Tarix qa’riga kirgan mustabid tuzum siyosati Habibiy singari aruznavis shoirlarga ham erkin ijod qilish imkonini bermadi. Aruz ohanglariga “kolxoz”, “traktor” singari o‘sha davrning timsoli bo‘lgan so‘zlarni qo‘shishni talab qildi. Har bir g‘azalida “partiya”, “kommunizm” singari so‘zlar yangrab turmagan otaxon shoirlar gazeta va jurnallariga yaqinlashtirilmadi. Habibiy ham o‘tgan davrning shunday nag‘malariga chidashga majbur bo‘ldi.
Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Habibiy 1890 yili Andijon viloyatining Qo‘qonqishlog‘ida dunyoga kelgan. Otasi Xolmuhammad Musa o‘g‘li she’riyatga, musiqaga, askiyaga havasmand edi. Shuning uchun, o‘g‘lini qishloqda ochilgan madrasaga berdi. Madrasada, Lutfiy, Navoiy, Muqimiy va Furqat ijodini yaxshi bilgan, o‘zi ham mumtoz xalq qo‘shiqlarini sevib kuylagan mulla Mamad Asqar o‘g‘li saboq berar edi. Zokirjon keyin Andijondagi Jome madrasasida, so‘ngra Qo‘qondagi Mingoyim madrasasida bilim oldi. Ammo, 1906 yilda otasi vafot etgach, tahsilni chala qoldirib, oilasi bag‘riga qaytishga va ro‘zg‘or tebratishga majbur bo‘ldi.
Taqdir odamzotni ayovsiz sinovlardan o‘tkazibgina qolmay, baxtli uchrashuvlarni ham hadya qiladi. Habibiy pokiza, kamtar va kamsuqum insonligi sabab, umri davomida ma’rifat va madaniyatni ardoqlovchi, shu olamga mansub kishilar davrasida yashadi, ular saxovatidan bahramand bo‘ldi. Habibiy dunyoga kelgan kezlarda Andijonda Abdurazzoq Bimiy, Muntazir, Mamanazar qori singari shoirlar el og‘ziga tushgan, ular qalamiga mansub g‘azallar Qo‘qonqishloqqa ham yetib borgan edi. Qo‘qonqishloq Jalolobod, Arslonbob va Bozorqo‘rg‘onning serqatnov yo‘lida joylashgani uchun san’at ahli Habibiy tug‘ilgan qishloqda qo‘nib, nazm va navo kechalarini o‘tkazar edilar. 1876 yilda tug‘ilgan iste’dodli shoir Zokiriy sabab Qo‘qonqishloq Andijonning adabiy markazlaridan biriga aylandi. Habibiy, Anisiy, Mahjuriy, G‘aribiy singari bo‘lajak shoirlar ana shu adabiy muhitdan oziqlana boshladi.
1917 yildagi voqealarga qadar o‘zbek adabiyoti shunday adabiy to‘garaklar va davralarda yaratilib, so‘ng eng yaxshi asarlar umumo‘zbek adabiyoti xazinasini boyitib bordi. Bu to‘garaklarda navoiyxonlik, bedilxonlik, fuzuliyxonlik o‘tkazilib, mahalliy shoirlar badiiy mahorat sirlarini o‘rganardilar.
Habibiy g‘azallaridan birida shunday adabiy gurunglarni tasvirlagan:
Shu kun qildik ajoyib, yangi-yangi oshino suhbat,
Nechuk suhbat, siniq dillarga go‘yo mo‘miyo suhbat.
Ulashdi kunga tun, gah askiya, gohi g‘azalxonlik,
Bag‘ishlab bazm eliga rang-barang zavqu safo suhbat…
Zokiriy, Mahjuriy singari shoirlar tez-tez gurunglashib, mumtoz shoirlarning asarlarini ma’no chuqurligi, shakl sehrkorligidan hayratga tushib, g‘azal mashq qilar edilar. Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li ham shu davraga qo‘shilib, hayot ma’nosini she’riyat bo‘stonidan axtardi.
Bu haqda Habibiy shunday yozadi: “Bahor faslining sermanzara damlarida do‘stim Mamasoli Erdanov xonadonidagi chorpoyada o‘tirib, dam-badam ustozimiz Qori Zokirdan she’riyat ilmidan, ayniqsa, aruzdan ta’lim olardik. U o‘z shogirdining yangi bitgan she’rlarini diqqat bilan o‘qib chiqar, kuzatar edi. Yumaloq va chapdast panjalari bilan qalam ushlab, jiddiy tuzatishlar kiritar edi. Aruz haqida so‘roq boshlab, topgan sermazmun, serma’no so‘zlarni ishlatishdagi javoblarimizni sabr-toqat bilan tinglar, to‘ldirar edi. Har doim u: “Bahorni beparvolik bilan o‘tkazib yuborma, bahorda xislat ko‘p”, der edi. Mana shu ustoz va Qo‘qonqishloqdagi adabiy muhit ta’siri meni ham ko‘proq aruzda ijod qilishimga sababchi bo‘lgan. Menga fasli bahorning ko‘zni qamashtiradigan manzaralari ajoyib ilhom baxsh etgan.
