Inson hayotini bezaydigan, unga ma’no va mazmun bag‘ishlaydigan, uning yaxshi kunida quvonchiga quvonch, shodligiga shodlik qo‘shib, yomon kunida esa suyanch tog‘i bo‘ladigan mo‘jiza bu – do‘stlikdir. Har bir inson shu mo‘jiza tufayli hayotning asl lazzatini, nash’u-namosini, qadr-qimmatini chuqur his etib yashaydi.
Xalq – o‘zida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni mujassamlashtirgan va hatto mujassamlashtirmagan kishilardan iborat. Har bir xalqning qo‘shni xalqlar bilan ahil va totuv yashashi ayni paytda ham milliy va umuminsoniy qadriyatdir. Xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik kimningdir irodasi bilan emas, hayot taqozosi bilan yuzaga keladi. Shota Rustaveli, Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy singari daho shoirlarning bir millat vakili bo‘lmish yigitning boshqa millatning sohibjamol qiziga bo‘lgan muhabbatini olqishlab, o‘lmas asarlar yaratgani bejiz emas. Ular uchun turli tillarda so‘zlashadigan, turli urf-odatlarga ega bo‘lgan millatlarni o‘zaro yaqinlashtirish, ular qalbiga mehr-muhabbat urug‘larini sochishning birdan-bir yo‘li shunday muhabbatni tasvirlash edi.
Muxtor Avezov va Oybek, Sobit Muqonov va G‘afur G‘ulom, Abdulla Tojiboyev va Mirtemirlar bilan bir davrda yashagan bizning avlodimiz ular o‘rtasidagi buyuk do‘stlikni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, ular siymosida o‘zbek va qozoq adabiyotlari o‘rtasidagi va umuman, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik bog‘ining mevalaridan bahramand bo‘lib ulg‘aydi. Shuning uchun ham bu do‘stlik biz uchun katta va zavol bilmas qadriyatlardan biri bo‘lib qolgan.
1946 yili qardosh qozoq xalqi buyuk Abay tavalludining 100 yillik yubileyini nishonlab, sobiq Ittifoqdagi barcha mashhur yozuvchilarni Olmaotaga taklif etgan. Urushdan horib-to‘kilib chiqqan, hali shinellaridan porox va qon hidi ketmagan yozuvchilar bir-birlarining diydorlariga to‘yib, bir-biridan go‘zal qadah so‘zlarini aytib, bu adabiyot bayramida yosh bolalardek yayrab quvonganlar.
1948 yili esa navbat o‘zbek yozuvchilariga keldi. Alisher Navoiy tug‘ilgan kunning 500 yilligiga bag‘ishlangan Toshkent shahridagi yubiley tadbirlarida ham rus, ukrain, belorus va boshqa yozuvchilar bilan birga qozoq yozuvchilari ham ishtirok etib, adabiy do‘stlik daraxtining gullab-yashnashiga o‘z hissalarini qo‘shdilar.
Shunday adabiy bayramlar keyin ham davom etdi. Turli adabiy o‘nkunlik va haftaliklardan tashqari, Toshkentda G‘afur G‘ulom, Oybek va Mirtemirning, Olmaotada esa Muxtor Avezov, Sobit Muqonov, G‘abiden Mustafin va boshqa adiblarning yubileylari o‘tkazildi. Qalamkash birodarlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikning ravnaq topishida muhim omil bo‘ldi. Qozoq kitobxonlarining o‘zbek adabiyoti durdonalarini qozoq tilida o‘qishga, o‘zbek kitobxonlarining esa qozoq adabiyoti javohirlari bilan ona tilida tanishishga muyassar bo‘lishlari ikki xalqning yanada yaqinlashishiga katta imkoniyat yaratdi.
