Tursun Qurbon Turkash. Ilm bila fazl gulistoni

Muhammad Siddiq Zaliliy XVIII asr uyg‘ur adabiyotining eng yirik namoyandasi va ko‘p asrlik turkiy she’riyat an’analarini munosib davom ettirgan otashnafas shoirdir. Zaliliy adabiy merosini chuqur o‘rganish Mashrab (1640-1711), Huvaydo (1704-1780) hayoti va ijodiga doir ba’zi muammolarni aniqlashda ham katta ahamiyatga ega. Chunki bu uch shoir yashagan ijtimoiy-siyosiy muhit makon va zamon nuqtai nazaridan o‘zaro yaqindir.

I

Shoirning asl ismi Muhammad Siddiq bo‘lib, «xorlikning eng tuban darajasi» ma’nosidagi arabcha «Zalil» so‘zini o‘ziga adabiy taxallusi qilib tanlagan. Zaliliydan boy adabiy meros qolgan. 196 g‘azal, 18 muxammas, 27 ruboiy, 6 mustahzod, 2 qasida, 2 soqiynoma, «Safarnoma» dostoni, «Tazkirayi Chilton» va «Tazkirayi Xo‘ja Muhammad Sharif Buzrugvor» nomli nazmiy tazkiralarni o‘z ichiga olgan to‘liq devonining borligi ham buning dalilidir. Shoirning she’rlar devoni 1985 yili Pekindagi «Millatlar nashriyoti”da chop etilgan (maqolada keltirilgan she’rlar mazkur nashrdan olindi). Zaliliyning tug‘ilgan vaqti haqida uning o‘z asarlarida qisman ishoralar bor. Masalan, shoirning hijriy 1157 – (milodiy 1744) yili yozgan “Tazkirai Xo‘ja Muhammad Sharif Buzrukvor” dostonidagi:

Xasta Zaliliydir chu o‘lmadi hanuz,
Bo‘lmadi qirq yoshida musulmon hanuz,–

degan bayt mazmuniga ko‘ra Muhammad Siddiq Zaliliyni taxminan hijriy 1087-1091 yillar (milodiy 1676-1680 yillar) oralig‘ida tug‘ilgan deb hisoblash mumkin. Zaliliyning qayerda tug‘ilganini ham she’rlari asosida aniqlasa bo‘ladi:

Ketti Zaliliy telba imomon tavofig‘a,
Yorkand ichida naylasun obu zamini yo‘q.

(Telba Zaliliy ikki imomni, ya’ni Imom Hasan va Imom Husaynni tavof qilgani ketdi. Yorkentda tegishli yer-suvi bo‘lmasa, boshqa nima ham qilsin?)

Bilodi Yorkanddin yuz tuman ming orzu aylab,
Ajamning Makkasin haj qilay deb begumon keldim.

(Juda katta orzular bilan Yorkentdan Ajamning Makkasi deb atalgan Xo‘tanga tavob qilish niyatida kelganim begumon).

Bu misralar Zaliliyning Yorkentda tug‘ilganligini hamda bu shaharda 30 yildan ziyod turganligini ko‘rsatadi. Shu bois ham shoir «Safarnoma»da Yorkentni «chaman» (gulshan)ga, Aqsu — Ko‘charning yoqutiga muqoyasa qilib madh etadi.

Zaliliy Yorkentdagi xonlik madrasasida tahsil olgan. «Safarnoma»dagi mana bu misralar shundan dalolat beradi:

Chashmai chirog‘i hama mamlakat,
Ravnaqi bog‘i chamani ma’rifat…

Bir tarafi madrasai xonidur
Ilm bila fazl gulistonidur…

Shoir bu baytlarda o‘zi bilim olgan xonlik madrasa (madrasai xon)ni ilmu fazilat gulistoni, ma’rifat nuri bilan jahonni yorituvchi olimlar to‘plangan joy, ko‘ngilli mutolaa bo‘lib turadigan, hikmat bobida Aflotunga dars beruvchi olim — ulamolar yig‘ilgan maskan deya ta’riflaydi. O‘quvchi ko‘z o‘ngida o‘quv yurtining jonli lavhasini yaratadi. Bu hol Yorkent xonligi zamonida taraqqiy etgan fan va madaniyat Zaliliy 40 yoshdan oshgan davrlarda ham o‘sha darajada bo‘lganini tasdiqlaydi.

