Mahkam Mahmudov. G‘arb adabiyoti bilimdoni

Filologiya fanlari doktori, professor Muhammadjon Xolbekov jahon xalqlari adabiyotlarini chuqur tadqiq qilgan iste’dodli olimlarimizdan biridir. Uning “Marlo va Shekspir”, “XX asr modern adabiyoti manzara­lari”, “Struktur adabiyotshunoslik”, “XX asr g‘arb modern dramasi”, “Badiiy matnning struktur tahlili” monogra­fiyalarida adabiy jarayonlar va oqimlar keng hamda chuqur tadqiq etiladi.

Professor M.Xolbekov “XX asr modern adabiyoti manza­ralari” kitobida jahon adabiyotida modern va modernizm tushunchasi, G‘arb nasrida modernizm, Marsel Prust, Frants Kafka, Jeyms Joys, Virjiniya Vulf, Uilyam Folkner, Gabriel Markes, Luis Borxes va boshqalarning ijodiga xos muhim xususiyatlarni yoritgan edi.

Olim kitobda XX asr modern adabiyotiga xos fazilat­lar va kamchilik­lar haqida fikr yuritar ekan, uning mazmunini, ranglari spektri, diapazoni juda kengli­gini, turli mualliflarning modern asarlarida antik davr mumtoz adabiyoti, o‘rta asrlar, uyg‘onish davri, ma’­rifatchilik, romantizm, tanqidiy realizm, simvolizm, ekspressionizm, neorealizm, syurrealizm oqimlariga xos uslublarning aralashuvi mavjudligini ­e’tirof qiladi. Paradoksal holat shunda yaqqol ko‘rinadiki, modern yozuvchilar o‘z asarlarining uslubini nechog‘lik “yangi” deb o‘ylasalar-da, bu uslublarda antik davrdan hozirgacha bo‘lgan barcha ijodiy uslublarning goh sintezi, ko‘proq eklektikasi ko‘zga tashlanadi. Modern yozuvchilar goh Bibliyaning “Tavrot” (“Qadimgi ahd”) qismiga taqlid qilib, goh antik davr yunon va Rim adabiyoti asarlaridagi syujetlarni qayta ishlaydilar (masalan, J.Joys “Uliss” romanida Gomer “Odisseya”siga murojaat qilgani kabi).

Muallif to‘g‘ri kuzatganiday, modern adabiyoti faqat badiiy asarlardan iborat bo‘lmay, u badia, ertak, tad­qiqot, maktublarni va turli mumtoz badiiy asarlarning parchalarini ham o‘z ichiga oladi. Masalan, Luis Borxes ijodida teran poetik, psixologik hikoyalar bilan ayni vaqtda, badia, maqola, kichik ilmiy tadqiqotlar ham ko‘p uchraydi (“Bobil kutubxonasi”, “Paskal fazosi”, “Kevedo”, “Kolrijning tushi”, “Chesterton haqida”, “Ibn Rushd izla­nishi”, “Don Kixotda yashiringan sehr”, “Sotqin va qahra­mon mavzusi”, “Mark Injili”, “Syujet”, “Kitobga ehtirom” va boshqalar). Luis Borxes “Paskal fazosi” asarida mashhur bir jumla fikr­ning ming yil davomida yo‘qolmay keli­shini kuzatadi: “Uyg‘onish nuri bilan yorishgan 1584 yilda bu so‘zlar sevinib aytilgandi. Ammo 70 yil o‘tgach, bu sevinchdan asar ham qolmadi, insoniyat endi zamon va makonda yo‘qolib ketganday bo‘ldi. Zamonda yo‘qolish – o‘tmishning cheksizligi va kelajakning cheksizligidan, ma­konda yo‘qolish – har bir tirik jonning cheksiz katta­likdan va cheksiz kichiklikdan juda uzoqda ekanligidir. Hech kim ma’lum bir kunda va ma’lum bir joyda yashamaydi (oqayotgan daryoga faqat bir marta tushish mumkin, ikkinchi tushganda o‘sha suv bo‘lmasligi, oqib ketgani kabi –M.M)[1].