Shu narsa ajoyibki, ulug‘ yozuvchilar o‘z xalqlarining buyukligini, jahon madaniyati xazinasiga hissa qo‘shgan siymolarning bo‘y-bastini ko‘rsatuvchi asarlar yozganlar. Muxtor Avezov ijodiy faoliyatining qaymog‘i bo‘lgan “Abay yo‘li” romani jahon xalqlariga nafaqat buyuk qozoq shoirini, balki qozoq xalqining qalbini ham kashf etish imkonini bergan. Xuddi shuningdek, jahon xalqlari, shu jumladan, qozoqlar ham Oybekning “Navoiy” romani orqali nafaqat buyuk o‘zbek shoiri, balki o‘zbek xalqi tarixining “oltin davr” – XV asrdagi ijtimoiy-madaniy hayoti bilan ham yaqindan oshno bo‘lganlar.
Oybek bilan Muxtor Avezov bir-biriga ruhan yaqin insonlar bo‘lishgan. Bolalik kezlarida otasi bilan Toshkent atrofidagi qishloqlarga borib, o‘sha yerda umrguzaronlik qilgan qozoqlarning turmush sharoiti, to‘yu tantanalari bilan yaqindan tanishgan Oybek so‘nggi nafasiga qadar qo‘shni xalqqa nisbatan mehr-muhabbat tuyg‘usi bilan yashadi. Undagi shu tuyg‘u “Bolalik xotiralarim” xotira-qissasida, “Baxtigul va Sog‘indiq” dostonida, Muxtor Avezovga bag‘ishlangan she’r va maqolalarida o‘zining yorqin ifodasini topdi.
Oybek do‘sti Muxtor Avezov bilan ilk bor Toshkentda, bo‘lajak qozoq adibi O‘rta Osiyo Davlat universitetida tahsil olgan yillarida tanishgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Ammo bu haqda biror xotira yoki biror iz qolmagani sababli, biz, adabiyotshunoslar, bu ikki ulkan adib do‘stligini 1929 yilda Leningradda boshlangan, deb kelamiz. M.Avezov o‘sha vaqtda Leningrad universiteti filologiya fakultetining so‘nggi kursida, Oybek esa Plexanov nomidagi Xalq xo‘jaligi institutining ikkinchi kursida o‘qiyotgan edilar. Ularning o‘sha yillarda tez-tez uchrashib, adabiy mavzularda uzoq suhbat qurganlari, bir-birlarining ilk asarlarini o‘qib samimiy fikr-mulohaza bildirganlari haqida xotiralar yozilgan. Olis 20-yillarda ekilgan bu do‘stlik niholi kundan-kunga o‘sib, shunday zo‘r daraxtga aylandiki, ular hayotdan allaqachon ko‘z yumganlariga qaramay, bu do‘stlik daraxti, nazarimizda, hamon shovullab turgandek bo‘ladi.
Bu do‘stlik ahyon-ahyonda bo‘lib o‘tadigan adabiy bayramlardagi uchrashuvlardangina iborat bo‘lmagan. Ular bir-birlarining ijodlarini kuzatib, bir-birlaridan o‘rganganlar. Bir-birlari bilan uchrashganlarida esa, choy sovib qolganini ham, kabobning xushbo‘y hidi anqib turganini ham sezmay, Sharq adabiyoti va falsafasi dengizida suzishda davom etganlar.
50-yillar oxirida Toshkentda, Oybek xonadonida bo‘lib o‘tgan shunday suhbatlarning biriga o‘sha yillarda yosh yozuvchi bo‘lgan Anvar Olimjonov guvoh bo‘lgan edi. U o‘z xotiralarida shu unutilmas uchrashuvni eslab, jumladan, bunday so‘zlarni yozgan:
“…Suhbat davomida ikki donishmand, bu ikki go‘zallik oshig‘i dam-badam xotiralarga berilib, fors va arab, o‘zbek va qozoq tillarida she’riy satrlarni daf’atan yoddan o‘qishar edi. Ular o‘tmishda o‘tgan, shuningdek, hozir hayot bo‘lgan Sharq shoirlari, olim va sarkardalari, faylasuf va rassomlarining nomlarini tilga olishardi. Mehmonning fikrini mezbon shu ondayoq davom ettirar, mezbon o‘qiy boshlagan satrni mehmon darhol ilib ketardi.
