Dilmurod Xoldorov. Qodiriyshunoslik qirralari

Adabiyot deb atalmish buyuk tafakkur ummoniga qo‘shilgan har tomchining qadri o‘z vaqtida anglanmasligi tabiiy. Faqat uning nechog‘liq qimmatga ega ekanligini kuzatib turganlar yoki his qilganlar bilishlari mumkin. Abdulla Qodiriy ijodi ham adabiyot ummoniga o‘z vaqtida tomgan va ummonda o‘ziga xos to‘lqinlar hosil qilishga sababchi bo‘lgan hodisa edi. Salkam bir asr oralig‘ida havaskor adabiyotshunoslardan tortib, qalami toblangan munaqqidlargacha barchasi tomchidan paydo bo‘lgan to‘lqinchalar zalvorini anglashga intildilar. Va har kim olgan taassurotlarini o‘z hissiy olami ko‘lamidan kelib chiqib sharhladi. Zero, anglanishga mansub bo‘lgan qadriyatgina yillar qa’ridan eskirmay o‘zining mavjudligini namoyon qilaveradi. Abdulla Qodiriy ijodi mafkuraviy tazyiqlar girdobida turlicha talqin qilingan bo‘lsa-da, uning asl badiiy qimmatidan hech kim ko‘z yumolmadi. Sovet davri adabiyotshunoslari yozuvchi ijodiga siyosiy tus bergan bo‘lsalar, mustaqillikdan keyin adib ijodining sof badiiy estetik tomonlari talqin qilina boshlandi.

Adabiyotshunos Bahodir Karim “Qodiriy qadri”, “Qodiriy sog‘inchi”, “Abdulla Qodiriy: tanqid, tahlil va talqin” kabi kitoblari va bir qator zalvorli maqolalari bilan qodiriyshunoslikda yangicha talqin usullarini namoyon etgan.

Yaqinda olimning uzoq izlanishlari hosilasi bo‘lmish “Abdulla Qodiriy va germenevtik tafakkur” kitobi nashrdan chiqdiki, bu ham qodiriyshunoslikda izlanishlar izchil davom etayotganidan darak beradi.

Munaqqid Abdulla Qodiriy ijodining talqini misolida bugungi badiiyatga yondashish kontseptsiyasiga to‘xtaladi. Abdulla Qodiriy ijodiga dunyo adabiyotshunoslari tomonidan e’tirof etilgan badiiyat tamoyillaridan kelib chiqib munosabat bildiradi. Sho‘ro tanqidchilarining Abdulla Qodiriy va uning salaflari ijodiga biryoqlama baho berganligiga o‘zining salbiy munosabatini bildiradi. Bir “ong” tomonidan yaratilgan matn bir “sub’ekt” orqali ilmiy tilga ko‘chirilishini sharhlar ekan, “Badiiy asar matnini to‘g‘ri, o‘z holicha, hech qanday mafkuraviy-siyosiy ta’sirlarga berilmasdan tushunib olish natijasida, unda tasvirlangan voqea-hodisalar, his-tuyg‘ular”ni anglash, munaqqidning asosiy vazifasi ekanligini ta’kidlaydi. Badiiy adabiyotga sinfiylik nuqtai nazaridan yondashish, yozuvchining maqsadi va niyatini tushunmaslik, adabiyotning mafkuraviy qurolga aylantirilishi oqibatida paydo bo‘lgan salbiy illatlar 30-yillar adabiyotida, xususan, Abdulla Qodiriy ijodiga nechog‘liq ta’sir etganligini dalillar bilan isbotlaydi. Olim to‘g‘ri ta’kidlaganidek: “Asarni jiddiy tahrir etishga chanqoqlik, yozuvchining dunyoqarashi bilan hisoblashmaslik, so‘z san’atining nozik va nafis spetsifikasini nazar-pisand qilmaslik, har qanday adabiy voqelikka firqaning siyosiy-mafkuraviy pozitsiyasidan sinfiy yondashish, o‘zgani xatokor, o‘zni mutloq haqgo‘y deya tasavvur etib, boshqaga yo‘l ko‘rsatish va aql o‘rgatishga ishtiyoqmandlik – bularning barcha-barchasi vulgar sotsiologizm illati negizidagi biryoqlama siyosiy talqinlarning asosiy xususiyatlari edi”. Yetakchi mafkura bilan qurollangan tadqiqodchilar Fitrat, Cho‘lpon ijodiga qanday yondashgan bo‘lsalar, Abdulla Qodiriy ijodiga ham shunday munosabatda bo‘lganlari bugun barchaga ayon.

