Ilhom Ahror. Kengliklar hikmati – go‘zal tasavvur

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Ikrom Otamurod siyratiga bir nazar

O‘smir She’r nuroniy Ash’orning o‘zi tomon kelayotganini ko‘rib, uning salobati bosdimi bir tomonga burilib ketmoqchi bo‘ldi-yu, lekin bunday qilolmadi.

Ular to‘qnashdi. Birining yuzida xijolat, ikkinchisinikida esa mag‘rurlikka yo‘g‘rilgan mehribonlik hissi.

– Nahot, sizday mustahkam ildiz menga daxldor bo‘lsa? – sevinib ketdi o‘smir She’r.

– Albatta, shuning uchun ham sendek niholim bor-da, – dedi keksa Ash’or navqiron she’rning yelkasidan quchib. – Endi sendan boshqa ayrilmayman. Kel, ertaga Dashtga chiqamiz. Bolaligimiz quvonchi – qir-u adir havosidan birgalikda bahra olamiz. Umid toyimiz hali o‘sha yerda. U ham abjir otga aylangandir. Har birimiz o‘zimizda mavjud bo‘lgan narsalardan olamiz.

– Sizda Falsafa, Tuyg‘u bor. Menda esa…

– Sen ham biron narsa olarsan.

– Menda arzirli narsa bor deb o‘ylaysizmi?

– Nega yo‘q ekan? Senda judayam zarur narsa bor. Bu – Samimiyat, ya’ni mening Ichkarim, Kanglum senda. Olib chiq ularni! Keyin bizni Dashtda kutib oladigan qadrdonimiz bor. Sen uni taniysan – Ikrom Otamurod…

Dashtdagi suhbat qizigandan qizidi.

Shoir ularni yaratgan bo‘lsa-da, suhbatlarini eshitmasdi, eshita olmasdi.

– Nazarimda, hayotning bor quvonch va tashvishlari talaffuzimizdagi “engil tin oldi”, “og‘ir nafas oldi” degan iboralarda mujassamlashganday, – gap boshladi keksa Ash’or. – Nazmni tirik jonga mengzaydigan bo‘lsak, u qachon yengil nafas oladi-yu qaysi paytda og‘ir tin oladi va bu qay holatda namoyon bo‘ladi?

– O‘tmishda shu qadar ko‘p ulug‘lar o‘tganki, biz bugun xayol qilayotgan narsani ular allaqachon o‘ylagan bo‘lib chiqadi, – fikrini ochiq aytdi o‘smir She’r. – Hayotni ko‘rmay, undan o‘ziga xos xulosa chiqarmay “aqlli” gap aytsang, albatta, ularni takrorlab qo‘ygan bo‘lasan. Ba’zi hollarda adabiyotdagi noan’anaviy yo‘ldagilar o‘zlarini ana shu asraydilarmi degan fikrga ham boraman.