Ikki do‘stning she’riyat va falsafaga doir dilkash suhbati shu alfozda uzoq davom etdi. Ular go‘yo o‘z bilimlarini namoyish qilishar, bundan rohatlanishar va o‘zaro boyishar edi. Bu juda qalin va maslakdosh do‘stlarning suhbatlari edi. Ularning Sharq madaniyati va she’riyatiga mehr-muhabbatlari beadad, binobarin, ularning har biri o‘z xalqlari tarixi, adabiyoti va moddiy madaniyatining qomusiy bilimga ega bo‘lgan donishmandlari edilar…”
Oybek nafaqat Muxtor og‘a bilan, balki boshqa qozoq adiblari bilan ham do‘stona aloqada bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha 1929–1930 yillarda Sobit Muqonov ham Moskvada bo‘lib, navqiron o‘zbek shoiri bilan tanishgan va u bilan bir umrga do‘st bo‘lib qolgan. Atoqli qozoq adibi o‘zbek do‘stining 60 yilligi munosabati bilan Toshkentda bo‘lib o‘tgan tantanalarda ishtirok etib, bunday dil so‘zlarni aytgan edi:
“Mana, sen ham oltmish yoshga kirding!
To‘ying muborak bo‘lsin, do‘stim. Tani-joning sog‘ bo‘lsin, kasbi koring bundan ham kamol topsin, umring uzoq bo‘lib, baxting boqiy bo‘lsin, bola-chaqangning, nevara-chevaralaringning rohatini ko‘raver!..
Men seni birinchi marta bundan o‘ttiz besh yil ilgari Moskvada, qizil professorlar instituti binosida ko‘rgan edim. U mahalda sen yuzlaring ol-ol yongan, qalin, jingalak, qora sochli, ko‘zlaringda yoshlik, navqironlik o‘ti porlab turgan yigit eding.
Kecha bola eding, bugun kelding talay yoshga,
Ko‘z yetdi bir qolipda tura olmasga,
deb, Abay og‘am aytmoqchi, mana sen ham o‘zbeklarning bolasidan og‘asiga aylanding, xalqingning keksa yozuvchilari qatoriga qo‘shilding.
Ammo sen faqat o‘zbek xalqining keksa yozuvchilaridan biri bo‘libgina qolmading… Ittifoqdosh qardoshlarimiz orasida sening ajoyib, barkamol asarlaringni, romanlaringni o‘qimagan kitobxon yo‘q. Mana shuning uchun ham ular seni o‘zlarining sevimli, tug‘ishgan yozuvchisi deb biladi.”
Bunday haroratli so‘zlarni faqat yaqin do‘stgina, jigargina aytishi mumkin. Sobit Muqonov Oybek bilan ham, G‘afur G‘ulom bilan ham shunday samimiy do‘st edi.