Bahodir Karim Abdulla Qodiriy ijodiga, xususan, “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlariga munosabat bildirgan Mixail Sheverdin, Sotti Husayn, Oybek, Miyon Buzruk Solihov, Izzat Sulton kabi adib va olimlarning tadqiqodlariga to‘xtalar ekan, ularning qarashlaridagi ijobiy va chegaralangan fikrlarni xolislik bilan tahlil qiladi. Adabiyotga mafkuraning kirib kelish bosqichlari, sho‘ro siyosati va asta-sekinlik bilan badiiyatning siyosiylashuvi dalillar bilan ochib beriladi. “Yozuvchining estetik idealini ham, asar mohiyatidagi nafosatni ham aniq-tiniq tushungan holda, siyosatning moneliklari tufayli ularni tushuntirishning imkoni bo‘lmasa, albatta, g‘ayritabiiy talqinlar” aytilishini yuqorida nomlari tilga olingan munaqqidlar fikrlari asosida dalillaydi.

Abdulla Qodiriy ijodini har davr munaqqidlari siyosiy-mafkuraviy posongidan turib talqin qilganligi, undan siyosatga oid ma’nolar chiqarishga uringanlari va nimalarnidir kashf etganliklari holda, asarning sof estetik mohiyatini inkor etolmaganlari tarixiy haqiqat. 30-yillar tanqidchilari Abdulla Qodiriy ijodidan sinfiylik alomatlarini qidirgan bo‘lsalar, 60-80-yillarda adib sotsializm tarafdoriga aylantirildi.

Munaqqidlar Abdulla Qodiriy ijodi haqida gap ketganda, aksariyat hollarda, yozuvchining romanlarini esga oladilar xalos. Uning jahon hajviyoti bilan bo‘ylasha oladigan hajviy asarlari chetda qolib ketaveradi. Bahodir Karim Abdulla Qodiriyning satirik asarlariga ham keng to‘xtaladi. Kitobning “Satirik talqin qirralari” deb nomlangan bo‘limida adib qo‘llagan taxalluslar, ijodkor tabiatidagi voqelikka tanqidiy munosabat tahlil qilinadi. Unda “maxfiy taxalluslarni qo‘llash” natijasida paydo bo‘lgan ayrim chalkashliklarga aniqlik kiritiladi. Jumladan, “20-yilar adabiy jarayonida, ilmiy hayotida faol bo‘lgan Cho‘lpon, G‘ozi Yunus, Ashurali Zohiriy, Vadud Mahmud kabi ijodkorlar”ning shartli imzolari natijasida “asarning qaysi ijodkorga tegishli ekanligi”, “birovning asari boshqaga nisbat berilish” holatlari aniqlanadi. “Vov” taxallusi bilan “Turkiya matbuoti” maqolasini yozgan Abdulla Qodiriy emas, balki Vadud Mahmud ekanligi faktlar asosida ilmiy izohlanadi. Olimning ta’kidlashicha: “Shu paytgacha Abdulla Qodiriyga nisbat berib kelingan va adibning “To‘la asarlar to‘plami”ni nashrga tayyorlash munosabati bilan shubha ostiga olingan yana bir imzo bor: Shapaq maxzum. Mazkur birinchi jilddagi “Izohlar”ga ko‘ra “Kichik asarlar”ga kiritilgan “Lahmi qadid”, “G‘irvonlik Mallavoy”da e’lon etilgan “Lahmi qadid”, “Ihiy, bazmimiz tarala gijdang!”, “Joying jannatda bo‘lsin”, “Bechora Roziqboy aka”, “Maymunlarimiz” degan besh hajviya Abdulla Qodiriy qalamiga mansub emas. Shapaq maxzum imzosi bilan bitilgan bu besh hajviyaning kitoblardan o‘rin olishi xato” ekanligi ta’kidlanadi.

Bahodir Karim adibning hajviy asarlari talqinidagi matnosti ma’nolariga e’tibor bermaslik natijasida paydo bo‘lgan yuzaki qarashlar, “hajviy qahramonlarning salbiy ekanliklarini ta’kidlaganlari holda, Abdulla Qodiriyni ham faqatgina yangi jamiyat yo‘lidagi kurashchi, sotsialistik jamiyat targ‘ibotchisi, eski jamiyat, din-diyonatning ashaddiy dushmani” sifatidagi qarashlarga yangicha mezonlar asosida fikr bildiradi.

Ma’lumki, Abdulla Qodiriy asarlari metodini aniqlash 30-yillardayoq adabiyotshunoslarda qiziqish uyg‘otgan. 60-80-yillarda bu jarayon ancha faollashgan. Olim bahs-munozaralar tafsilotini sharhlar ekan, davr adabiyotshunoslari ustidan hukm surib turgan mafkuraviy siyosatning ta’sirini unutmaydi. U asosiy diqqatini bahslar bahona “Abdulla Qodiriyning dunyoqarashi, ijtimoiy fikri, qahramonlarining holati, tasvirlash san’atidagi yetakchi xususiyatlar borasidagi fikr-mulohazalar”ga qaratadi. Badiiy asar talqinidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shunda-da. Ijod namunasini ma’lum bir metodga mengzash, ma’lum bir nazariyalar qolipiga tiqishtirishlar o‘zini oqlamaganligi dunyo adabiyotshunosligidan ham ma’lum-ku!

