Ushbu xotiralarni qog‘ozga tushirishdan oldin Ne’mat Aminovning (Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin) “Ikki pullik obro‘”, “Qahqaha”, “Yolg‘onchi farishtalar” nomli kitoblarini yana bir bor o‘qib chiqdim, xuddi birinchi marta o‘qigandek zavqlandim. Bir-biriga o‘xshamagan turfa qahramonlarning o‘ziga xos tilda jaranglagan ajabtovur gap-so‘zlari qulog‘im ostida aks-sado berdi…
Biz Ne’mat akaning o‘zini ko‘rmasdan so‘zini o‘qigan, so‘zini o‘qib o‘zini tasavvur qilishga uringan edik. Esimda, bir kuni (o‘tgan asrning yetmishinchi yillari) yozuvchi Erkin A’zamovning uyida Murod Muhammad Do‘st, Nodir Normatov, kamina — to‘rtovlon tong otguncha gurunglashib, Ne’mat akaning hajviyalarini alohida bir zavq-shavq bilan bir-birimizga hikoya qilib, miriqib kulishgan edik. Bu hajviyalar biz shu mahalgacha o‘qigan asarlarga mutlaqo o‘xshamasdi.
Ne’mat aka ayrim qalamkashlar kabi institutni bitirishi bilanoq poytaxtga intilmadi. O‘tkir, mag‘zi butun hajviyalari bilan tanilgach, nufuzli “Mushtum” jurnaliga ishga taklif etiladi.
Poytaxtda yozuvchining iste’dodi har jihatdan namoyon bo‘ladi, hajviyalardan tashqari juda ko‘plab feletonlar, maqolalar yozdi, tanqidni, hajvni noto‘g‘ri talqin qiluvchilarning turli tazyiqlariga sabr-toqat bilan chidadi. Bir muddat badiiy tarjima bilan ham jiddiy shug‘ullandi. Molerning “Soxta oqsuyak”, B.Nushichning “Ministrning janobi oliyalari”, Derfashning “Tirqish”, Gorinning “Sen kim-u, men kim?”, Mixalkovning “Dumaloq xat” kabi komediyalari va Chexov, Zoshchenko, Averchenko, Marti Larni, Aziz Nesin kabi kulgi darg‘alarining asarlarini mahorat bilan o‘zbekchalashtirdi. Boris Privalovning “Ulibki Maysari” kitobining tarjimasi esa, o‘z davrida ancha-muncha shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Nashriyot muharriri tarjimani asossiz salbiy baholab, matnni qizil qalamda bo‘yab tashlaydi. Ustoz avvaldanoq ko‘ngli chopmagan bu ishga qo‘l urganidan pushaymon bo‘ladi. Bu orada nashriyot tarjimashunos olim G‘aybulla Salomovdan ushbu tarjimaga xolis baho berishni iltimos qiladi. Olim 42 betli ichki taqrizida tarjimani yuqori baholaydi. O‘sha taqriz shunday yakunlangan edi: “Hurmatli Boris Privalov afandim mabodo Nasriddin Afandi haqida yangi asar yozmoqchi bo‘lsalar, Ne’mat Aminovning ushbu tarjimasini til biladigan yaxshiroq bir tarjimon topib ruschaga o‘girsalar, Nasriddin Afandi haqida ajoyib, haqiqatga mos keladigan bir asar yaratgan bo‘lurdilar…”.
Tarjima asarning saviyasi asliyatdan ko‘ra yuqori bo‘lishi (ko‘pincha buning teskarisi bo‘ladi) amaliyotda kam uchraydigan voqeadir.
Ne’mat Aminov ijodida hajviyot ustivor yo‘nalish kasb etdi. Turli yillarda yozuvchining “Ikki pullik obro‘”, “Qirq uchinchi pochcha”, “Labihovuz xandalari”, “Jigari to‘kildi”, “Tilla tabassumlar”, “Chinorlar qo‘shig‘i” kabi kitoblari chop etildi.
Ne’mat akaning hajviyalari shavq bilan o‘qilgani uchunmi, bir qarashda osongina, bir nafasda yozilganga o‘xshaydi. Ammo mundoq o‘ylab ko‘rilsa, bu fazilat yuksak mahorat mahsuli ekanligi ma’lum bo‘ladi. Hajviyalariga turtki bergan voqea-hodisalar hayotiyligi va tabiiyligi bilan ajralib turadi, shunisi bilan ta’sirchan, kitobxon ko‘ngliga yaqin. Yozuvchi mohir rassom kabi bir-ikki xarakterli chiziqlar vositasida qahramon qiyofasini o‘quvchi ko‘z o‘ngida yaqqol gavdalantirib qo‘yadi.
