O‘zbek mumtoz adabiyoti qadimiy va boy an’analarga ega. Unda har bir adabiy siymo yoki adabiy asarning o‘ziga xos o‘rni va ahamiyati bor. Bu rang-baranglik birinchi navbatda bevosita badiiy mahoratda, so‘zlarga jilo berish san’atida namoyon bo‘ladi. Ijodkorning san’atkorligi, betakror o‘ziga xosligi adabiy tilning lisoniy imkoniyatlaridan qay darajada foydalana olganligi bilan belgilanadi.
XV asrning ikkinchi yarmi va XVI asr boshlarida yashab ijod etgan Muhammad Shaboniy (Shayboniyxon)ning o‘zbek milliy tarixi, mumtoz adabiyot va adabiy til taraqqiyotida o‘ziga xos o‘rni bor. Shaboniy shoh — shoir sifatida Husayn Boyqaro, Bobur singari davlat ishlarini badiiy ijod bilan qo‘shib olib bordi. O‘ziga xos ijodiy iste’dod, salohiyatga ega bo‘lgan bu shaxs o‘z davrida qator fanlardan keng va chuqur bilim olgan edi. Shuningdek, u hayotiy tajribasi, qolaversa, mehnatsevarligi, tirishqoqligi tufayli zamonasining ko‘zga ko‘ringan siymolaridan biriga aylangan.
Shoirning o‘ziga xos ijodiy mahorati va asarlarining badiiy saviyasi haqida qator ilmiy-tarixiy asarlarda ma’lumotlar yetib kelgan. Shunga qaramasdan, totalitar tuzum davrida uzoq vaqtlargacha uning ijodiga bir yoqlama munosabat hukm surdi. Shoirning adabiy merosi kamsitildi, ijodiy mahoratiga shubha bildirildi.
O‘zbekiston milliy mustaqillikka erishgandan so‘ng adabiy merosga munosabat jiddiy o‘zgargani tufayli Muhammad Shaboniy merosini xolis o‘rganish va adolatli baholash uchun sharoit yaratildi. Shoir devoni O‘zbekistonga olib kelindi va uning adabiy merosini adabiyotshunoslik va badiiy til nuqtai nazaridan bevosita birinchi manba asosida o‘rganish imkoniyati tug‘ildi.
Muhammad Shaboniy devoni adabiy an’analar asosida tuzilgan yirik adabiy majmua. Unda shoirning g‘azal, qasida, ruboiy, tuyuq va muammo kabi janrlarda yozgan she’rlari to‘plangan. Devon mundarijasi va asarlarining badiiy tahlili shoir ijodining o‘zbek milliy adabiyoti va badiiy tili taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini belgilashga xizmat qiladi.
Muhammad Shaboniy 1451-1510 yillarda yashab o‘tdi. Uning fojiali taqdiri borasida qator manbalarda yetarli ma’lumotlar mavjud bo‘lgani uchun bu borada har qanday izohni ortiqcha deb hisoblaymiz hamda uning ilmiy-ijodiy merosi tahlili bilan chegaralanamiz.
Asarlari:
1. «Bahr-ul-xudo». Qo‘lyozma nusxasi London, British Myuzem, Add 7914 y., 16-22-b raqami ostida Angliyada saqlanadi. 1508 yilda yozilgan bu diniy-axloqiy mavzudagi masnaviy aruzning foilotun-foilotun-foilotun-foilun bahrida bitilgan.
2. Fiqhga oid risola.
Turk olimi Ko‘pruli Islom qomusiga yozgan «Chig‘atoy adabiyoti» nomli maqolasida Shaboniyning fiqh ilmiga oid bir risolasi mavjudligi va bu asar o‘z kutubxonasida saqlanayotganligi haqida ma’lumot beradi. Keyingi manbalarda ham bu risola xususida fikrlar mavjud, ammo uning aniq manzili haqida ma’lumot berilmagan. Bu asar haqida «Muzakkiri ahbob»da ham ma’lumotlar bor.
