Tabiatimiz shunaqa: ro‘parangda, yon-veringda yoki qo‘shni bo‘lib hayot kechirayotgan qadrdon insoning qo‘qqisdan lop etib chin dunyoga rihlat qilsa va oradan kun, oy, yillar o‘taversa, azizligi yaqqolroq bilinib borarkan. Ayniqsa, u ma’naviy ustozing bo‘lsa…
Rostdan ham Shukur akaning vafotidan so‘ng yozuvchi sifatidagi salohiyati bo‘rtibroq namoyon bo‘ldi. Buning asosiy sabablaridan biri – adibimiz uzoq yillar kitob chop ettirmay yurganidan balki. Buning ham boisi asr oxiri, yangi yuzyillik boshlariga kelib yozuvchi zotining o‘zi mening yozganim birovga kerakmi, o‘qiydiganlar bormi, adabiyot atalmish serhasham imorat o‘zining xizmat vazifasini o‘tab bo‘lmadimikin, degan hadiksirash, ikkilanish boshlanganidan edi. Axir, Shukur aka “Adabiyot o‘ladimi?” deb bong urganida 1993-yil edi, adashmasam. “Yo‘q, adabiyot o‘lmaydi”, deb yoppasiga e’tiroz bildirdik. Aslida adib chuqur istehzo qilgan edi. “O‘lmasligini o‘zim ham yaxshi bilaman”, degandek sharta “Dinozavr”ni yozdi.
“Dinozavr” o‘sha kunlarning zamonaviy birinchi romani edi. Ushbu fikrni birinchi marta aytayotganim yo‘q. Shukur aka prozada birinchi bo‘lib zamonaviy obrazni yaratdi. Faqat bu odam ziyoli – san’atkor obraz edi. Talab etilayotgan “mustaqillik bunyodkori” emasdi, xolos. Aslida-ku, adabiyotning ilg‘orligi bu bilan ham belgilanmaydi va belgilanmasligi ham kerak. Yozuvchi o‘zining qalb prizmasidan o‘tkaza olgan odamnigina yarata oladi. O‘zi qamrovli nasr jurnalistika, she’riyatdan orqaroqda keladi. Holbuki, “Dinozavr” yaratilganda o‘zbek hikoyasi va qissachiligida hali “raykom”, “komsomol”, “partiya” degan narsalar chuvalashib yurar edi. Shu ma’noda og‘irkarvon janrga baho berilganda qahramonning “dolzarbligi” masalasida baholashga shoshmagan ma’qul, aksincha, asarning o‘z tabiatidan kelib chiqib xulosa qilgan yaxshiroq.
“Adabiyotning o‘limi” borasida bundan sakson yil muqaddam, Tomas Mann tirik paytda, aynan nemis yozuvchilari birinchi bo‘lib bong urishgan.
Bundan ellik yil oldin gvatemalalik adib, Nobel mukofoti sohibi Migel Anxel Asturias quyidagicha fikr yuritgan: “Adabiyotni hech kim o‘z-o‘zidan anglay olmaydi. Zero, ulug‘ ijodkorlar qurib ketgan binoni bir, o‘n, boringki, yuz kishilashib ham qulatolmaysiz. Biz adabiyotga mustaqil mexanizm sifatida qarashimiz kerak va shundagina u o‘zini o‘zi anglay olishini tushunamiz. Biz unga nimadir yangilik kiritamiz deb qo‘lga qalam olmaymiz. Aksincha, adabiyot bizning qo‘limiz bilan o‘zini yangilaydi. Aynan o‘sha qo‘lni topolmagan kundagina adabiyot o‘zini yo‘qlikka mahkum etadi”.
Mana shu aqidaga ko‘ra Xolmirzayev prozasi Qahhor prozasiga taqqoslaganda yangidir. Adib keyingi yillarda yozgan katta-kichik asarlari va hatto esselari bilan adabiyotning sofligini, milliyligini, bayon etish yo‘sinining o‘zbekona ekanini ta’kidlab qo‘ydi. Biz mahliyo bo‘layotgan modern yoki vahima adabiyot Shukur aka uchun “chepuxa” edi, parvo ham qilmasdi.