80-yillarning oxiri, 90-yillar boshlaridagi yangilanish shabadalari adabiy tanqidda ham bo‘y ko‘rsata boshladi. Endi san’at asarlari talqiniga mafkuraviy tazyiqlar ostidan emas, bevosita matn orqali yondashish, yangicha tamoyillar asosida qarash kuchaydi. Mazkur kitobning “Badiiy-estetik tafakkurning yangilanishi va qodiriyshunoslik” bo‘limida ana shu o‘zgarishlarga munosabat bildirilgan. Unda Matyoqub Qo‘shjonov, Umarali Normatov, Abdug‘afir Rasulov, Murtazo Qarshiboy, Xayriddin Sultonovlarning talqinlari, fikrlar xilma-xilligi, bahstalab tahlillarga munosabat bildirilgan. Munaqqidning: “Abdulla Qodiriy ijodi yuzasidan yangidan-yangi talqinlarning maydonga kelishini, ularning tasdiqlanishi yoki inkor etilishini, ular ustida bahs-munozaralarning avj olishini ilm olamidagi tabiiy hodisa sifatida qabul etmoq joiz”, – degan fikrlaridan anglashiladiki, olim, bahs-munozaralarga bildirgan fikrlarini mutloq haq deyishdan yiroq. Adabiyotshunosning ham, talqinchining ham etik saviyasi bunga izn bermaydi. Badiiyat ko‘ngil mulki ekan, u turfalikni yoqtiradi. Bahodir Karimning Abdulla Qodiriy asarlari talqinida san’at asarlariga yangicha yondashish tamoyillarini kuzatish mumkin. Ijodkorning muhabbat tasviri talqini, vaqt birligi, asardagi zamon va makon tushunchasi, zamin va davr manzarasi, sharqona odob madaniyati aks etgan tasvirlar tahlili o‘ta nazokat bilan talqin qilingan.

Bahodir Karim kitobning kirish qismida germenevtika istilohi haqida so‘z yuritadi. Germenevtika “tushunish”, “tushuntirish” ma’nolarini bajarar ekan, bu holat bevosita matn bilan bog‘liq holda amalga oshiriladi. Matnga chuqur kiraolmaslik yoki matndan chiqib ketish tushuntiruvchini yanglishtiradi. Matn ijodkorning xususiy mulki ekan, talqinchi unga kirish uchun, albatta, uning hasbu holiga razm solishga majbur. Dunyo adabiyotshunosligida biografik metodga qayta-qayta murojaat qilinayotganligi ham be’jiz emas. Olim to‘g‘ri yozganidek: “Abdulla Qodiriy qahramonlarining ma’naviy-axloqiy dunyosini adibning estetik olamidan ayrilgan holda tasavvur etish qiyin”. Kitobda adibning yaqinlari, o‘g‘li Xondamir Qodiriyning “Otam haqida” kitobi, matbuot materiallaridagi kichik detallar ham inobatga olingan va ishga jalb qilingan. Ayniqsa, Abdulla Qodiriy ijodini xorijda o‘rganilishiga doir ma’lumotlar qodiriyshunoslikda yangicha qarashlar boshlanayotganligidan darak beradi. Eden Nabi (AQSh, Kolumbiya), Xristafor Maykel Murfi (AQSh, Vashington), Ingeborg Baldauf, Zigrid Klaynmixel (Germaniya, Gumbold) kabi olimlarning o‘zbek adabiyoti, xususan, Abdulla Qodiriy ijodi haqidagi tadqiqotlariga batafsil to‘xtalgan. “Xorijdagi olimlarning bu xizmatlari o‘zbek adabiyotini, Abdulla Qodiriy ijodini dunyo adabiy jamoatchiligiga tanishtirishda katta ahamiyat kasb” etganligiga e’tibor qaratilgan.

Bahodir Karimning “Abdulla Qodiriy va germenevtik tafakkur” kitobi xalqimizning ma’naviy mulkiga aylangan san’at durdonalarining turli davrlardagi talqinlari, ularga bugungi kun nuqtai nazaridan yondashganligi va kelgusidagi qodiriyshunoslik oldida turgan dolzarb muammolarni ilm ahliga havola qilganligi bilan ahamiyatlidir.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 1-son

__________________

Dilmurod Xoldorov 1962 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Adabiyotshunosning qirqqa yaqin adabiy-tanqidiy maqolalari xorijiy va respublika nashrlarida chop etilgan.