Mansur Tenglashev. Ma’naviyat tasviri (1990)

Taraqqiyotimizga to‘g‘anoq bo‘layotgan kamchiliklarga qarshi kurash qat’iy tus olgan hozirgi paytda adabiyot va uning ilmiga bo‘lgan talab yanada kuchaydi. Shoir va adiblarimiz endilikda hayot haqida yangicha fikr, teranroq mushohada yuritmoqdalar. Insonning ichki dunyosi, ruhiy olami tahlili ular yaratgan asarlarda yanada chuqurlashdi, ayniqsa, zamondoshlarimizning jamiyat oldidagi ijtimoiy burchi hamda vazifalari roman va qissalarimizning asosiy mavzusiga aylandi. Quyida biz G‘affor Hotamov, Murod Muhammad Do‘st kabi yosh adiblarning qissalarida hayotiy hodisalarni badiiy umumlashtirish mahoratini, ularning o‘ziga xos usuliy izlanishlarini konflikt va xarakter yo‘nalishida tahlil etishga harakat qilamiz.

Badiiy asar bilan chinakam voqelik o‘rtasidagi munosabatni, ularning o‘zaro bog‘liq tomonlarini to‘g‘ri tushunish va to‘g‘ri talqin etish hayotiy ziddiyatlar bilan badiiy ziddiyat o‘rtasidagi munosabatni, ularning mushtarak jihatlarini to‘g‘ri tushunish va to‘g‘ri ilmiy talqin etish demakdir. Ulardan birinchisi, falsafa «tili» bilan aytganda, ob’ektiv hodisa bo‘lsa, ikkinchisi sub’ektiv hodisadir. Shu bois, badiiy adabiyotning ijtimoiy-estetik mohiyatini o‘rganish ayni choqda fuqarolik jamiyatining ijtimoiy qiyofasini o‘rganish hamdir.

Davrning kun tartibida turgan muammolarini anglash, idrok etish va uni o‘rganishga o‘z faoliyatini yo‘naltirish, bu — san’atkor talantining yangilikni his qilish, ijtimoiy sezuvchiligining bir belgisi xolos. Lekin bu hodisa aslo badiiy tafakkurning so‘nggi imkoni emas, yozuvchi muayyan davr qiyofasini badiiy aks ettirishga kirishar ekan, uning boshqalarga mavhum xususiyatlarini, illatlari tomirini qidirishda obrazlar vositasida, demak, inson bilan ish ko‘radi. Ammo ma’lum bir ijtimoiy sharoit ta’sirida shakllangan inson xarakteri sabab emas, balki natijadir. Muayyan ijtimoiy sharoit avval xarakterni shakllantiradi, keyin uning ta’sirida o‘zi o‘zgara boshlaydi. Demak, inson xarakterining xususiyatiga qarab jamiyat haqida fikr yuritishda o‘sha jamiyatning haqiqiy ahvolini tadqik etish ijodkor uchun, shubhasiz, g‘oyat muhimdir.

G‘affor Hotamovning birinchi hikoyasi — «Tong va shom» 1976 yilda e’lon qilingan edi. Shundan keyin u «Xat tashuvchi bola» hikoyalar to‘plami (1978), «Qaytish» (1981) qissasi nashr etildi. Bu asarlarida yozuvchi zamondoshlarimizning jonli, o‘ziga xos obrazlarini yorqin bo‘yoqlarda haqqoniy gavdalantirishga intildi. Oysha, Salim («Hayot shami»), Qizman, Usmon («Momo»), Xosiyat, Akram («Qaytish») va boshqa qahramonlarning ma’naviy qiyofasida, intilish va izlanishlarida zamondoshlarimizga xos fazilatlarni aks ettirishga harakat qildi. Lekin bu xarakterlar yosh avlodning to‘laqonli, har tomonlama yetuk obrazlari darajasiga ko‘tarila olmadi. Buning boisi shuki, ilk davrda o‘z qahramonlari bilan birga yozuvchi ham murakkab ijodiy izlanish jarayonini boshidan kechirmoqda edi. Natijada, qahramonlar olamidagi ichki kurash, ma’naviy ziddiyatlar badiiy-estetik jihatdan yetarli darajada asoslanmay qoldi, hayot hodisalari chuqur ochilmadi. Buning yana bir sababi, yozuvchida hayotiy hodisalarni badiiy umumlashtirish mahoratining yetishmasligida edi. «Qaytish» qissasida ijtimoiy sharoit qarama-qarshiliklarini o‘zida to‘la mujassam etgan yaxlit badiiy ziddiyat yaratilmadi. Personajlarni ijtimoiy hayot hodisalari bilan doimiy va uzviy harakatda, dialektik bog‘liqlikda, bevosita to‘qnashuvlarda ko‘rsatish uchun asardagi tarqoq, bir-biriga bog‘lanmagan ziddiyatlar yo‘l bermadi.

