O‘zbek xalqining buyuk shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy ijodi jahon adabiyoti namoyandalari Homer va Dante, Firdavsiy va Hofiz, Shekspir va Rustaveli, Pushkin va Tolstoy, Gyote va Balzak merosi kabi mo‘tabardir. Shu bois ham hazrat Navoiyning shoh asarlari faqat Sharqda mashhur bo‘lib qolmasdan, balki Yevropa ilm ahlining ham diqqat-e’tiborida bo‘lib keldi.
Darhaqiqat, Alisher Navoiy o‘z ijodi bilan turkigo‘y xalqlar madaniyatining yuksalishiga katta hissa qo‘shgan, turkiy tilning nazm va nasrda shuhrat qozonib, xalq tilidan yuksak adabiy til darajasiga ko‘tarilishida fidoyilik ko‘rsatgan ekan, u o‘zining “Farhod va Shirin” dostonida bundan faxrlanib yozadi:
Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yak qalam…
Hazrat Alisher Navoiy merosining jahon tsivilizatsiyasi tarixida tutgan o‘rnini haqqoniy baholamoq uchun esa, avvalambor, u yaratgan asarlarning boshqa tillarga tarjima qilinishi va targ‘ib etilishi tarixini puxta o‘rganmog‘imiz lozim bo‘ladi. Darvoqe, o‘tgan asrda taniqli olimlardan V.V.Bartold, Ya.E.Bertels, V.M.Jirmunskiy, A.K.Borovkov, V.Zohidov, H.Sulaymonov, G‘.Karimov, N.Mallayev, A.Hayitmetov tadqiqotlarida Alisher Navoiy merosining jahoniy shuhrati va G‘arb sharqshunosligida o‘rganilish tarixi xususida ayrim ma’lumotlar berilgan bo‘lsa-da, adib asarlarining jahon tillariga qilingan tarjimalari va talqinini keng yorituvchi monografik tadqiqotlar yaratilmadi.
Tarixdan ma’lumki, XI–XIII asrlar davomida G‘arbiy Yevropa nasroniy qirollari Rim papasi homiyligida Sharq mamlakatlariga, islom dunyosiga tinimsiz salib yurishlari uyushtirganlar. Bu yurishlar natija bermagach, XIII–XIV asrlardagi mo‘g‘ul bosqinidan foydalangan yevropalik nasroniy sayyohlar, monax va missionerlar Markaziy Osiyo bo‘ylab to Pekinga qadar katta hududda emin-erkin yurishib, xristian dinini targ‘ib qilganlar va buyuk ajdodlarimiz qalamiga mansub nodir kitob va qo‘lyozmalarni o‘zlari bilan olib ketganlar. Nihoyat, XIV asrning so‘nggi choragida jahon maydoniga chiqqan sohibqiron Amir Temur shijoati va zafarli yurishlari tufayli Sharq va G‘arb o‘rtasida totuvlik o‘rnatildi, nasroniy va musulmon dunyosi o‘zaro sulh tuzdi. Natijada, islom tsivilizatsiyasi namoyandalari Ibn Sino, Ibn Rushd, al-Farg‘oniy, al-Beruniy, al-Xorazmiy va antik dunyo olimlari Platon, Gippokrat, Aristotel, Ptolemey asarlari arab va lotin tillarida g‘arb olamiga kirib bordi. Yevropaning Bolonya, Sorbonna, Kembrij, Oksford, Leyden kabi yirik universitetlarida yuqoridagi olimlar asarlari asosiy darslik sifatida keng o‘rganila boshlandi.
Muxtasar qilib aytganda, qadim yunon va Rim hamda islom tsivilizatsiyasi ta’sirida dastlab XIV asrda Italiyada, XV–XVII asrlarda Ispaniya, Frantsiya, Angliya va Germaniya kabi mamlakatlarda Renessans (Uyg‘onish) davri yuzaga keldi va ravnaq topdi. Qolaversa, buyuk Dantening “Ilohiy komediya”, Makiavellining “Hukmdor”, Bokkachchoning “Dekameron”, Rablening “Gargantyua va Pantagryuel”, Servantesning “Don Kixot”, Marloning “Buyuk Temur” kabi shoh asarlarida sharqona mavzu va falsafa e’tirof etilgani fikrimizga asosdir. Eng muhimi, bu davrda Frantsiya va Angliyada sharqshunoslik maktablari ham ish boshladi.
