Dilnavoz Yusupova. Aruz ilmi va g‘arb tadqiqotchisi

 (“Aruzi Sayfiy”ning ingliz tiliga qilingan  tarjimasi xususida)

Sharq mumtoz poetikasida ilmi aruz, ilmi badi’ va ilmi qofiya manzum so‘z aytishning mukammal shartlarini o‘zida aks ettirgan ilmlar uchligining bevosita asosini tashkil etadi. Ko‘hna va muazzam Sharqda  ijodkorning badiiy mahorati uning ushbu sohalarni nazariy jihatdan chuqur bilishi bilan birga ulardan o‘z she’riyatida qay darajada istifoda etishi va o‘zi aytmoqchi bo‘lgan fikrni bayon qilishga xizmat qildirishi bilan ham belgilangan.

G‘arb adabiyotshunosligidagi she’riy tizim, qofiya va badiiy tasvir vositalari musulmon Sharqiga qaraganda ancha farqlanadi, shuning uchun g‘arblik kitobxonga Sharq she’riyatidagi qonun-qoidalar o‘ta murakkab va sirli, ayni paytda jozibali tuyulib kelgan. Buni nemis sharqshunosi, fors tili va adabiyotining yirik bilimdoni bo‘lgan Henri Ferdinand Blochmanning qator tadqiqotlarida ko‘rishimiz mumkin.

Olimning musulmon she’rshunosligi bilan bog‘liq izlanishlari tahlilidan avval uning hayot va ijodi xususida qisqacha to‘xtalib o‘tishni maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz.

Henri Blochman 1838 yil 8 yanvar kuni Germaniyaning Drezden shaharchasida dunyoga kelgan. Uning otasi Ernest Blochman tadbirkorlik bilan shug‘ullanar, xususiy bosmaxonasi ham bor edi. Henri dastlab o‘zi tug‘ilib o‘sgan shaharchada ta’lim oldi, 1855–1857 yillarda esa Leyptsig universitetida tahsilni davom ettirib, bir qator Sharq tillarini, xususan, fors tilini mukammal o‘rgandi. So‘ng Parijga bordi, biroz o‘tib Londonga ko‘chib o‘tdi. 1858 yil esa armiya safida Hindistonga keldi. Manbalarda aytilishicha, uni qo‘shin safiga Sharqqa bo‘lgan katta qiziqish yetaklab kelgan. Chunki o‘sha davrda Sharqqa faqat harbiy sifatidagina borish imkoniyati mavjud edi. E’tiborli jihati, aynan Henri Blochman Hindistonga kelgan yili Boburiylar sulolasining so‘nggi vakili Bahodirshoh Zafar II taxtdan tushirildi va Hindiston butunlay Angliya mustamlakasiga aylandi.

Keyingi ma’lumotlar ham Henrining Sharqqa bo‘lgan qiziqishi o‘zgacha bo‘lganligini tasdiqlaydi: u askarlik xizmatini o‘tagach, Kalkuttada qolishga, shu yerning fuqaroligini olishga astoydil harakat qiladi. Bunga erishgach, fors tilidan dars beradi, so‘ng G‘arbning shu yerdagi kompaniyalaridan birida tarjimon sifatida faoliyat olib boradi.

1860 yilda Henri Blochman 1782 yil inglizlar tomonidan asos solingan Kalkutta madrasasiga o‘qishga kiradi hamda tez orada san’at va huquq bo‘yicha magistrlik darajasini oladi.

Manbalarda umrining oxirgi o‘n yilida Henri Blochmanning ilmiy faoliyati juda sermahsul bo‘lganligi ta’kidlanadi. U bu davrda Bang­ladeshga boradi, arxeologiya tadqiqotlarida faol ishtirok etadi; fors adabiyotiga astoydil qiziqib, “Prosody of Persians according to Saifi, Jami and others writers”[1] (Fors she’riy tizimi: Sayfiy, Jomiy va boshqa adib­lar ijodi asosida) nomli kitob hamda Kalkutta madrasasi mudarrisi Og‘a Ahmad Ali bilan hamkorlikda “Taronai ruboiy haqida risola” degan asar yozadi; “Forscha-inglizcha” lug‘at ustida ish boshlaydi; Abulfazl qalamiga mansub  “Akbarnoma” asarining birinchi qismini tarjima qiladi.

