Marhabo Qo‘chqorova. Nurilla Chori hikoyalarida neomifologizm unsurlari

Yaqinda yozuvchi Nurilla Chorining  G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot tomonidan chop etilgan “Tashvishi yo‘q odamlar” nomli hikoyalar to‘plamni o‘qib chiqdim. Mutolaa davomida miflar, umuman, xalq ijodi, bugungi yosh nosirlar uchun ham muhim badiiy shartli vosita sifatida xizmat qilib, neomifologizmning yangi qirralari ochilayotgani ko‘zga tashlandi. Buni N.Chorining hikoyalari orqali yana bir bor chuqur his etdik. Uning “Qizg‘aldoq” hikoyasi bundan rosa o‘n yil avval – 2010 yili “Nasr kengashi” yig‘ilishida “Yilning eng yaxshi hikoyasi” sifatida e’tirof etilgandi. Yosh nosir hikoyada an’anaviy realistik proza an’analari bilan  neomifologizm unsurlarini mahorat bilan qo‘llagan. Yozuvchining hikoyalarida nihoyatda pishiq, juda jiddiy o‘ylangan syujet ko‘zga tashlanadi.

“Qizg‘aldoq” hikoyasida Turdixol kampirning dardi, iztirobi, go‘zal, suluv qizi To‘lg‘onoy bilan bog‘liq yurak og‘rig‘i  nihoyatda yuqori pardada turib kuylanadi. Hikoyada realizm bilan neomifologizm sinkretizmini kuzatish mumkin. Nurilla Chori “Qizg‘aldoq” va “Lo‘litopmaslik chol” hikoyasida inson dardi, uning miskinligi, chorasizligi, baxtsizligini naqadar hayotiy, ta’sirchan va muhimi yangicha badiiy uslubda yoza olgan. Nazarimizda, adabiyotshunoslarimiz badiiy adabiyotdagi yangilanishlar, yangi badiiy shartli vositalarni, badiiyatdagi sifat o‘zgarishlarni u qadar to‘g‘ri anglab tushuntirib bera olmayapti. Adabiy tanqidchilik hozirgi badiiy jarayondan naqadar orqada qolib ketyapti. Bu bugungi o‘zbek adabiyotshunosligining og‘riqli nuqtasi.

Nurilla Chorining hikoyalarida postmodernizm unsurlari ko‘rinyapti. O‘zigacha yaratilgan badiiy matnlar (bu o‘rinda biz “Go‘ro‘g‘li”, “Alpomish” dostonlari va xalq ertaklari, yozma adabiyotdan esa zamondosh yozuvchilar Shukur Xolmirzayev, Murod Muhammad Do‘st, Tog‘ay Murod, Erkin A’zam, Xayriddin Sulton, Nazar Eshonqul, Shoyim Bo‘tayev, Sobir O‘nar, To‘xtamurod Rustam kabi yozuvchilar ijodi), ular yaratgan obrazlar, xalq afsonalariga ishoralar (allogizm – deyiladi, bu hodisa adabiyotshunoslikda), intertekstuallik (matn ichiga matn joylashtirish), neomif (avtorning shaxsiy afsonasi) bilan xalq afsonasini parallel qo‘yib badiiy parallelizm yaratish, xalq dostonlari va ertaklari syujeti va obrazlariga realistik voqelikni analog qilish, metafora, polifonik badiiy qatlam yaratish kabi qator yangiliklar ko‘zga tashlanadi. Lekin bu aslo, realizmni inkor qilish emas. Nurilla Chori realistik voqealarni, odamlarni, ularning shaxsiy g‘am-tashvishlarini, xalqimizning yaqin o‘tmishdagi tarixini nihoyatda hayotiy yozadi. Qiziq paradoks… Hayotiy asarda qadim afsonalar mag‘zi, syujeti, real odamlar hayoti bilan afsonadagi qahramonlar hayoti, hatto ularning baxtsizliklari bir-biriga uyg‘un va ular bitta badiiy matn ichida bir-biriga singishib yashaydi. Ertaklar ichida yashab, ulg‘aygan va hayoti ertakka aylangan To‘lg‘anoyning achchiq qismati odamning qalbiga boshqacha ta’sir o‘tkazadi.

“Lo‘litopmaslik chol” hikoyasida esa boyo‘g‘lixonaga aylangan uyidan bosh olib ketgan Qulmat podachining samovarchi cholga aylanishi, o‘zidan, o‘z hayotidan, shaxsiy armonlaridan to‘yib ketgan erkak fojiasi juda ta’sirchan tasvirlangan. Qulmat podachi  oltmishga kirib farzandli bo‘ladi-yu, Olloh uni ham ko‘p ko‘radi. Tirnoqqa zor odamning qayg‘usi, noroziligi, miskinligi hikoyada juda katta pafos bilan tasvirlangan. Lekin u shu holida ham baxti, taxti to‘kis bo‘lib yashayotgan ba’zi bir qishloqdoshlaridan o‘n karra, yuz karra Insofli va diyonatli odam ekanligi bir voqea misolida ochiladi. Bu tug‘ib, ko‘chaga tashlab ketilgan chaqaloq voqeasida yorqin ko‘rinadi. Butun qishloq ahli bir tomonu, Qulmat podachi bir tomon.

