Qozoqboy Yo‘ldosh. Poetik yolqin yog‘dusi

Shoir, tarjimon, publitsist Shavkat Rahmonning dunyodan o‘tganiga salkam yigirma besh yil bo‘ldi. Elda: “O‘lding – o‘chding”, degan eshitilishi sovuq, ammo haqqoniy gap bor. Lekin chinakam iste’dod, yirik shaxsiyat ko‘p asrlik maqolni ham yangilashi mumkin ekan. Asl ijodkor dunyodan o‘tgach ham nomi o‘chmasligi, uning chin badiiy umri tana yo‘qlikka ketgach boshlanishi Sh.Rahmon misolida yaqqol ko‘rinadi. Garchi, uning kitoblari tez-tez bosilib turmagan bo‘lsa-da, bitiklari didli she’rxonlar tomonidan eng ko‘p o‘qiladigan poetik asarlar sirasiga kiradi. Umidli yosh ijodkorlarning istisnosiz barchasi she’riyat maydoniga Shavkat Rahmon maktabi orqali kelishi tobora ayon bo‘lib bormoqda.
Umr vafo qilganda, o‘tyurak shoir bu yil yetmishga kirgan bo‘lardi. Yashagan qirq olti va yozgan o‘ttiz yil mobaynida o‘qirman hamda ijodkorlarning e’tibor, e’tirof va muhabbatini qozonish uchun iste’dodli bo‘lishning o‘zi kifoya qilmaydi. O‘zgalarni chinakamiga seva bilgan odamgina boshqalarning sevgisiga sazovor bo‘ladi, ularni o‘ziga ergashtiradi. Sirtdan ko‘zga tashlanmasa-da, Shavkat Rahmonning she’riyatida odamga cheksiz muhabbat yolqinlanib turardi. U, umuman, odamni, xususan, millatdoshlarini yuksak insoniy fazilatlar egasi bo‘lgan shaxs sifatida ko‘rmoq istaydi. Lekin uni o‘rab turganlar istaganiday kimsalar emasligi shoirda adoqsiz iztirob uyg‘otadi. Shavkat she’riyatida ko‘p uchraydigan nafrat ifodasi aslida otashin muhabbat bergan mevalardir.

* * *

Ijod tajribasidan ma’lumki, asl she’riyat muhabbat yoki nafratdan tug‘iladi. Shavkat Rahmon bitiklari aksar hollarda adolatsizlik, yovuzlik, olchoqlik va xiyonatga adoqsiz nafrat tufayli paydo bo‘lgan. Shu boisdan ular – jismni toblovchi og‘riqqa, po‘rtanavor ruhiy to‘lg‘oqlar va shamshirday keskir fikrlar ifodasiga to‘la. Shavkatning she’rlari kishini o‘yga toldiradi, iztirobga soladi, ruhiy og‘riqlarga duchor qiladi.

Zulfiqor ruh kerak,
kerak chin yog‘du,
chin ishq yolqinlari bag‘rimga to‘lsin,
jismimni toblasin faqat chin og‘riq.
chechaklar qop-qora bo‘lsa-da, bo‘lsin­…

Chin so‘z, chin tuyg‘u, chin amallarga doimiy intiqlik chin shoirlik belgilaridandir. Yuqoridagi misralar Shavkat Rahmonni boshqa minglab dardchil shoirlarga yaqin qiladi. Shu bilan birga, ayni shu misralar Shavkat Rahmon degan badiiy fenomenning boshqalardan farq qiladigan jihatlarini ham namoyon etadi: shoir “zulfiqor ruh” istaydi. Unga shunchaki qoniqmaslik, shunchaki norozilik, ruhning shunchaki injiqligi xos emas. Shoir insoniy komillik, odamiy to‘kislik yo‘lida qat’iyat, erkakcha amallar lozimligini chuqur anglaydi. Shu bois hech kim aytolmaydigan yo‘sinda: “Bormi er qizlar?” deya savol qo‘yadi. Odam er bo‘lgandagina yer bo‘lmasligi shoirning barcha asarlari zamiriga singdirilgan yuksak tuyg‘ulardan biridir.
Shavkat Rahmon she’riyati tashqi effektlarga unchalar boy emas. Chunonchi, shoir she’rlarida o‘zbek nazmi uchun odatiy bo‘lgan to‘q qofiya juda kam uchraydi. Bu shunchaki tasodif emas. Shavkat musiqiy mutanosiblikdan, kishi tuyg‘ularini allalab chalg‘itadigan nazmiy ohangdorlikdan atay chekinadi. Kishi yuragiga bexato yetib boradigan, keskir qilichday tekkan joyini o‘yib oladigan zalvorli va qirrador tuyg‘ularni o‘shanga monand yo‘sinda ifoda etadi. She’r to‘q qofiyasiz bo‘lsa, kishini allalovchi musiqiylik unchalar kuchli bo‘lmaydi. She’riy so‘z zalvori misralardagi umumiy ohang og‘ushida yo‘qolib ketmaydi va o‘quvchi uni alohida idrok etish imkoniga ega bo‘ladi. Sh.Rahmon bitiklarida tovushlarni o‘ynatib, hissiyotining nozik qirralarini titkilab so‘zdan olov chiqarishga emas, balki o‘z-o‘zidan gurkirab olovlanib turgan ruhning haroratini, porillab yonayotgan tuyg‘ularning alangasini ifodalashga yaraydigan so‘zlarni qidiradi. Shoir hayoti mobaynida yonib yashadi va bundan malollanmadi, aksincha: “Yonmoqlik munchalar yoqimli!” deya huzurlandi.
Shavkat bir umr keskir zulfiqor ruhning yorqin manzillariga yetib borishga astoydil intilib yashadi. U ruhdagina ozodlik, hurlik bo‘lishini, ruhning farog‘atsizligigina ma’naviy lazzat berishi mumkinligini chuqur anglagan inson, buni tuygan va tuydigini ifodalay bilgan shoir edi.
Chinakam shoir hamisha yo‘l kishisi. Faqat bu yo‘l jug‘rofiy emas, balki ruhiy manzillardan o‘tadi. U gunohlarga botgan zamindan orzudagi yurt – ezgulik tantana qilgan afsonaviy maskan sari otlanadi. Bu yo‘lning mashaqqati ko‘p, ozori cheksiz, farog‘at esa faqat mo‘ljalda. Lekin uyg‘oq qalb jozibador maskan – ezgulik sari chorlayveradi. Shoir bu yo‘lga yurmoqchi bo‘lgan kishi qaltis lahzalarda pand berishi mumkin bo‘lgan eng buyuk dushmani – xiyonatni o‘ldirishi lozim deb biladi. Chunki xoinlik, xiyonat, qo‘rqoqlik kabi illatlar bilan kurash yo‘liga kirib bo‘lmaydi:

Yo‘ldir bu,
nafsning botqog‘i emas,
qilichning damiday chaqnagan yo‘ldir.
Bu yo‘lga yuzingni burishdan avval,
o‘ldir, ichingdagi xoinni o‘ldir.

Adolat yo‘lidagi mashaqqatlar qancha bo‘lmasin, shoirni qo‘rqitolmaydi. Uni “ulkan soat o‘rtasi” – o‘tmish, bugun va kelajak orasida arosatda qolib ketish, tishlari o‘tkiru hislari to‘mtoq kaslar bilan yashash xavfi cho‘chitadi. Bunday kaslarni shoir “qashqirlar” deb biladi. Shavkatning nurli manzillar sari chinakamiga otlangan yo‘lovchi ekani saodat qaror topishi mumkin bo‘lgan mangulikdan ham naridagi xayoliy maskan – O‘shga tiyiqsiz intilishida namoyon bo‘ladi:

Ulkan soat o‘rtasida
Madorim yo‘q yurmoqqa,
Qashqirlar davrasida
Sudralaman turmoqqa.
Shunda qolib ketsam gar
netamiz?
Abadiyat oralab
O‘shga qachon yetamiz?

Shavkat Rahmon: ruhi keskir shoir, shu sabab so‘zi, obrazlari, tash­bihlari keskir va qontalash. Uning so‘rashishga uzatilgan qo‘li ham o‘rni kelsa, “…tig‘day yaltirab ketish”ga qodir. U: “…tilim qonar keskir so‘zlardan”, deb aytishga mahkum ijodkorlardan. Uning tig‘li so‘zlaridan nafaqat tili, balki dili, ruhiy olami tilka-pora bo‘lardi. So‘zki shuncha og‘riqli ekan, bu so‘zlarni yuzaga keltirgan tuyg‘ular qanchalar azobli bo‘lsa! Bularni tuymoq va cho‘chimay, hech kimni ayamay ayta olmoq uchun qanchalar jasorat kerak bo‘lsa! Shoirning: “…bilmoqchi bo‘lsangiz agar shoirlik jasorat so‘zining tarjimasidir”, degan so‘zlarida zarra qadar chiranish, zo‘riqish yo‘q. Shoir dunyoni tozalamoq, uni takomillashtirmoq bo‘ladi. Asli har qanday chin shoir shu niyatda qalam suradi. Ana shunday ulkan va vujudga sig‘mas tuyg‘uga egalikkina odamni ilohiy so‘zga oshno etadi:

Kattaroq ochilsin barcha deraza,
shamollatish kerak
dunyoni bir oz.

Qalbi bezovta, ruhi uyg‘oq shoir dunyoni o‘ziniki biladi. U – dunyoga ham xo‘ja, ham xizmatkor. Shu tufayli Shavkatning yuqoridagiday da’vatlari erish tuyulmaydi. Chunki ochun − uning o‘z mulki. U − dunyoning chin egasi. Egasi bo‘lgani uchun ham uning tozaligi haqida boshqalardan ko‘ra ko‘proq qayg‘urishga ham burchli, ham haqli.
Shavkat Rahmon tamomila o‘ziga xos shaxs bo‘lgani bois olam manzaralirini mutlaqo o‘zgacha ko‘radigan, o‘zgacha tuyadigan, kutilmagan hayotiy hodisalar zamiridan fojia topa biladigan shoir edi. Uning baxti ham, baxtsizligi ham boshqalarnikiga o‘xshamasdi. Uning she’rlarini o‘qigan kishida shoir umr bo‘yi o‘z baxtidan xijolat chekib, omad va oromidan uyalib yashagan, degan o‘y paydo bo‘ladi. Olam tartibotining notugalligi, odamning nokomilligi, jonini tikkani – Vatanning obod emasligi, hayotini bag‘ishlagani – millatning norasoligi, insonlar ruhiyatining bu qadar chirkinlashgani shoir qalbini tig‘day yaralaydi. U vatani va millatining ahvoli uchun xijolat chekadi, o‘zini aybdor sezadi. Shu bois u baxt haqida gapirishdan, yengil, rohatbaxsh havolarda kuylashdan og‘rinadi. Quyidagi satrlar shu holat ifodasi:

G‘am so‘zin elimdan avvalroq aytdim,
baxt so‘zin aytaman,
eldan keyinroq.

