G‘ulom Karimiy. Mirzo Ulug‘bek davrida o‘zbek adabiyoti

Mirzo Ulug‘bek davrida Samarqand va butun Movarounnahrda tabiiy fanlar barobarida badiiy adabiyot ham yuksak darajada taraqqiy etgan. Manbalarda Ulug‘bekning adiblar hamda badiiy adabiyotga munosabati haqida muhim ma’lumotlar mavjud. Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, Faxriy Heraviyning “Ravzat us-salotin” va Abu Tohirxojaning “Samariya” asarlarida Ulug‘bek ko‘proq astronomiya ilmi bilan shug‘ullansa-da, gohida nazmga mayl qilgani ta’kidlanib, uning qalamiga mansub quyidagi forsiy bayt keltiriladi:

Mirzo Ulug‘bek davrida Samarqand va butun Movarounnahrda tabiiy fanlar barobarida badiiy adabiyot ham yuksak darajada taraqqiy etgan. Manbalarda Ulug‘bekning adiblar hamda badiiy adabiyotga munosabati haqida muhim ma’lumotlar mavjud. Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, Faxriy Heraviyning “Ravzat us-salotin” va Abu Tohirxojaning “Samariya” asarlarida Ulug‘bek ko‘proq astronomiya ilmi bilan shug‘ullansa-da, gohida nazmga mayl qilgani ta’kidlanib, uning qalamiga mansub quyidagi forsiy bayt keltiriladi:
Harchand mulki husn ba zeri nigini tust,
Sho‘xi makunki, chashmi badon dar kamini tust.

Mazmuni:
Go‘zallik mulki harchand qo‘l ostingda bo‘lsa-da,
Sho‘xlik qilmagilki, yomonlarning ko‘zi senga tikilgan.

Mirzo Ulug‘bek faqat zamondosh adiblar emas, balki o‘z davridan bir necha asr oldin yashab o‘tgan ko‘plab shoirlar ijodidan ham chuqur xabardor bo‘lib, she’riyatning katta muxlisi va bilimdoni sifatida nom qozongan. Davlatshoh Samarqandiyning 1486 yili yozib tugatilgan “Tazkirat ush-shuaro” asarida bu haqda bir qancha ma’lumotlar mavjud. Davlatshoh ozarboyjonlik yirik shoir Afzaliddin Xoqoniy (1120 – 1199)ning ustozi Falakiy Shirvoniy (1107 – 1146) haqida yozar ekan, jumladan, shunday deydi: “Falakiyning devonini podshohi mag‘fur Ulug‘bek Ko‘ragonning huzurig‘a eltdilar. Mutolaa qildi, pisand etti va dediki, ajab taxallusi bor turur”. Bu o‘rinda shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, shirvonlik shoir falakiyotga qiziqib, ilmi nujum bilan shug‘ullangan va Falakiy taxallusini tanlagani sababi ham shu bo‘lgan.

Sayfiddin Isfarangiy haqida “Tazkirat ush-shuaro”da quyidagi ma’lumotlar mavjud: “Isfarang Movarounnahrda bir mavzening otidur va mavlono Sayfiddin tolibi ilm va ahli fazl erdi va suxanvarlikda anga martabai oliy bor turur va aning devoni mashhur va mutaorif turur. Ulug‘bek Ko‘ragonning majlisida aning devonini doimo ulamo va fuzalo mutolaa qilur erdilar va aning suxanini Asiriddinning suxanig‘a tarjih qilur erdilar”. (Har ikkala iqtibos va bundan keyin Davlatshoh asaridan keltirilgan parchalar forsiydan Muhammad Rafe’ Rojiy tarjimasidan olindi.) Bundan ma’lum bo‘ladiki, Mirzo Ulug‘bek saroyidagi adabiy majlislarda Sayfiddin Isfarangiy va Asiriddin Axsikatiy asarlari bir-biriga muqoyasa qilib o‘qilgan va bu ikki shoirdan qaysi biri mahorat bobida ustunligi haqida fikr-mulohazalar aytilgan. Shunisi diqqatga sazovorki, biron-bir shoir ijodi haqida ko‘p hollarda Ulug‘bekning o‘z mustaqil fikri bo‘lib, u o‘sha davrdagi umum fikri yoki boshqa adabiyot muxlislarining mulohazalariga doim ham mos kelavermagan.