Nazarimizda, yozuvchi “Lo‘litopmaclik chol” hikoyasida o‘zbek xalq dostonlari va ertaklarida alohida motivga aylangan “befarzandlik” motivini realistik syujetga aylantiradi. Aslida, “befarzandlik” hayotda ham, xalq ijodida ham bot-bot uchrab turadi. To‘g‘ri, Nurilla Chori avvalo, real hayotiy voqealarni, odamlarni, xarakterlarni o‘rganadi. Lekin hayotiy materialni badiiy materialga aylantirishda ertak va doston stilizatsiyasidan, folklor motivlaridan, obrazlaridan unumli istifoda etadi. Sabab? Avvalo, yozuvchining badiiy stimul oladigan o‘chog‘i xalq ijodi, nazarimizda. Ikkinchidan, N.Chori o‘quvchiga hayotiy voqeani ta’sirchan va jonli yetkazib berish uchun xalq dostonlari, ertaklari va afsonalariga suyanadi.

“Lo‘litopmaslik chol”da Qulmat podachi gunohsiz bo‘la turib, gunohkorga, yolg‘onchiga, qasamxo‘rga aylanadi. Bu hikoyada shunday tasvirlanadi: “Falakning gardishini qarang-a, hozir u sharmandalik, sharmisorlik davrasiga chiqib turibdi. Ota-onasi notayin bir parcha etga katta aza, katta mojaro. Qulmat podachi o‘z eliga yuzlanib, zor qaqshab yalinib Mulla maxsumdan nelarnidir umid qilib, Tirkashov muallim va Eshon buva boshchi el bilan kurashdi. “Ko‘pga qo‘shmoqdan boshqa da’vo yo‘q” deb muddaosini aytsa-da, Tirkashov muallim: “Ko‘pga qo‘shish qochmaydi. Sen oldin uni qanday topganingni ayt, el bilsin”, deb qistovga oldi. Qulmat podachi gunohkor. Qulmat podachi aybdor. Aytar so‘zini topolmay, axiyri, it o‘ynab yurganini, bolaning er ekani va, nihoyat, uning sunnat qilar joyini it yeb qo‘yganini aytishga majbur bo‘ldi. Olomon baribir uni va o‘sha joyini ko‘roqchi, Tirkashov muallim bilan Eshon  buva ko‘rsa, ota-onasi topiladgandek, o‘sha joyi bitadigandek, Qulmat podachi Qulmat yolg‘onchiga, Qulmat qasamxo‘rga aylanib qoladigandek bo‘ldi”[1].

Qulmat podachini qiyin-qistovga olgan qishloq ahli ramziy ma’noda johil odamlarga ishoradir. Zero, Eshon buva bu odam zurriyodi bo‘lgan chaqaloqni dunyoga keltirib, ko‘chaga tashlab ketganlarga hukm o‘qimasdan, chaqaloqni topib olgan ongsiz bir hayvon Qulmat podachining iti Bo‘ribosarni osuvga hukm qiladi. Bo‘ribosar ancha paytgacha jon bera olmay tipirchilaydi. Bo‘zbola uning bo‘g‘ziga o‘tkir pichoqni tortadi. Qulmat podachi bu dunyoda orttirgan yagona vafodoridan ham ayriladi. Chaqaloq ham olamdan ko‘z yumadi. Yozuvchi ko‘chaga itqitilgan go‘dakning otasi yoki onasiga birorta badiiy ishora bermaydi. Balki uning otasi Tirkashov muallimdir, balki Eshon buvadir, balki Maxsimdir? – degan gumonli javob kitobxon ko‘nglida noma’lum iz qoldiradi. Ammo shunisi aniqki, hukmni o‘qish uchun yig‘ilgan olomon, qizg‘aldoqliklar orasida bu norasidaning otasi ham bor edi, albatta. Bu mash’um voqeaga faqatgina Qulmat podachigina chin dildan, yurakdan kuyinadi. Hatto, “bu ishni kim qilgan bo‘lsa ham, nasli kuysin!” deb qattiq qarg‘aydi. Bu negadir, Tirkashov muallimga qattiq tegadi. Qulmat podachi tayoq ostida qoladi. Xalqimizda: “Baliq boshidan sasiydi”, – degan gap yuradi. Tirkashov muallimga bu tarix begona emas edi. Ancha yillar oldin ko‘kko‘z ayol bolasi bilan Tirkashov muallimni izlab keladi. Uning yonidagi bolasi “…vich” Tirkashov muallimning qizg‘aldoqliklarga ma’lum bo‘lmagan, noqonuniy farzandi bo‘lib chiqadi. Hikoyada “…vich” haqidagi ilmoqli gaplar orqali uning juda katta shaxsga aylanib, poytaxtda yashashidan xabar topamiz. Qizg‘aldoqga boshidan buzilgan mana shunday kishilar Oqsoqolu, Tirkashov muallim, Eshonlar boshchi edi. Yozuvchi bunga hikoyada nozik kinoya va ilmoqli gaplar bilan badiiy ishoralar beradi.

Xullas, N.Chori hikoyada bu dunyoda topib bo‘lmaydigan halol, insofli, imonli, mehnatkash, ammo baxtsiz va miskin bir inson haqida mana shunday ta’sirchan hikoya yozadi.

