Begali Qosimov, Sunnat Ahmedov. Muqimiy (1850-1903)

Muqimiy XIX asr o‘zbek adabiyotining eng mashhur vakillaridan. U o‘z ijodi bilan jahon adabiyotshunosligida «devon adabiyoti» deb nomlanadigan Sharq adabiyotidagi eng yaxshi an’analarni davom ettirdi. Ayni paytda, rus istilosi tufayli ijtimoiy hayotda kechayotgan o‘zgarishlarni adabiyotga olib kirib, uning yangilanishida o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Uning she’rlari hayotlik paytidayoq Turkistonning turli shaharlariga yoyilgan, shoirlar ularga muxammaslar bog‘lar, xonandalar qo‘shiq qilib aytar edilar. Muqimiy milliy ozodlik harakati haqida she’rlar yozgan, o‘z salohiyati va mavqei bilan maktab yaratgan shoir edi.

 

Muqimiyshunoslikka bir nazar

Shoir ijodini o‘rganish uning hayotlik chog‘idan boshlangan. She’rlariga bildirilgan turli-tuman munosabatlar, ular haqdagi bahslar, maqolalar bunga dalil. Shoir vafotidan keyin uning devoni «Devoni Muqimiy» nomi bilan ilk bor 1907 yili N.Ostroumov tomonidan nashr etildi. Unda shoirning she’riy asarlari bilan birga tarjimai holi va ijodi haqida qisqacha ma’lumot ham berilgan edi. Maqola muallifi N. Ostroumov uning shaxsiga baho berarkan, shoirni o‘quvchiga qalandarsifat, darveshvash bir qiyofada taqdim etadi va asosiy mashg‘ulotini taqvo va she’r yozish edi, deb qo‘rsatadi. Buning tagida shoirni xalqdan uzib olishga urinish yotishini payqash qiyin emas. 1910 yili Pordev litografiyasida «Devoni Muqimiy maa hajviyot» nomi bilan shoir asarlarining ikkinchi nashri amalga oshirildi. 1912 yili yuqoridagi nomda Muqimiy asarlarining uchinchi nashri dunyo yuzini ko‘rdi. Shoirni soxtalashtirish, afsuski, keyingi ikki nashrda ham davom etdi.

Davr hodisalari ijtimoiy fikrdagi qutblashuvni tezlashtirdi. Faylasuflar aytganidek, o‘nglar o‘nglashib, so‘llar so‘llashib bordi. 1915—1916 yillarda dindorlarning mutaassiblashgan qismi jamiyat axloqining buzilishida (fahsh, bachchabozlik, tovlamachilikning kuchayishi kabi) ishqiy mavzuda yozuvchi shoirlarni aybdor topdilar. «Al-Isloh» jurnali 1916 yilda bu mavzuda butun bir bahs ochdi. Din peshvolari nomidan Muqimiy va Furqat she’rlarini «harom» deyishgacha bordi.

Shoir ijodini jildiy va keng ko‘lamda o‘rganish o‘tgan asrning 30-yillaridan boshlandi. Bu davrda Muqimiy asarlarini to‘plash, o‘rganish, nashr etish qizg‘in va samarali olib borildi. Gazeta va jurnallarda qator maqolalar e’lon qilindi. Bu xayrli ishning boshida otaxon shoirimiz G‘afur G‘ulom turdi. Uning tashabbusi bilan 1938 yili «Muqimiy bayozi» tuzilib, nashr etildi. 1950 yili shoir asarlari «Lirika i satira» nomi bilan Moskvada rus tilida bosildi.

1953 yili Muqimiy vafotining 50 yilligi munosabati bilan u haqda bir qator tadqiqotlar yaratilib, muqimiyshunoslikka asos solindi. Homil Yoqubov, Abdulla Olimjonov, Hodi Zaripov, Hoshimjon Razzoqov, G‘ulom Karimov, Abdurashid Abdug‘afurov kabi olimlar salmoqli ishlar yaratdilar.

Muqimiyshunoslik, asosan, ikki yo‘nalishda bordi: a) Muqimiy ijodini bevosita o‘rganish; b) shoir ijodini ijtimoiy-tarixiy aspektda, zamondoshlari va salaf (o‘tmishdosh) hamda halaf (izdosh)lari merosiga qiyosan o‘rganish.

