Bahodir Nurmuhammad. Shavkat Rahmon – tarjimon

Iste’dodli shoir Shavkat Rahmon mohir tarjimon edi. Shoirning o‘zi tartib bergan “Saylanma”sida (1997) “Ispan she’riyatidan tarjimalar” degan maxsus bo‘lim bor. Undan Xuan Ramon Ximenes, Rafael Alberti, Federiko Garsia Lorka kabi ispan shoirlarining she’rlari o‘rin olgan. To‘g‘risi, ispan she’riyati, ayniqsa, Lorka ijodi va uning badiiy dunyosi Shavkat Rahmongacha o‘zbek kitobxoni uchun sirli, noma’lumligicha qolib keldi. O‘zbek o‘quvchisi Lorkani Shavkat Rahmon qalami yordamida tanidi. Shuning uchun tarjimonlar, tarjimonlik, tarjima san’ati, ayniqsa, asliyatdan tarjima xususida gap ochilganda, Shavkat Rahmon va Lorka nomlarini aslo chetlab o‘tib bo‘lmaydi.

Sh.Rahmon aynan Lorka ijodini asliyatdan o‘girish istagida ispan tili bilan maxsus shug‘ullanadi, ispanshunos olimlar bilan hamsafar bo‘lib Lorkaning yurtiga boradi; lorkashunoslar bilan maslahatlashadi; shu bilan birga o‘sha millat she’riyatiga xos poetik obraz va shakllarni, o‘sha xalqning milliy urf-odatlarini sinchiklab o‘rganadi.

Lorkaning “Eng qayg‘uli shodlik” (1989) kitobiga kirgan she’rlar tarjimonning yuksak poetik mahoratidan darak beradi. Taassufki, biz ispan tili va adabiyoti bo‘yicha mutaxassis emasmiz. Lorkaning o‘zbek tilida jaranglab turgan she’rlarini asliyat bilan qiyoslashga imkonimiz yo‘q. Biroq “Eng qayg‘uli shodlik”ni o‘qish jarayonida Shavkat Rahmonning naqadar mashaqqatli bir yumushni qoyilmaqom ado etganini tasavvur qilish qiyin emas. Nima demoqchimiz? Fikrimizcha, Lorka she’rlarini tarjima qilish uchun ispan tilini bilish va shoir bo‘lishning o‘zigina yetarli emasga o‘xshab ko‘rinadi. Mening tasavvurimda ispan shoirlarining Gyotesi sifatida namoyon bo‘lgan Lorka she’rlarini tarjima qilayotgan inson ayni damda Ispaniya tarixi va geografiyasini, tarixiy shaxslari va xalq og‘zaki ijodini, ispan she’riyatiga xos individual nazariyalarni, milliy janrlarni, eng muhimi, millat ruhini bilishi lozim. Bunday fikrga kelishimga sabab, “Eng qayg‘uli shodlik” she’rlar kitobiga yozilgan izohlar, tushuntirishlardir. O‘sha sochilgan izohlarning o‘zi muayyan bir tizim asosida jamlansa, Shavkat Rahmonning lorkashunos sifatidagi maxsus tadqiqoti paydo bo‘ladi. Darvoqe, Lorka she’rlarida ko‘p bora takror keladigan “noranj” (apelsin), “trunj” (limon) kabi meva nomining ispan she’riyatiga xos maxsus ramz, so‘z-obrazlar ekani, ya’ni ulardan birinchisi “saodatli sevgi”ni, keyingisi “saodatsiz, aldangan sevgi”ni anglatishi izohlar yordamida ayonlashadi.

Lorka she’rlarida obrazlar, tuyg‘ular, dardu alamlar juda milliy, jonli va tig‘iz ifodasi bilan ajralib turadi:

“Suzar qayiq-fikrlar
Qoraygan qorachug‘ing
Qora bosgan suvida

Chayqaladi chorasiz” – cho‘ng ma’noli, ammo kam so‘zli ifodadan hayron bo‘lib, she’rni qayta o‘qiysiz. Shoir qo‘llagan obrazlar qarinasidan tasavvur yorishadi.

“Tog‘ poyida o‘ltirar
shamol xo‘rligi kelib…”

Bu qisqa metaforada tog‘ va shamol “odam”lashadi. Lorka she’riyatidagi bunday “e’joz maqomi”, shoirona fasohat, qisqa badiiy ifoda, so‘zlar tejami Shavkat Rahmonning estetik didiga, shoirona ta’biga ma’qul kelgani aniq.