Frantsiyada qirol Lyudovik XIV (Quyosh qirol – M.X. ) va uning bosh vaziri Kolber zamonida ilm-fan, adabiyot va san’at juda taraqqiy etadi. Shaxsan bosh vazir Kolber tashabbusi bilan Vizantiya, Konstantinopol, Toledo, Seviliya shaharlaridagi boy kutubxonalar sotib olinib, Parijga keltiriladi. Dastlab Qirollik kutubxonasi, keyinchalik Milliy kutubxona nomini olgan ulkan ma’rifat maskanida XVII asrning o‘rtalarida yirik sharqshunoslik maktabi barpo etiladi. Shu maktabning birinchi qaldirg‘ochlari Bartolome d’Erbelo de Molenvil (1625–1695) va Fransua de Berne (1620–1688) bosh vazir Kolber tomonidan ikki tarafga, birinchisi to Vizantiyaga qadar, ikkinchisi to Hindistonga qadar bo‘lgan Sharq mamlakatlariga safarbar etiladi. Bu safar taassurotlari natijasi o‘laroq, Bartolome d’Erbeloning “Sharq kutubxonasi” va Bernening “Buyuk mo‘g‘ullar so‘nggi davlat to‘ntarilishi tarixi” kitoblari yuzaga keldi.
Sharq xalqlari hayoti, tarixi va madaniyati keng yoritilgan “Sharq kutubxonasi” qomusiy kitobi tez orada nafaqat Frantsiyada, balki butun Yevropada shuhrat qozondi. Mazkur qomusda Markaziy Osiyo xalqlari, sohibqiron Amir Temur va uning buyuk imperiyasi, Ulug‘bek va Abulqosim Bobur davlati haqidagi maqolalar bilan bir qatorda Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, al-Xorazmiy, Ibn Rushd kabi buyuk allomalar hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan sahifalar o‘quvchini o‘ziga jalb etadi. Asarda, shuningdek, o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik siymolari Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi xususida ham ilk ma’lumotlar berib o‘tilgan edi. Masalan, kitobning 99-sahifasidagi “Alisher” maqolasida hazrat Navoiy quyidagicha ta’riflanadi: “Alisher yoki Mir Alisher Navoiy deb atashadi. Bu nom “Ali” va “Sher” so‘zlaridan tarkib topgandir… Alisher Xurosonda vazir bo‘lib, juda katta obro‘-e’tibor qozongan. U yirik olim va shirinsuxan shaxs bo‘lgan. Hirot shahrida o‘zining boy kutubxonasini yaratgan va unga shogirdi tarixchi Xondamirni mutasaddi etib tayinlagan”.
Yoki qomusning 661-sahifasidagi “Navoiy” so‘zi ostida berilgan maqolada ushbu jumlalarni o‘qiymiz: “Navoiy, bu Nizomiddin Mir Alisherning taxallusi bo‘lib, Amir Temur avlodidan bo‘lgan shahzoda Mirzo Sulton Husaynning vaziri edi. Navoiy ham turkiyda, ham forsiyda ajoyib she’rlar yozgan. Uning “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Saddi Iskandariy” va “Sab’ai sayyor” dostonlari bor. Bundan tashqari, u to‘rtta devon yozib qoldirgan. Ular “G‘aroyib us-sig‘ar”, “Navodir ush-shabob”, “Badoye’ ul-vasat”, “Favoyid ul-kibar” deb nomlanib, bolalarga, o‘smirlarga, o‘rta yoshdagi kishilarga va keksalarga atalgandir. Navoiy 906 yoki 912 hijriy yilida vafot etgan”.
To‘g‘ri, maqolada Bartolome d’Erbelo “Xamsa”ning birinchi dostoni “Hayrat ul-abror” hamda “Xazoyin ul-maoniy” devonining nomlarini tushirib qoldirgan. Shuningdek, shoir vafotini ko‘rsatuvchi ikkinchi sana ham noto‘g‘ri keltirilgan. Yuqoridagi kamchiliklarni hisobga olmaganda, mazkur maqolalar Alisher Navoiy ijodi bilan frantsuz jamoatchiligini XVII asrda tanishtirgan ilk manba sifatida qimmatlidir.
XVIII asrga kelib G‘arbiy Yevropa, jumladan Frantsiyada filooriyentalizm (Sharqni sevish va o‘rganish – M.X.) an’anasi fan va madaniyatni feodalizm tajovuzi va diniy jaholatdan himoya qilishda muhim rol o‘ynadi. Frantsuz ma’rifatparvar adiblari Monteskyo “Fors nomalari”, Volter “Falsafiy qissalari” , Didro “Bevafo javohirlar” kabi asarlarida sharqona syujetlarni asosiy mavzu qilib oladilar. Sharqona syujetlarni o‘z qissalari mazmuniga singdirish an’anasi, ayniqsa, Volterning falsafiy qissalarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Sharq folklori, mifologiyasi va adabiyotini yaxshi bilgan yozuvchi “Zadig yoki taqdir” qissasidagi “It va ot” bobi mazmunini tabrizlik Xristofor Armaniyning G‘arbda mashhur bo‘lgan “Sarandip podshosi uch o‘g‘lining sarguzashtlari” (1557) asaridan olgani o‘sha davrda ilmiy jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan. Qissa nashr qilingandan so‘ng, hatto Volterning zamondoshi, tanqidchi Freron adibni ko‘chirmachilikda ayblagan ham edi. Sharqshunos Ye.E.Bertelsning yozishicha, Xristofor Armaniy ham o‘z kitobiga bu syujetni Alisher Navoiyning “Xamsa”siga kiruvchi “Sab’ai sayyor” dostonidagi hikoyatdan erkin tarjima qilib olgan ekan[1].