Muqimiy ijodini o‘rganishda professor G‘ulom Karimov (1909-1991) ning xizmatlari katta bo‘ldi. G‘. Karimov – muqimiyshunoslik maktabiga asos solgan olim. Uning bu boradagi ilk ma-qolasi «Muqimiyning hayoti va ijodini o‘rganish tarixidan» (1957) oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun yozilgan «O‘zbek adabiyoti tarixi» (3-kitob)idagi (1966, 1975, 1987) Muqimiyga bag‘ishlangan tadqiqotlari, xususan, 1962 yili yoqlagan «O‘zbek demokrat shoiri Muqimiy va uning davri adabiyoti» doktorlik dissertatsiyasi, 1970 yili nashr etgan «Muqimiy. Hayoti va ijodi» monografiyasi muqimiyshunoslik ilmining sara namunalaridir. Nihoyat, Muqimiy asarlarining shu kungacha amalga oshirilgan o‘zbek, rus va boshqa tillardagi nashrlarining aksariyati professor G‘.Karimov nomi bilan bog‘liq.

Muqimiyshunoslik istiqlol munosabati bilan yangi bosqichga ko‘tarildi. Shoir bosib o‘tgan murakkab ijodiy yo‘l va uning sermazmun adabiy merosini mustaqillik, Millat va Vatan manfaatlari nuktai nazaridan ko‘zdan kechirish va xulosalar chiqarishga ehtiyoj bor. Bu borada professor G‘.Karimov izdoshlari samarali ish olib bormoqdalar.

 

Hayoti va faoliyati

Muhammad Aminxo‘ja Mirzaxo‘ja o‘g‘li Muqimiy 1850 yili Qo‘qon shahridagi Bekvachcha mahallasida novvoy oilasida tug‘ildi. Otasi Mirzaxo‘ja asli toshkentlik, onasi Bibioysha xo‘jandlik bo‘lgan. Ular to‘rt qiz va bir o‘g‘il ko‘rganlar. Qizlarining oti Tojinisa, Ulug‘bibi, Saydinisa, Mehrinisa.

Muhammad Aminxo‘janing onasi Bibioysha adabiyot va san’atni sevuvchi, so‘zga usta ayollardan bo‘lgan. Uni yaqindan bilgan o‘rtoqlari «Xumorbibi» der ekanlar. Yosh Muhammad Aminxo‘janing she’rga havas qo‘yishida, taxmin qilish mumkinki, uning xizmatlari katta bo‘lgan.

Bo‘lajak shoir eski maktabda xat-savod chiqargach, 1864 yildan Qo‘qondagi «Hokim oyim» madrasasida o‘qiydi. 1867 yili Bibioysha vafot etadi. Bir oz vaqt o‘tgach, Mirzaxo‘ja Ziyodabibi ismli ayolga uylanadi. Muhammad Aminxo‘ja 1872-1873 yillarda Qo‘qon madrasasini bitirib, Buxoroga yo‘l oladi. 1876 yilgacha Buxoro madrasalaridan birida o‘qiydi, so‘ng Qo‘qonga qaytadi. Uni Sanambibi ismli qizga uylantirib qo‘yadilar.

1877 yili Muhammad Aminxo‘ja Qo‘qondagi yer qurilishi mahkamasiga mirzalik vazifasiga ishga kiradi. Yer o‘lchovchi amaldorlarning hiyla-nayranglarini ko‘radi. «Tanobchilar» hajvini yozadi. So‘ng Sirdaryo bo‘yidagi Oqjar paromiga pattachi bo‘lib ishga o‘tadi. Bu yerdagi ahvol ham shoirga yoqmaydi. Oqjar odamlari haqida yozgan muxammasida quyidagilarni o‘qiymiz:

Kelganim ushbu makonga qiladur manga alam,
Loyiqi tab’ yo‘q odamki, desam hasratu g‘am,
Gaplashurga kishi yo‘q ertadin oqshomg‘acha ham,
Kun sovuq, qora chiroq, go‘rdek uyu, o‘tin kam.
Chiqsam eshikka qilur to‘rg‘ayi chuldur-chuldur.

Odamlarichi?

Kema vajhini demaslarki, beribon qutulay,
Tarzi bir hiyla qilib, derki yukumni yashuray,
Bilsa sarkori, «pocho!» deb etagiga osulay.
Ikki pul ber yana buyruqqa qarab, – desa degay:
«Na qilursan, chaqamiz yo‘q, mana o‘ldur-o‘ldur».

Shoir Oqjarning ayrim shum, battol odamlarini mana shunday tasvir etgan edi. Biroq u Oqjar paromida ham uzoq ishlay olmadi. 70-yillarning oxirlaridayoq pattachilikni yig‘ishtirib, Qo‘qonga qaytadi. Ijodga beriladi. «Muqim» (turg‘un, turib qolgan), «Muqimiy» taxallusida yozgan she’rlari bilan dovruq qozonadi. Ammo shoirning shaxsiy hayoti yurishmadi. Sanambibi bilan uzoq yashay olmadi. 1879 yili Sanambibi Mukimiydan ajraddi, o‘g‘li Akbarxo‘jani onasi Ziyodabibiga qoldirib, boshqaga turmushga chiqib ketdi. Ko‘p o‘tmay, Mirzaxo‘ja ham vafot etdi.