– Bir voiz to‘y oshi davrasida ma’ruza qildi, – maysaga yonboshlab oldi keksa Ash’or. – Mavzu insoniy va ilohiy ishq xususida edi. Dasturxon atrofida olim-u shoirlar, diniy-tasavvufiy ta’limot tadqiqotchilari ham hozir edilar. U mohiyatda shu qadar chalkashib ketganidan barchaning ensasi qotdi. Tag‘in shunday o‘dag‘aylab gapirardiki, go‘yo davradagilar maktab bolalari bo‘lib, ularga saboq berayotgandek. Insonning insonga nisbatan uyg‘ongan mehr-u muhabbati, oshiqning sog‘inch hislari Allohning bandasiga berilgan ne’mati ekanligini qabul qilolmasdi. To‘g‘ri, shoirlar “ishq”, “yor”, “may”, “qadah” singari so‘zlarni istiloh sifatida qo‘llashgan. Bu jarayon Navoiy, Fuzuliy, Maxtumquli, Lutfiy, Jomiy, Huvaydo, Mashrab, Umar Hayyom singari ko‘plab allomalarning ijodida yaqqol kuzatiladi. Bu – ularni tushunishda biryoqlamalikka berilishga huquq bermaydi. Shoirning faqat hayotdagi yor yoki ma’shuqaga atalgan she’rlari bor, ilohiy qudrat egasiga qilingan nazmiy ishoralari mavjud. Mutaxassislarning xulosalarini chala-chulpa o‘zlashtirib, o‘zimizcha chiqargan xulosa orqali ommadan obro‘ ta’ma qilish ko‘pchilikni chalg‘itishdir. Mana, ibodat paytigacha holatni oling: namoz o‘qishdan oldin tahorat olinadi, niyat qilinadi. O‘zni jisman va ruhan pok deb his qilgandan so‘ng sajdaga bosh qo‘yamiz. Odam bolasining ham bir-biriga bo‘lgan mehr-u muhabbati ibodatgacha bo‘lgan tozalanishga o‘xshaydi. Tanlaganing bilan birga yashashni niyat qilasan va ahdingga sodiq qolasan. Va’daga sodiqlik – yaxshi niyat va jisman pokizalik samarasi. Oshiq insoniy ishqining mislsiz musaffoligi tufayli yagona va qudratli Alloh bilan so‘zlash, unga dardini to‘kib-solish, uningsiz yonidagi yo dilidagi yor bo‘lmasligini anglash darajasiga ko‘tariladi. Masalan, Fuzuliy g‘azallariga bir nazar solaylik. Uning ham lirik qahramoni tanlagan yori yoki ma’shuqasining o‘zi uchun tanho ekanligi orqali Yaratganning yagonaligini anglash saodatiga erishgan. Va bu xususda Allohdan madad so‘ragan holda ishq maqomining istiqomat joyini izlaydi, oldiga ishq haqiqatga ergashadimi yoki haqiqat ishqqami, degan savol qo‘yadi:

Vodiyi vahdat haqiqatda maqomi ishqdir,
Kim mushaxxas o‘lmas ul vodida sultondin gado.

Demak, ishq maqomi vahdat (yakkalik), sulton bilan gado mushaxxas (aniq) bo‘lmagan vodiyda, ya’ni Alloh ixtiyorida. G‘azal mavzu boshlanishini yanada chuqur o‘zanlarda xulosalash bilan yakunlanadi: “Ey Fuzuliy, intihosiz zavq bo‘lding ishqdan”. Oldin g‘azalni ko‘chirgan kotib yoki muharrir “zavq olding”ni “zavq bo‘lding” deb o‘zgartirganmikan, degan xayolga bordim. Keyin o‘ylab qarasam, “zavq olding” bo‘lsa ma’no bir qadar jo‘nlashadi. Shoir “zavq bo‘lding” so‘zlarini biriktirib, diniy-tasavvufiy g‘oya hosil qilgan, oshiqni shavqqa ko‘mib, zavqqa aylantirib qo‘yadi, ma’nosida haqli xulosa chiqargan. Ya’ni shoir nazarda tutgan “zavq” – insoniy muhabbat dunyosining ilohiy ishq olami bilan uyg‘unlashuvining o‘zi.

– Ijod bog‘idan anqiydigan falsafa ifori, tuyg‘u va timsollarning o‘zagi bir, demoqchisiz-da!?

– Ha-da! Atoqli adabiyotshunos olim va mohir tarjimon To‘xtasin Jalolov Fuzuliy g‘azaliyotidagi asl mohiyatni uning o‘z so‘zlari bilan asoslaydi: “Fuzuliy o‘z kulliyotida yozgan debochasida “Shoirligim muqarrar o‘lgach, umrimning bir qismini sarf etib, turli ilmlarni o‘rgandim. Ilmsiz she’r asosi (poydevori) yo‘q devor kabi o‘lur va asossiz devor g‘oyatda bee’tibor o‘lur” (Fuzuliy. Devon. T.: “Badiiy adabiyot”, 1961-yil, 6-bet).

– Sizga nisbatan munosabatlarni ko‘pdan beri kuzataman. Satrlaringizdagi ilm yog‘dusi inganidan murakkablashgan mohiyatdan ensasi qotadiganlar ham bor.

