“Yoshligida astoydil Yevropaga talpingan va o‘tmish bilan aloqani uzib Frantsiyada o‘n yil yashagachgina o‘zining lotin amerikalik ekanini anglab yetgan bir argentinalik qismati sizga g‘alati tuyulmaydimi?” Argentinalik mashhur yozuvchi Xulio Kortasarning kubalik shoir Roberto Fernandes Retamarga yo‘llagan ochiq xatidan olingan bu parchada muallif o‘zi haqida yozgan edi. Yangi Lotin Amerikasi romanchiligi asoschilaridan biri bo‘lgan Xulio Kortasarning hayot va ijod yo‘li turli jumboqlarga to‘la kechdi. Asturias, Karpenter, Rulfo va Roa Bastos kabi uning qit’adoshlari milliy hayot tarzini badiiy tadqiq etish orqali umuminsoniy muammolarni ko‘targan bo‘lishsa, Kortasar avval shu muammolarni o‘rganib, keyinchalik ularni zamon bilan bog‘lagan. Lotin Amerikasidagi ko‘pchilik yetakchi yozuvchilar ijodi katta ijtimoiy qatlamlar silsilasini aks ettirishga yo‘naltirilgani holda, Kortasar alohida olingan shaxsni o‘rganadi. Yozuvchining o‘ziga xos uslubiga uning umr yo‘li ham katta ta’sir qilgan, albatta. Xulio Florensio Kortasar 1914 yil 26 avgustda Bryussel shahrida argentinalik savdo xodimi oilasida dunyoga keladi. Ota-onasi bilan vataniga qaytganda u to‘rt yoshda edi. “Bolaligim Buenos-Ayresdagi kuchuk, mushuk, toshbaqa va to‘tilarga to‘la uyda o‘tgan”, – deb xotirlaydi yozuvchi. Og‘ir sharoitda o‘sib-ulg‘aygan adib maktabni tamomlab, poytaxtdagi oliy o‘quv yurtining falsafa fakultetiga qabul qilinadi-yu, o‘qishni davom ettirishga puli yetmay, yetti yil qishloq maktabida dars beradi. Yo‘qchilik tinka-madorini quritgan Kortasar topgan pulini yordam uchun onasiga yuborar, Yevropaga bosh olib ketishni orzu qilardi. Uning bu orzusi 1951 yili ushaldi. Uch yil davomida qunt bilan ingliz va frantsuz tilini o‘rgangach, u Frantsiya hukumatining adabiy sohadagi stipendiyasiga loyiq topilib, Parijga jo‘nab ketadi va umrining oxirigacha shu yerda yashab qoladi.
Kortasarda adabiyotga qiziqish juda erta uyg‘ongan. Onasi tanlab bergan Jyul Vernning kitoblarini sevib mutolaa qilgan adib to‘qqiz yoshidan ijod qila boshlaydi. Yoshlikdagi havas bora-bora uni badiiy so‘z olamiga yetaklab, ijodga kuchli ishtiyoq uyg‘otadi. Kunlarning birida Buenos-Ayresdagi kitob do‘konidan Jan Koktoning syurrealizm uslubidagi “Og‘u” asarini xarid qilgan yosh Kortasar bu yo‘nalish ta’sirida zamonaviy adabiyotga qarashlarini tubdan o‘zgartiradi.
Adibning “Ishg‘ol qilingan uy” nomli ilk hikoyasi 1946 yili, u o‘ziga ustoz deb bilgan Borxes tomonidan tashkil etilgan jurnalda bosilib chiqqan. Kortasarga xos, g‘ayrioddiylik va reallik omixtasiga asoslangan, tasavvurni chalg‘ituvchi favqulodda personaj va hodisalarga boy hikoyalar shundan keyin birin-ketin turli nashrlarda chop etila boshladi.
