O‘zbek adabiyotida uzoq davrlar mobaynida she’riyat yetakchilik qildi. Hatto xalq teatri asarlari yaratilib, tomoshabinlarda sahna san’atiga qiziqish paydo bo‘lganidan keyin ham milliy teatrning maydonga kelishi XX asrnng 10-yillariga qadar cho‘zildi. Holbuki, Yevropa mamlakatlarida teatr san’ati allaqachon vujudga kelgan, xalqning madaniy-ma’rifiy darajasini belgilovchi omil bo‘lgan bir paytda Turkistonda mazkur san’atning hali tug‘ilmaganligi g‘oyat achinarli hol edi. Shuning uchun ham Turkiston jadid ma’rifatparvarlarining otasi Mahmudxo‘ja Behbudiy jiddiy ijodiy faoliyatini milliy teatr asarini yaratishdan boshladi.
O‘z davrining eng ilg‘or kishilaridan biri bo‘lgan M.Behbudiy xorijiy safarlari vaqtida ham, Rossiyaning Moskva, Peterburg, Orenburg, Nijniy-Novgorod singari shaharlarida bo‘lganida ham, “Tarjumon”, “Turkiston viloyatining gazeti” singari nashrlar orqali ham teatr san’atidan xabardor bo‘lgan, desak yanglishmaymiz. Qolaversa, 1867 yili Samarqandda musiqali drama to‘garagi, 1890 yili havaskorlar jamyati tuzilgan va ular rus dramaturglari asarlarini sahnalashtirib, namoyish etishgan. Eng muhimi, 1911 yili, bir tomondan, ozarboyjon teatri, ikkinchi tomondan, tatar teatrlarining Turkistonga kelib, o‘z spektakllarini ko‘rcatishlari Turkistonning madaniy hayotida muhim voqea bo‘lgan. Behbudiyning shu yili “Padarkush” dramasini yozib tugallashiga ham, bizningcha, ana shu voqea turtki bergan.
Jadidchilik harakati va adabiyotini boshlab bergan kishining teatrga, san’atning xalq ommasiga o‘sha vaqtda eng katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan turiga e’tibor qaratmasligi mahol edi. O‘zining tarix oldidagi missiyasini chuqur his qilgan adib 1911 yili birinchi o‘zbek dramasi — “Padarkush”ni yozib, Turkistonda yangi adabiyot va san’at turiga tamal toshini qo‘ydi.
Shuni ham unutmaslik lozimki, 1911 yili, Behbudiy asaridan bir oz avval, qo‘qonlik muallim Abdurauf Samadovning “Mahramlar” piyesasi risola shaklida nashr etilgan. Bu tarixiy fakt, ayrim ijodkorlar nazarida, Behbudiyni o‘zbek dramaturgiyasiing otasi, “Padarkush”ni esa birinchi o‘zbek dramasi deyishimizga monelik qiladi. Lekin “Mahramlar”ning dastlab “O‘liklar” nomi bilan tatar tilida yozilgani, muallifning o‘zi ham tatar millatiga mansub bo‘lgani, ayniqsa, mazkur asarning “Padarkush”dan keyin namoyish etilganini nazarda tutsak, Behbudiyning o‘zbek teatr san’atiga, xususan, o‘zbek dramaturgiyasiga asos solgan ijodkor ekanligi kundek ravshan bo‘ladi. Qolaversa, “Mahramlar”ning sahnalashtirilishi Turkiston xalqlari madaniy hayotida “Padarkush” namoyishidek ulkan tarixiy voqea bo‘lmagan.
Shu narsa e’tiborga sazovorki, Behbudiy o‘z asarida ma’rifatsizlikning millat va millatning har bir a’zosi hayotiga ko‘rsatajak fojiali oqibatlarini yaqqol tasvirlab bergan. Asarning “Padarkush yoxud O‘qimagan bolaning holi” deb nomlanishi ham tasodifiy emas. “Padarkush” munosabati bilan yozilgan maqolalarning birida asarning hayotda ro‘y bergan real hodisa ta’sirida yozilgani alohida qayd etilgan. Bu fikrning haqiqatga qanchalik mos yoki qanchalik zid ekanligidan qat’i nazar, XX asr boshlarida o‘z farzandi tarbiyasiga e’tibor bermagan otalar ham, yoshlik yillari takasaltang, ishyoqmas, maishatparast boyvachchalar davrasida o‘tgan bolalar ham oz bo‘lmagan. Behbudiy “Padarkush»da faqat shunday otalar emac, balki shunday farzandlarning hayoti ham fojia bilan tugashi mumkinligini ko‘rsatib, ularning har ikkalasini, va umuman, XX asr boshlaridagi o‘zbek jamiyatini ogohlantirishga intilgan. Shu ogohlantiruvchi pafos, jadidchilikning tub mohiyatini ochuvchi ma’rifatparvarlik g‘oyasi asarning katta ijtimoiy va ma’rifiy ahamiyatini belgilab beradi.