3. Turkiy til qonun-qoidalari.
Hasanxoja Nisoriy «Muzakkiri ahbob» tazkirasining «Chingiz sultonlar jamoasi zikrida» bo‘limida «Shahid bo‘lgan baxtli xoqon Abdulfath Muhammad Shaboniyxon ibn shoh Budog‘ Sulton bin Abulxayrxonning muqaddas yodi» nomli maqolasida yozadi: «Deydilarki, xon (Shaboniy) Hazora qal’asi fathiga otlanganda bir g‘azal bitib, Hiri shayxulislomi qozi Ixtiyorga yuboribdi. Qozi Ixtiyor turkiy tilni bilmas ekan, uning uchun «Turkiy til qonun-qoidalari» kitobini bitib yuboribdi». Shu ma’lumotga asoslangan holda aytish mumkinki, Shaboniy tilshunoslik ilmi bilan ham shug‘ullangan.
Bu asar ham ilmga ma’lum emas.
Muhammad Shaboniy lirik merosining majmuasi bo‘lmish Shaboniy devoni (Istanbuldagi To‘pqopi saroyi muzeyida inv.2436 raqami bilan saqlanadi) uning hayotlik chog‘ida tartib qilina boshlangan, biroq bevaqt halok bo‘lgani tufayli oxiriga yetmay qolgan. Shunga qaramasdan, devonga kiritilgan asarlar adibning ijodiy dunyosi, badiiy salohiyati va o‘ziga xos shoirona uslubi borasida yetarli ma’lumot beradi. Shu bois biz shoir lirikasida badiiy til muammolarini devonda keltirilgan she’rlar misolida tahlildan o‘tkazamiz.
Shoir devonida she’riyatning tavhid, na’t, g‘azal, ruboiy, muammo, tarix kabi janrlarida yozilgan 416 ta she’r mavjud.
Shaboniyning ismi va taxallusi bugunga qadar turli shakllarda aytilmoqda. Shaboniy, Shibon, Shiboniy, Shayboq, Shaybek, Shohbaxtxon kabi. Aslida «Shabon» nomi turkiy «Sho‘bon» (cho‘pon) so‘zidan olingan. Sho‘bonni «podshoh», «el-yurtni boshqaruvchi inson» ma’nosida qo‘llash Navoiyda ham bor. Abulg‘oziy uning ismi va taxallusi haqida: «O‘zi shoir edi. Shaybonxon naslidan bo‘lg‘oni uchun Shayboniy taxallus qilur erdi», deb yozadi. Bartold Shayboniyxon ismi haqida: Ismining asli Jo‘chixonning kichik o‘g‘li Shibondan keladi va musulmon adabiyoti keyinchalik bu ismni Shaybonga o‘zgartiradi. Buning natijasida XVI asrda Shaybonning avlodi, Turkistondagi o‘zbek davlatining quruvchisi Shayboniy shaklida shoirlik laqabini oldi. Arab qabilalaridan birining nomi bo‘lgan bu laqab xalifa mazhabi faqihlaridan Abu Xanifa va Abu Yusuf tolablaridan birining nisbasi o‘laroq mashhurdir. Eng qizig‘i, islom olamida mashhur bo‘lgan bu ism — Shibonning Shaybonga aylanishiga sabab bo‘lganligidadir, deb yozadi. Bartoldning bu fikri Zaki Validiy To‘g‘on tomonidan ham quvvatlanadi. Zaki Validiy bu xususda shunday yozadi: Shayboqxonning ismi tarixlarda Shayboq, Shohibek, Shohbaxt shakllarida yozilgandir. Turkcha talaffuzga ko‘ra, cho‘ziq «shoh» so‘zining so‘ngida kelgan «bak» (bek) so‘zi qalinlashib «baq» tarzida aytiladi. Yoki aksincha «shoh» so‘zining til oldi talaffuziga sabab bo‘ladi. Zotan, Turkiston o‘zbeklari ham Shohbaxtni Shayboq shaklida aytishadi. O‘zbek va qozoq talaffuzida baxt so‘zi «baq», taxt so‘zi «taq» shaklini oladi. Bu jihatdan Shayboq so‘zini Shohbaxtdan kelib chiqqanligi xususida shubha yo‘q. Shaybaqxonning ismi o‘zi va yaqinlari tomonidan Shohbaxt, Shayboq shaklida yozilgan bo‘lganligi uchun bu shaklni qabul qilamiz. To‘g‘on davom etib, Shayboniyxon o‘z she’rlarida «Shaboniy» va «Shabon» taxalluslarini qo‘llaganini aytadi. Yana To‘g‘onga ko‘ra: «bu so‘zni mullalar arabcha Imom Shayboniyning ismi bilan «Shayboniyxon» deb yozganlarki, bu xatodir, hatto bu xato yevropaliklarga ham o‘tgandir».