El qatori, oddiy odamning kundalik turmushida ro‘y bergan, kutilmagan, g‘ayritabiiy voqea bir maromda davom etayotgan umr yo‘lini o‘zgartirib, real manzarani ostin-ustun qilib yuboradi. Uning tasavvuri bo‘yicha noma’lum, g‘arazli kuchlar ta’sirida borliqdagi muvozanat buzilib, dunyo teskari aylanib ketgandek tuyuladi. Tabiiylik va g‘ayrioddiylik o‘rtasidagi chegara yo‘qolgan bunday sharoitda doimiy xavf-xatar hissidan, qora sharpalardan qochib qutulish mushkul. Kortasarning “Imtihon”, “Yutuq” romanlari, “Hayvonxona”, “O‘yinning tugashi” hikoyalar to‘plamida mana shunday ajabtovur syujetlar uchraydi. Hayot haqidagi azaliy tasavvurlarning qanchalar nisbiy va mo‘rt ekanini ko‘rsatish uchun adib uslubi jumboq va turli resurslar yo‘lini tanlaydi. Yillar o‘tib Kortasar ijodidagi g‘ayritabiiy unsurlar tashqi dunyodan personajning ichki olamiga ko‘chadi. Bu esa muallif murojaat qilgan sir-sinoatli motivlar inson botinidagi ziddiyatlarni ochib berish uchun qo‘llanilganidan, Kortasarning fantast yozuvchi emasligidan dalolat beradi.
Kortasar kichik voqealar tasviri orqali katta hayotiy mohiyatni aks ettira oladigan janr bo‘lmish novella janrining Lotin Amerikasidagi eng ko‘zga ko‘ringan ustalaridan edi. “Bu yerda daydiyotgan kimsa”, “Lukas degan bir odam”, “Biz Glendani shunaqa yaxshi ko‘ramiz”, “Vaqtdan tashqarida” kabi hikoyalar to‘plamiga kirgan har bir asarni yoyilgan metaforaga qiyoslash mumkin. Keng qamrovli bayon uslubi, shiddatkor ohang, tarang tortilgan syujet chizig‘i, so‘z qo‘llashdagi betakror mahorat Kortasar hikoyalarining muvaffaqiyatini ta’minlagan.
Kortasarga olamshumul shuhrat keltirgan roman janrida adib bundan-da katta natijaga erishgan. “Klassiklar o‘yini” (1963) va “62. To‘plam uchun andoza” (1968) romanlari ko‘plab tanqidchilar fikricha yozuvchi ijodining cho‘qqisi hisoblanadi. O‘z vaqtida nasrda yangi tajriba bo‘lgan bu murakkab asarlar Kortasarga yangi Lotin Amerikasi romanining asoschilaridan biri, degan nom olib keldi. Adibning 1960 yilgacha bitilgan hikoya va romanlarida, asosan, argentinaliklar hayoti tasvirlangan bo‘lsa, bu ikki romanda ingliz, frantsuz, daniyalik va boshqa millat vakillari kechmishlari ham qalamga olingan. Zamonaviy ijtimoiy, ma’naviy, ruhiy muammolar diqqat markaziga qo‘yilib, insonning atrofdagi olam, boshqa odamlarga, hokimiyatga, erkka munosabati o‘rganiladi, ezgulik, muhabbat, vijdon, yovuzlik, burch kabi tushunchalar mushohadaga tortiladi. Lekin bularning bari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, ramzlar, ishora va istioralar vositasida fikr yuritilgani bois muallif aytmoqchi bo‘lgan xulosani izlab topish, asarning mag‘zini chaqish kitobxondan qunt va sabr-bardosh talab qiladi. “Klassiklar o‘yini” va “62. To‘plam uchun andoza” romanlarining bayon uslubi noodatiy, voqealar parokanda. Muallif romanlarni o‘ziga xos o‘yin va tajriba maydoniga aylantirgandek, kitobxondan shu o‘yinda qatnashishni, ijodiy jarayonga hammualliflik qilishni taklif etayotgandek tuyuladi. Yozuvchining chegara bilmas tasavvuri qanotlarida sayr etgan o‘quvchi eski adabiy andoza-yu qoliplardan tashqaridagi mutlaqo yangi olam – Kortasar olamiga kirib keladi. Bu yerda adib tsirkdagi masxarabozdek so‘zlar, obraz va uslublar bilan raqs tushadi, ramz, iqtibos, mubolag‘a va paradokslarni bir-biriga qorishtirib rang-barang epizodlar yaratadi. Kortasar personajlari – azaliy tartib-qoidalarga qarshi isyon ko‘targan beboshlar. Mudom bir tomonga aylanuvchi hayot charxpalagini to‘xtatish yo‘lida ular o‘zlari uchun yangi muhit yaratmoqchi bo‘ladilar. “Klassiklar o‘yini” romanida bu o‘zgacha olam Hudud, “62. To‘plam uchun andoza”da esa Doira deb atalgan.