XVIII asr davomida tarixiy manbalarni to‘plash va Sharq mamlakatlaridan olib kelingan noyob qo‘lyozmalarning ortib borishi Frantsiyada sharqshunoslik ilmining keyingi rivojiga katta zamin hozirladi. Asr oxiriga kelib Parij G‘arb sharqshunosligining markazlaridan biriga aylanadi. 1795 yilda bu yerda “Sharq jonli tillari maktabi” ochiladi. 1821 yil “Osiyo jamiyati” tashkil topadi. 1823 yilda esa shu jamiyatning organi – “Osiyo jurnali” chop etila boshlaydi. Bu davrda S.de Sasi, A.J.Kloprot, E.Katremer, A.Remyuzo, F.A. Belen kabi sharqshunos olimlar turkiy adabiyot namunalarini o‘rganish va tarjima qilish bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Ayniqsa, ular hazrat Navoiy va shoh Bobur ijodini o‘rganishga alohida e’tibor berdilar. Masalan, taniqli sharqshunos olim Silvestr de Sasi (1758–1838) tadqiqotlarida Alisher Navoiy merosini o‘rganishga keng o‘rin berilgan. Rus olimi M.Nikitskiy o‘z magistrlik dissertatsiyasida qayd qilishicha, S.de Sasi Davlatshoh Samarqandiy va Som Mirzo asarlaridagi ma’lumotlarga asoslanib turkiy xalqlar adabiyotini yaratarkan, Navoiy asarlaridan ham keng foydalangan. Ayni paytda hazratning turkiy adabiyot rivojiga qo‘shgan hissasini ham alohida ta’kidlab o‘tgan[2].
Alisher Navoiy ijodini Frantsiyada targ‘ib qilish va o‘rganishga Frantsuz kolleji professori Etyen Katremer (1782–1857) katta hissa qo‘shdi. E.Katremer 1841 yil “Sharqiy turk adabiyoti xrestomatiyasi” nomli kitobini nashr ettiradi. Mazkur xrestomatiyaning jildida quyidagi yozuvlarni o‘qiymiz: “Sharqiy turk adabiyoti xrestomatiyasi. Amir Alisher Navoiy asarlari, sulton Bobur esdaliklaridan parchalar, “Me’rojnoma”, “Tazkirat ul-avliyo” va “Baxtiyornoma” kitoblaridan olingan boblarni o‘z ichiga oladi. Undagi Alisher Navoiy hayotiga doir maqola, shuningdek, kitobdagi grammatik, falsafiy va boshqa izohlar E.Katremer tarafidan yozilgan”.
XIX asrning o‘rtalariga kelib Alisher Navoiy ijodini keng qamrovda o‘rganish, tarjima va tahlil etish frantsuz sharqshunosligida yangicha uslubga ega bo‘ldi. Bu yillarda frantsuz sharqshunosi Fransua-Alfons Belen (1817–1877) hazrat Navoiy ijodini chuqur o‘rganib, yirik tadqiqotlar yaratdi. Belen yoshligida Frantsuz kolleji va Sharq jonli tillar maktabida S.de Sasi, J.-J.Marsel, E.Katremer kabi olimlardan saboq olib, fors, arab va turkiy tillarini o‘rganadi.
Fransua Belen o‘zining Misrga qilgan sayohati paytida Navoiy “Kulliyot”ini qo‘lga kiritadi. Mazkur “Kulliyot” 1649 yilda Mashhadda ko‘chirilgan bo‘lib, Belenning ta’kidlashicha, u Parijdagi Milliy kutubxonada saqlanayotgan va 1526 yil Hirotda ko‘chirilgan nusxadek mukammal bo‘lmagan. Belen Navoiyning bu ikki “Kulliyot”i, Xondamir, Sharafiddin Ali Yazdiy, Davlatshoh Samarqandiy va Som Mirzolarning Parijdagi Milliy kutubxonada saqlanayotgan asarlari, shuningdek, S.de Sasi, E.Katremer, Sh.Shefer, B.de Meynar kabi frantsuz sharqshunoslarining Sharq xalqlari tarixi, madaniyati va adabiyotiga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlariga tayanib, adib ijodini o‘rganish va tadqiq qilishga kirishadi.