Rashid Rahmatiy Arat «Boburnoma»ga asoslanib, Shayboniyxonning otini Shayboq, Shayboqxon, Shiboni, Shohibek shakllarida o‘qigan. Gulbadanbegim Shohibekxon, Muhamad Shayboq otlarini qo‘llaydi. Ayni shu asarning 116-sahifasida O‘zbek xoni Muhammad Shayboniyni Shayboniy, Shayboq, Shohibekxon ham derlar, deya ta’kidlanadi.
Shaboniy devonida taxalluslar quyidagicha qo‘llangan: devondagi 266 ta she’rga Shaboniy, 65 tasiga Shabon, 7 tasiga Shohbaxtxon va bitta she’rga Shohbaxt taxallusi qo‘yilgan.
Demak, shoirning devoni «Devoni Shaboniy» deb atalishi va taxallusi Shabon yoki Shaboniy tarzida qo‘llanilishi to‘g‘ridir. Ammo an’anaga muvofiq uni shoh sifatida «Muhammad Shayboniyxon» tarzida atash ham to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, tarixda Shaboniy davlat arbobi va sarkarda sifatida shu nom bilan mashhur. Bunga muvofiq o‘laroq, Muhammad Solih ham o‘z asarini «Shayboniynoma» deb atadi, biroq uning she’rlarini tahlil qilar ekan, «Shaboni», «Shabon», «Shaboniy» taxalluslarini qo‘llagan.
Shaboniy o‘z davrining ma’rifatli vakili sifatida arab va fors tillaridan ham saboq oldi, bu tillardagi adabiyotdan bahramand bo‘ldi. U o‘z iste’dodini tarbiyalash, mahoratini oshirish borasida ko‘p izlangan, o‘qigan va o‘rgangan bo‘lsa kerak, devondagi g‘azallar kompozitsiyasi va ayrim yerlardagi izohlar, nazira g‘azallar, talmeh san’atiga xos uslublarning ko‘p qo‘llanishi bundan dalolat beradi.
Shaboniy o‘z g‘azallarida kompozitsion butunlikni ta’minlashga intilgan. Baytlarning mantiqan bog‘lanishi, syujetlilik shoirning shaxsiy kuzatishlari, ruhiy ahvoli taqozosi bilan yuzaga kelgan hol. Shaboniy sharq she’riyati an’analariga individual yondashishga harakat qiladi, natijada g‘azallarida o‘rni-o‘rni bilan butunlay mavzudan uzoqlashish hollari uchrab turadi. Masalan, yor vasfi, hijron azobidan noliyotgan shoir birdaniga g‘azalni tarixiy voqealarga ulab ketadi yoki aksincha.
Shaboniy asarlarining asosiy turlari ta’rifiy, tavsifiy, madh va sharhi holdan iborat. Shoir yorning (ma’shuqaning) go‘zalligini, yuzi, qaddi, sochini ta’riflaydi va binobarin, lirik qahramon (o‘zi)ning holini bayon qiladi, ta’rif va tavsifni yor timsolida uyg‘unlashtirishga, uni madh etishga, yorning barcha tashqi va ichki fazilatlarini ko‘rsatishga intiladi. Shoir g‘azallarida shu nuqtai nazardan zamondoshlarining g‘azallari bilan umumiylik bo‘lsa-da, ammo ta’rif va tavsifda hech bo‘lmaganda birgina timsol yoki tafsilot ifodasida o‘zigaa xoslikka erishadi.