Muallif asar sarlavhasidan keyin qavs ichida uning janri va mavzusini “Turkiston maishatidan olingan ibratnoma” deb belgilagan; asarni kitobxonga “3 parda, 4 manzarali milliy birinchi fojia” sifatida taqdim etgan.
Asar Domullaning Boy mehmonxonasiga kirib kelishi bilan boshlanadi. Shu payt Toshmurod mehmonxonaga kirib, kim bilandir tomosha ko‘rgani ketayotganini aytadi va otasidan pul so‘raydi. Toshpo‘lat muddaosiga erishib chiqib ketgach, Boy bilan Domulla o‘rtasida quyidagi suhbat bo‘lib o‘tadi:
“B o y. So‘zlashib o‘lturing, taqsir.
D o m u l l a. Xo‘b, xo‘b, boyvachcha katta bo‘lubdur. Xudo umr bersin, usuli jadid maktabigami o‘qiydur yoinki eski maktabga?
B o y. Ikkisiga ham bormaydur.
D o m u l l a. O‘z hovlingizda o‘qitaturg‘onsiz?
B o y. Yo‘q, yo‘q. Men o‘g‘lumni o‘qutmoqg‘a o‘ylaganim yo‘q.
D o m u l l a. Ajoyib, sabab nedurki, o‘qutmaysiz? Vaholonki, o‘qumoq qarz va ilm sababi izzati dunyo va sharofati oxiratdur.
B o y. Maning xayolimg‘a dunyoning sababi, izzati – boylik. Oxiratg‘a bo‘lsa, xudoning qilgan taqdiri bo‘lur. Chunonchi, biz ko‘ramizki, odamlar boyni mullodan ziyoda izzat qiladurlar. Xususan, mana banklar ko‘paydi. Katta boylar chilen bo‘lub, har kim chilenlarni izzat qilur, hatto ishi tushaturg‘onlar chilen molini qimmat olur, az baski, chilen iltifotiga olmagan odamlarga banklar pul bermaydurki, so‘ngra muomiladorlar sinib, mayda-mayda bo‘lur, bildingizmi?..”.
Xalqning, ayniqsa, yoshlarning ma’rifatli bo‘lishini orzu qilgan Behbudiy asarni davom ettirib, Domullaga “so‘z beradi”:
“D o m u l l a. Bu so‘zlaringiz hozirgi zamonaga ma’qul, lekin chilen va boylarni izzatlari vaqtincha va xalqni ko‘zi ochilgunchadir. Holbuki, alarni ishi tushganlar izzat qilur, mulloni bo‘lsa, barcha xalq izzat qilur, ya’ni mulloni ilmi izzat qilinadur.
B o y. Bizni ham boyligimiz izzat qilinadur, hatto musulmonlar nari tursun, o‘rus va armanlar-da izzat qilur.
D o m u l l a. Izzatni nari qo‘yduk, agarda o‘g‘lingizni o‘qutsangiz, daftaringizni yozar, namozingizni va musulmonchiligini yaxshi bilur va ham sizg‘a savob bo‘lur.
B o y. Mirzalik oson, mana, Xayrulloga oyinda yetti so‘m beraman, kunduzlari mirzalik va oqshomlari mehmonxona ishini qilar va hatto, uyqum kelguncha xodimi qilar, kitob ham o‘qub berar.
D o m u l l a. Siz ilgari zamonda bir navi ila boy bo‘lubsiz, ammo endi boy bo‘lmoq nari tursun, faqat ro‘zg‘or o‘tkazmoq uchun (ham) kerak, Ko‘ramizki, yigirma-o‘ttiz yildan beri barcha savdo ishlari armani, yahudiy va boshqa ajnabiylar qo‘liga o‘tdi, muni sababi bizlarning o‘qimag‘onimizdur. O‘qumag‘on boyvachchalarni ko‘ramizki, ota molini barbod etar va oxiri xor va zor bo‘lur, binobarin, o‘g‘lingizni o‘qutmoqni sizga taklif qilaman.
