Olim Davlatov. “Istamankim, ishq mendin o‘zgani qilg‘ay asir…”

Er tutar ko‘nglumda gardundin judo bo‘lg‘an balo,
Jondadur devona ko‘nglumdin xato bo‘lg‘an balo.

Istamankim, ishq mendin o‘zgani qilg‘ay asir,
Hech kishiga bo‘lmasun, yo Rab, manga bo‘lg‘an balo.

Shod yuzlanmang balolar bizga kim bo‘lmas xalos,
Bu ko‘ngul zindoni ichra mubtalo bo‘lg‘an balo.

Vaslida rashk o‘lturur, hajrida — g‘am, vahkim, manga
Vasl aro bo‘lg‘an balodur hajr aro bo‘lg‘an balo.

O‘ltururlar hamdaming bo‘lsam, o‘larmen, bo‘lmasam,
Bo‘lmag‘an, jono, sening birla balo, bo‘lg‘an balo.

Nosiho, oshiqlig‘imni man’ qilding, bilmading
Kim, nasihat birla daf’ o‘lmas qazo bo‘lg‘an balo.

Chun balosiz kom yo‘q topmas baqo komin magar
Kimki, ani o‘rtamas oti fano bo‘lg‘an balo.

Ey Navoiy, toki bordi yor, bildim hajr emish
Shiddat ichra har baliyatdin sivo bo‘lg‘an balo.

(“G‘aroyib us-sig‘ar”, 29-g‘azal)

LUG‘AT:

Er tutmoq – makon tutmoq, qo‘nim topmoq
Gardun – falak, charx
Nosih – nasihatgo‘y, o‘git beruvchi
Qazo – taqdir
Kom – istak
Baliyat – balolar
Sivo – o‘zga

G‘azalning nasriy bayoni

1. Falakdan yerga tushgan balolar mening ko‘nglimda qo‘nim topadi. Ko‘nglimni mo‘ljalga ololmagan balolar esa jonimdadir.
2. Ishq mendan o‘zgani asir qilishini istamayman. Iloho, menga kelgan baloga hech kim yo‘liqmasin!
3. Ey, bizga yuzlangan balolar, ko‘pam shodlanavermang, chunki ko‘nglim zindoniga mubtalo bo‘lgan balo qutulolmaydi.
4. Meni visol chog‘ida rashk, ayriliq paytlarida esa g‘am o‘ldiradi. E voh, hijronda bo‘lgan balo visol chog‘idagi baloning ayni o‘zidir.
5. Sening hamdaming bo‘lsam, g‘animlar meni o‘ldiradilar; agar hamdaming bo‘lmasam, firoqingda o‘zim jon taslim qilaman. Ey jonon, sen bilan birga bo‘lish ham, birga bo‘lmaslik ham katta balo ekan.
6. Ey nasihatgo‘y, menga oshiqlikni man’ qilding. Peshonaga yozilgan baloni pandu nasihat bilan daf qilib bo‘lmasligini bilmading.
7. Maqsadga balosiz yetishib bo‘lmas. Shuning uchun fano otashi degan baloda yonib o‘rtamagan kishi boqiylik davlatini topolmaydi.
8. Ey Navoiy, yor ketgandan keyin iztirobu uqubat bobida hijron har qanday balodan ustun ekanini bildim.

G‘azalning umumiy mazmun-ma’nosi

Mashhur shoir Anvariy Abivardiy qit’alarining birida shunday lutf qiladi:

Har baloye, k-az osmon oyad,
Garchi bar digare ravo boshad.
Ba zamin norasida mego‘yad:
“Xonai Anvariy kujo boshad?”

(Tarjimasi:
Osmondan to yog‘arkan har balo,
O‘zgalarga bo‘lsa ham garchi ravo,
Erga yetmasdan burun: “Qayda erur
Anvariy dargohi?” – deb bergay sado).