Davlatshoh XII – XIII asrlarda Eronda yashab o‘tgan ota-o‘g‘il shoirlar: Jamoliddin va Kamoliddin Isfahoniylar haqida shunday yozadi: “Malik ul-fuzalo Jamoliddin Muhammad Abdurazzoq Isfahoniy Isfahonning akobir va ulamolaridin turur. Shoiri xushgo‘y erdi, johu martaba va qabuli tamomi bor erdi va Kamoliddin Ismoil aning o‘g‘li turur. Sultoni said Ulug‘bek Ko‘ragon Jamoliddin Muhammadning suxanini Kamoliddin Ismoilning suxanig‘a tarjih qilur erdi va borho aytur erdi: “Manga ajab ko‘rinurkim, bovujudi otaning suxani pokizaroq va shoironaroq turur, o‘g‘ulning suxani nechuk shuhrat topib turur”. Ulug‘bekning ushbu fikrini bayon qilgan Davlatshoh Samarqandiy asarining ayni shu sahifasida unga e’tiroz ham bildiradi: “Ammo bu e’tiqodi mukobara va da’voyi bedalil turur, charokim Kamolning suxani bag‘oyat noziktar turur va zohiri oson, haqiqati mashaqqat turur. Ammo podshohlarning suxanig‘a irod va ishkol tegurmak avomning haddi ermastururkim, kalom al-muluk, muluk al-kalom”.

Temuriylar xonadonida “xamsaxonlik”, “shohnomaxonlik” oilaviy bir an’anaga aylangani manbalardan yaxshi ma’lum. Ulug‘bekning ukasi Boysung‘ur mirzo “Shohnoma”ning turli nusxalarini to‘plab, hozirgi til bilan aytganda, ilmiy-tan-
qidiy matnini tuzdirgan bo‘lsa, Faxriddin Ali Koshifiyning “Latoif at-tavoif” asarida keltirilishicha, Ulug‘bek mirzo majlislarida ham “Shohnoma” o‘qilib, uning qiyin joylarining mazmun-ma’nosi muhokama etilgan. Tabiiyki, shahzodalar o‘rtasida adabiyotga doir bahs va tortishuvlar bo‘lib turgan. Bu haqda Davlatshoh quyidagicha yozadi: “Amirzoda Boysung‘ur Amir Xisrav Dehlaviyning “Xamsa”sini Shayx Nizomiyning “Xamsa”siga tarjih qilur erdi va xoqoni mag‘fur Ulug‘bek bahodir bu ma’nini qabul qilmas erdi va Shayx Nizomiyg‘a mu’taqid erdi va bu ikki podshohning orasida karrotu marrot taassub hosil bo‘lg‘on, har birlari bir shoirg‘a himoyat bo‘lg‘on erdi”. Ushbu jumlalarni Muhammad Rafe’ bir oz o‘zgartirib tarjima qilgan bo‘lsa-da, umumiy mazmun buzilmagan. Biroq Bo‘riboy Ahmedovning “Davlatshoh Samarqandiy” risolasida oxirgi jumla tarjimasida bir qancha xatolarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lib, u o‘quvchida aka-uka shahzodalar haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otadi: “Shu sababdan bu ikki podshoh o‘rtasida ranjish va jirkanish voqe bo‘lgan va ularning har biri bir shoirga himoyat qilgan edi”. Holbuki, asar asliyatida “ranjish” va “jirkanish” so‘zlari umuman mavjud emas. Muqoyasa uchun ushbu jumla asliyatini keltiramiz: “Mobayni in du shahzodayi fozil ba karrot jihati in da’vo taassub dast doda, bayt-bayt “Xamsatayn” ro boham muqobil kardaand”. So‘zma-so‘z tarjimasi: “Bu ikki fozil shahzoda o‘rtasida ushbu da’vo yuzasidan ko‘p bora qattiq tortishuvlar yuz berib, ular birgalikda ikkala “Xamsa”ni baytma-bayt qiyoslab chiqdilar”.

Demak, ulug‘ ajdodlarimiz haqidagi nodir ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan mo‘tabar manbalarni tadqiq va tarjima qilish ishlariga halollik, mas’uliyat bilan yondashmog‘imiz zarur.