Shavkat millatining hozirgi odamlik va odamiylik darajasi bilan kelishmay yashadi. Menimcha, u odam sifatida ham, ijodkor sifatida ham jangari emas, lekin murosasiz edi. Shu bois uning bitganlarida chirkinlikka isyon, inkor, yozg‘irish; yorug‘lik, tozalik va kenglikka intilish kuchli edi. Uning zulfiqor ruhga intilib, intiq bo‘lib yashashi shundan.
Shavkat Rahmon izlagan, qo‘nim topgan zulfiqor ruh manzillari haqida fikrlash kishini uning murakkab she’riyatini bir qadar anglash imkonini beradi. U she’riyatga hech qachon ko‘ngil ermagi, ruhning injaliklarini namoyon etish vositasi, deb qaramagan. Uning uchun she’riyat hayot-mamot masalasi edi. Shoir o‘zining zulfiqor ruhi bosh urib boradigan ko‘ngil, millat, vatan singari manzillar haqida yonib yozardi.
Shoir ko‘ngil yuvilmaguncha, poklanmaguncha, odam o‘zgarmasligini, odam o‘zgarmaguncha olam tarovatli bo‘lmasligini tuygani bois yozadi: “Bir yomg‘ir istarlar, g‘assol istarlar…”. O‘z ko‘nglini poklab yuksaltirolmagan millatning yuksalishi mumkin emas. Odamning odamligini, elning elligini ko‘ngil martabasi hal etadi. Shavkat Rahmon ko‘ngilning o‘lmasligini, abadiyligini, yaratuvchiligini shunday ifodalaydi:

Mendan nima qolur,
abadiy nurlar
barq urib yashnagan dunyo tomonda?
Urinib-surinib sira to‘lmagan
bir ko‘ngil qoladi
qolsa ham mendan.

Dunyoning mavjud tartibotidan shoirning nozik ko‘ngli sira to‘lmaydi. Chunki odamzot to‘la komil bo‘lmagan olamda shoir ko‘ngli to‘lishi mumkin ham emas. Shu bois u o‘z ko‘nglini qontalash qilib bo‘lsa-da, o‘zga ko‘ngillarga yetib bormoq, ularni nafsning iskanjasidan qutqarmoq, yuksak a’mollar haqida o‘ylashga majbur etmoq istaydi:

Faqat ishq…
Faqat ishq…
Boshqasi sarob,
Boshqasi shamolning oniy suroni, –

deb yozadi shoir “Munojot” she’rida. Chindan-da o‘zini tanigan, qalbini taftish qila oladigan odam uchun ishqdan boshqasi, ko‘ngilning yuksak intilishlaridan o‘zgasi o‘tkinchi va omonat. Ammo hamishalik qadriyatni o‘tkinchi havaslarga almashtirishga hozir bo‘lgan kaslar sanoqsiz. Bundaylar haqida: “…tafakkur sasigan, ruhlari so‘lgan”, deyish adolatdandir. Shavkat Rahmon faqat tirikchilik ko‘yiga tushib, ko‘nglini butkul unutgan inson sezimlarini uyg‘otishga, uning ham odam ekanini, avvalo, uning o‘ziga eslatib qo‘yishga urinadi: “Uzoqroq tikilgin o‘zingga, odam!” “…axir, vujuddamas, qalbdadir quvvat”. Shoirning ko‘ngli – o‘ta nozik va sezgir. Shu bois hayotdagi jinday adolatsizlik, andakkina zug‘um uni muvozanatdan chiqaradi, yuragida chandiq qoldiradi:

…haqorat – xotirga sanchilgan nayza.
Sezaman, poyonsiz qorong‘ilikda
chinqirib o‘sadi xo‘rlangan maysa…

Shoir istaydiki, ko‘ngil maysasi zo‘rlik ko‘rmay, shodumon o‘ssin. Asli shu ta’sirchan, yalang‘och va himoyasiz ko‘ngil xossalari odamni shoirga aylantiradi. Mo‘jazgina ko‘ngilning dardlari, og‘riqlari qanchalik ulkan bo‘lsa, shoirning iste’dodi ham shunga mutanosib yirik bo‘ladi. Baland ko‘ngilga ega bo‘lgani uchun ham Shavkat Rahmon g‘urur bilan:

Manim kichik ko‘nglim,
ay, shoir ko‘nglim,
nokaslar ra’yiga tushmagan ko‘nglim!..

deb ayta olgandi.
Shavkat Rahmonning “zulfiqor ruh”iyati bezovtalanib izarlagan ikkinchi manzildan millat joy olgan. U “Iqror” she’rida yozadi:

Men jangchi emasdim,
men shoir edim,
nihoyat shoirdan ko‘ra zobitman,
har nafas musulmon millatim dedim,
nafsiga kuyganlar keldi oqibat.
…yaproqday sarg‘ardim buyuk urushda
musulmon yo‘q edi,
yo‘q edi millat.

