Shahnoza Nazarova. Pasternak yo‘li

Biz uni eshitmaganmiz, u haqida eshitganmiz. U she’rlarni qanday ohangda o‘qigan, uning ohangida davr va ijodkor ruh ovozi qanday edi? Pasternakning 1989 yili Moskvada nashr etilgan (“Xudojestvennaya literatura”) besh jildli asarlarini varaqlayman. Birinchi jild sahifalarida 20–40 yosh oralig‘ida yaratilgan she’rlar, poemalar lovullab turadi. Ikkinchi jilddan 40–70 yosh o‘rtaligidagi tiniq tortgan tuyg‘ularga to‘la she’rlar, tarjimalar o‘rin olgan. U kimlarni tarjima qildi ekan? Sobiq tuzum umumshe’riyatidan N.Baratashvili, V.Pshavela, A.Sereteli, T.Tabidze, P.Yashvili, K.Kaladze, T.Shevchenko; G‘arbiy Yevropa she’riyatidan U.Shekspir, J.Bayron, J.Kits, P.Shelli, P.Verlen, A.Jid, E.Verxarn, I.Gyote. Uning “Hamlet”, “Mefistofel” singari she’rlarida qayerdan ulgi olgani mana endi ma’lum bo‘layapti. So‘ng “Doktor Jivago”, qissalar, ijodkor umrining shomida bitilgan maqolalar, ocherklar, xatlar.

Boris Leonidovich Pasternak 1890 yil 10 fevralda (o‘zi esa “Odamlar va vaziyatlar” asarida tavallud sanasi sifatida 29 yanvarni ko‘rsatadi) Moskvada tug‘ilgan. Bolalik va o‘smirlik yillarida musiqa va tasviriy san’at orzulariga berilgan. “Butun nodirlik va favquloddalik musiqachilar, rassomlar, shoirlar dunyosidan dunyoga keladi. O‘smir muhtasham septima[1]ning dastlabki uch ohangini (ohang, tasvir, so‘z nazarda tutilmoqda – Sh.N.) ilg‘adi, tang qoldi, tovushlarning yagona g‘uj birikmasidan shunchaki o‘marilmagan musiqani qanday bunyod etish mumkin – misoli Aleksandr Blokdek, “Fusunkor”dek, “Og‘u”dek; qanday maftun etish mumkin Rembo va Laforgni maftun etgan Pushkindek”[2]. Pasternak o‘z g‘oyalarini asosli va muqim shakllantirish uchun 1909 yil Moskva universitetining tarix-falsafa fakultetiga o‘qishga kirdi, bir muddat Germaniyada tahsil oldi, oxir-oqibat musiqiy, falsafiy qiziqishlarini adabiyotga ko‘chirib qo‘ya qoldi. 24 yoshda “Bulutlar orasidagi egizak” nomli ilk she’rlar to‘plamini nashr etdi. Yoshlik yong‘inlarida futurizmga berildi. Ammo musiqaga oshuftalik, Shekspir, Gyotega oshiqlik bilan faqat futurist bo‘lib qolib ketish mumkin emas. Uyg‘unlik zarur, shaklda, ohangda, fikrda uyg‘unlik, kenglik zarur. Nasriy asarlar, dramatik dostonlar, falsafiy miniatyuralar yaratdi. “Kitob kub shaklidagi cho‘g‘dek bo‘lak, tutab turgan vijdon – bundan boshqa narsa emas. Sayrab juftlashishga chorlash – qushlarni saqlab qolish uchun tabiatning g‘amxo‘rligi, quloqlarga urilgan bahoriy jarang. Kitob – chorlov joyi. U hech kimni va hech narsani eshitmaydi, uning quloqlari batang, u o‘ziga berilgan. Uningsiz ruhning davomiyligi uziladi. U guvranib ovoz bermaydi. U qiyshanglamaydi. Uni yozadilar. U yuksaladi, aqlni to‘ldiradi, ko‘rinishlarni ifoda etadi – bu uning ko‘payishi, unda shunday. Uning bori shu va u aybdor emas. U koinotning ruhoniy tarzi. Yaqin-yaqinlardan o‘ylay boshlashdiki, kitobdagi manzaralar – ayni tomoshalarmish. Bu xatolik. Nega bunday bo‘lar ekan? Bizning o‘lkalarda bir narsani unutishdi: hayot shovurini noto‘g‘ri talqin qilmaslik shartini. Topa olmaslik va haqiqatni so‘zlashdagi no‘noqlik – illat; yolg‘onni xaspo‘shlash biror iqtidordan nishona emas. Kitob – jonli xilqat. U butun xotira va butun idrokka naqsh etilgan: manzaralar, tasvirlar – bular o‘tmish qa’ridan olib chiqilgan, yodga o‘rnashgan va unutilmasdir”[3].

Ijodkor “Og‘ir xastalik” (1928), “Doktor Jivago” (asar dastlab Milanda italyancha tarjimada chop etila boshlangan, 1958 yildan rus tilida bosilgan), “Odamlar va vaziyatlar” (1957) kabi o‘ta keskin ruhdagi ijtimoiy-adabiy asarlari uchun 1958 yil Nobel mukofoti bilan taqdirlandi. Pasternak turli rus qomuslarida 1950–1991 yillar avlodiga mansub ko‘riladi. I.Bunindan (1933) so‘ng bu davr rus adabiyoti to‘rtta Nobel laureatlarini berdi: Pasternak (1958), M.Sholoxov (1965), A.Soljenitsыn (1970) va I.Brodskiy (1987). Ularning hammasi insoniy hamdardlik va baxtsizlikni aritish istagida yonganlar. Pasternakning “Nobel mukofoti” she’ri ham shu istakka aloqador.

Xo‘rlangan hayvondek oxir bitdim men,
Qaylardadir yashar inson, erk va nur,
Menga ozodlik yo‘q, ozod bir yo‘l yo‘q,
Izma-iz quvadir to‘polon-g‘ovur.

Tim qoraygan o‘rmon va hovuz labi,
Qora qarag‘aylar kesilmish – to‘nka.
Har yoqdan to‘silmish yo‘lning tanobi.
Nima kechsa kechar, farqsizdir bunda.

Tubanlik ortida nelar qildim men,
Men bir qotilmidim, tag‘in badkirdor?
Mening nurli, ko‘rkli zaminim uzra
Dunyoni chorlovga to‘ldirganim bor.

Ammo ko‘rmaysizmi – yo‘qlik, nobudlik,
Ammo ishonurman, o‘tgay fasllar –
Adovat va qahr dag‘dag‘asidan
Engib chiqajakdir ezgu nasllar.

Pasternak bu yil 125 yoshga to‘ldi. Uning asarlari hanuz bizga va ertamizga daxldor. Ammo yoshlik va bexabarlik vajidan savollar qiynaydi. Pasternakni chinakam tarjimalarda, tafti kaftni kuydiradigan o‘zbek tilidagi kitoblarda qachon o‘qir ekanmiz? Qachon bemalol “Pasternakni bilaman” deya olar ekanmiz?

Jahon adabiyoti, 2015 yil, 2-son

[1] Septima – musiqiy istiloh. Yettinchi parda va yetti parda oralig‘i.

[2] Pasternak B. Sobr.soch., t 4. –M., 1989, s. 365.

[3] Pasternak B. Sobr.soch., t 2. –M., 1989, s. 367.