Muqimiy 1887-1888 yillarda Toshkentga keladi, ota qarindoshlari bilan uchrashadi. Almaiy, Nodim Namangoniy bilan tanishadi. Ular bilan yaqindan aloqa bog‘laydi.

Shoir shu yillari og‘ir iqtisodiy tanglikda yashagan. 1890 yili otadan qolgan hovlini sotib, madrasa hujrasiga ko‘chib o‘tishta majbur bo‘lgan. Xattotlik hunari joniga ora kirgan. Kishilar uchun xat (kitobat) yozib, kitob ko‘chirib, shundan keladigan daromad hisobiga kun o‘gkazgan. Adabiyot-san’atni yaxshi ko‘rgan davlatmand kishilar moddiy yordam berganlar. Shularning yordamida 1892, 1899 yillarda ikki marotaba Toshkentga kelib ketgani ma’lum.

90-yillarning o‘rtalarida Muqimiy taqdirning bir g‘aroyiboti tufayli Moskvada Lazarev nomli jonli Sharq tillari institutida o‘qib turgan jiyani Ro‘zimuhammad Do‘stmatov (otasi haj safarida o‘lib qolganida yaxshi odamlar uchrab, tarbiya qiladilar va o‘qishga yo‘llaydilar) bilan topishadi va ular orasida yozishmalar boshlanadi. 1898 yili RDo‘stmatov Qo‘qonga keladi, tog‘a-jiyan uchrashadilar. Yoz ta’tili tugagach, Ro‘zimuhammad yana Moskvaga qaytib ketadi. Shoir kuzatib qo‘yadi. Kechinmalarini so‘ngroq she’riy maktubda shunday ifodalaydi:

To vidolashmakg‘a borildi ketoringda sani,
Yig‘ladim pinhon otashga tushoringda sani,
Sayr etib yurganda, yurmishdim kanoringda sani,
Ne saodatlig‘ zamon erkanki, boringda sani,
Mahfilim, ravshan safolig‘ ro‘zgorim bor edi.

Davlatu iqbol jomidin Haq aylab bahramand,
Poyai qadringni qilgay bora-bora to baland,
Aylagay aqroning ichra sarfarozu arjumand,
Hech yodinga kelurmu debki shahrida Xo‘qand,
Bir g‘arib bekas tagoyi xoksorim bor edi.

R. Do‘stmatov ikkinchi marta 1904 yilda Qo‘qonga keldi va umrining so‘ngigacha Muqimiy uy muzeyida xizmat qildi.

Muqimiy hayotining so‘nggi yillari kasallikda kechdi. Quloq og‘rig‘i, so‘ng «yaraqon» (jigar xastaligi) shoirni qiynab qo‘ydi. 1902 yilning 16 dekabrida Andijonda dahshatli zilzila yuz berdi. Shahar lahzada vayronaga aylanib, 4652 kishi halok bo‘ladi. Shoir bundan qattiq larzaga tushadi. Shaharga borib ofat oqibatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi va iztirob to‘la ta’rix-marsiya bitadi.

Shoir fojia manzaralarini ro‘yi rost tasvir etar ekan, sabablarini, o‘z aqidasiga ko‘ra, jamiyat axloqi bilan bog‘laydi, ayrim odamlarning buzilishidan ko‘radi. She’r shoir o‘limidan bir oy oddin «Turkiston viloyatining gazeti»da bosilgan edi.

 

Ijodiy merosi

Muqimiy 1903 yilning 25 mayida vafot etadi. Muqimiyning bizgacha yetib kelgan ijodiy merosini 10 ming misra atrofida taxmin qiladilar. Ular asosan lirika va hajviyotdan iborat.

Muqimiy tabiatan hozirjavob kishi edi. Ko‘plab zamondoshlari singari o‘zbek va tojik tilida baravar yoza olardi. Ko‘pgina she’rlari o‘zining yozilish tarixiga ega. Ulardan ayrimlarini tarjimai holida ko‘rib o‘tdik. Ma’lum munosabat bilan yozilgan she’rlari orasida Toshkent noibi vafotiga bag‘ishlangan («Tarixi favti noibi Toshkandiy») besh baytlik tojikcha ta’rix-marsiyasi bor. «Noibi Toshkandiy» 1892 yildagi Toshkent qo‘zg‘olonining tashkilotchilaridan va faol ishtirokchilaridan In’omxo‘ja bo‘ladi. Turkiston harbiy okrug sudi uni 1892 yil 10 dekabrda Irkutsk guberniyasiga surgun qilgan edi. Biroq u kasalmandligi tufayli shu yerda qoldiriladi. Qamoqni shu yerda o‘taydi. 1897 yilning 3 fevralida shu yerda vafot etadi.