1861 yil “Osiyo jurnali”ning fevral–mart va aprel–may sonlarida Belenning “Mir Alisher Navoiyning hayoti va ijodidan lavhalar” nomli birinchi tadqiqoti bosilib chiqadi. Mazkur tadqiqot ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismida Navoiyning hayoti va ijodiy faoliyati haqida atroflicha fikr yuritilgan. Ikkinchi qismida esa, munaqqid Navoiy “Kulliyot”idagi “Majolis un-nafois” va “Xamsat ul-mutaxayyirin” asarlaridan parchalar keltirib, ularni frantsuz tiliga tarjima qiladi va izohlar yozadi. Masalan, jurnalning 300–357- sahifalaridan o‘rin olgan “Xamsat ul-mutaxayyirin”ning frantsuzcha tarjimasiga 150 dan ortiq izoh berilgan. Muallifning ta’kidlashicha, u tarjimani asarning Milliy kutubxonada saqlanayotgan qo‘lyozmasidan frantsuz tiliga o‘girgan. Frantsuzcha tarjima matni ko‘proq ilmiy uslubda bayon etiladi. Tarjimon asardagi obrazli iboralar, maqol, matal va hikmatlarni asliyat mazmuniga monand o‘girishga harakat qilgan.
Masalan:
Erkaklarning o‘zini ko‘z-ko‘z qilish uchun yasanishi –
Xotinlarning oroyish uchun bezanishlari kabidir.
Frantsuzcha tarjimasi:
Savoir et sagesse sont la parure des homme;
Celle des femmes se trouve dans la grace de leur toilette.
1868 yil “Osiyo jurnali”ning XVII–XVIII jildida Belenning “Sharq donolari” turkumida yozilgan “Mir Alisher Navoiyning fazilatlari, estetik va falsafiy qarashlari” nomli ikkinchi tadqiqoti e’lon qilinadi. Tadqiqotning dastlabki sakkiz sahifasi “Mahbub ul-qulub” asarining tahliliga bag‘ishlangan. Qolgan ellik sahifa mazkur kitobning frantsuzcha tarjimasi va unga yozilgan izohlardan iborat. Belen asarni to‘liq tarjima qilmagan, balki o‘ziga ma’qul boblarnigina frantsuz tiliga o‘girgan. Masalan, asarning birinchi qismidagi kishilarning fe’l-atvori va gap-so‘zlarining ahamiyati haqidagi fasllarni sanab o‘tarkan, mutarjim ulardan faqat “Qozilar to‘g‘risida”gi bobni tarjima qiladi. Asarning ikkinchi va uchinchi qismlaridan ham shu qabilda tanlab tarjima etgan. Mazkur tarjimalarning asosiy fazilati ularga yozilgan 90 dan ortiq izohda ko‘rinadi. Bu yerda ham tarjima matni ilmiy uslubga yaqindir.
F.-A.Belen “Mahbub ul-qulub” asari ustida olib borgan tadqiqotini yana davom ettiradi va 1872 yil turk olimi Ahmad Voqif afandi bilan hamkorlikda “Mahbub ul-qulub” matnini nashr qildiradi. Mazkur nashr haqida “Osiyo” jurnalining 1874 yilda nashr etilgan uchinchi jildida professor Pave de Kurteylning ijobiy taqrizi bosilib chiqadi.
Xullas, frantsuz olimi o‘zining yuqoridagi tadqiqotlarida Alisher Navoiyning o‘z zamonasida tutgan mavqeini, uning shoirlik mahoratini to‘g‘ri baholab, “Navoiy turkiy tildan ustomonlik bilan foydalanib, uning boyligini favqulodda keng ko‘lamda namoyish etdi va chinakamiga vatanparvarlik namunasini ko‘rsatdi”, deya yozadi. Shunga qaramay, olim Navoiy ijodini, uning shoh asari “Xamsa”ni real baholay olmadi. Professor Ye.E.Bertels ta’kidlaganidek, “ikki noto‘g‘ri fikr Belen tomonidan yengil-elpi bayon qilingan edi: birinchisi, sulton Husayn va Navoiy o‘rtasidagi do‘stlikning haddan ortiq ideallashtirib ko‘rsatilishi, ikkinchisi shoir ijodining butunligicha taqlidchilik tariqasida baholanishidir”[3].
Darvoqe, Belenning yozishicha, Navoiy o‘z davrining yetuk olimi va Xusrav Dehlaviy, Nizomiy hamda Jomiylarning tarjimoni edi. Ularga taqlid qilishdan, ularni badiiy ijodda rahnamo deb bilishdan faxrlanardi. Belen tarafidan aytilgan bu xato fikr taniqli sharqshunos, professor A.K.Borovkov tomonidan ham tanqid qilindi[4]. Bu kamchiliklardan qat’i nazar, Belen tadqiqotlari Yevropa sharqshunoslik ilmida to XX asrning o‘rtalariga qadar yetakchi o‘rinni egallab keldi.
