Dilnoza Rustamova. Vaqtni o‘ldirayotgan “asar”lar

Ikki kunning birida eshik qoqib, yo o‘zi, yo o‘g‘li kitob so‘rab keladigan qo‘shni ayol kitobxonlikda ko‘plarni ortda qoldirsa-da, adabiy saviyasi kaminani hayron qoldirdi. Oxiri bir kuni aytib qoldi: “Masnaviy”-u Chexovdan boshqa odamni zeriktirmaydigan kitoblaringdan yo‘qmi? – U qanday kitob?! Shunday dedim-u, unga tag‘in biror nima deyish fikridan shu zahoti qaytdim. U men bilan kitob oldi-berdisini endigina talaba bo‘lgan kunimdan boshlab yuborgandi. Demak, kamida o‘n yillik kitobxon. Ammo shu davr ichida u kitoblarni saralay oladigan bo‘lishi kerak edi, chog‘i. Harqalay, “vaqtni o‘ldirish” uchun kitob o‘qish mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Ba’zan kitob ham yetkazib berolmay qolaman. Shunday paytda, uyga bilmadim qanday yo‘l bilan kelib qolgan, “ko‘cha kitoblar”idan berib yuboraman. Ertasi azonda yana eshik oldida. “Juda qiziq ekan, shunaqalaridan yana yo‘qmi?” Endi pushaymon bo‘laman. Tezkorligiga esa qoyil qolmay ilojim yo‘q. Tabiatan odam yengillikka moil. Ammo kishida hatto ovqatni tanlab yeyish istagi bor-ku. Eng yaxshisini.

O‘tgan yili ijtimoiy tarmoqlarning birida o‘zbekistonliklar eng ko‘p mutolaa qilgan kitoblar o‘nligi aniqlangandi. Ularning deyarli barchasi menga tanish, ya’ni o‘qiganman. Faqat bittasidan tashqari. 7-o‘rinda turgan Isoqjon Nishonovning “Afg‘on shamoli” roman epopeyasi haqida ilgari eshitmagan ekanman. Albatta, bu mening adabiy jarayondan to‘la bahramand emasligimni bildirib qo‘ydi. Shu bois uni o‘qishga ahd qildim. Ikki-uchta kitob do‘koniga borsam, javonlarga bir tekis havas qilsa arzirli qilib terib qo‘yilgan. Ayni muallifning naq 20 ga yaqin kitobi, yana detektiv asarlar. Rosti, bularning qancha muddatda yozilganligi qiziq tuyuldi menga. Ijodkorning biror kitobini sotib olish istagi tug‘ildi. “Afg‘on shamoli”ning 12 kitobi, uning yonida esa kamalakni ham xijolat qiladigan rang-baranglik bilan bezatilgan kitoblarning suratlari esa kishini vahimaga soladi. Muqovasida tungi ko‘ylakda randpar qiz tasvirlangan “Telba kelinning kundaligi”, go‘zal turk ayoli ishva bilan nigohini tikkan “Sariq iblis”, “Chimildiqli uy nolasi”dagi bir-biriga baxtiyor tikilib turgan ajnabiy juftlik, mashhur hind aktrisasining xayolga berilgan chehrasidagi “Tog‘lik qiz”, haddan ortiq zamonaviy “Yovvoyi kelin”, “Baxtiqaro ma’shuqa”dagi yuzida ehtirosi balqib turgan qiz, yana shu kabi bir necha mualliflarning “yuksak did va mahorat” bilan sahifalangan kitoblarini do‘konning asosiy qismini egallaganligini ko‘rib, ularning savdosi yugurikligini sezdim. Bir qarashda hirsni qo‘zg‘ovchi muqovalar nahot mualliflarni qoniqtirgan bo‘lsaki, uning ichidagi yozilmish ham bundan a’lo bo‘lmas. Ularning ko‘piga “XXI asr bestsellerlari”, “XXI asr detektivi” deb yozilgan. Bular safida “Afg‘on shamoli” ham bor. Har nechuk muqova dizayni tuzuk. O‘n ikki kitobdan birini olsam yetarli, o‘yladim ichimda. Shu payt negadir qo‘shni ayolning “qiziq kitoblar”i yodimga tushdi.