Ne’mat Aminovning adabiy merosi haqida gapirganda, shubhasiz, birinchi galda uning “Yolg‘onchi farishtalar” hajviy romani tilga olinadi. Bu bejiz emas. Adabiyotshunoslarning e’tiroficha, adabiy janrlar ichida eng qiyini dramaturgiya. Menimcha, eng qiyini — hajviy roman yozish! Buning isboti — “Yolg‘onchi farishtalar”. Bu asar hozirgacha adabiyotimizda yaratilgan yagona hajviy roman sifatida ham diqqatga sazovordir.
Asarning birinchi qismi “Elvizak” nomi bilan nashr etilgandayoq tilga tushib, mashhur bo‘lib ketgan edi. Ikkinchi qismi “Suvarak” deb ataldi. Har ikki qismning bosh qahramoni yelvizakfe’lu suvarakmijoz Bashirjon Zaynishev. Sir emas, endilikda Bashirjon Zaynishev deyilganda kitobni o‘qigan va undan zavqlangan muxlislar labida beixtiyor tabassum paydo bo‘ladi. Bashirjon Zaynishev shunchaki to‘laqonli, mukammal yaratilgan xarakter emas, zamona zayli bilan yuzaga chiqqan o‘ziga xos tipdir.
O‘tgan asrning o‘rtalarida odamlarni rahbarlik ishiga tayinlashda g‘alati tamoyillar bo‘lardi. Shulardan biri “nomenklatura” deb atalar, buning jaydari ma’nosi — rahbar odam go‘yo onasining qornidan rahbar bo‘lib tug‘ilar, bir ishdan olinsa, xuddi tomdan tashlangan mushuk oyog‘i bilan yerga tushgandek, albatta, yana boshqa ishga rahbar bo‘lib olardi. Bashirjon Zaynishev ham turli lavozimlarda ishlaydi va qayerda ishlamasin, hamma joyda ishni rasvo qiladi, chunki hamisha birinchi galda o‘z manfaatini o‘ylaydi, poraxo‘rlik, ta’magirlik qiladi, maishatga beriladi. Qilmishlari ochilib, endi sharmanda bo‘lay deganda har gal suyangan tog‘i Shamsi To‘rayevich uning joniga oro kiradi.
“Yolg‘onchi farishtalar”ning muhim fazilatlaridan biri — qahramonlar nutqining o‘ziga xosligi. Har bir qahramon faqat o‘ziga xos tilda, o‘ziga xos yo‘sinda so‘zlaydi, shu asnoda uning xarakteri yorqinroq ochilib boradi. “Men “ateistman”! …Lekin, xudoga shukur, musulmonman…”, deydi Bashirjon Zaynishev ko‘kragiga urib. Sug‘urta idorasida rahbariga qanday qilib davlat mulkini o‘marish yuzasidan “qimmatli” maslahatlar bergan xotinmijoz Qiyomxonning asl basharasi ham nutqi orqali fosh qilinadi. Ayrim jihatlari bilan Sadriddin Ayniy yaratgan mashhur Qori ishkambani eslatuvchi Vafo attorning nutqi yanada xarakterli. Umuman aytganda, yozuvchi tilimizning bebaho, betakror boyligi bo‘lmish shevalardan unumli foydalangan. Buxoro vohasining o‘ziga xos koloriti, nafasini yozuvchi asarlarining har bir satrida sezish, his qilish mumkin. Bu esa juda muhim fazilatdir.
Ne’mat akaning asarlarida diqqatni jalb qiladigan muhim jihatlardan yana biri — qahramonlarning ismu sharifi. Qahramonlarga ism tanlay bilish ham alohida mahoratni talab qiladi. Yozuvchi tomonidan topib qo‘yilgan ismlar qahramonlarning kimligini ko‘rsatib, ta’riflab turgandek tuyuladi. Ha, biz Bashirjon Zaynishev deganda bejiz kulib qo‘ymaymiz. Yoki Qirmizxon, Qiyomxonlarning nomlari ham alohida bir “yuk” tashiyotganga o‘xshaydi. Buni qarangki, hatto Qirmizxonning dugonasi ham… Noshpo‘ttixon! Topilmadan zavqlanib, beixtiyor, “E qoyil-e!” deb yuborasiz.