Jumhuriyatimizda hozirgi vaqtda kechayotgan ijtimoiy-ma’naviy tozarish, qayta qurish davri ziddiyatlarini badiiy umumlashtiruvchi «Azal va abad» qissasi G‘. Hotamov ijodida yangilik hisoblanadi. Hayotimizga tanazzul davri keltirgan ijtimoiy-iqtisodiy zarar-munofiqlik, davlat va xalqni aldash orqali arzonbaho shuhrat va boylikka intiluvchi nopok kimsalar bilan ijtimoiy adolat va shaxsiy hayotda halollik tarafdori Sulton Mirzo o‘rtasidagi kurash «Azal va abad» qissasining bosh konfliktidir. Asar shartli ramziy uslubiy yo‘nalishga xos bo‘lib, hayotiy voqealar tasvirlangan o‘rinlar fojiaviy-komik sahnalar bilan tez-tez almashib turadi. Yozuvchi xarakter yaratishda ichki-psixologik tahlil uslubidan samarali foydalangan. Umuman, qahramonlarning ma’naviy dunyosini ochishda ruhiy tahlil printsipini qo‘llash G‘. Hotamov ijodiy uslubiga xos bosh xususiyatdir.

Qissada asosan bir-biridan mustaqil ikkita konflikt yo‘nalishi amal qiladi. Ulardan biri barcha yovuz kuchlar — inson qiyofasidagi mefistofel-shotirlar guruhining rahnamosi Piri Mafiya bilan diyonatli Sulton Mirzo munosabatlariga aloqador bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalishni alpinist Loreliya Sultonova bilan uning umr yo‘ldoshi — shaxmat bo‘yicha jahon chempioniga da’vogar Georgiy Rasulov orasidagi konflikt tashkil etadi. Mazkur konflikt chiziqlari mustaqil ravishda rivojlantirilsada, Piri Mafiyaning qurboni Sulton Mirzo fojiasi bilan uning kuyovi Georgiy fojiasi orasidagi sintetik bog‘liqlik ularni yaxlit bir g‘oyaviy yo‘nalishga tutashtiradi. Natijada, g‘oyat murakkab taqdirli kishilarning davrning ziddiyatli o‘zgarishlari bilan to‘qnashuvi yuz beradi. Yozuvchining g‘oyaviy niyati mazkur qarama-qarshi kuchlar kurashi jarayonini shu jarayonning o‘z taraqqiyotida, xarakter va sharoit dialektikasida, jamiyat va shaxs munosabatlarini ijtimoiy taraqqiyotning ziddiyat qonunlariga muvofiq badiiy aks ettirishidadir.

Loreliya Sultonova bilan Georgiy Rasulov konfliktining asosini shuhratparastlik va xudbinlik psixologiyasi tashkil etadi. Ikkalasi ham jahonga tanilgan mashhur sportchilar. Biri shaxmat bo‘yicha shuhrat topgan bo‘lsa, ikkinchisi mashhur alpinist. Ular orasidagi oddiy oilaviy munosabatlarning kutilmagan ruhiy portlashlar natijasida o‘zgarish jarayoni teran psixologik holatlarning ishonarli tasviri orqali ochib beriladi. Loreliyaning qissa boshlanishidagi chuqur ruhiy iztiroblari, ruhidagi «mutlaq bezovtalik» (Gegel) Georgiyning shaxmat muxlislarini tong qoldirgan o‘yiniga bogliq ifodalanadi: «Beixtiyor o‘rnidan turib ketdi u. Noxush tahlika yuragini siqar, garchi tabiatan loqayd va sovuqqon bo‘lsa-da, shu topda hayajondan barmoqlarining uchiga dovur titrayotgan edi. Oqqushniki misol bo‘yinlari xiyol cho‘zildi, u sahnaga — donalar siyraklashgan shaxmat taxtasiga odatiy kibr aralash sinchkov nazar soldi: zohiran, oqlarning holi tang edi…» (G‘. Hotamov. «Azal va abad». «Yoshlik», 1988 yil, 9-son, 3-bet).