Romanning 1-kitobi – “So‘nggi topshiriq”ni o‘qishga tutindim. Boshladim-u, uloq ichidagi taloto‘pga tushib qolganday bo‘ldim. Voqealar shunchalik tez sodir bo‘lyaptiki, uloq u chavandozdan bunisiga, yana boshqasiga o‘tib (voqealar hali Dushanbe, hali Dubay, Toshkent, Namangan, Moskva, Pokiston, Istanbul, Botkent, Olmaotada sodir bo‘ladi) miyamda og‘ir yuk turib qolgandek bo‘ldi. Ifoda oddiy, voqealar ham kundalikdan olingandek, ammo nega bunchalik og‘ir?! Uni eng ko‘p o‘qilgan kitob bo‘lganiga sabab nima? Angliya, Germaniya nashriyotlariga uning qaysi tomoni ma’qul kelgan ekan? Adabiyotshunos ustozlarimizdan Q.Yo‘ldoshev: Kun botish estetikasida asarda nima tasvirlanganligi, Kun chiqish badiiyatida esa nimaning qanday tasvirlanganligi badiiy tahlilning diqqat markazida turadi, degan edi. Shundan so‘ng chet el nashrlariga nega yoqqani biroz oydinlashgandek bo‘ldi. Balki, bunga bestseller asar nuqtai nazaridan qarashim kerakdir. Unda shu turdagi kitoblarga qo‘yiladigan talablarni ko‘rib chiqmoqchi, bestsellerlar nega o‘qilish sabablarini aniqlamoqchi bo‘ldim.

Demak, kitob (jumladan, bugungi kun bestsellerlari ham) bilimni oshirish, xilma-xil xarakterlarni kuzatish asnosida xotirani mustahkamlash, murakkab munosabatlarni tahlil qilish orqali tanqidiy va tahliliy qobiliyatni o‘stirish, tasavvurni boyitish, stress va chalg‘ituvchi negativ xayollarni kamaytirish, ma’lum narsaga butun diqqatni qaratish, ruhiy xotirjamlik olish va yashashga undash, erkinlikni his qilish, so‘z boyligini oshirish, hayajonga tushish, tungi orom oldidan ruhiy xotirjamlik hosil qilish, hayotni samarali yo‘lga qo‘yish kabi ehtiyojiy sabablar tufayli o‘qiladi. Sanaganlarimiz bestsellerlarning talablari ham. Albatta, yozuvchi bir asarning o‘zida sanalganlarning barchasini berolmasligi mumkin. “Afg‘on shamoli”da bu qanchalik natija bergan? Xo‘sh, talab avvali – bilimni oshiradimi? Afg‘on o‘lkasi, tog‘lari haqidagi qisqa ma’lumotlarni hisoblamaganda bunday deyish mushkul. Qolaversa, adabiyot insonshunoslik ilmi deb tushunilar ekan, boshdan-oxir vahshiy, jirkanch sahnalarga qurilgan asar qanday qilib insonni o‘rganish vositasi bo‘lishi mumkin. Romanda qahramonlar bor, ammo ular xarakter darajasiga ko‘tarilmagan, yoritilmagan. Ularni eslab qolsa bo‘lar, ammo xotirani mustahkamlash uchun buning o‘zi kamlik qiladi. Asar butunligicha ziddiyatli vaziyatlardan tashkil topgan bo‘lsa-da, ular sun’iy ravishda hosil qilingan, jinoyatlar shunchaki axborot berayotgandek taassurot uyg‘otadi. Muallif go‘yo tashqaridan barini kuzatib turgan odamdek yozadi. Qahramonlarning yuz ifodasigina hislarini ko‘rsatadi. Aslida, yozuvchi har bir qahramonining ichi va tashini o‘rganib yozmaydimi? Bunda tanqidiy va tahliliy qarash uchun quruq axborotning o‘zi kamlik qiladi. Romanni o‘qiyotib qahramonlarni ko‘z oldingizga gavdalantirmoqchi bo‘lsangiz, ular haqida aytarli xarakterga doir ma’lumotga ega emasligingiz pand beradi. Joylar va sodir bo‘layotgan voqealar tasviri tasavvurni kengroq olishga yordam bermaydi. Ya’ni badiiy asar o‘qilayotganda voqea-hodisalar hissiyotga ta’sir etishi, ko‘z oldimizda gavdalanishi, ovoz va shovqinlar eshitilishi, hatto hidni sezish tasavvuri ongimizda shakllanadi. Biroq asarda siz biror tasavvuringizni jonlantirish o‘rniga, voqealar ortidan quvish bilan vaqt o‘tkazasiz. Romandagi voqealarning bir-biri bilan bog‘lanishini yozish malakasini shakllantirmoqchi bo‘lgan odamga biroz foydasi tegadi, deyish mumkin. Chunki asar tasviri badiiy jihatdan yetuk bo‘lmasa-da, voqelikni qizg‘in tarzda berish va mantiqiy bog‘liqlik o‘quvchini keyingi sahifalarga o‘tishga undaydi.

