Hofiz Xorazmiy ijodining Turkiyada o‘rganilishi

Alisher Navoiyga qadar o‘zbek tilida ijod qilgan shoirlar orasida XIV asr oxiri, XV asrning birinchi yarmida yashagan Hofiz  Xorazmiy o‘zining sermahsul va salmoqli adabiy merosi bilan ajralib turadi. U o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida ma’lum bo‘lgan janrlardan  to‘qqiztasida barakali ijod qilgan. Agar shoir devoni qo‘lyozmasining oxirgi sahifalari yo‘qolganligini e’tiborga olsak, boshqa janrlardagi namunalar ham bo‘lishi mumkin, deb taxmin qila olamiz.

Hofiz  Xorazmiy ijodiy merosida birgina g‘azal janrida yozilgan 1052 ta she’rning mavjudligi ham shoirning iste’dodli ijodkor ekanligidan dalolat beradi. Taqqoslash uchun aytadigan bo‘lsak, shoir zamondoshlari tomonidan yozilgan va bizga qadar ma’lum bo‘lgan g‘azal janridagi namunalarning hammasini qo‘shib hisoblaganimizda ham Hofiz Xorazmiy g‘azallari salmoqli bo‘lar edi.

Shoirning hayoti va ijodiy merosi haqida 1975 yilgacha, ya’ni devoni Hindistonning Haydarobod shahridagi Salorjang muzeyidan topilgunga qadar ilm ahli hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmagan. Dastlab shu devonni aniqlagan va yurtimizga fotonusxasini olib kelgan professor Hamid Sulaymon shoir haqida bir necha ommaviy nashrlarda maqolalar e’lon qildi[1] va shoir asarlaridan namunalarni chop ettirdi[2]. 1980 yilda shoirning she’rlari “Hofiz Xorazmiy she’riyatidan” nomi bilan birinchi marta kitob holida chop etildi[3].  Bu nashrga shoirning g‘azal, ruboiy, qit’a, qasida, tarje’band, muxammas, mustahzod janrlarida yozgan she’rlaridan namunalar kiritilgan. 1981 yilda esa aynan shu to‘plamga kiritilgan she’rlar rus tilida nashr etildi[4].  To‘plamga kirgan she’rlar rus tiliga Sergey Ivanov tomonidan tarjima qilingan. Shuni ta’kidlash kerakki, Alisher Navoiy asarlarini muvaffaqiyatli tarjima qilib, katta tajribaga ega bo‘lgan Sergey Ivanovning bu tarjimalari u qadar muvaffaqiyatli chiqmagan.

Shoir devoni 1981 yilda Toshkentda ikkita kitob holida nashr qilindi[5].Ammo mazkur nashrni ko‘rish Hamid Sulaymonga nasib etmadi[6]. Devon nash­rini olimning rafiqasi Fozila Sulaymonova hamda  shogirdlari amalga oshirdilar.

Devonning bu nashri haqida matbuotda atoqli adabiyotshunos olimlar ishtirokida qizg‘in bahs-munozara bo‘lib o‘tdi. Nashrning yutuq va kamchiliklari to‘g‘risida asosli fikr-mulohazalar bildirildi.

1988 yilda “O‘zbek adabiyoti bo‘stoni“ turkumida chop etilgan “Hayot vasfi” to‘plamiga ham shoir lirikasining asosiy qismi  kiritildi.[7]

Hofiz Xorazmiy ijodini xorijlik adabiyotshunoslar ham juda katta qiziqish bilan jiddiy o‘rganishmoqda. Jumladan, shoir devonining Turkiyada, aniqrog‘i, Anqara shahrida chop etilishi ana shunday xayrli ishlardan biri hisoblanadi.[8]

Hofiz Xorazmiy devonining mazkur nashri professor Rejep Toparli tomonidan amalga oshirilgan. Ushbu nashrni tayyorlashda olim do‘sti doktor Yavuz Akpinar yordamida olgan qo‘lyozma devonning original fotonusxasidan va Hamid Sulaymon nashridan foydalangan. Shu o‘rinda Rejep Toparli Hofiz Xorazmiy hayoti va adabiy merosiga oid bir necha maqola e’lon qilib, turkiyalik kitobxonlarni o‘zbek shoiri haqidagi ma’lumotlar bilan batafsil tanishtirganligini ham ta’kidlab o‘tish lozim, deb hisoblaymiz.[9]

Olim 1994 yilda “Turk klassiklari seriyasi”da “Hofiz Xorazmiy devonidan sochmalar” nomi bilan shoir she’rlaridan namunalarni nashr qildirgan.[10] Shuningdek, Rejep Toparli Hofiz Xorazmiyning Ibrohim Sulton vafotiga bag‘ishlab yozgan marsiya haqida ham alohida maqola chop ettirganligi diqqatga sazovordir.[11]