Loreliyaning asablarini kemirayotgan shuhratparastlik va xudbinlik mayllari Georgiyning shaxmat donalarini g‘alaba sari har bir surishida avj ola boradi. Eri «o‘ziga nisbatan imi-jimida hamisha yomonlik qilib kelgandek, ruhini sindirib, shuning barobarida o‘zi yuzaga chiqishga intilgandek» bo‘lib tuyulaveradi. Alpinistlar ekspeditsiyasi bilan Nepaldagi eng baland cho‘qqi — Kanchenjangini zabt etishga ketmay, eri bilan qolganidan afsuslanadi. Agar borganimda albatta cho‘qqini zabt etardim, deb o‘ylaydi. Buni Georgiy istamagan, shu sababli yosh boladay meni laqillatib, ekspeditsiyadan olib qolgan, deb xayol qiladi. «Muning obro‘yi menga soya solmasin, debdi-da. Voy shayton-ey, bilmas ekanman uni», deb eridan shubhalanadi. Shu tariqa, Loreliya qalbini turli xil shubhayu gumonlar chulg‘ay boshlaydi. Georgiyning har bir erishgan yutug‘i undagi xudbinlik mayllarini battar alanga oldiradi. Tizginsiz o‘y-xayollardan horigan, dunyodagi barcha saxovatu ezgu-tilaklar menga atalsin, degan xudbin Loreliya ko‘nglida ba’zan eriga nisbatan nafrat, gohida esa mehr va shafqat hislari uyg‘onadi. Ba’zida xayolini ayollarga xos o‘ch olish, gohida alam bilan qasdma-qasdiga sevish kabi ziddiyatli o‘y-mushohadalar band etadi. Xarakterli jihati shundaki, yozuvchi bu obraz tahlilida insonning ichki imkoniyatlari naqadar ko‘lamdor ekanini, uni behudaga sarflash, o‘z-o‘ziga va iste’dodi kuchiga bepisand munosabatda bo‘lish talantni oxir-oqibat halokatga eltishini realistik bo‘yoqlarda g‘oyat ta’sirchan ifodalaydi. Loreliyaning ichki monologlari, ruhiy iztiroblari, shuningdek, u shuhrat alangasida yongan sahnalar tasviri ichki-psixologik tahlil uslubining imkoniyatlarini yorqin namoyon etgan, desa bo‘ladi. Bu qahramon yuksaklikka qancha kuch bilan intilsa, xarakteridagi xudbinlik uni shuncha kuch bilan pastga tortadi. U o‘zi sezmagan holda bu harakatini g‘ayrat bilan davom ettiraveradi, haqiqatda esa, muayyan vaziyatga bog‘liq voqealar ham o‘z oqimida, faqat qarama-qarshi tarafga qarab, o‘z ichki taraqqiyot nuqtai nazaridan harakatlanishda davom etadi.

Rus adabiyotshunosligida «potok soznaniya» (ong oqimi) degan ibora tez-tez qo‘llaniladi. Bu — badiiy tasvir usulining yangi va zamonaviy vositasi bo‘lib, ichki monolog shakllaridan biridir. Lekin u odatdagi monologga nisbatan qahramon ichki olamidagi ruhiy reaktsiya, psixologik holatlarning eng teran qatlamlarida ro‘y beradigan oniy o‘zgarishlar, ruhiy po‘rtanalarni chuqurrok badiiy aks ettirishga yordam beradi. Bu ma’naviyatning hayratangiz munavvarligi, oniy portlashlar chog‘ida odamzot shuurida chuqur iz qoldirgan kechagi, hozirgi va ertangi kun voqealarining tartibsiz tafsilotlari, jilovsiz fikrlar va tuyg‘ular oqimi bilan ifodalanadi.

