Shayxim Suhayliy – zullisonayn o‘zbek shoiri.
XV asr ikkinchi yarmi Hirot adabiy muhiti vakili, shoir, nufuzli arbob Ahmad Suhayliyning ajdodlari turkiylardan bo‘lib, Shohrux Mirzo davrida amirlar qatorida muhtaram sanalganlar.
Davlatshoh Samarqandiy “Tazkirat ush-shuaro” asarida Suhayliyga yuksak ta’rifini quyidagi bayt bilan tugatadi:
Xotamash kori jahoniy bidehi rost kunad,
Qalamash ganji maoniy bidehi afshonad.
(Ya’ni: Muhriga jahon ishlarini topshirsang, to‘g‘rilaydi, Qalamiga ma’nolar xazinasini bersang, sochadi.)
Men, – deb yozadi Davlatshoh, – Amirning o‘zlaridan (ya’ni, Suhayliydan) eshitdimki, yoshlik paytlarim Shayx Orif Ozariy mulozamatiga yetishgan va undan munosib bir taxallusni tavsiya etishni iltimos qilgan edim. Shayx Ozariy qo‘lida bir jild (kitob) bor ekan. Dedilar: – Hozir shu kitobni fol ko‘rish yo‘sinida ochamiz, shoyad, bir muvofiq so‘z chiqib qolsa. Kitobni ochsalar, “suhayl” so‘zi chiqibdi. Bu so‘zning mazmuni juda tahsinli, – deya buyurdilar. Shundan buyon ma’nolar eshigi menga ochiq bo‘ldi va menga barchadan fayzu himmat yetishdi.
Suhayl – 45 yulduzdan iborat yulduzlar turkumi, issiq faslda kema shaklida ko‘rinar ekan. Suhayl Badaxshonda toshni la’lga aylantirar, Yamanda charmni xushbo‘y qilarkan. Deydilarki, fozillar Suhayliy devoni jildi go‘yo Yaman charmidan va Badaxshon la’llari kabi she’rlaridan ma’nolar sochilib turadi…
Suhayliyning forsiydagi she’rlari haqida marhum akademik Botirxon Valixo‘jayevning yaxshi maqolasi e’lon qilingan. Olim Tojikiston Fanlar akademiyasi sharqshunoslik bo‘limida 762-ashyoviy raqami ostida saqlanayotgan qo‘lyozma devon (101 varaq) asosida shoirning forsiyda bitilgan she’rlarini tahlil qiladi.
Davlatshoh Samarqandiy Suhayliyning chig‘atoy ulusidagi nomdor xonadonlardan, sohibqiron Amir Temur zamonida ajdodlari amirlar, Shohrux Mirzo zamonida saltanat ishlarini bajarganlar, deb yozadi. Navoiy bilan yaqin bo‘lgan bu shoirning hurmati, martabalarini ta’riflagach, “Hozir ikki devon sohibidir, biri turkiyda, yana biri forsiyda. She’rlari haqiqat dengizining safinasi (kemasi) va daqoyiq (nozik nuqtalar) ramzlarining ganjinasi”, deb ularga yuksak baho beradi. Shoirning 8 forsiy bayti va 9 baytli forsiydagi g‘azalini keltiradi. Uning asarlari “Suhayl (yulduz) nurida Badaxshondan Yamangacha porlab yetishadi” degan so‘zlar bilan fikrani yakunlaydi.
Davlatshoh Suhayliyning turkiy devonidan 9 baytli quyidagi g‘azalini keltiradi:
Yoqa yirtiqdur, siniq ko‘ksum, figor o‘lmak ne tong,
Ishqning rasvosi og‘ir ushbulardur ziynati.
Uzmasun deb rishtai jonim qo‘lumni bog‘lamang
Kim, necha tor o‘lsa nozik, yetmas aning quvvati.
Eyki, dersan ishq ranjidin falon bo‘lmas xalos,
Xotiring jam etki, yo‘qtur bu jabrning sihhati.
Ankabutiydur nahifu zor ko‘nglumkim, erur
Maskani ko‘ksumda angirgon tuganlar hay’ati.
Oshiq o‘lg‘och dinu donish ko‘yidin tushtum yiroq,
Vah, ne kofirning mundoq aysh erur xosiyati.
So‘rsalar ahbob ko‘nglum holatin ayt, ey sabo
Kim, bir otashnok yuz birla tutoshmish suhbati.
Ey, ko‘ngul berguvchi bo‘lg‘onlar anga ul ko‘rdek,
Bedilenikim, qilibdur ishq, olam ibrati.
Do‘stlar, kelmang Suhayliyning mazori boshig‘a
Kim, ko‘ngul buzg‘uchidur aning buzulg‘on turbati.