Beixtiyor, xalq ijodining beqiyos va hech tuganmas badiiy inertsiyasiga tahsin o‘qiysiz. Yozuvchi o‘zbek xalq ertaklari, dostonlari, maqollari, obrazli iboralar, so‘z o‘yinlarini, xullas, xalq tilini (xususan, bu o‘rinda yozuvchi tug‘ilib o‘sgan makon – Qashqadaryo nazarda tutilyapti – ta’kid bizniki. – M.Q.) ko‘p o‘qigani, uqqani, chuqur o‘zlashtirgani, uning ichida yashagani ko‘rinib turibdi. Bahodir Sarimsoqov ta’biri bilan aytganda, Nurilla Chori “xalq ijodining tuganmas xazinasi”dan yaxshi foydalana olgan. Sho‘ro davri yozuvchilari o‘zlarining milliy ildizi “Qur’oni karim”, Islom dinining umuminsoniy ma’naviy-axloqiy g‘oyalari, mumtoz ijodkorlarning barhayot badiiy shartli priyomlaridan yetarli darajada foydalana bilmadi. Bunga sotsialistik sho‘roviy mafkura yo‘l bermadi. To‘g‘ri, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Asqad Muxtor kabi katta so‘z san’atkorlarimiz ham xalq ijodidan foydalandi. Lekin ular yashagan davrda tazyiqlar va to‘siqlar bor edi. Ular cheklangan holda foydalanishdi. Nurilla Chori hozirgi o‘zbek prozasida yangilik qilishga intilayotgan, eng muhimi, o‘zining yangi yo‘lini topa olgan yozuvchi. Bunga hamma ham erisha olmaydi. Ko‘pchilik yozadi, yozaveradi, jildliklar paydo bo‘ladi. Lekin yozuvchi degan sharafli nomga sazovor bo‘la olmay o‘tib ketadi. Bu albatta, og‘ir qismat. Yozuvchining zuvalasini karami keng Olloh juda chiroyli qoribdi. Olloh yaratuvchi, Inson esa doimo o‘z yaratuvchisiga taqlid qilib yashaydi. Olloh o‘zining yaratuvchilik qobiliyatidan o‘zining suygan bandalariga bir tomchi beradi, xolos. N.Chorida o‘sha tabarruk tomchi bor.

Bugun adabiyotdagi cheksiz erkinlik, milliy adabiyotimizni o‘z o‘zaniga qaytib kelishiga yo‘l ochdi. Nazarimizda, Shoyim Bo‘tayev, Nazar Eshonqul, Isajon Sulton, Ulug‘bek Hamdam, Bahodir Qobil kabi qator o‘nlab ijodkorlarimiz ijodida g‘arb adabiyotining ilg‘or ijodiy an’analaridan tashqari, xalq ijodiga, islomiy milliy g‘oyalarga, umumbashariy badiiy talqinlarga qaytish, ularga murojaat, neomif nasr unsurlarini kutilmagan va ko‘rilmagan holatda qo‘llash holati ko‘zga tashlanayapti. Shu ma’noda, Nurillaning yozganlarida ham bu jarayon yuz berdi.

Biz bu o‘rinda “Bo‘ron tingan kecha” hikoyasini tahlil qilmoqchimiz. Hikoya o‘quvchini nihoyatda to‘lqinlantiradi. Hikoyadagi kitobxonni to‘lqinlantirgan, hayajonlantirgan g‘oya bu –  tog‘aning mukarramligi, muqaddasligi haqidagi xalqona milliy qadriyat talqini. Asarda ajib tarzda badiiy ifodalangan tog‘a-jiyan munosabati o‘quvchi qalbida farahbaxsh tuyg‘uni uyg‘otadi. Hikoyada to‘qqizta qiz ko‘rgan Tashkanboy miroxur elga dasturxon yozib, to‘qqizinchi qizining “elkasiga” qoqmoqchi. Nurilla Chorining yozganlarida unutilayozgan xalq udumlari, xalqona an’analarning badiiy ifodasi bor. Bunga hikoyadagi miroxurning elga dasturxon yozishi, to‘qqizinchi qizning yelkasiga “qoqish” marosimini o‘tkazishi, “tog‘a-jiyan”ning bir-biriga ko‘rsatgan ehtiromi singari milliy udumlar misol bo‘ladi. Hikoyadagi eng hayajonli lahza tog‘a-jiyanning bir-biriga raqib sifatida kurash maydoniga tushish sahnasidir. Jiyan tog‘ani tanib qolib, o‘z xohishi bilan taslim bo‘lishidir. Polvonlar Shaymardon polvon bilan O‘roq polvon, ya’ni tog‘a-jiyan bir-biriga talabgor bo‘lib, davraga chiqishadi. Tog‘a-jiyan bir-birini tanimaydi. N.Chori sho‘ro davridagi dahshatli fojialarga qisqagina badiiy ishoralar qilib ketadi. Yozuvchi o‘tmish voqeligiga chiranib tavsif berib yotmaydi. Badiiy matnda ixchamlikka va qisqalikka, lekin ma’nodor, ramziy, ishoraviy badiiy talqinga erishadi.