Umuman olganda, Henri Blochman o‘z ilmiy faoliyatini ikki yo‘nalishda: filologiya va tarix bo‘yicha olib boradi. Olim 1878 yil 13 iyul kuni Kalkuttada vafot etadi[2].

Henri Blochmanning “Prosody of Persians according to Saifi, Jami and others writers” nomli tadqiqoti musulmon Sharqi she’rshunosligi tadqiqiga bag‘ishlangan bo‘lib, asarni shartli ravishda besh qismga bo‘lish mumkin:

  1. Kirish. Bunda olim fors tili va uning xususiyatlari haqida so‘z yuritadi;
  2. Sayfiy Buxoriyning “Aruzi Sayfiy” asarining ingliz tiliga qilingan tarjimasi va uning izohlari;
  3. Abdurahmon Jomiyning “Risolai qofiya” asarining tahlili va matni;
  4. Musulmon Sharq she’rshunosligining nazariy asoslari: janrlar tavsifi, faol bahrlar va ularning xususiyatlari haqida m’lumot hamda aruzga doir mashqlar, ko‘rsatkichlar;
  5. “Risolai qofiya” hamda “Aruzi Sayfiy” asarlarining matni.

Ko‘rinadiki, nemis olimi o‘z tadqiqotida ilmlar uchligining ikki muhim tarmog‘i: ilmi aruz hamda ilmi qofiyaga doir asarlarga alohida e’tibor qaratgan.

Henri Blochman, bizningcha, “Aruzi Sayfiy” va “Risolai qofiya” asarlaridan aynan G‘arbda sharqshunoslik yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalar uchun qo‘llanma yozish uchun foydalangan. Olim kitobning kirish qismida shunday deydi: “Bu kitob Sayfiyning aruz va Jomiyning qofiya haqidagi risolalariga asoslanadi. 1867 yil ikkala asar matnini alohida-alohida chop ettirgandim, endi esa talabalarga oson bo‘lsin uchun tarjima qildim… Buni iloji boricha mukammal tarzda tayyorlash uchun ko‘rsatkichlar, mashqlar, Sa’diyning “Guliston”idan vaznini aniqlash uchun baytlar ilova qildim va ularning javoblarini ham ko‘rsatdim…” Blochman talabalar qofiya va aruzni oson hamda tez tushunishlari uchun “sharqona atamalarni aynan ingliz tilidagi aruz va qofiyaga tatbiq etgan”ligini aytadi. Demak, aytish mumkinki, olim “Fors she’riy tizimi” kitobini, xususan, shu kitobi tarkibida ilk marta nashr qilinayotgan (bu ham Blochmanning ma’lumoti) “Aruzi Sayfiy” va “Risolai qofiya” asarlarini Yevropadagi talabalar uchun qo‘llanma sifatida tartib bergan. Uning musulmon Sharqi she’rshunosligidagi ba’zi qoidalarni ing­liz tiliga joriy qilganligi ham ushbu fikrni asoslaydi.

Mavzuimizdan kelib chiqib, biz ushbu maqolamizda tadqiqotning “Aruzi Sayfiy” bilan bog‘liq jihatlariga to‘xtalib o‘tamiz. H.Blochman kitobning “So‘zboshi”sida shunday yozadi: “Mazkur kitobning maqsadi fors adabiyotiga bo‘lgan qiziqishni qondirish va fors she’rshunosligiga oid bilimlarimizni kengaytirish, chuqurlashtirishdir. Mazkur tadqiqotni sharqona usulda olib borishga urg‘u qaratildi, garchi bizda Sharq she’rshunosligi ta’siridan yiroq bo‘lish imkoni mavjud bo‘lsa-da, bu risolani butunlay g‘arbona ruhga bo‘ysundirish mumkin emas, chunki biror tilni uning o‘z grammatikasidan ayri tarzda o‘rganib bo‘lmaganidek, Sharq she’rshunosligini ham uning asliyatisiz tahlilga torta olmaymiz. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, tadqiqot jarayonida Sharq va G‘arb metodlarini qiyoslash yo‘lidan bordik”.