Shoir navqiron yoshida to‘satdan safar qilmoq orzusiga tushadi. Safarning boisi turlicha talqin qilingan bo‘lsa-da, u yo‘lga chiqish muddaosini quyidagicha bayon etadi:

Yaxshiroq uldurki, safar aylayin,
Dog‘ chekib yor jafosini deyin…

Telba Zaliliy sayr etar ko‘nglida matlubi safar,
Yursa jahonda darbadar manzilidir Xo‘tan hanuz…

U safarda ko‘p riyozat tortadi. Borgan yerlarida «Oshiq qalandar» sifatida mozorlarni tavof etadi. Bir yerda ikki yil, yana birida uch yil turadi. Zaliliy butun safar jarayonida ukasi Daliliy, do‘sti Mulla Yoazal bilan birga bo‘ladi. Shoir taxminan 50 yoshlarida Xo‘tanga borgan va onasini olib kelib, u yerda muqim yashagan. Xo‘tanning Lup, Qoraqosh, Keriya, Chira degan yerlarigacha ziyorat etadi. Quyidagi bayt mazmuniga ko‘ra Yorkent shahrida shoirning ko‘ngil qushini ovlagan bir mahbubasi bulganini yoxud tug‘ilgan yurtini sog‘inib bu otash misrani yozganini faraz qilish mumkin:

Meni ovora qilgan Yorkand shahrida mohimdir,
Qorong‘u aylagan olamni go‘yo dudi ohimdir.

Shoirning qachon va qayerda vafot etgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Hijriy 1155 — (milodiy 1744) yili yozgan «Tazkirai Xo‘ja Muhammad Sharif Buzrukvor» nomli asaridagi «Umri yetmishga yetib mard o‘lmadi» degan misra bilan 11-ruboiysidagi:

Etmishga yetibdurman, og‘zimda tishim yo‘q,
Haftad du millat eliga endi ishim yo‘q,

kabi baytlarining mazmuni asosida shoir 70 yoshdan oshib uzoq umr ko‘rgan deb ayta olamiz. Ba’zi ma’lumotlar shoirning Xo‘tanda vafot etganini ko‘rsatadi. Xo‘tanning «Oltinliqum» mahallasidagi «Oltun mozor»da «Muhammad Siddiq Yorkandiy qabri» nomli bir ulkan maqbara bo‘lib, yaqin kunlargacha kishilar uni Muhammad Siddiq Zaliliyning qabri deb tavof qilishgan. Yana Muhammad Siddiq ikki o‘g‘li va onasi bilan muayyan davrda yashagan «Oltinliqum» mahalla ahli shoirni Xizr sifatli odam kabi ko‘rib, o‘z farzandlariga «Muhammad Siddiq» deb ism qo‘yganlar.

Hozirda Xo‘tan va Yorkentda Zaliliyning bir necha avlodlari yashab kelmoqda.

II

Sharq adabiyotida devon tuzish shoir salohiyatini belgilaydigan asosiy mezon bo‘lib kelgan. Salmoqli lirik merosi va «Safarnoma», «Tazkirai Chilton», «Tazkirai Xo‘ja Muhammad Sharif Buzrukvor» kabi dostonlarini qamrab olgan 663 sahifali devon Zaliliyning uyg‘ur adabiyotida tutgan o‘rni beqiyos ekanini ko‘rsatadi.

Zaliliy she’rlarida ijtimoiy-siyosiy, oshiqona-orifona, tasavvufiy-falsafiy talqinlarni o‘z davrining ilg‘or estetik g‘oyalari mushtarakligida jo‘shqin turkona uslubda tarannum qildi. Vatanparvarlik, xalqparvarlik, vafodorlik va ma’rifiy barkamollik singari badiiy adabiyotning barhayot mavzularini axloqiy-didaktik mohiyat va tasavvufiy ramzlar uyg‘unligida nazmga soldi. Boshqa mumtoz adabiyot vakillari kabi turli janrlarda muvaffaqiyatli qalam tebratgan Zaliliy lirikaning yuqori cho‘qqisi bo‘lgan g‘azalnavislikda alohida mahorat ko‘rsatdi.

Lirikada namoyon bo‘ladigan estetik ideal tashqi ta’sirga ichki ruhiy munosabat mahsuli bo‘lib, amaliyotda bu emotsional-hissiy fikrlash samarasi — «qalb dialektikasi», «ruhiyat oynasi» bo‘lgan g‘azalning o‘z-o‘zidan ixchamlashishini talab qiladi. Zaliliy devonidagi 70 ta 5 baytli, 65 ta 7 baytli g‘azal teran mazmuni, betakror badiiyati bilan alohida ajralib turadi.

Zaliliy lirikada jahongashta so‘fiy va faylasuf sifatida inson ma’naviyatini yuksak mezonlar asosida baholadi. Uning she’rlarida haqiqat xanjari majoz g‘ilofi bilan ziynatlandi. Shuning uchun shoir lirikasining har satr — bandidagi fikr shariat, tariqat, ma’rifat, haqiqat, vahdoniyat, tajalli, komil inson, piri mug‘on, oshiq-ma’shuq, lomakon, mosuvo, xirqa — xarobot, orif – murshid, hudhud — simurg‘, qalandar — devona, nusxa, silsila, may — qadah, qosh — kokil, sham va parvona singari tasavvufiy she’riyatga xos timsollar vositasida ifodalangan. Buni shoirning o‘zi quyidagicha izohlaydi:

Ey Zaliliy, bu nechuk so‘z debon ayb etmagil,
Jilva bermaydi haqiqatning majozi bo‘lmasa.