Masalan: “…Peshindagidek bo‘ron qo‘pgan kun. Uning peshonasidan bir odam o‘pdi. Mahkam quchoqlab, manglayini manglayiga tiradi: “Bu olamning savdolarini bir kun o‘zing yechasan, menga oson tutma, otangni ham kutma. Shu kungacha g‘ayridin olib ketgan biror odam qaytmadi. Kishining moliga teginma. Qo‘ling halol, nima ish qilsang-da, bir kun biz tomonga Xudoyqul deb izlab bor. Yetimni Yaratgan yaxshi ko‘radi, boshini yormaydi. O‘zingni ehtiyot qil…” deb, ikki qop somon ostidan faqat boshini ko‘rinib turgan oq burun, olaqashqa samanga marhumani yukladi. Shaymardon biyaning ortidan yig‘lab chopdi…”[2]. Ayolning mayitini olib ketayotib, tog‘aning aytgan gaplari  Shaymardonning xotirasidan umrbod o‘chmaydi. U tog‘ani izlab keladi. Ammo o‘rtada urush boshlanib, urushga ketadi, urushdan qaytib kelgach, Xudoyqul urushda vafot etib “Qora xat kelgan” degan gapni eshitib, shu bilan Tog‘ani izlab-istamay qo‘yadi. Ammo Tog‘a tirik bo‘ladi. U  “Olloh” nomi bilan bog‘liq ismini (Xudoyqul) O‘roqqa o‘zgartirgan. Yozuvchining tarixiy ijtimoiy davr fojialariga naqadar ustalik bilan nozik ishoralar berganini his etish mumkin. Sho‘ro hukumati davrida Ishchi-dehqonlar sinfining ramziy simvoli “O‘ROQ VA BOLG‘A” edi. “Butun dunyo proletarlari birlashingiz”, degan shior ostida birlashgan ishchi-dehqonlarning ramziy emblemasi “o‘roq va bolg‘a” sovet hukumatining gazeta va jurnalarining bosh sahifasiga qo‘yilgan. Ishchi-dehqonlarning mafkuraviy brendi – “O‘roq va bolg‘a” edi.

Davrning nog‘orasiga o‘ynashga majbur “Xudoyqul” o‘z jonini, molini, oilasini, tinchini o‘ylab, sovet hukumatining simvollaridan biri “O‘roq”ni o‘ziga ism qilib tanlaydi. Lekin hikoyada bu kabi tafsilotlarga yozuvchi izoh bermaydi. Shunday bo‘lishi kerak edi. Bu davr taqozasi edi-da. Axir, “Xudosizlik” g‘oyasi ilgari surilgan jamiyatda “Xudoyqul” ismli odam, albatta, jahannamga ketishi aniq edi.

Shu o‘rinda, mashhur rus yozuvchisi Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita” romanidagi Voland (Shayton)ning Berlioz va Bezdomniyning quyidagi suhbati esga tushadi: “Chet ellik skameykaga suyandi va sinchkovligi qo‘ziganidan chiyillab so‘radi:

– Sizlar – ateistmisiz?!

– Ha, bizlar – ateistmiz, jilmayganicha javob berdi Berlioz,

achchig‘i chiqqan Bezdomniy esa: “Muncha xira bo‘lmasa bu ajnabiy sulloh! – deb ko‘nglidan o‘tkazdi.

          – O, qanday maroqli! – deb chinqirib yubordi antiqa ajnabiy goh u, goh bu adibga o‘girilib qararkan.

         – Bizning mamlakatda ateizm hech kimni ajablantirmaydi, – diplomatlarga xos nazokat bilan dedi Berlioz, – aholimizning ko‘pchiligi xudo haqidagi afsonalarga anchadan beri ongli ravishda ishonmay qo‘ygan”[3].

Bu ateistlar jamiyatiga asos solgan Sovet hukumati ustidan bulgakovona istehzo bilan yozilgan buyuk satrlardir. Keyingi parchaga ham e’tibor qaratamiz: “ – Ha, attang! – dedi notanish ajnabiy ko‘zini chaqnatib, so‘ng gapida davom etdi:  – Lekin meni boshqa masala bezovta qilayapti; agar xudo yo‘q bo‘lsa, unda bashariyat hayotini va umuman, yer yuzidagi barcha jonzodlarni kim boshqarayapti, degan savol tug‘iladi.

Bu ochig‘ini aytganda, uncha oydin bo‘lmagan savolga Bezdomniy jahl bilan shosha-pisha javob qildi:

– Kim bo‘lardi, insonning o‘zi-da!

– Kechirasiz, muloyim ohangda javob qildi notanish kishi, hayotni boshqarish uchun, hech bo‘lmasa, oz muddatlik aniq bir reja bo‘lishi kerak. Vaholanki, atigi biror ming yil muddatga reja tuzish u yoqda tursin, hatto o‘zining ertangi kuni haqida ham bir nima deyishga ojiz bo‘lgan inson, qani, menga aytingchi,qanday qilib hayotni boshqara olsin…”[4]. Bu romandan olingan parchada Voland (shayton)ning insoniyat ustidan, xususan, sho‘ro hukumati ustidan achchiq istehzosi aks etgan. Salkam 20 yil davomida yozilgan Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita” romanida Shayton bazmi bilan bog‘liq mifologik voqelik realistik tarixiy-siyosiy jarayonga (Sho‘rolar hukumati siyosati) metaforik badiiy shartlilik vositasi sifatida roman matnida neomifologik, polifonik badiiy qatlamni vujudga keltirishga xizmat qilgan. Ba’zi bir rus adabiyotshunoslari Shayton bazmida qo‘lida yalang‘ochlangan qilich ushlab o‘tirgan Voland obrazi ramziy ma’noda Stalinga metafora deyishadi.