Kitob o‘qish stressdan chiqishda yordam berishi, har o‘qilgan 30 betdan keyin miyaning faollashishi natijasida yomon o‘y-xayollar o‘rniga yangicha qarashlar uyg‘onishi mutaxassislar tomonidan isbotlangan. “Afg‘on shamoli” ham stressdan chiqaradi, bunga aminman. Ammo u ikkinchi bir betartib ruhni ongingizga kiritib yuboradi. “…Ko‘z qirim bilan yonimga boqdim. Bilagim ustida olachipor ilon o‘tib borardi. Ortidan sherigi kelardi. O‘rnimdan turdim. Mushtdek toshni qo‘limga olib ilonlarning birining boshiga urdim. Ikkinchisini ham shu yo‘sinda tinchitdim. Ko‘zimni yumib ikkisining qonini ichdim. Terisini shilib maydaladim.” (26-bet.) “…Oyog‘iga mix qoqdim. Ko‘kragini kesib tashladim, baribir indamadi!” (53-bet) “…Olmosdek o‘tkir tig‘li pichoq bo‘ynining yarmini uzib tashladi”(130-bet) “… biri yonidan xanjarni olib Ruslanning boshini uzib tashladi. Tanasini mashina ichiga solib, ustiga moy sepib yoqib yuborishdi. Boshini selofan qopga o‘rab yukxonaga tiqishdi”. (220-bet) Uzib tashlangan bosh, tanasi titilib ketgan jasad, tomiriga nina sanchish jazosi haqida o‘qiyotib, mutolaadan zavqlanib bo‘lmaydi, agar Gannibal sizning sevimli qahramoningiz bo‘lmagan bo‘lsa. Qolaversa, asarda “bulutlar galasi”, “do‘rsoq lablar”, “shirin qitiqladi”, “qushlarning vahimali ovozi”, “nurdek pok”, “loyqalangan yosh tomchilari” kabi mantiqan noto‘g‘ri qo‘llangan so‘z va birikmalarni uchratish mumkin: qushlarning ovozi tashqi ta’sirlar bilan qo‘shilib vahima uyg‘otishi ehtimol, biroq ularning sayrashida vahima yo‘q; ko‘z yosh esa hech qachon loyqalanmaydi, u hamisha tiniq.

Yana bir mantiqsiz syujetga qaraymiz: “Belidagi xanjarni olib, otliq ortidan uloqtiribdi. Xanjar uning ko‘kragiga sanchilibdi va otdan yiqilibdi”. (2-kitob 52-bet) Otliqning ortidan otilgan xanjar chavandozni aylanib o‘tib ko‘krakka tekkan bo‘lsa kerak, deb o‘ylash lozim bo‘ladi bu yerda.