Uyg‘onish davrida insoniyat yetuklikka erishdim deb o‘ylaydi va fik­rini o‘z vakillari J.Bruno, T.Kampanella va F.Bekon tili bilan ­e’lon qiladi. XVII asrda insoniyat qarib qoldimmi, deb qo‘rqa boshladi va o‘zini oqlash uchun, odam gunoh sababli tug‘ilgani uchun asta-sekin va muqarrar maydalashib bormoqda, avvalgi zamonlarda ulkan odamlar uzoq yashar edilar. Masalan, Mafusoil 969 yil yashagan (“Tavrot”, 5-bob) va odamlarning jussalari katta edi (o‘sha kitob, 6-bob), deb ishonardilar. “Olam tuzilishi” asari­ning “Birinchi yillar” faslida odam umri qisqarganidan va jussasi kichrayib borayotganidan shikoyat qilinadi, oxiri odamlar pigmeylar va elflarga, kapalaklarga o‘xshab qolishini aytadi. Aslida qadimiyatga doir bunday fikrlarni ming yil avval Abu Rayhon Beruniy aytgan edi.

XIX asr Amerika adabiyoti, shu asrdagi rus adabiyoti kabi romantizm va realizmni uyg‘unlashtirib, oltin dav­rini boshdan kechirdilar, bu adabiyot insoniyatning hayot mashaqqatlariga, yovuzlikka, quldorlikka, irqchilikka qarshi (Fenimor Kuper, Vashington Irving) tabiat ofat­lari va falokatlariga qarshi kurashgan (G.Melvill “Mobi Dik”, Bicher Stou “Tom tog‘aning kulbasi”) ozodlik kura­shini, buyuk irodasini, ruhiy qudratini estetik ideal darajasiga ko‘tarib, umuminsoniy qadriyatlarning mangu yashashini ko‘rsata oldilar.

Amerika mumtoz adabiyoti qad ko‘tarayotgan vaqtlarda bir necha asrlar davomida bu qit’aga kelgan Angliya, Gollandiya, Portugaliya, Ispaniya mustamlakachilari mahal­liy xalqni ham, o‘zlari orasidagi sof vijdonli, mehnat­sevar, kambag‘al odamlarni ham mensimas, ularni odam o‘rnida ko‘rmas, insoniy huquqlarini oyoqosti qilar edilar. Xuddi shu sof vijdonli, mehnatsevar, kambag‘al odamlarning ko‘pchiligi Amerika qit’asining shimolida bo‘lganidan, janubdagi quldorlarga qarshi shaxs ozodligi uchun Avraam Linkoln, Jorj Vashington, Tomas Jefferson yetakchiligida boshlangan urushlarda g‘olib chiqdilar va shaxs erkinligini, barcha insonlar teng hu­quqli ekanligini ta’minlovchi Inson huquqlari deklara­tsiyasini qonun sifatida qabul qildilar. Bu esa Yunon va Rimda qadimgi davrda boshlangan demokratiya uchun kurash 1789 yilda Bastiliyaning olinishi bilan tugallangan Buyuk Frantsuz inqilobining davomi bo‘lgan xalqaro ozod­lik kuchlarining yana bir g‘alabasi edi. Bu kurash mevalari bo‘lmish ozodlik, inson qadr-qimmati, gumanizm g‘oyalari adabiyot, ma’rifat sohasida Longfello, Uolt Uitmen, Genri Toro, G.Melvill, Bayron, Edgar Po, Mark Tven kabi buyuk erksevar san’atkorlarni yetishtirdi. Bu mumtoz san’at­korlar uchun badiiy ijod keyin tug‘ilgan moder­nizm va postmodernizm adabiyoti vakillari maqtagan topishmoq, jumboq, so‘z o‘yini emas edi. Professor Muhammadjon Xolbekov Amerika va Yevropa modern ada­biyotida kechgan shu kabi yangilanish, o‘zgarishlarni teran tadqiq etadi. Bunda u g‘arb olimlarining fikrlariga asoslanadi.