Hazrat Navoiy merosini o‘rganish XX asrda ham frantsuz sharqshunoslarining diqqat-e’tiborida bo‘ldi. Masalan, 1900 yilda nashr etilgan Sh.Sheferning “Arab, fors va turkiy tillardagi qo‘lyozmalar majmuasi katalogi”da Alisher Navoiy qalamiga mansub asarlarning 16 ta qo‘lyozma nusxasi keltirib o‘tilgan bo‘lsa[5], E.Bloshening “Milliy kutubxonada saqlanayotgan turkiy qo‘lyozmalar katalogi”da esa adib asarlarining 35 ta qo‘lyozma nusxasi tavsif etiladi. Biroq E.Bloshe ham Navoiy ijodini baholashda Belen fikriga tayanib, adibni fors-tojik adabiyotining taqlidchisi, degan to‘xtamga keladi. Bu davrda hazrat Navoiy hayoti va ijodini o‘rganish bilan sharqshunos Lyusen Buva (1872–1942) ham jiddiy shug‘ullandi. U 1902 yil Parijda bo‘lib o‘tgan sharqshunoslar anjumanida Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarining yangi topilgan qo‘lyozmasi xususida ma’ruza qiladi. 1926 yil “Osiyo jurnali”da uning “Temuriylar davri madaniyati haqida risola” nomli tadqiqoti bosilib chiqadi. Ushbu tadqiqotda temuriylar davri fani, madaniyati, san’ati va adabiyotiga to‘xtalinib, bu davrda yashab ijod qilgan fors-tojik va turkiygo‘y shoirlar ijodini yoritishga ham harakat qilingan. Masalan, hazrat Navoiy Buva ta’rifida ham oliy unvonlaru mansabga intilmagan kamtarin hamda vatanparvar shaxs qiyofasida talqin etiladi. Shuningdek, shoir o‘z ustozlari Xusrav Dehlaviy, Nizomiy Ganjaviy va Abdurahmon Jomiylar salohiyatini hurmat qilgani, o‘zining “Majolis un-nafois” asarida ular ijodiga yuksak baho berib o‘tganligi frantsuz sharqshunosining nazaridan chetda qolmagan. Afsus, Buva ham hazrat Navoiy ijodiga, asarlarining g‘oyaviy-badiiy qimmatiga to‘g‘ri baho berolmadi. U Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarini Nosir Xusravning “Saodatnoma”si, “Lison ut-tayr”ni Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr”i taqlidi va tarjimasi, “Hayrat ul-abror”ni esa turli forsiy manbalardan olingan majmuadir, deya isbotlashga urindi. Lyusen Buva ushbu risolasini hech o‘zgarishsiz 1927 yil nashr ettirgan “Mo‘g‘ul imperiyasi” nomli monografiyasiga ham kiritadi. Akademik V.V.Bartold bu kitobga yozgan taqrizida, Buvaning Temur va temuriylar sulolasi tarixini yoritishda ilmiy yondashmaganini, faqat Mirxond, Xondamir, Davlatshoh Samarqandiy, Navoiy va Bobur asarlarigagina tayanib qolganini, oqibatda Sulton Husayn hukmronligi haqida ham, Mir Alisher Navoiy merosi xususida ham to‘laqonli tasavvur bera olmaganini tanqid qilib o‘tadi[6].
Frantsuz adabiyotshunosligida Alisher Navoiy ijodiga haqqoniy bahoni mashhur adib Lui Aragon (1897–1982) berib o‘tdi. U o‘zining 1955 yil nashr qilingan monografiyasida sobiq Ittifoq xalqlari adabiyoti xususida fikr yuritarkan, har bir yozuvchi faoliyatini o‘z xalqi tarixi va madaniyati bilan bevosita bog‘lab talqin qilishga urinadi. Taniqli frantsuz adabiyotshunosi Jan Frevil so‘zi bilan aytganda, Aragon “bu kitobi bilan frantsuzlarga hali ma’lum bo‘lmagan bir qator millat va elatlar madaniyatiga eshik ochib bergan edi”. Masalan, kitobning 95–97-betlaridan o‘rin olgan “Navoiy” nomli bob quyidagi satrlar bilan boshlanadi: “O‘zbekiston haqida so‘z yuritganda, bu o‘lkaning Alisher Navoiy vatani ekani beixtiyor yodimizga tushadi. Bugun bu respublika paxta makoni, poytaxti Toshkent bog‘-rog‘larga burkangan shahardir”[7].