Bugungi kun — ertangi tarix. Yaxshi asar o‘z davrining badiiy solnomasi. Hozirgi yoshlar “Yolg‘onchi farishtalar”ni o‘qib, yaqin o‘tmish — o‘tgan asrning 60-70-yillaridagi ijtimoiy hayot, urf-odatlar, turfa xil odamlarning turish-turmushi haqida ham ancha yorqin tasavvur hosil qilishlari mumkin. Nazarimda, bu asar shu jihati bilan ham ahamiyatlidir.
Ne’mat aka yolg‘on maqtovga muhtoj emas edi. U haqda har qancha yaxshi gap aytsak vijdon qiynalmaydi. Chunki u rostdan ham boladay sodda, beg‘ubor, imon-e’tiqodli inson edi. Shu fazilatlari bilan muxlislaru shogirdlarga suyukli edi. Odamning ma’naviyati, ichki dunyosi yuzida aks etadi, deyishadi. Haq gap. Ne’mat akaning xushro‘y chehrasidan hamisha nur yog‘ilib turardi. Shu o‘rinda “Yaxshilikni avvalo chehrasi ochiq kishilardan izlang”, degan hadisi sharif esga tushadi. Ustozning odamlarni o‘ziga jalb qiladigan ohanrabosi bor edi. Ne’mat aka tabiatan quvnoq, hazilkash va hozirjavob odam edi. Hikoya qilishga, latifa aytishga usta edi. Shu bois, u qatnashgan davrada, albatta, tesha tegmagan hangomalar, betakror hazil-mutoyibalar bo‘lardi. Har bir voqea-hodisani ustoz o‘ziga xos tarzda, ko‘pincha hazilomuz ohangda sharhlar, keyinchalik bu hazil-mutoyibalar og‘izdan og‘izga ko‘chib yurardi. Kamina bunday tesha tegmagan hazillarning ayrimlarini “Do‘rmon hangomalari” kitobimga ham kiritganman.
Samimiy, beg‘ubor hangomalar Ne’mat akaning bisotida ko‘p edi. Davralarda shunaqa hangomalarni aytib, hammani kuldirgach, qah-qahaning ortidan sekingina: “Buni o‘zim yozaman!”, deb qo‘shib qo‘yardi. Darvoqe, shunday hangomalarning bir qismini yozuvchi “Shunda men…” deb nomlangan turkum ostida chop ettirgan.
Ne’mat aka ma’rifatli inson edi, ko‘p o‘qirdi. Kitobxonlikka, mutolaa madaniyatiga alohida e’tibor berardi. Esimda, turli majlis-anjumanlarda yonma-yon bo‘lib qolsak, nutq so‘zlovchilarga o‘zicha baho berib o‘tirardi: “Ha, tushunarli, bu odam kitob o‘qirkan, so‘zidan ma’lum. Mana bunisi aravani quruq olib qochyapti, umrida qo‘liga kitob ushlamagan…”. Balki ana shu fazilati inobatga olinib, Ne’mat aka Yurtboshimiz tashabbusi bilan respublikamizda Ma’naviyat markazi tashkil etilganda ushbu nufuzli tashkilotga rahbar etib tayinlandi. Ko‘plab xayrli, savob ishlarga bosh-qosh bo‘ldi. U hech qachon amal, soxta obro‘, manfaat yuzasidan o‘zini o‘tga-cho‘qqa urmadi. Halol, kamtarona yashab o‘tdi. Qo‘lidan kelgancha odamlarga yaxshilik qildi. Adabiyotga o‘zidan keyin kirib kelayotgan yoshlarning boshini siladi.
Ne’mat akaning shaxsiy hayoti osongina, silliq kechmagan… Hamma narsani yuragiga yaqin olib yurgani axiyri o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Ne’mat aka betob bo‘lib yotganida uning sadoqatli, suyukli shogirdi Ashurali Jo‘rayev bilan kasalxonaga yo‘qlab borganimiz hamon yodimda. Biz o‘zimizcha ustozning kayfiyatini ko‘tarishga harakat qilsak-da, qandaydir bir noxush tuyg‘udan ko‘nglimiz g‘ash edi. Ayni chog‘da, ustozning sog‘ayib ketishidan umidvor edik. Afsuski, o‘sha uchrashuvimiz oxirgisi ekan. Ensizgina karavotda bir tutamgina bo‘lib yotgan ustozning yarim yumuq, nursizlanayotgan mungli ko‘zlari bizga muhim bir narsani uqtirmoqchi, nimanidir vasiyat qilmoqchi bo‘layotganga o‘xshardi. Hayotining so‘nggi yillarida astoydil taqvoga berilgan ustoz balki: “Olloh insonni azizu mukarram qilib yaratgan, ana shu nomga munosib bo‘lib yashanglar!”, demoqchi bo‘lgandir…
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 13-sonidan olindi.