Ikkinchi jahon urushi yillari O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan rus va boshqa millat yozuvchilari mahalliy hamkasblari bilan yaqin ijodiy aloqada bo‘lishgan. Jumladan, badiiy tarjima sohasida ham. O‘zbek tiliga rus va boshqa milliy adabiyotlar namunalari tarjima qilinishi barobarida o‘zbek adiblarining asarlari ham rus tiliga o‘girilgan.
O‘zbekistonda 1941 yil 9 noyabrdan 1944 yil 13 maygacha istiqomat qilgan mashhur shoira Anna Axmatova ham bu jarayondan chetda turmagan. Chunonchi, u Lutfiy asarlari tarjimasi bilan shug‘ullangani haqida ma’lumotlar bor. Ammo shoiraning chop etilgan tarjima asarlari orasida o‘zbek poeziyasidan namunalar uchramaydi. Vaholanki, Lutfiy ijodidan tarjima qilayotgani haqida shoiraning o‘zi yozgan. Uning “Yana bir lirik chekinish” nomli she’rida quyidagi misralarni o‘qiymiz: “A mne perevodit Lutfi // Pod ognedыshaщim zakatom”.
Anna Axmatova bilan uzoq yillar yonma-yon bo‘lgan taniqli rus adibasi Lidiya Chukovskayaning “Zapiski ob Anne Axmatovoy” nomli kitobida ham shoiraning Lutfiy asarlaridan tarjimalar ustida ishlagani ikki bor qayd etilgan. Ushbu ma’lumotlarga tayanib Lutfiydan qilingan tarjimalar nega chop etilmaganligi borasida taxminiy xulosaga kelish mumkin.
L.Chukovskayaning kitobida “19.12.41.” sanasi ostidagi yozuvda Lutfiydan tarjimasi qovushmayotgani uchun Anna Axmatova iztirob chekayotgani haqida so‘z yuritiladi. Shoira umuman tarjimani uddalay olmasligini e’tirof etish bilan birga, mashhur shoirlar misolida she’riy tarjima aslida besamar urinish ekanligi haqida gapiradi: “Pushkin ham tarjima qilolmasdi — ko‘pincha boshlagani qolib ketardi yoki birinchi satrdan keyinoq tarjima o‘zining asariga aylanib ketardi. Mandelshtam ham tarjima qilolmasdi… Men tarjimalarga ishonmayman. Zarur bo‘lsa, odamlar chet tillarini o‘rganib, kerakli asarlarni asliyatda o‘qishaversin… Mana, Pasternak Verlenni tarjima qildi, natija — na Verlen emas, na Pasternak” (L.Chukovskaya. “Zapiski ob Anne Axmatovoy”. 1-jild, 345-bet).
Ikkinchi bitik (13.09.42), ayniqsa, diqqatga sazovor: “Oldingi gal yozib qo‘yishni unutibman: biz u bilan (Axmatova bilan — Q.N.) Benyashnikiga borayotganimizda, Do‘rmonda o‘zbek tilini o‘rganish bilan shug‘ullanib, Lutfiyni asliyatda o‘qiy boshlagani va hatto undan “Oxirgi qadah so‘zi” uchun epigraf tanlab qo‘yganini aytgandi… jom haqida nimadir degandi. Lekin nima degani yodimda qolmabdi” (470-bet).
“Oldingi gal” Benyashnikiga borishgani 1942 yil 9 sentyabr sanasiga oid gap; ya’ni bitiklar muallifi uch kundan keyin eslab qolib, muhimligini hisobga olgan holda kech bo‘lsa ham bu gapni 13-sentyabrda yozib qo‘ygan.