1962 yilning may oyida qozog‘istonda o‘zbek adabiyoti kunlari o‘tkaziladi. O‘sha vaqtda Oybek og‘ir xastalikdan keyin sog‘ayib ulgurmagan, ammo shunga qaramay, Qozoq do‘stlari bilan diydorlashuv istagida qalamkash birodarlari bilan birga Olmaotaga boradi. qozoq poytaxtida bir-ikki kun turganlaridan keyin delegatsiya a’zolari ijodiy uchrashuvlarda ishtirok etish uchun qozoq diyorining turli shaharlariga yo‘l oladilar. Xasta Oybek esa Sobit og‘aning uyida mehmon bo‘lib qoladi. Kunlarning birida Sobit og‘a do‘stini qozoq diyorining o‘sha yillardagi ko‘rki – Medeoga olib borib, tabiatning bu go‘zal mo‘jizasi bilan tanishtiradi. Olatovning oppoq qor bilan burkangan cho‘qqisidan jildirab oqib tushayotgan kumush jilg‘alar pastroqda bir-biri bilan tutashib, ulkan soyni vujudga keltirgan, shu soyning o‘rtasida esa o‘tovdek katta va yumaloq tosh cho‘ng haykaldek qotib turardi. Bu fusunkor manzaradan hayratlangan Oybek toshning oldiga kelib, uni xuddi tirik odamdek quchoqlab, silab-siypaydi. Adib otasining ismi Toshmuhammad, ya’ni Tosh edi. Balki xasta adibning ko‘ziga haykal – tosh uning otasi bo‘lib ko‘ringandir, o‘shanda. Har qalay, u shu toshdan qandaydir ma’noni o‘qiydi. Buni ko‘rgan Sobit og‘a haykal – toshni o‘zbek do‘stiga bag‘ishlab, unga sovg‘a qiladi. Bu sovg‘ani berib yuborishning iloji bo‘lmagani uchun, oradan bir necha kun o‘tgach, Oybek jo‘nab ketganidan keyin, Medeoga toshtarosh ustani olib borib, unga shu so‘zlarni yozdiradi:
“Bul jumir tosti baurim Musa Aybekke siyg‘a tartam. Sabit Muqan ulы.- VI.1952 jыl”.
Afsuski, Medeoni olib ketgan dahshatli toshqin bu sovg‘a toshni ham o‘z qa’riga tortgan.
Odatda yangi bino poydevoriga uning qachon va kim tomonidan barpo etilayotgani yozilgan idish qo‘yiladi. O‘sha tosh ham balki kelajakda yanada kamol topajak qozoq va o‘zbek xalqlari do‘stligi koshonasining poydevori bo‘lib qolar…
O‘sha adabiyot bayramida ishtirok etgan G‘afur G‘ulom, insoniy tabiatiga ko‘ra, g‘oyat shinavanda, hazil-huzulni qotiradigan, bir suhbatga kirishsa, tongni tongga ulaydigan yozuvchi edi. U safar chog‘ida Qozog‘istonning gullab-yashnayotgan Qarag‘anda, Temirtov, Ko‘kchatov, hozirgi Ostona shaharlarini ko‘ribgina, tengdosh do‘stlari bilan diydorlashibgina qolmay, yosh qozoq shoirlari bilan ham tanishgan va inoqlashgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, 1964 yili u qozoq shoiri Quvondiq Shang‘itboyevning xatiga shunday javob xatini yo‘lladiki, bu xatning har bir so‘zi biri-biriga ustoz, biri-biriga shogird bo‘lgan xalqning do‘stlik daraxtiga ozuqa beradigan hayotbaxsh so‘zlar edi.
“O‘zbek va qozoqlar, – deb yozgan edi G‘afur G‘ulom, – ming yillardan buyon bir-biriga tutashgan ulug‘ yer qit’asida birga-birga yashab keladilar, birining tarixi ikkinchisining ham tarixidir. Qoplonbekda chiroq yoqilsa, Toshkentda ko‘rinadi, Chimkentda to‘y bo‘lsa, yarim Toshkent ko‘chib boradi. Uyimga biror ardoqli qo‘noq kelib qolsa, qimiz uchun yo Sarig‘ochga, yo Turbatga borib kelaman…
Qozoq xalqining saxiyligi, bag‘ri ochiqligi o‘z yeriga o‘xshab ketadi. Axir Sharqdan G‘arbga qarab, Xitoy chegaralaridan tortib Kaspiygacha, qalmoq cho‘ligacha, Shimoldan Janubga qarab, Orenburg sahrolaridan, O‘rol etaklaridan tortib Toshkentgacha bo‘lgan bepoyon hududda nimalar yo‘q!..”
Shoir qozoq va o‘zbek xalqlarining bir-biriga tutash yeri haqida so‘zlab, shu yerning boyliklarini ko‘z-ko‘z qilib, ikki qardosh xalqni birlashtiradigan qadriyatlarni ta’riflab shunday yozganki, bu xat qog‘ozga ulug‘ o‘zbek shoiri qalbidan she’r bo‘lib tushgandek taassurot qoldiradi.