Romanning ikkinchi kitobida ham xuddi shu agressiyaga boy uzundan uzoq terrorchilik, vatanfurushlik harakatlari davom etadi. Birinchisidan farqli ravishda nafs va xirsga o‘rin berilgan sahnalar talaygina. Ularni o‘qish asar mutolaasi davomida shundoq ham tartibsizlik kezib yurgan ruhingizda hali mavjud bo‘lgan toza hislarni-da bulg‘aydi. Shu yerida yuqorida tilga olganim ijtimoiy so‘rovnomada necha yoshli kitobxonlar qatnashganiga qiziqdim. Ushbu asarni kengroq yoyilishiga uning barcha qismlari elektron nusxada tarqatilganligi sabab bo‘lganini hisobga olsak, ularning aksariyati yoshlar bo‘ladi.

Adabiyotning ijtimoiy-estetik qiymati bu kitoblarni chetlab o‘tgan ko‘rinadi. Zero, kitobxon muammoli syujet labirintida adashib, asardan estetik zavq ololmaydi. Qisqasi, kitob jangari filmni eslatadi. Ammo kuchli dramatizmning yo‘qligi uning bir kinochalik ta’sirini ham yo‘qqa chiqaradi.

Xullas, kitobni o‘qishga sarflangan 4 soat vaqtim mana shularni bilishga, biz bestseller deb atayotgan asarlar aslida qanday ekanligini o‘zimcha baholashga, chamalashga imkoniyat berdi. “Romanda kishi ruhining dialektikasi”ni ochish markaziy o‘rin oladi, deb yozadi Izzat Sulton “Adabiyot nazariyasi” kitobida. Roman deb atalmish bu yozilmishda esa biror butun ruh yo‘q. Balki, adabiy-estetik ruhning o‘zi yo‘q. Asarda vatanpavarlik g‘oyasi ilgari surilar ekan, uning badiiy saviyasi haqida ham jiddiy mulohaza qilib ko‘rish o‘rinli bo‘lardi. Uni istagancha roman, roman-epopeya deyish bilan janr talablarini chetlab o‘tib bo‘lmaydi. “Roman har bir davrning estetik didi va ma’naviy-ruhiy ehtiyojlariga moslashib, adabiyotdagi yangiliklarni zudlik bilan o‘ziga singdirgan holda mudom shakllanishda yashovchi janrdir”, deydi adabiyotshunos olim D.Quronov. “Afg‘on shamoli”ni davrning estetik didi va ma’naviy ehtiyojlariga moslashgan asar deyish mumkinmi? Bunga uning kitobxonlar tomonidan ko‘p o‘qilgani dalil bo‘lmaydimi? Yana o‘sha boshda aytilgan gapga qaytamiz. Odam tabiatan yengillikni xush ko‘radi. Ortiqcha mulohaza qilmasdan, kitobning annotatsiyasida yozilgidek “bir nafasda” o‘qib chiqilishi asarning ko‘p mutolaa qilinishiga sabab bo‘lgan. Ammo uni yengil-elpi asar deyishdan yiroqman. Tanlangan g‘oyaga muvofiq badiiyat bilan boyitilishi, faqat yozish uchun emas, kimga va nimaga yozilayotganligi jiddiy o‘ylab ko‘rilishi lozim edi, nazarimda.

Kitob do‘konlarining katta qismini egallayotgan, men yuqorida faqat muqovalari haqidagina fikr yuritgan bozor adabiyotlarining o‘quvchisini “kitobxon” sifatida ko‘rish birmuncha erish tuyuladi menga. Ular qiziq voqeaga oshiq va vaqtni o‘ldirishni yaxshi ko‘ruvchilardir. Bizning o‘qish uchun sarflayotgan energiyamiz o‘zimizga ikki-uch marta ko‘proq quvvat bermas ekan, tafakkurimizni ochmas ekan, bu faqat vaqt o‘ldirishdir. Vaqt esa hammani jazolay oladi, deyiladi maqolda.

«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 2-son

Dilnoza Rustamova 1989 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil olgan. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi stajyor-tadqiqotchisi.