Ta’rix-marsiyada shoirning rus siyosatiga qarshi bosh ko‘targan qahramonga mehr-muhabbati ochiq ifodalanadi. «Garchi hibsda g‘urbatdan qon yig‘lasa-da, oqibat shahid bo‘ldi. Uning vafoti kuni aziz-avom, katta-kichik butun Xo‘qand xalqi motam tutdi», – deyiladi marsiyada.

Muqimiy In’omxo‘ja mashaqqatlariga o‘zini hamdard tutadi. Shoir fikricha, In’omxo‘ja o‘lgan emas, u shahildir. U hayotga shunchaki kelib-ketgan emas, juda katta ish qilgan. Shu sababli, u el-yurtning mehriga, muhabbatiga musharraf bo‘lgan. Shuning uchun ham uning o‘limiga butun Xo‘qand aza tutdi.

Afsuski, Muqimiy 1898 yilgi Dukchi Eshon boshchiligidagi xalq ozodlik harakatini mana shunday teran anglay olmadi. Rus hukumatining rasmiy talqini izidan borib, hajviyalar bitdi.

 

Lirikasi

Muqimiyning juda ko‘p g‘azallari uning tirikligidayoq qo‘shiq qilib quylangan. Uning she’rlari ko‘proq xonandalar orqali yoyilgan. Juda qo‘p tanikdi san’atkorlar o‘z hayotlarini Muqimiy ijodi bilan bog‘laganlar. Shoir she’rlarida Mamajon makay, Nizomxon, Farzincha (Farzinxon), Ismoil naychi ismlari uchrab qoladi. Ularga bag‘ishlangan baytlar, she’rlar ham bor. Bular o‘sha davrdagi mashhur san’atkorlarning ismlari, laqablari. Muqimiyning ular bilan bunday yaqin aloqasi bejiz emas. Shoir g‘azallari musiqiy, ohangdor edi, xaridori ko‘p edi.

Bu she’rlarning mavzui aksariyat an’anaviy, yor haqida. Uning husni, ya’ni qoshi, ko‘zi, yuzi, sochi, qaddi-qomati ta’rifiga bag‘ishlangan.

Oshiq shoir visoldan quvonadi, hijrondan iztirob chekadi. Lekin har qanday holda ham yorning husni davlatiga rivoj tilaydi. Uning mehr va shafqatidan umidvor. Ammo u yor qanchalik go‘zal bo‘lsa, shunchalik bevafo, jafokor. Shu sababli, shoir she’rlarida quvonchdan hasrat ko‘p.

Tiyg‘ing mening qonimdadur, zulfing giribonimdadur,
Yuz ming alam jonimdadur, man mubtalo qayda boray?!

Ishqiy an’anaviy she’rlar zamonga moslanib bordi. Masalan, Muqimiy va uning zamonasida «Surating» radifli she’rlar paydo bo‘ldi. Bu, birinchi navbatda, fotografiyaning hayotga kirib kelishi bilan izohlanadi.

Muqimiy lirik janrlardan murabba’ga alohida e’tibor berdi. Ma’lumki, murabba’ boshqa janrlardan, avvalo, vazn va qofiyasiga ko‘ra farqlanadi. Ruboiy faqat hazaj bahridagina yozilsa, murabba’ uchun bunday cheklanish yo‘q. Ruboiy, tuyuq mustaqil to‘rtliklardir, murabba’da esa bir necha to‘rtliklar qo‘shilishidan yaxlit asar bo‘ladi va ular a-a-a-a, b-b-b-a, v-v-v-a shaklida qofiyalanadilar. So‘nggi bandda taxallus bo‘ladi.

Muqimiyning murabba’lari yigirmadan ortiq, deyarli hammasi ishqiy mavzuda. Ohangdor, ravon. Vazniga ko‘ra aruzdan barmoqqa yaqin turadi. Xalq qo‘shiqlarini eslatadi. Masalan:

Emdi sandek jono, jonon qaydadur,
Ko‘rib gul yuzingni bog‘da bandadur,
Saqlay ishqing toki jonim tandadur,
O‘zim har joydaman, ko‘nglum sandadur.

Mehring o‘ti nogah tushdi jonlarga,
Parvoyim yo‘q zarra xonu monlarga,
Lola yanglig‘ to‘lib bag‘rim qonlarga,
O‘zim har joydaman, ko‘nglum sandadur.

Erta-yu kech fikru zikrim xayoling,
Bir so‘rmading: «Nalar kechdi ahvoling?»
Eslarimga tushib shirin maqoling,
O‘zim har joydaman, ko‘nglum sandadur.

Shoirning ayrim g‘azallarida uning hayoti bilan bog‘liq lavhalar aks etgan.