Bu – Shukur akaning yozuvchi sifatidagi prinsipi.
Merosi esa – biz hali ko‘p o‘rganishga arziydigan munosib adabiy boylikdir.
Shukur Xolmirzayev hikoya qilish usulida “inqilobiy” yo‘ldan bormadi, ayni zamonda o‘zigacha bo‘lgan ustozlarining solgan an’anaviy qolipiga ham tushmadi. “Qotirib qo‘yish”, “mixlab qo‘yish”, “mixlab tashlash” tamoyili ham adib ijodiga uncha mos emas.
Shukur akaning hikoyalarini o‘qiy boshlagan kezlarimdayoq bir narsani – professionalizmni his qilganman. Bu narsani balki mohir nazariyachi bir necha jumla vositasida asoslab tushuntirib qo‘yaqolar, kamina bunday qobiliyatga ega emasligi bois boshqa narsalarni ko‘z oldingizga keltirishga urinadi. Oldindan aytib qo‘yay: ohanjamaga usta adiblarimiz ham bor, ularni professional deb aytmayman.
Shukur Xolmirzayev, masalan, “O‘zbek bobo”, “Bodom qishda gulladi”, “O‘n sakkizga kirmagan kim bor”, “Bandi burgut”, “Qadimda bo‘lgan ekan” asarlarida, garchi o‘qish jarayonida adibning aytar muddaosi bizga ayonlashib borayotgan bo‘lsa-da, detallarga, holatlarga, gap-so‘z tabiiyligiga, qahramon yasama emas, judayam jonli chiqishiga tamom beriladiki, buning zamirida tagingdagi stul yoki ko‘rpacha ham suyagingga botib jismoniy og‘riqlar ham beruvchi uzoq o‘ylov, kashf, ilhomiy, uni boshqarib turgan uzoq va zahmatli aqliy mehnat yotganligini g‘o‘r tajribam tufayli his etaman. Xayol, xotira, so‘z, ibora, maqollar, keng tafakkur, kichkina, ko‘rimsiz detalni ham jonlantirib yuboruvchi o‘zigagina xos adabiy priyom, manyovr, istehzo – bular barini yuzaga olib chiqadigan ustakorlik. Hali bu yoqda yozuvchi ilgari surayotgan g‘oya, ma’naviy prinsiplar bor. Mana shu cho‘ng “lashkar”ni maydonga yoyib yuborib, so‘ng uni to‘riga ilintirib yig‘ishtirib, “ov mahsuloti”ni siz tomoshabinga, mana, deb chiroyli ko‘rsata olish va undan keyin yuragingizda uzoq vaqt kezinib yuradigan ta’sir tuyg‘usini – hamma-hammasini umumlashtirib, men professionallik demoqchi bo‘laman. Bu ta’rifning to‘liq ekaniga da’vo qilmayman. Murod Muhammad Do‘st bir maqolasida Shukur aka oyog‘i yerdan uzilgan prozani yerga tushirib qo‘ydi, deb yozibdi. Bu ham xos-u mos emas, o‘zigagina mansub. Meni ma’zur tutsangiz, yana aytay: faqat bulargina professionallik ko‘rinishi emas. Bu – Shukur Xolmirzayevning professionalligi.
Bir gal, Shukur akaning oltmish yoshlik yubileyi edi chog‘i, Abdulla aka Oripov meni chaqirib:
– Shu, Shukurvoy bilan osh-qatiqsan, bilaman, ayt-chi, uning o‘ziga xosligi nimada o‘zi? – deb so‘radi.
– Professionalligi, – dedim dangal. Va shu so‘zning ortidan picha izohlagan bo‘ldim. – Shukur akadan boshqa bu xususiyatga ega yozuvchini bilmayman, deb qo‘shib qo‘ydim.