Muallifning  fikricha, Sharq she’riy tizimini o‘rganish sharqliklar uchun ham oson emas. Sharq shoirlarini zavqlantirgan, rohatlantirgan ilmiy atamalarning ko‘pligi va xilma-xilligi, janrlarning ba’zan juda kichikligi va ularni farqlash qiyinligi o‘rganishni murakkablashtirib yuboradi. She’rshunoslikka bag‘ishlangan risolalar juda ko‘p bo‘lib, ularning ba’zilari poetikani o‘rganishni maqsad qilgan talabalar uchun mo‘ljallab yaratilgan. Ko‘pchilik mualliflar risolalarini ilmiy atamalarni tushuntirishdan boshlaganlar va shu tariqa talabaga mohiyatni anglatmoqchi bo‘lganlar; ba’zilar esa ishni aruz doiralari izohidan boshlaganlar, bunda bir vazn ikkinchi vazn ichidan kelib chiqishi tushuntirilgan. Henri Blochman bu holatni tasavvur qilish juda qiyin deb hisoblaydi va shu ma’noda aynan Sayfiy Buxoriyning risolasini tanlaganini aytadi. Uning ta’kidlashicha, “Aruzi Sayfiy” mumtoz poetikaga doir risolalardan farqli o‘laroq, o‘zgacha uslubda bo‘lib, unda dastavval, qoidalar, atamalar mufassal, bosqichma-bosqich tushuntirib boriladi, so‘ng an’anaga muvofiq, qo‘shimcha ilova sifatida, garchi muhim bo‘lmasa-da, aruz doiralariga murojaat qilinadi. “Binobarin, – deb ta’kidlaydi olim, – Sayfiyning asari sodda va tushunarli bo‘lganligi uchun boshqalarnikidan afzal bo‘lib, yaqin-yaqingacha Sharq madrasalarida undan qo‘llanma sifatida foydalanib keladilar”.

Shu o‘rinda Sayfiy Buxoriy va uning asari haqida ikki og‘iz so‘z. Sayfiy Buxoriy temuriylar davri adabiyotining taniqli namoyandalaridan biri bo‘lib, Buxoroda tavallud topgan. Tahsil olish maqsadida Hirotga keladi va shu yerda umrining asosiy qismini o‘tkazadi. U haqda Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” hamda Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarlarida ma’lumotlar keltiriladi. Navoiy o‘z tazkirasining uchinchi majlisida Sayfiyning she’rlari Hirot ahli orasida mashhur bo‘lganini, muammo ilmiga doir risola bitganligini aytib o‘tadi[3], lekin aruz ilmidagi risolasi haqida ma’lumot bermaydi.

Bobur “Boburnoma”da Sayfiyning aruz risolasi haqida gapira turib, risola muallifi kerakli narsalarni juda qisqa yozib, ravshan va ma’lum so‘zlarni nuqtasi va arabiy ifodasigacha yozib chiqqan, deydi[4].

“Aruzi Sayfiy” asarining yozilgan yili quyidagi ta’rix-ruboiyda o‘z ifodasini topgan:

Sayfiy chi risolaye navishty dilkash,
K-ash har ki bidid shud dilu jonash xush.
Ahli dil a-z o‘ chu fayzho meyobad,
Binvis, ki hast “fayzho” ta’rixash.

(Mazmuni: Ey Sayfiy, sen shunday bir diltortar risola yaratdingki, uni ko‘rgan har kishining qalbi va joni rohatlandi. Dil ahli undan fayz topadilar, shuning uchun uning ta’rixini “fayzho” (fayzlar) deb yozgil). “Fayzho” so‘zidagi harflar abjad hisobi bilan aniqlanganda 896 raqami chiqadi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, risola hijriy 896, milodiy 1490–1491 yillarda  yaratilgan.