Lui Aragon Navoiy yashagan davrda Markaziy Osiyo hududida hali temuriylar sulolasi hukmronlik qilgani, Samarqand va Hirot kabi shaharlarda ilmu fan taraqqiy etib, shoir ulardan bahramand bo‘lganini ta’kidlab o‘tadi. Aragon hazrat Navoiy hayoti va ijodi haqida aniq ma’lumotlarni keltirarkan, risolasini yozishda professor Ye.E.Bertels, M.Oybek va G‘afur G‘ulomning shoir haqidagi maqolalaridan foydalanganini ham qayd etib o‘tgan. “Navoiy, – yozadi L.Aragon, – Sa’diy va Attor she’riyati, ayniqsa, XII asrda yashab ijod qilgan ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy izidan borib, uning “Xamsa”si an’analarini davom ettiradi. Aynan shu hodisa frantsuz o‘rta asr adabiyoti (Kpumyen de Trua)dan to Renessans davri (Pyer Ronsar)gacha bo‘lgan adiblar ijodida ham kechgan edi”. Aragon kitobida Navoiy ijodi haqidagi fikrini davom ettirarkan, yana yozadi: “Navoiy o‘zining “Farhod va Shirin” dostonidagi mazmunni Nizomiyning “Xusrav va Shirin” dostoni syujetidan oladi. Biroq adib uni o‘z ona tilida, ya’ni turkiyda bitadi. Turkiy tilning nozik xislatlarini unda namoyon etadi”. Risola davomida muallif Navoiyning sof turkiy tilda original asarlar yaratganini yana bir karra tasdiqlash va o‘z o‘quvchisiga yetkazish maqsadida “Farhod va Shirin” dostonidagi ushbu satrlar bilan boshlanuvchi she’riy parchani frantsuzcha tarjimada keltirib ham o‘tadi.
Deyolmasmanki Xusrav yoki Nizomiy,
Va yo nazm ahlining sarxayli Jomiy…
Frantsuzcha tarjimasi:
Moi je ne şuis ni Khosrov,ni Nizami le sâge,
Ni le cheikn des poetes d’aujour d’hui, Djami…
Lui Aragon Navoiy hazratlarining davlat arbobi, madaniyat homiysi sifatidagi muhim tarixiy xizmatlarini ham alohida ta’kidlagan. Masalan, uning vazirlik lavozimida el-yurt farovonligi, xalq osoyishtaligi yo‘lidagi faoliyatiga quyidagicha ta’rif beradi: “Navoiy vazir lavozimida xalqparvar, fuqaroning istagi va talabini qondirishga intilgan shaxs edi. U zamonasining progressiv kishisi bo‘lgan va ilmni, she’riyatni, san’atni juda qadrlagan. Shu xislatlari bilan, u Renessans ziyolilariga juda yaqin turgan edi”. Aragonning bu fikrini akademik V.M.Jirmunskiy ham tasdiqlaydi, uning fikricha, ayniqsa, “Farhod va Shirin” dostoni shoir dunyoqarashining asosiy intilishlari bo‘yicha Renessansga yaqinligini to‘laroq aks ettiradi. Unda Navoiy Renessans davridagi odamning gumanistik ideallarini gavdalantirgan edi[8].
Frantsuz adibi Lui Aragon ta’kidlaganidek, hazrat Navoiy adabiy merosi asrlar osha xalqlar qalbida yashab keldi va yashamoqda. “Bugungi kunda, – deb yozadi adib risolasi davomida, – Chirchiqdan tortib to Samarqand va Buxorogacha, Xorazm va Amu bo‘ylarida, paxtazoru bog‘-rog‘larga burkangan Farg‘ona vodiysida ham Alisher Navoiy nomi hurmat ila tilga olinadi. Navoiy Pushkin va Shevchenko, Nizomiy va Rustaveli kabi buyuk klassiklar qatorida turadi, uning asarlari “Kalevala” va “Igor jangnomasi” dostonlaridek sevib o‘qiladi. Zamonamizning mashhur shoirlari, chililik Neruda, pragalik Nezval, ispaniyalik Alberti, kubalik Gilen, filadelfiyalik Louenfells va turk Nozim Hikmat bugun Navoiy ijodiga ta’zim qiladilar”.
Lui Aragon keyinchalik ham o‘z ijodida Sharq xalqlari adabiyotiga, jumladan, Nizomiy, Dehlaviy, Hofiz, Jomiy va Navoiy ijodiga hurmat bilan qaradi, ayniqsa, she’rlarida ular asarlaridagi sharqona an’analardan foydalanishga harakat qildi. Masalan, shoirning “Majnun Elza” (“Le Fou d’Elsa. Poemes”. –Pariş, 1963) majmuasiga kirgan she’rlarida sharqona poetik tasvirning frantsuzcha matn mazmuniga naqadar uyg‘unlashib ketganini kuzatamiz. Aragon ushbu kitobidagi lirik qahramon Elzani (rafiqasi shoira Elza Triole; 1896–1970) Sharqda ko‘p kuylangan “Layli va Majnun” dostonlaridagi Layliga o‘xshatarkan, uni o‘z ishqiga munosib sohibjamol parivash qiyofasida tasvirlashga harakat qiladi.