Marhum Qori Zokir aka xushqomat, olijanob, oliyhimmat va kamtar tabiatli bo‘lib, umrining oxirigacha Alisher Navoiyning muxlisi bo‘lgan. U, ayniqsa, Navoiyning “Xamsa”sini ko‘p o‘qir edi. Kaminaga ham Navoiy asarlarini, uning falsafiy mulohazalarini puxta o‘rganib olishda yo‘lboshchi bo‘lgan”.
Shunday ustozlardan poetik mahorat sirlarini o‘rgangan Habibiy ham qalam tebratdi. Baxtiga, Qo‘qonqishloqqa yaqin joylarda Anisiy, Ulfatiy, Sayfiy singari shoirlar umrguzaronlik qilishar edi.
Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘lining g‘azallari shu adabiy davra qatnashchilariga manzur bo‘lgach, 1913 yilda o‘ziga “Habibiy” tahallusini oldi. Ammo, 1938 yilga qadar biror she’rini e’lon qilish yoki she’rlar to‘plamini nashrga tayyorlashni xayoliga ham keltirmay yashadi. Shu tarzda oylar, yillar o‘tdi. Habibiy va uning qalamkash do‘stlari olgan adabiy bilim, ular erishgan ijodiy yutuqlar ovozasi Toshkentga ham yetib bordi.
1938 yili Alisher Navoiyning 500 yillik to‘yi munosabati bilan Habibiy va uning qalamkash birodarlari ulug‘ shoir merosini o‘rganish, nashrga tayyorlash uchun Toshkentga taklif etildi. Habibiy adabiyotshunos V.Dadaboyev bilan “G‘azal va zamon madhi” degan suhbatida hayotining yulduzli kunlarini eslab, bunday degan edi: “Men oddiy dehqon edim. 1938 yilda mavlono Navoiyning 500 yillik to‘ylari munosabati bilan Navoiy komiteti tuzilgan ekan. Shu komitetga Navoiy asarlarini o‘qiy oladigan va tushunib mag‘zini chaqa oladigan adabiyotchi va adabiyotshunoslar kerak bo‘lib, Andijondan besh kishini taklif etdilar. Bu taklifga binoan hamshaharlarim va suhbatdoshlarim shoir Mahjuriy, Ulfatiy va Anisiylar bilan kamina ham Toshkentga keldim. 1938-1941 yillarda Navoiy komitetida ilmiy xodim bo‘lib xizmat qildim. Ustoz shoir ijodi bilan puxta tanishishim, turli qo‘lyozmalarni o‘qib, mutolaa qilishim davomida o‘zim ham picha she’r mashq qildim. 1939 yilda Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘ldim…
Shu davr ichida G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Sobir Abdulla, Uyg‘un kabi shoir va fozillar bilan tanishib, ular bilan muloqotda bo‘ldim. Bu, mumtoz adabiy merosimizni puxta o‘rganishimga ham, she’riyat bo‘stoniga kirib, ijod sirlarini egallab olishimga ham ko‘maklashdi. Shular tufayli men, Sobir Abdulla ifodasi bilan aytish joiz bo‘lsa, “Dehqondan chiqqan go‘zallik shoiri” bo‘lib yetishdim”.
Habibiy adabiyotshunos olimning: “Sizning g‘azallaringizni o‘qiganda, ularning beixtiyor kuyga tushib borayotganini sezib qolasan kishi”, deb boshlangan mulohazasiga javoban bunday degan edi: “Qo‘shiqbop she’rlarni musiqiy bezaksiz, kuysiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Har qanday yaxshi g‘azal jozibali kuyga ega bo‘lgandagina xonandaga ilhom, qo‘shiq shaydosiga zavq bag‘ishlaydi, g‘azalning umrini uzaytiradi. Klassik adabiyotimizda tanbur va dutorning musiqiy sadolari ostida g‘azal bitilganini, she’rxonlik qilinganini bilasiz. G‘azal podshosi Alisher Navoiy ijodxonasida esa “Savtu ajam”, “Savtu navo”, “Shashmaqom” kuylari yangrab turgan… Ana shularni e’tiborga olsak, qadim-qadimdan beri g‘azal qoniga musiqa sadolari singib ketganini ko‘ramiz. Mening g‘azallarim haqidagi fikringiz yuzasidan shuni aytishim kerakki, men ham boshqa qo‘shiqchi shoirlarga o‘xshab o‘zimcha kuylab yozaman”.