Yor ila ne xush zamoni ro‘zg‘orim bor edi,
Podsholik davlatidin hamki orim bor edi, –

matla’i bilan boshlanadigan g‘azal shundaylardan. She’rda boshdan-oyoq yor bilan kechgan kunlarni qo‘msash hukmron. Bu,. ehtimol, ma’shuqadur. Ehtimol, biror do‘stdir. Balki oilasi — xotini Sanambibi va o‘g‘li Akbarxo‘ja bilan birga kechirgan kunlardir.

Shoirning yana bir she’ri:

Podshoh yo‘qlatsalar, nogah gado deb axtaring,
Tutmang hargiz nomimi, baxti qaro deb axtaring, –

matla’i bilan boshlanadi. Undan Muqimiyning qandaydir bir «ish»da ayblanib, ta’qib etilgani anglashiladi. Umuman olganda, shoirning katta-kichik amaldorlar bilan aloqasi yaxshi bo‘lgan emas. Shaxsiy hayotidagi omadsizlik, hukumat xizmatida chiqishib ishlab keta olmasligi, oqibatda turmushining nochor bir holga tushishi, Hazrat madrasasida g‘aribona va so‘qqabosh hayot kechirishga majbur bo‘lishi «Toleim» she’rida ta’sirchan aks etgan:

Ohkim, afsus, emas hech ishda rahbar toleim,
Vojtundur imtihon qildimki, aksar toleim…

Yuz tarafdin yetkurub, gardi kudurat zangi g‘am,
Aylagay oinai tab’im mukaddar toleim.

Har necha kilsam tavallo — zor qilmas iltifot,
Ro‘ygardon teskari, tobora badtar toleim.

Ro‘zgorim tiyra, iqbolim zabun, baxtim qaro,
Bo‘lsa ravshan, bormukin tadbiri diygar toleim?

Nogahon bersam, Muqimiy, bir musulmong‘a salom,
Daf’atan ikki qulog‘ini qilur kar, toleim.

Yana bir she’rida yozadi:

Ketardim bosh olib, gar bo‘lsa erdi, ro‘zg‘orim yo‘q,
Netay bezodu to‘sha yo‘lga yurmakka madorim yo‘q.
Turarga qolmadi toqat, ko‘ngulda ixtiyorim yo‘q,
O‘zingdan o‘zga, yo rab, rahbari laylu nahorim yo‘q,
Hidoyat aylagaymu deb Muqiming intizor o‘lmish.

Yana bir ma’lumot. Moskvadagi jiyani R. Do‘stmatovga xatidan:

«Bechorachilik. Podsholik madrasalarimizni(ng) vaqfini olib qo‘ygan, hech bir tarafdan daromad – daxl yo‘q, qashshoqlig‘».

Ilgari madrasalarning sarfu xarajatini ta’minlab turish uchun vaqf (er, mulk) ajratilgan. Rusiya Turkistonni bosib olgach, shularni olib qo‘ydi. Madrasalarning ta’minoti buzilib, birin-ketin yopila boshladi. Ayniqsa, madrasalarda istiqomat qiluvchilar qiyin kunda qoldilar. Muqimiyning o‘z taqdiri va tirikchiligidan zorlanish sabablaridan biri – shu.

 

Tabiatdan jamiyatga

Muqimiyning eng sara lirik she’rlaridan biri  «Navbahor»dir. «Navbahor» – yangi bahor degani. U – uyg‘onish fasli. Borliqning, mavjudotning eng sara fasli. U tiriklik nishonasi, tabiatning uzoq, rutubatli qishdan keyingi qayta jonlanishi. Ana, qorlar ko‘tarilib, yerning issiq nafasi tuproqlar orasidan ko‘kka o‘rlaydi. Qushlar chug‘uri tinmaydi, kaldirg‘ochlar tikka ko‘tariladi. Chor atrof yashillik bilan qoplanadi. Shoir bu manzaradan tuganmas zavq-shavq oladi. Tiriklikning naqadar ulug‘ ne’mat ekanligini anglaydi. Unda hayotta so‘ngsiz ishtiyoq uyg‘onadi. Eng muhimi, chinakam umr odamlardan uzoqda kechiriladigan uzlatnishinlik emas, do‘stlar bilan to‘lib-toshib, yonib-jo‘shib yashamoq ekan:

Navbahor! Ochildi gullar, sabza bo‘ldi bog‘lar!
Suhbat aylaylik, kelinglar, jo‘ralar, o‘rtog‘lar!

Xush bu mahfilda tiriklik ulfatu ahbob ila,
O‘ynashib, gohe tabiatni qilaylik chog‘lar!..

Lekin, afsuski, zamona — yomonniki. Aqlli, dono kishilar (ahli tamiz) oyoq ostida, bulbul o‘rnini qarg‘a (zog‘)lar olgan:

Hayfkim, ahli tamiz ushbu mahalda xor ekan,
Oldilar har yerda bulbul oshyonin zog‘lar.