Biroz mavzudan chetlashgandaymiz. Yana yozuvchining sovet hukumatining fojialariga yashirin, ishoraviy metaforalar yasagan hikoyasi “Bo‘ron tingan kun”ga qaytamiz. Muallif o‘z qahramonining ismini o‘zgartirish sababini aytmasdan, “O‘roq”qa o‘zgartirib qo‘ya qoladi. Ziyrak kitobxon hikoyadagi yaqin o‘tmishda sodir bo‘lgan tarixiy-siyosiy fojialarga ramziy ishoralar qilayotgan matn osti sirlarini o‘zi anglab yetishi kerak, albatta. Davr fojialari tufayli qon-qarindoshlik munosabatlari barham topgan tog‘a-jiyan Tashkanboyning marosimida qayta topishadi. Qadim xalqona inonchlar va milliy qadriyatlar ruhida toblanib, tarbiyalangan Bo‘ron qo‘pgan kechada bir-birini yo‘qotgan tog‘a-jiyan Bo‘ron tinganida topishadi. Bu, tabiat tasvirlari ham ijtimoiy-tarixiy davrga, qolaversa, qahramonlar ruhiyatiga ham ramziy ishoralar beradi. Ya’ni “talo-to‘p”, “ot-ot”, “ur-yiqit”lar davri (sobiq sho‘ro)ga “Bo‘ron qo‘pgan kun” metafora sifatida kelsa, dahshatli qatliomlarning tugab, tinch zamonga kelishi “Bo‘ron tingan kun”ga metaforadir. Yana Bo‘ronning qo‘pishi – tog‘a-jiyaning bir-birini yo‘qotishiga, Bo‘ronning tinishi – tog‘a-jiyanning bir-birini topishiga ramziy ishoralar qiladi.

Tog‘a-jiyan munosabatini “Go‘ro‘g‘li” dostoni genezisini maxsus o‘rgangan folklorshunos Shomirza Turdimov mazkur qavm-qarindoshlik munosabatining juda qadimiy asosga egaligini, hamda bu aloqalar turkiy xalqlar o‘rtasida nihoyatda muqaddas tushuncha ekanligini izohlab shunday yozadi: “1. Tog‘a yurtda jiyanga nisbatan alohida hurmat-e’tibor qaratilgan. Jiyan ona yurtiga ko‘chib borib, o‘zini hech bir kam-ko‘stsiz, o‘sha jamoaning teng huquqli a’zosi sifatida yashashga haqli bo‘lgan; 2. To‘y marosimlarida jiyanga alohida hurmat yuzasidan jiyan oyoq berilgan; 3. “Jiyan kelsa yetti bo‘ri chopday”, degan aytim ham ushbu an’ana, tasavvurlarning ifodasi bo‘lib, unda “bo‘ri” ajdodlar ruhi timsolini ifodalaydi va har bir jiyan yetti ota ajdodlar ruhi bilan ushbu jamoaga bog‘liq, degan ma’noni anglatadi”[5]. Bu iqtibosda Jiyanning alohida vakolatlari, Tog‘a yurtdagi haq-huquqlariga izoh berilayapti. Endi esa Tog‘aning vakolatlariga e’tibor qaratamiz. Olimning bu boradagi ilmiy kuzatuvlariga diqqat qaratamiz: “1. Nikoh to‘yida qizga vakil ota sifatida tog‘aning tanlanishi; 2. O‘lim marosimida mayitni qabrga tog‘a qo‘yishi; 3. Qiz bolani uzoq safarga jo‘natish kerak bo‘lsa, asosan, tog‘a hamrohligida jo‘natish an’anasi bo‘lgan”[6].

Olim juda to‘g‘ri belgilab ko‘rsatganidek, jiyan Tog‘a haqida mana nima deydi: “…Polvonning ko‘zlari “Bir kun bu tanni tuproqqa topshirar bo‘lsam, manzil-makonimga qo‘yar odamning qanday yoqasidan olay, oqsoqol?!” derdi.”[7] Shaymardon polvon raqib qiyofasida o‘zining “tobutkashi”ni, tanasini mangu manziliga eltuvchi qadrli qarindoshini ko‘radi. Qahramonning bunday o‘ta milliy ruhi tabiiyki, folklorshunos nazariy jihatdan o‘rganganidek, ming yillik tarixiga ega bo‘lgan “matriarxaizm” an’analari bilan bog‘lanib ketadi.

N.Chori hikoyada Oqsoqol va Polvonning ichki monologi orqali “Tog‘a”ning azaldan muqaddas va mukarramligi qadim “Go‘ro‘g‘li” kabi xalq dostonlariga borib bog‘lanishini quyidagicha ifodalaydi. “– Oqsoqol, bu olamda tog‘a nega bunchalar mukarram?

– Polvon, bu olamni qo‘yatur, zimiston, qorong‘u lahad tuqqan jiyanni to‘rga o‘tqazib siylagan ham yuragi yoldor bahodir tog‘a edi-ku! Er yigitni go‘rdan olib taxtga chiqazgani uchun lahadga qo‘yish ham uning zimmasida qolgandir, balki. Elsaroyda Norbo‘ta Sharof bo‘lsam-da, ular nimaga tayanib yashaydi, bilmasam, polvon!”[8].

Demak, muallif qahramonning ichki monologi vositasida “Go‘ro‘g‘li” dostoni syujetida alohida yo‘nalish sifatida shakllangan “tog‘a-jiyanlik” munosabatlariga ham ishora berib o‘tadi. “Go‘ro‘g‘li” dostonning turli variantlari va versiyalarida lahaddan olib chiqib, Go‘ro‘g‘lini tarbiyalagan odam uning tog‘asi Ahmad Sardor bo‘ladi. Go‘ro‘g‘lining onasi Ahmad Sardorning singlisidir. Albatta, bu o‘rinda biz doston versiyalarini tahlil etish niyatida emasmiz[9].