Bu bayt mohiyatan «majoz — haqiqatning ko‘prigidir» hadisiga muvofiq keladi.

Shoir lirikasida eng ko‘p va muvaffaqiyatli qo‘llangan badiiy san’at — talmehdir. Uning she’r — g‘azallarida «Tavrot», «Injil», «Zabur» va «Qur’on»da nomi zikr etilgan Payg‘ambarlar; Suqrot, Aflotun va Iskandar Zulqarnayn kabi yunon donishmandlari; Ray— Kay, Bahrom, Xusrav, Rustam singari tarixiy siymolar, Uvays Qaraniy, Boyazid Bistomiy, Ibn Sino, shayx San’on, Ahmad Yassaviy, Shamsiddin Tabriziy, Farididdin Attor, Qosim Anvar, Xoja Ubaydulla Ahror kabi tasavvuf murshidlari va Sharq mugafakkirlari qayta-qayta tilga olingan. Talmeh san’ati vositasida mazmunning teran, badiiyatning go‘zal bo‘lishiga erishilgan.

Zaliliyning 20 ga yaqin g‘azal va muxammaslarida Hallojga murojaat qilinadi. Rumiy, Jomiy, Navoiy va Mashrablarga tashbeh — ishora va tatabbu’lar tez-tez uchraydi. Shoir lirikasi tahlili – uning o‘z zamonasida har tomonlama yetuk olim va ko‘p qirrali so‘z san’atkori bo‘lgani haqidagi xulosaga olib keladi.

Zaliliy ijodining asosiy qismi uning lirik g‘azallaridan tashkil topgan, shunga ko‘ra uning lirik «men»i shoirning o‘zidir.

Ma’lumki, lirika – hissiyot va tafakkur mahsuli. Uning ichki ruhiy javhari bo‘lgan individual kechinma lirik ta’rif va badiiy umumlashtirish orqali lirik obrazga aylanadi. Lirika — Olam va Odam munosabatlaridagi ziddiyatlarni, insonning ma’naviy qiyofasi, hissiyoti, o‘y-fikri dunyoqarashining mifologik, romantik va realistik talqinlarini ko‘rsata oladigan oyna. Zaliliyning

“Sen o‘zungga tomosho qil, har ajoyib borki odamda”

misrasi lirikaning ayni xususiyati haqidagi fikrni tasdiqlaydi.

Shoir g‘azallari va «Safarnoma» dostoni mazmunicha, Tangrining olamni bunyod qilishdagi maqsadi — Inson. Olloh quyosh bo‘lsa, Odam undan taralgan nur — ziyo, faqat Insongina Tangri go‘zalligining tajallisi va mujassami, ruhiy-jismoniy barkamollik timsoli, koinot sirlarining shohidi va barcha maxluqot gultoji. Inson Olam uyg‘unligining ko‘zgusi, barcha sir – hikmatlarni yashirin saqlovchi «javohir». Bu kabi talqinlar Muhammad Siddiq Zaliliyning tasavvuf falsafasidagi «Vahdat ul-vujud» ta’limoti ta’siriga berilgan adib ekanini ko‘rsatadi.

Shoirning bashariyat ulug‘lagan gumanistik tushunchalari takomillashib, uning naqshbandiylikka xos dunyoqarashida umumlashgan. Zaliliy g‘azallarida «anosir», «iqlimi anosir» iboralari ko‘p qo‘llangan. «Safarnoma» dostonida:

Kirmas edi chor anocirg‘a ruh,
Tutmas edi dunyoni to‘foni Nuh, –

deya to‘rt unsur — tuproq, suv, havo va olovga ishora qiladi. Zaliliy talqinicha, koinotdagi barcha mavjudot Yaratganning zikri bilan band. Uning yakkayu yagona ekaniga shahodat keltiradi:

Bu koinot ichra zarra-zarra mavjudot,
Dedilar: «Ashhadu an lo iloha illalloh».

Ma’lumki, Sharq mumtoz she’riyatining asosiy va yetakchi mavzui — Ishq: – Shu bois, Navoiy «Mahbub ul-qulub»da zamon tushunchasi bo‘yicha ishqni majoziy (insoniy) va haqiqiy (ilohiy) deya tasniflaydi hamda bu ikki xususiyat barcha mumtoz ijodkorlar asarlariga chuqur singib ketgan.

Shoirning haqiqiy ishq borasidagi g‘oyaviy-estetik talqinlarini, uning tasavvufdagi tajalli falsafasiga oid qarashining tabiiy takomili, deb tushunish mumkin.

Zaliliy lirikasida ham boshqa mumtoz shoirlarda bo‘lgani kabi «ishq» va «yor» (ma’shuq) egizak tushunchalardir. Tor ma’noda «yor» — «men»ning sevgisi bo‘lsa, keng ma’noda «men»ning do‘sti, birodari va hamrohidir.