Navoiyning bu g‘azalidagi dastlabki ikki baytda ham shunga yaqin ma’no mavjud: osmondan tushayotgan balolar oshiqning ko‘nglini, ko‘ngliga tusholmagani jonini maskan tutmish. Bu balo – ishq balosi. Anvariydan farqli o‘laroq, Navoiy vasf etgan oshiq bu baloni o‘zidan boshqa hech kimga ravo ko‘rmaydi. Bunda ikki maqsad yashirin: birinchidan, Ishq dardi shunchalik og‘ir va halokatliki, mubtalo bo‘lgan oshiq bu dardni hech kimga, hatto dushmaniga ham ravo ko‘rmaydi. Ikkinchidan, bu halokatli dard oshiqning jonu ko‘nglini shunchalik o‘z zabtiga olganki, Dardning o‘ziga aylangan oshiq boshqalar ham shu ko‘yga tushishlarini istamaydi. Muhabbat kuchliligidan unda rashk va g‘ayurlik jo‘sh urib, ishq balosiga o‘zidan boshqa hech kim mubtalo bo‘lmaslikni Xudodan so‘rab yolvoradi:

Istamankim, ishq mendin o‘zgani qilg‘ay asir,
Hech kishiga bo‘lmasun, yo Rab, manga bo‘lg‘an balo.

Demak, har qanday baloga ham sabr qilgan va Xudoni esdan chiqarmagan banda uchun har bir xorlik va qiyinchilik intihosida, shubhasiz, ilohiy mukofot, ajru savoblar bor.
Mavlono Ya’qub Charxiy buyurgandek, “Balo – Ilohiy imtihondir, kimki baloga sabr qilsa, Parvardigor inoyatidan benasib qolmagay… Parvardigor Fir’avnga Misr podsholigini imtihon tariqasida berdi, alaloqibat shirkka yuz burdi. Yusufni Ya’qub diydoridan benasib qildi, quduq ichida ilohiy vahiy saodatiga musharraf ayladi va balolarga ko‘rsatgan sabrining mukofoti tariqasida Misrda aziz etdi”.
Ilohiy sinovdan hamma har xil o‘tarkan, Navoiy ushbu sinov dardi va mashaqqatini ichida pinhon tutib, birovga oshkor etmaslik yo‘lini tanlaydi. Quyidagi baytni naqshbandiylikning “Dil ba Yoru dast ba kor” shiorining zarofat bilan qilingan talqini desak, adashmagan bo‘lamiz:

Shod yuzlanmang balolar bizga kim, bo‘lmas xalos
Bu ko‘ngul zindoni ichra mubtalo bo‘lg‘an balo.

Oshiqlik – azaldan peshanada bitilgan qismat ekan, bu qismatni nasihat bilan o‘zgartirib bo‘lmaydi. Navoiy “qazo” (Alloh taoloning hamma narsalarning kelajakda qandoq bo‘lishini azaldan bilishi; qismat) so‘zini qo‘llash orqali balo so‘zining yana bir ma’nosiga ishora qiladi. Gap shundaki, ruhlar o‘z Parvardigoriga imon keltirgan kunni mumtoz adabiyotda “alast kuni” deya talqin qilishadi. Qur’oni karimga ko‘ra, hali jismlar yaralmasdan avval Alloh taolo ruhlarni yaratib ulardan “Alastu birabbikum?” (Men sizlarning Parvardigoringiz emasmanmi?) deb so‘raganida, ruhlar “Balo” (Albatta) deb javob bergan. G‘azaldagi balo timsoli ana shu alast kuni – ruhlar o‘z Parvardigoriga imon keltirgan kunning sifati bo‘lsa, ajabmas. Qolaversa, aynan o‘shanda ruhlar bir-biriga ulfat tutingan. O‘sha ulfat va unsiyat jism olamida ham davom etadi. Ruhlar to o‘zining yaqinini topmaguncha bezovta bo‘lib, egasini doimiy izlanish va iztirobga solib turadi. Odamlar orasidagi mehr-muhabbat ham, gina-kudurat va dushmanlik ham azaldan bitilgan qismat deganda, shu ma’noni ham hisobga olish zarur:

Nosiho, oshiqlig‘imni man’ qilding, bilmading
Kim, nasihat birla daf’ o‘lmas qazo bo‘lg‘an balo.

Baloning turlari ko‘p. Ammo eng shiddatlisi, eng mashaqqatlisi – yor hijroni. Yor deganda kimni nazarda tutish kerak – do‘stnimi, sevikli mahbubanimi yoki Yaratgan Egamnimi – she’rxon bu borada o‘z holati va kayfiyatiga ko‘ra bir to‘xtamga keladi. Eng muhimi, yorning qaysi ma’nosi qo‘llanilganda ham mohiyat o‘zgarmaydi – hijron balolarning eng og‘iri bo‘lib qolaveradi. Hijron azobini bir marta tortgan odam bunga albatta imon keltiradi:

Ey Navoiy, toki bordi yor, bildim hajr emish
Shiddat ichra har baliyatdin sivo bo‘lg‘an balo.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 7-son