“Bo‘ron tingan kecha” hikoyasiga yozuvchi Murod Muhammad Do‘stning “Lolazor” romanidan iqtibos epigraf sifatida keltirilgan: “…Jonuzoq arab sal guppiroq va bepisandroq odam edi. Uning nazarida, bu yorug‘ dunyoda atigi ikkita hurmatga loyiq odam bor edi: biri –galatepalik rais Raim G‘aybarov, ikkinchisi – qamashilik rais Norbo‘ta Sharof”[10]. Nurilla Chori hikoyada “Lolazor” romani qahramonlaridan biri  Jonuzoq arab nazaridagi ikki yaxshi odamning biri Norbo‘ta Sharofni o‘z hikoyasiga olib kiradi. Yuqorida aytganimizdek, yosh muallif hikoya matnida allogizm, ramziy ishoraviy metafora, intertekstuallik badiiy vositalaridan mahorat bilan foydalanadi. Natijada, yozuvchi hikoya badiiy matnida  an’anaviy realistik an’analardan chekinib, badiiy uslubda yangilanish qilishga to‘la ma’noda erishgan.

N.Chori badiiy matnni yaratishda xalq ijodi uslubidan, doston, ertaklar stilidan nihoyatda unumli foydalanadi. Buni quyidagi jumla fikrimizni isbotlaydi: “Tashkan bosar-tusarini bilmagan Boysariday boy ham, Boybo‘riday shoy ham emas, yonida maslahat berguvchi Yortiboyi ham yo‘q. Uning bisotidagi boyligi ming qo‘ylinikidan-da ziyoda. Ko‘nglining benihoya kengligi, jo‘rabozu oshnabozligini aytmaganda, Qaldirg‘ochdek qizlaridan boshqa hech vaqosi yo‘q. Miroxurning elga va Egamga yoqqan tomoni bordirki, shu kunda Galatepayu Tersotadan, Xo‘jasoatu Sangijumandan, Quvkallayu Baqahovuzdan, Nakurtu Arpali dashtidan ot o‘ynatib, poyu piyoda misli  bo‘ronday mehmon yog‘ayapti”[11]. “Alpomish” dostonini o‘qimagan, bilmagan odam Boybo‘ri, Boysari, Yortiboy ismlarini N.Chori qayerdan olib yozayotganini anglamaydi. Ammo xalqimizning katta ommaviy qismi “Alpomish”dan xabardor. Yozuvchi hikoyada “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” dostonlari motivi, qahramonlari va syujetiga, milliy qadriyatlarga ramziy ishoralar berib ketaveradi. Tashkan miroxurning marosimiga butun el-yurtdan “bo‘rondek” bo‘lib mehmonlar yog‘ilib kelaveradi. Yozuvchi ular kelgan el-yurtlarni sanashda ham zamondoshlari asarlarida asosiy badiiy makon sifatida tasvirlangan joy nomlarini sanaydi. Masalan, Galatepa degan zahotimiz yozuvchi Murod Muhammad Do‘st qahramonlari ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Tersota Nazar Eshonqulning, Xo‘jasoat Tog‘ay Murodning, Quvkalla Sobir O‘narning, Baqahovuz To‘xtamurod Rustamning badiiy makoni bo‘lsa, Arpali dashtida Shukur Xolmirzayev qahramonlarini ham uchratardik, eng asosiysi bu kenglik – “Alpomish” dostonidagi joy nomlaridandir. Muallifning mazkur joy nomlarini zamondoshlari asarlaridan olib sanashi bir tomondan yangicha uslub yaratganini ko‘rsatsa, ikkinchidan, Nurilla Chorining Shukur Xolmirzayev, Murod Muhammad  Do‘st, Tog‘ay Murod, Nazar Eshonqul, Sobir O‘nar, To‘xtamurod Rustam ijodiga bo‘lgan alohida ehtiromi va hurmatini ham ifodalaydi.

Xullas, Nurilla Chorining adabiy qahramonlari ijodkor yaratgan badiiy makoni  – Qizg‘aldoqda yashaydi. Tahlilga tortgan hikoyalarimizdagi barcha voqealar ana shu makonda kechyapti. Yildan-yilga bu hududning adabiy aholisi kengayib, ko‘payib bormoqda. Muallifning “Tashvishi yo‘q odamlar” hikoyasida bir qarashda juda jo‘n voqea hikoya qilingandek. Bu hikoyada ham Qizg‘aldoq tasvirlanadi. Unda Bozirgan chavandoz o‘g‘li va qiziga dardini ayta olmay xafa bo‘lib, chaylani o‘ziga oshyon qiladi. Uning bir dardi bor. Bu dard nima ekan? Uning dardi momoqizga sovchi jo‘natish. Chavandozning kampiri Qo‘zigul olamdan o‘tadi. Hikoyada kampiri o‘tib, ikki-uch marta qayta uylangan chollar haqida qiziqarli voqealar hikoya qilinadi. Masalan, hikoyada Hayit langi, Haldav poson, Orol kar, Esonboy oqsoqol, Tolmas morbozlarning ikkinchi, uchinchi uylanishi, ular hayotiga doir qiziqarli hayotiy voqealar keltiriladi. Ayniqsa, shular orasida Tolmas morbozning Misqol tumsaga uylanishi, o‘g‘illi bo‘lishi (aslida, bu o‘g‘il birinchi xotinidan qolgan. Misqol uni o‘z farzandidek katta qilgan. Bu sirni Tolmas morboz elga doston qilmagan.) voqeasidir. Misol uchun, Tolmas morboz haqida shunday deyiladi: “Tolmas morboz cho‘girma telpak kiyganicha bor ekan. El og‘iziga elak tutdi. Dangalini aytsak: “Misqol devday yigitning umrini o‘g‘irladi-ya!”, “Misqol tumsa”, deganlarning og‘ziga cho‘girmasi bilan urdi. Misqol o‘g‘illi bo‘lib, chilla tutdi. Qolaversa, Morbozning qulog‘i tom bitganida, og‘alaridan ko‘ra Avazning: “To‘rt kunlik mehmonim otam! Mehmon bo‘lib to‘ymagan, dunyoyi qo‘tirda hech vaqoni ko‘rmagan, armonlari bag‘rini tig‘lagan… otam-ov, otam!” deganlari elning esidan chiqqani yo‘q.”[12].