Ma’lumki, tasavvufda insonni sevish – Ollohni sevishning muhim sharti, deya qaralgan. Bu jihatdan Zaliliy ham haqiqiy, ham majoziy ishqni tarannum etuvchi shoirlar sirasiga mansub. Shoirning ta’rif, tavsif, madad va sharhi hol mavzuidagi g‘azallarida ayni talqin yetakchilik qiladi. Zaliliy tasavvufdagi Naqshbandiya tariqatining sodiq muridi bo‘lgan.

Ko‘rki, Buxoroda shohi Naqshband,
Maoniy sipehrida mohi Naqshband…

Tariqi Naqshbandi angladim zebo ravishlikdur,
Ko‘ngul masti ilohiy ul ko‘zida porso bo‘lmoq…

Shoir lirikasida Sharqning buyuk mutasavvuflarini ko‘p bor tarannum etgan, ularning nazmlariga taxmis bog‘lagan, naziralar bitgan. Qosim Anvar va Navoiy kabi salaflarga tatabbu qilingan mana bu misralar ham fikrimizni tasdiqlaydi:

Ko‘hna langare olam, karvon erur odam,
Dam olib o‘tar bir dam san bu dam g‘animat tut…

Xoliqo, bu umr g‘animatdurur,
Har nafasi durri bo qimmatdurur.

Ayonki, mazkur iqtibosda shoir Naqshbandiyaning mashhur «xush dam» qoidasiga ishora qilgan. Ya’ni, tasavvufning hayotda har damni qadrlab, Tangri ato etgan hayot g‘animat ekanini, uni g‘aflatda o‘tkazish inson uchun nomunosibligini ta’kidlagan. Muhammad Siddiq taxminan 40 yoshlarda ma’rifiy barkamollik, ideal poklanish va oriflik maqomiga erishish maqsadida Naqshbandning «safar dar vatan» aqidasini rahnamo qilib Sharqiy Turkiston buylab 10 yil safar qilgan. Tasavvufdagi Ollohga yetishish — Tashri sirlarini bilish uchun zohiriy va botiniy safardan iborat har ikki jihat Zaliliy hayoti va ijodida o‘z tajassumini topgan. Shoir bu haqda shunday yozadi:

Sayri jahon qilmog‘im — tarki jahondur g‘araz,
Aylagani imtihon yaxshi yomondur g‘apaz…

Muhammad Siddiq shariat arkonlarini ham, islom ma’rifati mohiyatini ham teran anglagan olim va shoir edi. Shu ma’noda, uning ota xoki poyini Makka tavofidan ham baland qo‘yishi shariat talablariga aslo zid emas:

Hojilar tavfi harom aylama, ranj tortadur,
Makka tavfidan otang xoki poyi o‘zgacha.

Shoir bir g‘azalida «Chun Vatanni asliyga doim qarab, uchmoq uchun har dam etar iztirob» deb yozganiday, Tangritog‘ atrofida ruhiy halovat qidirib safar qilar ekan, hayotni o‘rganadi. Xalq turmushini kuzatar ekan, kechinmalarini quyidagicha ifodalaydi:

Xalqni ko‘rdumki, ajab dilrabo,
Yo rab, ular ko‘rmasun hargiz balo.

Ta’kidlash kerakki, ittifoqsizlik, o‘zaro adovatu nifoq Zaliliy yashagan davrda Qashqarni «oqtog‘lik» va «qoratog‘lik»dan iborat ikki dushman bo‘lukka ayirdi. Buning ustiga, Jo‘ngor qalmoqlarini boshlab kelib, tarixda ikki yuz yilga yaqin saltanat yurgizgan Saidiya uyg‘ur xonligini tanazzulga uchratdi. Urushlar bilan diniy riyokorlik inqirozning bosh sabablaridan edi. Fikrimizcha, adabiyot tarixida Navoiydan so‘ng shayx — zohidlar xudbinligini, ular a’molidagi soxtakorlik va riyoni Zaliliychalik fosh etgan boshqa shoirni topish mahol.

Mag‘ruri namoz o‘lmag‘il, ey zohidi xudbin,
Dehqon samandar qoshida to‘dayu xasdur…

Zaliliy xonaqohi ko‘nglung ichra arba’in o‘ltur,
Majoziy shayxlarning suhbati ujbu riyo oxir…

Zaliliy masnaviy, ruboiy va musammatlarida ijtimoiy masalalar, hayot hodisalariga munosabatini falsafiy mushohadalar vositasida aks ettiradi. Shoir rostgo‘ylik, vafodorlikni oila, muhabbat va insoniyatga aloqador axloqiy mezonlar sifatida go‘zal tashbehlar bilan tarannum qiladi, an’anaviy mavzulardan didaktik hayotiy xulosalar yasaydi:

Egrilikdin chaman ichra tikan,
Xor turur garchi gul uzra Vatan…

Yor emas dardmand bo‘lg‘an chog‘da sanga yor o‘lmasa
Kim, yiqilganda tutub ilking madadkor o‘lmasa.