Keyin eshitsam, Abdulla aka o‘sha o‘tgan tadbirda yozuvchini uyushma rahbari, o‘zining yaqin qadrdoni sifatida tabriklab, yoshlar Shukur haqida deb – men aytgan fazilatni alohida ta’kidlabdi. Abdulla akaning o‘zi ham buni bilardi, albatta. U kishining ham xuddi Shukur aka kabi meni yaqin olganidan behad sevinganman o‘shanda…
Aslida-ku, professionallik Sh.Xolmirzayevning yozuvchi atalmish ulkan salohiyatini ko‘tarib yo tushirib qo‘ymaydi. “Ena qizim Sayyora!” deb boshlanuvchi xat-maqolasida o‘ziga munosib bahoni o‘zi berib qo‘yibdi. Darhaqiqat, jahon adabiyotining biz “daho” deb taniydigan mumtoz yozuvchilarining hech biridan kam emasligini, o‘z ijod mahsuli, xususan, hikoyalari emas, badiiy sifatini chamalab shunday jasoratli, iqrorli to‘xtamga kelgan.
Biz va adabiyotchilar bo‘lsak, endi-endi iyagimizni qashlab: “ha, darvoqe, shunday”, deyapmiz. Gumrohligimizdan, ro‘paramizdagi daho yozuvchining qadrini bilmaganimizdan bugun ozgina uyalib qo‘yayapmiz.
Kishi haqida maqola yozish lozim bo‘lsa, dabdurustdan kalovlanib qolasan. Boshqani bilmadim-u, menda shunday. Ilgari bir safar Shukur aka haqida xotira yozishni aytishganida, o‘ylab qolganman. To‘g‘risi, nimani yozaman deb cho‘chiganman, aka to‘g‘risida zamondoshlari xotiralari kitob bo‘lib chiqqanda esa tong qolganman: asarlari bilan uncha yaqin tanishmay, o‘zi bilan ko‘p muloqot qilmay ham ko‘p tafsilotlarni shishirib bayon qilsa bo‘larkan-ku, shu gaplarni men bilmasmidim?
O‘ylasam, Shukur akani eslagulik, arzigulik xotiralarim yetarli ekan. O‘tirib, hafsala qilish kerak ekan, xolos.
Shukur aka O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvoni uchun uyushmadan oz miqdorda nafaqa olardi. “Yoshlik” jurnali tahririyati uyushma binosida. Uyushmadan o‘sha pulini olsa, albatta, bizning eshigimizni qoqardi, saxiyligi tutib bizni mehmon qilgisi kelardi. Aksariyat paytlarda quruq qo‘l bilan qaytsa ham zarracha o‘kinganini ko‘rgan emasman. “Pxx” etib o‘zining ustidan kulgandek, bo‘lgan gapni aytib, sarson bo‘lganini bildirardi.
Aka doimo bashang, xuddi yigirma yoshli askardek qaddi tik, shlyapa joyida, tuflisiga gard yuqmagan bo‘lardi. Malomatlanganidan, bu yerdan Do‘rmonga taksi boradimi, borsa necha so‘mga borishi mumkinligini so‘rayotganidan bilardimki, adibning qo‘li yupqa. Shodiqul Hamro bilan kelishib, vaziyatga chora izlardik. Tabiiyki, ko‘pincha o‘zimiz ham Shukur akadan nari-beri ahvolda bo‘lar, ammo astoydil kirishilganda, uyushma tashqarisidagi oshxonaning so‘risiga chiqib, akaning diltortar suhbatini olishga, bir piyola choy ustida gurunglashishga ham imkon topilib qolardi, shom tushganda akani Do‘rmonga kuzatayotganimizda o‘ta xijolatpazlik bilan bu yaxshiligimizni kelgusi safar albatta qaytarajakligini takrorlardi. U kishining xijolat bo‘lganini ko‘rib biz battar xijolat tortardik. Chunki Shukur aka chin ma’noda o‘z og‘amiz bo‘lib qolgan edi.
Hammani ham iti suyavermas edi.