Hazrat Navoiy merosi bilan farangizabon o‘quvchilarni yaqindan tanishtirishda XX asr frantsuz qomuslarining ham o‘rni bor. Masalan, 1960–1964 yillarda chop qilingan o‘n jildli “Katta Laruss qomusi”ning yettinchi kitobidagi “Navoiy” (Mir-Ali-Sher) maqolasida ushbu jumlalarni o‘qiymiz: “Navoiy, turk va fors shoiridir. U 1441 yilda Hirotda tug‘ilgan va 1501 yilda o‘sha yerda vafot etgan. Bilim olib, kamolotga yetgandan so‘ng, 1468 yil Hirot (o‘sha davrda ilm-fan va adabiyot maskani) sultoni vaziri, so‘ngra Astrobod hokimi lavozimlarida xizmat qilgan. 1488 yilda amaldorlikni tark etib, qolgan umrini badiiy ijodga bag‘ishladi, turkiy tildagi adabiyotning yuksalishiga rahnomalik qildi, xalq obodonchiligini ko‘zlab inshootlar qurdirdi va el-yurtning hurmat-e’tiborini qozondi”. Mazkur maqola quyidagicha yakunlanadi: “U turkiyda Navoiy, forsiyda Foniy taxalluslari bilan ijod qildi va o‘ttizga yaqin she’riy hamda nasriy asarlar yozib qoldirdi”. Biroq qomusda berilgan yuqoridagi ma’lumotlar o‘quvchiga Navoiy ijodi haqida to‘liq tushuncha beradi, deb aytolmaymiz. Bunga sabab, qomusdagi maqolada adib merosining asosini tashkil qiluvchi “Xamsa”ga kirgan dostonlar va “Xazoyin ul-maoniy” devoni singari yirik asarlar umuman tilga olinmagan.
O‘tgan asr frantsuz adabiyotshunosligida yaratilgan nufuzli manbalardan biri hisoblangan uch jildli “Adabiyot qomusi”ning ikkinchi jildidagi “Navoiy (Ali-Sher. 1540–1600)” maqolasi ham diqqatga molik. Maqolada quyidagilarni o‘qiymiz: “Navoiy chig‘atoy (turkiy) tilida “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” dostonlarini, turkiygo‘y shoirlar tarjimai holini yorituvchi “Majolis un-nafois” asarini yozdi. “Mezon ul-avzon” asarida turkiy tilda she’r bitishning qonun-qoidalari xususida bahs yuritadi. Mashhur “Muhokamat ul-lug‘atayn”da esa turkiy tilning bebaho boyligi va shirinzabonligini isbotlab berdi”. Ushbu ma’lumotlardan ko‘rinadiki, “Adabiyot qomusi”dagi bu maqola “Katta Laruss lug‘ati”da berilgan maqolaga qaraganda, Alisher Navoiy merosi haqida birmuncha keng tasavvur beradi. Biroq maqolada adib tavalludi va vafotini bildiruvchi sanalar noto‘g‘ri berilgan, shuningdek, shoir qalamiga mansub “Xamsa”dagi “Hayrat ul-abror”, “Sab’ai sayyor”, “Saddi Iskandariy” dostonlari, “Xazoyin ul-maoniy” devoni xususida hech narsa deyilmagan.
Yana bir e’tiborli manba, bu taniqli frantsuz olimi Remon Keno muharrirligida 1956 yilda nashr qilingan ikki jildli “Pleyada qomusi” bo‘lib, uning birinchi jildidagi taniqli adabiyotshunos M.Talbo qalamiga mansub “Turkiy xalqlar adabiyoti” bobida Alisher Navoiy ijodiga ancha keng o‘rin berilgan. M.Talbo maqolani yozishda vatandoshlari F.-A.Belen va L.Buva tadqiqotlaridan foydalangani sezilib turadi. Chunki u keltirgan ma’lumotlar yuqoridagi mualliflar aytib o‘tgan fikrlarga juda yaqin.
Shohidi bo‘lganimiz, yuqoridagi qomuslarda Alisher Navoiy ijodiga doir maqolalarning berilishi adib nomini frantsuz kitobxoniga tanitsa-da, biroq ulardagi ma’lumotlarning o‘ta qisqaligi va ba’zan mavhumligi buyuk mutafakkir merosi xususida o‘quvchida to‘liq tasavvur uyg‘otishga ojizlik qiladi.
O‘tgan asrning so‘nggi yillarida frantsiyalik ijodkorlarning hazrat Navoiy merosiga, umuman, o‘zbek she’riyatiga bo‘lgan qiziqishi yanada ortdi. Shu o‘rinda Parijda chiqadigan e’tiborli jurnallardan biri “Action poètique” (“She’riy harakat”)ning bu boradagi faoliyatini alohida ta’kidlab o‘tmoq joizdir. 1989–1990 yillar davomida ushbu jurnalning ikkita soni o‘zbek she’riyatiga bag‘ishlandi. 1990 yil jurnalning “O‘zbek g‘azali” (Action poétique: Ghazale ouzbeks. –Paris, 1990, n. 121) sarlavhasi ostida maxsus soni bosilib chiqdi. Ushbu majmuada o‘zbek mumtoz she’riyatining g‘azalnavis shoirlari Xoja Ahmad Yassaviy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Husayniy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, Nodirabegim, Ogahiy, Uvaysiy, Fazliy va Mahzuna ijodidan namunalar berilgandi. G‘azallarni frantsuz tiliga qilingan taglamadan talantli shoir Jan-Per Balp yuksak mahorat bilan o‘girgan. Masalan, hazrat Navoiyning “Qaro ko‘zim” g‘azalining birinchi baytini tarjima bilan solishtirganimizda ham shunga amin bo‘lamiz.