Shaboniy g‘azallarining mavzui rang-barang. Albatta. U o‘z salaflarida kuylanib kelingan mavzulardan uzoqlashib keta olmasa-da, ammo ularga yondashishda originalligi bilan ajralib turadi. Ishq mavzusi boshqa ijodkorlarda bo‘lgani kabi Shaboniy lirikasida ham yetakchi mavzu. Yana yor va diyor taronasi, mehr-muhabbat, vafo va jafo, ixtilof va iztirob, ishonch va imon motivlari ham g‘azallarning kompozitsion qurilishida faol ishtirok etadi. Shaboniy ham Navoiy va uning salaflari kabi majoziy ishqni haqiqiy ishqqa (ishqi haqiqiyga) birlashtirishga harakat qiladi. Yorni keng ma’nodagi yor ma’nosida qo‘llaydi:
Bu Shaboniy ko‘nglini har necha taftish etar,
Yordin o‘zga yo‘qturur ko‘nglida bir zarra huzur.
G‘azallar mundarijasi muhabbat yoki firoq, furqat va hijron azobidan nolish bilan cheklanib qolmaydi, shoir o‘z holi-zorini bayon qilish borasida inson va tabiat falsafasiga qo‘l uradi. Hayotning, turmushning mantiqini izlaydi, inson ibtidosi va intihosi haqida fikr yuritadi:
Ey, Xuroson ahli, Shabon bir avuch tuproq edi,
Kimga haq qilsa inoyat xonu ham sulton bo‘lur.
Shaboniy g‘azallarining mavzusi rang-barang. She’rlarida peyzaj tasviri, yurtga, vatanga muhabbat tuyg‘ulari bo‘rtib turadi. Ayniqsa, Samarqand, Turkiston, Hirot va boshqa joylarga berilgan ta’rif, joylardagi iqlim va sharoitlarning o‘zaro qiyosi shoirning an’anaviy mavzular qobig‘ini yorib chiqishga intilganidan dalolat beradi. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, devondagi ko‘pgina g‘azallar shoir umrining so‘nggi yillarida yozilgan. Shaboniy, albatta, o‘zining hayotdan erta ko‘z yumishini, fojiali halok bo‘lishini bilmagan, ammo hayotning achchiq-chuchugini totgan, ancha-muncha issiq-sovuqni boshidan o‘tkazgan kishi sifatida atrofdagilarga, o‘g‘illariga, jiyanlariga va lashkarboshilariga pand-nasihat tarzida didaktik g‘azallar yozgan. Muhammad Solih «Shayboniynoma» dostonida ta’kidlashicha, u so‘zamol va bilimdon bo‘lganligidan ko‘p vaqt nutq irod qilganida yigitlar hatto, ko‘zlariga yosh olgan. Ularning ko‘ngliga ta’sir qiladigan so‘z va iboralarni topa bilgan. Devonni kuzatish ko‘rsatadiki, shoir va shoh Shaboniy o‘rni-o‘rni bilan o‘z nasihatlarini, mulohazalarini she’riy uslubda ifodalagan. Albatta, bu unga yigitlarning ruhini ko‘tarishda, qo‘shinning intizomini saqlashda qo‘l kelgan bo‘lsa kerak.
Shaboniy mumtoz adabiyotimizdagi qator she’r san’atlaridan mohirona foydalangan. Jumladan, tashbih, tansiq us-sifat, murot an-nazir yoki emotsional mubolag‘a tasvir usullari: tablig‘, murojaat, ritorik so‘roq, savolu javob kabi. Shuningdek, tazod, tajnis va yana ko‘pgina san’atlar shoir devonining badiiyligini ta’minlagan.
Shoir talmeh san’atidan unumli foydalangan. Uning g‘azaliyotida rivoyatlar, tarixiy asarlardagi yuksak hayotiy lavhalar, ishoralar ko‘pligini ko‘ramiz. Shoir irsol-ul-masal san’atidan ham ko‘p foydalangan. Masalan:
Ne g‘am ishqing ko‘ngulni qilsa vayron,
Kim erur doimo vayronada ganj.
baytida ilonli vayronada xazina yotadi, maqolini asar tarkibiga singdirib yuborgan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Devondagi an’anaviy mavzular ayrim o‘rinlarda qofiya va radiflarning ham shunga monand bo‘lishini taqozo etadi. Ammo ko‘ngul, kelmadi, bo‘ldi kabi an’anaviy radiflar bilan bir qatorda shoir hali she’riyatda qo‘llanilmagan (yoki kam qo‘llanilgan) so‘zlarni radif o‘rnida ishlatadi, bu hol shoirning an’anaviylikdan chekinishga intilganini yaqqol ko‘rsatadi. Chibin, bo‘lum, bo‘lolay, ekin kabi so‘zlarning radif bo‘lib kelishi avvalgi shoirlarda uchramaydi. Qofiyalarda ham originallik ko‘zga tashlanadi, shoir jamlov sonlarni qofiya qilib keltiradi.