B o y. Ay, domullo! Siz manga tahqiqchimi? O‘g‘ul maniki, davlat maniki, sizga nima? O‘quganni biri siz: yemoqg‘a noningiz yo‘q, bu holingiz bilan manga nasihat qilursiz. Xayrullo! Mehmonxonani qulfla, uyqum keldi.
(X a y r u l l a la’li va asboblarni jamlab, muntazin turar.)”
Drama ekspozitsiyasida bo‘lib o‘tgan Boy bilan Domullaning bu suhbati har ikkala personaj mohiyatini ochibgina, ularning o‘tgan asr boshlaridagi xalq ommasining qaysi qatlamiga mansubligini ko‘rsatibgina qolmay, voqealarning keyingi rivoji va hatto xotimasini ham, prujina singari, o‘zida siqib — ushlab turadi. Bu sahnadagi Domulla obrazida Behbudiy o‘zining ijtimoiy, iqtisodiy va ma’rifiy qarashlarini ifodalashga uringan. U o‘zining ma’rifatparvarlik g‘oyalarini shu obraz orqali tomoshabinga yetkazmoqchi bo‘lgan.
Bundan qariyb 100 yil avval yozilgan bu asardagi Domullaning xalqni ma’rifatga da’vat etishi, uning taqdiridan qayg‘urishi bilan bog‘liq motiv hamma zamonlar uchun ham ahamiyatlidir. Negaki, shiddat bilan rivojlanib borayotgan jamiyatda yashab, yildan-yilga rivojlanib va tarmoqlanib borayotgan bilimlarni mukammal egallamasdan turib, buyuk kelajakni barpo etish mumkin emas. Shu ma’noda jadidlarning, jumladan, Behbudiyning ma’rifatparvarlik g‘oyalari bugun mamlakatimizda olib borilayotgan ma’rifiy va madaniy jarayon bilan uyg‘un bo‘lib yashamoqda.
“Padarkush” dramasiing asosiy qahramonlaridan biri Toshmurod oxir-oqibat maishatparast sheriklari bilan kelib, otasi yashirgan pulni o‘g‘irlamoqchi bo‘ladi. Shu payt uning sheriklari qo‘lga tushmaslik uchun voqeadan ogoh bo‘lib qolgan otasiga daf’atan pichoq sanchadilar. Ham otasidan, ham otasining davlatidan ayrilgan Toshmurod qamoqqa olinadi. Behbudiyning fikriga ko‘ra, o‘qimagan bolani o‘tgan asr boshlarida taxminan shunday baxtsiz kelajak kutgan.
“Padarkush”ning matbuot va sahna yuzini ko‘rishi og‘ir kechdi. O‘sha yillari tashkil etilgan har bir gazeta chor hukumatining maxsus ruxsati berilgandan so‘nggina dunyo yuzini ko‘rganidek, bu asarning ham risola shaklida chop etilishi va sahnalashtirilishi uchun chor ma’murlaridan ruxsatnoma olish zarur edi. O‘zbek teatri tarixiga oid manbalarda aytilishicha, drama garchand 1911 yili yozilgan bo‘lsa-da, dramaturg asar ustida kimlarningdir fikr-mulohazalari asosida ishlab, uni 1912 yilning avgust oyida nashrga tayyorlagan. Asarning nashr etilishi oson ko‘chishi uchun muallif uni “Borodino jangi va Rusiyaning frantsuzlar bosqinidan xalos bo‘lishining yubileyi”ga bag‘ishlagan.
Adabiyotshunos Boybo‘ta Do‘stqorayev topgan ma’lumotga qaraganda, 1912 yil 26 avgust kuni Samarqanddagi Tillakori madrasasida bo‘lib o‘tgan “Vatan muhorabasi bayrami”da Behbudiy “Padarkush yoxud O‘qimagan bolaning holi” nomli “3 pardalik Turkistonning hozirgi maishatidan olinmish fojea teatru risolasi”ni “Samarqand voliysi janoblari”ga topshirib, “vatan muzaffariyati yodgori uchun oning nashriga ruxsat berilmak”ni iltimos qilgan. “Voliy janoblari, — deb yozilgan u topgan ma’lumotda, — ko‘b xursandlik ilan olub, nashrga ruxsat bermakni va’da qilibdurlar”.
