Suvon Meli. Ko‘kka uchgan do‘st

Murod aka xislatli odam edi, u kishining bobosi Xizr ko‘rganlardan bo‘lib, “Xidir” ismi sharifi ushbu voqea­dan tug‘ilgandir. Murod aka ulug‘ bir kunda, Ro‘zai ramazon oyida, Laylatul qadr kechasida olamdan o‘tdiki, bunday baxt har kimga ham nasib etmasligi ayondir. Bu ham o‘sha xislatning belgisi, hoynahoy.

Murod aka o‘tgan asrning 60 – 80-yillarida g‘oyat mashhur bo‘lgan, dastlab Ibrohim Rahim, so‘ng Asqad Muxtor bosh muharrirlik qilgan “Guliston” jurnalining eng taniqli xodimlaridan bo‘lgan. U kishi yozgan maqolalar, tayyorlagan materiallar jurnalning shuhratiga shuhrat qo‘shgan edi.

O‘quvchilik yillarimda jurnalning barcha sonlarini muttasil o‘qir, shulardan biri hamon esimda. Maqola Qashqadaryoning olis qishloqlaridan birida safarda bo‘lgan mashhur navoiyshunos Ye.E.Bertels haqida edi. Unga eski bir qo‘lyozmani ko‘rsatishganda, tanisha turib rang-ro‘yi o‘zgargani, to‘satdan tiz cho‘kib, “Shu qo‘l­yozmani menga bering, iltimos!” deya yalingani, so‘ng sal o‘ziga kelgach, “Bilasizmi, bu hazrat Navoiy tirikligida ko‘chirilgan, ul zotning nazari tushgan qo‘lyozma”, deya izoh bergani haqida yozilgan edi. Men keyinchalik, voqeani so‘zlab bergan odam haqida so‘raganimda, “so‘ng bu cholni qayta ko‘rmadim”, deb aytgan edi Murod aka.

Murod aka keyinchalik o‘zining tashabbusi bilan dunyoga kelgan “Sirli olam” jurnali va unga ilova tariqasida nashr etilgan “Qalb ko‘zi” gazetasida faoliyat olib bordi. Faoliyat olib bordi emas, ushbu nashrlarning yetakchisi, kashshofi, QALBI bo‘ldi. U kishi tabiatiga ko‘ra birinchilikka intilmas, shu bois bu nashrlarga boshqa kishilar muharrirlik qilardi.

Keyinchalik Murod aka lo­yi­hasi asosida “Sirli tabobat” jurnali chiqa boshladi. Unda akaning sodiq shogirdi, yaxshi-yomon kunlarida ustozdan hamisha xabar olib turuvchi inson Rustam Safo bosh muharrir, Murod aka “loyiha muallifi” sifatida qayd etilardi. Shu yerda bir gapni aytmoq lozim. Bizda yangi davrda g‘ayb olami, ko‘zga ko‘rinmas sirli hodisalar haqidagi soha, ezoterikaga asos solgan odam, shubhasiz, Murod Xidirdir. Bu sohani tilimizga “g‘aybshunoslik” yoki “botinshunoslik” deb o‘girish mumkin. Agar ushbu nashrlarda chop etilgan maqolalarni to‘plab, bir yoki bir necha tom kitob qilinsa, Murod Xidirning bu sohadagi xizmati yaqqol qiyofaga ega bo‘lardi.

Murod aka bilan bir necha yil birga ishlagan taniqli shoir va folklorshunos olim Muhammadali Qo‘shmoqov “Uch behbud” nomli she’r yozib Murod Xidir, Mahmud Sa’diy va Mahkam Mahmudning o‘zbek ma’naviy hayotidagi xos o‘rnini go‘zal ifodalagan edi. Uch behbuddan biri Mahmud Sa’diy o‘z do‘sti faoliyatini hazil va kinoya aralash “Murodxidirizm” deb atar ediki, bu Murod akaning ezoterizm sohasidagi xizmatiga munosib bahodir.

Murod Xidir taniqli bolalar adibi edi. Uning qator hikoyalari va “Harflar o‘yini” kitobi mashhur. Bu asar ona tilimizning lug‘at boyligini ko‘z-ko‘z qilishda alohida ahamiyatga ega. Hikmatnavislik Murod aka ijodining yana bir yetakchi sohasidir. Hozircha nashr etilgan “Tafakkur tug‘yonlari” kitobi adib qanchalik teran fikrlashi va san’at darajasiga ko‘tarilgan aforizmlarning go‘zal namunasidir. Hikmat san’ati – Murod Xidir aforizmlari uchun xos va mos iboradir.

Murod aka so‘nggi yillarda turli kasalliklardan azob chekdi. Lekin hech qachon fikrlashdan, ijod qilishdan to‘xtamadi. U kishidagi qomusiy bilim, chuqur tafakkur va voqelikka, olamga irfoniy nigoh har qanday suhbatdoshni rom qilar, bir suhbatlashgan odam yana bir suhbatga orzumand bo‘lardi.

Men so‘zimni dastlab Murod akani do‘sti va hamyurti Abdulla Oripovning “Mening yer ustida tanishlarim kam, Mening yer ostida do‘stlarim ko‘proq” misralariga mos “Er ostiga ko‘chgan do‘st” deb nomlamoqchi edim. So‘ng o‘ylab qarasam, bu o‘limning zohiriy tomoni ekan. Yassaviy hazratlari “Asling bilsang obi gil” deganlaridek, tana tup­roqqa qorishganida, ruh esa abadiy bo‘lib, asl Egasi tomon yo‘l oladi. Ruhoniyat olamida Murod Xidirning yo‘li porloq bo‘ladi, inshaolloh!

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023 yil 15-son