Mirzo Ulug‘bek boshqa o‘lkalarga safarlari paytida ham adiblar, ularning asarlari haqidagi xabarlarga qiziqish bilan qaragan va uning bu xislatini bilgan zamondoshlari sovg‘a tariqasida badiiy kitoblar taqdim etishgan. “Tazkirat ush-shuaro”ning Muiniddin Juvayniy haqidagi faslida ushbu ma’lumotlar mavjud: “Kitobi “Nigoriston” kim mavlono Muiniyning musannafotidin turur, shayx Sa’diyning “Guliston”i tarzida yozg‘on turur, ammo ul kitobdin basitroq (kengroq) turur va donishmandona aytg‘on turur, navodir va amsol va mufid hikmatlar anda darj qilg‘on turur. Bahrobodning mashoyixlari ul kitobni Ulug‘bek mirzog‘a peshkash qildilar. Vaqtidakim, Ulug‘bek mirzo Iroqg‘a yurish qilg‘on mahalda Bahrobodning akobirlari ziyoratig‘a kelgan erdi. Podshoh buyurdi, to ul kitobni xatti xub va takallufi tamom bila yozdilar va hamisha ul kitobni mutolaa qilur erdi va pisandida tutar erdi. Ul kitob Movarounnahrda bag‘oyat mashhur turur, ammo Xurosonda kamyob turur, alhaq, nusxayi mustaidona (tayyor, qo‘l ostida) turur va bu ikki hikoyat ul kitobdin bitildi”. Hirotda yashab, ijod qilgan Davlatshoh shu tarzda Ulug‘bek qadrlagan “Nigoriston” asari Xurosonda kamyob bo‘lsa-da, bir nusxasi o‘zida borligini anglatib, undan ikkita hikoyatni “Tazkirat ush-shuaro”da keltiradi. Abu Rayhon Beruniy nomidagi O‘zRFA Sharqshunoslik instituti xazinasida “Nigoriston” asarining bir necha qo‘lyozma nusxalari mavjud.

Mirzo Ulug‘bek zamonida Movarounnahr va Xurosonda badiiy adabiyot asosan ikki tilda – turkiy va forsiy tillarda taraqqiy etgan. Lutfiy, Atoyi, Sakkokiy, Harimiy Qalandar kabi shoirlar turkiy tilda, Mir Qosim Anvor, Xoja Ismatulloh Buxoriy, Bisotiy Samarqandiy, Xayoliy Buxoriy kabi shoirlar fors tilida ijod qilishgan va ularning merosidan muayyan qismi bizning davrimizgacha yetib kelgan. Ulug‘bek o‘z davri shoirlari asarlarini yaxshi bilgan va ulardan ko‘pchiligi bilan bevosita munosabatda bo‘lgan. Davrning ustoz shoirlaridan biri Xoja Ismatulloh Buxoriy bo‘lib, u haqda Davlatshoh Samarqandiy shunday yozadi: “Ammo Xoja Ismat Ulug‘bek Ko‘ragonning zamoni saltanatida maddohliqni tark qildi va sultoni mazkur andin she’r istid’o qildi. Bizzarura ul hazratning madhida bir necha qasidag‘a qiyom ko‘rguzdi va axir holda shoirlikdin iste’fo qildi. Hamisha aning sharif majlisi maqsadi shuaro va majma’i fuzalo erdi. Akobir va shuarokim Xoja Ismatg‘a musohib va hamasr erdilar, ul jumla: mavlono Bisotiy Samarqandiy, mavlono Xayoliy Buxoriy, mavlono Burunduq, Xoja Rustam Juzqoniy, Tohir Obivardiy turur. Xoja Ismatning vafoti Ulug‘bek Ko‘ragonning zamonida 829 sanada (melodiy 1426 yil) erdi”.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi O‘zRFA Sharqshunoslik institutida Ismatulloh Buxoriy “Devon”ining bir necha nusxasi mavjud va ular orasida nisbatan to‘lig‘i 1435-raqamli qo‘lyozmadir. Bu qo‘lyozma 193 varaq bo‘lib, uning salmoqli qismi, ya’ni 100 varaqdan oshiqrog‘i qasidalardan iborat. Xalil Sulton madhida o‘ndan oshiq, Shohrux, Boysung‘ur va Ibrohim Sultonlar madhida bittadan qasida bor. Ulug‘bekka bag‘ishlangan 6 qasida bo‘lib, bittasi arabcha, qolgani fors tilidadir. Janr talabiga ko‘ra shoir mamduhni mubolag‘ali
tarzda ta’rif-tavsif qiladi. Boz ustiga, uslubi murakkab qasidalar nimshikasta xatida ko‘chirilgan. Shunga qaramay, ular sinchiklab tadqiq etilsa, Ulug‘bek shaxsiyatiga doir yangi ma’lumotlar topilishi mumkin. “Ma’dani fazlu balog‘at, maxzanu ilmu hikam” deya ulug‘laydi uni shoir va quyidagi singari balandparvoz, biroq ko‘p jihatdan voqelikka mos satrlar-la vasf etadi:
Ey falakqadru oftobato,
Peshvoyi zamona, homiyi din.
Ey hunarparvarine, naqdi ulum
Jumla dar ganji tab’i tust dafin.