O‘zining adabiyotga, hayotga qarashlari haqida duch kelgan odamga yorilavermas edi. Biz ham bu asarni o‘qib bering, falonga so‘z yozib bering, deb tiqilinch qilmas edik. Balki shuning uchun suhbatimiz sun’iylikdan xoli, ya’nikim o‘tirib olib bir-birimizni alqashdan iborat bo‘lmasdi. Birovga ixlos qilsa, tabiiy suyar ediki, bunday insonlarning sanog‘i uncha ko‘p emas, aksarini esselarida mehr bilan ifoda etgan. Suhbat davomida qulfi dili ochilsa, ana, bor-e, deb ijodiy rejasi, yozilayotgan asarning voqealarini ham to‘liq hikoya qila boshlar, tugun, kulminatsiya, yechim, xulosalarigacha aytib qo‘ya qolardi. O‘zimizcha bu sir tutilishi lozim bo‘lgan “maxfiy” yumushni bekor aytdiyov deb Shodi bilan ko‘z urishtirardik, mavzu, voqeaning o‘g‘risiga aylanishi mumkin-da har odam. Shukur aka cho‘chimasdi. Hozirlar o‘ylasam, aka hammaning oldida “chechilavermagani” holda biz shogirdlari oldida “gullagani” bilan qayerga ham borardik. Boz ustiga boy tajribasi orqasidan o‘ziga yarasha “shumlik” bilan ayni o‘zidan boshqa birov bu ijodiy ishni eplab maromiga yetkaza olmasligini savqi tabiiy anglab turarkan bilsam.
Aka “dom”da ham qo‘shni sifatida goh-goh kirib turar, bir kirganida yonida sovg‘asi yo‘qligi uchun farzandlarim va xotinim oldida o‘ng‘aysizlangan, shunda kelini vaziyatni to‘g‘irlab, ichkaridan Shukur akaning “Bodom qishda gulladi” degan qalin, ammo yupqa muqovali kitobini olib chiqqan, aka zo‘r ehtirom bilan kitobga dastxat yozib bergan edi. Keyinchalik “Sharq” nashriyotida akaning tomliklari qatorlashib chiqqanida qizlarim, “e, bu odam dadamning ustozi, biznikida bo‘lgan” deb eslab qolishardi.
O‘z navbatida, Shukur aka ham “dom”imizdagi besh xonali uyiga taklif qilgan, Saida opaning xushta’m ovqatlaridan tanovul qilganman. Bir fizika o‘qituvchisi, akamning sinfdoshi, qadrdonimiz Shavkat aka Suvonqulov ko‘p kunlar biznikida yashagan, kechqurun Shukur akanikiga chiqib ketib, yarim tunda qaytardi. Bir kuni qarasam, Shavkat aka menga g‘aroyib syujetni gapirib berayotibdi. Bosmachilar hayotidan ssenariy yozmoqchi emish.
– Zo‘r-ku, – dedim hayratlanib.
“Shukur akaning ta’siriga tushibdi-da”.
So‘ng shubhalanib so‘radim:
– Shukur aka aytib bermadimi mabodo?
– Yo‘q, – dedi ko‘zlarini pirpiratib. – O‘zimizdayam bosmachilar bo‘lgan-ku.
Fizik odamning yozuvchiga aylanib qolishiga ajablanib yurdim.
Ittifoqo, kunlarning birida, Shavkat aka ketgach, syujetni qisqa qilib o‘ziga so‘zladim.
– Vo, ukkag‘ar, – deb pixillab kuldi aka. – Men aytib edim. Ssenariy yozarkanmi?
So‘ng yoniga qarab nash’a qilib kuldi-da:
– Yalchitmaydi, – dedi. – Tamom yozolmaydi, hm, yozolmaydi. To‘g‘ri, adabiyotni sevadi, ko‘p o‘qibdi, ammo fizik-ku qadrdoningiz. Keti yer iskamaydigandan bir gap chiqmaydi.
– To‘g‘ri, – deb tasdiqladim men. Darhaqiqat, shoshma-shoshar odam bu ishni eplayolmaydi. Shukur aka shuning uchun xotirjam edi.