Shoir kutilmaganda gapni mana shunday jamiyat hayotiga buradi va unga o‘z munosabatini bildiradi. Agar zamona adolatli bo‘lsa, har kim o‘ziga munosib joyda bo‘lmog‘i lozim edi. Holbuki unday emas. Shoirning e’tirozi shunda.

 

Hajviyoti

Muqimiy ko‘plab hajviy she’rlar ham yozdi. XIX asr oxiridagi tarixiy sharoitda tomir otgan takabbur, poraxo‘r tanobchilarning, tovlamachi, yulg‘ichlarning esda qoladigan obrazlarini yaratdi. U o‘z she’rlaridan birini «Tanobchilar» deb atadi. Tanobchi — yer o‘lchovchi degani. Erta bahorda dehqon yerga ekinni ekib bo‘lgach, maxsus kishilar chiqib uni o‘lchaganlar va shunga qarab soliq belgilangan. Bir tanob — gektarning oltidan birini tashkil qilgan. Muqimiy shulardan ikkitasini qalamga oladi. She’r ulardan zulm ko‘rgan bir dehqonning o‘ziga xos «arznoma»sidir. Muallif shunday hikoya qiladi:

Bo‘ldi taajjub qiziq hangomalar,

Arz etayin emdi yozib nomalar.

So‘ng gap o‘n ikki oyda bir keladigan tanob voqeasiga va tanobchilarga ko‘chadi. Ular: Sulton Alixo‘ja va Hakimjon. Ular bir-birlari bilan g‘oyat inoq. Ikki amaddorning gapi bir yerdan chiq-mog‘i uchun inoqlik lozim. Ular qaysi qishloqqa borsalar, elni yig‘ib, o‘zlarini ziyoli, anbiyou avliyolar zotidan qilib ko‘rsatadilar. So‘ng bu ham yetmaganday do‘q-po‘pisaga o‘tadilar. Xullas, pora olmaguncha qo‘ymaydilar. Ham «elligu yuzni» oladilar, ham tanoblarini «du chandon» (ikki marta) oshirib ketadilar. Voqea shunday yakunlanadi:

Aqcha qo‘lida ikki-uch mo‘ysafid,
Derki: «Bu nazringizu, bizlar — murid».

Zulm bilan elligu yuzni olur,
Boz tanobini du chandon solur.

Shoir shunday xulosa chiqaradi:

Tag‘i bular yaxshiyu bizlar yamon,
El tamizidin hazar et, al’amon.

Maqtanchoq, haromxo‘r tanobchilarning mushugini «pisht» deydigan kimsa yo‘q. Xalq — gumroh. Chor hukumatiga esa shunisi ma’qul. «Tanobchilar» adabiyotimiz tarixida ushbu holatning umumlashma ifodasini bergan asar sifatida alohida ahamiyatga ega.

Saylov – adabiyotimiz uchun yangi mavzu. Chor hukumati Turkistonda saylovni joriy etdi. Yuzboshi, mingboshi, qozi saylanadigan bo‘ldi. Lekin bu saylov poraxo‘rlikka yo‘l ochdi. Badavlat kishilarning pul sochish musobaqasiga aylanib ketdi. Muqimiyning «Saylov» she’ri shu haqda.

«To‘yi Iqonbachcha»da bir to‘y hangomasi tasvirlangan. Toshkentdagi bir boyning Iqondagi gumashta (xizmatchi)si to‘y qil-moqchi. Hammayoqqa ovoza tarqatgan: unday qilaman, bunday qilaman!.. Nogoh Toshkentdan «xo‘jayin» «sizga to‘y qilishni kim qo‘yibdi», degan mazmunda sim qoqadi. «Tuynugingdan agarda chiqsa tutun, Munda ber dastmoyalarni butun», — deya tanbeh beradi. Imoga mahtal gumashta va uning xotini xursandchiliklarini zo‘rg‘a yashi-radilar. Yeng uchida to‘y o‘tadi. «Shiravorning o‘ziga ikki yuz so‘m bo‘lurmi?!» deb kerilib yurgan gumashta, tuzni ham «cho‘t»ga urgan-da, o‘ttiz uch tangalik to‘y qiladi.

She’rda mana shu «to‘y»ga tayyorgarlik va uning o‘tkazilishi kulgili bir shaklda ifoda etilgan. Masalan, to‘y yashirincha o‘tishi kerak edi. Shoir uni shunday tasvirlaydi:

O‘choq ustida gar yo‘talsa birov,
Er edi yelkasiga katta kasov.

Biri qattiq chiqarsa ovozin,
Bilmasin qo‘shni, deb tutib og‘zin.

Yoki to‘yga aytishni ko‘raylik:

Etti odamni o‘z mahallasidin,
Qorni to‘q, yangi to‘n basallasidin.