Mazmuni:
Ey falakmisol (ilm) oftobini ato etuvchi,
Zamona peshvosi, din homiysi.
Iste’dodlarni parvarishlovchi, jami ilmlar naqdi
Sening xotiring xazinasiga joylashgan.

Mirzo Ulug‘bekning laqabi yo unvoni ba’zi manbalarda “Mag‘isuddin” tarzida keltirilsa, zamondosh muarrix Muiniddin Natanziy “G‘iyosiddin Ulug‘bek bahodir” deb yozadi. Ismatulloh Buxoriy qasidalarida esa, “Zahiriddin Ulug‘bek” deb yozilgan.

Badaxshiy taxallusli yana bir shoirning tavsifi quyidagicha: “Mavlono Badaxshiy fuzaloning jumlasidin turur, Samarqand shahrida Ulug‘bek Ko‘ragonning ayyomi davlatida anga suxanvarlikda oliy martaba bor erdi va ul zamonning shuarolarining saromadi erdi va sultoni mazkur va zamonning akobirlari ani suxanvarlikda musallam tutar erdilar va podshohi mazkurning madhida anga pokiza qasidalar bor turur va aning devoni ul diyorda mashhur turur”.

Davlatshoh Samarqandiyning bu ma’lumotini Alisher Navoiy ham tasdiqlaydi: “Mavlono Badaxshiy fozil kishi ermish. Ulug‘bek mirzo zamonida Samarqandda shuaro ani xushgo‘yliqg‘a musallam tutubdurlar. Va Mirzoning dag‘i ko‘p iltifoti bor ermish” (“Majolis un-nafois”).

Alisher Navoiy Ulug‘bek bilan munosabatda bo‘lgan yana bir shoir haqida shunday yozadi: “Mavlono Muhammad Olim Samar-
qand ulamosidin. Ulug‘bek mirzo bila hamsabaq va musohib erdi. Ammo bag‘oyat daler va sho‘xtab’ va xiyra kishi erdi. Bahsda ko‘p go‘stoxona so‘zlar va javoblar aytur erdi. Saltanati azim-ush-sho‘niy tahammul qila olmadi. Samarqanddin anga ixroj hukmi bo‘lub Hiriyga keldi va munda mavlononing maqdamin g‘animat tutdilar va sokin bo‘ldi”.

“Majolis un-nafois”ning ikkinchi majlisida, ya’ni Alisher Navoiy yoshlik paytlarida muloqot qilgan adiblar qatorida quyidagi samarqandlik shoirlar nomi zikr etiladi:

“Mavlono Mir Qarshiy – Samarqandda bo‘lur erdi va bozorda sahhoflik do‘koni bor erdi, zurafo anda jam’ bo‘lurlar erdi va mavlono o‘zin ul xaylg‘a ustod tutar erdi.

Mavlono Javhariy ham samarqandlig‘dur, sobunxona mushrifi erdi, ham sobunxona eshigida ko‘chaning o‘rtasida o‘zi uchun hujrag‘ina yasab erdi. Aruz bilur erdi va “Siyar un-nabi” nazm qilib erdi.