Davlatshoh shoirning yana bir matlasini ham keltiradi:
Ey, meni javru jafo bobinda mu’tod aylagan,
O‘zgalar birla vafo qasrini bunyod aylagan.
Husayn Boyqaro devonida quyidagi g‘azal bor:
Husn ila sen komilu Shirinu Layli shuhrati,
Ishq aro men xor o‘lub Farhodu Majnun tuhmati.
Ofiyat chog‘i farog‘at sog‘inur erdi ko‘ngul,
Ishq aro bilgurdi, vah-vah, ul farog‘at mehnati.
Ishq tig‘idin tanimda yuz tuman na’lu alif,
Bir gado yanglig‘ki, to‘sh-to‘shdin kesilmish kisvati.
Oh o‘ti o‘rtab tanim ishqingda pechu tob ila,
Ul sababdin bo‘ldi go‘yo barq yanglig‘ hay’ati.
Ishqida jonimni ol, jismimni kuydur, ey ajal,
Elg‘a sovurg‘ilki, ishq ahlining o‘lsun ibrati.
Ey Husayniy, der erdim ishqini pinhon saqlayin,
Bilmadimkim, aylamish ko‘z yoshi olam shuhrati.
Ko‘rinadiki, Suhayliy Husayniy g‘azaliga tatabbu’ yozgan. Sharq mumtoz she’riyatida tatabbu’ shoirning biror she’rdan ta’sirlanib, ma’qul ko‘rib, undagi vazn, qofiyani (radif bo‘lsa, uni ham) saqlagan holda she’r yaratishdir. Bunday she’rlarni javobiya, nazira ham deydilar.
Navoiy devonlarida shu vazn, shu qofiyada yozilgan she’rlar bor. Balki Husayniy ham, Suhayliy ham ulug‘ shoir g‘azaliga tatabbu’ qilgandirlar.
Shayxim Suhayliy haqida Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasida yozadi: “Xuroson mulkining mutaayyin (taniqli) elidindur. Kichik yoshidin tab’ osori va zehn namudori andin ko‘p zohir va hamida axloq va pisandidamaosh atvoridin bohir erdi. Sulton Abu Said Mirzo xizmatig‘a tushub, maxsus mulozim bo‘ldi va ash’ori el orasida shuhrat tutti va holo yigirma yildin ortuqroqdurkim, Sulton Sohibqiron (Husayn Boyqaro) mulozimatidadur va rafe’ (yuqori) munosib va a’lo marotib (martabalar)ga musharrafdur; andoqkim, mulku mol, balki saltanatning barcha maslahat va ahvolig‘a mushor un-ilayh va mo‘tamaddun-alayh (ko‘rsatib o‘tuvchi va ishonchli) va amorat zayluchasida (gilamcha) sokin va taqarrub (yaqinlashish) masnadida (o‘rni) mutamakkin (barqaror)durkim, hech nomuloyim amrg‘a mansub va noshoyista aybg‘a matun (aybdor) va ma’yub (ayblangan) emas va bu davlatda andoqki intizomi holi biyik bo‘ldi, nazmi ahvoli dag‘i avj tutti va bu “Iydiya” qasidasining matla’i yaxshi voqe’ bo‘lubturkim…” deb yozadi va bu qasidasidan hamda g‘azalidan 2 bayt, “Layli va Majnun” dostonidan Laylining xastaligi ta’rifidagi bir bayt keltiriladi.
Navoiy e’tiroficha, “Agarchi turkcha she’rg‘a mashg‘ulluk, oz qilur erdi, ammo bu matla’ aningdurkim:
Zuhd eli tasbih deb hayron qolur avbosh aro,
Rishtai jismimni ko‘rsa qatra-qatra yosh aro”.
Fiqra Navoiyning shunday so‘zlari bilan yakunlanadi: “Avvaldin oxirg‘acha faqir bila iltifot va ittihodi ko‘p uchun mundin ortuq ta’- rifin qililsa, o‘zumni ta’rif qilg‘ondek bo‘lurdin qo‘rqub ixtisor qilildi. Oqibati xayr bo‘lsun!”
Shayxim Suhayliyni Navoiy o‘z “Layli va Majnun” dostonida ham tilga oladi: “Jahondagi mashhur bu afsonani (ya’ni “Layli va Majnun”ni) Nizomiy va Xusrav Dehlaviy she’rga soldilar. Ishq haqidagi bu rivoyatni nazm avjining Suhayl yulduzi ham yozmoqlikka mayl qildi, dunyo sahifasida mavjud bo‘lmagan asar yaratdi…”
Navoiyning “Soqiynoma” asarida ham Suhayliy haqida parcha bor. Unda shoir Suhayliyni sog‘inganini (u Hirotdan uzoqda bo‘lgan damlar), uning damsoz va hamrozi ekanligi, charxdan unga turli zulmlar bo‘lib turganida, g‘ussa va anduhlar girdobida qolganida do‘sti suhbati va ruhiy madadiga ehtiyojmandligini izhor etadi:
Manga gap dardi g‘am anbuh o‘ldi,
Qismatim g‘ussavu anduh o‘ldi.