Qaro ko‘zim, kelu mardumlug‘ emdi fan qilg‘il,
Ko‘zum qarosida mardum kibi vatan qilg‘il.
Frantsuzcha tarjimasi:
Régard noir, pénètre moi, deviens prunelle et dans
Le noir de mes yeux, comme les hommes, installe-toi.
Frantsuz shoiri Jan-Per Balp hazrat Navoiy she’riyatidan o‘girgan tarjimalari mundarijasini yana kengaytirib, shoir tavalludining 550 yillik yubileyiga katta sovg‘a tayyorladi. Parijdagi nufuzli nashriyotlardan sanalgan “La Diferans” kitob uyi 1991 yil Navoiy she’riyati majmuasini “G‘azallar va boshqa poemalar” nomi ostida chop etdi. Eng muhimi, to‘plam matni ikki tilda, ya’ni asliyat (arab imlosida) va frantsuzcha tarjima yonma-yon berilgan.
Istiqlolimizning dastlabki yillaridan hozirgi kunlarigacha O‘zbekistonning Frantsiya bilan barcha jabhalardagi hamkorligi adabiyot va san’at sohasida ham yangi pog‘onalarga ko‘tarildi. Frantsiyalik olimlar va noshirlar yirik qomuslarda Alisher Navoiy merosi talqiniga keng o‘rin bermoqdalar. Shu o‘rinda frantsiyalik taniqli tilshunos olim, bir necha yil Toshkentdagi Markaziy Osiyoni o‘rganish frantsuz institutining direktori vazifasida faoliyat yuritgan doktor Remi Dor janoblarining xizmatini alohida ta’kidlab o‘tmoq lozim. Doktor Remi Dor nafaqat Frantsiyada, balki G‘arb va Sharq mamlakatlarida ham Lui Bazen, Jan-Pol Ru, Bake-Grammon qatorida tanilgan, turkiy tillar bo‘yicha yirik tadqiqotlar yaratgan olimdir. Uning Vatanimizda yashab, o‘zbek tili va madaniyati tarixiga bag‘ishlangan qator tadqiqotlar yaratgani maqtovga loyiq. Bevosita olim rahbarligida “Frantsuzcha-o‘zbekcha” va “O‘zbekcha-frantsuzcha” lug‘atlar nashr qilindi. U hazrat Navoiy merosini, jumladan, shoirning “Mufradot” risolasini chuqur tahlil va tarjima qilib, muammo janrining yechimiga bag‘ishlangan “Alisher Navoiy muammolari” nomli tadqiqotini nashr ettirdi. Olimning bu monografiyasi frantsuz sharqshunoslik ilmining navbatdagi yutuqlaridan biridir[9].
Shunday qilib, frantsuz sharqshunosligi va adabiyotshunosligi hazrat Navoiy merosini o‘rganish sohasida o‘z tarixiy va ilmiy an’analariga ega bo‘lgan yirik maktab hisoblanadi, desak xato bo‘lmaydi. Bu maktab tarixi va yaratgan tadqiqotlarini atroflicha o‘rganib, tadqiq qilmoq yirik monografik mavzuni talab etadi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 2-son
––––––––––––––––
[1] Bertels Ye.E. Navoi. Opыt tvorcheskoy biografii. –M.-L., 1948. S. 79.
[2] Bu haqda qarang: Nikitskiy M. Emir Nizamiddin Alisher v gosudarstvennom i literaturnom yego znachenii. SPb, 1856. S. 3.
[3] Bertels Ye.E. Navoi. Opыt tvorcheskoy biografii. –M., 1948. S. 48.
[4] Qarang: Borovkov A.K. Izucheniye jizni i tvorchestva Alishera Navoi. / Rodonachalnik uzbekskoy literaturы. –Tashkent, 1940. S. 19–20.
[5] Qarang: Xolbekov M. Parijning Milliy kutubxonasida saqlanayotgan Sharq qo‘lyozmalari katalogi. // O‘zbek tili va adabiyoti, 1985. 5-son.
[6] Qarang: Bartold V.V. Sochineniye. Tom 9. Izd. «Vostochnыy literaturы» 1965. S. 557–560.
[7] Qarang: Aragon L. Navoiy. M.Xolbekov tarj. // Sharq yulduzi, 1987. 4-son.
[8] Qarang: Jirmunskiy V.M. Sravnitelnoye literaturovedeniye. Zapad i Vostok. –L.: Nauka, 1979. S. 179.
[9] Qarang.: Lenigme du Nom Propres. Muammo: Logogriphes de Mir Alisher Navoiy traduit par Rémy Dor. IFEAC, 2006. 150 p.