– To‘g‘ri, balki ular ba’zi o‘rinlarda haqdirlar. Ammo izlanib topilgan mantiq asosi faqat shoirning o‘ziga va uni tushunadiganlarga ayon. Qara, Fuzuliy nima uchun dunyoviy ilmlar bilan diniy-tasavvufiy tushunchalarni atay qorishtirgan. Chunki u qalb va ilm orqali insoniy hamisha ilohiy ishq olamidagi munavvar tongga ko‘ngil bog‘lagan. Olim yana yozgan edi: “Fuzuliy g‘azallaridagi hayotiylik, yashovchanlikning yana bir siri barcha satrlarni bir tekisda qalb harorati bilan isitishida. Shoirda ana shu fazilat ato etilmagan bo‘lsa, har qanday ilm va aql kuchi bilan ham yaxshi she’r yaratib bo‘lmaydi. Qalb esa Alloh yo‘rig‘idagi mo‘jiza”.

– Demoqchisizki, shoir she’ri Allohga murojaat qilganday yondashishi kerak.

– Xuddi shunday. Bu sendan boshlanib, menga o‘tgan. “Janub qushlari” 80-yillarda yozilgan. Unda shunday satrlar borki, kishini bir zumda osmon-u falakka olib chiqib, o‘sha zahotiyoq yerga tushirib qo‘yadi: “Bir qiz kezadi osmonda, Ko‘z-ko‘z qilgancha husnin”. Gap ham oy, ham bir dimog‘dor go‘zal xususida, desangiz ma’shuqaga nisbat berilgan oy haqdagi yuzlab she’rlarning biri bo‘lib qoladi. Ammo senda oshiq nazaridagi yuksaklikda kulib turgan qizga oy sifatlari bog‘langan: “Qadami yetgan har joydan, nur sochadi izlari”. Pastdagi intizor ko‘zlarga beparvo boqayotgan oyning oy emasligiga insoniy xususiyatlar ifodasi orqali ko‘pchilikni ishontira olding. “Bir qiz kezadi osmonda, kuladi qiqir-qiqir”. Tasavvur qilgansan: tunda oshiq yonidagi ma’shuqa shunday kulsa, u bo‘lmagan paytlarda intizor yigit uchun oy ham ana shunday “kuladi”. Yana bir manzarali satrlarda ko‘klamni ta’riflardan, suratlardan yaxshiroq bilib kishini uni tinglashga chorlagansan. Xo‘sh, “Osmon bilan zaminning tusi bir” bo‘lgan erta ko‘klam nima deyishi mumkin: “Yashaging kelar”.

– Men juda ko‘p dasht, kenglik motivlaridan foydalanganman, – zavqlanib ketdi o‘smir She’r.

– Dasht havosini tuygan odamgina “Dashtlar – quyoshning yurti” deya oladi.

Chunki u dashtda quyoshning yayrab yoyilishini ko‘radi. To‘g‘rirog‘i, ko‘ra oladi. “Ko‘ra olish” iborasiga urg‘u berilayotganining sababi, dashtda yurt kengligi, xalqimizning bepoyon qalbi mujassam.“Qo‘shiqlar ko‘p dunyoda, dunyo bag‘ri ranglarga to‘liq”, “Kindik qoni tomgan makonning, ruhi – qalbda oqqan e’tiqod” – degan satrlar ham ona vatanimiz va undagi insonlar olami haqida kishida yorqin tasavvurlar uyg‘otadi.“Ufqlar orti bepoyon” satri haqda ham shunday deyish mumkin.

– Robindranat Tagorning shunday fikri bor, – ta’sirlanganidan o‘zini tutib turolmadi o‘smir She’r – “Qofiya tufayli so‘zlar oxiriga yetadi-yu, tamom bo‘lmaydi – ularning ma’nisi tugal bo‘ladi-yu, ohangi eshitilib turaveradi, quloq (ohang) bilan aql qofiya o‘yinini davom qildiraveradi”. Bu bilan hind adibi she’r tuzilishiga ham falsafiy tus bermoqda. Sizning tuzilishingiz ham ancha o‘ylantiradi kishini.