Anqara nashrining eng muhim jihatlaridan biri, shubhasiz,  shoir lirik merosining to‘liq holda, qisqartirilmay chop etilganligidir. Zero, 1981 yilda o‘zbek tilida ikkita kitob holida chop etilgan nashrga qasidalar, oltita forscha g‘azal, ayrim ruboiy va qit’alar, Ibrohim Sulton vafotiga bag‘ishlangan marsiya kirmay qolgan edi. Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, olim Hofiz Xorazmiy devoni qo‘lyozmasidagi she’rlarning joylashuv tartibini aynan saqlagan. Sharqda an’anaga ko‘ra devon tartiblash qasidalar bilan boshlangan. Hofiz Xorazmiy ham shu an’anaga amal qilgan va devonini qasidalar bilan boshlagan.

Qo‘lyozmadagi yagona marsiyadan shoirning 1435 yilda hayot bo‘lganligini bilib olamiz. Shu yili Fors o‘lkasining hukmdori Shohrux Mirzoning ikkinchi o‘g‘li, Ulug‘bek mirzoning inisi Ibrohim Sulton vafot etgan. Hofiz Xorazmiy uning vafotiga bag‘ishlab marsiya yozgan.[12] Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, 1409 yilda Shohruh Mirzo Fors o‘lkasini boshqarish uchun kichik o‘g‘li Iskandar Sultonni Sheroz shahriga hukmdor qilib tayinlaydi. U bir necha yil (1409-1414) Sheroz shahrida hukmdorlik qilib, 1414 yilda vafot etadi. O‘rniga esa inisi Ibrohim Sulton Sheroz shahrida hukmdor bo‘ladi. Uning davrida ilm-fan, san’at va adabiyotga e’tibor juda kuchayadi.

Marsiyada quyidagi baytlardan shoir Ibrohim Sulton vafotidan juda qattiq qayg‘urganligi yaqqol ko‘rinib turibdi:

Fathu nusratlig‘ ul Ibrohim Sulton qandadur,
Kim firoqi zahmidin holi jigarlar qandadur.

Qurrat ul-ayni shahanshoh Shohrux  xoqon qani,
Moliki mulki Sulaymon sohibi farmon qani?[13]

Shuningdek, Hofiz Xorazmiy boshqa bir necha g‘azallarida ham Ibrohim Sultonni madh etganligining guvohi bo‘lamiz. Masalan, devondagi 183-g‘azal matlasi va maqtasi quyidagicha:

Guluston yuzli, ey soqiy, sening ishqing menga jondur,
Ichalim bodanikim  davri Ibrohimi Sultondur…

Sanou hamd aytadur Yaratqan biru boring‘a,
O‘shul sulton zamoninda bu Hofizkim g‘azalxondur.[14] 

Bu baytlardan sezilib turibdiki, Hofiz Xorazmiy ma’lum vaqt Ibrohim Sulton saroyida yashab ijod qilgan va undan yaxshiliklar ko‘rgan.

Professor Hamid Sulaymonning fikriga ko‘ra, marsiya keyinroq boshqa dastxat bilan ko‘chirilgan va devonga qo‘shilgan.[15] Bu faktni Rejep Toparli ham tasdiqlaydi va devon XIV–XV asarlarga oid Eron kitobatchiligiga xos nasx xatida, marsiya esa nasta’liq xatida yozilganligini ta’kidlaydi.[16] Yuqoridagi fikrlar shoirning devoni 1435 yilga qadar tartib berilganini va bu paytda Hofiz Xorazmiy hayot bo‘lganini  bildiradi.[17]

Adabiyotshunos olim Jaloliddin Jo‘rayev “Sharqshunoslik” jurnalining 2015 yil 2-3-sonida “Hofiz Xorazmiyning Ibrohim Sultonga marsiyasi” nomli maqolasida shoirning bu asari haqida atroflicha ma’lumot bergan, Ibrohim Sultonning Sherozda olib borgan ma’rifatparvarlik ishlarini keng yoritgan, shuningdek, marsiya matnini ham e’lon qilgan[18]. Olimning bu mavzudagi yana bir maqolasi “O‘zbek adabiyotidagi ilk marsiya” sarlavhasi bilan “Sharq yulduzi” jurnalining 2015 yil 6-sonida chop etilgan.[19]

Devondagi qasidalarda shoir tarjimai holiga oid qimmatli ma’lumotlar ham uchraydi. Oltinchi va yettinchi qasidalarda shoirning taxallusi bilan birga nisbasi ham keltirilgan. Oltinchi qasidada quyidagi bayt mavjud:

Valoyotu karomotu karam o‘zindin izdayu,
Bo‘lubdur Hofizi Xorazmiy joni bila Kirmoniy.[20]

Ettinchi qasidaning 59-bayti quyidagichadir:

Inoyat birla so‘z bobinda yoriy ko‘rguzur bo‘lsa,
Oshurg‘ay Hofizi Xorazmiy she’rin farqi shuarodin.[21]

Devondagi oltita forscha g‘azal va 199-o‘zbekcha g‘azaldan shoirning ismi Rahim yoki Abdurahim bo‘lganligini anglashimiz mumkin:

Xos o‘z qulig‘a lutf etib rahm qilsa yor,
Muxlis qadimiy qul anga Abdurrahim erur.[22]

Devonning Anqara nashriga qo‘lyozmaning faksimilei ham ilova qilingan bo‘lib, bu, albatta, nashrning katta yutuqlaridan biri hisoblanadi.

Shuni ham ta’kidlash lozimki, sharq adabiyotida Alisher Navoiyga qadar devonlarni qasidalar bilan boshlash an’ana edi. Ulug‘ shoir o‘z devonlarini mumtoz she’riyatning yetakchi janri bo‘lmish g‘azallar bilan boshlab, bu sohada yangilik yaratdi.  Hofiz Xorazmiy devoni qo‘lyozmasidan ma’lum bo‘ladiki, shoir o‘z devonini qasidalar bilan boshlagan. Faqat oltinchi va yettinchi qasidalar orasidan bitta tarkibband joy olgan. Anqara nashrida ana shu asliyat saqlanib qolgan, ya’ni dastlab qasidalar, ulardan keyin esa boshqa janrlardagi she’rlar: tarkibband, tarje’bandlar, muxammas, marsiya, g‘azallar, qit’alar va ruboiylar joy olgan.

Xorazmlik Hofizning devonida  mustahzod janriga mansub ikkita she’r ham mavjud bo‘lib, Toshkent nashrida alohida janr sifatida ko‘rsatilgan[23], Rejep Toparli ularni janr sifatida farqlagan, ammo ajratmagan, 1044-g‘azalning tarkibiga kiritib yuborgan.[24]

Turkiyalik olim bu kitobga yozgan muxtasar so‘zboshida oldingi nashrlarda yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tgan.[25] Bu kamchiliklar, asosan, so‘z va iboralarning o‘qilishi hamda vazn talabiga ko‘ra so‘zlarning yozilishiga oiddir.

Rejep Toparli nashrining ahamiyatli tomonlaridan yana biri shundaki, har bir she’rning ostidan vaznini alohida ko‘rsatib o‘tgan. Bundan tashqari, shoir ijodida qo‘llagan aruz vaznidagi o‘nta bahrning har birida jami nechta she’r borligini (13-bet) ham qavs ichida keltirgan.[26] Shoir g‘azallari haqida yozar ekan, bu janrdagi she’rlarning hajmiga diqqatini qaratgan va baytlar miqdoriga ko‘ra g‘azallar sonini aniqlagan. (24-bet). Shoir g‘azallari asosan 7 va 9 baytli bo‘lganligini ko‘ramiz.

Hofiz Xorazmiy devonining Anqara nashri shoir asarlarining o‘zbek tilidagi nashrlari bilan  qiyoslab o‘rganishni taqozo qiladi. Chunki yuqorida keltirilgan ijobiy jihatlari bilan birga Hofiz Xorazmiy devonining Anqara nashrida ayrim xato va kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilgan. Masalan, Rejep Toparli shoirning quyidagi baytini tahlil qilar ekan, xuffosh (ko‘rshapalak) so‘zini “boyo‘g‘li” deb tarjima qilgan:

Muddaiy hech ko‘ra bilmadi Hofiz so‘zini,
Tong emas ko‘rmasa xurshid yuzini xaffosh.[27]

“Navoiy asarlari lug‘ati”da esa xuffosh “ko‘rshapalak” deb berilgan.[28] Yuqorida misol uchun keltirilgan 183-g‘azalning matlasidagi “ey” so‘zi nashrda tushib qolgan bo‘lsa, shu g‘azalning maqtasida “o‘shal” so‘zi “o‘sho‘l” shaklida yozilgan.

Jaloliddin Jo‘rayev Hofiz Xorazmiyning Ibrohim Sulton vafotiga bag‘ishlab yozgan marsiyasini nashrga tayyorlashda Rejep Toparli yo‘l qo‘ygan o‘nga yaqin kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tgan. Masalan,

Fors mulkining shohi, ul forsi maydondin,
Bordi ersa, ondin o‘zga podshoni izdamang.[29]

Ushbu baytdagi “maydondin” so‘zini Rejep Toparli “maydoni din” deb o‘qigan.