O‘zbek sovet adabiyotida, xususanyosh ijodkorlardan M. M. Do‘stning «Mustafo», G‘. Hotamovning «Azal va abad» qissalarini shu yo‘nalishda yozilgan ilk asarlar, to‘g‘rirog‘i, dastlabki adabiy tajribalardandir, deyish mumkin. Bu asarlardagi ba’zi qahramonlar xarakterida inson qalbi, ruhiy olamining g‘oyat chigal, qarama-qarshi, qorong‘i tomonlari haqida to‘kisroq tasavvur uyg‘otishga bo‘lgan ijodiy intilishlar mujassam etilgan.

M. Do‘st qissasining bosh qahramoni Mustafo — yetmishni qoralab qolgan mo‘ysafid. Keksaligiga qaramay uzzu-kun qirt qirt ishlaydi, «qovun-tarvuz, makka ekadi», yetmish yil kechirgan umrini sarhisob qiladi, insof va adolat haqida o‘ylaydi. Uning xarakteriga xos xususiyat mulohazakorlik, beozorlik. U o‘zini hayotda omadi yurishmagan, baxtsiz odam deb hisoblaydi. O‘z baxtsizligining sabablarini axtarishga harakat qiladi. Tengqur chollar uning ustidan kuladi. Bolta qassob uni masxara qiladi. «Nima balo, g‘irt xotinga o‘xshaysiz! Xotinchalish odamsiz, boboy!» — deydi Bolta qassob.

Bolta qassob cholning novvoschasini saranjomlab, hovlidan darg‘azab chiqib ketadi. Mustafo, uning so‘zlaridan ko‘ngli ranjisa-da, indamaydi, qassobni kuzatmaydi. U ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, Bolta qassobdan g‘azablanishga urinib ko‘radi, endi «uni mol so‘ygani chaqirmayman», deb o‘ylaydi. Ayniqsa, uning g‘irt xotinga o‘xshaysiz, degan gapi qattiq ta’sir qiladi, nafsoniyatiga tegadi. O‘zining erkak kishi ekaniga ishonish uchun soqolini tutamlab ko‘radi, yog‘och taroqchasini cho‘ntagidan olib, soqolini taraydi.

Shu o‘rinda yozuvchi qahramon xarakteridagi oniy holatlarni, ixtiyorsiz xatti-harakatlarni tasvirlashga intiladi: «Keyin ovoz chiqarib, o‘zi bilan bir zum gaplashgan bo‘ladi… Keyin o‘choq boshida kuymalanib yurgan kampirini gapga solib, uning ovoziga quloq tutadi. So‘ng yana o‘zi gapiradi, kampirining ovozi bilan o‘zining ovozini zimdan solishtirib ko‘radi. Ovozi ancha yumshoqroq, lekin baribir xotinlarnikiga o‘xshamaydi…» (M. Do‘st. «Galatepa qissalari», T., «Yosh gvardiya», 1985, 11-bet).

Bir qarashda, Mustafo har bir voqea-hodisa yoki eshitgan gapini ongli ravishda o‘ylab ko‘rayotgandek, o‘z mulohazalarini mantiqan umumlashtirayotgandek tuyuladi. Aslida unday emas. Yuqoridagi parchadan anglashiladiki, u tashqi ta’sir (Bolta qassobning kinoyasi) tufayli o‘z irodasini, xatti-harakatlarini boshqara olmay qoladi.

Afsuski, bunday lavhalar qissada juda kam uchraydi. Bosh qahramonning ongsiz mushohadalari oqimini tasvirlashga imkon tug‘ilgan o‘rinlarda esa, muallif sun’iylikka yo‘l qo‘yadi, komik tasvirni afzal ko‘radi.