Sharq adabiyotida Forobiy va Yusuf Xos Hojib boshlab bergan «odil podshoh» g‘oyasini Navoiy maromiga yekazgan. Bu g‘oyani o‘ziga xos ravishda davom ettirgan Zaliliy bunday yozadi:

Shoh raiyatga sitam qilmag‘ay,
Bir nafas adlni kam qilmag‘ay –

Binobarin, Zaliliy lirikasining umrboqiyligi va chuqur falsafiyligini ta’minlagan omillardan biri ham adolat edi.

III

«O‘n ikki maqom» — xalq musiqiy tafakkuri hosilasi. Yuzaga kelish tarixi, mazmuni, shakli va tuzilishi bilan o‘zbek va uyg‘ur maqomlari har jihatdan uyg‘un. «O‘zbek xalq musiqasi»ning[1] IV jildida ayrim maqomlarining qashqarcha varianti berilgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.

Uyg‘ur maqomlariniig mumtoz qatori rok, chobiyat, mushoviroq chorgoh, panjgoh, o‘zhal, ajam, ushshoq bayot, navo, segoh va iroqdan iborat bo‘lib, jami 320 musiqiy ohang, 3127 misra she’rdan tuzilgandir. Uni bir kecha-kunduz davomida ijro etish mumkin. Mashrab bir she’rida maqom nomlarini zikr etib quyidagicha yozgan:

Setorim torig‘a jon rishtasidin tor eshib cholsam,
Aningki nolasidin benavoning ko‘nglini olsam.
«Bayot»i, dilbarimni yodida cholsam payo-paykim,
Ki ko‘nglum benavo bo‘lg‘onidin aylab «Navo» cholsam.

Maqomlarning atosini «Husayniy»u «Ajam» derlar[2]

Bulardin ham yuqori pardayida «Panjgoh» cholsam.
Arolab cholsam «Ushshoq» u maqomni «Rok»ka yetkuzsam,
Ki ul shomu saharlarda «Mushovirok»ni man cholsam,

Mashrab bu g‘azali orqali o‘z davrida keng tarqalgan o‘zbek va uyg‘ur maqomlari haqida ma’lumot bergan.

Uyg‘ur mumtoz musiqasidagi «O‘n ikki maqom» Yorkent xonligi (1514—1680) davrida saralangan va yaxlit holga keltirilgan. Turkiy adabiyotning sara namunalari, ayniqsa, Navoiyning 100 tacha g‘azali bu maqomlarga solib kuylangan. «O‘n ikki maqom»ga g‘azallari kiritilgan shoirlar orasida Zaliliy alohida o‘rin tutadi. Shoir she’rlarida nay, ud, arg‘anun, qonun, chang, rubob va hokazolarni tilga olgan. Ayniqsa, arg‘anun haqida ancha ko‘p to‘xtalgan. Jumladan:

Chu qonuni muhabbat ustixonim pursado bo‘ldi,
Ragi a’zolarimdan apg‘anung‘a tor bo‘lgaymu?

Yoki yana bir g‘azalida shoir bunday yozadi:

Men navoyu, nolai naydan huzuri topmadim,
Arg‘anuni majlisi ushshoq xush ohangdur.

Shoirning she’rlari bilan yaqindan tanishish uning musiqaga alohida muhabbatidan, bu ilmni teran bilganidan dalolat beradi. Quyidagi misralar ham buni tasdiqlaydi:

Hag‘ma bilan tozadur jonlar,
Hag‘ma bilan shod parishonlar,
Hag‘ma bilan shahri junun bo‘ldi pur,
Uzdi mihorini junundan shuur,
Nag‘ma bilan ruh giriftori tan,
Hag‘ma bilan qildi faromush vatan.

Quyidagi misralar ham Zaliliyning an’anaviy uyg‘ur mumtoz maqomlariga muhabbatidan dalolat beradi:

Majlis ichiga o‘t solur pardai “Iroq”,
Mashq junundin aylagach savti tarannumi “Ajam”,
Ajoyib majlisi garm o‘ldi bu dashti biyobonkim,
Navoyu nolai Majnun bilan ohu kabob erdi.