G‘azal lirik she’riyatning uzoq tarixga ega janri. U shu davr mobaynida jiddiy o‘zgarishlarga uchramadi. Yuqorida takidlanganidek, faqat mustabid tuzum davriga kelib g‘azaldan yangi zamon g‘oyalarini kuylash talab etildi. Fikr va tuyg‘uning teranligiga asoslangan g‘azal beqasam to‘nini yechib, shiorlardan tikilgan libosni kiyib olgandek bo‘ldi. Shunday g‘azallar, afsuski, Habibiyning adabiy merosida ham yo‘q emas. Shoir aruz tabiatini, qonun va qoidalarini bilmaganligi uchun emas, joriy mafkuraviy davrning tazyiqi ostida shunday g‘azallarni yozishga majbur bo‘lgan. Ammo agar “G‘azal va zamon madhi” deb nomlangan suhbatga nazar tashlasangiz, keksa shoirning aruz qoidalarini bilgani ham, zamonaviylik va badiiy soddalikka “intilgan”i sabablari ham ayon bo‘ladi. “Aruzchi shoir kichik bir g‘azalni yozish uchun g‘azal qonun-qoidalarini bilishdan tashqari, zamon talablarini ham, g‘azalxonlarning ruhiy holatlarini ham bilishi lozim. Xalq she’ri ruhida yo hozirgi she’riyatimizning barmoq vaznida yozishning qulayligi deymizmi, osonligi deymizmi, shundaki, bunday asarlarni katta ham, kichik ham, kolxozchi ham, olim ham tushunaveradi. Aruzni esa hamma ham tushunadi, deyish qiyin. Uning o‘ziga yarasha o‘quvchisi bor. Aruzchi shoir o‘quvchining madaniy saviyasini, bilimini, ta’bini, ko‘ngil torlarini hisobga olishi, shu torlarni chertishi kerak. Adabiyotmizning bir bag‘rida barmoq vazni, ikkinchi bag‘rida aruz vaznining bo‘lishi shoirlarimizning katta boyligidir. Men ham shu boylikdan bebahra qolmay, aruz bilan barmoqda baravar ijod etishga intildim. Ammo mening qalbimni aruz egallab olgan. Buning sababi shundaki, men she’riyatga jazm qilgan yillarda she’riy bazmlarning to‘rida aruz o‘tirar edi”.
Shoir g‘azallari zamondoshlarining madaniy saviyasiga, bilimiga mo‘ljallab yozilgan. Habibiy ko‘pni ko‘rgan, dono kishi sifatida g‘azallarida bu dunyoda kurash ham, mashaqqat ham, g‘olib ham, mag‘lub ham, zahar ham, novvot ham, o‘lim ham, tuhmat ham – hamma narsa ro‘y berishi mumkinligini aytadi:
Keng jahon bo‘lmish kurash maydoni, bilmam, sir nadur,
Shonli inson bir tomonu, dahru davron bir tomon.
Bir-biriga nayzabozlikdur, bani odam, ko‘ring,
Ilmu urfon bir tomonu, jahlu nodon bir tomon.
Yoki:
O‘ylasang, dunyo tilsimu, turli boylik – koinot,
Har kim o‘z ta’biga loyiq oladi zahru nabot.
Ba’zilar olsa nabotu ba’zilar zahr oldilar,
Ibrat ol: kim xoinu kimga xiyonat keldi yot.
Habibiy o‘quvchida hayotdagi past-baland voqealar va kishilar to‘g‘risida tasavvur uyg‘otish bilan birga ularga vijdonli, jasur, bir so‘zli insonlar ham borligini aytishni unutmadi. U shunday insonlarni e’zozlashda o‘zining shoirlik burchini ko‘rdi:
Aqlu so‘z birla jahon bo‘stonida inson aziz,
Keldi bu inson aziz, andog‘ki, tanda jon aziz.
So‘zida bo‘lsa ishonchu, ahdu paymonda vafo.
Qilgusi har joyda bundoq ahd ila paymon aziz.
Shubhasiz, ziddiyatlar, kurashlar, xiyonatlardan xoli bo‘lmagan zamonda yashash oson emas.
Mumtoz o‘zbek she’riyatidagi g‘azallarning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri va muhimi agar ular, chindan ham, yuksak she’riyat namunalari bo‘lsa, ularda nozik tuyg‘ular bilan birga hayratomuz falsafiy ma’nolar ham yashiringan. Bu g‘azallardagi ayrim baytlarning mag‘zini chaqsangiz, olam-olam ma’no chiqadi. Xalq uzoq asrlar mobaynida shunday g‘azallarni kuylab kelgan va faqat musiqiy tovlanishlaridan emas, balki dastavval ulardagi ma’no boyligidan mutaassir bo‘lgan.
Habibiy ham o‘z g‘azallari bag‘riga shunday fikrlarni singdirishga, zamondoshlari qalbini ezgu tuyg‘u va kechinmalar tasviri bilan to‘ldirishga intildi.
U umri mobaynida juda ko‘p g‘azal va muxammaslar, musaddas va tarje’band, murabba, ruboiy, masnaviylar yaratdi. Bu asarlarning bizga ma’lum qismi qirq mingdan ziyod baytni tashkil etadi. Uning qo‘shiq sifatida aytilib kelgan g‘azallari esa ikki yuzdan ortiq. Bu qo‘shiqlar, xalq kutgan g‘azallar bo‘lib, ularda tinglovchi va o‘quvchi qalbiga go‘zallik va ezgulik nurlarini sochuvchi tuyg‘ular ifodalangan. Bu tuyg‘ular yagona mehvarga tizilib, bizga shoirning yorga muhabbat, ona zamin va ona tarixga hurmat, qadrdon elu yurtga sadoqat jo‘shib turgan qalbini namoyon etib turadi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 6-son