O‘tgan asrning 10-yillarida ijod qila boshlagan shoir va yozuvchilar madrasa tahsilini olganlari sababli, turkiy tillardan tashqari, fors va arab tillarini yaxshi bilishgan. Binobarin, ular o‘z asarlarini o‘zbek tilida yaratish bilan birga, shu tillardagi badiiy adabiyot namunalarini o‘qish va hatto tarjima qilish imkoniga ham ega bo‘lishgan. Lekin bu shoir va yozuvchilar ijodi shakllana boshlagan davr o‘zbek xalqi tarixining mustamlakachilik davri bo‘lib, Turkiston chor Rossiyasining mustamlaka o‘lkalaridan biri sifatida yashayotgan edi. Shuning uchun ham ular chekiga fors va arab tillarini mukammal o‘rganish, shu tillarda ijod qilgan adiblarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish emas, balki rus tilini o‘rganish va rus yozuvchilari asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish vazifasi tushdi.
Abdulla Qodiriy bog‘bon-dehqon oilasida tug‘ilgan. U bolalik va yoshlik chog‘larida otasiga yordam berib, dehqonchilik, vassachilik yumushlari bilan mashg‘ul bo‘lgan. Ammo eski tuzum asoslarini birma-bir yangilab borayotgan zamon boshqalar qatori, Qodiriylar oilasidagi turmush tarzini ham o‘zgartirib yubordi. Bo‘lajak adib Rasulmuhammad degan bir boyning qo‘lida prikazchiklik qilib, uning da’vati bilan 1912 yilda rus-tuzem maktabiga o‘qishga kirdi. Lekin shu maktabda kechgan bir yarim-ikki yil ichida rus tilini na u, na uning maktabdoshlari o‘zlashtirgan bo‘lmasalar kerak. Ammo agar 1913-1914 yillargacha adabiyot olamidan uzoqda yashagan yigitning 1914-1915 yillarda “Juvonboz” va “Uloqda” hikoyalari va “Baxtsiz kuyov” dramasini yozib, o‘zbek adabiyotiga dadil kirib kelgani, 1919 yildan boshlab esa “O‘tgan kunlar” romanini yozishga shaylanganini eslasak, uning mutolaa yo‘li bilan ijod “sir”larini o‘rganganligi, lug‘at ustida ishlash va ruscha kitoblarni o‘qish yo‘li bilan Pushkin va Tolstoy tilini puxta o‘rganganligi kundek ravshan bo‘ladi. Har holda u Ferdinant Dyushanning 1927 yilda Zarif Bashiriy tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Tamilla” va “Qamar” romanlarini ruscha nusxalariga qarab, tahrir qilgan.
Hozirgi O‘zbekiston Milliy akademik drama teatri 1935 yili undan buyuk rus adibi va komediografi N.V.Gogolning “Uylanish” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilib berishni iltimos qilgan.
Milliy teatrimiz tarixidan shu narsa ma’lumki, “Uylanish” komediyasi 1926 yil 22 aprelda noma’lum yozuvchi tarjimasida “Namuna” truppasi tomonidan sahnaga qo‘yilgan. Ammo bu asarga rejissyorlik qilishgan Kamol I ham, mashhur kulgi ustasi Mirshohid Miroqilov ham aktyorlarning badiiy matndan chiqib, badihago‘ylik qilishlariga keng imkoniyat berishgan, hatto M.Mirshohidovning o‘zi ham asarga ko‘plab ichakuzdi replikalarni kiritgan. Natijada, komediya Gogol nusxasidan ancha-muncha farq qilgan va bu hol ayrim nozikta’b taqrizchilarning e’tirozlariga sabab bo‘lgan. Shuning uchun teatr bu o‘lmas komediyaga ikkinchi marta murojaat etganida Qodiriydan asarni muallifning g‘oyaviy maqsadidan uzoqlashmagan holda tarjima qilishni iltimos qilgan.