Uyg‘ur maqomlariga solib qo‘shiq qilingan lirik g‘azallar chuqur realizm ruhi bilan sug‘orilgan. Maqomlarda keng ma’nodagi yaxshilik, go‘zallik, vatanparvarlik, adolat, hayotsevarlik, muhabbat, sevgi alangasida yongan inson, uning orzu-armonlari, kurashlari, kechinmalari, vafo-sadoqati singari falsafiy-didaktik mazmunlar sehrli musiqiy kayfiyat bilan ifodalangan. Bundan tashqari, bevafolik, nodonlik, zo‘ravonlik, riyokorlik, ijtimoiy va shaxs erkining poymol qilinishiga qarshi norozilik kabi tuyg‘ular ham xalq maqomlarining mavzu hamda g‘oyaviy mundarijasida ifodalangan. Bu ma’noda, maqomlardagi Zaliliy she’rlari Navoiy, Mashrab, Huvaydo va Fuzuliy g‘azallariga hamohangdir.

Zaliliy «Iroq» maqomi musiqasi bilan aytilgan g‘azalida ishqni — mahbubani quyidagicha ulug‘lagan:

Kirmagayman jannat ul—ma’vog‘a dilbar bo‘lmasa,
Egni birlan tushmagay daryoga gavhar bo‘lmasa.

Ta’kidlash lozimki, Zaliliyning maqomlarga solib kuylangan she’rlarida vatan muhabbati alohida o‘rin tutadi.

«O‘n ikki makom»ga solib kuylangan she’rlaridan ham ma’lumki, shoir Muhammad Siddiq Zaliliy «Ro‘yi zamin sayqali» deb atalgan Samarqand bilan islom qudratining ramzi hisoblangan Buxoroga qanchalik hurmat bajo keltirsa, o‘zi yashayotgan aziz maskan — Xo‘tanni shunchalik e’zozlagan.

Umuman, Sharq mumtoz she’riyatining boshqa vakillari merosi qatori Muhammad Siddiq Zaliliy ijodining mashhur «O‘n ikki maqom» bilan bog‘liq jihatlarini yanada teran tadqiq etish muhim ilmiy xulosalarga olib keladi.

IV

Tarixdan ma’lumki, o‘zbek — uyg‘ur xalqi qardosh, qarindosh va taqdirdoshdir. Vodiy bilan qashqar orasidagi jug‘rofiy qo‘shnichilik, ikki millat adabiyotining mushtarak an’analari ham buning dalilidir. Mashrab bilan Zaliliy ijodidagi hamohanglik shunday xulosa chiqarishga asos beradi.

Biz o‘zbek-uyg‘ur mumtoz adabiyoti matnlarini qiyoslab o‘rganish orqali buyuk o‘zbek shoiri Boborahim Mashrab devonidagi[3] ayrim g‘azallar bilan «Zaliliy devoni»dagi g‘azallarda o‘xshashlik, ba’zan esa aynan uyg‘unlik mavjudligini aniqladik. Bu asosan Zaliliyning Mashrabga muxlis bo‘lgani, ulug‘ salafi ijodini ibrat bilib, ma’no-mazmun va vazn jihatdan hamohang she’rlar yozgani bilan izohlanadi. Masalan, Muhammad Siddiq Zaliliy lirika va dostonlarida tazmin san’atidan foydalanib, Mashrab she’riyatiga xos bo‘lgan «Arshning kungurasi» iborasini tez-tez qo‘llagan.

Devondagi 40-g‘azalida:

Chamanning gullarin, bulbul, ko‘rubon chekmagil hasrat,
Qalandar mashrabona rindining tarzi kulohidur.

deb yozgan bo‘lsa, 125-g‘azalida:

Mashrabi oli umamning she’ri shakkarboridin,
Dona-dona angubimni ne judo kelturmisham,—

bayti orqali Zaliliy Mashrabni pir-ustoz tutganini ta’kidlaydi.

Mashrab va Zaliliy devonlaridagi g‘azal va muxammaslarning qiyosiy tahlili ularda, ayrim tafovutlarni e’tiborga olmaganda, bir-biriga aynan o‘xshash bir qancha she’rlar mavjudligini ko‘rsatadi. Quyida ayrim misollarni keltirib o‘tamiz (o‘xshash va takrorlangan o‘rinlar ajratib ko‘rsatildi).

«Mashrab devoni«, 207-g‘azal:

«Sani Layliyi ra’nodek ajoyib dilrabo derlar,
Mani Majnuni shaydodek kuyingda bir gado derlar.

Kecha-kunduz eshigingda fig‘onu nolalar qilsam,
Ki harchandi navo qilsam, hanuzam benavo derlar.

Borib so‘rdum tabiblardin: «Bu dardimg‘a davo bormu?»
Alar ayturki: «Ey nodon, bu dardni bedavo derlar!»

Boqibon ul pari ko‘z uchidin yuz noz qilib o‘tti,
Ruhi chun ul mahi tobonni anvorul xudo derlar.

Tafarruj aylabon nogah nazar qilsa go‘ristong‘a,
Qo‘pub go‘rdin hama odam, hama: «Vo hasrato!» derlar.

Qani Layli, qani Majnun, qani Shirin bilan Farhod,
Alar o‘tti bu olamdin, bu olam bevafo derlar.