Shavkat Rahmonni shoir qilgan ham, uni adoqsiz g‘ambodalik quchog‘iga itqitgan ham o‘z millatiga cheksiz muhabbat tuyg‘usi edi. Shoirning tuyg‘ulari – erkakcha. Uning muhabbati chuchmal navozishlardan yiroq. To‘g‘ri, u millatini suyadi, lekin o‘ysiz, ko‘r-ko‘rona, hisobsiz, taftishsiz emas. U millatning xor bo‘lishi ham, yuksalishi ham uning o‘z qo‘lida ekanligini anglaydi va shoirning bu sezimi, qanoati deyarli barcha she’r­larida aks etadi:

Voy, odam,
Voy, itning kalta oyog‘i,
Ko‘zingda qaynaydi ajinalaring,
Xudodan so‘rayman es-hushim og‘ib,
Tezroq tugasaydi ganjinalaring.

O‘zidan, ko‘nglidan, qadridan bexabar, umrini nafsi yo‘lida ganjina qidirish va yig‘ishga sarflagan millat itning keyingi hamda “kalta” oyog‘i bo‘lib qolishi, bunday kaslar to‘dasini nafsidan bo‘lak narsa qiziqtirmasligi fojiasi shoirni o‘rtab yuboradi. Bu holat unga o‘zigagina xos o‘ktamlik bilan:

…butun borlig‘i-la xomashyo yurtda
men ham odamzotning xomashyosiman

deyish imkonini beradi. Chunki tirik yurishning o‘zigina odamlikni belgilamaydi. Insonlik martabasini ko‘ngil bilan, amal bilan qozonish kerak. Odam degan tabarruk nom darajasiga yuksala olmaganlar odamlikning xomashyosi bo‘lib qolaveradi. Qornidan o‘zga tashvishi bo‘lmagan millati haqida o‘yga botgan shoirning yuragini kemirgan tuyg‘ular zalvori kishini dahshatga soladi.
Shavkat Rahmon ijtimoiy lirikasining eng sara namunasi bo‘lmish “Turkiylar” she’rida asosiy etnik belgisi: boshsizlik va birikmaslik bo‘lgan turkiy xalqlarning fojiasi laxta-laxta qonga aylangan shoir yuragining achchiq faryodi tarzida ifoda etiladi:

Turkda bosh qolmadi…
qolmadi dovlar…
…Tug‘ildi,
Tug‘ildi,
Tug‘ildi qullar…

Shoir bu holat bilan murosa qilmoqchi emas, albatta. U millatdoshlarining qusurlarini aytish bilan shoirlik missiyasini bitgan hisoblamaydi. Shoir millatini chinakamiga uyg‘otmoq istaydi. Shu sababli ham:

Bormi er yigitlar,
bormi er qizlar,
bormi gul bag‘ringda jo‘mard nolalar,
bormi bul tufroqda o‘zligin izlab,
osmonu falakka yetgan bolalar.
Bor bo‘lsa,
alarga yetkarib qo‘ying,
bir boshga bir o‘lim demagan ermas,
shahidlar o‘lmaydi bir qarab tuying:
yovga ters qaragan musulmon emas,
yovga ters qaragan musulmon emas,
yovga ters qaragan musulmon emas,
yovga ters qaragan musulmon emas,
yovga ters qaragan musulmon emas!!! –

deya hayqiradi. Ko‘ngilning tub-tubidan ruhiyatni dolg‘alab, vujudni qo‘porib kelguvchi shunday she’rni bitgan odamning uzoq yashashi qiyin edi. E’tibor qiling: “Bor bo‘lsa, alarga yetkarib qo‘ying”, deydi shoir. Nega “etkazib” emas, “etkarib?” Bu o‘rinda jarangli “z” tovushi vositasida paydo bo‘ladigan ohang shoirga mazmunning zalvoriga mos kelmaydigan darajada muloyimday tuyuladi va fikr ta’sirchanligini yanada oshirmoq niyatida titroq “r” sonoridan foydalanadi.
Sh.Rahmon millat oldiga masala qo‘yishga, bugun o‘zbekning ajdodlar tarixiga munosib yashay olmayotganligi sababi haqida undan so‘rashga, o‘rinli javob ololmagach, eli tiynatidagi illatlarni shafqatsiz tarzda ochib tashlashga o‘zida kuch va haq topadi:

Ey, elim,
qachondir bir gala bedil
ko‘ksingdan dilingni sug‘urgan mahal
nega shol yuzingni burding teskari,
nega tirik qolding ichmasdan zahar?!

Milliy she’riyatimizdagi xalq tasvirga tortilgan bitiklarda omma hamisha jabrdiyda, qurbon tarzida ko‘rsatilishi odat tusini olgan bir vaqtda, itoatkorlik, munglilik, bechoralik, mushtiparlik millat uchun fazilat emas, balki illat ekanini faqat uni astoydil suygan va uning uchun chinakamiga kuygan farzandgina ochiq ayta oladi. Shavkat millatning o‘zini ham qotil, ham maqtul deb biladi. Chunki qullik o‘lim bo‘lsa, qullikka ko‘nikish o‘ziga nisbatan qotillikdir. Shoirning o‘zbeklarga keyingi iddaosi yanada kattaroq. U “Kenglik sog‘inchi” she’rida yozadi:

Ey beklar,
zahar ich – o‘zbeging qolib,
o‘zgaga bo‘ysunding,
o‘lganing shuldir.
Shundanmi boshida teridan qolip
Saksovul singari mayishgan budun…