“Uylanish”ning 1935 yil 28 avgustda bo‘lib o‘tgan premerasi tomoshabinlar tomonidan ham, teatr tanqidchilari tomonidan ham g‘oyat samimiy kutib olindi. Chunonchi, Sotti Husayn “Gogolning “Uylanish” asari o‘zbek sahnasida” (“Sovet adabiyoti va san’ati” jurnali, 1935 yil, 11-12-qo‘shma son) deb nomlangan taqrizida spektaklga ham, Qodiriy tarjimasiga ham yuqori baho berdi. Afsuski, tarjima matni o‘tgan asrning 70-yillariga qadar na teatr arxividan, na xususiy arxivlardan topilmay keldi. Uning keyinchalik atoqli olim va dramaturg Izzat Sulton arxividan topilgan nusxasi faqat birinchi pardadangina iborat. Ammo shu nomukammal matn asosida ham Qodiriy Gogolning o‘lmas komediyasini yuksak badiiy saviyada tarjima qilgan, deb baralla ayta olamiz. Mazkur matnni 1972 yilda birinchi bo‘lib e’lon qilgan tarjimashunos olim Jumaniyoz Sharipov Qodiriyning tarjimonlik mahorati to‘g‘risida bunday so‘zlarni yozgan: “…Tarjimaning sifatiga kelganda shuni aytish mumkinki, Abdulla Qodiriyning bu tarjimasi o‘z davrining eng yaxshi tarjimalaridan biri bo‘libgina qolmay, hozirgi davrda ham qimmatini yo‘qotmagan nodir tarjima obidasidir. Tarjimon Gogol uslubini yaxshi bera olgan. Biz bu haqda ikkinchi kitobimizda maxsus to‘xtamoqchimiz” (J.Sh a r i p o v. Badiiy tarjimalar va mohir tarjimonlar. – T.: Fan, 1972, 226-bet).
Shu muallifning “O‘zbekistonda badiiy tarjima tarixidan” (T.,1985) nomli maqolalar to‘plamidan joy olgan Abdulla Qodiriy haqidagi maqolasida yozadi:
“O‘zbek va rus tillarini mukammal bilgan yozuvchi Abdulla Qodiriy “Uylanish” komediyasini tarjima qilishga kirishar ekan, dastavval asardagi har bir jumla, har bir so‘z, har bir obraz va personajni o‘rganib chiqdi. Shu bilan birga asarni sahnalashtirib, ijro etuvchi aktyorlarga qulay bo‘lishi uchun “Uylanish”ni nihoyatda ehtiyotkorlik, mas’uliyat bilan o‘zbek tiliga o‘girdi. Shuning uchun komediya o‘zbek aktyorlariga qulay bo‘lgan qisqa, ixcham jumlalar asosida tarjima qilingan.
Birinchi pardaning uchinchi faslida bosh qahramonlardan biri Podkolesin uylanishning bordi-keldi tomonlarini o‘ylab, xayol surar ekan, sahnaga xizmatchisi Stepan kirib keladi.
Shu kichik lavha asliyatda bunday berilgan:.
“P o d k o l ye s i n. A yed xlopotlivaya, chyort vozmi, veщ jenitba! To, da vsyo, da eto. Chtobы eto, da eto bыlo ispravno – net, chyort poberi, eto ne tak legko, kak govoryat, Ey, Stepan! (S t ye p a n v x o d i t.) Ya xotel yeщe tebe skazat…» (N.V. G o g o l . Sochineniya v pyati tomax. T. IV. M., 1952. – S. 218).
Bu lavha A.Qodiriy tarjimasida bunday jaranglagan:
P o d k o l ye s i n. “Hoy, shu uylanishning dahmazasi qursin-da. Hali unisi, hali bunisi degandek. Unisini tuzatsang, bunisi qolib boradi, bunisini bitirsang, yana boshqasi chiqib qoladi. Darvoqe, aytganlaricha, sabil bu uylanish hazil gap emas. Ey Stepan. (S t ye p a n kiradi.) Senga aytadigan yana bir so‘zim bor ekan…”
Ko‘chama-ko‘cha sovchilik qilib yurgan Fekla Ivanovna esa bo‘lajak kuyovlarni kelinga bunday ta’rifu tavsif qiladi:
“F ye k l a. A slavnыe vse takiye xoroshiye, akkuratnыe. Pervыy Baltazar Baltazarovich Jevakin takoy slavnыy, vo flote slujil – kak raz po tebe pridetsya. Govoryat, chto yemu nujno, chtobы nevesta bыla v tele, a podjaristыx sovsem ne lyubit. A Ivan-to Petrovich, chto slujit yezekuxtarom, takoy vajnыy, chto i pristupu net. Takoy vidnыy iz sebya, tolstыy, kak zakrichit na menya: «Tы mne ne tolkuy pustyakov, chto nevesta takaya i edakaya, tы skaji napryamik, skolko za ney dvijimogo i nedvijimogo?”