Mavlono Xovariy ham samarqandlig‘dur va darzigar(tikuvchi)likka mansub erdi. Badihani ravon aytur erdi va tab’i xiyli sho‘x erdi.

Mavlono Halvoiy ham samarqandlig‘dur. Shukufta tab’liq, yaxshi chiroylik yigit erdi. Shabob (yoshlik) ayyomida favt bo‘ldi. Umri qisqa uchun so‘zining shuhrati ham ozdur”.

Yuqoridagi shoirlarning ba’zilarining ijodiy faoliyati Mirzo Ulug‘bek davrida boshlanganini taxmin qilish mumkin.

Nomlari “Majolis un-nafois”ning ikkinchi majlisida zikr etilgan Samarqanddan yetishib chiqqan ba’zi shoirlar turkiy tilda ijod qilganlar.

“Harimiy Qalandar – Samarqand viloyatidin erdi. Tolibi ilmlig‘i ham bor erdi. Bu turkcha matla’ aningdurkim:
Necha yig‘lay sham’dek hajringda, yorim, kechalar,
Ohkim, kuydirdi dog‘i intizorim kechalar”;

“Mirzo Hoji So‘g‘diy ham samarqandlig‘dur va ul mulkning odamizodalaridindur. Agarchi ba’zi mahalda g‘arib nimalar
tab’idin bosh urar erdi. Bu baytda xili so‘z rangi va choshnisi borkim:
O‘xshatti qomatingg‘a sanavbarni bog‘bon,
Bechora bilmas ermish alifdin tayog‘ni.

Bug‘ina masalni yaxshig‘ina bog‘lag‘on uchun umid ulkim, Tangri taolo anga rahmat qilmish bo‘lg‘ay. Qabri ham o‘z mulkidadur.

Mavlono Sakkokiy Movarounnahrdindur. Samarqand ahli anga ko‘p mu’taqiddurlar va bag‘oyat ta’rifin qilurlar”.

Alisher Navoiy boshqa viloyatlarga mansub bo‘lsalar-da, hayoti va faoliyatlari qisman Ulug‘bek davriga to‘g‘ri keladigan Lutfiy, Yaqiniy, Atoyi, Muqimiy, Kamoliy, Latifiy kabi turkiy tilda ijod qilgan shoirlar haqida ma’lumot beradi. Bular orasida eng yirik shoir, shubhasiz, Navoiy “Malik ul-kalom” deya ulug‘lagan mavlono Lutfiy edi. Afsuski, Lutfiy merosi bizga to‘lig‘icha yetib kelmagan. Ayniqsa, uning turkiy tildagi nazmiy “Zafarnoma”si saqlanib qolmagani achinarlidir. Mazkur asarda temuriy shahzodalar, jumladan, Ulug‘bekka bag‘ishlangan satrlar bo‘lganini katta ishonch bilan taxmin qilish mumkin. Shunga qaramay, Lutfiy devonidagi bitta bayt orqali biz uning Ulug‘bek bilan munosabati haqida muayyan tasavvurga ega bo‘lamiz:
Ulug‘bekxon bilur Lutfiy kamolin,
Ki rangin she’ri Salmondin qolishmas.

Lutfiy o‘zini mashhur fors shoiri Salmon Sovajiyga tenglashtirgan bu faxriya bayt, bir tarafdan, Ulug‘bek Lutfiy ijodini yaxshi bilganidan dalolat bersa, ikkinchi tarafdan, zamondosh shoirlar Ulug‘bekning adabiyot bilimdoni ekanligini e’tirof qilib, uning bu sohadagi fikr-mulohazalarini qadrlaganliklarini ko‘rsatadiki, buni o‘z vaqtida Ye.E.Bertels ham ta’kidlab o‘tgan edi. Ye.E.Bertelsning shogirdi E.Rustamov o‘zining Ulug‘bek davridagi turkiy adabiyot tadqiqiga bag‘ishlangan “XV asr birinchi yarmida o‘zbek she’riyati” monografiyasida shunday yozadi: “Ulug‘bek davrida Samarqandda xuddi Hirotdagi kabi qadimgi turkiy adabiyot yodgorliklarini o‘rganishga qiziqish kuchaygan. 1444 yili Samarqandda Arslonxoja tarxon xohishiga ko‘ra, Adib Ahmad Yugnakiyning mashhur dostoni “Hibat ul-haqoyiq” uyg‘ur yozuvida ko‘chirilgan. Doston matniga ilova tarzida Adib Ahmad va uning asariga bag‘ishlangan ikkita turkiy she’r keltirilgan. Ulardan birining muallifi amir Sayfiddin Barlos, ikkinchisiniki Arslonxoja tarxondir. Bu she’rlar mualliflarning qadimgi turkiy adabiy yodgorliklarga bo‘lgan katta muhabbatlaridan dalolat beradi”.