Professor Muhammadjon Xolbekovning kitobida Ernest Xeminguey va Uilyam Folkner ijodi haqida jo‘shqin va teran fikrlarni o‘qiymiz. Bu ikkala adibda M.Prust va J.Joys kabi zodagonlik va shon-shuhratga mahliyolikni uchratmaymiz. E.Xeminguey ham, U.Folkner ham qaynoq hayot voqealari, odamlarning ichki kechinma­larini, insonlardagi eng qimmatbaho boylik – insoniy­likni, jamiyat hayotidagi ziddiyatlarni bo‘yab-bejamay, o‘z tabiatlarida bor kamtarlik bilan, muhimi, hayotiy, jonli, tabiiy tasvirlash fazilati yaqinlashtirib turadi. Muallif bu ikki buyuk san’atkorning qalbidagi sami­miyat­ni, hayot muammolarini, odamlarning ichki dunyosini, maqsad va qilmishlarini haqqoniy tasvirlashda bir-biriga “raqib” ekanligini, xuddi shu haqgo‘ylik, inso­niylikka bo‘lgan teran ishonch sababli bir-birini hur­matlashini ham to‘g‘ri ko‘rsatadi.

Ernest Xeminguey yozuvchilikka endi qadam qo‘yganida Amerikaning katta adabiyotini bunyod etib, jahonga tanit­gan Vashington Irving, Fenimor Kuper, German Melvill, Nataniel Gotorn, Ralf Emerson, Edgar Po, Mark Tven va boshqalarning asarlari jahonning ko‘p tillariga tar­jima qilinib, shon-shuhrat topgan edi. Bu adiblarning ko‘p­chiligi yovuzlikka, quldorlikka, insoniyatning ijti­moiy tengsizligiga qarshi kurashgan insonlarni, ular hayotidagi go‘zallik va fojialarni, yaxshilik va yomon­likni, ulug‘vorlik va tubanlikni, mardlik va sadoqatni, ayni paytda foyda ko‘rish yo‘lida vijdonsizlik qiluv­chilarni goh jiddiy, goh yumoristik va lirik ohangda tasvir etdilar. Modernchi san’atkorlar esa insoniyat tarixini (masalan, Yuliy Sezar va Mark Brut hayotini) kelgusi avlodlar rasmiy tarixiy asarlardan (Eduard Gibbon va Teodor Mommzen tadqiqotlaridan) emas, balki ingliz daho san’atkori U.Shekspirning “Yuliy Sezar” fojiasidan yaxshiroq o‘rganishadi, deb fikrlaydilar.

XX asr G‘arbiy Yevropa va Lotin Amerikasi adabiyotida avvalroq Mark Tven, Ch.Dikkens, G.Andersen, Jek London, G.Melvill, G.Lonfello, U.Uitmen e’zozlagan, mangu va oliy ideallar, insoniy fazilatlar, mardlik, oliyjanoblik, adolat va haqiqat kuylangan mumtoz asarlar o‘rnini uslubiy yangilanish bahonasida individualizm, xudbin­lik, ma’naviy sayozlik maqtalgan asarlar egalladi va bu asarlarning mualliflari o‘zlarini yangilik kashf etuvchi – modernchilar deb atadilar. Bular orasida E.Xeminguey, U.Folkner mumtoz realistik adabiyotga sadoqatini asrab qoldilar. Professor Muhammadjon Xolbekov kitobidagi maqolalarda U.Folkner va E.Xeminguey ijodi haqida zavq bilan yozadi. Shuningdek, olim kitobida Markesning noshirlar va jurnalistlar bilan suhbatida o‘zini tinim­siz maqtashlarini, bir-biriga zid, mantiqsiz fikrla­rini, ba’zi zamondoshlarining tanqidlarini xolislik bilan yoritadi.

Professor Muhammadjon Xolbekovning fikricha, “Yolg‘iz­likning yuz yili” romanini idrok qilish, “mag‘zini chaqish” boshqa modernist yozuvchilarining intellektual romanlariga qaraganda, ancha oson va maroqli. Garsia Markes o‘z vaqtida teleseriallar uchun stsenariylar yozgani shunchalik ko‘ngilxushlik, vaqtichog‘lik mashg‘uloti bo‘lma­gan, balki uning ijodi uchun mahorat maktabi vazifasini o‘tagan. U to‘liq anglagan holda “sara jamiyat” vakillariga emas, balki oddiy o‘quvchilariga maqbul qilib yozadi. Shu sabab roman ommabop kitobga aylandi. Aslida, stsenariy­navislik nuqtai nazaridan qaraganda, Markesni haqiqiy postmodernist yozuvchi desak bo‘ladi.