Qodiriy “podjaristыy”, “ezekuxtar”, “pristupu net” singari murakkab so‘z va iboralardan xoli bo‘lmagan Feklaning bu replikasini o‘zbek tiliga bunday o‘girgan:
F ye k l a. “Hammalari ham yaxshi, so‘zga yetuk, va’daga vafolik, aqlga to‘la. Birinchisi Baltazar Baltazarovich Jevakin. Shunday odamki, o‘zi frontda xizmat qilgan. Xuddi senga buyurtirilgandek, menga qovjiragan go‘shtdek xotin kerak emas, mening uchun badani to‘la xotin zarur, deydi. Ivan Petrovich bo‘lsa, yezekuxtar bo‘lib ishlaydi O‘zi shunday jiddiy odamki, hech narigi yog‘i yo‘q. O‘zi shunday to‘ladan kelganki, menga baqiradi: “Sen menga mayda gaplarni so‘zlab bidirlama, menga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, jonli moli qancha, jonsizi qancha, ana shundan gapir!” deydi…”
Bu lavhalardan ayon bo‘lganidek, jonli xalq tilining ajoyib qochirmalari, tesha tegmagan iboralarini yaxshi bilgan Qodiriy Gogol asari tarjimasiga g‘oyat ehtiyotkorlik va mas’uliyat bilan yondashib, muallifning nafaqat goh masxaraomuz, goh kinoyaviy, goh kulgili tili va uslubi, balki qahramonlarning individuallashgan o‘ziga xos nutqlarini ham o‘zbek tilida aniq, adekvat ifodalashga intilgan. Shuning uchun Sotti Husayndek nozikta’b tanqidchi ham asar tarjimasiga yuqori baho bergan.
Rus yozuvchilaridan nafaqat Gogol, balki undan ko‘ra ham A.P.Chexovning zaharxanda tili va uslubi Qodiriyga yaqin edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Qodiriy 1936 yilda “Sovet adabiyoti” jurnali tahririyatining iltimosi bilan buyuk rus yozuvchisining “Xameleon” (“Buqalamun”) satirik hikoyasini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Bu tarjima bilan tanishgan kitobxon uning rus yozuvchisi qalamiga mansub ekanligiga faqat personajlarning ruscha nomlari tufayligina iqror bo‘lishi mumkin. Chexov badiiy asar tiliga g‘oyat katta adabiy mezonlar asosida yondashgan yozuvchi bo‘lgani uchun “Buqalamun” tilining ham, boshqa asarlari tilining ham g‘oyat siqiq va lo‘nda bo‘lishiga intilgan. Bu hol badiiy matndagi har bir so‘z, har bir tafsilning keng sig‘imli bo‘lishiga katta imkon yaratadi. Chexov asarlari tiliga xos shu muhim xususiyat Qodiriyga ham manzur bo‘lgan ko‘rinadi. U o‘tgan asrning 30-yillarida tez-tez o‘tkazilib turgan yosh shoir va yozuvchilarning seminarlarida shu haqda so‘zlab, “Buqalamun” misolida so‘z va tafsilning badiiy matndagi roli to‘g‘risida g‘oyat muhim fikrlarini bayon qilgan. Adibning shunday seminarlarning biridagi nutqi “Sovet adabiyoti” jurnalining 1936 yildagi sonlaridan birida bosilgan.
O‘ylaymizki, “Buqalamun” tarjimasi bilan birga quyida e’lon qilinayotgan “O‘qish-o‘rganish” maqolasi ham Qodiriyning tarjima va tarjimon haqidagi qarashlariga ravshanlik kiritadi.
A.Qodiriy hayotining so‘nggi yillarida ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar nashriyotining iltimosi bilan xorijiy yozuvchilarning bir qancha hikoyalari va “yostiqdek-yostiqdek” romanlaridan olingan ayrim parchalarni o‘zbek tiliga o‘girdi. Shunday asarlar orasida Deni Didroning “Rohiba”, Bokkachchoning “Chopillo maxdum”, Mazuchioning “Jirillama maxdum” va “Nikola maxdum ishtoni”, Alfons Dodening “Saodatli Avgustinning aziz duosi”, Mark Tvenning “Rohiblarning karomatlari”, Yaroslav Gashekning “Xudoga madhiya” va “Evergard avliyoning karomati” singari, shuningdek, Emil Zolyaning “Lurd” va “Rumo” romanlaridan parchalar bor. Sovet davlati din va ruhoniylarga qarshi kurash avj olgan 20-30-yillarda shunday asarlar orqali xalqning Xudodan, aziz-avliyolar, diniy hikmatlar va ajabtovur voqealardan yuz o‘girishiga erishmoqchi bo‘lgan.
Qodiriy bugun biror badiiy va ma’rifiy qimmatga ega bo‘lmagan bunday asarlarni tarjima qilishga yo siyosiy zug‘um, yoki moddiy ehtiyoj orqasida majbur bo‘lgan ko‘rinadi.
Agar taqdir ulug‘ o‘zbek adibiga uzoq va erkin ijod qilish imkoniyatini berganida, u jahon adabiyotining buyuk durdonalarini o‘zbek tiliga qoyil- maqom qilib tarjima qilgan bo‘larmidi…
Naim Karimov,
filologiya fanlari doktori, professor
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 4-son