Bundan ko‘rinadiki, o‘sha davrda faqat Ulug‘bekning o‘zigina emas, balki amirlari ham ilmu fan va adabiyotga homiylik qilganlar. Shoir Sakkokiyning “Devon”ida Ulug‘bekka bag‘ishlangan qasidalar qatorida Arslonxoja tarxonga bag‘ishlangan qasidalar ham borligi bejiz emas. Ulug‘bek madhidagi qasidasida Sakkokiy o‘zining turkiy tilda ijod qilishidan faxrlanib, quyidagi baytni bitgan:
Falak yillar kerak sayr etsayu, keltursa ilkiga,
Meningdek shoiri turkiyu, seningdek shohi dononi.

Mirzo Ulug‘bek davrida ijtimoiy fanlar rivojiga ham katta e’tibor berilgan. Bu davrda turkiy tilning adabiy va ilmiy til sifatidagi mavqei tobora oshib borgan. Adabiyotshunoslikka oid qimmatli asar, hijriy 840 (melodiy 1436-1437) yili turkiy tilda yozilgan “Funun ul-balog‘a” (“Etuklik ilmlari”) muallifi Shayx Ahmad ibn Xudoydod Taroziy o‘z kitobini Mirzo Ulug‘bekka bag‘ishlab, muqaddimada shunday yozadi:

“Ul saltanat daryosining gavhari va ma’dilat konining javhari, saxovat boronining abri va shijoat beshasining babri, farosat sipehrining mohi, kayosat mamlakatining shohi, shahanshohi a’zam, shahriyori a’lam, sohibus sayf va-l qalam, farmondehi turku arabu ajam, mag‘isiddin va-d davron amir Ulug‘bek Ko‘ragon”.

Asarni nashrga tayyorlagan A.Hayitmetovning yozishicha: “Ilgari o‘tgan adabiyotshunos olimlar adabiyot nazariyasi bo‘yicha kitob yozganlarida ko‘pincha bir – yo she’r turlari, yoki vazn, yoki badiiy san’at masalasiga to‘xtalganlar yoki biror she’riy janr xususiyatlarini yoritib berganlar. Shayx Ahmad esa, bu sohada mukammal bir qo‘llanma yaratishni, o‘z risolasida nazariya masalalarining barchasini yoritib, tahlil qilib berishni niyat qiladi, toki uni o‘qigan kishilar nazariyadan mumkin qadar to‘la ma’lumot va foyda olsinlar… Bu uning o‘zbek adabiyotshunoslik ilmi taraqqiyotiga qo‘shgan katta hissasi edi”.

Ahmad Taroziy o‘z davrining taniqli shoiri ham bo‘lgan. Bobur aruzga bag‘ishlangan “Muxtasar” asarida uning ijodidan ikki bayt misol keltirgan bo‘lib, baytlardan biri odatdan tashqari cho‘ziq va o‘ziga xos:

Ko‘rdi ko‘zum sahar chaman ichida bir parivashekim, yuzi gul, tani suman, zulfi binafsha, qaddi sarvi sihiy erdi, lab shakar, Lola o‘zidin o‘tanib, da’vosidin suman tonib, erdi binafsha bosh solib, sarvu chinoru koj (igna bargli daraxt) xam bo‘ldi qaddin ko‘rub digar.

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, XV asr birinchi yarmida Samarqand va Movarounnahrda faqat tabiiy fanlar va me’morlik san’ati emas, balki badiiy adabiyot va adabiyotshunoslikning gullab-yashnashida ham Mirzo Ulug‘bekning homiy sifatida qo‘llab-quvvatlashi va rag‘batlantirishi katta ahamiyatga ega bo‘lgan.

G‘ulom Karimiy
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.