Professor Muhammadjon Xolbekov XX asr G‘arb modern dramasiga bag‘ishlangan ilmiy risolasida[2] Yevropada fa­shizmga qarata “Qarshilik ko‘rsatish harakati” tarafdor­lari bo‘lgan dramaturglar Garsia Lorka, Bertold Brext, Luidji Pirandello, Semyuel Bekket, Jan Kokto, Alber Kamyu, Jan-Pol Sartr, Jan Anuy, Jan Jirodu, Moris Meterlink, Bernard Shou, B.Shtraus, Georg Koyzer, Yudjin O’Nil, Tornton Uaylder ijodida dramaturgiyani, teatr san’atini yangilash, antik dramaga xos mifologik mavzu­larni zamonaga moslashtirib qayta talqin etish kuchli ekanini anglatadi. Ekzistentsialistlar XX asrda odamlarning ko‘pchiligi faqat mavjudligi, tirikchiligi uchun yashayotgani, yuksak insoniy ideallar va fazilat­lardan voz kechib, o‘zaro dushmanlashib, absurd-ma’nosiz hayot kechirayotganini aytib, tomoshabinlarga hayot haqiqat­larini insoniyatning inqirozga yuz tutayotganini tasvir­laydi, “Teatr san’ati XX asrda ifodaviylikni boyitish (tomoshabinga kuchliroq ta’sir ko‘rsatish, shu orqali jamoatchilik fikrini muhim ijtimoiy global masala­larga qaratish) yo‘lida o‘zidan (teatrdan) farqli bo‘lgan kinematografiya va fotografiya kabi san’at turlarining imkoniyatlarini ham o‘ziga singdirib bordi”, deb yozadi M.Xolbekov. Biz bu adolatli fikrga qo‘shimcha qilib aytamizki, teatr san’atiga jiddiy va g‘olib raqobatchi bo‘lib qolgan kino san’atidan orqada qolib ketmaslik uchun rejissyor va adiblar teatr san’atiga turli yangi­liklar kirita boshladilar.

Professor Muhammadjon Xolbekov to‘g‘ri ko‘rsatgani­dek, XX asr ­teatri mohiyatiga ko‘ra rejissyorlik teatridir. Muallif amri o‘rniga (Arastu fikricha, qah­ramon xarakteriga taqlid o‘rniga) teatrda pesa va to­moshabin o‘rtasida bosh vositachi sifatida rejissyorning amri mustahkam o‘rin egalladi. Vaqt o‘tishi bilan matn (pesa, drama matni) va uning sahnadagi tajassumi orasidagi masofa kattarib boraveradi. Bertold Brext (Germaniya), Luidji Pirandello (Italiya), F.Garsia Lorka (Ispaniya) kabi dramaturglar rejissyor sifatida o‘z teatrlarini yaratdilar.

Iste’dodli G‘arb adiblari va dramaturglari mumtoz teatr an’analarini eskirdi deb hisoblab, o‘z teatrlarini yangiliklar bilan boyita boshladilar. Aslida mumtoz adabiyot, san’at an’analari, qonuniyatlari hech qachon es­kirmaydi. Shunga qaramay, modernchi adiblar tomoshabin­larni hayron qoldirish, bahs-munozaraga chorlash, voqeani dialog, gap-so‘z bilan emas, sukut bilan ifodalash kabi dramatik dialogning yangi imkoniyatlarini kashf etishdi.

“G‘arb modern dramaturgiyasida, – deb yozadi M.Xolbekov, – mifologik syujetlarga qiziqish butun XX asr davomida so‘nmaydi. Bu o‘rinda Yudjin O’Nilning “Motam Elektra­ning qismati”, T.Uilyamsning “Orfey jahannamga tush­moq­da”, J.Anuyning “Antigona” kabi asarlarida, shuning­dek, tarixiy shaxs hayotidan olingan, dramalar (P.Klodel “Xristofor Kolumbning kitobi”, B.Brextning “Galiley hayoti”, J.Osbornning “Lyuter”, P.Vaysning “Maratning o‘ldirilishi”)da tarixiy voqea-hodisalar yangicha talqin etildi.