“Bo‘ron tingan kecha” hikoyasida “Go‘ro‘g‘li” va “Alpomish” dostonlarining uslubi, motivlari stilizatsiya qilingan bo‘lsa, “Tashvishi yo‘q odamlar”da Tolmas morbozning ikkinchi ayoli Misqol hamda kichik o‘g‘il Avaz bilan bog‘liq syujet chizig‘ida “Go‘ro‘g‘li” turkumiga kiruvchi “Avazxon” dostoni syujeti va voqealariga analog (o‘xshatma) qilinadi. Xususan, “Go‘ro‘g‘li” turkumiga kiruvchi dostondagi Yunus parining Avazni o‘g‘il qilib olish motivi hikoyaga ajib tarzda singdirib yuborilgan. Yoshi bir joyga borib vafot etgan Tolmas morbozning azasida qattiq kuyinib, aytim aytib yig‘lagan Avazning holati va oiladagi o‘rni “Avazxon” dostoni bosh qahramoniga mengzaladi. Ya’ni mazkur dostonga xos badiiy detallar, hatto syujet yo‘nalishi ham qahramon hayoti va hatto ismiga ham ko‘chiriladi. Lekin yozuvchi ortiqcha tafsilot, bayonchilikka yo‘l qo‘ymaydi. Ramziy ishoralarga keng yo‘l ochadi. Masalan, Aka Avazga mana nima deydi: “ – Xo‘p, mayliga, sen sari boraylik, Avazboy inim, sulton inim! Ochdan o‘ldingmi! Bizni nomusga qo‘yma… Yo sabzi ye, yo otam de! – dedi aka qahrlanib.

– Sabziniyam jiyaberaman, otam-ov, otam, deyaberaman! – deya akasiga ters gapirdi Avaz.

Bolaning betgachoparligidan g‘azablangan aka quloq-chekkasiga qo‘yib yubormoqchi bo‘lib qo‘l cho‘zdi-yu, titrab ketdi. Akaga tikilib turgan ko‘zlar ukaniki emasdi… Qo‘rqqanidan mayit yotgan uyga yuzlandi. Daf’atan qulog‘ida otaning xesh-aqralariga aytgan so‘nggi gapi yangradi: “Avazqulning burnini qonatmanglar!”. “Armonlari bag‘rin tig‘lagan!..” deb bo‘zlashda davom etdi Avaz. Akaning mehri iyib, ukaning boshini silay-silay “Otam-ov, otam!” deb jo‘r bo‘ldi. Ich-ichidan titrab, ko‘zlaridan tirqirab yosh otildi. Choponining o‘ngiri bilan ulusdan yuzini yashirdi va Avazga dedi: “Nima desang ham senga mumkin, Xunxorning sultoni!”[13].  

Kuzatib turganimizdek, Nurilla Chori hozirgi o‘zbek prozasiga Qashqadaryo koloritini, qashqadaryoliklarga xos milliy xarakter olib kirdi. Yuqoridagi parchada qashqadaryoliklarga xos to‘ng-ters xarakter, keyin xalqona qochirimlar, so‘z o‘yinlari, istehzolarga moyil fe’l-atvor ochiladi. Xalqning jaydariligi, soddaligi, murosasozligi, kelishuvchanligi, milliy an’analarga sobitligi ham ochiladi. Axir, aka qancha kenja ukani tartibga chaqirib, “bunchalik dod-voy qilma” desa ham Avaz o‘z qilig‘ini, yo‘rig‘ini qo‘ymaydi. Oxiri aka yengilib, Avazga “Nima desang ham senga mumkin, Xunxorning sultoni!” – deb ukaga yengilib qo‘ya qoladi. Yana, e’tibor beraylik, Avazxonning xalq dostonidagi mavqeiga ishora beriladiki, bu qahramonlarning naqadar milliy adabiyoti, xalqning milliy qahramonlariga nisbatan cheksiz mehru-muhabbati va sadoqatini ham ko‘rsatadi.

To‘g‘ri, muallifdan oldin o‘zbek nasriga kirib kelgan Nazar Eshonqul, Luqmon Bo‘rixonlar ham Qashqadaryo hududiga xos ruhni o‘z ijodida ifodalashdi. Ammo Nurilla Chori ulardan farqli ravishda o‘ta xalqona yozyapti. Xususan, “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” turkumi dostonlari, xalq ertaklari va Qashqadaryo shevasi nosir ijodida yetakchilik qiladi. Bizningcha, Nazar Eshonqulda adabiy stilizatsiya kuchli bo‘lsa, Nurilla Chorida xalqona stilazatsiya ustunlik qiladi. Muallifning hikoyalarida adabiyotshunos Bahodir Sarimsoqov tasniflab, belgilab bergan “murakkab folklorizm stilizatsiyasi”ni kuzatish mumkin. Murakkab stilizatsiya faqat bitta afsona yoki ertakni asar matniga butunicha kiritish emas. Bunday qarash murakkab stilizatsiyani juda jo‘n va yuzaki tushunish bo‘ladi. Nurilla Chorining hikoyalari badiiyatini o‘rganish natijasida, murakkab folklorizm stilizatsiyasi (bugungi kunda neomifologizm termini ishlatilyati. – ta’kid bizniki. M.Q.)ning yangi usullari adabiy tajribadan o‘tganini anglash mumkin. Binobarin, yozuvchi “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” turkum dostonlari syujet va motivi, qahramonlar taqdiriga adabiy analog yaratadi. Bular shunchaki adabiy taqlidiy o‘xshatma emas. Ular jiddiy o‘ylangan. Bu neomifologizm unsurlari hayotiy voqealar va zamondoshlar taqdiri, bugungi kun muammolari bilan bog‘langan, “O‘tmish bilan bugunni” bir chiziqqa qo‘yib, chuqur tahlil va talqin etib bergan badiiyat namunalaridir.