H. Blochman Sayfiy Buxoriyning “Aruzi Sayfiy” asarini ingliz tiliga tarjima qilar ekan, masalaga ancha erkin yondashadi. Ya’ni yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, aruzga oid atamalarni tushuntirishda ularga o‘z tilidan izohlar qo‘shib boradi. Xususan, “She’r va shoirlik” bilan bog‘liq faslda Sayfiy  she’r istilohiga ta’rif berar ekan, ilk qasida yozgan shoir sifatida Rudakiyning nomini tilga oladi va uning “Mo‘liyon arig‘ining hidi” haqidagi qasidasini keltiradi. Blochman esa o‘z tarjimasida Rudakiy haqida ma’lumot berish bilan birga ushbu qasidaning yozilish tarixi,  ohangi haqida ham fikr bildirar ekan, ushbu qasida bilan bog‘liq boshqa olimlarning fikrlarini ham ilova qiladi: “Rudakiy Buxoro yaqinida tug‘ilgan va  920 yillarda  Amir Nasr Ahmad  Somoniy  zamonida yashagan. Xuroson, Kobul, Qandahor zabt etilgandan so‘ng amir o‘z qarorgohini Buxorodan Hirotga  ko‘chiradi. Rudakiyning bu qasidasi podshohni ortga (Buxoroga – D.Yu.) qaytarish uchun yozilgan va aytish mumkinki, ushbu she’r orqali maqsadga erishilgan. Forsiy adabiyotga doir ishlarda she’riy parchalar bilan bog‘liq o‘rinlar tez-tez tartibga solib turilgan va ularga keyingi umumiy natijalar qo‘shib ketilgan:

Regi Omo‘ bo durushtihoi o‘
Zeri poyam parniyon oyad hame.

“Qanchalik toshsa ham Amudaryo, Otimiz belidan to‘bonga kelur”. Doktor Forbes o‘zining “Forsiy grammatikasi”ga quyidagi qo‘shimchani kiritadi (40-bet):

Obi Jayhun az nishoti ro‘i do‘st
Xingi moro to miyon oyad hame.

Birinchi misradagidek, mazmun ham, vazn ham mos keladi. Men uning tarjimasini ham qo‘shaman: “Jayhunning to‘lqinlari do‘st yuzini ko‘rish shodligidan otimizning beligacha toshadi”. Rudakiy she’rlari parchalar shaklida saqlanib qolgandek tuyuladi”[5].

Ushbu izohlardan ko‘rinadiki, Blochman forsiy she’riyatning nuktadon tadqiqotchisi sifatida faqat Sayfiy asarida keltirilgan parcha bilan kifoyalanib qolmasdan, ushbu mashhur qasidaning yana ikki baytini o‘z tarjimasiga kiritadi va shu bilan qasidaning nisbatan to‘liqroq varianti vujudga kelishiga erishadi.

Blochman aksariyat o‘rinlarda, xususan, bahr va ular bilan bog‘liq vaznlarni tarjima qilish jarayonida forsiy aruzshunoslar, jumladan, Abdurahmon Jomiyning “Risolai aruz”iga ham to‘xtalib o‘tadi. Masalan, xafif bahrining asosan musaddas shaklda bo‘lishini ta’kidlagani holda, Jomiyning risolasida ushbu bahrning musamman (sakkizlik) ruknli bir vazni ham keltirilganligini, Jomiy ushbu baytga misol tariqasida Rudakiy g‘azali matla’sidan foydalanganligini aytadi:

“Jomiy xafifning musamman shaklida bir namuna yozib qoldirgan; bu Rudakiy tomonidan o‘z g‘azallaridan birida qo‘llanilgan vazn bo‘lib, uning matla’si quyidagicha:

Gar kunad yoriye maro ba g‘ami ishq on sanam,
Failotun mafoilun failotun mafoilun
Bitavonad zidud z-in dili g‘amxora zangi g‘am.
Failotun mafoilun failotun mafoilun

(Mazmuni:

Agar o‘sha sanam bizni ishq g‘amiga oshno qilsa,
Bu g‘amzada ko‘ngildan g‘am zangi ketgan bo‘lar edi)”