Shukur akani mehmon qiluvchilar ko‘p bo‘lardi. Biroq aka bir burda non-u ikki tishlam go‘shtdan nariga o‘tgan emas. Qaysidir yili ekan, ertalab ishga ketgunimcha mashinada Do‘rmon bog‘iga tashlab o‘tishimni so‘radi. Borsak, aka yon-verini qarab simto‘r devor eshikchasining kalitini sira topolmaydi-da. Oxiri ikkovimiz ham devor oshib tushdik. Tiniq suv oqadigan ariq ustiga kichik tapchan qo‘yilgan. Dasturxonda non, pomidor, piyoz qoldiqlari. Qozon… ariqda turibdi. Noning qotib ketganiga qaraganda “mehmonlar” bugungi emas, kamida ikki kun oldin dasturxonni “saranjom” qilishgan.
– Qani, qozonning qopqog‘ini ko‘taring-chi, inim.
Tushib qozon qopqog‘ini ochsam, mayda go‘sht bo‘laklari, ikki taqsimcha keladigan kartoshkalar.
– Bo‘ldi, imzosidan ma’lum. Surxonning darveshlari bo‘lishi kerak, – dedi aka. So‘ng ular kimligi haqida chuqur xayolga berildi. Men yonimdan yo‘lda qozoq savdogardan olgan “Astra” sigareti qutilarini chiqarib qo‘ydim-da, uzr so‘radim.
Menga tashakkur bildirgach:
– Og‘angiz o‘tirib olib ishlaydi endi, – dedi.
Shukur akaning bog‘ini ko‘rganmisiz? Bilmadim, balki hozir ham yashnab turgan chiqar. U yerda turfa gullar barq urib o‘sib, gullab yotadi. Mevalarning ham g‘aroyib navlari bor. Adib o‘z qo‘li bilan parvarishlagan. Navlar, ularning yetilish jarayoni, mevalari, ta’mi, shakl-shamoyili haqida maroqlanib gapiradi.
Shukur aka – usta bog‘bon edi. Bog‘i o‘ziga xos edi. Katta bo‘lmasa ham havas qilarlik chorbog‘.
Ammo aka adabiyotda katta bog‘ yaratdi. Odam bolasi, adabiyot muxlisi uni bir-ikki kunda kezib chiqolmaydi. Bu bog‘ tarovat va ta’mini asrda ham ko‘rsata oladigan, sayribog‘ qilganlarni hayratlantira oladigan go‘zal gulzor, mevazordir.
Bu boqqa havas qilsang, suqlansang arziydi.
Eski “Jiguli”mga o‘tirib xayol surib ketdim: yopiq devor, kichkina kulba, shinam hovlicha, gullar, mevalar o‘sib, pishib yotibdi, tip-tiniq suv oqib yotgan ariq, xo‘p, ikki kunlik yegulik, choy. Men esam, shu bugun nima yeyishim haqida o‘ylayman, kechqurun och qolishimning qayg‘usini qilaman. Akam esa shaharda dimiqib, ozodlikka chiqqan jayronday xursand. Bilaman, ijodiy rejalari ko‘p. Hozirning o‘zida boyagi kichik mashinkasini chiqillata boshlaydi. Yozadi, o‘ylaydi, tuzatadi, kech bo‘ladi, yana yozadi, o‘ylaydi, tuzatadi – ijod qiladi. Biron joyga yozganini chiqarishga ishtiyoq bildirmaydi. Qiziq. Adabiyot shunday yaratilarkan-da, yo‘q, bizning qo‘limizdan kelmaydi – turmush tashvishlari, ish. Ro‘zg‘orga tushovlanib qolganmiz…
Shukur aka sog‘ligidan nolimas edi. Nazarimda, o‘tirib ishlasa, Balzakdan ham bardoshli edi. Doim reja va ilhom bilan yurardi. So‘nggi paytlardagina bir narsadan nolidi:
– Yozadiganim aniq, ishtiyoq, ilhom ham bor, biroq kuch yo‘q. Sobirvoy, kuch yo‘q.