Har qanday katta ishda xato va kamchiliklarning uchrashi tabiiy bo‘lganidek, Hofiz Xorazmiy devonining Anqara nashri ham  ana shunday kamchiliklardan xoli emas. Lekin bu hol nashrning qimmatini pasaytirmaydi.

Xulosa qilib aytganda, mumtoz adabiyotimiz namunalarining chet ellarda o‘rganilishi, jumladan, Turkiyada to‘liq holda qo‘lyozma faksimilesi bilan nashr etilishi ma’naviy va madaniy merosimizga bo‘lgan qiziqishning ortib borayotganligidan dalolat beradi.

       Mo‘minjon Sulaymonov,  filologiya fanlari nomzodi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 8-son

_______________

[1] Sulaymon H. O‘zbek shoiri Hofiz Xorazmiy va uning Haydaroboddan topilgan devoni. //Adabiy meros: –1976. 6.-B.34 43.

[2] Xorazmiy, Hofiz. She’riyatidan namunalar. //Adabiy meros, 1978. NZ. – B.23-44.

[3] Xorazmiy, Hofiz. She’riyatidan. –Toshkent: O‘z KPMK nashryoti, 1980. – B.120.

[4] Xorezmi, Xafiz. Izbrannoye. Per. S.Ivanov. – T.: Izd. SK KU, 1981. – 144s.

[5] Xorazmiy, Hofiz. Devon. 1-2 kitob. –Toshkent: O‘z KPMK nashriyoti, 1981.

[6] Hamid Sulaymon 1979 yil iyul oyida vafot etgan.

[7] “Hayot vasfi” O‘zbek adabiyoti bo‘stoni. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1988. 13-226-betlar.

[8] Harezmli  Hafiz’in divani. – Ankara: Turk Dil Kurumu, 1998. – 775, – 586 bet.

[9] TOPARLI. Dr. Reecep, Cagatay Sairi. Hafiz Harezmi. Turk Dunyasi Arastirmalari Degresi, Subat 1984, s, 1-32.

[10] TOPARLI. Dr. Reecep, Harezmli  Hafiz Divanindan Secmeler. Ankara. 1994.  Kultur Bakanligi yayinlari 1600, Turk Klasikleri Dizisi 31. X+317 s.

[11] TOPARLI. Dr. Reecep,  Hafiz Harezmi’nin Sultan Ibrahim”in Olumu Uzerine Yazdigi Mersiye (Trakya Universitesi Fen-Adebiyat Fakultesi Dergisi Prof. Necmettin HACIEMINOGLU Ozel Sayisi’nda yayimlanacak)

[12] Yuqoridagi manba. 121-127-bet.

[13] Hofiz Xorazmiy. Devon qo‘lyozmasi faksimili, 28-bet..

[14] Xorazmiy, Hofiz. Devon. 1-kitob. – Toshkent: O‘z KPMK nashriyoti, 1988, 112-bet.

[15] Sulaymonov H. Xorazmiy, Hofiz. Devon. 1-kitob. –Toshkent: O‘z KPMK nashriyoti, 1981,10-bet.

[16] Harezmli  Hafiz’in divani, – Ankara: Turk Dil Kurumu, 1998, 18-bet.

[17] Sulaymonov H. Xorazmiy, Hofiz. Devon. 1-kitob. – Toshkent: O‘z KPMK nashriyoti, 1981, 10-bet.

[18] Jo‘rayev J. Hofiz Xorazmiyning Ibrohim Sultonga marsiyasi.// Sharqshunoslik. 2015. 3-4-son. 216-226-betlar.

[19] Jo‘rayev J. O‘zbek adabiyotidagi ilk marsiya.// “Sharq yulduzi” jurnali. 2015. 6-son. 10-21-b.

[20] Harezmli  Hafiz’in divani, – Ankara: Turk Dil Kurumu, 1998, 78-bet.

[21] Yuqoridagi nashr,  82-bet.

[22] Xorazmiy, Hofiz. Devon. 1- kitob. –Toshkent: O‘z KPMK nashriyoti, 1981, 121-bet.

[23] Yuqoridagi nashr, 263-264-betlar

[24] Harezmli  Hafiz’in divani, –Ankara: Turk Dil Kurumu, 1998, 750-751-bet.

[25] Yuqoridagi manba. 3-bet.

[26] Yuqoridagi manba. 13-bet.

[27] Harezmli  Hafiz’in divani, – Ankara: Turk Dil Kurumu, 1998, 10-bet.

[28] Navoiy asarlari lug‘ati. www.ziyouz.com kutubxonasi. 669

[29] Jo‘rayev J. “Hofiz Xorazmiyning Ibrohim Sultonga marsiyasi” // Sharqshunoslik. 2015. 3-4-son. 221-bet.