A.Axmatova O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Do‘rmon sihatgohida 1942 yil avgust oyida dam olgan, aniqrog‘i, davolangan. E’tibor bersak, Chukovskaya bitiklaridagi Lutfiydan tarjimaga oid ikki xotira orasidagi vaqt to‘qqiz oyni tashkil etadi. Axmatovaning bu haqdagi she’ri esa 1943 yil, taxminan, may-iyun oylarida yozilgan. Demak, Lutfiy asarlari tarjimasi ustidagi ish bir yarim yil davom etgan. Ammo bundan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan asosiy xulosa ikkita: birinchisi, o‘z ijodiy printsiplariga sodiq shoira asliyatdan tarjima qilish niyatida o‘zbek mumtoz adabiyoti tilini o‘rganishga kirishgan; ikkinchisi va eng muhimi, nozikta’b, o‘z ijodiga o‘ta talabchan rus shoirasi Lutfiy she’riyatida o‘zining asariga, XX asr rus she’riyatiga mos, hamohang misralar topgan. Shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, qisqa muddatda A.Axmatova o‘zbek mumtoz adabiyoti tilini o‘rganib olishi amri mahol edi. Shunday bo‘lsa-da, ezgu niyatini amalga oshirish uchun dadil harakat qilgani tahsinga loyiq. Vaholanki, shoira o‘sha paytda jiddiy xastalikka chalingan va uzoq vaqt davolanishiga to‘g‘ri kelgan. O‘sha holatda ham Lutfiy asarlarini asliyatda o‘rganishga kirishgan, tarjima san’atiga mas’uliyat bilan qaragan.
Shoira “Oxirgi qadah so‘zi” she’rini aslida 1934 yilda yozgan bo‘lsa-da, 40-yillarda ham asariga qayta-qayta ishlov bergan va bu she’r “Razrыv” nomli turkumga kiritilgan.
L.Chukovskayaning kitobida o‘sha yillari Toshkentda istiqomat qilgan polyak ofitseri, bo‘lg‘usi yozuvchi Yuzef Chapskiy esdaliklaridan bir parcha keltiriladi. Bundan Chapskiy Axmatova bilan uchrashgani va o‘sha yerda hozir bo‘lgan bir necha rus ziyolilariga taniqli polyak shoirlari she’rlaridan o‘qib bergani, bundan tinglovchilar chuqur ta’sirlanganliklari bayon qilingan. Uchrashuv davomida kimdir Axmatovaga shu she’rlardan birortasini rus tiliga o‘girishni taklif etgan. Bunga javoban shoira “Varshavada Mavlud ayyomi” she’rini tarjima qilib berishini aytadi va shu ondayoq: “Men hech qachon tarjima qilgan emasman”, deb kesatib qo‘yadi (427 — 428-betlar).
Nazarimizda, tarjimaga avval ham qo‘l urgan bo‘lishiga qaramay, “Men hech qachon tarjima qilgan emasman” deganida shoiraning o‘ziga o‘ta talabchan, amalga oshirgan tarjimalari san’at asari darajasida chiqmaganidan qoniqmaganini anglash qiyin emas. Darvoqe, keyinchalik shoira polyak adabiyotidan tarjimalar e’lon qilgan, biroq bu asarlar orasida “Varshavada Mavlud ayyomi” she’ri uchramaydi. Balki bu she’rning “taqdiri” Lutfiy ijodidan tarjimalarga urinishlar kabi kechgandir.
Shoira 50-yillarda tarjima bilan jiddiy shug‘ullana boshlagan va umrining oxirigacha o‘ttiz tildagi jami yuz ellik nafardan ziyod shoirning asarlarini ruschaga o‘girgan. Uning ikki jildli asarlar to‘plamidagi izohlarda tarjimonlik faoliyati kam o‘rganilgani, hatto bibliografiya ham mavjud emasligi qayd etilgan. O‘zbek shoiri Lutfiydan ham tarjima qilgani alohida ko‘rsatilib, bu ish nihoyasiga yetmagan bo‘lsa kerak, degan taxmin aytilgan.
Garchi tarjimaga vaziyat talab etganda qo‘l urgan bo‘lsa-da, har safar Axmatova “Bilmayman!” “Uddalay olmayman!”, deb sarkashlik qilgan. Ammo keyinchalik turmush qiyinchiliklari tarjima bilan shug‘ullanishga uni majbur etgan. 1946 yilgi mash’um qarordan keyin uning asarlari uzoq yillar chop etilmaydi. Yashash, oilani boqish kerak edi… L.Chukovskayaning yozishicha, Anna Axmatova o‘zidan ko‘ra ko‘proq atrofidagilarni o‘ylab tarjima olardi: “O‘shalarni deb yetmish olti yoshli Anna Andreevna og‘ir betob bo‘lishiga qaramay, tarjima qilardi…”.
A.Axmatovaning tarjima sohasidagi faoliyati o‘rganilmagan. Jumladan, bizni birinchi navbatda qiziqtirgan Lutfiydan tarjima ham, o‘ylaymizki, arxivlarda o‘z tadqiqotchisini kutib turibdi.
Qodirjon Nosirov,
Namangan davlat universiteti dotsenti
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 22-sonidan olindi.