Shavkatning millat haqidagi she’rlari faqat mazmun ko‘lami bilan emas, balki ifoda tarzi bilan ham o‘ziga xos va o‘ta ta’sirlidir. Bu yo‘ldagi she’rlarda shoir shaxsiyatiga xos sifatlar yorqin namoyon bo‘ladi. Tuyg‘ular o‘zining eng muvofiq va eng ma’qul ifoda shaklini topadi. Shoirning millatga qarata: “…o‘lar bo‘lsang, ozodlarday o‘l, qolar bo‘lsang, endi birikkin”, tarzidagi xitobi o‘quvchini seskantiradi, hayotining ma’nosi haqida o‘ylab ko‘rishga undaydi. Ayni vaqtda bu fikrlarning ifoda yo‘sini ham originalligi bilan e’tiborni tortadi.
Sh.Rahmon olam manzaralarini, tafakkur xulosalarini tamomila o‘zicha idrok etadi. Shuning uchun ham:

…egilgan narsalar tegar g‘ashimga…
egilgan boshlarni
qilichlar kessin, –

deya o‘zbekning keng tarqalgan mashhur eskirmas maqolini ham inkor qiladi. U har bir o‘zbekning odamga munosib tarzda mag‘rur bosh ko‘tarib yashashini orzulaydi. Shunga intilmaganlarni kechirgisi kelmaydi.
Shavkat Rahmonning zulfiqor ruhi bezovta kezib, sarsari istagan yana bir manzil vatan edi. Shoirning vatanga muhabbati chegara bilmaydi va u chaqirig‘u undovlardan iborat emas, u harakatga, amalga qobil: “…shoir yuragimni yulib berardim, birgina Turkiston degan so‘z uchun”. Ayni vaqtda u vatan tuyg‘usini o‘z vaqtida, yetarli ko‘lamda anglamagani uchun o‘zidan yozg‘iradi, chuqur iztirob chekadi. Shoir vatanni anglash yo‘lida hech kimni, jumladan, o‘zini ham ayamaydi. Shu bois: “Sendan-da ulug‘roq narsa yo‘qligin sochim oqarganda angladim, Vatan!” deydi o‘kinch bilan. Vatan haqidagi to‘xtam o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Har kishi o‘z vatanini yashab o‘tishi kerak. Shoir vatanini ichiga joylaguncha, ichdan kechirguncha, uni umri bilan yashab o‘tguncha, sochi oqardi. Shavkat vatanda vatansizlik alamlarini chuqur tuygan va bu sezimlarini ijodiga singdirgan shoir edi. Shuning uchun uning vataniy she’rlari kutilmagan xulosalar, ilmoqli savollar, favqulodda obrazlar va odamni hushyor torttiradigan tashbihlarga boy:

…axir o‘z yerimda daydib, chanqagan
sho‘rlik musofirman,
ulug‘ musofir, –

deb yozadi “Buzilgan devorlar” she’rida. Bu ulug‘ musofirning anduhlari qanchalar ulug‘ bo‘lganikin? O‘zini bilgan odam uchun o‘z yurtida musofir bo‘lishdan ham ortiqroq azob bormikin? Bunday kaslardan iborat olomon yashagan vatanning yitishini shoir “Shohrux Mirzo suhbati” she’rida shunday ifodalaydi: “Erk qani, er qani, asl yer qani?” Shu belgilari bo‘lmagan maskanning vatan, unda shu belgilarni bor qila olmagan qavmning eru, elu, millat atalmoqqa haqqi bormi? Bunday yurtda odamday yashash mumkinmi?

Yurtmi bu,
g‘animdan qolgan malomat
yo ig‘vo qutisi
bilmay o‘tarman.

Shu o‘ylar shoirni tinimsiz bezovta qiladi. U vatanda vatansizlikka ko‘nikkan, o‘z o‘rnini, o‘z holini bilmagan millat ahlidan ozurda bo‘ladi. Qalbi uyg‘oq shoirga shonli ajdodlar ruhining bezovtaligi ayon:

Buyuk ruh chinqirar…
Demak, bor,
bahaybat zulm bor hali,
hali bor odamni quvgan ovchilar,
shundan donishlari ovsaru dalli,
o‘g‘riga aylangan dono tojirlar
shundan chumchuqyurak poshsholari gung,
faqirlar ko‘nikkan balo, qahatga,
shundan vodiylarda o‘sib yotar mung,
hattoki bulbullar o‘xshar kalxatga.

Shavkat vataniy tuyg‘ularini ayab-avaylab ifoda qilmaydi. Chunki u xolis kuzatuvchi yoki sermulozamat mezbon emas. U – shu vatan farzandi va uning egasi! Chin farzand sifatida arzon xayrixohlik, chuchmal muhabbat ulashuvni emas, ruhni uyg‘otuvchi, hissiyotni sergaklantiruvchi qilichday keskir, qamchiday botguvchi, qalampirday achchiq haqiqatning zalvori bilan Vatan vujudi va vatandosh ruhiyatidagi zanglarni ko‘chirmoq istaydi. Uning muhabbati cheksiz bo‘lgani kabi dashnomlari ham jon olg‘ulik:

Vatanim deymanu, bag‘rim qon bo‘lar,
bu qanday vatanki,
xoki birikmas,
buyuk Turon kengliklarida
urug‘lar bir-birin yedi tiriklay…