Professor Muhammadjon Xolbekov G‘arb teatrida vujudga kelgan ekspressionizm dramasiga xos xususiyat­larni bunday ifodalaydi: “Ekspressionistik pesada so‘z voqeadan ustun turadi. Ko‘p hollarda padarkushlik bilan yakun topadigan otalar va farzandlar o‘rtasidagi zid­diyatlar, erkinlikka intilish va murosasozlikni rad etish – ekspressionistik dramaturgiyaning bosh mavzulari shulardan iborat”. Modernchilar, ekspressionistlar, syur­realistlar, absurdchi dramaturglar o‘zlarini har qancha yangiliklar kashfiyotchisi qilib ko‘rsatsalar-da, ko‘p hol­larda antik drama syujetlaridan foydalanishga ehtiyoj­mand edilar. Bularning maqsadi asosan antik davr dramasi qahramonlarini yangi sharoitda pastkash, oddiy, g‘arazli odamlarga aylanib qolishini bildirish – dege­roizatsiya, qahramonlikdan tushirib, hozirgi bachkana odamlarga yaqinlashtirib, shu bilan tomoshabinlarning e’tiborini qozonishdan iborat edi. Professor Muhammadjon Xolbekov ham ushbu tadqiqotida G‘arb teatrshunoslari izidan borib, modern drama muallif­larining asarlarini asosan yangiliklar, falsafiylik­ning kuchayishi deb talqin qiladi. Modernchi dramaturg­lar ko‘p hollarda XIX asrning buyuk kashfiyoti bo‘lgan, uzoq o‘tmishda ham ildizlari bo‘lgan voqelikni, hayotni haq­qoniy, realistik tasvirlashdan chekinib, sub’ektiv­lik, absurd, parokandalik, ma’nosizlikni ijodiy usulga aylantirishni yaxshi ko‘radilar. Modernchi dramaturglar Esxil, Sofokl, Evripid, Shekspir, Lope de Vega, Kalderon, Moler, Rasin, Per Kornel, Shiller va Bayron dramalari darajasida yozishga kuchi yetmagani sababli o‘zlarini klassik drama badiiyligi qonuniyatlarini buzib, mantiq­sizlikni, parokandalikni, fashizm yetakchilariga ham ma’qul keluvchi toshbag‘irlikni, so‘z o‘yinlarini, nayrang­bozlikni yangi kashfiyot deb taqdim qiladilar. Taniqli faylasuf Ortega-i-Gasset bular haqida “San’atda de­gumanizatsiya” asarida tanqidiy fikr bildirgan edi.

Taniqli adabiyotshunos olim, G‘arb adabiyotining bilimdoni professor Muhammadjon Xolbekov ushbu kito­biga kirgan tadqiqotlari, adabiy-tanqidiy maqolalari­da XX asr adabiyotidagi turli yo‘nalishlarni chuqur tadqiq etadi, modernizm, modern romani va dramasi fazilatla­rini ham, nuqsonlarini ham yoritishga intiladi. Olim­ning kitobidan o‘rin olgan, “Lotin Amerikasi sehrli realizmi” tadqiqoti ham bu qit’a adabiyoti haqida o‘quv­chiga to‘liq ma’lumot berishiga ishonchimiz komil.

Xulosa qilib aytganda, ushbu kitobdan adabiyotshunos­lar, ayniqsa oliy o‘quv yurtlari talabalari va ma­gistrant­lari o‘tgan asr jahon adabiyotida kechgan manzara va oqimlar xususida keng ma’lumot olishlari mumkin.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020 yil, 12-son

_________________

[1] Qarang: Xolbekov M. XX asr modern adabiyoti manzaralari. Maqollar to‘plami. – Toshkent:, “Mumtoz so’z”, 2014. – 388-bet.

[2] Xolbekov M. XX asr G‘arb modern dramasi. Risola. – Toshkent: “Mumtoz so’z”, 2017. – 72-bet.