Shaboniy asarlarida yor va diyor muhabbati, sog‘inch va ishonch, iltijo va iltifot, hayrat va hasrat, alam va shodlik tuyg‘ulari shu qadar ustalik bilan uyg‘unlik kasb etadiki, ularni o‘qiganda shoirning mahoratiga tan bermaslikning iloji yo‘q. Yorning yuzi, ko‘zi, qomatu zulfi tasviri, aqli, idroki, nozu karashmasi tavsifi ko‘pgina g‘azallar leytmotivini tashkil qiladi. Yana ularda oshiqning yor firoqidan chekkan azob-uqubati, hajr o‘qidan olgan dil yarasi, bevafo falakning musibati, jabr-zulmidan nolish ham lirik qahramon kechinmalaridagi davomiylikdan dalolat beradi. Biroq barcha so‘z ustalarida bo‘lgani kabi Shaboniy lirikasi ham falsafiy mundarijadan holi emas. Ulardagi mantiq o‘ziga xos, original. Shoir ilmi zohir va ilmi botindan olgan o‘ziga xos tushunchalarini g‘azallari bag‘riga singdirib yuboradi.
Shaboniy lirikasining badiiy-g‘oyaviy jihatlari bir tomondan sharq mumtoz she’riyatining eng ilg‘or va an’anaviy xususiyatlarini o‘zida mujassamlantirgan. Ayni zamonda ularda shoirning original, o‘ziga xos obrazlar dunyosi lirik satrlarda o‘ynoqi va sodda til vositasida ifodalangan. Ayni shu fazilat shoirning o‘ziga xos uslubini belgilaydi.
Muhammad Shaboniy asarlarida yangi uslub, yangi badiiy shakl yaratishga bir qadar erisha olgan bo‘lsa ham XVI asr o‘zbek mumtoz adabiyotida tub burilish yasagan, deb aytsak, mubolag‘a qilgan bo‘lamiz. Shoir o‘z davrining farzandi sifatida bunday imkoniyatni yuzaga chiqara olmadi. Shu sababli uning she’rlarida sharq adabiyoti an’analariga muvofiq XV-XVI asrlarda keng qo‘llangan adabiy qoliplar va badiiy til xususiyatlari aks etgan.
Badiiy ijod, badiiy asarning originalligi mavjud lisoniy vositalarni ishlatish borasida yangi uslub yaratish bilan chegaralanmaydi. Shoir inson ongining hali ochilmagan ufqlarini kashf etishi kerak. Shaboniy bunga ma’lum darajada erishib, o‘z she’rlarida badiiy san’atlardan unumli foydalana oldi. U she’riyat tilini soddalashtirish, hayotga yaqinlashtirish, yangi mazmun bilan boyitish yo‘lida ko‘zga ko‘rinarli xizmatlar qildi. Jonli xalq tili boyliklaridan dadil foydalanar ekan, so‘z qatlamlaridagi nozik nuqtalardan kutilmagan yangi ma’nolar chiqarishga katta e’tibor berdi.
Shaboniy ona tiliga xos ma’no xususiyatlarini mukammal o‘rgandi va turli o‘rinlarda shakldosh so‘zlardan qator badiiy san’atlar yaratishda foydalandi. Masalan, shoir g‘azallarida bir bayt ichida shakldoshlik munosabatida bo‘lgan so‘zni qo‘llar ekan, ularga mohirlik bilan chuqur ma’no-mazmun yuklashga – tajnis san’atiga ko‘p murojaat qiladi. Bir so‘zning ikki xil ma’nosi matn doirasida yuzaga chiqadi. Badiiy adabiyotda tilimizdagi bu katta imkoniyat – boylikdan tajnisi tomm san’atini hosil qilishda unumli foydalaniladi. Bunda birinchi so‘z o‘zlashma, ikkinchisi esa o‘z qatlamiga mansub so‘z:
Har kuni g‘ami ishqidin ko‘ngluma safar qilur,
Sad tavbani sindurub, yuz tavba asar qilur.