“Padarkush” shunday sa’y-harakatlar natijasida bo‘lsa kerak, Buxoroda chiqa boshlagan “Turon” gazetasining 1913 yil 1 va 3 yanvar sonlarida bosila boshlaydi. Ammo gazetaning yopilishi munosabati bilan asarning so‘nggi qismlari chop etilmay qoladi. Nihoyat, Samarqanddagi Gazarov va Siyanov matbaasida nashr etiladi. Ammo hali na Toshkentda, na Samarqandda milliy teatr truppasining shakllanmaganligi tufayli asarni sahnalashtirish ishlari ancha cho‘zildi. Nihoyat, 1914 yil 15 yanvar kuni Samarqandda, o‘sha yilning 16 fevral kuni esa, Toshkentda — Kolizey teatrida birinchi o‘zbek dramasi sahna yuzini ko‘rib, xalq va mamlakat hayotida unutilmas voqea bo‘ldi.
Behbudiy tomoshabinlarning milliy spektaklga bo‘lgan favqulodda katta qiziqishidan ma’rifiy ishlarni rivojlantirish maqsadida foydalanmoqchi bo‘ldi. Asarning 7 may kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi namoyishida, “Oyna” jurnalining xabar berishicha, biletlar sotilishidan 384 so‘m 50 tiyin yig‘ilib, shundan 184 so‘m 50 tiyin spektaklga sarflangan xarajatga ketgan. Qolgan 200 so‘mdan 110 so‘mi maktab islohiga, 35 so‘mi Jomboydagi Bozoramin Hodixo‘ja ta’sis etgan va muallim mulla Komil idorasidagi maktabga, 15 so‘mi Buxoriy qishlog‘idagi mulla Jo‘raboy maktabiga, 15 so‘mi “gorodskoy uchilishche”da tahsil olayotgan musulmon bolalarga, qolgan 35 so‘mi esa mulla Abduqodir Shakuriy maktabiga ajratilgan.
Mutaxassislar Samarqanddagi birinchi spektaklga kim rejissyorlik qilganligi haqida turli fikrlarni bayon qilishgan. Ayrim olimlarning fikriga qaraganda, spektaklni Abdulla Avloniy sahnaga qo‘ygan. Lekin toshkentlik Avloniynng 1914 yili Samarqandga borib, speklaklga rejissyorlik qilgani biror na yozma fakt, na xotira bilan tasdiqlanadi. Bizningcha, asar muallifning o‘zi tomonidan sahnalashtirilgani haqidagi fikr haqiqatga yaqin. Yana shu narsa e’tiborga sazovorki, Samarqandda ham, Toshkentda ham spektakldagi barcha rollar mahalliy ma’rifatparvar kishilar tomonidan ijro etildi. Bu, o‘zbek jadidlarining va, umuman, o‘zbek jadidchilik harakatining tantanavor kunlari edi. Ko‘p o‘tmay, “Padarkush” turli teatr truppalari ijrosida butun o‘lkani aylanib chiqdi.
Bugungi tomoshabin va kitobxon uchun birinchi o‘zbek dramasi ibtidoiy asar bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin hali zamonaviy teatr san’atidan yaxshi xabardor bo‘lmagan tomoshabinlar uchun “Padarkush”ning 1914 yildagi namoyishlari afsonavor voqea edi. O‘zbek madaniyati tarixida yangi san’at – teatr san’ati tug‘ilgan edi. Behbudiy va uning safdoshlari matbuot orqali bu yangi san’atni keng targ‘ib qilishga kirishdilar. Behbudiy teatrga bag‘ishlangan maqolalar yozib, bu san’atning ahamiyatini bunday tushuntirdi: “Teyotr nimadur? Janobig‘a teyotr ibratnamodur, teyotr va’zxonadur, teyotr ta’zir adabidir. Teyotr oyinadurki, umumiy hollarni anda mujassam va namoyon suratda ko‘zliklar ko‘rub, kar-quloqsizlar eshitib asarlanur. Xulosa: teyotr va’z va tanbih etuvchi hamda zararlik odat, urf va taomilni, qabih va zararini ayon ko‘rsatguvchidur. Hech kimni rioya qilmasdan to‘g‘ri so‘ylaguvchi va ochiq haqiqatni bildirguvchidir”.
“Padarkush” ta’sirida o‘tgan asrning 10-yillari o‘nlab sahna asarlari maydonga keldi, dramaturglar safi Nasrulla Qudratilla, Abdulla Qodiriy, Abdulla Badriy, Hoji Muin, Abdulla Avloniy hisobiga kengaydi. Ko‘p o‘tmay, ular safiga Hamza, Fitrat va Cho‘lpon singari zabardast dramaturglar kelib qo‘shildilar.
Professional o‘zbek teatriga mustahkam poydevor qo‘yildi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 29-sonidan olindi.