Sen falak mehnatidin shod o‘lg‘il,
Dahr bedodidin ozod o‘lg‘il.
Shodlig‘ tarkini tutma oxir,
Ham bu g‘amginni unutma oxir.
Kimki kelsa bu taraf yod ayla,
Taraboyin so‘z ila shod ayla.
Bu so‘zlar chindan ham ikki – bir-biriga suyanib qolgan shoirning, bir-birining ruhiyatini chuqur idrok etib, tasalli bera oladigan insonlarning yaqinligi, do‘stligiga ma’nodor ishoralardir.
Suhayliy siymosiga yana bir husn – davrning taniqli shoiri, adibi, mashhur notiq Husayn Voiz Koshifiy abadiyatga daxldor asar “Kalila va Dimna”ni tarjima qilib, uni Shayxim Suhayliyga bag‘ishlab “Anvori Suhayliy” deb nomlaganidir. Bu tafsil Suhayliyning adab ahliga homiylik qilganiga bir ishora.
Som Mirzo “Tuhfai Somiy” tazkirasida “Amir Shayx Nizomiddin al-mashhur Suhayliy turkiy nasabli bu shoirning iste’dodi – tab’i yaxshi, idroki o‘shal ufq yulduzidek porloq”, deya Davlatshoh ma’lumotlarini takroran bayon qilib, shoirdan forsiyda bitilgan 3 baytni keltiradi. Quyidagi uchinchi baytini:
Shabi g‘am devbodi oham az jo burd gardunro,
Furu burd ajdaqoi sayli ashkam rub’i maskunro
(Ya’ni: G‘am kechasida ohim to‘foni osmonni joyidan qo‘zg‘atdi: Ko‘z yoshlarim selining ajdari yerning to‘rtdan birini yutib yubordi) bir anjumanda shoir o‘qiganida kimdir: – Amir, she’r o‘qurmisiz, yo odam qo‘rquturmisiz? – degan ekan”.
Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da Husayn Boyqaro umarosi sirasida yozadi: “Yana Shayximbek edi. “Suhayliy” taxallus qilur uchun Shayxim Suhayliy der edilar. Bir tavr she’r aytur erdi. Qo‘rqqudek alfoz va maoniy darj qilur erdi”. “Aning abyotidin bir bayt” deb mazkur “Shabi g‘am…” deb boshlanadigan baytini keltiradi va yozadi: “Mashhurdirkim, bir qatla bu baytni Mavlono Abdurahmon Jomiy xizmatida o‘qubtur. Mavlono aytibdurkim: “Mirzo, she’r aytasiz, yo odam qo‘rqutasiz?”, devon tartib qilur erdi. Masnaviyoti ham bor”.
Xondamir “Makorim ul-axloq” asarida Navoiy Samarqandda ekanida Shayxim Suhayliy Mirzo Sulton Ahmadga (Abu Said Mirzoning katta o‘g‘li, Mironshoh Mirzoning nabirasi, Samarqand hukmdori) forsiy qasida yozib, ko‘rib berish uchun Navoiy huzuriga olib kelibdi. Navoiy mamduh (maqtaluvchi) ismi bilan bezalgan joydan so‘ng so‘zni bog‘lash uchun bir bayt kerak, deganda, Suhayliy iltifot yuzasidan, Siz yozib bersangiz, debdi. Navoiy, Siz ham o‘ylang, men ham, deya quyidagi baytni bitibdi:
Bahori bog‘i javoniy, niholi gulshani adl,
Guli riyozi karam, sarvi jo‘ybori viqor.
(Ya’ni: Yoshlik bog‘ining bahori, adolat gulshanining niholi, Yaxshilik bo‘stonining guli, ulug‘lik anhorining sarvi.)
Suhayliy ham shu baytni qog‘ozga tushirgan ekan. “Ittifoqo, – deb yozadi Xondamir, – tavorud voqe’ bo‘lubtur, har ikkovlari ham bir xil bayt aytishgan”.
Navoiyning yori azizi, “Majolis un-nafois”da Hazrati Mahdumi Nuran, Shayx ul-islom Abdurahmon Jomiydan so‘ng yodga olingan. Shayxim Suhayliy yaxshi do‘st, yaxshi inson, iste’dodli zullisonayn shoir, saxovatli homiy, ibratli davlat arbobi bo‘lgan. Shoyad, uning ona tili turkiyda tadvin qilingan devoni topilsa, deb umid qilamiz.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020 yil, 9-son