Shoir so‘zlarning ma’no munosabatiga nozik yondashish asosida bir bayt ichida uch xil ma’no hosil qila olgan: 1) har kuni ishqning g‘ami bilan ko‘nglimga safar qiladi, tavba devorini (arabcha sad(d)-devor) buzib, go‘zalligi oldida yuz (son) tavbaga bosh egdiradi; 2) o‘ylamaslikka yuz (forscha sad-yuz) tavba qildirgani holda g‘ami qoshida yana yuz (bet va son) tavbani diydorlashuv uchun qildiradi; 3) iymon vositasidagi tavba devorini buzib, yuz sifatining ta’siri bilan yuz bora tavba qildiradi.
Bu o‘rinda baytning ma’nosiga muvofiq o‘laroq sad (devor va son), yuz (son va bet) so‘zlarining har biri ikki xil ma’noda kelib, tajnisi tomm san’atini hosil qilmoqda.
Shoirning shakldosh so‘zlardan mukammal foydalanish mahorati yana shunda namoyon bo‘ladiki, u omonim so‘zlarni matnda bir joyda yonma-yon keltiradi va ikki xil ma’no hosil qiladi.
Shakldosh so‘zlarni bir o‘rinda ikki xil ma’no bilan qo‘llash nutqning ziynatli chiqishi va ma’noning kuchayishi uchun zamin yaratadi. Shoir o‘z asarlarida so‘zlarning yangi leksik-semantik, stilistik shakllarini izlab topish borasida ma’lum bir ijodiy yuksaklikka ko‘tarila olgan. Xususan, yetti so‘zining son va fe’l ma’nolari bir misra doirasida ma’noni ta’kidlash va kuchaytirish uchun xizmat qiladi:
Etti ohimning tutuni yetti ayvonig‘acha.
Birinchi yetti: yetmoq fe’li, yetti soni, ya’ni ohim yetti yoki yettinchi ohim, ikkinchi yetti ham fe’l va son: ayvonga yetdi yoki yettita ayvoniga yetti.
Shakldosh so‘zlar vositasida radd ul qofiya-qaytariq qofiya san’atini hosil qilishda ham Shaboniy o‘z mahoratini ko‘rsatadi. Shoir turkiy so‘zlarning qator shakldoshlik ma’nolaridan bir asar davomida satr oxirida foydalanib, to‘liq alliteratsiya, qolaversa, to‘liq radd-ul-qofiya, omonimiyaga erishadi. She’rning tili va uslubida originallik hosil qiladi, ma’noni jilolantiradi, kuchaytiradi.
O‘zbek mumtoz adabiyotida keng qo‘llanuvchi tuyuq so‘zlardagi shakldoshlikka asoslangan janrdir. Shaboniy bu janrda ham muvaffaqiyatli ijod qiladi, so‘zlardagi shakldoshlik asosida go‘zal tuyuqlar yaratadi:
Necha dilbar jonima o‘t yoqadur
Jonimung dardina darmon yoqadur
Oq to‘nung ko‘rganda yonmoq xushturur
Hoshiyasinda bilmadim ne yoqadur.
Asarning birinchisi misrasidagi yoqadur — o‘t yoqadi, olov qalaydi, jonimni yondiradi ma’nolarida. Ikkinchi yoqadi — xush yoqadi, rohat beradi, zavqlantiradi va nihoyat so‘nggi misradagi yoqadur ot — yoqa, kiyimning yoqasi ma’nosida.
Muhammad Shaboniyning lirik merosi o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida o‘ziga xos o‘ringa ega. Uning milliy adabiy muhit doirasida yozgan she’rlari mumtoz adabiy til taraqqiyotiga xizmat qilgan. Shaboniy iste’dodli so‘z san’atkori sifatida asarlarida o‘zbek tili lug‘aviy imkoniyatlaridan muvaffaqiyatli foydalandi, ijodiy originallik doirasida shevaga xos so‘zlarni mahorat bilan qo‘lladi, so‘zlarning shakl va ma’no xususiyatlaridan mukammal foydalangani holda yangi uslub, timsol yarata oldi.
Muso Tojiboyev, filologiya fanlari nomzodi, dotsent
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 12-son