Masalan, Bolta qassobning novvoschani boshiga bolta bilan urib karaxt qilishi, keyin so‘yib terisini shafqatsiz shilishi epizodini olib qaraylik. O‘z tabiatiga ko‘ra qonli manzarani «hazm» qilolmaydigan Mustafo bu paytda hovlidan tashqariga chiqib ketadi. Sal naridagi go‘ngtepaga ko‘tarilib, noxush o‘ylardan o‘zini atay chalg‘itish maqsadida tevarak-atrofni tomosha qila boshlaydi. Bu atay qilingan harakati asta-sekin beixtiyor harakatga aylana boradi. U o‘z mushohadalari ortidan «izma-iz» borib, oxiri o‘zligini tamom unutadi. Xususan, kolxozning bog‘iga qarab, hosili mo‘l bo‘lsa, puliyam mo‘l bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Cho‘nqaymish tog‘iga qarab, qorga ko‘zi tushadi. Cho‘nqaymishda qor ko‘p bo‘lsa, sel ham zo‘r bo‘ladi, deya xayol qiladi. Lekin qo‘shnisi Qoraboyning jar labidagi uyini sel opketmasaydi, deb tashvishga tushadi. Bir yili uning sigirini, boshqa bir yili buzog‘ini sel oqizib ketganini o‘ylaydi. Shunday bo‘lsayam uning jar labidan ko‘chmayotganini eslab, Qoraboyni tentakka chiqaradi, otasi ham sal tentakroq edi, deb o‘ylaydi. Ammo shu o‘rinda Mustafo xarakterini to‘la ochishda adibning ruhiy tahlil mahorati yetishmagani yaqqol seziladi. Qahramon mushohadalarining tabiiy-ixtiyorsiz oqimi atay sun’iylashtiriladi, mexanik ravishda «tartib»ga solinadi.

Afsuski, yozuvchi Mustafoni atay hovliga — mol so‘yayotgan Bolta qassobning oldiga qaytarish uchun lalmi qovun va uning po‘chogini o‘ylab chiqaradi. Po‘choq — topilma detal, ammo soxta, o‘z o‘rniga tushmagan detal. Qissada adib inson tabiatining ziddiyatli qatlamlariga chuqur kirib boradi. Qahramon yuragidagi turfa tuyg‘ular g‘alayoni, murakkab ruhiy-psixologik holatlar va kechinmalar tasvirida originallikka intiladi. Biroq ba’zi o‘rinlarda personaj qalb dramasini ochishda ichki kurash, ruhiy tahlil uslubi imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanmaydi. Nazarimizda, qiziqarli voqea-hodisalar, psixologik vaziyat-holatlar faqat qiziqarli bo‘lgani uchungina adibni qiziqtirayotgandek taassurot qoldiradi.

Adabiyot — ma’rifiy izlanish, insonning ma’naviy yuksaklikka intilish yo‘lidir. Bu yo‘lning ibtidosi bor, intihosi esa, cheksizdir. Muayyan hayotiy muammoning cheksizligi uning davomiyligidadir. Davriy uzluksizlik mavjud joyda biror hayotiy-odatiy hodisani chegaralash, unga so‘nggi nuqta qo‘yishga intilish behuda. Shuningdek, asar badiiy konfliktini tayin etishda qo‘llaniladigan turli estetik komponentlar ham hayotiy ziddiyatlarni badiiy aks ettirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga egadir. Dramatik jihatdan keskin, ifodali aks ettirilgan ruhiy kolliziyalar asarda o‘ziga xos yuksak pafos vujudga keltiradi.

«Azal va abad» qissasida G‘. Hotamov qahramon ichki dunyosidagi o‘zgarishlarni muayyan hayotiy hodisalarga bog‘lab aks ettirishga intiladi. Asarda bugungi kun voqealari, ba’zi salbiy hodisalar — guruhbozlik, xudbinlik, g‘arazli manfaatlar yo‘lida birlashgan kimsalarning jamiyat va shaxs faoliyatiga yetkazgan ijtimoiy zarari, oqibatlari murakkab xarakterli qahramonlar taqdiri orqali ifodalanadi. Real voqelik, konkret hayotiy hodisaga munosabat nuqtai nazaridam G. Hotamovning «Azal va abad» qissasi M. Do‘stning «Mustafo» asaridan keskin farq qiladi. «Mustafo»da bosh qahramonning qalb dramasi personaj shaxsiy kechinmalari doirasidan chiqib ke tolmagan. Bu hodisa asarning ijtimoiy estetik ta’sirchanligiga putur yetkazgan. «Azal va abad»da esa, xarakter va sharoit mutanosibligi birmuncha izchil badiiy talqin etiladi…

Mansur Tenglashev

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 1-son