Oybek bilan Muxtor og‘a o‘rtasida bo‘lgan gurungda ishtirok etgan yosh Anvar Olimjonov ular suhbatini “donishmandlar suhbati” deb atagan edi, deya esga olgan edik. Aslida bizning ustozlarimiz o‘zaro uchrashganlarida ular o‘rtasida bo‘lib o‘tgan har bir suhbat “donishmandlar suhbati” bo‘lgan. Odatda shunday suhbatlar asnosida kishilarni birlashtiradigan va ular qalbini bir umrga o‘zaro bog‘laydigan shohi rishtalar paydo bo‘ladi. Shu suhbatlar beiz ketmay, ularda ko‘tarilgan, qalamkash do‘stlarni hayajonlantirgan va umumbashariy ahamiyatga molik bo‘lgan masalalar ularning asarlari orqali dunyo bo‘ylab taraladi.
O‘zbek va qozoq xalqlarining adabiy aloqalari to‘g‘risida so‘zlar ekanman, yana ikki ulug‘ shoir nomini tilga olmay o‘ta olmayman. Bular – Mirtemir va Abdulla Tojiboyevlardir. Turkiston zaminida tug‘ilgan, bir-biri bilan tepishib katta bo‘lgan bu ikki yigitning biri Olmaotaga borib, qozoq shoiri, ikkinchisi esa Toshkentga kelib, o‘zbek shoiri bo‘lgan. Agar taqdir bu ikki birodarni Toshkentga olib kelganida, ularning ikkisi ham o‘zbek she’riyatining ikki chinoriga aylanishi hech gap emas edi. Xuddi shuningdek, agar ularning cheki Olmaotaga tushganida, hozir biz Mirtemirning asarlarini ham o‘zbek tiliga tarjima qilgan bo‘larmidik.
Ammo gap bunda emas. Gap shundaki, ular keyinchalik ham xuddi og‘a-inidek bir-birlari bilan do‘stona munosabatda yashadilar. Mirtemir Abdulla do‘stining asarlarini qozoq tilidan o‘zbek tiliga, Abdulla Tojiboyev esa o‘zbek do‘stining asarlarini qozoq tiliga mehr bilan o‘girdi.
“Biz Mirtemir bilan, – deb eslagan edi atoqli qozoq shoiri, – shonli Turkiston o‘lkasining fayziyob osmoni ostida tug‘ildik. Biz o‘z hayotimizda ko‘rgan ilk nur Turkiston quyoshi edi. Biz Mirtemir bilan o‘z umrimizda ilk bor tinglagan va huzur qilgan qo‘shiq Turkiston shamollarining navosi edi. o‘sha paytda sohillari to‘lib-to‘lib oqqan Sirdaryo to‘lqinlari biz uchun belanchak bo‘ldi. Xullas, bir quyoshdan nur emgan, qo‘hna daryo suvlaridan serob bo‘lgan, bir dasturxondan tuz-nasiba totgan qardoshligimiz tuyg‘usi bizning hayotimizga bir umrga kirdi va bizning qonimizda yashadi”.
Naqadar oltin so‘zlar-a, bu so‘zlar!..
Men shoir Mirtemirga yaqin kishilardan biri sifatida uning xonadonida bo‘lgan talay mehmondorchilik va suhbatlarda hozir bo‘lganman. 60-yillarda bo‘lsa kerak, Toshkentda o‘tkazilgan adabiy bayramlarning biriga qozog‘istondan Muhammadjon Qoratoyev va Abdulla Tojiboyev kelib, shu tantanalarda ishtirok etgan edilar. Aziz do‘stlarining Toshkentga kelganlarini ko‘rib, Mirtemir aka o‘zini qayerga qo‘yishni bilmay qolgan, o‘shanda. Afsuski, ularning Toshkentda bo‘lish vaqti soatma-soat rejalashtirilgan edi. Shunga qaramay, u qozoq do‘stlarining tushlik uchun ajratilgan vaqtini o‘z uyida birga o‘tkazishga ko‘ndirdi. Kelinoyiga turli-tuman taomlarni tayyorlashni buyurib, bizlarga mehmonlarga ko‘z-quloq bo‘lib turishni tayinladi. Men Mirtemirning iltimosi bilan olim va dramaturg Izzat Sultonni olib keldim. Yozilmagan stsenariyga ko‘ra, bu suhbati shirin olim o‘tirishga raislik qilib, mehmonlarning qulfi dilini ochadigan g‘aroyib so‘zlarni, voqealarni naql qilib turishi, biz esa, choy-poydan xabar olib, mehmonlarning yayrab o‘tirishlari uchun javobgarlik hissi bilan hamma narsaga shay bo‘lib turishimiz lozim edi.