O‘zini o‘nglamagan, erkiga ega bo‘lmagan, qaddini tiklamagan vatan o‘likdir, uning ahli quldir, degan fikrga keladi shoir. Buni vatanning zabun ahvoli tasviri orqali ifoda etadi: “Turon kengliklari sorig‘dan sorig‘, Ulkan bir o‘laksa yotganday go‘yo…” Zabun vatan, avvalo, sodiq farzandlarini qadrlamaydi, asramaydi. Qullik qadrsizlikdan boshlanadi. Vatan yo‘lida to‘kilgan qonning asl bahosini bilib, o‘lchaydigan zot yo‘q. Shu bois: “Jonim juda arzon… Judayam arzon, Arzondir bu yurtda to‘kilgan qonlar…” Sh.Rahmon ko‘ngil, millat va vatan haqida hamisha anduhli yozardi. Ammo ular yorug‘ manzillarga intilgan nekbin solikning anduhlari edi. Shu ma’noda, shoir kelgan to‘xtam ayni haqiqatdir:

Porlar toshga do‘ngan so‘zlarim,
porlar mangu odamiy ruhim,
porlar Haqqa tashna ko‘zlarim,
Xudo bergan mangu anduhim,
yorug‘ anduhim…

Shavkat Rahmon she’rlarini sinchiklab o‘qigan odamga shoir tirik ekanligidan, bu hayotda yashayotganidan xijolat tortayotganday tuyulaveradi. Bu hol uning bitganlarida bot-bot bo‘y ko‘rsatadi: “Ko‘proq yashab qo‘ydim shekilli”, deydi bir she’rida. Shoir noraso elni, noravo vatanni tashlab ketishga shoshilib yashaganday… Shundanmikin kishi Usmon Nosirni oqsoqol sifatida ko‘z oldiga keltirolmagani kabi Shavkat Rahmonni ham yetmish yoshli oqsoqol sifatida tasavvur qila olmaydi. Butun bir millatu vatanning zil dardini ortmoqlagan majruh ko‘ngil bilan shuncha yil yo‘l bosib bo‘lmaydi, albatta.
Qo‘l urgan ishiga astoydil kirishadigan Shavkat shoirgina emas, halol va zahmatkash tarjimon ham edi. Uning zahmatkashligi shunchalikki, ijodiga mehr qo‘ygan Lorkaning she’rlarini oldin ruschadan o‘zbek tiliga o‘girib ko‘rdi. Lekin sevimlisi Lorkani emas, balki uning tarjimonlarini tarjima qilayotganidan qoniqmay, atay ispan tilini o‘rgandi. Natijada tarjimalarida ispan shoiri she’rlarining ma’nosinigina emas, uning ohangi, ifoda yo‘sini, tabiiy stixiyasini ham bera oldi. Shavkatning aynan Lorka she’rlariga muhabbat qo‘yishi ham bejizga emas. Chunki Shavkatning o‘zi kabi Lorka uchun ham she’riyat faqat ko‘ngil holatlari ifodasi emas, balki ozodlik, erk, go‘zallik, baxt singari ezgu insoniy sifatlarga ega bo‘lish uchun kurashish vositasi edi. Lorkaning: “Ziddiyatli davrimizda ijodkor xalq kulsa kulib, yig‘lasa yig‘lamog‘i, o‘z binafshalaridan voz kechmog‘i, beligacha botqoqqa botib bo‘lsayam binafsha izlayotganlarga ko‘maklashmog‘i shart”, tarzidagi yondashuvi shoir Sh. Rahmonning ham shaxslik belgilari edi. Lorka chin ijodkor o‘z binafshasi (baxti, deb o‘qing)dan voz kechib bo‘lsa-da, xalq baxti uchun kurashayotganlarga yordam berishi kerak, deb hisoblardi.
Shavkat ispan shoirining she’rlarini o‘giribgina qolmadi, balki bu she’riyatni jozibali qilgan omillarni ilmiy tadqiq ham qildi. Zero, bu omillarni anglab olmay turib, ko‘ngildagiday tarjima qilish mumkin emasdi. U Lorka bitiklariga xos qirralar haqida: “Lorka ham yozma, ham og‘zaki madaniyatning ijobiy fazilatlarini  o‘z ijodida omuxta qilgan. Yozma madaniyat, ya’ni Servantes, Lope de Vega, Luis de Gongoradan jismlar va tuyg‘ularning tartibsiz dunyosini uyg‘unlashgan dunyo sifatida tasavvurlashni o‘rgangan bo‘lsa, og‘zaki madaniyat, ya’ni ispan xalq qo‘shiqlaridan tabiatning har bir unsurini jonlashtirish xususiyatini o‘zlashtirgandir. Bundan tashqari ispan xalq qo‘shiqlariga xos bo‘lmish yana bir xususiyat – ranglar va o‘simliklar tamsilidan judayam unumli foydalangan”, deb yozadi.
Lorka she’riyatida ispan yozma va og‘zaki adabiyotiga xos xususiyatlari uyg‘unlashuvining poetik natijalarini o‘zbek tilida berish uchun Sh.Rahmon ispan folkloriga tegishli jihatlar bilan ham bir ilmiy tadqiqotchi darajasida chuqur shug‘ullanadi. Natijada ispan xalq og‘zaki ijodidagi yetakchi ramz va obrazlar tizimi hamda ularga yuklangan ma’nolar qatorini aniqlab chiqadi. O‘zbek shoirining quyidagi to‘xtami uning ispan folkloriga xos xususiyatlarni nechog‘liq teran o‘rgangani va chuqur anglaganidan dalolat beradi: “…ispan xalq qo‘shiqlarida siyohrang – motam; binafsharang – judolik, xotira, sadoqat; ko‘krang – mangulik, haqiqat, adolat, sabot; yashilrang – omad, hissiyot; oqrang – o‘lim, mangulik, e’tiqod, ozodlik; kulrang – qayg‘u; sariqrang – quyosh, bug‘doy, quvvat, ilhom, shuhrat; qizil – qahr, qon rangi, iztirob, ehtiros, g‘urur ramzidir. O‘simliklar: zarang – sof ishq; gulxayri – alam, mahkumlik, xiyonat; terak – mag‘rurlik; bodom – nazokat, bevaqt o‘lim; sabur – og‘riq, qizg‘aldoq, taskin, oniy umr, bekor to‘kilgan qon; qushqo‘nmas – azob, sarv – qabriston daraxti, qayg‘u, motam ramzi; chinnigul – zavq-shavq; yosmin yoki suman – sadoqat, nazokat ramzidir”.
Shavkat Rahmon Lorkaning “Ispan jandarmlari haqida romans” she’ridagi erkka tashnalik, zulmu zo‘ravonlikka adoqsiz nafrat tuyg‘usini ispan poeziyasiga xos unsurlarni saqlagan holda va ayni vaqtda o‘zbek she’rxoniga ham ta’sir qiladigan yo‘sinda o‘girdi. She’rda tabiatning osuda va go‘zal manzarasi chizilar ekan, ispan she’riyatiga xos bir-ikki chizgi bilan jandarmlarning yovuz niyati hamda shafqatsizligiga ishora qilinadi:

Yalang‘och bod gir aylanar
bir chekkada shodu maftun:
nuqra kabi oppoq-oydin,
chiroyli tun, ajoyib tun.

Lorka tunning yoqimli va jonbaxsh manzarasini chizar ekan “oppoq-oydin” tashbihi vositasida tun bag‘riga o‘lim kirib kelayotganiga ishora qiladi. She’rning keyingi bandlaridagi “Tuni bilan o‘q tovshidan taranglashib turdi havo” tarzidagi satrlar go‘zallikning ayovsiz toptalishini anglatadi. Holatni zidlash she’rning ta’sir darajasini keskin oshiradi. Adolat, shafqat tuyg‘ularidan yiroq jandarmlarning yovuz amallari qora tunning yanada qorayishiga sabab bo‘lgani quyidagi satr­larda yaqqol ifodalanadi:

Jandarmlar izg‘iydi och
tunga tag‘in ekib olov,
gulxan ichra yonar o‘smir
va yalang‘och go‘zal xayol.

Lorkaning deyarli barcha she’rlariga xos tabiat ko‘rinishi bilan inson ruhiyati o‘rtasidagi qarama-qarshilikni ko‘rsatish usuliga xos jihatlarni tarjimon o‘zbek tiliga ham bor jozibasi bilan ko‘chira bilgan. Shoirning “Sevilla yo‘lida Antonito el Kamboroning hibs qilinishi” she’ridagi shunday holat ham mahorat bilan aks ettirilgan:

Kiftlarida shomni sudrab,
ufqqa asta qaytadi kun
toreroday po‘shin yoyib,
qora tortar bahrul ochun.

Sodir bo‘lajak fojiadan oldin tashqi dunyoning go‘zal, jozibali va sokin ko‘rinishi berilishi poetik tasvirning ta’sir darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Lorka “Qatl” she’rida azob ramzi bo‘lmish qushqo‘nmas tafsilidan foydalanib, qatl etilgan ayolning ayanchli holatini butun dahshati bilan aks ettiradi:

Qushqo‘nmasda qolgan qushday
chayqaladi jismi dorda.
Va kesilgan barmoqlari
o‘ynay boshlar toshtaxtada –
sajda qilish uchun qo‘lga
birikmoqchi bo‘lar qayta.
Kesvolingan ikki ko‘krak
taglaridan ikki xunuk
kichik osmon ko‘rinar ham
tomchilar qon aralash sut.

Shoir ayolning bunchalar shafqatsizlik bilan qatl etilishi sababini ko‘rsatib o‘tirmaydi, qatl manzarasining o‘zi she’rxonda shu holat va uni yuzaga keltirgan kuchlarga nisbatan adoqsiz nafrat uyg‘otadiki, Shavkat Rahmon shoirning ayni shu badiiy niyatini tarjimada ham yuzaga chiqara bilgan.
Ispan shoiriga xos betakrorlik, obrazlar va ramzlarning murakkab tizimi, tashbihlar originalligi Sh.Rahmon tarjimalarida saqlanib qolganini “Ishqdan o‘lgan o‘smir” she’ridan olingan quyidagi misralar misolida ko‘rish mumkin:

Oy – sarimsoq bo‘lagiday –
bo‘zarib marg qiynog‘idan,
tashlar sariq jomminorga
sarg‘ish sochlar qo‘ng‘irog‘in.

