Dilnavoz Yusupova. Do‘stlar, bir chora…

Do‘stlar, bir chora men devonayi shaydo uchun
Kim, o‘larmen ul pariypaykar malaksiymo uchun.

Otashin gul tegrasida la’lgun yuz barg emas,
Balki yuz na’l o‘tqa solmish bulbuli shaydo uchun.

Xom ko‘nglumkim, dudog‘ingni tilab afg‘on qilur,
Bor durur ul tifldekkim, yig‘lag‘ay halvo uchun.

Ashk ichinda g‘arqamen, zulfungni tutqaymenmu deb,
Uylakim tojir tengiz ranjin chekar savdo uchun.

Turki mastedur ko‘zung uyquda, ko‘z kunjida xol
O‘g‘rikim, qilmish kamin yonida qo‘yg‘an yo uchun.

Gulxaniydekdurki istar gulxanu olotini,
Siflakim mehnat chekar dunyovu mofiho uchun.

Bu Navoiy bandani, ey sarvi ozod, asrakim,
Buyla bir bulbul kerak sendek guli ra’no uchun.

(“G‘aroyib us-sig‘ar”, 481-g‘azal)

LUG‘AT

La’lgun – la’l rangli, qizil
Na’l – taqa, taqa shaklidagi tamg‘a, muhr
Tifl – yosh bola, go‘dak
Ashk – ko‘zyosh
Tojir – tijoratchi, savdogar
Kunj – burchak, chet
Turk – bu o‘rinda: sipohiy, jangchi
Kamin – pistirma, pana joy
Yo – yoy, kamon; qayrilma (qosh)
Gulxaniy – o‘t yoquvchi, go‘loxiy
Sifla – past, pastkash, xasis
Mehnat – mashaqqat
Olot – asboblar, qurol-yarog‘lar
Dunyovu mofiho – dunyo va undagi narsalar

G‘azalning nasriy bayoni

1. Do‘stlar, men devonayi shaydo uchun (ishq yo‘lida) bir chora bor: bu – pariypaykar malaksiymo yor uchun jonni fido qilish.
2. Otashin gul (kosasi)ning atrofida la’l (qizil) rangli yuzta barg­lar yig‘indisi emas, balki bulbuli shaydo uchun olovga solingan yuzta tamg‘aning shakllaridir.
3. Xom ko‘nglim dudog‘ingni tilab fig‘on qiladi, bu holat xuddi holva uchun yig‘layotgan bolani eslatadi.
4. Zulfingni tuta olarmikanman deb ko‘z yoshlarim ichida g‘arq bo‘ldim, xuddi savdogar o‘z bozorining barori uchun dengiz mashaqqatiga ham rozi bo‘lgani kabi.
5. Uyqudagi ko‘zing mastona turkka o‘xshaydi, ko‘zing atrofidagi xoling yonidagi yoyni pistirma qilgan o‘g‘ridek go‘yo.
6. Gulxanda o‘t yoquvchi gulxan va asboblari uchun, pastkash kimsa esa bu dunyo va undagi moddiy narsalar uchun mashaqqat chekkani kabi.
7. Ey sarvi ozodim, Navoiy kabi asiringni asragil, zero, sendek guli ra’no uchun uning kabi bir bulbul kerak.

G‘azalning umumiy mazmun-ma’nosi

Hazrat Alisher Navoiyning ushbu g‘azali oshiqona mazmunda bo‘lib, unda ishq zavqi va mashaqqatlari, yor jamoli vasfi va lirik qahramonning qalb kechinmalari: tuyg‘u va iztiroblari umumlashgan holatda aks ettirilgan. G‘azal matla’sining “Do‘stlar” undovi bilan boshlanishi uning sharhi hol yo‘nalishida ekanligiga ishora qiladi:

Do‘stlar, bir chora men devonayi shaydo uchun
Kim, o‘larmen ul pariypaykar malaksiymo uchun.

Ilk baytdayoq oshiq ishq dardiga faqat yagona chora borligini ta’kidlaydi: bu – yor yo‘lida jon fido qilish.

Otashin gul tegrasida la’lgun yuz barg emas,
Balki yuz na’l o‘tqa solmish bulbuli shaydo uchun.