Xullas, mehmondorchilik ko‘ngildagidek o‘tdi. Mezbon ham, mehmonlar ham mamnun bo‘ldilar.
Bu voqeani eslashimning boisi shuki, Mirtemir singari ustoz va yozuvchilarimiz qardosh qozoq yozuvchilarini astoydil hurmat qilar, ikki xalq adiblari o‘rtasidagi do‘stlik bog‘iga gard qo‘nmasligini istar va bu do‘stlik kundan-kunga mustahkamlanishi uchun barcha chora va tadbirlardan foydalanar edilar. Qolaversa, u bizga: “Mana, do‘stlik qanaqa bo‘ladi. Bizdan keyin sizlar ham qozoq olimlari va yozuvchilari bilan shunday do‘stona munosabatda bo‘lingiz!” demoqchiday edi.
Afsuski, ikki xalqning adabiyoti o‘rtasidagi do‘stlik bog‘iga asos solgan o‘zbek yozuvchilari ham, qozoq yozuvchilari ham bu foniy dunyodan boqiy dunyoga o‘tib ketdilar. Ammo shu narsa quvonarliki, ustoz Oybek va Muxtor Avezov, G‘afur G‘ulom va Sobit Muqonov, Mirtemir va Abdulla Tojiboyevlar boshlab bergan adabiy do‘stlik tarixi zarvaraqlari hozir ham ularning navqiron izdoshlari tomonidan bitilib bormoqda.
O‘zbek va qozoq adabiyotlari baxtiga, Turkiston shahrida ikki tilli yana bir zahmatkash ijodkor tug‘ilgan. Bu qozoq dashtlarida o‘suvchi sariq guldek ijodkorning ism-sharifi Nosir Fozilov bo‘lib, uning bir o‘zi qardosh adiblarning qariyb barcha mashhur roman va qissalarini, shuningdek, qator sahna asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 2007 yili qozog‘iston Respublikasining o‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida “Tiriklik qo‘shig‘i” degan qozoq adiblarining nasriy asarlari nashr etildi. Bu majmuaga kirgan o‘n yetti adibdan o‘n uchtasi Nosir Fozilov tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan. Bu majmuaning qimmatli tomonlaridan biri shundaki, undan Muxtor Avezov, Sobit Muqonov, G‘abiden Musrepov singari mashhur adiblar bilan birga o‘zbek kitobxoniga hali mutlaqo tanish bo‘lmagan Muxtor Mag‘avin, Dulat Isabekov, Berdibek So‘qpoqboyev singari yozuvchilarning ham asarlari o‘rin olgan.
Sir emas, Nosir Fozilov qozoq nosirlarining asarlarini tarjima qilishga ixtisoslashgani tufayli qozoq shoirlarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish ishida ozmi-ko‘pmi oqsoqlanishlar yo‘q emas edi. O‘zbekistonda “Jahon adabiyoti” jurnalining nashr etilishi bilan bu borada ham ko‘zga ko‘ringan ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, shu jurnal kutubxonasi seriyasida “Sayra, do‘mbiram” kitobining chop etilishi o‘zbek-qozoq adabiy aloqalari tarixida katta voqea bo‘ldi. Shoir va tarjimon Mirpo‘lat Mirzoning tashabbusi va ijodiy mehnati bilan yuzaga kelgan bu majmuaga Abaydan tortib Abdulla Aymoqqa qadar bo‘lgan ellik nafar qozoq shoirlarining she’rlari kiritilgan. Bu asarlar bilan tanishgan kitobxon nafaqat qozoq she’riyatida kechgan va kechayotgan ijodiy jarayonlar, balki qardosh qozoq xalqining ruhiy hayoti haqida, qozoq shoirlarining do‘mbiralarini sayratib yuborgan vatan, xalq va yorga bo‘lgan muhabbat tuyg‘ulari haqida yorqin tasavvurga ega bo‘ladi.
