim». Abu Nasr Farobiy hayoti davomida yunon mutafakkirlari Platon, Aristotel, Evklid, Ptolyamey asarlariga sharh yozgan.
Madrasa ta’limining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, arab va fors tillarini o‘qitish masalasiga alohida e’tibor berilgan. Maktablarda tushunmasdan quruq yodlsh asosiy o‘rinni egallagan bo‘lsa («katta bo‘lganda tushunib oladi», – degan aqida odat tusiga kirgan – U.D.), madrasalarda esa o‘qilgan asarni chuqur tahlil etish, idrok qilish, boshqa asarlarga nisbatlash, mantiqiy fikrlash birinchi o‘ringa ko‘tarilgan. Buning uchun, avvalo, arab va fors tillarini, mantiq ilmini mukammal bilish talab qilinar edi.
Madrasalarimiz tarixidagi bunday nurli sahifalar asrgacha davom etdi. Vatanimiz chor Rossiyasi tomonidan bosib olingach, boshlang‘ich va oliy ta’limdagi inqiroz chuqurlashdi. Maktab va madrasalarni asrlar davomida iqtisodiy jihatdan ta’minlab kelgan vaqf mulklari mustamlakachilar tasarrufiga o‘tdi. Maktab va madrasalarda faqat diniy ilmlargina o‘qitilib, aniq fanlardan ibtidoiy bilim olmoqchi bo‘lganlar uchun rus-tuzem maktablarida o‘qish joriy etildi. Natijada, milliy ta’lim yo‘qqa chiqarildi, bu hol uzoqni ko‘ra oladigan o‘zbek ziyolilarining noroziligiga sabab bo‘ldi. Ular chor Rossiyasidek makkor mustamlakachilar ta’qib va tazyiqlari ostida inqiroz botqog‘iga botgan ibtidoiy maktablar o‘rnida «usuli savtiya» metodiga asoslangan «usuli jadid» maktablari tashkil qilish, madrasalarni zamonaviy ilmlar zaminida qayt tiklash, zamonaviy oliy o‘quv yurtlari – universitetlar ochish uchun kurash olib bordilar. Bu zumraning tepasida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Saidahmad Vasliy kabi istiqlol fidoyilari turdilar.
Turkiston o‘lkasida madrasalar islohi mahalliy maktablarga nisbatan birmuncha kech boshlandi. Buning asosiy sabablaridan biri mustamlakachilarning madrasalar islohotiga keskin qarshilik ko‘rsatishi edi. N.Ilminskiy 1879 yil 29 sentyabrda N.Ostroumovga yo‘llagan xatida madrasalarni aslo isloh qilmaslik, ularning dasturiga dunyoviy, amaliy va ilmiy fanlarni kiritishga yo‘l qo‘ymaslikni maslahat beradi. Uning fikricha dunyoviy fanlar mahalliy yoshlar milliy ongining uyg‘onishida asosiy vosita bo‘ladi, bu esa, o‘z navbatida, Rossiyaning o‘lkadagi hukmronligiga qarshi kurashda ular uchun qurol bo‘ladi.
Aniq fanlarni anglash orqaligina o‘lkani qoloqlikdan, xalqni jaholatdan qutqarish mumkinligiga o‘zbek mutaffakkirlari ishonar edilar. 1880 yillardayoq Shayxavan Tahur dahasi qozisi Sharifxo‘ja Poshshoxo‘ja o‘g‘li madrasalarda fizika fanini o‘qitish masalasini general gubernatorgacha olib chiqqan edi. Sharifxo‘ja Poshshoxo‘ja o‘g‘li va Sebzor dahasi qozisi Muhiddinxo‘ja Hakimxo‘ja o‘g‘li Toshkentning ruslar yashaydigan qismiga yaqin bo‘lgan Eshonquli dodxoh madrasasida rus tilini o‘qitish masalasi bilan chiqdilar. Ammo N.Ilminskiy g‘oyalariga amal qilgan general gubernator ma’murlari ularning bu talablariga tish-tirnoqlari bilan qarshi bo‘ldilar.
Turkiston o‘lkasidagi madrasalar ahvoli Rizo Faxriddinning «Sho‘ro» jurnalida qizg‘in muhokama va munozara mavzusi bo‘ldi. Bu borada, Sadriddin Ayniyning «Buxoro shahrida tahsil», N.Yovushevning «Samarqand madrasalari», «Turkiston madrasalarida dars programi», A.Asmoniyning «Xiva mamlakatida madrasalar», S.Mustafoning «Buxoro madrasalari» kabi maqolalarni alohida ta’kidlash joiz. Mazkur maqolalarda Buxoro, Samarqand, Toshkent, Xiva, Qo‘qon madrasalari haqida fikr yuritilib, ularning tashqi ko‘rinishi me’moriy san’at namunasi sifatida yuksak baholanadi. Ammo madrasalarning ichki ahovli, ya’ni, ulardagi o‘quv dastur va darsliklari, o‘qitish usullari – umunam pedagogik texnalogiyasi tamoman yaroqsizligi, zamon talablariga butunlay javob bermasligi qattiq tnqid qilinadi, bor haqiqat aytiladi. Xususan, Buxoro madrasalaridagi 18-20 yillik o‘quv dasturi, talabalar umrining bekor o‘tishi, o‘qitilayotgan fanlarning davr ehtiyojlariga mos kelmasligi ko‘p afsus bilan tilga olinadi.