Gulshanda olovrang sadbarg kosasi tegrasidagi qizillikni gulning barglaridan paydo bo‘lgan deb o‘ylamang, deydi shoir, bu gulning ishqidagi bulbuli shaydoning jismiga bosiladigan yuzta o‘tli tamg‘aning shakllaridir. Husni ta’lil (biror voqelikni unda daxli bo‘lmagan hodisa bilan izohlash)ning betakror namunasi vositasida ishq va oshiqlikning go‘zal manzarasi vujudga kelgan.
Keyingi baytlardan sharhi hol yoki o‘z holidan yozg‘irish kayfiyati tad­rijiylik asosida tashbih va tamsil (birinchi misrada aytilgan fikr­ga tabiat yoki kundalik hayotdan misol keltirish) san’atlari vositasida kuchayib boradi:

Xom ko‘nglumkim, dudog‘ingni tilab afg‘on qilur,
Bor durur ul tifldekkim, yig‘lag‘ay halvo uchun.

Oshiqning ko‘ngli hali ishq olovida pishib yetilmagan, ya’ni, ishq martabasida komillikka erishmagan (uning tifl, ya’ni bolaga o‘xshatilishi shundan darak beradi) yorning dudog‘ini tilab fig‘on qiladi, bu holat xuddi holva uchun yig‘layotgan bolani eslatadi. Ko‘ngilning bolaga, dudoqning holvaga o‘xshatilishi orqali yuzaga kelgan manzara g‘azalxon qalbida beg‘ubor tuyg‘ularni uyg‘otadi.

Ashk ichinda g‘arqamen, zulfungni tutqaymenmu deb,
Uylakim tojir tengiz ranjin chekar savdo uchun.

Oshiq yor zulfiga yetishish xayolida yosh to‘kaverib, ko‘z yoshlari ichida g‘arq bo‘ldi, bu hol xuddi tijoratchi savdogarning o‘z bozori uchun ho‘lu quruqni pisand qilmay, dengiz mashaqqatini chekkan holatiga o‘xshaydi. Savdo so‘zining ham tijorat, ham orzu-istak ma’nolarini anglatib kelayotgani shoir badiiy mahoratining yana bir qirrasini ochib beradi. Shuningdek, baytda tamsil va tashbih san’atlarining mubolag‘aviy tasvir bilan uyg‘unlashganiga guvoh bo‘lamiz.

Turki mastedur ko‘zung uyquda, ko‘z kunjida xol
O‘g‘rikim, qilmish kamin yonida qo‘yg‘an yo uchun.

Ushbu baytda Navoiy badiiy taxayyulining yana bir betakror namunasiga guvoh bo‘lamiz: yorning uyqudagi ko‘zi mastona sipohiyga o‘xshaydi, ko‘zi atrofidagi xoli esa xuddi yoyni pistirma qilgan o‘g‘ri kabidir. Agar ko‘z tepasida qosh (yoy)ning, ularning o‘rtasida esa qora xolning joylashganligini nazarda tutsak, mast uyqudagi sipohiydan yoyni tortib olgan o‘g‘rining pistirma holatda berkinib turgani va o‘q otishni maqsad qilayotganligi bilan bog‘liq ajoyib manzara ko‘z oldimizga keladi.

Gulxaniydekdurki istar gulxanu olotini,
Siflakim mehnat chekar dunyovu mofiho uchun.

Gulxanda o‘t yoquvchi go‘loxiy bu olam va borliqning ma’nosini o‘zi yoqadigan olov va asboblarda ko‘radi, pastkash kimsa ham bu dunyo va undagi moddiy narsalar uchun mashaqqat chekib, umrini o‘tkazadi. Ushbu bayt ma’rifiy mazmunga ega bo‘lib, shoir insonni bu o‘tkinchi umrni behuda o‘tkazmaslikka, moddiy dunyo boyliklariga ko‘ngil bog‘lamaslikka chaqiradi. Baytda Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning “Dunyo va undagi narsalardan ikki rakaat sunnat namozi (yoki Alloh taoloning zikri) yaxshiroqdir” mazmunidagi hadislariga ishora ham bor.
Maqta’da murojaat ob’ekti o‘zgaradi: lirik qahramon yorga murojaat qilib, o‘zini bulbulga, mahbubasini guli ra’noga o‘xshatar ekan, yuqoridagi tamsilu tashbihlardan murod o‘zi ekanligini yuksak mamnuniyat va faxr ila bayon etadi:

Bu Navoiy bandani, ey sarvi ozod, asrakim,
Buyla bir bulbul kerak sendek guli ra’no uchun.

Umuman olganda, Alisher Navoiyning ushbu g‘azali yuksak badiiyati va chuqur mazmunga ega ekanligi bilan turkiy g‘azaliyotning nodir namunalari sirasiga kiradi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 6-son