Shu majmuadan joy olgan iste’dodli qozoq shoiri Tumanboy Mo‘ldag‘aliyevning “O‘zbegim – o‘z og‘am” deb nomlangan she’rida bunday satrlar bor:
…O‘rtada baham orzu, quvonch, azob, Sen borsan, hech kim meni etmas mazoq. O‘zbekning osmonida tong balqisa, Hammadan burun uni ko‘rar qozoq. Ginam yo‘q, sen og‘amsan – tug‘ishgansan, Tilagim – ezgulikka yurak qonsin. Hazillar fayz bersin umrimizga, Saodat yulduzimiz mangu yonsin!Bu samimiy satrlar ikki qardosh xalq qalbini o‘zida ifodalagan ezgu tuyg‘ularning harorati bilan isitib turadi.
Biz, o‘zbek va qozoq adiblari o‘rtasidagi do‘stlik chamanzorini ko‘rib ulg‘aygan kishilar, so‘nggi yillarda ana shu aloqalarning bir oz uzilib borayotganidan tashvishga tushmay ilojimiz yo‘q. Negaki, bir-biri bilan og‘a-ini bo‘lib kelgan xalqlar o‘rtasidagi adabiyot atalmish ko‘prik zaiflashsa, bundan og‘a-inilik aloqalari ham ozor chekadi.
Ammo bunday o‘ylab qarasak, o‘zbek yozuvchi va tarjimonlarining, shuningdek, adabiyotshunos olimlarning bu aloqalarni davom ettirishga qaratilgan ishlari bir tomonlama urinish bo‘lib ko‘rinadi. “Qars ikki qo‘ldan chiqadi”, deganlaridek qozoq do‘stlarimizning “a, labbay” degan so‘zlarini eshitganimizcha yo‘q. Birorta qozoq tarjimoni na o‘zbek shoirlarining, na yozuvchilarining asarlaridan iborat majmualarini ona tiliga o‘girib, nashr etmagan. Holbuki, hozirgi o‘zbek she’riyatida kechayotgan ijodiy izlanish va jarayonlar qozoq she’riyatining keyingi rivojiga barakali ta’sir ko‘rsatishi mumkin. O‘zbek adiblari qalamiga mansub eng yaxshi qissa va romanlarning qozoq tiliga tarjima qilinishi ham qardosh qozoq kitobxonlari uchun kashfiyot bo‘lishi hech gap emas.
Tarixiy jarayonning qanday kechishi ko‘p jihatdan har bir xalqning vijdoni bo‘lgan yozuvchilarga, ularning o‘z fuqarolik burchlarini to‘g‘ri tushunishlari va uni to‘g‘ri ado etishlariga bog‘liq.
Ammo tarix shundan shahodat beradiki, ming yillar mobaynida sinovdan o‘tgan, xalqlar o‘rtasidagi tinchlik va osoyishtalikka xizmat qiluvchi abadiy qadriyatlar aslo yo‘qolmaydi. Xalqlar va adabiyotlar o‘rtasidagi do‘stlik shunday abadiy qadriyatlardan biridir.
Abdulla Tojiboyev aytganidek, ilohi, bir quyoshdan nur emgan, bir daryo suvlaridan serob bo‘lgan ikki qardosh adabiyotning va ikki qardosh xalqning do‘stlik daraxti aslo zavol bilmasin!
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil, 9-son.