Itini xoki poyiniki Mashrab ko‘ziga surtti,
Nido keldiki olamdin bu ko‘zga to‘tiyo derlar.»

«Zaliliy devoni»dagi 52-g‘azal Mashrab g‘azaliga ko‘p jihatdan uyg‘un ekani ayon bo‘ladi:

«Seni Layliyu ra’nodek ajoyib dilrabo derlar,
Mani Majnuni hayrondek ko‘yingda bir gado derlar.

Ajabdur ey shohi xubon kecha-kunduz eshigingda,
Hamisha man navo qilsam dag‘i san benavo derlar.

Boqibon el sari, jono, yuzingdin bir niqob olsang,
Ruhingki chun mohi anvor tajalliyi Xudo derlar.

Tabassum aylabon toki nazar qilsang go‘ristong‘a,
Qo‘pub go‘rdin bori murda hama vo hasrato, derlar.

Mashrab devonidagi 97-g‘azal va Zaliliy devonidagi 128-g‘azal haqida ham xuddi shu fikrlarni aytish mumkin.

Zaliliy devonidagi

Qalandarman, jahonni tark etib qildim safar tanho,
Chu semurg‘ki parvoz aylagay bebolu par tanho.

matlali 5-g‘azalga shoirning o‘zi muxammas bog‘lagan[4]. «Mashrab devoni»ning 491-sahifasidagi muxammas Zaliliy g‘azaliga yozilgan taxmis bo‘lib chiqqani ajablanarli holdir. Bir vaznda, bir-biriga monand qofiyada, bir xil radif va mavzudagi mushtarak muxammasning dastlabki bandi quyidagicha:

Zihi rasvolig‘im olamga soldi sho‘ru shar tanho,
Bo‘libtur Nuh fulki g‘avg‘osi zarra, alhazar tanho,
Nigorim birla man bir pirahanda, xalq der tanho,
Qalandarman jahonni sayr etib qildim safar tanho,
Chu semurg‘ki parvoz aylagay bebolu par tanho.

Zaliliy muxammasi 9 banddan tarkib topgan bo‘lsa, Mashrab muxammasi 8 banddan iborat.

Taxmis bog‘langan g‘azalning so‘ngti baytidagi ozgina farqni hisobga olmaganda, muxammaslar tarkibidagi g‘azal baytlarining so‘z va mazmuni asosan o‘xshash. Har ikki muxammas matni deyarli bir-birini takrorlaydi.

Bundan tashqari, Mashrab devonidagi 197-g‘azal bilan shoir taxmis bog‘lagan «Zaliliy devoni»dagi g‘azal ham matn nuqtai nazaridan bir-biriga mutanosib.

Demak, Zaliliy Mashrab she’riyatining haqiqiy shaydosi va muxlisi bo‘lgan. U Mashrab ijodidan ta’sirlanib, har jihatdan uning g‘azallariga hamohang she’rlar yozgan. Buning birinchi sababi malomatiylarning zohidlik maktablaridan bo‘lgan tasavvufning qalandarlik falsafasidagi maslakdoshligi bo‘lsa, ikkinchi sababi, har ikki shoirning Qashqar muhitida yashagani bo‘lsa ajab emas. Boshqa taxminlarga ko‘ra, Mashrab Qashqarda bo‘lgan 1665 yillari Zaliliy hali dunyoga kelmagan edi. Mashrab qatl etilgan. 1711 yili esa Zaliliy 35 yoshlarda bo‘lib, ehtimol ancha keksa yoshida shoh Mashrab yosh shoir Zaliliy g‘azaliga muxammas bog‘lagandir. Bu hol kotiblarning xatosi bildan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin…

Zaliliy ijodi borasida shuni ham aytish mumkinki, shoir
zamonasida sharq mumtoz she’riyatining ulkan vakillari qatorida tanilgan. «Tazkirai Qayyumiy»da Po‘latxon domlaning yozishicha, Zaliliy devoni o‘sha kezlari Farg‘ona shoirlari orasida sevib o‘qilgan va Umarxon saroyigacha yetib kelgan. Amir Umarxon shoirning «Tayyor» radifli g‘azaliga (mazkur g‘azal shoirning Pekinda nashr etilgan devoniga kiritilmagan) taxmis bog‘lagan. Shoir juda kuchli va xushohang turkiy she’rlar yozgan. Mahmud qori va boshqa shoirlar ham Zaliliy g‘azaliga taxmis bog‘lagan, nazira va tatabbu qilganlar. Po‘latxon domla yana qo‘lyozma bayozlarda Zaliliyning ko‘plab she’rlari uchrashi, qo‘lida shoirning ash’orlaridan bir nechtasi borligi haqida ma’lumot bergan. Yanada qimmatli jihati, «Tazkirai Qayyumiy» orqali shoirning devoniga kiritilmagan she’rlari bilan ham tanishish mumkin. Adabiyot muxlislari e’tiboriga mazkur tazkira asosida Amiriyning Zaliliy g‘azaliga bog‘lagan quyidagi muxammasi matnini keltirishni zarur deb bildik:

G‘amingdin ey pari ruxsorki, joni notavonim bor,
Qilurg‘a rangi hijroning qilichin qatra qonim bor,
Firoqing bog‘ida bulbul kabi ming dostonim bor,
Yuzungni ko‘rmagach, ey gul uzorim yuz fig‘onim bor,
Jahon bog‘ida istarman seni, to tanda jonim bor.