Qildi shovqinlamay imo uyidin,
Mundin, undin, yuqoridin, quyidin.

Mana, mehmonlarga osh qo‘yilishi:

So‘zdi osh bir likavda uch kishidin,
Ketgi oshni ko‘rib hamma hushidin.

Osh misoli tabaqda ko‘z yoshi,
Kurmaki ko‘p, guruchidin toshi, –

va hokazo.

Muqimiyning bir qator hajviy she’rlari borki, ular aniq, tayinli kishilar haqida. Masalan, «Hajvi Viktorboy», «Hajvi Viktor», «Voqeai Viktor» she’rlari Viktor Dimitrovich Axmatov hakida. U Qo‘qondagi aka-uka Kamenskiylarning savdo idorasida ish boshqaruvchi bo‘lgan. 1891 yili Moskvadan arzon mol keltirib beraman, deb bir to‘da sodda o‘zbeklarning pulini olib, bedarak ketgan. Bu gap o‘z davrida butun Farg‘ona vodiysiga yoyilib, shov-shuv bo‘lgan.

Ikkinchi bir «qahramon» Laxtin degani ham shunaqa yulg‘ich, ucharlardan. U bir qator zavod, fabrikalar, bosmaxona ham ochgan edi. Shoirning «Dar shikoyati Laxtin» she’ri shu haqda.

«Maskovchi boy ta’rifida» she’ri mahalliy boylarimizdan Hodixo‘ja haqida hikoya qiladi. U raqobatga dosh berolmay, uquvsizlik qilib singan boylardan.

«Voqeai ko‘r Ashurboy hoji»da qarib quyilmagan, hajga borib kelsa ham axloqi buzuqligicha qolavergan bir boyning qilmishi va u qo‘lga tushganida suvdan quruq chiqishi hajviy yo‘sinda tasvir etilgan.

Bu hajviyalarning ko‘pchiligi mumtoz she’riyatimizning masnaviy janrida yozilgan. Masalan, «Tanobchilar», «To‘yi Iqonbachcha», «Maskovchi boy ta’rifida», «Voqeai Viktor» kabi. «Saylov», «Dar shikoyati Laxtin», «Voqeai ko‘r Ashurboy hoji» g‘azal yo‘lida qofiyalangan. «Hajvi Viktor», «Hajvi Viktorboy» muxammasda yozilgan.

Qizig‘i shundaki, Muqimiyning ayrim satirik she’rlari ham kuyga solingan. Masalan, «Hajvi Viktorboy» muxammasining matnini N. Ostroumov ashulachilar og‘zidan yozib olgani ma’lum.

Muqimiy qator she’rlarida quloqlarni taraqa-turug‘i bilan batang qiluvchi, shalag‘i chiqqan aravalar («Aroba»), «faqiru boy», «zohidu obid» demasdan, oyoqdan olib yerga yiqitadigan «polvon», «loy» («Loy») haqida gap ketadi.

Muqimiyning jiyani R. Do‘stmatov 1898 yili Qo‘qonga kelganida bezgak bilan kasallanib qoladi. Shoirning «Bezgak» radifli she’ri shu munosabat bilan yozilgan. Shoir unga odamga xos xususiyatlar beradi. «Nomusulmon» deb qarg‘aydi, mezbonlikni o‘rniga qo‘ymaganlikda ayblaydi:

Demaskim: «Tutmayin, qavmu-qarindoshini qo‘rmaqqa,
Kelibdur munda Maskovdan necha qun mehmon», bezgak.

«Pashshalar» she’rida kechasi oqi, kunduzi qorasi orom bermaydigan pashshalarning «bir-birini quvlashib», doimo «g‘avg‘o» qo‘tarishini, «janjali» bitmayajagini xabar qiladi. Ular ustidan «sudyasiga arz etmoqchi» bo‘ladi.

«Ko‘sa» turkumidagi to‘rt she’ri mashhur naychi Ismoil ota haqida. Shoir o‘z do‘stining kamsuxanligiga ishora ettani holda uning kasbkori, yotish-turishi bilan bog‘liq har xil qochirimlar qiladi.

Xullas, Muqimiy turmushning xilma-xil manzaralarini, zamondoshlari va ularning fe’llarini qulgili, esda qoladigan lavhalar, ifodalar bilan bizga yetkazadi. Bu she’rlar ohangiga ko‘ra ham yengil, ravon.