Kitobga “Yolg‘oni yo‘q hikoyalar” nomi bilan muhtasar so‘zboshi yozgan ustoz yozuvchi Murod Muhammad Do‘st juda o‘rinli ta’kidlagan: “Uning hikoyalarini qayta o‘qib yana bir bor sezdimki, qahramonlar tilida ham, muallif nazarida ham sheva so‘zlari ko‘proq ishlatilar ekan. Shevani o‘z me’yorida qahramonlarga qoldirib, muallif nutqini shevadan imkon boricha (va balki butunlay) tozalash kerakmi, deb o‘yladim”[14].

Bizningcha ham, badiiy asarda adabiy til me’yorlariga albatta, amal qilish kerak. “Tashvishi yo‘q odamlar” hikoyasida ko‘zlangan asosiy maqsad Bozirgan chol o‘zining tengdoshi bo‘lgan qariqiz bo‘lib umri o‘tgan momoqizga sovchi jo‘natmoqchi. Uning ko‘nglidagi yagona tashvishi – shu. Buni asardagi quyidagi jumla fikrimizni isbotlaydi: “Bozirganning uylanishga chog‘i ham yo‘q. Ammo shu odamlarning gap-so‘zlari bosilarmidi,! Gap-so‘zi bosilmasayam mayliga! Shu momoqiz jussasidan domangir bo‘lib ketmasmidi? Hech bo‘lmasa, kech bo‘lsa ham, “ostonam sochi ko‘rgan”, deb o‘zini ovutardi”[15].   

Xullas,   Nurilla Chori hikoyalari qatlamlariga yuklangan neomifologizm unsurlarini tadqiq etish uchun har bir hikoyaga xiylagina vaqt sarflash kerak. Ochig‘i, uning yozganlarini o‘qib, ko‘nglimiz to‘ldi. Hozirgi o‘zbek adabiy tanqidchiligi mana shunday iste’dodli, so‘z qadrini, xalqona milliy an’analar va milliy adabiyotimiz ruhida tarbiyalangan (xalq ijodi) va uni chuqur tushunadigan, o‘zlashtirgan Nurilla Choridek nosir bilan faxrlanadi. Umidli yozuvchi ijodiga kamolat va barakat tilab qolamiz! 

Marhabo Qo‘chqorova,

filologiya fanlari nomzodi

O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi

___________________

[1] Chori N. Lo‘litopmaslik chol / Tashvishi yo‘q odamlar. –Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2019. – B. 51-52.

[2] Chori N. Bo‘ron tingan kecha / Tashvishi yo‘q odamlar. –Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2019. – B. 27.

[3] Bulgakov M. Usta va Margarita. (Tarjimon: Qodir Mirmuhammedov). – Toshkent: Sharq, 2016. – B. 15.

[4] Bulgakov M. Usta va Margarita. (Tarjimon: Qodir Mirmuhammedov). – Toshkent: Sharq, 2016. – B. 17-18.

[5] Turdimov Sh. “Go‘ro‘g‘li” dostonlarining genezisi va tadrijiy bosqichlari. – Toshkent: Fan, 2011. – B. 148.

[6]  Turdimov Sh. “Go‘ro‘g‘li” dostonlarining genezisi va tadrijiy bosqichlari. – Toshkent: Fan, 2011. – B. 148.

[7] Chori N. Bo‘ron tingan kecha / Tashvishi yo‘q odamlar. –Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2019. – B. 29.

[8] Chori N. Bo‘ron tingan kecha / Tashvishi yo‘q odamlar. –Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2019. – B. 29.

[9] Bu masalani folklorshunos Sh.Turdimov tomonidan o‘rganilgan. Bu haqda qarang: Turdimov Sh. “Go‘ro‘g‘li” dostonlarining genezisi va tadrijiy bosqichlari. – Toshkent: Fan, 2011. – B.140-149.

[10] Chori N. Bo‘ron tingan kecha / Tashvishi yo‘q odamlar. –Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2019. – B. 19.

[11] Chori N. Bo‘ron tingan kecha / Tashvishi yo‘q odamlar. –Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2019. – B. 20.

[12] Chori N. Tashvishi yo‘q odamlar / Tashvishi yo‘q odamlar. –Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2019. – B. 7-8.

[13] Chori N. Tashvishi yo‘q odamlar / Tashvishi yo‘q odamlar. –Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2019. – B. 9.

[14] Chori N. Tashvishi yo‘q odamlar / Tashvishi yo‘q odamlar. –Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2019. – B. 3.

[15] Chori N. Tashvishi yo‘q odamlar / Tashvishi yo‘q odamlar. –Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2019. – B. 15-16.