Ammo borliqqa qarshi ayovsiz jang mag‘lubiyat bilan tugashi muqarrar. Negaki reallik sirtmoqlarini parchalab ma’naviy ozodlikka yetishishning imkoni yo‘q. Romanlar xotimaga yaqinlashgan sari jozibador so‘z o‘yinlari va o‘ynoqi ohang shu achchiq xulosa sezilib turgan mungli tasvirlarga o‘rin bo‘shatadi.
Kortasarning eng mashhur romani – “Klassiklar o‘yini” argentinalik qirq yoshli ziyoli Orasio Oliveyraning Parij va Buenos-Ayresdagi hayotidan olingan parchalardan iborat. Qahramonning do‘stlari bilan falsafa, adabiyot va hayot haqidagi gurunglari, chigal ishqiy munosabatlari, sog‘inchu hasratga to‘la ichki monologlari – bularning bari davriy izchillikka rioya etilmay, bo‘lak-bo‘lak holda kitobxon hukmiga havola etilgan. Vaqt, o‘lim, tasodif, bolalik singari Kortasarga xos doimiy mavzular elas-elas ko‘zga tashlangan parokanda syujet yo‘lini bosib o‘tishga chog‘langan kitobxon asarning falsafiy tagma’nosini, muallif yashirgan g‘oyalarni topish uchun boshqotirmaga o‘xshash matn ustida uzoq mushohada yuritishga majbur. Qaysidir ma’noda u ham bosh qahramon Oliveyraga aylanib, jamiyatda o‘z o‘rnini qidirib, hayotdan mazmun axtarish, ruhiy sokinlikka, uyg‘unlikka erishish maqsadida o‘z-o‘zini, o‘tmish va bugunini taftishdan o‘tkazadi.
Ijodda bir xillikdan qochib yangicha shakl ketidan quvgan Kortasarning har bir asari ayricha qiziqish bilan o‘qiladi. Inson ruhiyati epkinlarini tadqiq etishda avval bosib o‘tilgan yo‘llardan bormay, o‘zining og‘ir va xatarli so‘qmog‘ini topgan adib tirikligidayoq “Adabiyot olamidagi Kolumb”, “An’analar kushandasi” deya sharaflangan. Romanlaridayam, hikoyalaridayam an’anaviy badiiy adabiyot doirasidan tashqariga chiqishga urinarkan, Kortasar o‘z oldiga aniq bir uslubdagi teran asar yaratishni emas, kitobxon bilan olam va odam taqdiri xususida bahslashishni, uni o‘ylashga, fikrlashga undashni maqsad qiladi. Shuning uchun ham tanqidchilar Kortasar ijodida realizmdan tortib postmodernizmgacha bo‘lgan turli adabiy oqimlar belgilarini ilg‘ashadi, tarjimonlar esa uning matnlarini qayta-qayta o‘girishadi. Qachonlardir Buenos-Ayresdan Parijga safar qilgan argentinalik yozuvchining bitiklari bugun dunyodagi barcha mamlakatlarni kezib yuribdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Avgust oyida yuz yilligi nishonlangan Kortasar jahon adabiyotida o‘zining betakror olamini yaratdi. Fantastika, sehr-jodu, ro‘yo reallik eshiklarini ochib beruvchi kalitga aylandi. Yozuvchi voqelikni ichkaridan emas, chetdan turib kuzatish uchun ramzlarga murojaat qilib, har bir asarini o‘ziga xos topishmoqqa o‘xshatib yozdi. Jumboqning yechimini topish yo‘lida bosh qotirgan kitobxon Kortasar asarlarini yana bir necha yuz yil qo‘ldan qo‘ymay o‘qishi tayin.
Alisher Otaboyev
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 9-son