– An’anaviy yo‘lda qofiyalanamizmi yoki noan’anaviy qiyofada ko‘rinamizmi, she’riy ritm saqlansa, mazmun-mohiyat badiiy o‘ramini topsa bo‘ldi-da! Avaylangan ritm, ohangdorlik tabiiy bo‘lsagina, aql qofiya uyini bezata oladi. Bunday namunalar senda ham bor:

Ko‘rganda jilmayish, bu quvonch emas,
Bu ta’maning dilga bir yo‘l topishi.
Hurmatga aylangan munosabatmas,
Qo‘llarning ko‘krakka hadeb chopishi.

Yoki:

Qayerga o‘t tushsa, o‘sha yer yonar,
Dunyoning eng qadim masali shunday.
Imkoning-ku kelmas o‘chirishga gar,
Alanga ham berma puflab shamolday.

– Oybek, Mirtemir, Shayxzoda, Asqad Muxtor kabi ustoz shoirlarda kuzatilgan holatning sizda ham borligi meni quvontiradi doim. Ya’ni so‘zlashdan ko‘ra tasvirlashga harakat qilasiz.

– Faylasuf Plutarx nima deganini bilasanmi? “Poeziya – gapiruvchi rassomlik, tasviriy san’at esa gapirmaydigan poeziya”.

– Tasvirlash yo‘liga butunlay o‘tganingizdan keyin imkoniyatingiz kengaydi. Sho‘rolar davrida siz aytganlarni men aytolmasdim: “Notanish manzillar – ko‘ngilda hayrat: qadamlar undovdir, qadamlar so‘roq” yoki “Tarixga kirish man etilgan”…

– Qozoq xalqining fidoyi shoiri O‘ljas Sulaymon xalqimiz boshidan kechirgan alamli kunlarni ”Bizdan katta, haqiqatdan esa kichik bo‘lgan madaniy bid’atlar”ga bog‘lab tasvirlagan. Xalqning siyratidan uning ahvolini anglash ilmini o‘rganish uchun ham shoir she’rlari bilan qadrdonlik rishtasini bog‘ladim. Tarjima bahonasida siyratiga nazar soldim.

– Meni sizdan uzoqlashtirgan allomalardan biri O‘ljas Sulaymon desam bo‘ladimi? – hazillashdi o‘smir She’r.

– Uzoqlashtirgan, deysanmi? – kuldi keksa Ash’or. – Sendagi samimiyat yillar o‘tishi bilan shakllandiki, men to‘lg‘in tuyg‘ular sohibi bo‘ldim. Bu manzilga birgalikda keldik. Sen faqat jisman emas aqlan va ruhan ham ulg‘ayding.

– Sevintirdingiz meni. Ularni o‘qib o‘zim ham zavqlanaman: “Hatto sukut bosib yotgan toshgacha”, “Ruhda tomir otgan ulug‘ haqiqat”. “Bir-birin etagin tutgan Bois ko‘p, Boislar tortishgan, talashgan”, “Men sog‘inch sharhini bituvchi kotib, Sog‘inchga aylangan qullarning shohi, Ruhimning qatqaloq qa’riga botib, O‘rlaydi sukutning sargashta ohi”, “Kengliklar hikmati – go‘zal tasavvur, Asrori o‘zida, siri o‘zida”, “Xotirlar kanglumga to‘kadi bir tot”, “Yuzin yuvar hajrga ko‘nglim”, “Armonim sahrosin sayr etgan ohu”… To‘g‘risini aytsam, sizga havasim kelyapti. Shu qadar ham sizdan uzoqlashib qoldimmi?

– Men bunday hisoblamayman, – ajablandi nuroniy Ash’or. – O‘zimizga xos so‘zladik, xolos. Masalan, sen yoshlik havosi bilan “quyosh yurti” degan sahroni men “ufqlarga yugurgan kenglik” dedim. Lekin sening gapingda ham jon bor. Biz endi bir-birimizga o‘xshamaymiz. Sababini mendan emas, bosib o‘tgan yo‘limdan angla…

«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 2-son