XX asrga kelib, madrasalar islohoti haqida «Turkiston viloyatining gazati» sahifalari orasida madrasalar faoliyati, uni isloh qilish masalalari bilan ko‘proq mudarris, islohotchi pedagog Saidahmad Vasliy shug‘ullandi. Uning madrasalar islohiga bag‘ishlangan maqolalari «Turkiston viloyatining gazati», «Sadoyi Turkiston», «Sadoyi Farg‘ona» gazetalarida, «Oyna», «Al-isloh» jurnallarida chop etilgan. Albatta, o‘lka madrasalarining tartib-intizomsizligi, o‘qitish usullarning taraqqiyotdan butunlay uzilib qolganligi, ayniqsa, madrasalar uchun umumiy dasturning yo‘qligi, ularning davlat e’tiboridan butunlay chetdaligi ilg‘or fikrli mudarrislarni tashvishga solar edi. 1915 yilda «Al-isloh» jurnalida madrasalar islohotiga bag‘ishlangan ancha katta munozara bo‘lib o‘tdi. Munozara Saidahmad Vasliy bilan boshlandi. Unda muallif madrasalarda o‘qitilishi zarur bo‘lgan ilmlar, madrasalarning o‘quv dasturlari, o‘qish muddati, mudarris va talabalarning ma’naviy qiyofasi, bilim darajasi kabi muhim masalalarga doir o‘nta savol bilan o‘lka mudarrislariga murojaat qiladi:
«1. Muddati tahsil necha sana bo‘lmak kerak?
2. Har sanada necha oy tahsil oyi bo‘lur?
3. Har haftada necha kun dars o‘qilur?
4. Bir sana o‘qutulmush kitobining necha darsg‘a taqsim topishi lozim?
5. Har tahsil kunlari necha dars o‘qulsa, nofe’ bo‘lur?
6. Har darsning miqdori necha sahifa bo‘lmoq vojib?
7. Shogirdlarning tushunmaklari lozimmi yoki darsxonag‘a kirib-chiqsa bo‘lurmi?
8. Mudarrislarg‘a jahd ila shogirdlarni ma’lumotlik qilmaklari vojibmi yoki kun o‘tkazib, shogirdlarni ishg‘a mardikor qilsalar joizmi?
9. Ijozat olib xatim karda bo‘lmak uchun, rasmiy darslarni bilmak uchun ulumi funung‘a olim bo‘lmak lozimmi yoki barvaqt jamoag‘a sherikul dars bo‘lib, kelib-ketib uch-to‘rt so‘m berib, Mulla Jalol bo‘lsa kifoyami?
10. Har kim o‘z boshicha umr kechurub, vaqflarni yeb, mudarrisman deb yura bo‘lurmi yoki ulug‘ ulamolar va hukumat taraflaridan nazorat va tahqiq farzmi? Vassalom, yana kerak nimarsalarni fuzaloyi kirom hazratlari yozub «Isloh» sahifalarini muzarrin qilsunlar, toki, bora-bora biror maslahat yuz berib, nofe’i umumiy hosil bo‘lsa edi, qoriin kirom «Isloh»g‘a salom o‘qub, qat’iy kalom ediram».
Saidahmad Vasliy o‘rtaga qo‘ygan masalalar bo‘yicha o‘sha davr gazeta va jurnallarida mudarrislar faol chiqishlar qilgan.
Xulosa qilib aytganda, madrasalar islohoti masalasi zamonaviy oliy ma’lumotli mutaxassislar tarbiyalab yetishtirish masalalari bilan bog‘lanib ketdi.
«Sharq yulduzi» jurnalining 2010 yil 1-sonidan olindi.
[1] Yuk – bir ulov ko‘taradigan og‘irlikdagi yuk.
[2] Suls – uchdan bir.
[3] Sulson – uchdan ikki.
[4] Halqai dars – sinfdagi talabalarning ustoz atrofida xalqa bo‘lib o‘tirishi.
[5] Musaddir – boshlovchi, boshchi.
[6] Munosafa – bir narsani ikkiga bo‘lish.
[7] Muqri – qiroat bilan o‘quvchi, qori.
[8] Tabbox – oshpaz.
[9] Taboqchi ovqat tashuvchi