 

Sayohatnomalari

Muqimiy Farg‘ona vodiysi bo‘ylab qilgan sayohatlari taassurotlarini she’r qilib yozdi va bular «Sayohatnoma» nomi bilan shuhrat topdi. Bular shoirning Qo‘qon—Farg‘ona, Qo‘qon—Shohimardon, Qo‘qon-Isfara sayohatlari taassurotlaridir. Har uch sayohatnoma yaxlit bir asar shaklida bo‘lib, to‘rtliklardan tarkib topgan. Jami 244 misra. Hammasi bir vaznda—rajazi murabbai solimda, har bir band «ekan» radifi bilan yakunlanadi. Hammasi uchun bitta umumiy muqaddima va bitta umumiy yakun—xulosa bor. Asarda sayohat sababi beriladi, so‘ng turli manzil-qishloqlar, ularning tabiati, manzaralari tasvir etiladi. Joylardagi odamlar, fe’l-udumlar hikoya qilinadi.

«Sayohatnoma»:

Faryodkim, garduni dun,
Aylar yurak-bag‘rimni xun.
Ko‘rdiki bir ahli funun
Charx anga kajraftor ekan, –

satrlari bilan boshlanadi.

Mumtoz adabiyotimizda «hasbi hol» degan maxsus janr bor. Unda shoir o‘z ahvoli haqida yozadi. Goho uning ayrim ko‘rinishlari boshqa xil she’rlarda ham uchraydi. «Sayohatnoma»da mana shunday hol mavjud. Shoir «garduni dun» («pastkash dunyo»)dan faryod qiladi, yurak-bag‘rini «qon» («xun») qilganidan shikoyat etadi. «Ahli funun» («ilm-fan kishilari»)ga bu dunyoning hamisha teskari («kajraftor») yurganini ta’kidlaydi. Shoir bu fikrini oltinchi bandda davom ettirib, sayohat sababini shunday anikl ashtiradi:

Qolmay shaharda toqatim,
Qishloq chiqardim odatim.
Xohi yayov, bo‘lsun otim,
Goh sayr ham darkor ekan.

Muallif kayfiyati, holati, atrof-muhitga, kishilarga munosabati «Sayohatnoma» satrlarida ayon sezilib turadi. Masalan, shoir Shohimardon tomon yo‘l olar ekan, Ultarma, Do‘rmoncha, Bo‘rbaliq, Oq yer, Roshidon, Zohidon, Oltiariq, Chimyon, Vodil qishloqlari bilan tanishtiradi, ularning har birini ta’rif-tavsif etadi:

Ammo nazarda Roshidon
Firdavs bog‘idin nishon.
O‘ynab oqar obi ravon,
Sahni gulu gulzor ekan.

Yoki:

Vodil maqomi dilfizo,
Ko‘chalaridur dilqusho,
Anhorida obi safo,
Sebarga obishor ekan.

Xuddi shuningdek, keyingi sayohatnomasida Qudash, Yaypan, Nursux, Beshariq, Konibodom kabi qishloq va shaharlar bilan bog‘liq tafsilotlar beriladi. Shoir soya-salqinga ko‘milgan Rapqonni, tolzorlari kishini mahliyo qiladigan Yaypanni zavq-shavq bilan maqtaydi. Ona-Vatanning betimsol tabiatini, ko‘zni qamashtiruvchi manzaralarini, «anhoru soyu cho‘llari» va «shirin zardolulari»ni so‘ngsiz mehr va iftixor bilan tasvirlaydi.

Asarning ohangi ravon, o‘ynoqi. Rajazning to‘rt ruknlik solim bahrida yozilgan, ya’ni mustaf’ilun mustaf’ilun.

Nursux kabi bir joy kam,
Tushmay o‘tib qildi alam,
Olma anor o‘rniga ham,
Bog‘ida toku zang ekan.

Muqimiy «Sayohatnoma»si Qo‘qon shoirlari orasida aks-sado topgan. Furqat, Zavqiy, Tajalliy kabi zabardast shoirlar Muqimiy asarining vazni va radifi bilan sayohatnomalar yozganlar. Furqat «Sayohatnomasi» furqatshunos Sh. Yusupov tomonidan e’lon qilingan. Zavqiy sayohatnomasi «Obid mingboshi haqida hajv» nomi bilan tanilgan. Tajalliy «Sayohatnoma»sidan parchalargina yetib kelgan.

Ikkinchi tomondan, agar biz XIX asrda Buxoro adabiy muhitida ham fors-tojik tilida sayohatnomalar bitilganini xotirga olsak, mazkur janrning ushbu davrda keng shuhrat topganligi ma’lum bo‘ladi. 70-yillarda Buxoroda o‘qib qaytgan Muqimiyning ulardan bexabar bo‘lgan bo‘lishi mumkin emas.

Xulosa qilib aytganda, Muqimiy she’riyati yangi o‘zbek adabiyotining shakllanishida, ayniqsa, unda ijtimoiy satira va serohanglikning markaziy o‘rin egallashida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shoir haqida bir qator badiiy asarlar yozilgan, jumladan, Sobir Abdullaning «Mavlono Muqimiy» romani bor.