Tutashti ishq o‘ti ko‘nglim aro tadbir etolmayman,
Guli ruxsori serobing anga tasvir etolmayman,
Muhabbat sharhini jon o‘rtanur taqrir etolmayman,
Junun maktubini mazmunini tahrir etolmayman,
Eshitgan xalq yig‘lar shu’lai ohi fig‘onim bor.

Qadam qo‘yg‘on muhabbat ko‘yiga afsona bo‘lmasmu?
Parilar birla suhbat aylagan devona bo‘lmasmu?
Yoamin yor istagan ag‘yordin begona bo‘lmasmu?
Junun shahri sarosar oqibat vayrona bo‘lmasmu?
Ko‘zin yoshi chu daryo har taraf obi ravonim bor.

Amiro, manga o‘xshab g‘amda mu’tod o‘lmag‘il hargiz,
Asiri jilvai ul sarvi ozod o‘lmag‘il hargiz,
Meni mahzun topib, ey ishq, jallod o‘lmag‘il hargiz,
Yiqildi deb Zaliliyning aduv shod o‘lmag‘il hargiz,
Madadkorim meni sulton Satuqi Bug‘roxonim bor.

Yana Amir Umarxonning (1787—1822) suyukli xotini Mohlaroyim Nodira (1792—1842) «O‘zbek xalq musiqasi»ning VII tomiga (91-bet) kiritilgan «Ket» radifli muxammasining maqta’sida:

Ko‘p cho‘zma Zaliliy so‘zlaringni,
Ag‘yor bilur romuzlaringni,
Surtkil eshigiga yuzlaringni,
Kel ishq yo‘lida ko‘zlaringni,
Ey Nodira, dur fishon etib ket.

deya Zaliliy g‘azallarini o‘qiganiga ishora qiladi.

Xullas, Po‘latxon domla Qayyumiy ta’biri bilan aytganda, «juda kuchli xushohang turkiy she’rlar so‘zlamish qashqarli shoir» Muhammad Siddiq Zaliliy lirik she’rlari bilan XVIII asr uyg‘ur she’riyatida an’anaviy romantizm va simvolizmdan farqli o‘laroq realistik mohiyatni go‘zal badiiy shaklda ifodaladi. She’riyatga xalqona o‘ynoqi ohanglarni olib kirdi. «Zaliliy lirikasini o‘qir ekanmiz, uning har bir shoir hayotida sodir bo‘lgan voqealarning aks-sadosi, muallifning og‘ip ichki kechinmalari, baxtsiz sevgisi va ro‘yobga chiqmagan orzularining ifodasi sifatida his qilinadi» deya yozadi «Uyg‘ur adabiyoti klassiklari» kitobi muallifi Usmon Mamatoxunov. Shoir bunday qayg‘uli kayfiyatini o‘quvchiga to‘liq chizib berish uchun badiiylikka xos she’riy san’atlardan «turkiyzabon»lik bilan estetik ta’sirchanlikka mutanosib giperbola va litota, tashbeh, istiora, harfiy obraz, she’riy ta’rix, sifatlash, ruju’ va majoz singari yuqori darajali uslubiy vositalardan foydalandi.

Shoir asarlari o‘z davrida va vafotidan keyin juda keng tarqalgan edi. XIX asrda Toshkentda chop etilgan «Tuhfat ul- obidin», «Bayozi Muqimiy», «Devoni Mahmud qori», «Tazkirayi Qayyumiy» kabi bayoz va tazkiralarga shoir asarlari va u haqdagi talqinlar kiritilgan. Sharq mumtoz she’riyatining ulkan vakillaridan bo‘lmish Zaliliy ijodiy merosini keng tadqiq etish mutaxassislarning galdagi vazifalaridandir.

Tursun Qurbon Turkash, uyg‘ur adabiyotshunosi.
O‘zMU O‘zbek filologiyasi fakulteti tadqiqotchisi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2007 yil, 9-son

——————-

[1] O‘zbek xalq musiqasi, IV tom. Toshkent. 1958, 260-bet.
[2] Abdushukur Muhammadamin. Uyg‘ur klassik musiqasi. O‘n ikki maqom. 1997. Urumchi. 367-bet.
[3] Jamoliddin Yusupov nashrga tayyorlagan va 2006 yili Toshkentda chop etilgan nusxasi nazarda tutiladi.
[4] “Zaliliy devoni”. 11-bet, muxammas 387-bet.