Lorka she’rlari tarjimasi jarayonida Shavkat Rahmon adabiy nutqni yangi so‘zlar bilan boyitadi (mishiqi, tupka, po‘la, tirtiq, dolon, kamolgul, buqavoz), ba’zi o‘rinlarda og‘zaki nutqqa xos unsurlar bilan misralarni jonlantiradi (“sochvoraman” – sochib yuboraman, “kuylavorgin” – kuylab yuborgin, “chayvol” – chayib ol, “kiyvolgan” – kiyib olgan va h.k.), goho zarurat yuzasidan “ko‘r baqa”ga “mundaqa”ni qofiya qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘z vaqtida Lorka arab she’riyati bilan ham oshno tutingan. Shu bois bir she’riy kitobini “Tamarit devoni” deb nomlaydi. Biroq bu Sharq mumtoz she’riyatiga xos devon emas. Garchand unda “qasida” va “g‘azal”lar nomi bo‘lsa ham, ular janr e’tibori bilan Sharq mumtoz she’riyati mezonlariga mos kelmaydi. Lorka bunday tajribalarga, o‘z xalqining poetik tafakkurini yangilashga juda qiziqqan bir ijodkor edi. Bu hol “Eng qayg‘uli shodlik”dan o‘rin olgan boshqa she’rlarning shakliy jihatlarida ham ko‘rinadi. Matnni “pillapoyalar”ga bo‘lish, bosh harflar yoki tinish belgilarini qo‘llamaslik, shuningdek, she’r matnida ba’zan qavs ichida ham misralar berish hollari kuzatiladi. Sh.Rahmon ulardan biriga ahamiyat berib: “Lorka she’rlarida qavsning ahamiyati juda katta. Ko‘pincha shoir qavs yordamida birinchi satrga tamomila qarama-qarshi satrni ayirib ko‘rsatadi”, deb tushuntiradi:

“Hadsiz
 kechalarning
 toshli makoni
 sokin makoni.
(Zaytunzorda shamol,
dala-dashtda shamol).

Rostdanam bunda “shamol”ning “sokin makon”ga zid turganini anglash qiyin emas.

Lorka she’rlarini Shavkat Rahmon tarjimasida o‘qir ekansiz, ispan yurtining mozaikasi – G‘arnota, Qurtoba, Andalus kabi tarixiy shaharlari, turli qadimiy qishloqlari, g‘aroyib o‘simliklariga, toshqin daryo va soylari, o‘ziga xos ma’no tashiydigan osmon, yulduz va oylariga maftun bo‘lasiz; lo‘li, mavr, suvori, jandarmlarga duch kelasiz. Uning she’rlarida ankabut to‘r to‘qiydi, soylar shovullab she’r o‘qiydi, shom mahali “muazzin qurbaqa” paydo bo‘ladi, o‘lim elchilari timsoli sanalgan dabdabali suvorilar otiga qamchi uradi; chigirtkalarning tinimsiz chirillashlari quloqqa chalinadi; bir qarasangiz, “bog‘ shomida olti lo‘liqiz” o‘yin tushadi. “Dafn marosimi”da “sariq minorada qo‘ng‘iroq darangi” eshitiladi. Tong yorishayotgan pallani tasavvur qiling, bunda sahar “noranjzor oralab keladi”. Ayni damda “zaytunzordan saharlab zaytun terar xushro‘y qiz”. Gohida “kaltakesak ingraydi, zaifasi yig‘laydi”. Izohlarda: “Lorka ijodida oy o‘limning o‘zi yoki o‘lim yaqinlashganidan darak beradigan bir alomatdir”, deb ta’kidlanadi. “Oy o‘likdir, o‘lik, ammo unga hayot berar bahor”. Bahoriy kayfiyat, yoshlik, shoirning orzularga to‘la “shoyi yuragi”, “bahoriy yomg‘ir”, “bahoriy qo‘llar” o‘limni yengadi… Tabiiyki, Lorka she’rlari izmida bunday shoirona va ravon fikrlashning bosh sababchisi Shavkat Rahmonning tarjimonlik mahoratidir.

To‘g‘risi, Shavkat Rahmon deganda odamning yuragida pokiza, toza tuyg‘ular jo‘sh uradi, ko‘zi oldida chin shoir va vijdonli shaxsning siymosi gavdalanadi. Shavkat Rahmon ijodi, ayniqsa, uning tarjimonlik faoliyati xususida shunchaki, yo‘l-yo‘lakay yozish qiyin. Shavkat Rahmon qalbidagi zavqni anglash uchun, eng kamida shoirning ispan tili va adabiyotiga bo‘lgan mehr-muhabbatini, xolis niyatini yurak-yurakdan his qilmoq lozim.

Men bir adabiyot muallimi sifatida o‘zbek tiliga dunyo she’riyatidan tarjimalar tarixida Shavkat Rahmon bilan yonma-yon Federiko Garsia Lorka ham bamisoli birga tug‘ishgan og‘a-inidek juda uzoq umr ko‘radi, deb o‘ylayman.

Bahodir Nurmuhammad

 “Jahon adabiyoti, 2015 yil, 10-son