Inson hayotining sariq chaqachalik qimmati bo‘lmagan sharoitda ishq domiga ilingan xayolparast o‘smirning fojiali qismati chigal milliy ramzlar og‘ushida ta’sirli aks ettirilgan. Bizda go‘zallik va ezgulik timsoli bo‘lmish oy – Lorka uchun o‘lim ramzi. Qarigani bois nimtaga aylangan oy shoirga sarimsoq bo‘lagini eslatadi. Uning bo‘zargan tusi esa o‘lim qiynog‘i natijasi. Oyning xira kirchimol rangi sariq jomminorga tashlangan yoqimsiz sariq sochday tasavvur uyg‘otadi. Tarjimon she’rda aks etgan bunday fojiali holat ifodasini o‘zbekchada ham mahorat bilan bera bilgan.
Sh.Rahmon Lorka she’rlarining ma’no-mazmuninigina emas, balki shoirning o‘zigagina xos timsollar tizimi va jo‘shqin ohangini ham o‘zbek tilida jaranglatishga erishgan. Shavkatning tarjimonlik mahorati, begona tildagi timsollar tizimini o‘zbekchaga ziyon-zahmat yetkazmay o‘gira olish salohiyati ispan shoirining “O‘limga mahkum etilgan haqida romans” she’ridagi quyidagi satrlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi:

Soyning og‘ir novvoslari
oyning mavjli mugizlari
uzra quvnab cho‘milyotgan
bolalarni turtib suzar.

Biror o‘zbek shoirining oyli tunda to‘lqinlanib oqayotgan soyda cho‘milayotgan bolalarni bunday tasvirlashi mumkin emas. Mabodo shunday tasvir dunyoga kelganda ham biror o‘zbek o‘qirmani uni ko‘zda tutilgan ma’nosida qabul qilmagan bo‘lardi. Chunki bizning ta’sirlanish va fikr­lash yo‘sinimiz bo‘lakcha. Sh.Rahmon ispanlar hayot tarzi, fikrlash borasidagi o‘ziga xoslikni nozik ilg‘ab, uni o‘zbekchada ham bera bilgan. Necha yuzyilliklar mobaynida quturgan buqa bilan odam o‘rtasidagi ayovsiz jang ifodasi bo‘lmish korrida tomoshasi ruhida o‘sgan, motadorlarga cheksiz havas bilan qaraydigan ispanlar uchun soydagi yirik to‘lqinlarning novvoslarga, har to‘lqinda o‘ynoqlab yotgan hilolning uning mugizlariga o‘xshashi, to‘lqinlar og‘ushida quvnab cho‘milayotgan bolalarni “turtib suzishi” tabiiy qabul qilinadi. Shavkat ana shu tabiiylikni she’rning tarjimasida ham bera bilgan.
Xullas, Shavkat Rahmonning tarjimonlik faoliyati ham uning shoirligi kabi yoniq yurak alangasi mahsuli edi.
Sh.Rahmon o‘zini ayamaydigan, zimmasidagi yukini yengillatishni o‘ylamaydigan yo‘l ahlidan edi. Shungamikin, u yolg‘on dunyoni juda vaqtli tashlab ketdi. Ammo, yaxshiyamki, umr faqat yashalgan yillardan iborat emas. Qilgan amallar hisob ekan. Bir vaqtlar Shavkat Rahmon ellikka kirganlar haqida yozgandi:

Bir nechta yuzi bor…
Xatar chog‘ida
yuzin almashtirar xuddi terlikday,
ziyon-zahmat ko‘rmay, bahor bog‘iday –
bir kun kirib keldi ellikka.

Bu misralar uning ellikka kirgan va undan oshib ketgan jo‘ralarini, erta bir kun ellikka kiradigan inilarini odam degan ulug‘ nomga munosibroq yashashga undab turadi. Chinakam ijodkor bashoratchi bo‘ladi. U xohlab-xohlamay, o‘z baxtini ham, baxtsizligini ham bashorat qila biladi. Negaki, u g‘ayb olami bilan sirdosh, o‘sha yoqning vakili. Shu bois ham yerning tashvishlari, ro‘zg‘orning muammolari ularni kamroq bezov­ta qiladi. Ular o‘z yuksak ma’volarida yashay bilganliklari uchun ham balanddirlar. Yaxshiyamki, olamda qalbi buyurganiday yashay oladigan, to‘siqlarga qaramay ko‘zlagan manziliga intilaveradigan o‘jar zotlar bor. Bu serg‘avg‘o dunyo shundaylar yelkasida turibdi.
Shavkat Rahmondagi baland ruh, erkin ko‘ngil atrofga tiyrak nazar bilan hushyor qarash imkonini beradi. Ruh uyg‘oqligi, ko‘ngil erkinligi shoirga kutilmagan tashbihlarni taqdim etadi. Ruhi qolipda bo‘lgan kishining fikri ham, tuyg‘ulari ham bo‘g‘ovda va uning yaratiqlari esa ozodlikda ham qafasda bo‘ladi. Chunki fikr ham, tuyg‘u ham yaratiq sifatida yaratuvchisining qandayligiga bog‘liq. Shavkat erkin ruh kishisi o‘laroq tortgan jafolari, tuygan ruhiy iztiroblariga qaramay nekbin bo‘lib, ezgulikka umid bilan yashay oldi:

…Biroq yerda mangu yashaydir
ko‘hna yuzim, o‘ychan ko‘zlarim,
demak, o‘lmas bu dunyoda hech
Xudo bergan ezgu so‘zlarim…

O‘tyurak shoir va dilbar shaxs Shavkat Rahmonning ezgu so‘zlari mangu yashash xususiyatiga ega!

Qozoqboy Yo‘ldosh, pedagogika fanlari doktori, professor

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020 yil, 9-son