Agar Sayfiy vaznlarga misol keltirishda asosan faqat bir bayt (ko‘proq o‘z ijodidan) bilan cheklangan bo‘lsa, Blochman murakkabroq va noan’anaviy vaznlar tahlilida yana qo‘shimcha misollar ham berib boradi. Xususan, sari’ bahri vaznlari ko‘proq masnaviy dostonlarda qo‘llanilishini aytar ekan, Sayfiy keltirgan misolga qo‘shimcha tarzda Hoqoniy, Nizomiy Ganjaviylarning masnaviylaridan namunalar keltiradi.

Blochman “Aruzi Sayfiy”ni tarjima qilish jarayonida ba’zi tanqidiy mulohazalarini ham bayon qiladi. Olimning fikricha, aruz ilmida mavjud doiralar ushbu ilm uchun ortiqcha va ular ushbu ilmni o‘rgatishda keraksizdir:[6] “Doiralar aruzni mukammal o‘rganishda talabaga yordam berolmaydi. Ular Xalil yaratgan, kelib chiqish jihatdan bir turga mansub vaznlarni hosil qilishga urinishdir; hozircha aylanalardagi muvaffaqiyatli  urinishlar: vatad va fosiladagi urinishlar uni oqlaydi”[7].

Umuman olganda, Sayfiy Buxoriy qalamiga mansub “Aruzi Sayfiy” asarining nemis sharqshunosi Henri Blochman tomonidan amalga oshirilgan inglizcha tarjimasi va shu asosdagi sharh, talqin va tahlillarini o‘rganib chiqib, aytish mumkinki, Blochman Sayfiyning “Aruzi Sayfiy” asaridan Yevropa talabalari uchun musulmon Sharqi she’rshunosligining ajralmas qismi sanalgan aruzni o‘rgatishda qo‘llanma sifatida foydalangan va risolani shu maqsadda tarjima qilgan. Tarjimaga erkin yondashgan olim risoladagi fasllarni raqamlagan va ularga o‘z yondashuvi asosida sarlavhalar ham qo‘yib chiqqanki, bu holat asardan pedagogik maqsadda foydalanishni yanada qulaylashtirgan. Tarjima davomida Blochmanning har bir hodisani atroflicha yoritishga harakat qilgani va o‘z fikri isboti uchun boshqa forsiy shoirlardan ham baytlar keltirgani uning yetuk sharqshunos olim bo‘lganligini tasdiqlaydi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 12-son

_____________

[1] Prosody of the Persians according to Saifi, Jami and other writers. Reprint 1970 of the edition Calcutta 1872 printed in the Netherlands. AMSTERDAM PHILO PRESS. Keyingi iqtiboslarning barchasi ushbu manbadan olindi – muallif.

[2] “Iranian encyclopedia”, Vol. IV, Fasc. 3, pp. 314 – 315. Internetdagi manzil: http://www.iranicaonline.org/articles/blochmann-heinrich-henry;http://en.wikisource.org/wiki/Blochmann,_Henry_Ferdinand_(DNB01); Buckland, Charles Edward. (2013). pp. 46–7. Dictionary of Indian Biography. London: Forgotten Books. (Original work published 1906)

[3] Navoiy Alisher. Majolis  un-nafois. MAT. 20 jildlik. Toshkent: Fan, 1997. 13 -jild. – B.72-73.

[4] Bobur. Boburnoma. Toshkent, 1989.- B.126.

[5] Blochman bu o‘rinda Rudakiy she’rlari bizning davrgacha to‘liq holda yetib kelmaganiga ishora qilmoqda.

[6] Doiralar aruz ilmi uchun ahamiyatsiz degan fikr o‘zbek olimi Fitrat tomonidan ham aytib o‘tilgan edi (Fitrat. Aruz haqida. – Toshkent: O‘qituvchi, 1997)

[7] Blochman bu o‘rinda aruz ilmidagi eng kichik birliklar: sabab, vatad va fosilalarning doirani hosil qilishdagi o‘rniga e’tibor bermoqda.