Endi-endi shularni eslasam, aka uzzu kun va tunlari yemay-ichmay, ijod deb sog‘likni ham boy bergan ekan-da… Axir, Odil aka, Aytmatov, Markes… sakson yoshida ham yozishdan to‘xtamadilar-ku.
Oshqozoni xasta ekanini ham aslida dunyodan o‘tgach, kitobidan, qizi Sayyora Xolmirzayevaga bitgan maktubidan bildim. Hayqirmay, muhtojligini, hatto ochligini bildirmay yashash, hech minnatsiz vatan adabiyoti ravnaqiga dadil hissa qo‘shib ketish, ketaverish mumkin ekan-da.
Tavba, tavbalar deysan. Shu Shukur akam… naqadar ulug‘ ekan!..
Xolmirzayevdan katta ijodiy meros qoldi. Shunisi odamga taskin beradi. Hikoyalarida darj etilgan, muhrlanib qolgan mahorat izlarini to‘xtovsiz ta’riflayverish mumkin. Yaqinginada o‘qiganim “Cho‘loq turna”ni yozmoq uchun ilg‘or zoologiya bilimdoni bo‘lishning o‘zi kifoya qilmaydi. Seton-Tompsonning “Qo‘ng‘ir tulki Domino”, “Yovvoyi yo‘rg‘a” qissalarini boshqacha shavq bilan o‘qigan edim. Xuddi odam hayotiday mukammal tasvirlardan hayratlanganman. Shu ixcham hikoyada ham adib qushlar, jumladan, turnalar taqdirining g‘aroyib bilimdoni ekanini ko‘rsata olgan. Turnalar nima uchun “gilam” va qaysi paytda “arg‘amchi” bo‘lib uchishi sababi haqida yoki ular aynan butalar orasiga emas, yerdagi o‘yiqqa tuxum qo‘yishi, yoniga ataylab bir uyum ot tezaklarini to‘plab qo‘yishi sabablarini o‘qib, bu nozikmijoz qushlarning savqi tabiiy “aqli”ga tan berasiz. Turnalar bola parvarishlashida “ota-ona” baravar hissa qo‘shishini Shukur aka qayerdan o‘rgandi ekan, axir, Boysunda turna yashamaydi-ku!?
Kaminada bir talay g‘ayri savollar tug‘ilgan bo‘lsa-da, “Ot yili” qissasida adib ot va obro‘talab odam omuxtaligini ajoyib ifoda etib bergan.
Umuman, Shukur aka yozmoqchi bo‘lgan ob’ektni doim oynaday tasavvur qilgan, bilgan, qaysi joyini bo‘rttirish, qaysidir qismida umumiy ta’rif bilan cheklanishni obdon hisobga olgan. Qaysi asarini olmang, barchasida ham oxir oqibat bir uchidan tarbiyaga taalluqli jihat o‘rmalab chiqib ketadi.
Ataylab misollarga ko‘p to‘xtalmadim. Adabiyotshunoslarning ishi deb o‘yladim. Ko‘p yillar “Yoshlik” jurnalida faoliyat yuritdim. Tabiiyki, yosh yozuvchilar bilan ko‘p to‘qnash keldim. Aksariyat boshlovchilar badiiy mahorat masalasida boshlari qotadi. Rus tilidagi kitobga tushunmaydi, o‘zbek tilida esa shov-shuv bo‘lganlarni o‘qishadi. Yo‘q, uka, sen do‘ppingni yerga qo‘yib, Shukur Xolmirzayev hikoyalarini o‘qi, kam bo‘lmaysan, deyman. Bu maslahat ba’zilarga asqatganini ham sezaman…
Shukur aka, o‘zi g‘ururlanib ta’kidlaganidek, biror dahodan kam joyi yo‘q adib. Birgina istak shuki, asarlari chop etilganda kichik emas, katta adadlarda chop etish lozim. Adib hayotligi chog‘ida yigirma yillab nashriyotlar eshigini qoqmagani o‘zining aybi emas, albatta. Biz endi o‘quvchilar uchun shuning hissasini chiqarsak kifoya. Qolganini kitobxon hal qilsin.
«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 3-4-son